- 1-
Bu telegramma O‘rozbekning hayotida so‘nggi yillardagi eng kutilmagan voqealardan biri bo‘ldi, deyish mumkin. Ajabo, bo‘lmasa, bunaqa tomoshalardan ko‘ngil uzib ketgani allaqachonlar... Ayniqsa, so‘nggi bir-ikki yildan beri ziyofatlarda «odamlarni og‘zimga qaratib o‘tirmasam uyat bo‘lar, nima qilsayam, falonchi degan otim bor» deb, avvalgiday halloslamoqni qo‘yib, navbat tegsa so‘z aytib, tegmasa jim o‘tirib, jamoat orasidayam avvalgi laqabi unutilib, faqat «O‘rozbek og‘a» bo‘libgina yurgan edi. Manov telegramma kutilmaganda yana dardlarini qo‘zg‘atib yubordi.
Uyiga ham kechagi yoki oldingi kungi O‘rozbek emas, boshqacharoq bo‘lib keldi. Ko‘zlarida qahr, shu bilan birga, quvonch izlarini ko‘rsatuvchi allanimalar bor, qaddi-bo‘ylarini tiklab yurishlarida qandaydir bir rasmiylik sezilardi. Biroq uning shu mag‘rur kelishida ham yuragining bir chetida yotgan, o‘zga birovga oshkor qilib bo‘lmaydigan, armon deb armon emas, o‘kinch deb o‘kinch emas, jimjiloqdaygina afsuslantiradigan yana bir narsa bor edi.
Attang, attanggina-ya, boya pochtachi yigit yo‘lda uchrab, «Sizni izlab maktabingizga borayotgan edim, O‘rozbek og‘a, sizga shoshilinch telegramma bor», dedi. O‘rozbek yigitning qo‘lidagi buklog‘lik ko‘k qog‘ozni oldi, ochib o‘qiy boshladi, o‘qiy boshladi-yu, «Yo pirim-ay, yanglish tushunmadimmikan?» deganday, yana qaytadan o‘qidi. So‘ng esa yigitga bir, telegrammaga bir qarab turdi-da: «Inim, sen haliyam bo‘lsa buni maktabimizga olib borib direktorga bersang. Bir o‘qib ko‘rsin. Men, mayli ertaga olarman», demoqchi bo‘ldi. Ammo tortindi. Ko‘ngliga yuk bo‘lib kelayotgani faqat mana shu armon edi.
Uyiga yetib kelgandan so‘ng ham ahvoli yaxshi kechmadi. Kechgi choy uchun yoyilgan dasturxon yig‘ilguncha xayol surdi. Nukusdagi eski do‘st-yoronlar, uyiga kelib tuz-tomoq bo‘lib ketgan mehmonlarni bir-bir xayoldan o‘tkazdi. Shundaylardan biri, chala amaldor: «O‘rozbek, sen mana shu harakatingni bo‘shashtirib yuborma, ilhom qanotida jo‘shib-jo‘shib uchaver! Qachon bo‘lmasin, seni bir vaqt Nukusga olamiz», degan edi.
«Telegrammani qaysi biri yuborgan ekan-a? To‘g‘ri, rahbarning imzosi bor, lekin imzo turgani bilan, hamma telegrammani rahbarning o‘zi yuborgan deb bo‘lmaydi-ku. Uydan tuz ichib ketgan yigitlarning birontasi ro‘yxatga tirkab qo‘ygan bo‘lsa kerak... Yoddan chiqarishmabdimi, shuning o‘ziga rahmat, yigitlar!».
U choyga o‘tirgandan keyin ham xotiniga «Ertaga Nukusga ketayapman», deb aytishning qulay fursatini topmadi. «Sababdan sabab chiqarib aytmasam, xuddi yosh bolaning gapiga o‘xshab qolar», deb o‘yladi. Kirib-chiqib yurgan xotini ham O‘rozbekning kayfiyatini tezda anglab olavermadi. Xotin degani bir narsani sezaqolsa ekan, buning yuki yengillashardi, yo‘q, xotini sezadigan emas. «Har kuni o‘tirgan-turganingni tergab surishtiradigan odam, endi bugun jim o‘tirganiga qara...», deb qo‘ydi ichida O‘rozbek.
Bu orada dasturxon yig‘ildi-yu, O‘rozbek to‘ppa-to‘g‘ri to‘rdagi xonaga o‘tib ketdi. Necha yillardan beri ehtiyotlab qo‘ygan «dunyolari» mana shu xonadagi shkafda! Shkafni ochib, u yerdagi semiz-semiz papkalarni oldi. Ochib, gazeta qiyqimlarini, birinchi nusxa — ikkinchi nusxa qog‘ozlarni, «Amudaryo» jurnalining ikkita sonini olib, ko‘ra boshladi. Shu payt nimadir esiga tushib ketdi-yu, quvonganidan kulib yubordi.
— Shinar! — deb xotiniga ovoz berdi. Ichkaridan «hov» degan tovushni eshitgach, buyruq berdi:
— Kiyimlarimni tozalab, dazmollab qo‘y! Ertaga Nukusga ketayapman. Anovi galstuklar ichida chiroylirog‘ini tanlab, Erjonning bolasiga bog‘latib kel! Yoki tayyor bog‘langani bormi?
— Qaydam, izlab ko‘ray, — dedi xotini bemalol o‘tirgan yerida.
O‘rozbek Shinardan bunaqa muomalani kutmagan edi. «Hov, O‘rozbek, yo‘l bo‘lsin, birdaniga qizishib ketding, tinchlikmi?» deyishi kerak edi. Xotini esa bunday demadi. Agar shu gapni aytganidami, O‘rozbek unga bor gapni to‘kib solar, telegrammani ham ko‘rsatardi. Yo‘q, unday bo‘lmadi. Qaytanga o‘tirgan o‘rnida:
— Aytmoqchi, necha kunga ketyapsan? — deb tovushladi.
— Erkakning yo‘lini oldindan bunaqa qilib kesmaydilar, Shinar, — dedi O‘rozbek yumsharib. — Yig‘ilish cho‘zilishi mumkin, u yerdagi do‘st-yorlar muruvvat qilib qolishi bor. Kim biladi, uchrashuvdan keyin ulkan zavod-fabrikalarga uchrashuvga olib ketishadimi?..
Xotini shundan keyin ham «qanaqa yig‘ilish, qanaqa uchrashuv» deb bir og‘iz so‘ramadi. Aksincha, «Aytmoqchi, Qoraboylidagi jiyaning bir oydan beri kasalxonada yotibdi. Bir kilo qoq o‘rik ol-u, shuni ko‘rib kelish yodingdan chiqmasin. Manov o‘rtancha bolang ariqdan itbaliq suzib tutaman, deb cho‘michning dastasini sindirib qo‘ydi. Nukusda ko‘zing tushsa, shundan bittasini olib kelarsan...», deya battar ensasini qotirdi.
Bu so‘zlardan keyin O‘rozbekning portlab ketishiga sal qoldi. Nimalar deyapti bu xotin o‘zi, osmonda uchib, qayta tug‘ilganday bo‘lib turgan odamga shunaqa gaplarni aytishning nima keragi bor? U Shinardan durust gap eshitishdan umidini uzib yana qog‘ozlarga tikildi. Shu payt telefon jiringlab, xayoli bo‘lindi. Simning narigi tomonidagi odam ikki marta «allo, O‘rakamisan?» deb so‘radi.
— Shu uy bizniki bo‘lgach, albatta o‘ziman-da! — dedi u biroz vazmin, biroz quvnoq ohangda.
— Hov, ovozing o‘zgarib ketibdimi, jo‘ra. Xuddi qutirgan tuyaning ovozidek xirillab turibdi-ku, — dedi narigi tomondagi odam. — Qani, ertaga Jumakaning uyiga borib, ziyofatni undiramizmi? Boradigan bo‘lsak, hozir komanda beraman!
O‘rozbek shundan so‘nggina ovozini biroz pasaytirib gapira boshladi:
— Men ertaga ovulda bo‘lmayman...
— Qayoqlarga sandiroqlab ketmoqchisan?
— Nukusga.
— Hov, shunaqami? Yo‘l bo‘lsin, tinchlikmi ishqilib? Bu deyman, vazirlikka kirib, maktab direktorining o‘rniga mixday tasdiqlanib qaytmoqchimisan deyman?
— Hazilingni qo‘ysang-chi! Nima, maktab direktori bo‘lish shunchalik sharaf ishmidi? Bersa — ishlayveramiz, senga borsa — sen ham ishlaysan. Men Nukusga yozuvchilar yig‘ilishida qatnashish uchun ketayapman, — dedi O‘rozbek yana ovoziga vazmin tus berib.
— Yozuvchilar yig‘ilishiga deysanmi? Sen ularning qaysi yarasiga em bo‘larkansan? — do‘sti dastakni yorib yuborguday qah-qahlab kuldi. Biroq O‘rozbek shoshmadi, sir bermadi.
— Qishloqlarda yashayotgan yosh iste’dodlarga yordam berish masalasi ko‘rilayotgan ekan. Yigitlar yodga olib bizniyam chaqirishibdi.
— Jo‘rajonim-ov, o‘n yildan beri bironta she’ring yorug‘ ko‘rmay, «chala shoir» degan laqabdan qutilish uchun ziyofat berganing o‘tgan yili emasmidi? Nukusdagilar seni tirik shoirlar ro‘yxatidan qanday qilib topib olishgan ekan-a?
- 2 -
Ota-bobolarning bir so‘zi bor: «Odamning ko‘ngli bir otim nosdan qoladi». Do‘stining so‘zlari unga zahar purkaganday ta’sir qildi. Kuni bo‘yi surgan shirin xayollari ko‘kka uchib, kimdir uni ajoyibotlar dunyosidan qaytarib olib kelib, yana shu uyiga itqitib tashlaganday bo‘ldi. «Shu Shomurod juda farosatsiz-da, — deb ozorlandi u. — Yaratgan egam qanday gunohim uchun ikkovimizni bir ovulga tiqib, maktabda ishlashga majbur qildi-ya! Ishdayam, o‘tirish-ziyofatdayam kun bermaydi...
Nukusga qatnab, shoir bo‘lish uchun astoydil harakat qilib yurganida tengqator jo‘ralari: «Sen hali shoir bo‘lmoqchi bo‘lib yuribsan. Manov Shomurod aytgan gaplarning birontasini ham topib gapira olmaysan. Nukusga borib-kelish uchun sarflagan yo‘lkira pullaringni to‘plab Shomurodga berganingda, allaqachon laureat bo‘lib ketar edingga», deb tanglay qoqib, zaharli kulishar edi. Tilingga otashkurak bosilgur Shomurodning topgan gapiga qarang: «She’r yozmaydiganlarga g‘amxo‘rlik qilishayotgan bo‘lsa, bizlar ham borsak bo‘larkan...» emish.
Xullas, Shinarning «chovli-cho‘mich olib kel», degan gapiga ranjib o‘tirgan O‘rozbekka Shomurodning bu gaplari og‘ir tegdi. Telefon dastagini o‘rniga qo‘yganidan keyin qaysi xonaga qarab yo‘nalishni bilmay turib qoldi. G‘azabi toshdi. Shomurodning achitib-achitib aytgan so‘zlariga javob izladi. Biroz ikkilanib turdi. «Shularning aytgan gaplarida jon bor-ov», deganday o‘ylarga ham bordi. Baribir, ruhi tushmadi, o‘zini tikladi. Shahd bilan to‘g‘ri xonaga kirib bordi-da, Nukusda kerak bo‘lib qolar degan qog‘ozlarini yana taxlay boshladi...
Ertalabdan maktab rahbarlariga, kasbdoshlariga, yo‘l bo‘yi uchragan tanish-bilishlarga telegrammani ko‘rsatib yurib, sal bo‘lmasa Nukusdagi yig‘ilishga kechikib qolay dedi. Baxtiga, yo‘lda uchragan birinchi mashina O‘rozbekning tanishi ekan, Nukusga vaqtida yetib keldi...
- 3 -
Yig‘ilish bo‘ladigan joy O‘rozbekka avvaldan ma’lum edi. Xuddi mana shu zalda, bundan yetti yil burun Sodiq shoirning yubiley kechasi bo‘lib o‘tgani xuddi kechagiday esida. Binoning sirti marmar bilan qoplanibdi, ta’mirlanibdi, zinapoyalarga ham marmardan ishlov berishibdi. O‘rozbek yig‘ilishga kelgan olomonga qo‘shilib ichkariga kirdi. Yurib borayotib, tanish-bilishlar uchrab qoladimi, deb ko‘z yugurtirdi. Ko‘pchiligining yuzi tanishga o‘xshaydi-yu, ammo avvaldan ko‘rishib, salomlashib borgan odamlar emas. U esa eski tanishlarini izlardi. Zalga kirmay, uzun dahliz bo‘ylab to‘p-to‘p bo‘lib, bosh qo‘shib, suhbatlashib turgan odamlarni oralab yurdi. Bir payt «Mo‘ynog‘im», «Orolim» deb she’r yozaveradigan Turumtoy shoirga duch kelib qoldi. Uning o‘sib ketgan soqol-mo‘ylovini ko‘rgan O‘rozbek beixtiyor o‘zining iyagini ushlab, bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilab qo‘ydi.
Yig‘ilishga kelganlarni ro‘yxatga olayotganlar ham notanish, sochlari o‘sib ketgan yigitchalar. O‘zuvchi yoki shoirga emas, ko‘proq zavod ishchilariga o‘xshab ketishadi.
— Inim, meni ham ro‘yxatingga olib, belgi qilib qo‘y, — dedi u yigitlardan biriga. — Familiyam Soyibjamolov, ismim O‘rozbek.
Ma’mur yigit uning ism-familiyasini yozib olayotgan paytda, stolning narigi tomonida qator turganlarning biri, oriqdan kelgan yigit yalt etib qaraganday bo‘ldi, O‘rozbek ham unga tikildi-yu, darrov tanidi — yozuvchi Rahmon Imomatdinov. O‘rozbek darhol qo‘l uzatdi:
— Assalomu alaykum!
— Siz ham keldingizmi? — kulimsiradi Imomaddinov. O‘rozbek «ha» deb bosh irg‘adi-yu, zalga kirib ketdi. Uchinchi qatorning o‘rtalariga borib o‘tirib oldi. Hay’at stoliga ham, minbarga ham mikrofon qo‘yilgan. Huv tepaga haqiqiy talant — xalqning milliy boyligi ekanligi haqida chaqiriq-shior ilib qo‘yilibdi. Oldingi ikki qatorga hech kim kelib o‘tiravermadi, O‘rozbekning o‘tirgan qatori bir pastda to‘ldi-qoldi. U tanish-bilishlar uchrab qoladimi, deb bir-ikki marta atrof-tevarakka alanglab qaradi. Ammo o‘zi taniydigan odamlar ko‘rinavermadi, aksiga olib odamlar orasida boyagi Imomaddinov qayta-qayta ko‘zga chalindi, xayoli o‘shanga og‘di. «Zang‘arning bolasi, «Siz ham keldingizmi?» deganiga o‘laymi. Haliyam o‘sha zaharxandaligini tashlamabdi.
Yig‘ilish boshlandi. U hay’at stolidagi barcha harakatlarni ziyraklik bilan kuzatib, aytilayotgan so‘zlarni shoyon diqqat ila tinglab o‘tirdi. Ayniqsa, uyushma raisining axborotini ixlos bilan eshitdi. Yonida o‘tirgan notanish odamlarga o‘xshab, qo‘liga qalam-qog‘oz olib, allanimalarnidir yozib o‘tirmoqchi bo‘ldi. Biroq, nimani yozish kerakligi, boshqa o‘tirganlar nimalarni yozayotganligini bilolmadi. Shunga qaramay, o‘zini yozib o‘tirgan odamday tutdi.
Axborotda Nukusda yashab ijod qilayotgan, matbuotdagi chiqishlari bilan xalqqa tanilib qolgan yosh iste’dodlarning, havaskor qalamkashlarning nomlari o‘qildi. Bular orasida «Soyibjamolov» degan familiya yo‘q edi. Uning familiyasi tanqid qilinganlar orasida ham tilga olinmadi. Shu payt miyasiga bir fikr keldi: «O‘zishni boshlashim kerak!» Yig‘ilishda tilga olinadiganlar qatorida bo‘lishim kerak. Anovi la’nat yog‘gur Shomurodning so‘zlariga chidamay, qo‘limni qalamdan sovutib olganim yomon bo‘lgan ekan-da. Hammasini qaytadan boshlashim kerak!..
Yozish kerak, yozish kerak...
- 4 -
Kelajak sari talpinib, jo‘shqin taassurotlar orasida toshib turgan bir paytda yana Imomaddinovni esladi-yu, kayfiyati buzildi, manglayini ter bosdi. «Omadsizligimni Shomuroddan ko‘rib yuribman-a, axir meni ezib tashlagan, shashtimni susaytirib, ilhomimni yerga kiritib yuborgan odam — mana shu uying kuygur bo‘ladi-ku! — alam bilan esladi u. — Bundan yetti yil avvalgi azoblarini yoddan chiqarib bo‘ladimi? Shu la’natining gapiga chidamay tashlab ketdim-a barini. Nimalar degan edi o‘shanda? «Sen she’r yozib ovora bo‘lib yurma, sendan baribir yaxshi shoir chiqmaydi. Shikoyat yozish, arz qilish bilan shoir bo‘lgan odamni shu paytgacha ko‘rdingmi?» — deb so‘ragan edi-ya.
Shunday degan edi-ya! Imomaddinovning aytgan gaplari xuddi kechagina aytilganday, naq ipidan-ignasigacha yodida qolibdi. Bu fikrdan O‘rozbekning yuragi shuv etib orqaga tortib ketdi. Xayolida Imomaddinov butun zal osha unga tikilib o‘tirganday tuyuldi. Ortiga qarash nari tursin, yonida o‘tirganlarning yuziga qaray olmay, cho‘kib ketdi. O‘rindiqqa singib ketganday bo‘ldi. Zalda ora-tura boshlanib qoladigan chapaklargina O‘rozbekning xayolini joyiga keltirib qo‘yardi...
- 5 -
Imomaddinov ham yig‘ilishda bemalol o‘tira olmadi.
— Sen anovi uchinchi qatorda o‘tirgan Soyibjamolov degan ko‘zabo‘yinli kishini taniysanmi? — so‘radi u yonida o‘tirgan nashriyot direktoridan.
— Qaysi ko‘zabo‘yin?
— Ana, o‘tiribdi-ku yelka sochlari chiyratilgan so‘tak.
— Yo‘q, tanimas ekanman.
— Unda buning senga qizig‘i yo‘q, — dedi-da, yana o‘z xayollariga berildi. «Soyibjamolovni bu yig‘ilishga kim chaqirgan bo‘lishi mumkin? Yoki, o‘zi eshitib kelaverdimikan? Tuppa-tuzuk ishiga singib, berilib ishlayotgan odamni yana issiq o‘rnidan qo‘zg‘atib nima qilishar ekan-a? Shoir-yozuvchilikni pichoq bilan kesganday tashlab, shikoyatbozlikdan ham voz kechib ketuvdi-ku bu...» — deb ich-ichidan afsus chekdi Imomaddinov. U yig‘ilish tugaganidan so‘ng yozuvchilar uyushmasiga kirib o‘tishga ahd qildi. «Boraman, chaqiruv ro‘yxatini kim tuzganini aniqlayman, qani, bilaylik-chi, kim chaqirgan ekan o‘zi? «Zalni to‘lg‘azish uchungina chaqirdik», deyishsa ham, baribir, aytadiganimni aytib chiqaman. Bunaqa beparvolik davom etaversa, iste’dodsiz odamlar qo‘ltig‘iga suv purkab, o‘chib qolgan «o‘t»ni qayta yondirish davom etaveradigan bo‘lsa, adabiyot oldidagi mas’uliyat qayerda qoladi axir?! Undan ko‘ra, haqiqiy iste’dodlarni aniqlab, ana shularga yordam qo‘lini cho‘zish savobli ish-ku. Shularning barini aytib solaman...».
O‘rozbek ishlaydigan maktab direktorining aytgan so‘zlari Imomaddinovning yodiga tushib, beixtiyor kulib yubordi. Gazeta ishlari bilan o‘sha ovulga borganida uni maktab direktori uyiga chaqirib, choy berdi. Gapdan gap chiqib, direktordan O‘rozbekni so‘raganda, «Hozir O‘rozbek yo‘lga tushib oldi, — dedi direktor. — Avvallari edi, yig‘ilish bo‘lsa, hammani tanqid ostiga olib, savodsizga chiqarib, adabiyotni tushunmaydigan, ortda qolib ketganlar deb ayb taqib chiqardi. Yig‘ilishlarda, bayram kechalarida «she’r o‘qiyman» deb, minbarga chiqib olardi. Ta’lim rahbarlari ham «shu o‘qisin, mayli, bo‘lmasa qutulmaymiz», deb ruxsat berishardi. Yoru birodarlar ziyofatida, to‘ylarda-ku buni sira to‘xtatib bo‘lmasdi, bemaza, qofiyasi kelishmagan tizmalarini she’r deb o‘qiyverardi, o‘qiyverardi... Odamlarni juda jonidan to‘ydirib yubordi. Oxiri, bir-biriga zarda qilishib, «shu Soyibjamolovga kim so‘z berdi o‘zi? Barakat top, obket, bor, uyingga oborib o‘qit!» deydigan bo‘lishdi. Endi, bu «shoiri zamon»ning uyidagilar ham xuddi cho‘g‘ ustida yurganday, yurak hovuchlab o‘tirarkan. Qovog‘ini uyub uyiga kelarkan-da, ovqatini yeb, choyini ichib, belbog‘ini bog‘lab, «jim o‘tiringlar, men she’r yozishga ketayapman!» deb, to‘rdagi xonaga kirib ketarkan. Shundan to tong otguncha hech kim bilan xabarlashmay, she’r yozib chiqarkan...».
- 6 -
Oradan ancha kun o‘tdi. O‘sha yig‘ilishda aytilgan ijobiy tavsiyalarni amalga oshirish uchun ijodiy tashkilotlarda ish qizib turgan bir palla edi. Imomaddinov ham gazetaning yaqin sonlaridan birida «Yoshlar ijodidan» degan maxsus sahifa tayyorlashga kirishib, hali ko‘pchilikka tanilib ulgurmagan yosh iste’dodlarning asarlarini to‘plab, tahrir qilib o‘tirgan edi. U mana shu mavzuda yozayotgan maqolasiga eng so‘nggi nuqtani qo‘yib, eski odati bo‘yicha deraza oldida tamaki tutatmoqchi bo‘ldi-da, o‘rnidan turdi. Derazadan tashqariga nazar tashlab, markaziy ko‘chada o‘tib-ketib turgan odamlarni kuzata boshladi. Ko‘chaning narigi betidagi univermagning oldi odatdagidek odam bilan to‘la. Undan yuz metrlar nariroqda — «Qirq qiz» restoranining eshigidan kirib-chiqib turgan xo‘randalar bugun negadir kamday. Xuddi shu payt deraza oldida turgan Imomaddinov Matbuot uyi oldidagi yo‘lakdan bu tomon kelayotgan odamga ko‘zi tushdi-yu, uni kimgadir o‘xshatdi. U qayta-qayta tikilib qaradi, ha, xuddi o‘zi — Soyibjamolov! «Shu, o‘zi! — g‘udrandi Imomaddinov — Ana, kelayotir! Bu yoqqa, gazetalar binosi tomon kelayotir!» O‘rozbekning haqiqatan ham bu tomonga kelayotganiga ishonch hosil qilish uchun yana biroz vaqt hayallab, derazadan qarab turdi. (Aytganday, Imomaddinov hu boyagi yig‘ilishdan keyin yozuvchilar uyushmasiga borib, Soyibjamolovga kim telegramma yuborganligini aniqlashtirgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, uyushmaga yangi ishga kelgan qiz yosh yozuvchilarning bundan o‘n yil burungi eski ro‘yxatini ko‘zdan kechirib o‘tirib, yangi ro‘yxatga buning nomini ham o‘tkazib yuborgan ekan).
Imomaddinov g‘o‘ldiraganicha stoliga keldi-da, sochilib yotgan qog‘ozlarini apil-tapil terib oldi va g‘aladonga tashladi. Kuldonning bir chekkasida turgan gugurt cho‘pini, osig‘lik turgan telpagini shosha-pisha olib kiyindi-da, tezroq chiqib ketish uchun taraddud ko‘ra boshladi.
— Sen, inim, tushgacha jilmay shu yerda o‘tir, — dedi bo‘limda adabiy xodim bo‘lib ish boshlagan yigitga. — Mening hozir borib keladigan zarur ishim chiqib qoldi. Kim meni so‘rab kelsa, tushdan keyin kelsa kerak, deb aytaqol...
U shunday deb shoshilinch tarzda xodimlarga topshiriqlar berdi-da, o‘zi Matbuot uyining chorbog‘i tomondagi orqa eshikka qarab tez-tez yurib ketdi.
Bu paytda Matbuot uyining zinapoyalaridan O‘rozbek Soyibjamolov tahririyat tomon shaxdam chiqib kelmoqda edi.
Sharap Usnatdinov. Ana, kelyapti (hikoya)
Qoraqalpoq tilidan Muzaffar Ahmad tarjimasi.