OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mona Gardner. Ziyofat (hikoya)

Hindiston. Gubernator va uning xotini katta ziyofat berishayotgandi. Ular —  harbiylar, elchixona xodimlari, ularning ayollari va amerikalik tabiatshunos katta stol atrofida  —  oshxonada o’tirishardi.
Bir ayol va polkovnik ayollarning sichqondan ham qo’rqishlari xususida qizg’in bahslashishardi.
— Ayollar har qanday qiyin vaziyatda chinqirishadi, — dedi polkovnik. — Erkaklar esa asabini jilovlay olishadi.
Tabiatshunos bahsga qo’shilmay, mehmonlarni kuzatib o’tirardi. Birdan u uy bekasining yuzi o’zgarib ketganini ko’rdi. Beka to’g’riga qarab o’tirar, go’yoki qotib qolgandi. Ayol ohista imlab xizmatkor bolani chaqirdi va uning qulog’iga nimadir deb pichirladi. Bolaning ko’zlari katta-katta ochildi va xonani tezda tark etdi.
Tabiatshunosdan boshqa hech kim bolaning ayvonga likopda sut keltirib qo’yganini sezmadi. U tashvishlana boshladi. Hindistonda likopda sut qo’yish bir narsani – ilonni chaqirishni bildiradi. Tabiatshunos xonada kobra borligini angladi. U xonaning burchaklariga, guldon orasiga ko’z yugurtirdi. Ilon ko’rinmadi. Faqat bir joy —  stol osti qolgandi.
U shartta sakrab turmoqchi, boshqalarni ham ogohlantirmoqchi bo’ldi, lekin keskin harakat kobrani cho’chitib, ilon biror kishini chaqib olishi mumkinligini bilardi. U tez-tez, hammaning diqqatini jalb qiladigan ohangda gapirdi.
— Men kimning asabi chidamli ekanligini bilmoqchiman. Hozir uch yuzgacha – besh daqiqa sanayman, birortangiz qimir etmay o’tirishingiz lozim. Kim qimirlasa, ellik rupiy to’laydi. Tayyorlaning!
Stol atrofidagi yigirma nafar kishi toshday qotib o’tirardi. U ikki yuz saksonga yetganida ko’z qiri bilan kobraning ayvondagi sut idish tomon o’rmalab ketayotganini ko’rdi. Ilon ayvonga chiqishi bilan u sakrab turib eshikni yopganida hamma qichqirib yubordi.
— Siz haq ekansiz, polkovnik!-dedi gubernator. — Mana, hozirgina erkak kishi asabini qanday jilovlay olishini bizga namoyish etdi.
— Bir daqiqaga,-dedi tabiatshunos uy bekasiga qarab.-Missis Vinks, xonada kobra borligini qaydan bildingiz?.
Ayol tabassum qilganicha javob qaytardi: 
— Ilon oyog’imga o’ralib olgandi.

Ingliz tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.