G‘am-g‘ussalarim sening oldingda tarqalib ketmaydi, balki meni unsiz o‘rab olib, malomatlaringni men sari undaydi. Alamlarni alangalatuvchi o‘sha so‘zlaringdan so‘ng bosh ko‘tarmadim. Har kuni yo‘l qo‘yadigan va qalbimga ochiq-oydin yozadigan xatolaringni yashiruvchi pardani ko‘tarmadim.
G‘am-g‘ussalarim og‘izlarga tushadi-yu, biz uchun tor bo‘lgan devorlar orasidan tashqariga chiqmaydi. Men o‘zimning kichkina mamlakatim deb bilgan makondagi chaqqon harakatlarimda qoqilib tushaman.
Televizor ekrani ortida chaqaloqning ovozi eshitilgan joyda barcha nigohlar men tomon qaratilardi. Har safar onang tomoniga yoshini yashagan bolaligining quruq cho‘plari qolgan kimsa kabi turib olganingda, unsiz yig‘i ich-ichimda qolib ketadi.
Sen uzoqda bo‘lsang ham, hatto onang bag‘rida o‘yinchoq-laringni sindirayotgan bo‘lsang ham yoki ko‘chadan yolg‘iz o‘tishga qo‘rqqan yosh boladek akangning qo‘lidan ushlab olgan bo‘lsang ham gapirmadim.
Mening orzularim bitganicha yo‘q. Ayol hali ham kuylashda davom etdi. Sen uning ovozini eshityapsanmi, ey mening yosh erim?
Sen mening oldimga kelib, birovlarning so‘zlarini aytding: “Bunday ahvolga ortiq chidab bo‘lmaydi!”
Hayratimdan seni uzoqlarda tasavvur qilaman, ovozing past eshitiladi, avval ko‘zlaring, so‘ng esa jisming g‘oyib bo‘ladi...
Singling boshimga kelib, nafratlanganday:
– Sendan hech qanday foyda yo‘q. Biz bilan turishing ortiqcha yuk, sen bu yerdan ketishni jiddiyroq o‘ylab ko‘rishing kerak, – dedi.
Mening qo‘limdan qahva piyolasini olib, ishxonangdagi g‘am-tashvishlaring haqida noliysan.
Mening ovozim horg‘in edi. Qushlar to‘rvalarini yig‘ishtirib uchib ketadilar.
Men senga “Orzularimni parcha-parcha qilayotgan achchiq hayot-la yashayapman, shunga ko‘nikayapman” der edim. Yana senga “Sen o‘zing haqingda oilang oldida ochiq-oydin gapirib, bor gapni tan olishing kerak. Ular mening qalbimga og‘ir malomat toshlarini otishni bas qilsinlar” der edim.
Biroq sen xijolatda qolishdan qo‘rqar eding.
O‘sha oqshom men senga:
– Ularga men o‘zim aytaman, – dedim.
Sen esa ovozing titrab, sarosimaga tushib:
– Jinni bo‘lganmisan? – deding.
Horg‘in qarashlarim senga tikildi: “Bunday davom etishga chiday olmaman. Sening takror va takror haqoratlaringni ko‘tara olmayman. Men bu uyda hech qanday qadri yo‘q narsa emasman. Sening oilang buni tushunishi kerak!” Mening so‘zlarim devorga borib urilar, so‘ng yana o‘zimga umidsiz qaytar edi.
“Sabr qil!” – deding. Bu so‘z sening tilingdan osonlikcha chiqar, qalbimga alam yetkazishida qoqilmas edi. Sen mening nobud bo‘lib, yig‘layozganimni ko‘rsang-da, naqadar shafqatsiz eding. Sening g‘aming meni qo‘limdan ushlab, alam jarining tubigacha olib tushib, u yerda meni yolg‘iz tashlab ketish darajasida edimi?
Sen mendan ko‘ra onangga yaqinroq bo‘lganingda, men bir kuni ovqat tayyorlayotgan edim. Onang menga sovuqqina qilib, “Bu oqshom eringni unashgani boramiz”, – dedi.
Men unga o‘girilib boqdim. Uning ko‘zlari chaqnab, mening kiyimim ustidan tanamni yondirib yuborayotganday edi. Men sukut saqlab ishimni davom ettirdim.
Sen yangi ko‘ylagingni kiyib, oyna oldida o‘zingga oro berayotganingni ko‘rib: “Sen haqiqatan ham shunday qilmoqchimisan?” – deb so‘radim.
Sen esa jilmayib: “Nega bunday qilmay?” – deding.
– Bilasan-ku, axir sen...
– Lekin ular bilmaydilar.
– Yana bittasini aldaysanmi?
Sen eshikni ochib, chiqishga otlanding-da: “Men hech kimni aldamayman. Bu – uylanish, Olloh va uning payg‘ambari tomonidan belgilangan sunnat” – deding.
O‘sha oqshom ular sovchilikdan qaytganlarida, ulardan o‘zlaridan oldin menga xushbo‘y hid yetib kelar edi. Ularning yuzlaridagi jilmayishlar go‘yo bir shoxdan ikkinchi shoxga sakrayotgan qush kabi edi. Ular xuddi birinchi marta kulishni o‘rganayotgandek kulardilar, menga o‘g‘rincha qarardilar. Tik boqishga esa hech kim jur’at qila olmas edi. Sen tikanli daraxtlar changalzordek o‘sadigan bu uyda yaqin orada xuddi yangi bir kaktus ekmagandek hayron qolarli darajada baxtiyor eding.
Men orqamga yashirib turgan qog‘ozning bir uchini chiqardim-da, senga ishora qilib qo‘ydim.
Sening ko‘zlaring chaqnab ketdi, nafasing ko‘krak qafasingga siqilib, go‘yo tashqariga yo‘l topa olmayotgandek edi.
Hamma mehmonxonaga to‘planib suhbatlashar, bu ajoyib oqshomning ta’rifini qilishar edi.
Ular anchadan buyon bunday rohat qilmaganlarini gapirishardi. Ularning so‘zlari mening ichimdagi shafqatsizlikda o‘zlarining tengi bo‘lgan sheriklari yoniga yo‘l topishni juda yaxshi bilar edi. Men bunga, ya’ni og‘riq sezmay alam tortishga ko‘nikib qolganman, mening hissiyotim siqilib o‘lgan.
Sen onang va akangning yonida o‘tirarding. Ko‘zlarim ko‘zlaring bilan to‘qnashdi. Men hammaning oldida qog‘ozni ko‘z-ko‘z qildim-u, onangga yaqin keldim. Uning yuzi bo‘yoq cho‘tkasini ushlashni endi o‘rganayotgan rassom urinishidek qizarib ketgan edi. Men qog‘ozni akangning oldiga tashladim va xuddi bir albah ustidan g‘alaba qilgandek jilmaydim.
U qog‘ozni o‘qir ekan, jim bo‘lib qoldi. Uning nigohlari xuddi nafas olmayotgan tanadek yerga qadaldi. Hamma hayron bo‘lib unga tikildi.
Sen esa, kuyov bo‘layotgan erim, kattagina og‘zingdan qahqahalar yo‘qolib, jimgina juftakni ura boshlading. Xonangga kirib, eshikni ichkaridan berkitib olding. Qog‘oz qo‘ldan qo‘lga o‘tib, nigohlar jussadek yerga qadala boshladi.
Meni bu uyda sizlarga ortiqcha yuk deb bilgan singlingga boqdim. U boshini ikki qo‘li bilan berkitib, to‘satdan kirgan qattiq og‘riqdan xalos bo‘lish uchun mahkam siqar edi.
Men ularni o‘z hollariga qoldirib sening orqangdan xonaga kirdim-u, eshikni yopdim...
Vafo al-Umayr. Ayol qo‘shig‘i (hikoya)
Arab tilidan Murtazo Saydumarov tarjimasi