OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Richard Xarvik. Merosxo‘r (hikoya)

Jon Flison hashamatli uy ayvonida oliy sifatli shotland viskisidan ho‘plab o‘tirardi. Havo ajoyib edi. Flison hayotda hamma narsaga birdaniga erishish qiyin ekanligini tushunardi. Xotin masalasida uning omadi ham yurishgan, ham yurishmagan edi. Kora qirq besh yoshlardagi, to‘ladan kelgan, shallaqi bir ayol edi, ammo uning otasidan qolgan millionlab dollarlari uning bu kamchiliklarini yopib turardi. Jondagi hamma narsa, to‘g‘rirog‘i, u foydalanishi mumkin bo‘lgan hamma narsa Koraga tegishli edi. Qanchalik achchiq bo‘lmasin, Flisonning o‘zi ham buni tan olishga majbur edi.  
Uning istagini bajo keltirishga shay bir necha xizmatkorlari bo‘lgan bu uyni asrga tengdosh eman daraxtlari qurshab olgandi. Sohilda oppoq yaxta suzishga tayyor holda chayqalib turardi. Garajda oynaday yaltirovchi to‘rtta qimmatbaho mashina bor edi. Qasrmonand uy yonidagi ulkan bog‘ni esa Koraning uyiga keladigan mehmonlar «dunyoning sakkizinchi mo‘’jizasi» deb atashardi.  
-Jon!..-Uning xayollarini xotinining yo‘g‘on, quloqni qomatga keltiruvchi ovozi buzdi. Kora undan bir necha qadam narida o‘tirgancha surat chizayotgandi.-Jon!..
-Ha, azizam,-shu zahoti javob berdi Flison ovoziga mayinlik va mehribonlik ohangini berishga tirishib.-Biror narsa kerakmi? 
-Jon, menga muzday choy olib kel. 
-Kora, uyda shuncha xizmatkor bor,-o‘zini tutolmadi Jon. U o‘zini og‘ir-bosiq kishi deb hisoblardi, ammo bosiqligi ish bermadi.-O‘shalarga aytsang bo‘lmaydimi? 
-Men bilan bunaqa ohangda gaplashma, Jon,-sovuq tabassum bilan uni to‘xtatdi Kora.-Xizmatkor-xizmatkor, er esa er. Agar choy olib kelsang yaxshi bo‘ladi.  
Kora shu so‘zlarni aytgach, yana chizayotgan suratiga o‘girilib suhbat yakunlanganini va eri uning iltimosini bajarishi lozimligini bildirdi. Aniqrog‘i, iltimosini emas, buyrug‘ini. U eri choy olib kelishiga shubha qilmasdi, shuning uchun hal bo‘lgan masalani muhokama qilib o‘tirishni vaqtni behuda o‘tkazish deb hisobladi. 
Jon Flison ichida so‘kindi. U og‘ir xo‘rsinib o‘rnidan turdi va choy olib kelgani ketdi. Jon g‘azabdan titrardi. Oshxonada o‘ziga kelgach, u ko‘zlarini yumdi va ichida o‘ngacha sanadi. Flison o‘zining ham xuddi anavi chizilayotgan surat kabi Koraga tegishli ekanini yana bir marta tan olishga majbur edi. Xotini unga mayda-chuyda xarajatlar uchun haftasiga yuz dollar berar, qartada yutqazib qo‘ysa to‘lar, ammo jiddiy xaridlar qilishiga yo‘l qo‘ymasdi. Ular besh yildan buyon birga yashashsa-da, u haligacha yangi tufli yoki ko‘ylak uchun xotinidan pul so‘rardi.  
Jon yana bir marta og‘ir xo‘rsindi va bu o‘yin qanchalik og‘ir bo‘lmasin, chidashi shartligini xayolidan o‘tkazdi. Bunga chidashi shart. U xotinining vasiyatnomasini ko‘rgandi. Agar Kora vafot etsa, uning barcha millionlari eriga, ya’ni Jonga o‘tadi. U xotinidan o‘n yosh kichik bo‘lib, salomatligi ham joyida edi. Buning ustiga, uning aniq maqsadi bor edi-atrofidagi hamma narsaning qonuniy egasiga aylanish.  
Jon choy keltirdi va xotinining oldidagi stolchaga qo‘ydi. U ko‘zlaridagi qahrni bildirib qo‘ymaslik uchun xotiniga qaramaslikka harakat qildi. 
-Rahmat, azizim,-minnatdorchilik bildirdi Kora.-Asabing buzilmadimi? 
Jon Flisonning uning tovoqdek basharasiga  boplab tushirgisi keldi, ammo o‘zini qo‘lga olishi shart ekanligini bilardi. Biroq baribir o‘zini savoldan tiya olmadi: 
-Bo‘shmanmi? Ketsam bo‘ladimi? 
-Sening o‘rningda bo‘lganimda bunday ohangda gapirmagan bo‘lardim,-darhol qovog‘ini uydi ayol.-O‘zing yaxshi bilasan, Jon, sen mening birinchi erim emassan. Oxirgisi bo‘lmasliging ehtimoli ham bor. Iltimos, buni esingdan chiqarma.  
Kora ajrashish haqida birinchi marta tahdid qilmayotgandi. Bir oyda ikki-uch marta u istagan vaqtida ajrashishi va uni hech narsasiz qoldirishi mumkinligini aytishni kanda qilmasdi. Jon ham mashina, uy, xizmatkorlar kabi oddiy buyum ekanligini, shuning uchun o‘zini munosib tutishi kerakligini eslatib turardi.  
Flison bu gaplarga ko‘nikib qolgandi. Albatta, bu tahdidlar quruq so‘zlar edi. Shunchaki, Koraga uni tahqirlash, uyda kim xo‘jayin ekanligini eslatish, o‘z qudratini namoyish etish yoqardi. Shuning uchun Jon goh choyga, goh losonga yoki qandga, xullas, xotini nimani o‘ylab topsa shunga yugurardi. Va har safar Jon Flison g‘ururini bir chetga surib qo‘yib, o‘ziga o‘zi xotinining o‘limiga guvoh bo‘lishini va barcha boyliklarning egasiga aylanishini aytardi.  
Uning bunday umid qilishiga asos bor edi. Doktorlar doimiy ravishda Korani kamroq ovqat yeyishi lozimligini aytib ogohlantirishardi. U parhez qilishi shart edi. Uning yuragi zo‘riqib ishlayotgani, bu ketishda yuragi zo‘riqishni ko‘tarolmasligini aytishardi. Koraga esa, tabiiyki, bunday gaplar yoqmasdi. U tajribali doktorlarni xuddi qo‘lqopdek almashtirardi va oxir-oqibat katta pul uchun uning barcha istaklarini ma’qullovchi bir firibgarni topib olgandi. Hozir u ilgarigidek istaganini yer va xohlagancha yerdi.  
Jonga xotinining yangi doktori judayam yoqdi. U vijdon va burch degan narsalardan ancha yiroqda edi. Bu nusxa yurak bunchalik ulkan go‘sht uyumiga qon yetkazib berolmay qolishini biror marta ham aytmadi. Flison Korani ko‘mib kelganidan so‘ng uni yaxshilab mukofotlashni diliga tugib qo‘ydi. U bu kunga oz qolganiga umid qilardi... 
Jon Flisonning boshi uzra qora bulutlar paydo bo‘la boshladi. Aftidan, bu safar Kora ajrashish haqida jiddiy gapirayotgan edi. Yakshanba kuni u tushlikka Oskar Vutenni taklif etganda Flison ishlari chappasiga ketayotganini tushundi. Unda xuddi kinoteatrda o‘tirib bundan besh yil oldin ko‘rgan filmini qaytadan ko‘rayotgandek taassurot uyg‘ondi. Jon Kora-u paytlarda uning familiyasi Barton edi-uni tushlik qilishga olib kelgan yakshanbani juda yaxshi eslardi. O‘shanda Genri Barton unga mo‘ltirab qarab qo‘ygani ham yodidan chiqmasdi. U hattoki Koraning o‘sha paytdagi eriga qarab nimalarni xayolidan kechirganini ham unutmagandi. O‘shanda Barton unga qo‘shnining bezori bolasiga o‘yinchog‘ini oldirib qo‘ygan bolakayga o‘xshab ko‘ringandi. 
O‘shanda, besh yil oldin Jonning tushlikda paydo bo‘lishi va ajrashish haqidagi hujjatlarning rasmiylashtirilishi orasida ikki hafta o‘tgandi. Bu ikki hafta davomida Genri Barton xuddi burchakka qisilgan jonivordek allaqachon o‘ziga tegishli bo‘ldi deb o‘ylagan millionlarni burnining ostidan olib qo‘yishayotganini nochorlik bilan kuzatib turgandi.  
Jon Flison besh yil ilgarigi voqealarni juda yaxshi esladi va Koraning yangi eriga navbatni bo‘shatishi kerakligini angladi. O‘tgan besh yil ichida u Koraning fe’l-atvorini yaxshi bilib olgandi. Xotinining o‘zini tutishidan u bir haftacha vaqti qolganini sezdi. Agar uning boshiga ham Bartonning qismati tushishini istamasa, zudlik bilan nimadir qilishi shart... 
Bu qaror dushanba kuni ertalab Flison gazeta o‘qib o‘tirgan paytda miyasiga keldi. Tunda yaqin atrofda joylashgan turmadan bir necha nafar xavfli jinoyatchilar qochishgandi. Ularning hammasi o‘ta og‘ir ravishda qotillik sodir qilishgani uchun umrbod qamoq jazosiga mahkum etilganlar edi.  
-Mayls,-chaqirdi Jon eshikbonni,-siz turmadan qochgan jinoyatchilar haqida radiodan biror narsa eshitdingizmi? 
-Har soatda yangiliklarda berib turishibdi, ser. Politsiya ularni bizning hududimizda yashirinishgan deb hisoblamoqda.-Mayls qo‘rg‘onni o‘rab turgan qalin o‘rmonga nigoh tashladi va qo‘shib qo‘ydi:-Ular hozir o‘rmonda bizni kuzatib turgan bo‘lishlari mumkin. Ha, qo‘shnilar borasida omadimiz kelmagan. 
-Rahmat, Mayls.-Jon unga ketishi mumkinligini bildirib bosh irg‘adi va chuqur o‘yga cho‘mdi. 
«Aftidan, taqdirning o‘zi menga sovg‘a tayyorladi,-o‘yladi Jon Flison.-Turmadan qochgan mahbuslar, bundan zo‘rini o‘ylab topish qiyin! Qo‘lga tushmaslik uchun hech narsadan toymaydigan qotillar! Aynan rejam uchun qulay».
Tushlikdan so‘ng Kora bilan Vuten hovuzda cho‘milgani ketishdi. Ular uyga qaytishganida Oskar Jonning yoniga keldi va kinoyali iljaydi:
-Ichasizmi, Flison?
Jon Flison uni urib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Bu ablah o‘zini allaqachon bu yerning xo‘jayiniga aylangandek tutayotgandi. 
-Rahmat, Vuten,-dedi Jon.-Viski… Bilasizmi, Oskar,-dedi u Vutenning iljaygancha stakanlarga viski quyishini kuzatib turarkan,-Kora bilan besh yillik turmushimiz davomida shotland viskisiga o‘rganib qoldim. Ilgari umuman viski ichmasdim, hozir esa kuniga besh-olti stakan ichmasam uxlolmayman. 
-Menimcha, yaqinda sizda uyqusizlik kasali boshlanadi, Flison,-oshkora uning ustidan kuldi raqibi va stakan uzatdi.  
Jon endigina javobga og‘iz juftlagandi, ammo unga Mayls xalaqit berdi.  
-Janob Flison,-dedi u Jonga,-sizni bezovta qilmoqchi emasdim, ammo bu juda muhim. Radioda aytishdi, qochoq jinoyatchilar Uinslou-Jankshn yaqinida bir kishini otib tashlashibdi. O‘ldirilgan odam fermer ekan. Ular fermaga kelib pul va oziq-ovqat talab qilishgan, u bechora esa qarshilik ko‘rsatishga uringan. Kechki gazetada ularning suratlari chiqibdi. Odam emas, yirtqich deysiz,-eshikbon unga gazetani uzatdi va dedi:-Ular shu atrofda, ser. Hamma narsaga tayyor turish kerak. 
-Barcha ehtiyot choralarini ko‘ring,-dedi Jon Flison.-Qorovulga qurol bering. Ogohlantirib qo‘yganingiz uchun rahmat. 
Eshikbon chiqib ketgach, Jon soatga qaradi. To‘qqiz yarim. Uinslou-Jankshn bu yerdan yetti mil narida. O‘rmon orqali bu masofani ikki-uch soatda bosib o‘tish mumkin. Demak, Kora yarim tunda o‘lishi kerak. Vuten bu paytda uyiga ketgan, xizmatkorlar esa dong qotib uxlashayotgan bo‘ladi.  
Kechki ovqatni ayvonda qilishdi. Kora bilan Vuten Flisonga e’tibor ham bermay tinmay valaqlashdi. Besh yil oldingi xuddi shunday voqea esiga tushgan Jon kutilmaganda kulib yubordi.  
Kora unga ajablanib qaradi va so‘radi: 
-Nimadan xursandsan, Jon?
Flison indamay yelkasini qisdi va kulishdan to‘xtadi.  
Ovqatdan so‘ng Mayls brendi keltirdi. Kora va Oskar Vutenning tabassumlari Jonning bu dargohni tark etish vaqti yetib kelayotganini anglatardi. 
Soat o‘n birda Oskar Vuten o‘rnidan turdi va xayrlashdi. 
-Ko‘rishguncha, Kora,-dedi u.-Ajoyib kun uchun rahmat... Xayrli tun, Flison.
-Xayrli tun, Vuten,-javob qaytardi Jon. So‘ng uning ortidan borib eshikni yopdi.-Istagan paytingizda kelavering. 
Bir necha daqiqadan keyin Oskar Vutenning mashinasi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.  
-Bugun o‘zingni g‘alati tutding, Jon,-dedi Kora sovuq ohangda.-Bugun o‘zingning xonangda yotasan. 
-Nimaga?
-Nahotki shuni ham tushunmasang, Jon? Ahmoq emassan-ku.
-Munosabatlarimiz tugadi demoqchimisan? Meni haydamoqchimisan?
-Ha. Bu haqda ertaga gaplashamiz. 
Kora o‘z xonasi eshigini yopdi. Jon Flison brendi quydi va maydalab ho‘play boshladi. Eshikbon kirdi.  
-Xizmat yo‘qmi, janob Flison?
-Yo‘q, ketishingiz mumkin, Mayls,-jilmaydi Jon.-Xayrli tun. 
-Xayrli tun, janob Flison.
Eshikbon va xizmatkorlar qo‘rg‘ondan uch yuz metr naridagi uyda yashashardi. Uyda Flison va Koradan boshqa hech kim qolmadi.  
Jon shoshilmasdan yana bir qadah brendini bo‘shatdi va o‘n bir yarimda xonasiga kirdi. Devorda osig‘liq turgan miltiqni oldi va o‘qladi. So‘ng latta olib cho‘ntagiga soldi.  
Chiroqni o‘chirgach, Flison deraza orqali ayvonga chiqdi. Osmonda yulduzlar charaqlardi.  
«Korani chaqirish kerak», o‘yladi Jon. Xotinini chaqirishdan oldin u bir chetda yotgan zanglagan tikanli sim bo‘lagini qo‘liga oldi. Simda barmoq izlari qolmasligi uchun Flison qo‘liga lattani o‘rab oldi.  
-Kora!-chaqirdi Jon Flison. U xotini eshitib turganini, ammo atay javob qaytarmayotganini bilardi.-Kora, tezroq bu yoqqa!-baqirdi u tashvishli ovoz bilan. 
-Qaerdasan, Jon?-nihoyat ovoz berdi xotini. 
-Xonamdaman. Tezroq kir.  
Flison ayvonda kutib turardi. 
-Qaerdasan, Jon?-yana so‘radi Kora ayvonga chiqib.-Nima bo‘ldi? Nim... 
Jon Flison xotinining ortidan kelib bo‘yniga tikanli simni tashladi va bor kuchi bilan o‘ziga tortdi. U tikanli sim xotinining yog‘dan iborat tomog‘iga osonlik bilan botayotganini rohatlanib his qildi. 
Koraning qo‘llari yuqoriga ko‘tarildi. U simni bo‘ynidan olib tashlashga urindi, ammo kuchlar teng emasdi. Jon yoshroq va kuchli edi. U sirtmoqni yanada qattiqroq tortdi. Bir necha soniyadan so‘ng xotini tipirchilagancha jon berdi. 
Jon miltiqni qo‘liga oldi va o‘rmon tomonga o‘q uzdi. Miltiqni bo‘shatgach, u telefon oldiga bordi va sherifning raqamini terdi.  
-Sherifning idorasimi?-qaltiroq ovozda so‘radi Flison.-Bu Jon Flison… Ha, Koraning eri. Falokat yuz berdi. Xotinim o‘ldi. Uni turmadan qochgan jinoyatchilar bo‘g‘ib o‘ldirishibdi. Ularni tuta olmadim. Ularga o‘q uzdim, ammo qorong‘ida... nima? Ha, albatta, ular ekanligiga ishonchim komil. O‘qim birortasiga tegdimi-tegmadimi, bilmayman. Kelasizlarmi? Yaxshi. Kutaman. Faqat tezroq kelinglar. 
Jon go‘shakni asta joyiga qo‘ydi va mamnun iljaydi. Hammasi rejadagiday ketayotgandi. U Koraning o‘limini qochoqlarga ag‘darishiga ishonardi. Uning rejasi puxta ishlangan, har bir mayda-chuydani e’tiborga olgandi.  
-Janob Flison! Radio…-Xonaga Mayls yugurib kirdi.-Janob Vuten…
-Mayls, nima gap?  
-Radioda…-Eshikbon nafasini rostladi.-Ular... qochoq jinoyatchilar janob Vutenni... o‘ldirishibdi. O‘n birdan qirq besh daqiqa o‘tganida. Uni bu yerdan o‘n mil naridan topishibdi...   
Jon Flison ayvonga qaradi.  
Kora yuztuban holda yotardi. Jonga u xuddi iljayayotgandek tuyuldi.

Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.