OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sergey Yesenin. Bobil va do‘st (hikoya)

Keksa Bobil qishloq chekkasida yashardi, uning iti bor edi. U dunyo kezib, nonini tergilab yedi, och qolmadi. Bobil hech qachon sevimli iti Do‘stdan ayrilmadi. Bobil qishloq bo‘ylab yuradi, derazalarni chertadi, Do‘st esa uning yonida nasibasini kutganday dumini likillatib turardi. Odamlar Bobilga: “ Kuchugingni qo‘y, Bobil, axir, o‘zingni qorningni to‘yg‘izolmayapsan-ku...” deyishsa, ulardan og‘rinsa-da, bir so‘z demasdi. Do‘stni chaqirib, derazadan uzoqlashardi, bir burda nonni ham olmasdi.
Bobil tundfe’l edi, odamlar bilan kam gaplashardi.
Qish keldi, bo‘ron jahl bilan esar, yerni supurar, katta-katta qor uyumlarini uchirib yuborardi.
Bobil qor uyumlarini orasidan hassasini tirab, u hovlidan bu hovliga o‘tar, Do‘st esa uning yonida yugurardi. U Bobilning pinjiga kirib, yuziga mehr bilan qarab, aytmoqchi bo‘lardi: “Bizlar hech kimga kerak emasmiz, hech kim bizga issiq joy, non bermaydi, ikkimiz ham dunyoda yolg‘izmiz”. Bobil ham unga qarar, qarardi-yu, itining o‘ylarini uqqanday sekin-sekin so‘zlay boshlardi:
– Seni qara-yu, Do‘st, men qariyani tashlab ketma.
Bobil iti bilan uychasiga yetib keldi, kulba eski va sovuq. U pechka orqasi, burchaklarni titkilab chiqdi – bir dona ham o‘tin qolmabdi. Bobil Do‘stga boqdi, it xo‘jasi nima deyishini kutganday tik turdi. Bobil mehribonlik bilan dedi:
– Do‘st, men seni chanaga bog‘layman, o‘rmonga boramiz, u yerdan shox-shabba, o‘tinlar terib kelamiz, uyimizni isitamiz. Keyin issiqqina pechka ustida yotamiz.
U itini chanaga bog‘lab, o‘tinlar keltirdi, pechkaga o‘t yoqdi. Itini quchoqlab, silab-siypaladi, pechka ustida yotib, o‘tgan umrini esladi. U Do‘stga hayotini qayg‘uli ertakday aytib berdi, tugatgach, o‘kindi:
– Do‘st, bir so‘z demaysan, javob berolmaysan, tiling yo‘q, ammo ko‘zlaring kulrang, aqlli... bilaman, bilaman... sen barisini tushunasan...
Bo‘ron bo‘zlab charchadi, izg‘irin ham pasaydi, toshday qattiq tomchilar jaranglab tusha boshladi.
Qor erimoqda. Bobil qish ketayotganini ko‘rdi. Do‘stga shivirladi:
– Ko‘klamga yetib olsak bo‘ldi, o‘lmaymiz.
Quyoshning qizg‘ish nurlari o‘ynadi, qo‘ng‘iroq irmoqlar chopqillab qolishdi. Bobil derazadan tashqariga tikildi – yer qorayibdi.
Daraxtlarda kurtaklar bo‘rtdi, borliqni bahor bo‘yi tutdi. Yillar esa Bobilni aldashdi, loygarchilik qariya¬ning oyog‘idan ushladi.
Uning oyoqlari chalkashib ketdi, yo‘tali tutdi, belida sanchiq turdi, ko‘z oldi qorong‘ulashdi.
Qor eridi. Yer quridi. Deraza ortida butoqlar barg yozdi. Faqat qariya uychasidan har zamonda bir chiqadi. U so‘rida qimirlamay yotardi.
Bobil bor kuchini yig‘ib, o‘rnidan turdi, polga tushdi, yana yo‘tali zo‘raydi. Do‘stga iztirob bilan so‘z qotdi:
– Hali erta edi, Do‘st. Biz buni avvaldan bilgandik. Mening vaqt-soatim yetganga o‘xshaydi. Faqat o‘lishni, seni tashlab ketishni istamayman.
U betob bo‘lib qoldi, na turadi, na qimirlaydi. Do‘st esa so‘ridan nari ketmaydi; qariya yaqinlashib kelayotgan ajal qadamlarini sezadi, sezadi-yu, itini quchoqlab oladi, zorillab yig‘laydi:
– Men seni kimga tashlab ketaman, Do‘st. Odamlar bizga begona. Sen bilan bir umr birga yashadik, o‘lim esa bizni ayirmoqda. Alvido, Do‘st, azizim, so‘nggi damlarim kelayotganini ko‘rib turibman, nafasim ko‘ksimda qotib qoldi. Alvido!... Qabrimga borib, eski do‘stingni eslab tur!...
Bobil Do‘stning bo‘ynidan quchdi, yuragiga qattiq bosdi, titrab ketdi – yuragi chiqib ketdi.
U jon berdi. It xo‘jasi o‘lganini tushundi. Burchakdan-burchakka bordi-keldi, uni sog‘indi. Do‘st qariyani hidlab-hidlab ko‘rardi-da, zor-zor uvillardi.
Odamlar bir-biridan nega Bobil chiqmay qo‘ydi, deb so‘rashga tushdi. Birgalashib kelishdi, eshikni ochib ko‘rishdi, ko‘rishdi-yu, ortga tisarilishdi. Marhum so‘rida yotar, uyni bo‘g‘iq, achchiq badbo‘y is tutgan, so‘rida o‘tirgan iti kuyib qorayib ketgan edi...
Odamlar o‘likni ko‘tarishdi, uni, xonani tozalashdi, yuvishdi, tobutga solishdi. It esa uning yonidan siljimasdi. Odamlar tobutni cherkovga olib ketishdi. Do‘st ham u bilan yonma-yon ketardi. Uni cherkovga kiritishmadi, haydab solishdi. Do‘st cherkovning atrofini chir aylanar, uvillar, alam va ochlikdan oyoqlari chalkashib, yiqilay-yiqilay derdi.
Marhumni qabristonga olib kelishdi. Go‘r qazib, ko‘mishdi. Bobil o‘ldi, hech kim ko‘z yosh to‘kmadi.
Faqatgina Do‘st qabr ustida hamon uvlar, qo‘llari bilan qabrni kovlardi. Qadrdon do‘stining qabrini ochib, u bilan yonma-yon yotgisi kelardi. It qabrdan nari ketmadi, hech nima yemadi, do‘stini sog‘indi. Do‘st qabrga tikilar, tikilardi-yu, yurakni ezguday iztirob bilan uvillardi. U yana qabrni qazgisi kelar, ammo qo‘llarini ko‘tarolmasdi. Do‘stning yuragi qisildi... yelkasi bo‘ylab titroq yoyildi, sekin boshini tushirdi, qaltiradi... va qabr ustida joni uzildi.
Qabr ustidagi gullar shunday sadoqatli, vafoli do‘stlar, ajoyib do‘stlikni go‘zal ertakday qushlarga so‘zlab berishdi. Qabrga kakku uchib keldi. Majnuntolga qo‘ndi, o‘tirdi-yu, qayg‘uga botdi. Kakku qabr ustida hazin tovushda ku-kuladi...
1917 yil

“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.