OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Margaret Shteenfatt. Sirli “guvoh” (hikoya)

Uve zargarlik do‘koni eshigini astagina yopib ichkariga kirdi. Birinchi qavatning chirog‘i va signal uskunasi o‘chirilganidan so‘ng u “xarid”ni bemalol boshlayverishi mumkin bo‘ldi. Xarid oxiriga yetguniga qadar esa u hamma narsani rejalashtirib, tayyorlab, ko‘z ostiga olib qo‘ydi va endi hech kim va hech nima unga to‘sqinlik qila olmas edi. U buni anchadan beri rejalashtirib kelayotgan edi. Binoning yuqori qavatlarida idoralar, ikkinchi qavatida, shundoqqina do‘konning tepasida ayollar va erkaklar tikuvchilik xonalari bo‘lib, ayni shu payt¬da u yerda hech kim yo‘q edi.
Uve bu safar yolg‘iz o‘zi edi. Chunki guvohlar bilan ishlash oqibati o‘n yillik qamoq jazosi bilan tugagan edi. U yakshanba kunlarining birida qamoqdan chiqayotganida bir joyda yozilgan quyidagi so‘zlarga to‘satdan ko‘zi tushgandi: “Agar sen nohaqlik va jinoyatga qo‘l ursang, uni kimdir har doim ko‘rib turadi va seni ta’qib qiladi”.
Bu so‘zlarni Uve sira unuta olmadi. Zargarlik do‘konining orqa xonasidagi eski seyfning osongina ochilishi unga qo‘l keldi. U seyfdan faqatgina yoqut va boshqa qimmatbaho toshlarni oldi. Bilaguzuk, uzuk va shunga o‘xshagan taqinchoqlarni esa joyida qoldirdi. Bu gal u nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ish tutardi.
Shu tobda do‘konga yaqin joydagi cherkovda uch marta bong urilgani eshitildi. Soat ertalabki uch edi. Bir soatdan so‘ng keyingi nazoratchi xodim o‘tib ketdi. Uve bu gal yolg‘iz ekanligidan o‘zi uchun hech qanday xavf-xatarni his qilmas, do‘konni oxirigacha o‘marib ketishga qat’iy kirishgan edi.
Qamoqdagi vrach tibbiy tekshiruv paytida Uvega “kasb”ingizni o‘zgartiring”, deb aytgan, bundan tashqari “o‘zingizga yaxshi bir tinch¬roq ish toping, elektr ustasi bo‘lib ishlasangiz ham bo‘ladi. Chunki bu ish ancha-muncha qo‘lingizdan kelar ekan, sog‘¬ligingizni asrang”, deb maslahat bergan edi. Uve shularni o‘ylab turgan paytda zargarlik do‘koni oldida bir odam to‘xtab turar, aslida esa u sigaretini shamoldan to‘sgan holda tutatmoqchi edi. Uve cho‘ntagidan to‘pponchasini chiqarib, uni kuzata boshladi. Notanish kishi yo‘lida davom etganidan keyin Uve xotirjam tortdi. U zo‘r va tez ishladi, balki shundan bo‘lsa kerak, ishni rejalashtirib qo‘ygan vaqtidan oldinroq tamomlab, juda ehtiyotkorlik bilan chiqib ketmoqchi bo‘ldi. Shahar esa sokin uyquda edi. Sovuq tun havosidan asta nafas olar, mashinasiga o‘tirib ketishdan oldin o‘zini dadil va ehtiyotkor sezar edi.
Nihoyat Uve hammasini uddalab, ketishga endi chog‘langanida nogoh binoning ikkinchi qavati derazasiga qaradi. Bu joyda uni ta’qib qilib turgan bir kishini yuz qiyofasini ko‘rib qoldi. Uve ushbu kimsaning aniq o‘ziga qarayotganini fahm¬ladi. Birdan qamoqdan chiqayotgan paytda o‘qigan so‘zlari yodiga tushib ketdi va “kimdir qarayapti”, dedi o‘ziga o‘zi. Uve chap qo‘li bilan mashinaning kichik oynasini to‘g‘irlab, o‘ng qo‘li bilan derazadan qarab turgan odamga qarata o‘q uzdi. Shu payt ikkinchi qavat oynasi chil-chil bo‘lganini eshitdi. Endi esa u tez bu yerdan jo‘nab qolishi kerak edi, ammo... hozirgina chilparchin bo‘lgan derazaga yana qo‘rqibgina qaradi va haligi kishi Uvega avvalgiday qarab turganini ko‘rib hayron qoldi...
Politsiyachilar yetib kelganida esa mashina motori hali ham guvillab turar, Uve esa mashina rulida yotar edi. Chaqirilgan “Tez yordam” shifokorlari Uvening yurak xuruji tutib qolganini aytishdi. Politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan kishi esa “Ammo o‘q uzildi, men buni eshitdim, uni otib ketishdi”, dedi. Sal turib ikkinchi qavatda chilparchin bo‘lgan oynaga politsiyachilarning ko‘zlari tushib qoldi. Ular binoga kirganlarida ust¬ki qavatdagi tikuvchilik xonalariga ham kirishdi va derazadagi Uveni ta’qib qilib turgan odam ko‘rgazma qo‘g‘irchog‘i ekanligini ko‘rishdi. Qo‘g‘irchoq hali ham u yerda pastga qarab turar edi. Faqatgina uning peshonasida Uve otgan o‘qdan paydo bo‘lgan teshikcha bor edi...
 
Olmonchadan Shuhratxon Imyaminova tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.