OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Merlin Barns. Uchburchak bo‘lish baxti (ertak)

Kunlarning birida Uchburchak haqiqiy ishbilarmonlardek mudom ish bilan band bo‘lishni xohlab qolibdi va vaqtini uylarning tomi bo‘lishga, shamollarni tutish uchun qayiqlarga yelkan, shirin tortlarning kesilgan bo‘lagi bo‘lishga va yana shunga o‘xshash qiziqarli ishlarni bajarishga sarflabdi.
Ayniqsa, u yalqovlar qo‘llarini beliga tirab turgan holatidagi “ishi”ni yaxshi ko‘rar ekan.
— Chunki men bunday paytda odamlardan eng so‘nggi yangiliklarni eshitaman va bir zumda yaqin do‘stlarimga gapirib beraman, — derdi Uchburchak.
Uning do‘stlari esa, albatta, Uchburchakdan ajabtovur xabarlarni eshitishga ishqiboz edi.
Oradan kunlar, oylar o‘tib Uchburchak hayotidan norozi bo‘la boshlabdi:
— Nuqul bir xil ishni bajarishdan charchadim. Yaxshi yashashim uchun har xil ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishim kerak.
Shu paytda u Shaklgar qirolning oldiga boribdi.
—Sizga qanday yordam berishim mumkin, — o‘ylanibdi Shaklgar.
—Menga yana bitta burchak qo‘shsang, to‘rtburchakka aylansam hayotim yanada qiziqarliroq bo‘larmidi, degandim... yordam bera olasanmi?
— Bu juda oson-ku. Mayli, — debdi Shaklgar va bir “kuuf-suuf” deyishi bilan Uchburchak To‘rtburchakka aylanibdi. Endi u shaxmat taxtasida, televizorda va kompyuterda namoyon bo‘la boshlabdi. Derazalar, suratlar va chiroyli rasmlarda vazifa-sini qoyillatib bajara boshlagan To‘rtburchakning, ayniqsa, sevimli ishi kitob sahifalarida bo‘lish ekan. “Men bu yerda juda qiziqarli hikoyalarni o‘qiyman va ularni yaqin do‘stlarimga aytib beraman”, deya maqtanibdi To‘rtburchak.
Do‘stlar endi undagi g‘aroyib hikoyalarni eshita boshlashibdi. Lekin ko‘p o‘tmay To‘rtburchak yana turmushidan noliy boshlabdi: “Men bir xil ishdan charchadim. Hayotim bundan-da qiziqarli bo‘lishini xohlayman. Meni boshqa shaklga aylantirsang yaxshi bo‘lardi”, — debdi. Shaklgar: “Bu juda oson”, deya uni Beshburchakka aylantirib qo‘yibdi. Ana serzavq hayot! U qimmatbaho olmosda, futbol koptogida, sabzi to‘g‘raydigan taxtada namoyon bo‘libdi. Sevimli mashg‘uloti katta shahardagi ko‘pqavatli uy shaklida bo‘lish ekan. Chunki u yerdagi qiziq suhbatlarni do‘stlariga aytib berar ekan-da.
Vaqt o‘tib yana yakrang hayotdan zerikkan Beshburchak tag‘in Shaklgarning huzuriga boribdi. Shaklgar uni endi Oltib-urchakka aylantiribdi. Uning asosiy ishi qor parchasi bo‘lish ekan. Do‘stlari uni yana suhbatlarga chorlashibdi. Ammo u endi vaqti yo‘qligini ro‘kach qilibdi. Oradan kunlar, oylar o‘tib u tag‘in turli shakllarga kiribdi: yetti, sakkiz, to‘qqiz hatto o‘nburchakka aylanib, nihoyat dumaloq shaklga kirib qolibdi. Lekin bu shakllarda sira omadi chopmabdi. Olmaning shakliga kirib daraxtda osilib turgan paytda yerga tushib lat yebdi. Velosipedning baloni bo‘lgan ekan, kuni bo‘yi aylanishdan juda toliqib qolibdi. O‘zini yolg‘iz, charchagan va baxtsiz sanay boshlabdi. Chunki do‘stlari ham undan manmanligi bois yuz o‘girib, xabar olmay qo‘yishibdi-da. Umid bilan Shaklgarning oldiga borgan Dumaloqvoy:
—Yetar, men bu shaklga kirganimdan beri bitta joyda turolmayapman, aylanganim-aylangan. Juda yolg‘izman. Do‘stlarim ham yo‘q, — debdi o‘ksinib.
Shaklgar:
— Nahot, sen hali ham baxtli emassan?
— Ha, men asl holimga qaytishni xohlayman. Bu senga qiyin emas-ku, shundaymi?
— Albatta, seni yana oddiy uchburchakka aylantirish juda oson, — debdi va “kuuf-suuf” deb yana o‘zimiz bilgan o‘sha Uchburchakka aylantirib qo‘yibdi.
Endi Uchburchak tag‘in vaqtini Misrning afsonaviy ehromi, uylarning tomi, shamollarni tutish uchun qayiqlarga yelkan, shirin tortlarning kesilgan bo‘lagi bo‘lishga va shunga o‘xshash qiziqarli yumushlarni bajarishga sarflay boshlabdi.
Ayniqsa, u yalqovlarning qo‘llarini beliga tutib turgan holatidagi ishni yaxshi ko‘rar ekan.
— Chunki men bu paytda ulardan eng so‘nggi yangiliklarni eshitaman va o‘zimning yaqin do‘stlarimga gapirib beraman, – dermish Uchburchak.
Uchburchakning do‘stlari, esa, albatta undan ajabtovur xabarlarni eshitishga ishqiboz ekan.

Ingliz tilidan Iroda Muhiddinova tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 16-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.