OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rozmari Border. Pianino (hikoya)

«Janob Antoni Evans konsert beradi». 
Bu so‘zlar teatr eshigiga yozib qo‘yilgandi. Bino devorida esa janob Antonining pianino bilan tushgan katta surati… yuzlab tomosha muxlislari chiptaxona qarshisida turnaqator tizilib turishibdi. Lekin menda alohida taklifnoma bor, chunki men muxbirman – kontsert oldidan mashhur pianinochi bilan suhbatlashishim lozim. Taklifnomani nazoratchiga ko‘rsatib, teatr ichkarisiga kirdim. Keyin zinalardan ko‘tarilib, pardozxona tomon yo‘l oldim. U yerga yetib borgunimga qadar bu mashhur pianinochi haqida o‘ylab ketdim. Men hatto bir oz cho‘chirdim ham. Nihoyat pardozxona qarshisida to‘xtadim. Eshikning katta oltin yulduzchasi bor edi. Qo‘ng‘iroqni chaldim, eshikni uzun bo‘yli, ancha keksaygan, malla ko‘zlari kulib turuvchi bir kishi ochdi. Ha, bu o‘sha mashhur va ma’lum pianinochi Antoni Evans edi. U qora shim va oq ko‘ylak kiygan, sochi silliq qilib taralgan edi. 
– Mening ismim Salli Xill, – gap boshladim men.
– Aytishingizning hojati yo‘q, – u mening hujjatimni ko‘rib jilmaydi. – Siz muxbirsiz. Qaysi gazetada ishlaysiz?
– «The Sunday Times»da, janob. 
– Juda yaxshi gazeta. Kiring, marhamat! Bemalol savollaringizni beravering. Biz ham qachonlardir yosh bo‘lganmiz, axir, to‘g‘rimi, Linda? – shunday deya u yonidagi ayolga o‘girildi. Ayol menga do‘stona ko‘zlarini tikib jilmaydi. «Bu Evans xonim bo‘lsa kerak», o‘yladim men. Va ko‘rsatilgan joyga o‘tirib daftarimni ochdim. 
– Janob, Antoni, menga o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz. Siz musiqachilar oilasida tarbiya topganmisiz? Xuddi Motsartga o‘xshab pianino chalishni uch yoshdan boshlaganmisiz? – so‘radim. 
Pianinochi jilmaydi, so‘ng javob berdi:
– Yo‘q, yo‘q, azizim. Men oilamdan chiqqan ilk pianinochiman. Va birinchi marta pianino chalganimda 14 yoshda edim. – U mening hayronligimni ko‘rib dedi – kontsertgacha oz qoldi, lekin men ungacha sizga o‘tmishimni gapirib beraman…

* * * 

Toni tez-tez musiqa eshita olmasdi. Uning oilasi qambag‘al va bunday odamlarda musiqa tinglash imkoniyati bo‘lmasdi. U paytlarda radio yoki televizor kabi narsalar yo‘q, ammo shaharchalarda kontsert bo‘lib turardi. Biroq, kambag‘allar u yerga ham borolmasdilar. Ba’zan italyan musiqachi shaharga kelardi. Uning g‘ildirak aravachasida kichik pianinosi bo‘lar, pianino ustida esa ozg‘ingina maymun o‘tirardi. Uning musiqasini eshitish uchun odamlar uylaridan chiqar, shunda maymun konserva bankasini ushlagancha odamlar atrofida aylanardi. Musiqachi esa «bizga ehson qilinglar», deb qo‘shiq aytardi. Lekin maymun qaytib kelganda konserva bankasi doim bo‘sh bo‘lardi. Musiqachi boshini sarak-sarak qilgancha yo‘lida davom etardi. Maktabda esa Toni musiqa darslarini intiqib kutardi. Chunki bu paytda Toni do‘stlari bilan xuddi qushlar kabi kuylardilar. Musiqa o‘qituvchisi Lark xonim soat 12 da pianino qopqog‘ini keyingi haftagacha yopardi va «xayr» degancha chiqib ketardi.
Toni maktabni tugatgach, shaharchadan ish topa olmadi. Bir kuni onasi uni erta sahar uyg‘otdi. Ular tekin avtobusga chiqishdi va olis yo‘l yurishdi. Avtobusdan tushishgach:
– Yuraqol, Toni, – dedi onasi. Ular quyosh tig‘ida, piyoda ikki chaqirim yo‘l bosishdi. Yo‘l yoqasida oq va sariq gullar ochilib yotardi. Toni bu yerga qiziqib qoldi. Chunki ularning shaharchasida na daraxt bor edi, na gul. U adirlardagi sigirlarga qaradi. «Umrimda haqiqiy sigirni ko‘rmagandim», dedi o‘ziga-o‘zi. Jo‘jalar don izlash bilan ovora. Semiz, oppoq mushuk esa devorda turgancha, uyqusiragan ko‘zlari bilan ularni kuzatardi. Oyisi uni fermaga yetaklab kelganini endi tushundi. Shu payt ro‘paradagi uydan bir erkak chiqib keldi. U oilaning eski do‘sti janob Vud edi. Toni ilgari bu kishini ko‘rmagandi. 
– Salom, Betti, seni ko‘rganimdan xursandman. Xating uchun rahmat. Ishlaring qalay? – janob Vud xuddi ming yillik qadrdonlardek so‘zlashardi. Ular ancha suhbatlashishdi.
Toni eshik yonida turardi. U o‘zini negadir noqulay sezar, uyga ketgisi kelardi. 
– Bu sening o‘g‘lingmi, Betti? – so‘radi janob Vud.
– Ha, uning ismi Antoni, lekin biz Toni deb chaqiramiz. U ikki hafta oldin maktabni bitirdi. Toni juda tirishqoq, iltimos unga ish bering. Bilasiz, oltita farzandimiz bor, biz pulga muhtojmiz. 
Janob Vud Toniga o‘girildi.
– Xo‘sh, yigitcha, fermada ishlashni xohlaysanmi?
Toni shaharchani esladi. Do‘konda ishlash shovqin-suron, zavodlar bundan battar edi. Qachon qarasa, u yerdagi ishchilarning yuzlari kasalnikidek oppoq, zahil bo‘ladi. U yuzlari oftobdan qizargancha jilmayib turgan g‘ayratli fermerga qaradi.
– Xohlayman!
Antoni chindan ham kuchli, baquvvat va ancha tirishqoq edi.
Janob Vudning Linda ismli yakkayu yagona qizi bo‘lib, ota qizini juda sevardi. Ammo doimo o‘g‘li bo‘lishini juda-juda istardi. Toni kechgacha tinim bilmasdi. Kechqurun uning yelkalari, oyoqlari og‘rirdi. Shu sababdan yostiqqa bosh qo‘yishi bilan qotib uxlab qolardi. Toni ovqatdan qisilmasdi: janob Vud yetishtirgan mazali meva va sabzavotlardan yer, istagancha sut ichardi. Eski kiyimlarini esa, to‘plagan puliga qo‘shib uyiga-ukalariga yuborardi. Toni uyiga kam borardi. Shuning uchun uning borishi ham, qaytishi ham bayram bo‘lardi. 
Janob Vudning oyoq kiyimlari fabrikasiga ega bir og‘aynisi bor edi. U ikki o‘spirin o‘g‘li Pit va Jonning katta biznesmen bo‘lishini orzu qilar, shu boisdan o‘g‘illarining suyagi mehnatda qotsin deb, fermer xo‘jaligiga ishlash uchun yuborardi. Bu yilgi maktab ta’tilida ham Pit va Jon fermaga kelishdi. 
– Men fermer bo‘lmoqchiman, – dedi Pit Toni bilan tanishib olgach. 
– Ha, – deb Jon uning gapini ma’qulladi. – Fermerlik dunyodagi eng zo‘r kasb! 
– Lekin sizlar bu yerga faqat ta’tilda kelasizlar, xolos-ku? – Toni hayratini yashirolmadi. – Yoz esa doimiy emas, quyosh hamisha chiqavermaydi. Fermerlar qishda qiynalishadi. 
– Lekin bu ish senga yoqadi-ku? – dedi Jon kulimsirab. U haq edi. Toni fermani sevardi.
 
* * *

Yozning jazirama kunlarida bolalar o‘t o‘rishardi. Quyosh ayamay qizdirar, issiqqa chidab bo‘lmasdi. O‘sha issiq kunlarning birida Janob Vud ularning oldiga keldi. 
– Bolalar, sizlarga bir ish bor, – dedi u va o‘tloq yonidagi omborxona tomon yurdi. 
– Uning hamisha bizlarga «bir ishi» bo‘ladi, – dedi Pit uning ortidan mug‘ombirona ko‘z qisib. Toni va Jon kulib qo‘yishdi. 
Fermer ombor eshiklarini lang ochdi. 
– Yanagi hafta mening yangi mashinam bo‘ladi, – tushuntirgan bo‘ldi janob. – Omborxonani esa garaj qilmoqchiman. Bu yerdagi hamma narsani olib chiqib uloqtirib yuboringlar. Keyin yaxshilab tozalanglar. Yangi mashinamning uyi bu. 
Janob Vud jo‘nab ketdi. Bolalar omborda to‘lib-toshgan narsalarga hayron bo‘lib qarab qolishdi. 
– Bu ish ko‘p vaqtni oladi, – dedi Toni omborni aylanarkan.
– Ha-a. – Jon uni ma’qullagan bo‘ldi. 
Toni buyumlarga bir-bir qararkan, burchakdagi katta, chang bosgan quti diqqatini tortdi. 
– Nima bu? – so‘radi Toni.
– Pianino, – Jon buyumga yaqinlashib javob qildi. 
– Pianino! – Toni hayajon bilan Jonning so‘zlarini qaytardi. So‘ng shoshib ko‘ylagini yechib, pianinoning changini artdi. Tonining ko‘zi undagi turli xil qushlar, gullar, barglarning suratiga tushdi. Ular qorong‘u omborda xuddi charaqlab turgan yulduzlarga o‘xshardi. Toni pianino qopqog‘ini ochib, klavishlarga havas bilan tikildi. 
– Biz buni tashlab yuborolmaymiz! Bunday qilolmaymiz! – dedi so‘ng hayajon bilan.
Aka-ukalar bir-biriga qarab yelka qisishdi. Toni eski stulni pianinoning yoniga qo‘yib o‘tirdi. Barmoqlarini klavishlarga tekkizishi bilan ko‘zlarini yumdi. Uning xayolida yodida qolgan musiqalari bir-bir takrorlana boshladi. Barmoqlari klavishlar uzra o‘z-o‘zidan harakatlana boshladi. 
– Men buni chala olaman, – deb o‘ylardi Toni. – Menga hech kim o‘rgatmagan bo‘lsa-da, miyam barmoqlarimga nima qilishni aytyapti. Men musiqa chalayapman!
Darhaqiqat, pianinodan ajib bir kuy taralardi. Jon va Pit kuy ohangidan mast bo‘lganday joylarida qotib turishardi. 
– Bu qaysi kuy? – so‘radi Pit Toni barmoqlarini klavishlardan olgach.
– Bilmayman. – dedi Toni bo‘shashib. 
Shu payt eshik tomondan ovoz kelganday bo‘ldi. Uchala bolaning ko‘zi baravar eshikka qadaldi. Ostonada bo‘ychan, ozg‘in, uncha chiroyli bo‘lmasa-da, istaralikkina Linda Vud uzun, jigarrang sochlarini o‘ynab, shirin jilmayib turardi. 
Toni ayb ustida qo‘lga tushgandek qizarib yerga qaradi. 
– Nega to‘xtading? – so‘radi qiz ohista.
– Tugatdim, – javob qildi Toni yerdan bosh ko‘tarmay. 
– Qaranglar, – dedi Linda hech narsa bo‘lmaganday shodon qiyofada ichkariga kirarkan. – Oyim sizlarga tushlik berib yubordilar. 
Hammalari ovqatlanishga kirishishdi.
– Chalishni kimdan o‘rgangansan, Toni? – Linda pianinoga ishora qilib, Toniga boqdi. 
Toni kir oyoq kiyimlaridan ko‘z uzmay javob berdi:
– Hech kimdan. Men chalishni bilmayman.
– Aldama, – qiz kulimsiradi. – Bizning maktabda ham pianino bor. Muallimdan ancha-muncha narsa o‘rganishga harakat qilganman, ammo senchalik chalolmayman. Sen chalgan musiqani bilaman. U «Yashil o‘tloq» deb nomlanadi. Buni menga o‘rgatsang yaxshi bo‘lardi…
– Qanday qilib? – Toni hayron bo‘ldi. – Men notalarni bilmayman. Bizning maktabda notalarni o‘rgatishmasdi… – Tonining yodiga musiqa o‘qituvchisi Lark xonim tushdi. Uning darslarini eslab jilmaydi. – Biz seshanba kunlari qo‘shiq kuylardik, xolos. 
U o‘ychan tarzda pianino qarshisiga bordi. «Men buni albatta o‘rganaman», – dedi o‘ziga-o‘zi. «Bu haqida janob Vud bilan gaplashib ko‘rishim kerak».
Kechki ovqatni Toni xayolchan tanovul qildi. U o‘zining idishlarini yuvib, eshik tomon yurdi. 
– Yo‘l bo‘lsin? – so‘radi Jon choy ho‘plar ekan. 
– Janob Vud bilan pianino haqida gaplashishim kerak, – dedi Toni ortiga burilmay.
Xonadon sohiblarining hammalari o‘z yumushlari bilan band. Vud xonim Lindaning kiyimini tikib o‘tirar, qizi xirgoyi qilgancha, matoga gul rasmini solardi. Janob Vud esa odaticha «Fermerlar haftanomasi»ni o‘qish bilan mashg‘ul. Eshikning ohista chertilgani ularning diqqatini bo‘ldi. 
– Kiring, – dedi janob Vud gazetadan boshini ko‘tarmay.
Toni eshikdan kirib, xonadagilarga bir-bir ko‘z tashladi. So‘ng bir oz botinmayroq so‘z boshladi.
– Janob Vud, omborxonada eski pianino bor ekan…
– Hech narsani eshitishni xohlamayman, – dedi fermer keskin ohangda.
– Eshitishni istamaysiz? – Toni beixtiyor janobning so‘zlarini takrorladi. – Axir pianinoni axlatga tashlab yuborolmaymiz.
– Menga mashinam uchun joy kerak. Shuning uchun pianinoni tashlab yuborasizlar, vassalom, – dedi janob Vud va mayinroq ohangda qo‘shib qo‘ydi. – Bugun juda og‘ir kun bo‘ldi, senam charchagandirsan, boraqol. Men bir oz gazeta o‘qimoqchiman.
Vudning ohangidan Toni bir oz dadillandi.
– Lekin pianino…
– O‘sha almisoqdan qolgan pianino haqida eshitishni istamayman, – dedim senga! Bor, jo‘na! – dedi Vudning jahli chiqib.
Toni bir so‘z demay xonadan chiqdi.
Aka-ukalar Tonining qovoq-tumshug‘i osilib qaytganini ko‘rishib, masalaning ijobiy hal bo‘lmaganini tushunishdi. 
– Biz senga yordam beramiz, – dedi Pit oldin Toniga, keyin Jonga qarab.
– Qanday?
– Pianinoni janob Vudning yuk mashinasiga joylaymiz, bu albatta vaqtincha, keyin bir gap bo‘lar.
Hammaga bu gap jo‘yali tuyuldi va ular pianinoni bazo‘r ko‘tarishgancha mashinaga joylashdi. So‘ng hammalari tinch uyquga ketishdi. 

* * * 

Ertasiga ular yana o‘t o‘rish bilan band edilar. Tush payti ular chanqashib suv idishlariga qo‘l cho‘zishdi.
– Ie, tugab qolibdi-ku? – dedi Jon hafsalasi pir bo‘lib. 
– Uyga borgandan ko‘ra yaqin-atrofdan qidirib ko‘rish kerak. Axir anavi yerda maktab bor-ku, u yerda albatta suv bo‘ladi, – dedi Pit aqlidan quvonib.
– Men borib kelaman, – Toni shunday deb idishlarni oldi va maktab tomon ketdi.
U maktab atrofini aylanib quvurni topolmadi. Maktab eshigi oldiga bordi. Itarib ko‘rgandi, ochilib ketdi. Kichkina oshxona, burchakda artezian suvining jo‘mragi ko‘zga tashlandi. Toni jo‘mrakni burab, qo‘lini tutdi. Avvaliga iliq, so‘ng tanani yayratadigan muzdek suv sharillab tushdi. Toni yutoqib suv ichgach, maktabni aylangisi keldi. Bunga ko‘p vaqt ketmadi. Chunki maktab birgina sinf xonasidan iborat edi. Xonadagi kichik stol-stullar, ta’tilga ketgan bolalarni kutgandek jimgina turishardi. 
– O‘qish sentyabrda boshlanadi, ungacha hali ikki oy bor, – o‘ylay ketdi Toni. – Pianinoni shu yerga qo‘yib tursam bo‘ladi-ku! Maktab boshlanguncha yana bir iloji topilar…
Toni xayoliga kelgan fikrdan quvonib, idishlarni suvga to‘ldirdi-da, bolalar oldiga shoshildi.
– Talqon yeb, seni suvga yuborish kerak ekan-ku! – Pit kuldi.
– Men pianinoni qo‘yib tursa bo‘ladigan joy topdim! – dedi Toni quvonchini yashirolmay maktab tomon ishora qilarkan. 
– Ahmoq bo‘lma, – dedi Jon qo‘l siltab. – O‘qituvchi urishadi.
– Qanday urishadi, axir u ta’tilda-ku? – Toni Pitga o‘girildi. – Sen ham hozir ta’tildasan-ku, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri.
– Maktabning eshigi ochiq, hatto qorovuli ham yo‘q. Sizlar menga yordam bersalaring, pianinoni maktabga olib kirib qo‘yardik. 
Aka-ukalar bir-biriga ma’noli qarashdi. So‘ng ma’qul deganday bosh irg‘ashib, yana ishlariga sho‘ng‘ib ketishdi. 
Vud xonim yig‘inga ketganligi uchun kechki ovqatni Linda tayyorlagandi.
– Bolalar, – dedi qiz stol ustiga idishlarni qo‘yar ekan, – otamning yuk mashinasi sizlarda ekan...
Ular savol nazari bilan bir-biriga qarashdi. Hali ular pianinoni ko‘chirishmagandi. «Nahotki, Linda sezgan bo‘lsa? Otasiga aytsa, hamma urinishlarimiz zoe ketadimi endi?» degan savollar ko‘nglidan o‘tdi ularning. Uchovlon Lindaning yuziga baqrayib qarashdi. 
– Meni qishloqqa tashlab qo‘ya olmaysizlarmi? Dugonam Ketrin kasal ekan, ko‘rib kelmoqchi edim…
– Bajonidil tashlab qo‘yamiz, lekin…
Toni so‘zini oxiriga yetkazmay, o‘rnidan turdi. Xonani bemaqsad aylandi. So‘ng Lindaning ko‘zlariga tikilgancha, bor gapni aytib berdi. Linda Tonini diqqat bilan eshitgach, jilmaydi.
– Seni tushundim, Toni. Menam sizlarga yordam beraman.
Bolalar qizni Ketrinning uyiga tashlab o‘tdilar.
– Soat to‘qqizdan kechikmay uyda bo‘linglar, – dedi Linda ular bilan xayrlashar ekan. – Dadam sezib qolishi mumkin. 
Uch o‘spirin tasdiq ishorasini qilishib, bosh siltashdi. Pianinoni maktabga joylashtirish og‘ir bo‘ldi. Uni mashinadan tushirib, sinfga olib kirgunlaricha, qora terga botishdi. Pianinoni devor oldiga qo‘yishdi.
– U mana shu yerga yarashadi! – dedi Pit. So‘ng klavishlarni birin-ketin bosib ko‘ra boshladi. Xonani shovqin, g‘alati ovoz bosdi. 
– Sen uch yil pianino darsiga qatnagansan, ammo chalgan musiqangni qara. Agar shuni musiqa deb atash mumkin bo‘lsa… – der ekan Jon Toniga yuzlandi. – Bizga biror narsa chalib ber.
Toni stulga o‘tirdi. Qo‘llari klavishlar ustida o‘z-o‘zidan o‘ynay boshladi. Musiqa uning miyasiga quyilib kelardi. U o‘zga olamda uchib yurardi… Do‘stlari esa diqqat bilan tinglashardi. 
Yoz Toni uchun maroqli kechdi. Har kuni ovqatdan so‘ng Lindaning velosipedini minib maktabga borar, miriqib pianino chalardi. Kech tushishi bilan yana fermaga qaytardi. Ishdan bo‘shagan paytlarda esa Lindadan nota o‘qishni o‘rganardi. 
– Bu oson ekan, – dedi u Lindaga. – Notalar barmoqlarga nima qilishni aytarkan.
– To‘g‘ri. 
– Linda Tonining so‘zlarini yaxshi anglamagan bo‘lsa-da, uni quvvatlab. – Qara, mana bu – italyancha musiqa.
Toni notalarni tez o‘rgandi. Bunda Lindaning yaxshi o‘qituvchi ekanligi ish berdi. Bu darslar Lindaga ham, Toniga ham yoqardi. Toni bora-bora bu darslardan so‘ng yurgan yo‘lida xirgoyi qilib yurishga odatlanib qoldi. Undagi yangi odatni birinchi bo‘lib, Vud xonim payqadi. 
– Menimcha, Toni kimnidir sevib qolgan, – dedi u Linda bilan kechki ovqatni hozirlar ekan.
Linda jilmayib qo‘ydi. 

* * *

Janob Gorden qishloq maktabining yakka-yu yolg‘iz o‘qituvchisi edi. U o‘z ishini, ayniqsa bolalarni juda sevardi. Shuning uchun o‘zidagi bor bilimni bolalarga berishga harakat qilardi. Maktabda pianinoning yo‘qligi janob Gordenning ko‘nglini bir oz o‘ksitardi. Ammo u bunga ko‘pam parvo qilavermasdi. Pianinosiz ham o‘z shogirdlari bilan berilib qo‘shiq aytaverishardi. 
Yoz kechalarining birida janob izlagan kitobini uyidan topolmadi. 
– Esladim, – dedi u qo‘l siltab. – Maktabda qolgan. Maktab uzoq emas, tezda borib kelsam bo‘ladi. 
U bog‘ orqali maktabga kirib bordi. Cho‘ntagidan kalitni qidirdi, lekin topolmadi. Qarasa, maktab eshigi ochiq. (Toni maktab chirog‘ini yoqmasdi, chunki kimdir uni ko‘rib qolishidan qo‘rqardi).
– Eh, qarilik qursin, – dedi u bosh chayqab. – Eshikni qulflashni unutibman-ku! Ichkarida kimdir bor… Menimcha, u o‘g‘ri! Endi nima qildim-a?
Janob Gorden turli xayollar bilan eshikdan ichkariga hatladi. Ichkaridan musiqa tovushi eshitilardi. Janob Gorden seskanib ketdi. Ammo xurofotdan nari odam bo‘lgani uchun yana bir-ikki qadam tashladi. Derazadan taralayotgan oyning yog‘dusidan xona bir oz yorishib turardi. Janob Gordenning ko‘zi pianino oldida o‘tirgan bolaga tushdi. U bexosdan oyog‘i ostidagi stulni turtib yubordi. Stuldan chiqqan tovush yetarli bo‘ldi: pianinoning ovozi shu on tindi. 
Toni o‘rnidan sakrab turdi va keskin orqasiga burildi. 
– Iltimos, politsiyaga aytmang, – dedi u titrab. – Men hech narsa o‘g‘irlaganim yo‘q.
– Xo‘p, xo‘p, – dedi muallim tutila-tutila. – Ammo sen kimsan? Bu yerda nima qilib yuribsan? – Gorden stolga suyandi. 
Toni oldida turgan odamning hayrixohlik bilan gapirayotganini sezdi. Shu sababli uning savollariga batafsil javob berdi. 
Janob Gorden fermaga kelib, Vudlar bilan bafurja suhbat qurdi.
– Tonida katta iste’dod bor, – dedi u suhbat poyonida. – Qirq yil o‘qituvchilik qilib unga o‘xshagan bolani uchratmaganman. U musiqa darslariga qatnashi kerak, keyin Londonga… Musiqa kollejida ta’lim olishi, kuchli musiqachilar bilan ishlashi lozim.
– Lekin uning oilasi juda nochor yashaydi, – janob Vud tushuntirgan bo‘ldi. – Ular Tonining hatto maktabda o‘qishi uchun ham pul to‘lolmaydilar. Bu yerga ham Toni ishlab, uydagilariga yordam berish uchun kelgan.
– Bular hal bo‘ladigan masala, – janob Gorden xush kayfiyat bilan o‘rnidan turdi. – O‘tgan kecha men maktabga borib, ajoyib bir musiqachi bilan tanishdim. Uning uchun qancha ko‘p mablag‘ ajratsam, shunchalik xursand bo‘lardim.
Bu gaplar janob Vudning izzatiga tegdi.
– Yo‘q, – dedi u qizarib, – Toni yaxshi bola. Unday o‘g‘lim bo‘lishini juda-juda xohlardim. Tonining oilasi kambag‘al bo‘lsa-da, biz nochor emasmiz. 
– To‘g‘ri, – Vud xonim keskinlikni yumshatish uchun tashabbusni qo‘liga oldi. – Biz Tonini o‘z hisobimizdan kollejga o‘qishga yuboramiz. 
– Barakalla, xonim, – deb Gorden yengil ta’zim qildi va Vudga qarab quvnoq ohangda davom etdi. – Demak, musiqa darslari bizdan, kollejda o‘qitish sizlardan!
Hayotini butkul o‘zgartirib yuborgan bu suhbatdan faqatgina mashina yuvayotgan Tonigina bexabar edi.
– Janob Gorden ertadan boshlab senga musiqadan saboq beradi!
Fermerning bu so‘zlarini eshitib, Tonining ko‘zlari porlab ketdi. Ammo sal o‘tmay bo‘shashib bosh chayqadi:
– Menda o‘qish uchun pul yo‘q.
– Men u bilan gaplashdim, sendan o‘qitgani uchun pul olmaydi. Har kuni soat to‘rtda maktabga borasan. Ikki soat shug‘ullanib, fermaga qaytasan.
– Ishim-chi?
– Men boshqa ishchi toparman, – dedi janob Vud Tonining yelkasiga qoqib. – Evaziga birinchi kontsertingdan uchta chipta berasan! 
Toni barvaqt turar, uy yumushlarini bajarar, soat to‘rtda mashg‘ulotga shoshardi. Janob Gorden unga musiqaga oid kitoblarni mutolaa uchun berardi. Ba’zan Toni ularni o‘qigan holda uxlab qolardi. Va tushiga ham musiqa kirardi. Daraxt barglarini to‘kdi, qish ham keldi. Toni darsdan qaytguncha qorong‘u tushardi, ba’zan qalin qor yog‘ardi. Toni maktabga piyoda qatnasa-da, birorta darsni qoldirmasdi. Janob Vud muallimdan Tonining o‘zlashtirishi haqida so‘rab turardi. Gorden esa undan nihoyatda mamnun edi.
Daraxtlar yashil libosga burkandi. Bahor keldi. 
– Yozda musiqachilar tanlovi bo‘larkan, – dedi Gorden bir kuni Toniga.
– Biz ham tomosha qilgani boramizmi? – quvondi Toni.
– Yo‘q, Toni, men tomosha qilaman, sen esa unda ishtirok etasan. Men sening nomingni ham yozdirib keldim. 
– Qanday?! – Tonini hayajon bosdi.
– Shunday. Sen unda qatnashasan. Sen bilan birga dunyoning mashhur musiqachilari ham ishtiroq etadilar.
Toni o‘zi uchun berilgan taklifnomani ko‘rdi. 
– Hech kim meni Antoni demaydi-ku? Nega ular Toni deb yozishmagan? – Toni ustoziga savol berdi.
– Toni yosh bolaning ismi. Antoni kattalar nomi. Toni Evans-ferma bolasi. Antoni Evans esa musiqachi! Bir kun kelib sen juda mashhur musiqachi bo‘lasan. Noming dunyoni tutadi. Men seni bugundan boshlab Antoni deb atayman. 

* * *

Tanlov kuni ular bir oila bo‘lib, janob Vudning mashinasida shaharga borishdi. Vud xonim Tonini do‘konga boshladi. Ular jigarrang kostyum-shim va oq ko‘ylak sotib olishdi. So‘ng xonim uni poyabzal do‘koniga olib kirdi. Bu do‘kon Jon va Pitning otasiga qarashli edi. U Toniga yangi oyoq kiyim sovg‘a qildi. Tufli juda bejirim va chiroyli, Toniga ham, xonimga ham juda yoqdi. Faqat u Toniga bir oz kichik keldi. Ammo u xonimga hech nima demadi. Jonning otasi Tonining yelkasiga qoqarkan, dalda berib qo‘ydi:
– Ismingni tanlov dasturida o‘qigandim. Antoni Evans-jarangdor ism. Omadingni bersin!
Ular tanlov o‘tadigan binoga qarab yo‘l olishdi. Bino oldida janob Gorden ularni kutib turardi. Vudlar o‘z joylariga o‘tirishgach, u Tonini sahna ortiga boshladi. Juda ko‘p musiqachilar o‘tirgan xonaga olib kirgach, ustozi Antoniga qo‘l uzatdi:
– Senga omad tilayman! – deya xonani tark etdi.
Antoni o‘tirib uzoq kutdi. Tuflisi ayovsiz oyog‘ini qisardi. Qo‘llari esa muzdek edi. Bir ozdan so‘ng pianinoning ovozi eshitildi. Antoni hamma narsani unutdi: pianinoning sehrli ovoziga berildi. Uning xayolini faqat har o‘n-o‘n besh daqiqada kirib, kimningdir ismini aytadigan yigitning ovozigina bo‘lardi. Nihoyat:
– Janob Evans, sizning navbatingiz! – dedi yigit Antonining oldiga yaqinlashib.
Antoni o‘rnidan turdi. «Oh, oyog‘im! – deb o‘yladi u yigitning ortidan engashib borarkan. – Xuddi Charli Chaplinga o‘xshab yurayapman. Hamma ustimdan kulayotgan bo‘lsa kerak.»
U tomoshabinlarga qaradi. Ustozini ham, Vudlarni ham ko‘ra olmadi. Lekin ularning mehrini, sevinchlarini his qildi. Oyog‘i og‘riqdan, qo‘llari muzlashdan to‘xtadi. Barmoqlarini pianino klavishlariga ohista qo‘ydi. Bu pianino maktabdagidan ancha katta edi. «Men chalishim kerak! Axir bu yerga shuning uchun kelganman.» – dedi o‘ziga-o‘zi. Barmoqlari klavishlar ustida o‘ynab ketdi. Antoni qarshisida o‘tirgan minglab odamlarni ham, o‘zini ham unutdi. U do‘stlari, oilasi uchun chaldi, Vudlar uchun, Linda uchun chaldi. Janob Gorden uchun va albatta Lark xonim uchun chaldi… «Hozir qaerdasiz, Lark xonim? Toni Evansni eslaysizmi? Menda musiqaga mehrni siz uyg‘otdingiz! Siz meni unutsangiz ham, men sizni hech qachon unutmayman. Rahmat sizga!»
Gulduros qarsaklar yangradi. Antoni musiqani tugatganini shunda sezdi. 
– Bu hayotimdagi eng baxtli kunim bo‘ladi! – dedi u o‘zicha.
– U albatta shohsupani egallaydi! – Gorden ham o‘z hayajonini yashirolmadi. 
Antoni ustozi o‘ylaganidek g‘olib bo‘ldi. Buni u ertasi kuni gazetadan bildi. Oyog‘ining og‘rigani tanlovdan esdalik bo‘lib uzoq yillar uning yodida qoldi.
 
* * *

Janob Antoni hikoyasini tugatib, diqqat bilan menga qaradi.
– Shundan so‘ng mening musiqiy hayotim boshlandi. Uch yil musiqa kollejida o‘qidim. Har yili yozgi ta’tilda fermaga qaytardim. 
Yoshim yigirmaga to‘lgan kuni Linda Vudga o‘zimning eng muhim savolimni berdim: «Hozir senga hech narsa berolmayman. Lekin bir kuni men mashhur va badavlat bo‘laman. O‘shanda menga turmushga chiqishga rozi bo‘lasanmi?»
Linda menga mehr bilan uzoq tikildi. So‘ng kuldi.
– Oh, Antoni… – dedi u. – Buni kutib o‘tirma. Hozir so‘ra!
Shunday qilib, men uning qo‘lini so‘radim: biz turmush qurdik.
– Bunga ham oltmish yil to‘ldi. – Linda xonim suhbatga qo‘shildi. – Bir oy burun bizni qirolicha Bukingem saroyiga taklif qildi.
– Men u yerga borgunimcha Antoni Evans edim. U yerdan esa «Ser Antoni Evans» bo‘lib chiqdim, – deya musiqachi kulimsirab rafiqasining qo‘lidan tutdi. – Mening Lindam esa, «Ledi Evans» bo‘ldi. 
Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi.
– Ikki daqiqadan keyin chiqishingiz lozim, Ser Antoni, – dedi xonaga kirgan yigit.
– Men tayyorman, – dedi ser Antoni va menga o‘girildi. – Men hozirgacha ikki mingta, balki uch mingta kontsert bergandirman. Ammo hamisha ilk marotaba kontsert berayotgandekman… Siz endi boraqoling, hikoyangizni yozing. O‘quvchilarga mening juda baxtli ekanligimni yetkazing.
 

Ingliz tilidan Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 7-8-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.