OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vladimir Ikskul. Nomus va qasos (qissa)

Rahmat, Said! Agar Parvardigor menga hayot in’om etsa,
senga xuddi hozirgiday yaqin bo‘laman.
Men uchun yegan kaltaklaringning izi yuragimdan hech qachon o‘chmaydi.
Agar kunim bitguday bo‘lsa, shunday o‘lamanki, sen men bilan faxrlanasan.
Said, men sen bilan faxrlanaman. Xudo karomat qilgay.
Men shunday o‘lay-ki, bolalar, bolalarning bolalari
har doim Saidning tug‘ishgan ukasi
Gaboning qanday halok bo‘lganini eslab yurishsin!”

Tarjimondan

Mazkur qissalarning muallifi mashhur yozuvchilardan emas. U haqda adabiyot tarixi oz ma’lumotga ega. Asari ham nima uchundir qayta-qayta nashr etilmagan. Holbuki, muhabbatning og‘ir sinovlari haqida hikoya qiluvchi bu qissa har qanday yosh yigit-qizning qalbini larzaga solishi aniq. Bu asarni men bundan o‘ttiz olti yil muqaddam o‘qigan edim. Kitobni harbiyda birga xizmat qilayotgan qofqazlik do‘stlarim sovg‘a qilishgan edi. Asarni tarjima qilish istagi o‘shandayoq tug‘ilgandi. Qoralama nushasini tayyorlab ham qo‘ygan edim. Ammo turli sabablar bilan ish oxiriga yetmagandi. Kaminaning muhabbat yoshi yillar suronida ortda qolib, xazonrezgi fasliga kelganda bu ikki asarni yana qo‘lga olishga nima sabab bo‘ldi? Ko‘p uchrashuvlarda adabiyot muxlislari sevgi haqida asarlar kamligidan nolib, shu mavzuda ham biron narsa yozishimni iltimos qilishadi. Yoshlarning nolishida jon bor. Chindan ham chin sevgi va sadoqat haqidagi asarlar kam. Hozir yozilayotganlarida sayozlik mavjud. Men esam bu mavzuda yozishni istasam-da, ko‘ngildagiday asar yaratishga ko‘zim yetmaydi. Shu bois yoshligimda o‘zimga qattiq ta’sir qilgan asar tarjimasini nihoyasiga yetkazishga jazm etdim. Zero, sevgi millat tanlamaydi. Sevgi fojiasi ham shunday.
Ikki og‘iz so‘z muallif haqida: Vladimir Ikskul 1860 yilda baron Yakov Ikskul oilasida tug‘ilgan. U damlarda Estoniya yerlari rus podshohligiga qaram edi. Vladimir harbiy bilim yurtida o‘qiydi. Rus armiyasida xizmat qiladi. 1906 yili Amerikaga safar qiladi. Kemada osetin chavandozlari bilan tanishib, do‘stlashadi. Ularning hikoyalarini tinglaydi. Safardan qaytgach, yangi orttirgan do‘stlarining taklifiga ko‘ra, Qofqazga keladi. Shu yillari uning yozuvchilik faoliyati boshlanadi. Qofqaz xalqlari hayotidan ajoyib asarlar yaratadi. Uning asarlari nemis tilida yozilgan. Asosiy qo‘lyozmalari ham Germaniya kutubxonalarida saqlanadi. Shunga qaramay, u o‘sha davr adabiy muhitida “Qofqaz qo‘shiqchisi” degan nomga sazovor bo‘lgan.  Asarni biz rus tilidagi kamyob nushasidan tarjima qildik. O’zbek o‘quvchilari tushunishi oson bo‘lsin uchun erkin uslubdan foydalandik. Qofqazliklar hayotidan hikoya qiluvchi bir qancha kitoblar o‘qilgani, qofqazlik do‘stlar suhbatlaridan bahramand bo‘linganligi bu ishda qo‘l keldi.

Tohir Malik

Kuz tonggi… Havo musaffo, atrof go‘zal...
Tog‘dagi qarindoshlarini yo‘qlab, adirda joylashgan ovuliga qaytayotgan chavandoz shoshilmayotgani uchun otini qamchilamay, o‘z holiga qo‘ygan edi. Yigirma uch yoshlardagi  bo‘ydor, keng yelkali qomati kelishgan, xushro‘y  bu osetin yigitning ko‘zlari ko‘k, sochlari esa  qop-qora edi. Kiyimi o‘lkasining odatiga xos: uzun papoq, ko‘kragi kumushrang o‘qlarga to‘la cherkas kamzuli, belida kumush suvi yuritilgan xanjar, yelkasida esa  har bir tog‘liqqa xos miltiq osilgan. Tagidagi oti – nasldor, qabardin zotidan – badani oftobda tovlanadi, oyoqlari ingichka.
Kuch va qat’iylikni  otasidan meros qilib olgan Gabo – hali yosh, quvnoq, qalbi qaynoq jasoratli yigit. Uning butun borlig‘i, harakati mard yigitlardan biri ekanini namoyish qilib turadi. U ona - osetin tilidan tashqari ingush tilini hamda oz-moz rus tilini ham biladi.
U otni o‘z holiga qo‘yib, ajoyib tong bilan zavqlanib borardi. Atrofga boqib to‘ymasdi. Gaboning ko‘zi uzoqdagi bir chavandozni ilg‘adi-yu, unga yetib olib,  hamroh bo‘lish niyatida otini niqtab, tezlatdi. So‘ngsiz adirda yoningda hamrohing bo‘lsa zerikmaysan, qolaversa yo‘l xavfsiz bo‘ladi.
Gabo notanish kishiga yetib oldi.  Past bo‘yli bo‘lsa-da, tashqi ko‘rinishidan chayir, baquvvat, qarashlari esa ma’nodor o‘ttiz yoshlardagi ingushning oti ham o‘ziga o‘xshagan kichkina, ko‘rimsiz edi.
Gabo ingush tilida musulmonlar odati bo‘yicha salom berdi. Notanish odam ayni shu odat bo‘yicha ehtirom ila alik oldi.
Buni qarangki, ularning manzillari bir ekan. Gabo notanish chavandozga hamroh bo‘lishni taklif etdi. Ular yo‘lda ketaturib qayerdan ekanliklarini, qayerga ketayotganliklarini bir-birlariga aytib berishdi. Tanishish asnosida Gabo hamrohini zimdan kuzatib chiqdi. Ajab, hamrohining bo‘rki yap-yangi ekan. Unda esa hatto eskisi ham yo‘q. Shu adolatdanmi?
Gabo olg‘irlik borasida suyagi yo‘q yigitlardan hisoblanardi. U ko‘ngliga yoqqan buyumlarni chaqqonlik hamda ayyorlik bilan egallab olib, keyin o‘z ishidan o‘zi lazzatlanardi. O’zining bu harakatini hech qachon o‘g‘irlik yoki talonchilik deb baholamagan. Balki masalani insof bilan hal qilgan adolatparvar sifatida o‘zidan o‘zi mamnun bo‘lib yuravergan. Bu safar ham bir adolatsizlikka barham berishni diliga tugdi: «Gabo, ingushga bo‘rkning nima keragi bor-a? – o‘yladi u. – Bo‘rk senga ko‘p asqotadi. Senda esa hech qanday bo‘rk yo‘q,  uniki esa yap-yangi ekan, shu bo‘rkni o‘z yelkangga tashlay olmasang, axir, sharmandalik emasmi?!»
Bir oz shu xayolda yurgach, qat’iy qarorga keldi: «Qiziq, bo‘rkini zo‘rlab tortib olsamchi?  Buning hech qo‘rqadigan yeri yo‘q. Men undan kuchliroqman. Otim ham chopqir».
U xayolan darhol  reja tuzdi-yu, amalga oshirishni paysalga solmadi: kutilmaganda qamchinini o‘ynatib, otini savaladi.
Qofqazda qamchining uchi enli teridan bo‘ladi. Bunday qamchi jonivorni savalaganda og‘riq berishdan ko‘ra ko‘proq shovqin chiqaradi. Tog‘lik uyqusiragan otda sekin yurishni yomon ko‘radi. Gabo xuddi otni yugurtirishga undagandek harakat qildi. Sekin yuraverib zerikkan jonivor egasining amrini intiq kutayogandek, bir sapchib olg‘a intildi. Shunda Gabo birdaniga jilovni keskin tortdi. Ingushning atrofida bir aylandi. Ikkinchi marta aylanishda hamrohiga juda yaqin keldi. Tizzasi pakanagina otning dumiga tegishi bilan oldinga engashib, hamrohining bo‘rkiga yopishdi. Keyin bor kuchi bilan uni o‘ziga siltab tortdi.
Bo‘rkning bo‘yinbog‘i uzildi. Ingush voqeaga tushunolmay, o‘ziga kelguncha Gabo ilgarilab ketdi. Uning oti adir bo‘ylab yelib borardi. Gabo orqasiga qaramaslikka qancha urinmasin, bo‘lmadi. Ingush quvib kelyaptimi-yo‘qmi, deb qaradi. Ingush egardan tushib otning qorinbog‘larini tortdi. «O’x-xo‘, meni quvmoqchiga o‘xshaydi, ishlar jiddiy!» deb o‘yladi Gabo.
Gabo jonivorga yana qamchi bosdi. U ikkinchi bor orqasiga qaraganda ingush otga mingan edi. Bir ozdan so‘ng u ingushning yaqinlashib qolganini ko‘rdi. Ingushning ko‘rinishi xarobgina oti uning kelishgan otidan tez chopardi. Gabo har gal o‘girilib qaraganda ular orasida masofa qisqarib boraverdi. Nihoyat, u qochib qutulolmasligini, «ingush bu ko‘rimsiz pachoq oti bilan ikki dunyoda quvib yetolmaydi», deb xato o‘ylaganini angladi.
Ta’qibdan qocha-qocha keng zovurga duch keldi. Adirdagi bu zovurni yozda mollarni sug‘orish uchun qazishardi. Bu yerda to‘plangan qor, yomg‘ir suvi yozi bilan yetardi.
Gabo zovurni aylanib o‘tdi. Otdan tushib, miltig‘iga suyangancha raqibini kutdi.
Ingush suvga yetib kelib, otdan tushdi. Qo‘liga miltig‘ini olib, qichqirdi:
- Qani, birinchi bo‘lib ot!
- Yo‘q, men sening oldingda gunohkorman, birinchi bo‘lib otmayman. Sen ot!
- Sen mening yelkamdan bo‘rkni tortib olishga qanday jur’at etgan bo‘lsang birinchi bo‘lib otishga ham shunday  jur’at etishing kerak!
- Men birinchi bo‘lib otmayman! – Gabo barcha tog‘liklar kabi ehtiyotkor edi. U to‘kilgan qon uchun bir necha avlodlardan keyin ham qonli qasos olishlarini biladi.
- Unday bo‘lsa, menga bo‘rkimni qaysi jur’at bilan tortib olganingni tushuntirib ber. Kel, yaxshisi, bir narsani hal qilib olaylik: men anchadan beri dovyurak odamni qidirib yurgan edim. Nihoyat, topganga o‘xshayman: yovlashishni qo‘yib, do‘st bo‘laylik.
- Sen  chiroyli so‘zlaring bilan avrama! Meni yosh bola deb o‘ylayapsanmi?!
- Seni aldayotganim ham, avrayotganim ham yo‘q. Gapimga ishon. Men ko‘pdan beri senga o‘xshagan botir yigit bilan do‘stlashmoqchi edim. Men seni jazolash maqsadida yoki bo‘rkimni tortib olish uchun emas, do‘stlashish uchun izingdan quvib keldim. Sen menga keraksan.
Ingush samimiy  gapirayotgani bilan  Gaboning unga ishongisi yo‘q edi. Shunda ingush otning oyog‘ini tushovladi.   Miltig‘i bilan xanjarini yerga tashladi-da, zovurni  aylanib, o‘tib, Gabo tomon yurdi.
Gabo endi uning samimiyatiga ishonib,  qurollarini tashladi. Hurmat yuzasidan ingushga peshvoz chiqdi. Yaqin kelgach, uning ko‘zlariga tik qaradi: ingushning nigohida makr yo‘q edi.
Ular qiyomatli birodarlar kabi qo‘l berishishdi.
- Ismim Said, ksarzanlik Tespotning o‘g‘liman.
- Mening ismim Gabo, Tagaursklik Yavzixoning o‘g‘liman.
Said Gaboning qo‘lini do‘stona mahkam siqib, unga sinov ko‘zi bilan tikildi: bir qarashidayoq yuzida sadoqat nurini ilg‘ab,  ko‘ngli joyiga tushdi.
Keyin asta so‘z boshladi. Uning shirali ovozi Gaboni hayratga soldi.
- Alloh Taolo ixtiyor qilgan ekan, biz bir-birimiz bilan topishdik. Taqdirimiz Allohning izmida. Xudoga shukur! Men senday jasur yigitni uzoq qidirgan edim. Seni  menga Allohning o‘zi yubordi,- u  Gabodan ko‘z uzmay, davom etdi:- Sendek qo‘rqmas yigitga xiyonat begona, sodiq do‘st bo‘lishingga ishonaman! Biz juda og‘ir zamonda yashayapmiz! Avvalgi davrlar o‘tib ketdi. Endi hatto hamqishlog‘ingga ham ishonib bo‘lmaydi.
Oraga bir daqiqalik jimlik cho‘kdi. Bu sukutni yana Saidning ma’nodor so‘zlari buzdi.
- Men ba’zan tunda safarga chiqaman. Ayrim xatarli ishlarga qo‘l  urishdan ham toymayman. Seni topganim yaxshi bo‘ldi. Bundan buyog‘iga bir-birimizni suyaymiz.
- Men ham ayrim ishlarga qo‘l urib turaman, - dedi Gabo, - men hamisha omad yor bo‘lishini sevaman!
«Ha, buni bugun menga namoyish qilding» - deb o‘yladi Said.  Ammo bu fikrini tiliga chiqarmadi. Buning o‘rniga yangi topgan do‘stini  Ksarzanga  taklif qildi. Mehmonga borish Gaboga  ortiqcha tuyuldi. U qanchalik jasur bo‘lmasin, ayni damda ehtiyotkor ham edi. Gabo uzoq o‘yga tolmadi, xavotirini, ishonqiramayotganini sezdirmadi. Taklif uchun minnatdorchilik bildirdi. «Agar rostdan ham do‘st bo‘lishni istayotgan bo‘lsang, avval o‘z poyqadaming bilan faqir kulbamni obod qil», deb taklif etdi. Said kamtarinlik yuzasidan  ko‘nmay turdi. Keyin rozilik bergach, ikkovlon otlarni Tagaursk tomon burishdi. Bir necha soatlik yo‘ldan so‘ng ovul ko‘zga tashlandi. Vijdon azobida qolgan Gabo Saiddan kechirim so‘rab, bo‘rkni qaytib olishni iltimos qildi.
Said Gaboning uzrini, ayniqsa, iltimosini eshitishni ham xohlamadi. Ularni do‘st sifatida topishtirgan bugungi kundan yodgorlik  sifatida olib qo‘yishini talab qildi. Gabo bu gapga rozi bo‘lib, Saidga rahmat aytgach, qalbiga bir maqsadni tugib qo‘ydi: u Saidning sodiq do‘st tanlab yanglishmaganini, haqiqiy bahodir bilan birodarlashganini yaqin kelajakda albatta isbot qilib beradi!
Tog‘lik odam sezgir bo‘ladi. U yaxshilikni ham, yomonlikni ham hech qachon unutmaydi. Tog‘lik  yo do‘st yoki dushman bo‘lishi mumkin, uning uchun uchinchi yo‘l yo‘q.
Tagaursk – bepoyon adirga joylashgan ovul. Keng ko‘chaning har ikki tomoniga osetinlarning turar joylari – uylari, bog‘lari, otxonalari, omborlari joylashgan. Gabo bilan Said ko‘chani kesib o‘tib, bir hovliga burilishdi. Ularni itlarning xurishi qarshi oldi. Gaboning o‘n olti yoshlar chamasidagi ukasi Muhammad  oyoqyalang va yalangbosh holida ularga peshvoz chiqib, salomlashgach, otlarni otxonaga yetakladi.  Bo‘ydor, keng yelkali Muhammad ko‘p jihatdan akasiga o‘xshar edi. Uning timqora sochi, katta ko‘k ko‘zlari, mushaklari o‘ynab turgan bilaklari, keng ochiq peshonasi, qarashlaridagi mag‘rurlik Gaboni eslatadi.
Gaboning otasi Yavziko uydan chiqib, mehmonga ta’zim qilganicha so‘rashgach,  uni iltifot ila mehmonxonaga boshladi.
Devorlari gilam bilan bezalgan xonada mehmonlar uchun yumshoq so‘ri hamda  kursi qo‘yilgan edi. Ular ichkari kirishgach, o‘rtaga qo‘yilgan oddiy xontaxta bilan kichkina kursichalar tomon yurishdi. Mezbon mehmonni o‘tirishga taklif etdi. Ayrim osetinlar ingushlarni unchalik xush ko‘rishmasdi. Shuning uchun Gaboning kutilmagan mehmonni boshlab kelishi Yavzikoni hayratda qoldirdi. Lekin  «Gabo nima qilayotganini o‘zi biladi»,  deb o‘ylagan qariya ajablanganini sezdirmadi. Aksincha, qofqazliklarga xos tavozelik va mehmonnavozlik bilan mehmonning ko‘nglini olishga harakat qildi. Suhbat asnosida Saidni zimdan kuzatib, o‘g‘lining odam  tanlay bilishiga yana bir bor tan berdi.
Said ruschasiga yozishni ham o‘qishni ham bilmaydi. Ingushlar yashaydigan ovullarning birontasida ham yangicha maktab yo‘q. Yoshlar mullaning izmida. Islom ilmi va talablari ta’sirida tarbiya topadilar. Qolaversa, qariyalarning doimiy tarzda eslatadigan hikmatlari, turli mavzulardagi ibratli hikoyalari yoshlarga katta ta’sir ko‘rsatadi. Kechalari adirdagi gulxan atrofida, to‘ylarda, bayramlarda qariyalar qahramon o‘g‘lonlarning qo‘rqmasliklari, sodiqliklari, chaqqonliklari haqida hikoya qilib, yoshlar qalbida olov yoqishadi. Har bir yosh yigit bu hikoyalarni eshitgach, afsonaviy qahramon kabi bo‘lishga ahd qiladi. Ingushlar barcha tog‘liklar kabi nomusni nihoyatda qadrlashadi. Hayot va ne’mat – Allohning qudrati, Allohning inoyati, Allohning marhamati. Ammo nomus har ikkovidan ham kuchli. Do‘stga sodiq bo‘lish – nomusni bulg‘amaslikdir. Bu kishiga sharaf keltiradi. O’ljani qo‘lga kiritishdagi  o‘ziga hos ayyorlik va chaqqonlik kishilarni hayratga solishi mumkin. Biroq do‘st haqiga xiyonat qilish gunohdir. Do‘stni aldash, hatto kichkinagina yolg‘on ishlatish ham gunohdir. 
Yoshlar bu talablarni yaxshi biladilar. Ular ajdodlari kabi qahramon bo‘lish orzusida yuradilar. Bu orzu  har bir tog‘likning qoniga singib ketgan. Ba’zan tushunmagan yosh ingushlar yo‘lto‘sarlik, talon-tarojni qahramonlikka yo‘yadilar. Lekin buning ham  o‘ziga yarasha «qonun-qoidasi» bor. Ayyorlik yoki aldamchilik qarindoshlar, hamqishloqlar, do‘stlar va mehmonlardan tashqari barcha uchun qo‘llanilishi mumkin. Do‘stini sotgan odam o‘ziga, butun urug‘iga, qolaversa ovulga sharmandalik va isnod orttiradi. Bunday pastkashlikka qo‘l urgan odamga nafrat bilan qarashadi. Bu ishning oxiri baxayr bo‘lmagani uchun ham sotqinlik deyarli uchramaydi.
Hali-hali dargavsklik Misostning nomini nafrat bilan tilga olishadi.  Rusiya hukumatidan mukofot olish ilinjidagi bu xoin gulxan oldida uxlab yotgan qochoq do‘stini o‘ldirgach, tavqi la’natga uchragan edi. Aka-ukalari esa uning kasriga qolishib, qonli qasoskorlarning o‘qiga uchrashdi. O’g‘li esa tuzalmas dard balosidan o‘ldi. Uni  huddi yakkamoxov kabi bir o‘zi olib borib ko‘mdi. Ko‘chada hech kim  u bilan salomlashmaydi. Sharmandalik libosiga o‘ralgan, kishilar nafratiga uchragan Misost hali ham hayot. Xudodan o‘ziga tinmay o‘lim tilaydi-yu, o‘lolmaydi. Kim biladi, balki yer xoinning o‘lik jasadini o‘z bag‘riga olishdan hazar qilar...
Said mana shunday hikoyalar ta’sirida ulg‘aydi. Mana shu an’anaviy tushunchalar bilan dunyoqarashi va fe’l-atvori  shakllandi. Xalq ehtiromidagi qahramonlarga ergashish esa - uning birdan bir maqsadi. Shuning barobarinda  Said qalbida  Vataniga bo‘lgan qaynoq muhabbati ham bor. Qaynoq qalbli tog‘ o‘g‘loni o‘z xizmatlari bilan, zarur bo‘lsa o‘z joni bilan xalqiga foyda keltirishni istardi. U hayoti yo‘lida yaxshi maktab bo‘la oladigan har bir odatni tan olardi. U nemis-kolonistlari kabi  ovullarida qishloq xo‘jalik bilan shug‘ullanishni tashkil qilishni xohlardi.  U Vatanidagi har bir erning sodiq, xalol, qo‘rqmas bo‘lishi uchun hech bir ikkilanmay yurak qonini berishga tayyor. Uning qalbida bir ishonch nish urgan: qachonlardir butun bir xalq uchun foyda keltira oladigan ish qilish imkoni tug‘iladi. Hozir o‘sha kunning albatta  kelishiga ishonch bilan yashaydi.
Said  uylanmagan. Uning yuragini  biror go‘zal zabt eta olganicha yo‘q. U o‘yinqaroq yigitlar toifasidan emas, uylanishga shoshilmaydi.  U  mag‘rur tog‘ yigitlari odatiga amal qilib, oila qurishdan oldin  botir kishi bilan aka-uka tutinishni istardi. Nihoyat, bugun umidi ushaldi:  u shunday odamni topdi. Gabo unga yoqib qoldi. Gaboning mehribon, ochiq yuzi, uning beozor kulimsirashi, botirligi, chaqqonligi qolaversa, ovulga yaqinlashishgandagi vijdon amriga bo‘yin tutib aytgan so‘zlari – hammasi unga yoqdi.
Said – ingush, Gabo – osetin, shunga qaramasdan ular aka-uka tutinishadi. Uning fikricha, Gabo ham bunga qarshilik bildirmaydi. Said bu haqda hozircha indamay, Gabo bilan uning qarindoshlarini Ksarzanga taklif etishga, odatlariga binoan, maqsadini hurmatli oqsoqollar orqali  bildirishga ahd qildi. Yavziko bilan gaplashib o‘tirgan Said bo‘lajak ishlarini  shu tarzda xayolan belgilab oldi.
Gabo kirib, xontaxta ustiga ikki kishilik taom qo‘ydi.  Gabo mehmon huzurida, otasining yonida o‘tirib  ovqat yeya olmaydi. U etik va cherkascha kamzul kiyib olgan ukasi Muhammad bilan xizmatda bo‘ladi. Yavziko bilan Said kursichalarga o‘tirishdi. Xonaga Gaboning tengdoshlari, qo‘shnilarning o‘g‘illari ham kirishdi. Boshlarida papoq. Hammasi bekami-ko‘st qurollangan. Ular devor tomonga tizilishdi. Shu zaylda Yavzikoning mehmonini qutlashdi.
Gabo otasiga ozgina sharob quyib, taqsimchaga qo‘y sonini qo‘ydi. Yavziko turdi. Said ham hurmat yuzasidan o‘rnidan turdi. Mezbon urf-odatga ko‘ra chap qo‘lida qo‘yning soni, o‘ng qo‘lida ichimlik to‘ldirilgan shoxni ushlab duo o‘qiy boshladi:
- Yo dunyoni yaratgan qudratli Xudo!
- Omin! –  deb qo‘shilishdi yoshlar.
- Sen hamma narsani yaratganing uchun ham bu kech senga sig‘inaman o‘zinggagina iltijo qilaman!
- Omin!
- Ohu-faryodimizni eshitganing, munojotlarimni qabul etganing uchun o‘zinggagina shukurlar qilaman.
- Omin!
- Biz o‘zingga shukur qilib, ekinzorlarimizning hosildorligi uchun, xonadonlarimizga bergan qut va barakang uchun, badanimizning sog‘lig‘i uchun,  mamlakatning osoyishtaligi uchun qon chiqarib,  O’zingning yo‘lingda qurbonlik qilamiz.
- Omin!
- Yo qudratli Xudo! Mening nolamga quloq tut: qabilamiz orasida badbashara, mayparast, nomussizlarni yaratma! Bolalarimiz qabilamiz shon-shuhrati yo‘lida unib-o‘sishsin.
- Omin!
- Qudratli Xudo, endi biz aziz-avliyolarga sig‘inamiz. Momaqaldiroq va yomg‘ir hokimi Ilya, Xudo oldida bizni himoya qil: Yaratgan qudratli Xudo ekinzorlarimizdagi hosilni seldan, yomon ob-havodan suvsizlikdan asrasin. Mo‘l hosil yig‘ishtirib olsak, hech qachon uning nomini dildan qo‘ymaymiz.
- Omin!
- O’zga yurtlilardan, yo‘lovchilardan non-tuzimizni ayamaymiz.
- Omin!
- Yo‘lovchi faqat uyimizga tinchlik bilan kirib kelib, Xudoning panohida eson-omon manziliga yetib olsin.
- Avliyo Georgiy, jangchilar va yo‘lovchilar homiysi! Sendan so‘raymiz-ki...
- Omin!
- Bu uydan kimda kim safarga otlansa, yoinki Xudo yo‘lida savobli  ishga qo‘l ursa unga xomiylik qil. Ishiga ko‘mak ber. Uning hayotiga tahdid qiluvchi balo-qazolardan asra.
- Omin!
- Uning nomussizlik yo‘liga kirib, gunohga botishiga yo‘l qo‘yma.
- Omin!
- Ey Xudo farzandi – Iysoi Masix! Biz senga ishonamiz. Sen bizni u dunyoda so‘roqqa tutasan. Biz sendan so‘raymiz: bizning gunohlarimiz va kamchiliklarimiz baxridan o‘t. Chunki biz omi odamlarmiz. Qudratli Xudo  esa taqdirimiz egasidir.
- Omin!
- Yo aziz-avliyolar, Xudo oldida bizga xomiy bo‘linglar.
- Omin!
- Osmonu falakdagi Xudo, men  O’zingga ma’qul tarzda, a’lo darajada sig‘inishni bilmayman. Ammo yurakdan chiqayotgan so‘zlarimni inobatga ol.
- Omin!..
Yavziko duo o‘qib bo‘lgach, Saidga qo‘yning sonini uzatdi. Urf-odatga amal qilgan Said go‘shtdan bir chimdim tishlab, qolganini o‘ziga qaytardi.
Ovqatlanib bo‘lishgach, Yavzikoning o‘g‘illari qolgan taomlarni yig‘ishtirib olishdi. Mehmonga tamaki berib, o‘zlari ovqatlanish uchun oshxonaga chiqib ketishdi. Ko‘p o‘tmay Gabo qaytib keldi-da, Saidni qo‘shni hovliga taklif qildi. U yerda yoshlar to‘planib, o‘yin-kulguni boshlayotgan edilar.
- Yana qizlarimizga oshiq bo‘lib qolma, - deb hazillashdi Gabo yo‘lda ketaturib, - Tagaursk qizlarining go‘zalligi haqida afsona yetti iqlimga ham ma’lum.
Said kulib qo‘ydi.
- Ksarzan qizlari ham chakki emas. Bir qarashi yurakni xanjardek tilib yuboradi.
Qo‘shni hovli yoshlar bilan gavjum edi.
Quyosh ko‘k hukmronligini Oyga topshirdi. Jimirlab yulduzlar ko‘rindi. Oy nurlari daraxt shoxlari orasidan o‘tib, qomati kelishgan yoshlarni tomosha qilganday. Boshlariga papoq, egnilariga yarashiqli cherkascha kamzul kiygan yigitlar bir yerga to‘planib, chapak chalib kuyga jo‘r bo‘lishadi. Oy o‘zining nurli qo‘llari bilan qora ko‘z, rangdor ko‘ylakli, sochlari uzun qizlarning go‘zal yuzlarini silaydi. Kech havosi o‘zgacha – yoqimli! Qorachadan kelgan yoshlarning biri g‘ijjakda, biri esa garmonda zavq bilan kuy chaladi. Ohang takrorlanaveradi. Qorong‘ulik bag‘ridagi ovulga bu kecha o‘zgacha fayz kirgandek. Hatto qariyalar ham eshik oldida o‘tirib, taralayotgan musiqa, yoshlarning quvnoq ovozlariga quloq tutadilar. Xayol ularni o‘tmishga yetaklaydi. Go‘zal qiz atrofida aylanib, raqsga tushayotgan kuch-quvvatga to‘lgan yigit ko‘z oldilariga keladi. Bu serg‘ayrat  yigit xayol surayotgan o‘sha qariyaning yoshligi. Yoshlar shodiyonasi uni xayolan o‘tmishga yetakladi…
Said hovliga kirishi bilanoq  ovul oqsoqoli Elbisdning o‘g‘li Murod bilan raqsga tushayotgan go‘zal Kuarani ko‘rdi-yu,  hushi uchib, lol qoldi.
Osetinlarning raqsga tushishlarini hech ko‘rganmisiz? Sho‘x kuy yangrayapti… Qiz bilan yigit o‘rtada, qolganlar qarsak chalib, kuyga jo‘r bo‘lishyapti. Qiz xuddi havoda uchib yurgan paridek yengil, noz-karashma ila harakat qiladi. Yigit esa oyoq uchida uning atrofida aylanadi. Uning harakati keskin va jo‘shqin, huddi suvi toshdan toshga urilib oqayotgan  jilovsiz tog‘ daryosiga o‘xshaydi.
Gabo o‘rtadagi qiz bilan yigitga norozi qiyofada qarab, qoshlarini chimirgan holda turib qoldi. O’ng qo‘li hanjar sopini ushlagan. Said esa Gaboning yonida, bu hovliga kirganidan beri Kuaradan ko‘z uzmaydi.  Uning qalbida qandaydir portlash yuz berganday. «Ana u, ana u sen izlagan go‘zal!» deydi vujudiga yashiringan ovoz. Bu onda Saidning ko‘ziga olam yanada sirli, yanada chiroyli bo‘lib ko‘rinib ketdi. Oy ham yorqinroq nur sochayotganday. Beorom yuragi esa tez-tez tepadi. Said yon-atrofdagilarga e’tibor bermay qo‘ydi. Uning xayolini faqat raqsga tushayotgan qora soch go‘zal o‘g‘irlagan edi. Qizning har bir harakati uni mahliyo etadi.
«Menga nima bo‘ldi? – deydi o‘ziga o‘zi. - Bir ko‘rishdayoq sevib qoldimmi?!»
- Raqsga tushayotgan qizning ismi nima? – sekingina so‘radi u Gabodan.
- Kuara,-dedi Gabo alohida bir mehr bilan.
- Kimning qizi?
- Shu uyning xo‘jayini Tsellagoning qizi.
Muhammad  hovlini kesib o‘tib, qarsak chalayotgan yoshlar davrasiga qo‘shildi. Uning yuzlari quvonchni yashira olmaydi. Xonadon xo‘jayinining o‘g‘illari Gassako bilan Botirbek Gabolarning oldiga kelishdi. Said go‘yo shirin tush ko‘rayotgan edi-yu, mezbonlarning kelishi uni cho‘chitib, uyg‘otib yuborganday bo‘ldi. Gabo tanishtirdi:
- Bu bizning mehmonimiz - Said, Ksarzanlik Tespotning o‘g‘li.
Yigitlar Said bilan Gaboni sharaflashgach, iltifot ila uyga taklif qilishdi. Yavzikoning mehmonini uy sohibi  hurmat bilan qarshi oldi. Mehmon sha’niga aytilgan sharaf so‘zlaridan keyin ularni noz-ne’matlardan tatib ko‘rishga taklif qildi. Said  Muhammad alayhissalom ummatidan bo‘lgani uchun ham unga vino ichish man etilgan edi. Shu bois  bir tishlam shirin non olib, bir qultumgina sharbat ichish bilan kifoyalandi. U mehmondorchilikni tezroq yakunlanishini istayotgandi. Go‘yo butun vujudi hovlida qolgan-u, bu yerda uning suratigina turganday edi.
O’yin-kulgu esa davom etardi. Bir kuy yakuniga yetgach, o‘rtadagi yigit-qizlar chetga chiqib, davraga boshqalari tushadilar. Said bilan Gabo hovliga qaytishganda navbatdagi raqs tugagan edi. O’yin-kulguni boshqarib turgan Gassako Saidga yaqinlashdi-da, mehmonni singlisi bilan birga raqsga tushishga taklif etdi. Keyin «Mehmon bilan raqsga tush» deganday Kuaraga bosh irg‘ab qo‘ydi. Kuy yangradi. Kuara uyalinqiraganicha qizlar davrasidan ajralib chiqdi-da, davra bo‘ylab oyoq uchida yengil, qushday suzib aylana boshladi. Chiroyi har qanday go‘zal malikani lol qoldiruvchi bu qizning raqsi ham o‘zgacha edi: harakatlari mag‘rur, shu bilan birga nozli. Qizning ayrim dugonalari u bilan faxrlanadilar. Ayrimlari esa hasaddan kuyadilar. Yigitlar esa mahliyo…
Said esa ko‘zlari xumor bu go‘zal atrofida raqsga tushyapti. U raqsga tushib hech qachon mana shunday lazzat olmagan. U qiz atrofida chaqqon aylanadi. Kuara esa uning qalbidan otilib chiqayotgan sassiz nolalariga parvo qilmaydi. Parivash qiz mag‘rur «suzishda» davom etadi. Yigit bundan achchiqlangandek yer tepib, teskari qaraydi. Keyin go‘yo dil rozini aytayotganday qo‘llarini qiz tomon uzatadi.
U bir vaqtlar do‘stlaridan eshitgan ajabtovur  ahvolga tushdi. Qalbini qandaydir olov kuydira boshladi. Said qizning bir nozli qarashiga shu tobda jonini berishga ham shay edi. Buning uchun u har qanday  buyuk ishga ham, har qanday qurbonlikka ham tayyor. Uning xayolini faqat bir so‘z qamrab olgan: «Sevaman! Sevaman!» U xuddi tush ko‘rayotganday qiz atrofida aylanaverdi. Hushini tamom yo‘qotay deganda Kuara uning ahvolini bilganday birdan to‘xtab, egilib ta’zim qilgach, bir necha qadam orqaga tisarildi. Bu raqs tugaganiga ishora edi. Said bundan o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Tovonlarini urishtirib, o‘ng qo‘lini papog‘iga qo‘ydi-da, qizga minnatdorligini bildirdi. Keyin Kuara qizlar davrasiga qo‘shilguncha olijanoblik yuzasidan kutib turdi. So‘ngra yoshlarga qaradi-da, kuyga jo‘r bo‘lishgani uchun, papog‘ini olib, ta’zim qildi.
Bu kecha ko‘p qiz va yigit o‘rtaga tushdi. Ammo Said o‘yinga boshqa qo‘shilmadi. U turgan yerida qizlar davrasidagi rangdor ko‘ylakli qizga tikilgani-tikilgan. Qanday jozibali! Boshini mag‘rur tutishini-chi! O’rtoqlari bilan gaplashganda muncha chiroyli kulmasa! Qaldirg‘och qosh ostidagi bu ko‘zlarda qanday sehr bor!
Yavzikoning uyiga qaytishgach, Gabo uni yotoqqa kuzatib, yechinishiga yordam berdi. Keyin xayrli tun tilab chiqib ketdi. Saidning uyqusi kelmadi. Uning ko‘z oldidan qad-qomati kelishgan go‘zal Kuara ketmay qoldi. U qo‘liga baxt qushi qo‘nganiga, bu qushga ega bo‘lganiga amin edi. «U meniki!» deb o‘ylaydi u. U o‘zining Tespot o‘g‘li ekaniga qanday ishonsa, bunga ham shunday ishonadi. Qiz sevgisiga sazovor bo‘lishiga nega ishonmasin? Gabo unga tutingan uka bo‘lgach, payt topib Kuara bilan xoli uchrashtiradi. Agar qizning qarindoshlari, akalari baxtiga to‘g‘anoq bo‘lishsa, qizni olib qochadi, tamom vassalom!
Saidning xayoli ana shu o‘y-rejalar bilan band. Ertalabga yaqin uning ko‘ziga uyqu ilindi. Shunda ham tushida qorasoch, rangdor ko‘ylakli mag‘rur go‘zal unga tinchlik bermadi.
Erta bilan Said Ksarzanga jo‘nadi. Otga minish oldidan Yavziko bilan Gaboni do‘stlari va qarindoshlari hamrohligida uyiga taklif etib, bu azizlarning qutlug‘ qadamlari tufayli g‘arib kulbasi obod bo‘lajagini alohida ta’kidladi.
Yavziko bilan Gabo  bu taklifni minnatdorlik bilan qabul qildilar.
Gabo mehmonni kuzatish maqsadida otiga mindi. Said yo‘l-yo‘lakay taklifini qaytarib, lutflarini darig‘ tutmay, albatta borishlarini tayinladi, intiqlik bilan kutajagini uqdirdi. Gabo borishga va’da berib, yarim soatlik yo‘ldan so‘ng do‘sti bilan xayrlashdi.
Uch kundan so‘ng Yavziko bilan Gabo eng yaqin do‘stlari, qarindoshlari hamrohligida Ksarzanga yo‘l oldilar. Said ularni eshik oldida mamnulik ila kutib oldi. Otlarni qo‘shnining ikki o‘g‘liga berib, mehmonlarni uyga boshladi. Mehmonlar sharafiga berilguvchi ziyofatga Said ovulning hurmatli kishilarini ham taklif etgan edi. Uy xo‘jayini Muhammad  alayhissalom ummatidan bo‘lgani uchun  xontaxtada vino ham, cho‘chqa go‘shti ham ko‘rinmasdi. Mehmonlar uyda tayyorlangan qo‘lbola sharbat ichishdi. Osetinlar mehmon martabasida keksa ingushlar yonidan joy olishgan. Yoshlar esa xizmatda.
Said uy sohibi  sifatida duo o‘qib, Alloh taoloning qudrati va mehribonligi haqida va’z aytdi. Mehmonlar va’z sharofatiga o‘rinlaridan turib, qadahlarini bo‘shatishdi. So‘ng bir qari ingush Yavziko va uning o‘g‘li uchun qadah ko‘tardi. Yavziko bu lutfga javoban o‘rnidan turib, uy xo‘jayini va oila a’zolari sharafiga qadah ko‘tardi. Shundan so‘ng qora cherkascha kamzul kiygan, oppoq soqolli, ozg‘ingina qariya o‘rnidan turdi. Bu Saidning qarindoshlari ichida eng keksasi - Ahmad. U tagaursklik mehmonlar sog‘lig‘i uchun, Yavzikoning qarindoshlaridan biri esa shu yerda o‘tirgan ksarzanliklar sog‘lig‘i uchun qadah ko‘tardi.
Qadah shu tarzda ketma-ket bo‘shayverdi. Har safar hamma turib, tantanavor so‘zlarni eshitib, qadah bo‘shatishadi. Gabo yosh bo‘lgani uchun so‘z aytmadi.
Nihoyat, yana Xatshashning o‘g‘li Ahmad o‘rnidan turdi.
- Insonga quvonch beruvchi har bir narsa Allohning marhamatidir. Xudoga ming qatla shukurkim, Odam Ato farzandlariga yashash va dehqonchilik uchun yer, erka sevimli farzandlariga esa Qofqazni berdi. Tog‘lar bag‘riga qimmatbaho toshlar bilan oltinni yashirib yotibdi, o‘rmonlarimiz qushlarga, kiyiklarga qo‘tosu qoplonlarga boy, suvlarimiz baliqlarga to‘la, adirlarimiz yaxshi ishlov bergan odamdan hosilini ayamaydi. Tog‘larimiz qancha boylikka ega bo‘lmasin, bir xazina qadrli va bebahodir. Bu xazinani ota-bobolarimiz - joylari jannatda bo‘lsin - bizga qalbda avaylab-asrash va bolalarimizning qon-qoniga singdirishni meros qilib qoldirishgan. Otalarimizdan qolgan yaxshi an’ana bor: odamlar qasam ichib aka-uka tutinishadi. Mana shu tog‘lar qad ko‘targandan buyon nomus va sodiqlikni qadrlagan odamlar Alloh taolo marhamati bilan aka-uka tutinib, boshiga kulfat tushsa yoinki biror nimadan zoriqsa bir-biriga yordam beradilar. Ular qasam qadahi ichishgan. Har bir inson o‘zidan ko‘ra ko‘proq ishonsa bo‘ladigan aka yoki uka qidirgan. Agar ana shunday odam topishsa avvalambor maslahat va kafolatnoma so‘rab, oila kattalariga murojaat qilishgan. Bugun kechqurun ham shunday bo‘ldi. Tespotning o‘g‘li Said mendan Gabo Yavziko o‘g‘lining u bilan birga qasam qadahini ichishga roziligini so‘rashni iltimos qildi. Gaboning chaqqonligi va botirligi Saidga yoqib qolibdi. U Gaboning qalbida qancha mardlik va shijoat bo‘lsa, shuncha nomus va sodiqlik borligiga amin. Orqavarotdan eshitgan gaplarimizga qaraganda, Said Gaboni tanlab to‘g‘ri ish qilgan. Gabo,  Saidga tutingan uka bo‘lishingni so‘raymiz.
Hammaning nigohi Gaboga qaratildi. Gabo bu taklifni kutmagan edi. Shuning uchun noqulay ahvolda qoldi. Uni bu ahvoldan otasi qutqardi. Yavziko turib, o‘g‘lining uyalinqiragani uchun o‘tirganlardan uzr so‘rab, Saidday bir odamning farzandiga tutingan aka bo‘lishi bilan g‘ururlanishini bildirdi. U o‘g‘lining bu taklifni jon-jon deb qabul qilishini istardi. Ammo qasam – muhim, ahamiyatli ish. U ikki odamni butun umrga birlashtiradi. Shu sababli o‘ylab bir xulosaga kelishi uchun o‘g‘liga to ertalabgacha muxlat berishlarini so‘radi.
Ziyofat shu zaylda tugadi. Ovul asta oqshom og‘ushida qoldi.
Chiroqlar yoqildi. Yoshlar raqsni boshlab yuborishdi... Ikki yosh kuy chalyapti. Said o‘zini o‘yin-kulgudan tortgan. Uy xo‘jayini ekanini bahona qilib hech bir qiz bilan raqsga tushishni istamaydi. Lekin Gabo tortinmay o‘rtaga tushdi. Holbuki, uning xayoli ham Tagaurskda. U hali ham bir narsani o‘ylaydi: Saidga tutingan uka bo‘lsamikin? Saidning botir yigitlarga xos o‘zini tuta bilishi unga yoqib qolgan. Ammo qasam ichish - bu katta gap! Shundayku-ya, biroq agar tutingan aka qidirgan taqdirda Saiddan yaxshiroq odamni topa olarmikin? Ha, ha, u qasam ichishga rozi bo‘ladi!
Ertasiga peshinda Ahmad qarindoshlarini boshlab keldi. Yana kechagi o‘rinlarga o‘tirishdi. Said fotiha o‘qidi. Keyin Ahmad turib, Gabodan Said bilan aka-uka tutinishga roziligini so‘radi.


Hamma Gaboning javobini kutardi. U turdi:
- Avvalo muhtaram otaxonlar, bizni deb shu yerga kelganinglar uchun rahmat. Saidga ham rahmat. Saidning meni ukalikka so‘raganidan faxrlanaman. Men u bilan qasam qadahini bo‘lishib ichishga tayyorman.  Saidning tutingan ukasi bilan faxrlanadigan darajada yashashimga, qasamga sodiq bo‘lishimga Xudoning o‘zi yordam bergay. Nomusni jonimdan yuqori qo‘yishimda, to  so‘nggi nafasimgacha ukalik burchimga sodiq qolishimda Yaratganning O’zi  kuch va iroda berib, marhamatini ayamagay!
- Omin! - hamma bir ovozda uni qo‘lladi. – Qasamingga sodiq bo‘lib qolishingga Allohning O’zi ko‘mak bergay!
Endi Said Tespot o‘g‘li o‘rnidan turdi.
- Gabo, menga uka bo‘lishga rozilik berganing uchun minnatdorman. Bugun ichajak qasamimga sodiq bo‘lishimga Allohning o‘zi najot bergay. Bizning taqdirimiz endi birlashdi: sening g‘aming  mening qayg‘um, sening quvonching- mening shodligim, mening uyim-sening uying, mening aka-ukalarim – sening og‘a-inilaring!
- Omin! – hamma bir ovozdan duo qilib,  uning qasam so‘zlarini quvvatladi. – Allohning O’zi qasamingga sodiq bo‘lib qolishingga ko‘mak bergay!
Ahmad Xatshash o‘g‘li turib tog‘ sharbati to‘ldirilgan qadahni Saidga uzatdi. Said qadahga oltin tanga tashladi. So‘ng Ahmad duo o‘qigach,  ikki odamning to o‘la-o‘lguncha bir-biriga sodiq bo‘lishlariga najot berishini Allohdan so‘rab, qadahni Gaboga uzatdi. Gabo qisqagina duo o‘qib, u ham umrining oxirigacha qasamga sodiq qolishida Xudodan najot so‘radi. Duodan so‘ng ichimlikdan bir qultum yutib, Saidga uzatdi. Said o‘ng qo‘lida qadahni ushlab, to  qabrga kirgunicha Yavzikoning o‘g‘liga sodiq bo‘lishida Yaratgandan najot tiladi.
- Agar mendan   zaiflik ustunlik qilib sotqinlik haqida hatto o‘ylaguday bo‘lsam, menga quvvat ber, bugun dargohingda qabul qilayotgan qasamni buzmaslikka najot ber!
Said qadahdan bir xo‘plab yana Gaboga berdi. Gabo oxirigacha ichgach, oltin tangani olib, yashirib qo‘ydi. U bu tangaga qo‘y sotib olib, keyingi safar Said qarindoshlari bilan uyiga borganida so‘yishi kerak edi.
Said bilan Gabo shu zaylda tutingan aka-uka bo‘lishdi.
Kechqurun Said Gaboni adirda sayr qilishga taklif etdi. U qari nok daraxti oldiga borib, uning poyida aziz-avliyolarga sig‘inib, Kuarani xotinlikka so‘ramoqchi edi. U qalbida Kuara yoqib qo‘ygan sevgi olovida qovurilayotganini Gaboga aytib bermoqchi edi. Gabo qanday qilib bo‘lsa ham uni Kuara bilan yaqinlashtirishi kerak.
Ular keng ovul ko‘chasidan jimgina o‘tib borishdi. Atrof kimsasiz bo‘lsa ham, Said bu yerda yurak rozini aytishdan iymandi. Adirga chiqqach aytarman, deb o‘yladi. Ovuldan chiqishayotganda Gabo so‘z boshladi:
- Said, sen endi mening tutingan akamsan. Sendan yashiradigan sirim yo‘q. Hech kimga ishonmagan so‘zlarimni birinchi bo‘lib senga aytaman. Said, men uyimning bekasi bo‘la oladigan qizni topdim.
«Men ham», deb o‘yladi Said. Uning ko‘z oldiga rangdor ko‘ylakli mag‘rur go‘zal keldi. Uning sevgi sharobidan mast bo‘lgan qalbi qizga intildi.
- Men uni ko‘pdan beri sevaman, - deb davom qildi Gabo, - shu qizni deb ba’zan kechalari o‘ljaning payiga tushaman. Men uning malikalardan a’loroq yashashi uchun sharoit yaratib berishim kerak.
«Kuara ham menikida ana shunday shohona sharoitda yashaydi», o‘yladi Said.
- Men xazina to‘plab, ko‘mib qo‘yganman.
- Qayerda? – dedi Said. U nimani so‘raganini o‘zi ham bilmasdi. Xayolini qorasoch go‘zal o‘g‘irlagan edi.
- Bilib qo‘yganing yaxshi. Xumcha oltin - kumush, qimmatbaho toshlarga to‘la. Agar men ularni qazib olishga ulgurmay o‘lsam, sen uni topib, ota-onam, xotinimga g‘amxo‘rlik qilasan.
Gabo xazina berkitilgan joy qayerdaligini bildirdi.
- Sen aytganingday qilaman, - dedi Said, keyin qo‘shib qo‘ydi, - Alloh senga tani-sog‘liq berib, umringni uzoq qilgay.
Ular ovul ahli muqaddas hisoblovchi daraxtga yetib kelishdi. Yuz yoshli bu bahaybat daraxtning shoxlari tarvaqaylab o‘sib ketgan edi. Rivoyatlarga ko‘ra, uning shoxlari orasida aziz-avliyolar ruhi yasharmish. Ular hatto bedavo kasalning urug‘ini quritishga ham qodir ekanlar. Daraxtga duosiz yaqinlashgan odamning holiga voy. Daraxt surxini kesib olib ketmoqchi bo‘lgan odamning qolgan umri g‘am-anduhda o‘tadi. Kimda-kim payg‘ambar alayhissalom nomini duoga qo‘shib o‘qigach, daraxt soyasida o‘tirib nokdan yesa, unga hech qanday balo kor qila olmaydigan bo‘ladi. Daraxtga yuzlab jonivorlarning shoxlari  ilib tashlangan. Bu ovchilarning ishi. Ular ertalab omad tilab, aziz-avliyolarga yolvoradilar, kechqurun esa ovning barorini bergani uchun shukronalik belgisi sifatida shoxlarni ilib ketadilar. Kasaldan yoki biror tashvishdan qutilgan odam esa Yaratganning o‘ziga shukr qilib, latta-luttalar bog‘lab  ketadi.
Shu yerda to‘rtburchak derazasi janubga qaragan, toshdan ishlangan mo‘‘jaz maqbara  ham bor. Avvallari mayitlarni shu yerga ko‘mishardi.
Gabo maqbaraga yaqin kelib, ichiga qaradi.
- Qo‘rqinchli joy, - shivirladi Said.
Bu yerga juda ko‘p murdalar qo‘yilgan. Devor tomonlarda tobutlarning ayrimlari chirib, nuragan: odam suyaklari ko‘rinib turibdi.
“Qochoqning berkinishiga mos joy ekan”  shivirladi o‘ziga o‘zi Gabo.
Said ilohiy daraxt yoniga yaqinlashdi. Bo‘rkini yerga yozib, tiz cho‘kdi-da,  peshonasini tez-tez sajdaga qo‘yib,  «Meni Kuaraga yetishtir»,  deb  Allohga yolbordi.
- Go‘zalimga yetishtir, tutingan ukam menga yordam bersin. Allohim, meni O’zing himoya qil!
Said turdi. U  najotga ishonar edi. Bu onda u xotirjam va baxtli edi. Hatto xayolan uyda xo‘jalik ishlarini boshqarayotgan Kuarani ko‘rdi.
Said iltijosini nihoyasiga yetkazdi-da, kutib turgan do‘sti yoniga keldi. U ayni damda o‘zini nihoyatda saodatli his etdi, nazarida quyosh ham odatdagidan boshqacharoq edi. U Gabo bilan qasam qadahini ichdi. Endi uning botir, nomusni hamma narsadan yuqori qo‘yuvchi tutingan ukasi bor. U qo‘shnisi Kuara bilan uchrashtiradi.
“Baxtimga yetishishimga nima qarshilik qiladi?», xayolan so‘raydi u o‘zidan.
- Said sendan iltimosim bor edi, - uning xayolini Gabo bo‘ldi, - ikki-uch kundan so‘ng vaqt topib biznikiga bor. Tutingan akam sifatida otam bilan birga qo‘shnimiz Tsellagonikiga chiqib, Kuara bilan meni fotiha qilasizlar.
Said lol qoldi. Kimdir uning boshiga gurzi bilan urganday garang bo‘ldi. Ko‘z oldi qorong‘ulashdi. Dastlab u Gaboning so‘zlarini  fahmlay olmadi. Zo‘r qiyinchiliklar bilan o‘zini ushlab, bosiqlik bilan so‘radi.
- Kuara rozi bo‘larmikin?
- Ha! – Gabo baxtiyor jilmayib, Saidga uzukni ko‘rsatdi, - Buni Kuara taqdim qildi. Sovchi yuborishimga ham rozilik bergan.
Saidning qalbi qop-qora tun og‘ushida qoldi. Uning hayotini bezab turgan narsani Gabo bir so‘zi bilan tortib oldi. Qalbini chil-chil parchalab yubordi. Kuaraga bo‘lgan sevgisi tinchlik bermayotgan qalbda uning go‘zalini tortib olayotgan odamga – tutingan ukasi Gaboga nisbatan nafrat uyg‘ondi. Yo‘q, u birinchi kunni bo‘rkini tortiq qilganday, Kuarani ham shunday berib qo‘ya qolmaydi!
Shamol sahrodagi qumlarni to‘zitganisimon, Saidning xayoli olamida har xil alamli fikrlar suzib yurardi.
«Xanjar bilan bir martagina ursa bo‘ldi. Uning go‘zal Kuarasini tortib oluvchi odam yo‘q bo‘ladi» deydi unga shayton vasvasa qilib.
Bu fikridan Said qo‘rqib ketdi. Rangi oqardi.
«Bugun ichgan qasamimga sodiqligim shumi? Yo‘q, yo‘q, Gabo hech qachon Kuarani sevishimdan xabar topmaydi!»
U sekingina dedi:
- Yaxshi, men fotiha to‘yingga boraman.
Said uyga ko‘ngli cho‘kkan bir ahvolda qaytardi. Uning qalbi endi alamdan, g‘amdan yonardi. Shunday bo‘lsa ham o‘zini tutib Gaboga sir boy bermadi, holi qolishni istadi.
Uyga kelishganda Tagaurslik mehmonlar qaytishga hozirlik ko‘rib qo‘yishgandi. Said ularni kuzatib qo‘ymadi. Odatga xilof bo‘lsa-da, shu topda kuzatishga qurbi yetmasdi. Mayli, odamgarchiligi yo‘q ekan,  deyishsa deyisha qolsin.
- Gabo, meni kechir, seni kuzatib qo‘ya olmayman.
Mehmonlar ketishgach, Said xonasiga kirib ichdan qulflab oldi. Qayg‘u alamini ichiga yutib, o‘z g‘amiga o‘zi qovurilib yotdi.
Uning qalbidagi muhabbatni hech kutilmaganda ukasi tortib oldi. U esa… ukasiga xanjar ko‘tarishni o‘yladi-ya!
Parchalangan muhabbat qiynog‘iga vijdon azobi ham qo‘shildi. Birinchi kuniyoq qasamni buzishiga oz qoldi. Yo‘q, buni hech qachon kechirolmaydi! Said bu gunohi uchun o‘zini o‘zi jazolashi kerak!
Tagaurskka, fotiha to‘yiga boradi. Keyin Kuaraning malikalarday shohona turmush qurishi uchun Gaboga ko‘maklashadi. Gabo o‘zi bilmagan holda akasining qalbini jarohatlab qo‘ydi. Said bundan ko‘p azob cheksada chidaydi.
Bir necha kundan so‘ng Tagaurskka, fotiha to‘yiga bordi. Kuara bilan Gaboni fotiha qilib qaytdi. Shundan so‘ng Said indamas bo‘lib oldi. Kech kirishi bilan yuragi orziqadi. Tunlari uyqusiz. Ko‘z oldida uzun qora sochli go‘zal gavdalanadi xalos. Uni hayajon qamrab oldi. Uning qarg‘ish tekkan, ko‘mib quygan muhabbati yana bosh ko‘tarayotgan edi. Said titrab ketdi. Ko‘z oldida Kuara gavdalanishi bilan ukasiga nisbatan nomussizlik qilayotgani uchun vijdoni uni ayblay boshlardi. Mana shu uyqusiz tunlarda o‘ziga-o‘zi savol berardi:
«Aziz avliyolar nima uchun arz-dodimga quloq solishmadi? Nega men azob chekyapman? Axir qariyalar ummatning  har bir ohu-faryodini payg‘ambar inobatga oladi, deb o‘rgatishar edi-ku. Nahotki…» Uning xayoli shu yerda uzildi. Boshqa narsalarni o‘ylab gunohga botishdan qo‘rqdi.
U onasining «senga nima bo‘ldi?» degan savolidan qochishga urinaverdi. Ammo kampir o‘g‘lining qalbini qandaydir g‘am timdalayotganini sezdi.
- Sen o‘zingni bir nima bilan ovutsang bo‘lardi… balki otda sayr qilarsan…
Said itoatkorlik bilan rozi bo‘ldi.
- Yaxshi, bir aylanib kelaman.
Uning dardli ovozi yashirin g‘amini oshkor qilib qo‘ydi.
Oqshomda otini egarlab, adirga chiqib ketdi. Quyosh ufqni go‘yo yondirib, qizartirib turibdi. Uning xayoliga birdan xalqining ko‘hna qo‘shig‘i keldi. U beixtiyor qo‘shiq ayta boshladi. Uning nazarida qalbidagi butun g‘am adir bo‘ylab taralayotgan mana shu mayin qo‘shiq bilan chiqib ketganday bo‘ldi:
Shamsi anvar mag‘ribda,
egilib yerga:
O’zi bilan baxtimni
Olar qabrga.
Og‘ar gulgun osmon ham
Ko‘rsatib sehr,
Saqlagandim sen uchun
Qanchalar mehr.
Tongla quyosh qaytadan
Nurin sochadir,
Ammo mendan istiqbol
Hanuz qochadir…
Butun borliq qorong‘u
Bamisoli qabr…
Ham yo‘qotish, ham hasrat
Yo‘qlik va jabr!
Qo‘shiq tugagach, u otini yeldirdi.
Otning tez yugurishimi, yoinki kechning salqin havosi sabab bo‘ldimi, yigitning qalbidagi g‘ubor tarqadi. Ko‘zlaridan yana jo‘shqinlik uchqunlari sachradi.
Sayr paytida u Aleksandrovka stanitsasidagi kazaklarda  juda ko‘p xo‘kiz  borligini bildi-yu, Gabo bilan yaqin kunlar ichi bir baxtini sinab ko‘rishga ahd qildi.
Ertasigayoq Said Gaboning uyiga keldi. Muhammad otni otxonaga yetakladi. Gabo do‘stini uyiga taklif qildi. U Saidning nima uchun kelganini sezdi. Bir ishni boshlamoqchi bo‘lganini payqadi. Ammo hech narsa so‘ramay, mehmonga taom tayyorlashni buyurdi. Taom tayyor bo‘lguncha boqqa chiqishdi. Bu yer tinch, ish to‘g‘risida bemalol gaplashib olish mumkin.
- Kunning ajoyibligini qara! – dedi Said Gaboga qora ko‘zlarini tikib. – Kechalari bundan ham go‘zal – qop-qorong‘u!
- Ha, kechalar qorong‘u, ammo o‘z yo‘lini biladigan odam uchun yop-yorug‘, - dedi Gabo.
Ular jim qolishdi. Sukutni Said buzdi:
- Bu yil Aleksandrovka stanitsasidagi kazaklarning xo‘kizi juda ko‘p.
- Shunday degin…- Gabo akasining maqsadini darov tushundi:- qaysi kunni mo‘ljallayapsan?
- Bugun tunda chiqilsa ham bo‘ladi.
- Yaxshi. Bir o‘zingmisan?
- Ha.
Gabo o‘ylanib qoldi.
- Muhammadni ham olsakmikan? Yosh bo‘lsa ham chaqqon, og‘zi ham mahkam.
- Yaxshi, o‘zing bilan birga ol. Xo‘kizlar Terek daryosining bu qirg‘og‘ida adirda o‘tlab yuribdi. Men ularni kecha kechasi ko‘rdim.
- Podachilar ko‘pmi? – qiziqsindi Gabo.
- To‘rt kishi.
- Ularni tanimaysanmi? Qanaqa odamlar ekan?
- Gulxanning yorug‘ida ko‘zim sal-pal ilg‘adi. Men ularni avval ot bozorida ko‘rgan edim. Cho‘ponlarning biri qari mayparast Andryusha, yana bittasi xotinlarning ishqivozi Vanya, Trofim degan kaltafaxm tentak bilan yana bir bola ham bor.
- Reja tuzib qo‘ygandirsan? – so‘radi Gabo.
- Yo‘q, men o‘ljaning qaysi tomonga qochishiga qarab ish ko‘raman.
Gaboning xayoliga ayyorona bir reja keldi.
- Said, agar ruxsat bersang, menda bir reja bor, shunga qarab ish ko‘rsak. Albatta, men yoshman, sening oldingga tushib, senga aql o‘rgatishga haqqim yo‘q. Biroq fikrimcha, bu ishni osongina do‘ndirish mumkin.
- Aytaver, biz aka-ukamiz-ku, aybga o‘rin yo‘q.
- Muhammad qizlarning kiyimini kiyib oladi, - davom etdi Gabo, -  bu ishni menga qo‘yib beraver, keyin o‘zing qoyil qolasan.
- Yaxshi. O’sha yerda sharoitga qarab bir narsa qilarmiz.
- Soat to‘qqizda yo‘lga chiqamiz,- Gabo shunday deb rejasini tushintira ketdi, - Aleksandrovkagacha yigirma besh chaqirim.  Endi borib yot. Bu kecha uxlashga vaqt bo‘lmaydi.  Muhammad bilan gaplashib olib, men ham yotaman.
Said dam olish uchun uyga kirdi. Gabo esa  endigina mehmonning otiga yem berib bo‘lgan ukasining yoniga keldi. Muhammad odatdagiday oyoqyalang, dag‘al bo‘zdan tikilgan ishtoni charm kamar bilan beliga mahkam bog‘langan. Ko‘ylagi ham o‘sha matodan. Tugmalari qadalmagan. Quyoshda qoraygan ko‘kragi ko‘rinib turibdi.
- Muhammad, bugun kechqurun seni o‘zim bilan olib ketaman, - dedi Gabo.
Muhammadning ko‘zlarida, beg‘ubor yuzlarida quvonch porladi. U akasining ba’zi-ba’zida kechalari chiqib ketishini bilardi. Ammo xaligacha bir marta ham akasi uni o‘zi bilan olib bormagan edi.
- Hozir otlarni o‘tloqqa haydab, ko‘z-quloq bo‘lib tur. Keyin kazak qizlarining ro‘moli bilan ko‘ylagini topib, tugunchaga o‘rab qo‘y. O’zing bilan olvolasan. Ammo bilib qo‘y: bu ishni hech kim sezmasligi kerak. Qorong‘u tushishi bilan egarni olib boramiz. O’zing uchun kulrang otni o‘tloqqa olib chiq.
- Xo‘p bo‘ladi.
Muhammad buyurilgan ishlarni akasining ko‘ngli to‘ladigan darajada qoyilmaqom qilib bajarish ishtiyoqida yonadi. To‘g‘ri, u qizlarning ko‘ylagi nima uchun kerak bo‘lishini tushunmay turibdi. Shunday bo‘lsa ham sababini so‘ramadi. Akasining o‘ylamay turib bir ish boshlamasligini u yaxshi biladi.
Gabo biroz bo‘lsa ham dam olay, deb yotdi. Bu paytda Muhammad bog‘ oralab o‘tib, tuynukdan qo‘shnining hovlisiga chiqdi. Pastakkina somonxonada ikki kazak ayoli uxlab yotardi. (Qo‘shnisi ularni yig‘im-terimga yordam bersin deb yollagan). U saroyga o‘g‘rincha kirib, yubka bilan katta ro‘molni oldi-yu, sharpa chiqarmay iziga qaytdi.
Bu o‘g‘irlik bir daqiqaning ichida sodir bo‘ldi. Devordagi tuynuk bilan otasining bog‘iga o‘tib olgach, yengil tortdi. Tugunchani oshxonaga, xashak orasiga berkitib qo‘ygach, uchta otni o‘tloqqa haydadi. Otlarning oyoqlariga qofqazcha temir tushov urgach, kiyinib kelish uchun uyiga oshiqdi. Dag‘al bo‘zdan tikilgan ishtonini yechib, keng, ko‘m-ko‘k, pastki qismi boldiriga tarang tortilgan shim, yumshoq teridan tikilgan, qo‘nji tizzasigacha chiquvchi, poshnasiz, tagi yumshoq etik, yoqasiga tillarang chilvir tortilgan sariq peshmat kamzul, uning ustidan ko‘kragiga kumush o‘qdan tizilgan cherkas qora kamzuli kiyib, beliga kumush xanjarni osdi. Boshiga papoq kiydi. Akasining yonida hamroh bo‘lish bu o‘smir nazdida quvonchli bayram hisoblangani uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rishdan erinmadi.
Yer yuziga oqshom chodir tashlaganda Muhammad Gabo bilan Saidga taom keltirdi. Uyda  Yavziko bo‘lmagani uchun Said bilan Gabo birga ovqatlandi. Muhammad xizmatda bo‘ldi. Keyin o‘zi ovqatlandi.
Gabo uyidagilarga Aleksandrovsk kazaklarining xo‘kizlarini Ksarzanga haydab  kelish uchun Said bilan ketayotganini, o‘ljaning bir qismini bekitiqcha so‘yib, bir qismini toqqa yashirajagini aytib, shoshilayotgani sababli otasini kutolmasligini bildirdi.
Nihoyat qorong‘u tushdi.
Gabo ikkita egarni yelkasiga tashlab, ovulning qop-qorong‘u ko‘chasiga chiqdi. Muhammad o‘zining egari bilan tushov va arqonlarni oldi. Saidning yoshi ulug‘, shu bilan birga mehmon bo‘lgani uchun hech narsa ko‘tarmadi.  Uchovlarida ham miltiq, to‘pponcha bor edi. Ovuldan bilintirmay chiqib olishdi. Otlarni qiynalmay topishdi. Ular Muhammad tashlab ketgan yerda turishardi. Jonivorlarning oyog‘idan tushovni yechib, egarlab, uchovlari ham bir vaqtda sakrab minishdi. Said o‘rtada, Muhammad kichik bo‘lgani uchun - o‘ngda, Gabo chap tomonda. Havo toza. Atrof zim-ziyo qorong‘u bo‘lganidan otlar yo‘lni topib yurish uchunmi, boshlarini egib olishgan edi.
- Muhammad, - dedi Gabo birdan ukasiga qarab, - sen qizlarning kiyimini kiyib olginda Vanyaning boshini aylantirib, bir amallab davradan ajrat.
- Sen uni o‘ldirasanmi? – deb so‘radi Muhammad.
- Bu uning o‘ziga bog‘liq. - javob berdi Gabo. Qiliq qilmasa, tirik qoladi.
Oraga yana sukunat cho‘kdi. Tun... Faqat ot tuyoqlarining yumshoq yerga tekkan zaif tovushi eshitiladi. Kutilmaganda qo‘zg‘algan kuchli shamol bulutlarni parcha-parcha qilib yubordi. Osmonda yulduzlar ko‘rindi. Ularning kuchsiz titroq nurlari zamin sathini yoritishga ojiz. Said otini yeldirdi. Aka-ukalar unga ergashishdi. Ular baland-past adir bo‘ylab anchagina yo‘l bosishdi. Said yo‘l ko‘rsatib bordi. Ikki soatlardan so‘ng Said ehtiyotkorlik bilan sekinlashdi. Kazaklarning qishlog‘i yaqin qolgan edi. Yarim soatlarcha shu zaylda yurishgach, u to‘xtadi.
Uzoqda olov ko‘rindi.
- Bu podachilarning gulxani, - dedi Said.
U yashirinish uchun pastqamgina joy tanlab, otlarga qarashni buyurdi. Muhammad ustidagi kiyimlarni yechib, qizlarning libosini kiya boshladi. U cherkascha kamzuli bilan qurolidan bir daqiqa ham ajralgisi kelmas edi. Shu bois ishtonining ustidan yubkani kiyib, kichik ro‘mol bilan jag‘ini tang‘ib, katta ro‘molning uchlarini yelkasiga tashladi.
- Muhammad, - dedi Gabo, - Gulxanga yaqinlashginda, Vanyaga ko‘rinish ber. Agar seni ushlamoqchi bo‘lsa, qoch. Noz-karashma qilib, uni chalg‘itaver. Ammo gaplashma. Uni  shu tomonga olib kelaverasan. Biz seni mana shu tepalik oldida kutamiz.
Muhammad qorong‘ulikda gulxanni ko‘zlab yurib ketdi. Gulxanga yaqinlashgach,  uchrashuvga ketayotgan nozaninday yurish qildi. Yigitcha gulxan atrofiga kelib qarasaki, podachilardan biri uxlab yotibdi, uchtasi esa gaplashib o‘tiribdi. Atrofda elliktacha xo‘kiz  o‘tlab yuribdi. Ba’zilari yotib olgan.
Muhammad gulxanga yaqin kelishi bilan ikki it vovullab, unga tashlandi. Lekin podachilar baqirishib, itlarni chaqirib olishdi.
- Senga nima kerak? – deb so‘radi Vanya.
Lekin «qiz» ro‘molining uchini aylantirganicha javob bermadi. Qora mo‘ylovli, chiroyli kazak - Vanya o‘rnidan turib u tomonga yurdi. O’n olti yoshdardagi Mitya esa unga ergashdi. Lekin Vanya unga qarab baqirdi.
- Hoy itvachcha, mening orqamda nima bor? Qarab tur, senga ko‘rsatib qo‘yaman.
U shunday deb tahdid qilganicha mushtini ko‘rsatib qo‘ydi. Mitya qo‘rqib gulxan yoniga qaytdi. Trofim yana mudray boshlagan edi.
- Vanyaning o‘ynashlaridan biri kelibdi, - dedi Mitya Trofimga. - Oh, oh, ammo xotinlar bobida juda omadi kelishganda...
- Ha-ha, xotinlar... - kuldi Trofim keyin labini chilpillatib qo‘ydi-da, olovga yaqin o‘tirdi.
Bu paytda Vanya mo‘ylovini burab notanish go‘zalga yaqinlashib so‘radi:
- Yaxshi qiz, kimni qidiryapsan?
“Qiz” ishva bilan kulib yuzini yashirdi.
Vanya yaqinroq keldi, “qiz” esa orqaga chekinaverdi.
- Qo‘rqma, qizlar meni sevishadi, men ularning ko‘nglini olabilaman.
U “qiz”ni ko‘zdan kechirdi. “Qiz” juda go‘zal, qomati kelishgan. Uni qayerda ko‘rgan ekan? Hech eslay olmadi.
- Kimsan, yaxshi qiz?
“Qiz” xiringlab kulishini qo‘ymaydi.
- Axir gapirsang-chi, nega kelding?  Kimni qidiryapsan?
Shunda «qiz» uyatchanlik bilan shivirladi:
- Vanya…
Bu so‘zni podachi xotirjam eshita olmadi. Uning qoni qaynab, «qiz»ga tashlandi. Mahkam quchoqlab, labini uning labiga bosdi. «Qiz»ning go‘shtdor labi iliqqina edi. Ammo o‘ng qo‘li bilan ushlayotgan ko‘kragi hali qattiq edi.
- Hali juda yoshga o‘xshaydi, birovning qo‘liga tushmagan bo‘lsa ham kerak,- deb o‘yladi Vanya.
Lekin tungi mehmon shasht bilan uning bag‘ridan yulqinib chiqib, yugurib ketdi. Vanya ham uning orqasidan qichqirganicha yugurdi.
- Nega qochyapsan? Axir Vanyaning oldiga keldingmi? Birpas o‘tiraylik. Men qanday o‘pa olishimni ko‘rsataman.
Said bilan Gabo  uning ovozini eshitib, o‘sha tomonga emaklashdi.
- Said, u qichqirishga ulgurmasin. Sen tomog‘idan ol. Men qo‘llarini ushlayman.
Muhammad tepalikka kelib to‘xtadi. Chuqur-chuqur nafas oldi. Akasi bilan Caidning shu yaqin orada ekanini bilardi. Vanya Muhammadga yetib oldi. Biroq «nozanin»ni quchoqlab, lablarini qidirib topmasdan Said uning tomog‘iga shunday yopishdiki, bechora oshiq g‘ing deyishga ham ulgurmay qoldi. Gabo  osmondan tushganday paydo bo‘lib, baquvvat qo‘llari bilan uning qo‘lini siqdi. Muhammad esa engashib, Vanyani chalib yiqitdi. Buning hammasi ko‘z ochib yumgunicha sodir bo‘ldi. Hech kim bir og‘iz so‘z aytmadi. Vanya yerda yotar, Caidning qo‘llari hali tomog‘ini qo‘yib yubormagan edi. Vanya xirillay boshladi.
- Tezroq bo‘l, - dedi osetin tilida Gabo ukasiga. – Oyog‘ini mahkam bog‘la. Mana shunday… Endi qo‘lini… yo‘q, bunday emas, orqasiga qilib… Qani uni ag‘dar-chi, tomog‘ini qo‘yib yuborma, - ogohlantirdi Saidni, - yana bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yma… mana shunday… Endi bechora oshiqni ko‘taramiz. Mana bunday o‘tirsin.
- Xo‘sh Vanya, - davom etdi Gabo. – Endi mening aytganlarimni so‘zsiz bajarishing kerak.
U xanjarini chiqarib, uchini Vanyaning tomog‘iga tiradi. Tomog‘iga o‘tkir tig‘ tegib Vanya cho‘chib tushdi.
- Tomog‘ini qo‘yib yubor, - dedi Gabo Saidga, - Ko‘rdingmi Vanya, kim shiltalik qilib, qizlarning orqasidan yugursa, shu ahvolga tushadi! Lekin sen bizdan qo‘rqma. Biz kallakesar emasmiz, agar  o‘zlari ajal chaqirishmasa, biz bekordan bekorga odam o‘ldirmaymiz.
- Agar aytganlarimizni qilsang, tirik qolasan, - deb gap qo‘shdi Said.
- Nima qilishim kerak? – deb so‘radi Vanya, jonholatda.
- Avval mening savollarimga javob ber! Agar aldasang, holingga maymunlar yig‘laydi. Bugun tunda nechta podachi qolgansanlar?
- To‘rtta.
- Boshqalarning ismi nima?
- Andryusha, Trofim, Mitya.
- Andryushang mastmi?
- Yo‘q, uxlayapti. Bugun ichmadi.
- Senga ergashgan bola kim?
- Mityami? Hali go‘dak-ku?
- Yonidagi-chi?
- Unisi tentak Trofim-ku! Xavotirlanmang,  sizga qarshilik ko‘rsatmaydi. U gapga kiradigan odam. Nima buyurilsa itoat bilan bajaradi. Shuning uchun doim uni o‘zimiz bilan olib yuramiz.
- Yaxshi. Endi… Mityani chaqir.
- Mitya! – qichqirdi Vanya.
- Qattiqroq chaqir.
- Mitya!
- Nima deysan? – gulxan tomondan erinibgina javob berdi bola.
- «Bu yoqqa kel» deb qichqir, - deb buyurdi Gabo, keskin ohangda.
- Bu yoqqa kel! – deb baqirdi Vanya itoatkorlik bilan.
- Nimaga? – bola erinib, o‘rnidan qo‘zg‘olgisi kelmadi.
- Bu yoqqa kel itvachcha! – deb so‘kindi Vanya.
G’ashlanib o‘rnidan qo‘zg‘olgan Mityaning yaqinlashishi  ko‘rinib turardi. Gulxan yorug‘ida uning qop-qora gavdasi ko‘zga tashlanardi. Gabo  Muhammadning boshidan ro‘molini chaqqonlik bilan olib, Vanyaning og‘ziga tiqdi.
- Xo‘sh, – tantanavor ohangda  dedi Gabo, - bunisining bizga ziyoni tegmaydi. Endi kichkinani ham shunday jimgina joylash kerak.
Bu orada Mitya yaqinlashib qoldi.
- Vanya qayerdasan? – deb qichqirdi u.
Javob bo‘lmadi.
Said bolaning orqasiga o‘tdi. Muhammad old tomondan emaklab yaqinlashdi. Daqiqa o‘tmay Mitya ham Vanyaning ahvoliga tushdi. Uning ham qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, Vanyaning yoniga yotqizishdi.
- To‘xta, to‘xta! – dedi Gabo ukasiga, - Miyamga ajoyib fikr keldi. Yubkangni yechib, Mityaga kiydir. Axir Vanya qizlarning ko‘ylagini kiygan bolani yaxshi ko‘radi-ku!
Vanya bilan Mityani o‘rinlaridan turg‘azdilar-da, bolaga kazak qizining yubkasini kiydirdilar. Ularni qo‘llari orqaga bog‘langan, yuzma-yuz, ko‘kragi ko‘kragiga tegadigan holda qo‘yib,  katta ro‘mol bilan ikkala boshni tang‘ib, birlashtirib qo‘yishdi.
- Xo‘sh… Endi nimani istasanglar shuni qilaveringlar. Xohlasanglar sayrga chiqinglar, xohlasanglar turgan yerlaringda raqsga tushinglar, xohlasanglar rohatlanib yotaveringlar.
Mitya hiqillay boshladi. Oriyat azobidagi Vanya esa bu xo‘rlikka chiday olmay g‘azab bilan big‘illadi. Bechora o‘smirni o‘zidan nariga uloqtirib yuborish qasdida silkiy ketdi. Bu harakatdan battar gangib, o‘zini yo‘qotgan yigitcha beixtiyor uning oyog‘ini bosib oldi. Buni raqibning hamlasi deb anglagan Vitya o‘sha zahoti Mityaning to‘pig‘iga tepdi. Bir-biriga bog‘langan ikki kazak shu tarzda bir-birini tepib, chala ketdi. Ularning bu harakatlaridan uch tomoshabin miriqib zavqlandi. Nihoyat, talvasa raqsiga tushayotgan Vanya bilan Mitya muvozanatni saqlay olmay yerga qulashdi.
- Agar  kazaklar ertaga bularni shu ahvolda topishsa, ichaklari uzilguncha kulishadi. Qani, endi  boshqalarning oldiga ketdik, - dedi Gabo.
Trofim gulxanga tikilgancha o‘tiribdi. Andryusha esa uxlayapti.  Trofimning qarshisida ikki qurollangan kishi xuddi tun bag‘ridan otilib chiqqanday paydo bo‘ldi.
- Qo‘lingni ko‘tar! – Gabo sekin ammo qat’iy buyruq qildi.
Barcha podachilar kabi Trofimning ham miltig‘i bor edi. Ammo u boshqalar otsa yoki buyursagina miltig‘ini ishga solardi. Shu sababli bu safar miltiqni ishga solishga harakat ham qilmay, itoatkorona qo‘lini ko‘tardi. U notanish odamlarga qarab anqayib qoldi: ular kim, nima kerak?
- Agar baqirsang, ahvoling chatoq bo‘ladi. Axir biz pristavning qo‘riqchisimiz-a! U bizni xo‘kizlarni haydab kelishga yubordi. Pristavning xo‘kiz go‘shtini yaxshi ko‘rishini bilmaysanmi?
Trofim hech narsaga tushunmay so‘radi:
- Rostdanam pristav yubordimi?
- Ha, ertaga ertalab so‘rashsa, xo‘kizlarni pristavning qo‘riqchilari, politsiya haydab ketdi, deb aytasan, - dedi Gabo.
- Tushundingmi? – deb do‘q urdi Said.
- Ha, tushundim, - dedi Trofim dovdirab, - xo‘kizning qo‘riqchilari…
- Xo‘sh, endi qo‘lingni orqaga qil, - buyruq qildi Gabo. Trofim gapga tushunmay ikkilanib qoldi. Shunda Gabo unga yaqin kelib, yelkasiga turtdi:
- Qo‘lingni orqangga qil!
Tentak, bu safar buyruqqa itoat bilan bo‘ysundi. Uni bog‘lashdi. Andryusha esa hamon  bamaylixotir uxlardi.
Gabo bilan Said unga yaqin kelishlari bilan adirda daydib yurgan ikki paxmoq it ularga tashlandi. Saidning qilichi itlarni bir zumda tinchitdi. Biri gulxan oldida jonholatda tipirchilab qoldi, ikkinchisi yaralanish azobidan akillab, tun bag‘rida g‘oyib bo‘ldi.
Andryusha shovqin-surondan uyg‘onib ketdi.
- Nima gap? – deb so‘radi u garangsib.
- Tinchlik, otaxon, hech gap yo‘q, - dedi Gabo uning tumshug‘iga to‘pponcha tirab. Andryusha qo‘rqib, o‘zini orqaga tashladi.
- Pristav podachilar yaxshi ishlayaptimi yo‘qmi, deb bizni tekshirishga yubordi. Seni uxlab qolganing chatoq bo‘libdi.
- Axir…
- Jim bo‘l! – baqirdi bor ovozi bilan Gabo, - yo‘qsa kekirdagingni uzib tashlayman. Said, qo‘lini orqasiga qilib mahkamroq bog‘la, keyin… - Gabo nimanidir qidirib qoldi. Keyin kichkina bochkacha topib unga uzatdi. - Mana buni boshiga kiydirib qo‘y. Past tomonidan ikkita teshikcha ochib qo‘y. Qani arqonni ol-chi! Xo‘-o‘sh… arqonning uchini oyog‘ining orasidan ol, yaxshi, endi bir uchini bochkaga bog‘la… Xo‘-o‘sh… ana endi  xohlasang raqsga  tushishing ham mumkin. Faqat tik tur, yana gulxanga o‘tirib olma.
- Ko‘rdingmi, Andryusha. Bu senga maktab bo‘ladi. Endi vazifangni unutib, gulxan yonida uxlamaysan, - dedi Said.-Muhtaram boshliqlarimiz yuqori vazifalarni egallagan odamlarning tarbiyasi haqida mana shunaqa qayg‘uradilar.
Gabo ertalab bo‘lajak voqealarni o‘ylab, xayolan quvondi. Zap ish bo‘ldimi: ikkitasini bir-biriga bog‘langan holda topishadi. Mana bu ikkitasi xo‘kizlarni politsiya haydab ketdi deb tursa…
Muhammad otlarni olib kelguncha, Said bilan Gabo xo‘kizlarni bir joyga to‘pladilar. Tez orada podani haydab, izlariga qaytishdi. Xo‘kizlar har tomonga tarqab ketavergani uchun sekin yurishdi. Said gugurt yoqib, soatiga qaradi.
- Gabo, yarim tun bo‘lay debdi. Podani Ksarzanga haydab ulgurmasak kerak. Tagaurskka haydasak nima deysan?
- Sen nima desang shu-da, faqat tezlashtirish kerak.
Gabo Said bilan Muhammadni poda bilan tog‘ o‘rmonlariga yuborishga, xo‘kizlarning bir qismini qishloqdagi do‘stlarinikiga yashirishga, birini o‘zi uchun so‘yishga qaror qildi. Tongda Tagaurskka yetib kelishdi. Said bilan Muhammad to‘xtamay, qirqtacha xo‘kizni toqqa haydashdi. Gabo qishloq oqsoqoli Elbisdni uyg‘otdi-da eshik oldida turgan buzoqni hadya sifatida qabul qilishini so‘radi.
- Aleksandrovsk kazaklarining xo‘kizlarini haydab olib ketishibdi.  Ertalab podachilar bu ishni  pristavning qo‘riqchilari qilgan deyishadi, - dedi u kulimsirab. – Agar kimda-kim Tagaurskka kelsa menikiga yuboring. Mayli, tintuv o‘tkazishsin. Bu ish faqat Yavzikoning o‘g‘li Gaboning qo‘lidan keladi, deb ayting.
Oqsoqol nima derdi: uning ko‘ngli to‘q, o‘z ulushini oldi.
Gabo qolgan xo‘kizlarni qo‘shnilarga bir-bir tarqatdi. Qo‘shnilar bunday tonggi sovg‘aning nimani anglatishini so‘zsiz tushunishadi. Gabo semiz xo‘kizni otasi yordamida so‘yib, terini do‘kondorga sotdi. Go‘shtini oshxona tomondagi pichan orasiga yashirdi.
Ertasiga ertalab, xo‘kizlarning haydab ketilgani ma’lum bo‘lgach, stanitsa hayajonda qoldi. Dastlab boshiga bochkacha kiydirilgan Andryushani, keyin  Trofimni topishdi. Ular xo‘kizlarni haydab  ketganlar «biz pristavning qo‘riqchilarimiz» deyishganini aytishdi. Kazaklar Vanya bilan Mityani ko‘rib, o‘zlarini kulgidan to‘xtata olishmadi. Qo‘pol hazil qilishdi. Hatto bu voqeadan so‘ng ko‘p yillar o‘tganidan keyin ham ana shu kecha haqida so‘z ketsa Vanya g‘azabga kelardi.
Vanyaning aytishiga qaraganda, qaroqchi Gabo bo‘lib chiqdi. Bunday masxarabozlik faqat Gaboning qo‘lidan keladi. Uning bunday qilmishlari ovuldan tashqarida ham ma’lum. Uning uslubi shunaqa. Biroq hech kim uni ayblay olmaydi. Doim suvdan quruq chiqadi.
Kazaklar shu zahoti pristav Nikolay Petrovich oldiga yo‘l olishdi. Ular Trofim bilan Andryushaning gaplarini aytishdi. Ayniqsa, pristavning xo‘kiz go‘shtiga ishqivozligi haqida so‘z ketganda uning ko‘zlari g‘azabdan yondi. Kazaklardan biri Vanyaning  tagaursklik osetin Gabodan gumoni borligini aytgach, pristav shu bugunoq tintuv o‘tkazishga qaror qildi.


Peshinda pristav kazaklar bilan Tagaurskka yo‘l oldi. U to‘g‘ri oqsoqolnikiga kelib, kechasi Aleksandrovka kazaklarining xo‘kizlarini haydab ketilganini aytdi. Oqsoqol chuqur uf tortib, yoshlarning bebosh bo‘lib ketishgani, zamon notinchligidan noliy ketdi. Pristav unga sinovchan qarab, «gumoning kimdan?» deb so‘radi.
- Agar qaroqchi bizning ovullik bo‘lsa, bu ish faqat Gabo Yavziko o‘g‘lining qo‘lidan keladi, - dedi oqsoqol ishonch bilan.
- Ha, men ham shunday deb o‘ylagan edim.
Kazaklar bilan oqsoqolning hamrohligida pristav Gabonikiga keldi.
Gabo otasi bilan hovlida turardi. Pristavni ko‘rib u tomon yugurdi-da, yetib borib, ta’zim qildi.
- Gabo! – dedi pristav qat’iy ohangda, - aleksandrovkaliklarning xo‘kizlari qani?
- Aleksandrovkaliklarning xo‘kizlari qayerda deysizmi? - xuddi tushunmaganday so‘radi Gabo, - Menimcha, ular Aleksandrovkada bo‘lsa kerak.
- Ularni o‘g‘irlab ketishibdi! – pristav g‘azabdan o‘zini tutib turolmadi. – Ularni sen – shayton o‘g‘irlagansan!
- Janob pristav, - dedi Gabo haqoratlangan kishi ovozi bilan, - Men o‘g‘ri emasman. Gunohsiz bir odamdan gumonsirashga haqqingiz yo‘q. Mayli, qidiring, tinting. Baribir hech nima topa olmaysiz.
Shu topda kazaklardan biri pristavga yerdagi qon dog‘ini ko‘rsatdi.
- Bu qon qayerdan keldi? – so‘radi pristav.
- Onam tovuq so‘yibdilar – dedi Gabo xotirjamlik bilan. – Kecha mehmon bor edi.
- Kim?
- Ksarzanlik Said Tespot o‘g‘li.
- U ham olg‘ir yigit,  muttahamlikda sendan qolishmaydi, - deb ming‘irladi pristav, - uni ham qo‘lga olish qiyin… Kazaklar! Uyni, otxonani tintib chiqinglar!
Shunday deb buyruq bergach, Gaboga qahrli nigohini qadadi:
- Bugun kechasi qayerda eding?
- Qayerda bo‘lardim… ko‘rpa ichida. Uyda bo‘lganimni guvohlar tasdiqlashlari mumkin.
Kazaklar uyni, oshxona, omborxonani tintib, xo‘kiz go‘shtidan asar ham topa olishmadi. Keyin otxona tomonga yurishdi. Gabo ularga ergashdi. Ular  tomdagi pichanni yerga otishayotganda ham hayajonini bildirmadi.
- To‘xtanglar-chi, - dedi Gabo, - o‘zlaringizni urintirib nima qilasizlar, men o‘zim tashlayman. - U tomga chiqib, qolgan pichanni berkitilgan go‘sht bilan ko‘tardi-da, pastga irg‘itdi.
- Har bir burchakni yaxshilab qarang, - dedi pristav.
Hovli o‘rtasidagi go‘sht yashirilgan pichan uyimiga hech kim e’tibor bermadi. Kazaklar pastga tushishdi.
- U yerda hech nima yo‘q.- deyishdi pristavga.
Pristav hech nimaga tushunolmay, Gaboga qarab o‘ylandi.

Gabo unga yaqinlashib, jilmaydi:
- Mana ko‘rdingizmi,  janob pristav. Hech narsadan hech narsa yo‘q meni ranjitdingiz. Uyimizda tintuv o‘tkazdingiz. Nima sababdan mendan gumonsiradingiz?
- Men emas, o‘zingning oqsoqoling gumonsirayapti, -  deb o‘zini oqladi pristav.
- Shunday deng! – Gabo  ranjiganday bo‘lib, oqsoqolga norozi qiyofada qaradi. - Gunohsiz ovuldoshingizni ayblashga qanday haddingiz sig‘di? Siz bizni qoralash emas, himoyalash uchun oqsoqol bo‘lgansiz!
U ko‘zlari yonib, oqsoqolning yoniga keldi.
- Bu safar gunohsiz bo‘lganing bilan menga baqirishga xaqqing yo‘q! – dedi oqsoqol undan yuzini o‘girib.
- Bu safar deng, - baqirdi Gabo va uning yelkasidan ushlab, o‘ziga qaratdi. – Bu haqorat! Meni qachon o‘g‘rilik ustida ushlagansiz, qachon?!
U jahl bilan xanjariga yopishdi.
Pristav ularni ajratib qo‘ydi. Biroq oqsoqol bilan Gabo o‘rtasidagi janjaldan shodlandi. U g‘azab bilan aytilayotgan gaplar orasida o‘ziga kerakli biror narsani bilib olishdan umidvor edi.
Lekin Yavziko bu tomoshaga ayyorlik bilan barham berdi. Pristavni kazaklar bilan birga o‘z non-tuzini totishga taklif qildi. Pristav noz qilmay, rozi bo‘ldi. Uni mehmonxonaga boshlashdi. Oqsoqol bilan uy xo‘jayini uning ko‘nglini ovlash bilan mashg‘ul bo‘lishdi.
Kazaklar chekib, laqillashib oshxonada o‘tirishdi.
Gabo pichan orasidagi xo‘kiz go‘shtidan bir necha bo‘lak kesib olib onasiga keltirib berdi-da:
- Onajon, seli qotmagan go‘sht pristavning jig‘ildonini qitiqlaydi. Qassobdan nasiyaga olib keldim... – dedi mug‘ombirlik bilan.
Gabo chaqqon-chaqqon harakatlar bilan nozik mehmonning ko‘nglini ovladi. Pristav oldiga qo‘yilgan sochiq orasida hadya borligini anglab, hech kimga sezdirmay, pulni olib cho‘ntagiga urdi. Bunaqa izzat-ikromga ko‘p duch kelgani uchun “bundan maqsad nima?” deb so‘rab ham qo‘ymadi.
Yavziko mehmon oldiga ikki xumchada ajoyib osetin pivosini qo‘ydi. Bu ham pristavning ko‘nglini yumshatishga ko‘p yordam berdi.
Ovqatdan so‘ng u Gaboni chaqirdi.
- Menga qara Gabo, aytaylik, bugun sen bilan noto‘g‘ri munosabatda bo‘ldik. Ha, sening aybing yo‘q. Hamma gunoh bizda. Pristav ham gohida yanglishadi. Lekin mendan bir narsani yashirma: xo‘kizlar qayerda? Men buni pristav sifatida emas, mehmoning sifatida so‘rayapman. Gap ikkalamizning o‘rtamizda bo‘ladi. Men senga jazo bermayman. Ta’qib ham qilmayman. Faqat menga xo‘kizlar qayerdaligini ayt.
- Janobi pristav, - javob berdi Gabo ayyorona jilmayib, - agar xo‘kizlar tirik qolgan bo‘lsa o‘rmonda yurgandir. Ammo ularni hech kim topa olmaydi. Janob pristav, qovurdoq qalay, yoqdimi?
Pristav bir sukutgina toshdek qotib qoldi. Keyin shunday xoxolab kuldi-ki, ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi.
- Yo‘q, Gabo, sen…sen haqiqiy tovlamachisan, xiylagarsan! Qarang-a! U bizni o‘zimiz qidirgan go‘sht bilan siylayapti-ya! Yaxshi! Lekin men kazaklarga aytaman. Gabo, ayt-chi, go‘shtni qayerga yashirgan eding? Biz izlab topolmadik-ku?
- Nima ham qila olardim? Janob pristav, yana bir qidirib ko‘ring, - dedi kinoyali kulgi bilan Gabo.
Aybdorlarni topa olmagan pristav shu kuniyoq kazaklar hamrohligida qarorgohiga qaytdi.
xxx
Gabo bilan Kuara endi kuyov-kelin. Tsellagoning uyida bo‘lgan fotiha to‘yida qalin miqdorini kelishib olishdi. To‘y tez orada, yangi  yil kirishi bilanoq bo‘lishi kerak edi. Gabo Kuaradan besh yosh katta. U qizni bolaligidan biladi. Faqat mana shu Kuaragina ovul qizlari ichida Gaboning yuragida sevgi o‘tini yoqishga muyassar bo‘ldi. Gabo qizni bolalikdan yaxshi ko‘radi. U bolaligida Kuara bilan birga o‘ynardi, hatto qizga taxta bo‘laklaridan aravacha yasab bergan, Kuara bu aravachada qo‘g‘irchog‘ini solib o‘ynab yurardi.
Kuara ham bu bahodir yigitni sevadi. Gabo qiz uchun tengsiz bir qahramon, ayni choqda ko‘rkam va ajoyib yigit. U juda ko‘p yigitlarning taklifini rad etdi. Go‘zal va mag‘rur Kuara ishqidagi juda ko‘p yigitlar  qalb azobidan ko‘p oh chekdilar!
Tagaursk oqsoqolining o‘g‘li Murod ham ana shu ko‘yga tushgan jabrdiydalardan edi. Albatta, u sirtdan qaraganda qizga juda mos edi. Otasi o‘ziga to‘q, hurmati zo‘r odam. O’zi oilaning orzu-umidi, yakayu-yagona o‘g‘il. Murod bo‘ydor, ammo sochi to‘kilayotgan, burni katta, beo‘xshovroq edi. Uyda ota-onasi haddan ziyod erkalab yuborganidan o‘z xohishiga juda erk bergan. Murod Kuaradan rad javobi olishga aqli yetgach, uni olib qochish rejasini tuzdi. Kuaraning Terpsko ismli amakivachchasi bor. Kambag‘al bu yigitning ko‘ngli juda-juda bo‘sh. Murod turli sovg‘a-salomlar bilan uning ko‘nglini ovladi. Murodga uning ko‘magi shu kunlarda suv bilan havoday zarur edi. Murodning fikricha, qizni olib qochib, nomusiga tekkandan so‘ng, Kuarani hech kim olmaydi. Shunda uning oilasi Murodni kuyov qilishga majbur bo‘ladi. 
Gabo Murodning Kuaraga ko‘ngli borligini bilardi. Shu o‘rinda Kuaraning faqat o‘zi - Gaboni sevishiga ham qattiq ishonardi. Uning mag‘rurligi, raqibidan har tomonlama ustun ekaniga ishonchi Kuarani Murodga rashk qilishiga yo‘l bermasdi. Biroq Kuaraning yaqinida Murodni  ko‘rib qolguday bo‘lsa, baribir achchig‘i chiqardi.
Kuara bilan Gaboning fotiha qilinishi Murodni rejasidan qaytara olmadi. U Gaboning dovrug‘idan ham, haybatidan ham uncha qo‘rqmasdi. «Mening xanjarim ham unikiday o‘tkir», -  deb o‘ylardi. U Terpskoga suyansa bo‘ladi. Terpsko hozir Murodga yaqin do‘st bo‘lib qolganidan xursand. Biroq Murod unga rejasini gapirib berganda Terpsko avvaliga qarshilik bildirdi. Bu ish uning nazarida oilasiga xiyonat, qisqasi, ablahlik bo‘lib tuyuldi. Singlisini tuzoqqa tushirib, uning baxtiqaroligiga sababchi bo‘lishni istamadi. Lekin Murod bir-ikki gap bilan uning ikkilanishini puchga chiqardi. U shunday qiladiki, qarindoshlari tugul hatto Kuaraning o‘zi ham ikki dunyoda Terpskoning Murodga yordam berganini sezmaydi. Bu sohada Murodning tayyor rejasi bor: Terpskoning birdan-bir qiladigan ishi - Kuarani rasmga tushishga ko‘ndirish-u suratxonadan bir o‘zining chiqib kelishini ta’minlash. Qolganini Murodning o‘zi qotiradi.
Kuara g‘oyib bo‘lishi bilan Terpsko bu haqda Tagaurskga xabar berishi kerak. Bu orada esa mo‘ljaldagi ish amalga oshgan bo‘ladi... Murodning aytishicha, shu zaylda Terpsko uning yaqin qarindoshiga aylanadi! Yigit kishi uchun axir bu faxrli-ku! Bu muttaham, qaroqchi Gaboning hayoti bir kunmas bir kun yomonlik bilan bitadi. Terpsko sal ikkilansa-da, baribir ko‘nganday bo‘ldi. O’zining aralashuvi sir saqlanishiga kafolot berilgach, ko‘ngli biroz tinchidi. Murod uning butunlay rozi bo‘lmayotganini sezib, hal qiluvchi zarba berdi: u Terpskoga faqat  Vladikavkazdagina topiladigan kumush holli ajoyib egar va’da qildi. Murod Terpskoda shunday egar olish orzusi borligini, lekin hamyoni quruq ekanini bilardi. Nihoyat, Murod g‘olib chiqdi. Terpsko uzil-kesil rozi bo‘ldi. Qo‘l berishishdi. Kuaraning esa boshi ustida to‘planayotgan balo bulutlardan xabari yo‘q. U Gaboga bo‘lgan muhabbatidan mast, to‘yga tayyorgarlik ko‘rardi. Bir kuni amakivachchasi Terpsko undan kuyovto‘raga qanday sovg‘a-salom tayyorlayotganini so‘radi. Kuara Gabo uchun ro‘molchalar tikib qo‘yganini, dastasi oltin rang iplar bilan bezatilgan qamchin tayyorlaganini aytdi. Terpsko unga fotosuratini sovg‘a qilishni taklif etdi-da:
- Sen bundan bo‘lak yaxshiroq sovg‘a qilolmaysan, - deb ta’kidladi. Bu fikr Kuaraga yoqib tushdi. Terpsko uni shaharga kuzatib borishga tayyor ekanini aytgach, noz qilmay rozi bo‘la qoldi.
- Ha, aytmoqchi, Botirbek ham shu kunlar ichi shaharga tushmoqchi edi-ya, - deb ahdini qat’iylashtirdi.
Bu gap Terpskoga yoqmadi. Lekin Botirbekning borishiga qarshilik bildirishga qo‘rqdi. Qiz havfsirab  qolishi mumkin edi. «Qandaydir bahona bilan Botirbekdan albatta ajralishi kerak», deb o‘yladi u. Ular kelasi dushanba kuni shaharga borishga kelishishdi. Terpsko usti yopiq izvosh topishni  o‘z zimmasiga  oldi-yu, kelishuv haqidagi xabarni shu kuniyoq Murodga yetkazdi. Bu xushxabardan ko‘ngli to‘lgan Murod tayyorgarlikni tezlatish maqsadida shaharga ketdi. Ko‘p o‘tmay Vladikavkazda Terpsko ham paydo bo‘ldi. Ular kelishib olingan soatda muyulishda uchrashishdi. Bir necha izvoshchilar bilan gaplashishdi. Bir-biriga juda o‘xshagan to‘rt g‘ildirakli ikki izvoshga duch kelishgach, ularning birinchisi bilan Terpsko kelishdi. U izvoshga uchta oq ot qo‘shilishi shart ekanini, uch kishini Tagaurskdan olib kelib, yana qayta olib borib qo‘yajagini aytib, baholashdi. Murod ikkinchi izvoshni ham xuddi shu kunga tayinladi. U ham izvoshga uchta oq ot qo‘shishni ta’kidladi. U izvoshchiga shu kuni shahar ko‘chalarida ko‘rinmay, hovlida toqqa chiqishga tayyor turishi kerakligini aytdi. U manzilni aniq aytmadi,  Vladikavkazdan o‘ttiz chaqirim naridagi Alagir qishlog‘iga borilishi shartligini hozircha izvoshchining bilishi lozim emas edi. Shu bois Murod qirq chaqirimdan ziyod yo‘l bosmasliklarini aytib, izvoshchini hotirjam qilish uchun oldindan saxiylik bilan pul to‘lab qo‘ydi.
Murod Tagaurskka qaytib kelgach, shu ishga yordam bermoqchi bo‘lgan yaqin do‘stlaridan biri Sadulni Alagirga yubordi. Sadul borib Murodning amakisi Sosani ogohlantirib qo‘yishi kerak edi. U Murodning dushanba kuni go‘zal qiz bilan kelishini, nomusi bulg‘angan qizni oilasi turmushga uzatishga ko‘nmaguncha yaxshilab yashirib qo‘yishi shartligini aytdi.
Sosa topshiriqni eshitgach, bir oz o‘ylab, mulohaza qildi-da, hammasi jiyani aytganday bo‘lishini uqtirib, «ko‘nglini hotirjam qilaversin», deb qo‘ydi.
Shanba kuni Gabo Vladikavkazga borib, Kuara uchun qidira-qidira eng chiroyli oltin kamar, osetin qizlarining ko‘ylagini bezaydigan o‘nta qimmatbaho to‘g‘nag‘ich sotib oldi. Eng uzun to‘g‘nag‘ich yuqoriga taqilib, ko‘krak ustini bezaydi. Qolganlari pastga ketma-ket qadaladi. Eng kichigi beldan sal yuqoriga taqiladi. To‘g‘nag‘ichlarga o‘rta asrga xos Osiyo suratlari bilan bezak berilgan edi.
Yakshanba kuni tushdan so‘ng Gabo zeb bilan kiyinib, yoniga Muhammadni oldi-da, Tsellagoning uyiga bordi. Muhammad ipak qog‘ozga o‘ralgan sovg‘alarni ko‘tardi. Tsellago ularni kutib olib, bo‘lajak kuyovini mehmonxonaga boshladi. Gabo xontaxta ustiga qimmatbaho tuhfalarni qo‘yib, qallig‘iga sovg‘a qilish niyati bor ekanini aytdi. Bu bezaklar Kuara husnu-jamoli oldida arzimas ekanidan hijolatda ekanini bildirib, bundan ziyodroq qimmatbaho narsa keltirmagani uchun uzr so‘radi. Shahardan qidirib topganlari shugina edi. Tsellago esa bu ziynatlarga hayrat bilan boqardi – o‘zicha chamalab ko‘rib, bu buyumlarga olti yuz so‘m narx qo‘ydi. U Gaboga minnatdorchilik bildirib, kuyovga ko‘rinish berish uchun yasanayotgan Kuarani chaqirgani chiqdi. Qiz tez orada chiqdi. Oddiy kiyingan, ammo go‘zal Kuara Gaboga jilmayib boqib, qo‘l berdi. Gabo avval o‘ng qo‘lini papog‘iga qo‘yib ta’zim qildi-da, Kuaraning nozik qo‘lini o‘zining o‘ng qo‘liga olib siqib qo‘ydi. Muhammad ham bo‘lg‘usi kelinoyisining qo‘lini ushlab ko‘rishni istar edi. Ammo Gaboning jiddiy qarovchi ko‘zlari eshikni imladi. Muhammad bu yerda ortiqcha ekanini tushunib, noqulaylik bilan ta’zim qilib chiqdi. Har nechuk  quruq qolmadi, Kuara unga bir jilmayish hadya etdi.
Gabo bilan Kuara fotiha to‘yidan keyin ilk bor bir o‘zlari qolishdi. U qizning belidan quchib o‘ziga tortdi. Qiz qarshilik bildirmay o‘z baxtidan, muhabbatidan mast, bo‘lib uning keng ko‘kragiga boshini qo‘ydi. Gabo chap qo‘li bilan uning boshini ko‘tarib go‘zal yuziga, chiroyli ko‘zlariga tikildi. «Ham go‘zal, ham aqlli, ham mehribon», deb o‘yladi u. Gaboni baxt sharobi mag‘rur etdi: shu go‘zal qiz uning qallig‘i!
- Kuara, - deb  shivirladi u,  keyin boshini egib qizning yumshoq lablaridan bo‘sa oldi, mahkam quchdi. Qizning nazarida o‘zi shu topda himoyasiz, juda kichkina, juda nozik edi. Shu bilan birga yigitning quchog‘ida o‘zini aytib bo‘lmas darajada baxtiyor his etardi.  «Agar xohlaganimda ham uning quchog‘idan qutilib chiqa olmasdim», deb o‘yladi qiz. Bu yoqimli quchoqdan qutilib chiqishni orzu ham qilmasdi. Bu chayir bilaklar og‘ushida  mast bo‘lish uning uchun eng buyuk saodat edi. O’z ixtiyoridan chiqish, o‘zini sevganiga to‘laligicha topshirish, muhabbat cho‘risiga aylanishdan o‘zga istagi yo‘q edi.
- Gabo! - deb yigit yelkasiga qo‘lini qo‘ydi-da, uning ko‘zlariga to‘yib boqish uchun o‘zini sal orqaga tashladi. Ikkovlari ham bir necha daqiqa sukutda qolishdi.
- Gabo, - dedi u jilmayib, yigitga boshdan oyoq ko‘z tashlab. - Men sizni har vaqt sevardim. Men hech qachon  sizdan boshqa odam bilan turmush qurishga rozi bo‘lmas edim.
Qiz uning yuzlarini siladi.
- Gabo, men sizni sevaman. Faqat sizni!
- Kuara, - dedi Gabo qasamyod etayotgan kishi ovozi bilan. - Men ham seni sevaman. Faqat seni o‘ylayman. Menga sendan bo‘lak qiz yoqmagan. Kuara, Xudoning o‘zi seni menga baxtim uchun  yaratgan.
- Kuara! - u qizning boshini ikki qo‘li bilan ushlab, uning ko‘zlaridan, peshonasidan, yuzlaridan o‘pdi. Nihoyat, uni qo‘yib yubordi. - Kuara, bir-birimizni sevishimiz qanday yaxshi!
Bu orada uyga qizning onasi Dandana kirib,  patnisda may to‘la kichkina qadah bilan shirinlik qo‘ydi. U ba’zi bir narsalarni ko‘rdi, so‘nggi so‘zlarni ham eshitdi. Eshitdi-yu, yoshlik kezlarini esladi:
«Tsellago ham men bilan xuddi shu zaylda gaplashar edi» - deb o‘yladi u yengil entikib.
- Bu ajoyib ziynatlar uchun Gaboga rahmat aytdingmi? – deb so‘radi u yana sovg‘alarga hayrat bilan boqib.
- Yo‘q! – qizaribgina javob berdi Kuara. – Men o‘zim uchun eng qimmatli bo‘lgan sovg‘aga maxliyo bo‘lib qolibman.
Dushanba kuni ertalab Tagaurskka to‘rt o‘rinli, uchta oq ot qo‘shilgan izvosh kelib to‘xtadi. Izvoshchi bir yarim soat mobaynida otlarga dam bergach, soat to‘qqizlarda Kuara Botirbek va Terpsko hamkorligida shaharga yo‘l oldi. U milliy kiyimda edi. Ko‘ylagi ustidan Gabo sovg‘a qilgan qimmatbaho bezaklarni taqib olgandi, boshiga esa qora sochlarini yashirib turuvchi oppoq to‘r ro‘mol o‘ragandi.
Ular shaharga eson-omon yetib kelishdi. Izvosh suratkashning uyi oldida to‘xtadi. Kuara akalari bilan birgalikda uchinchi qavatga ko‘tarildi.
Terpsko Murod bilan Sadulning shu yaqin orada ekanini bilardi. Kelishuvga muvofiq, ular kuzatib turishlari, Kuara akalari bilan uyga kirishi bilanoq, izvoshchining haqini to‘lab, jo‘natib yuborishlari kerak edi. Shunday bo‘ldi ham. Izvoshchi tunov kuni Terpsko bilan Murodni birga ko‘rgani uchun hech nimadan gumonsiramadi. Kira haqidan tashqari choy pulini ham olgach, quvonganicha jo‘nab ketdi.
Bir necha daqiqadan so‘ng Sadul uchta oq ot qo‘shilgan izvosh bilan paydo bo‘ldi-da, Kuaraning chiqishini Murod bilan birga kuta boshladi.
Murodga yordam berish maqsadida kelgan amakivachchalari Po‘lkan bilan Pietrko esa eshikdan ko‘z uzmay ko‘chaning u boshidan, bu boshiga borib kelishardi.
Bu orada Terpsko suratkashga sirli ohangda bir necha so‘z aytdi.  Suratni olib bo‘lgach, yosh yigitni («Terpskoning raqibi»ni) bir nima bilandir chalg‘itib, qiz bilan gaplashib olishiga imkon yaratib berishni iltimos qildi.
Suratkash bunday voqealarga ko‘p duch kelganmi, darrov yo‘lini topa qoldi. U surat olib bo‘lgach, «Terpskoning raqibi»ni suratning narxini savdolashish bahonasida bir necha daqiqa ushlab turishga va’da berdi. Shundan so‘ng suratkash Kuarani o‘tirishga taklif qildi. Ikki xil ko‘rinishda suratga oldi. Qiz suratni Gaboga berishini, uning xursand bo‘lishini ko‘z oldiga keltirib mamnun jilmaydi. Terpsko esa xayajonda edi. U deraza orqali ko‘chani kuzatadi.
Izvosh yo‘q.
«Ha, yaxshi. Murod uni jo‘natib yuboribdi».
Botirbek derazaga yaqinlashmasin uchun uni chalg‘itdi. Ozgina vaqt o‘tgach, xonaning u yog‘idan bu yog‘iga yurib, deraza oldida to‘xtadi.  Yana tashqariga qaradi: eshik oldida boshqa izvosh turibdi.
«Murod shu yaqin orada bo‘lishi kerak…»
Sadul ko‘chaning u tomonida turib, soatsoz-juxudining do‘konidagi soatga qaraydi. Po‘lkan bilan Pietrko esa ko‘cha bo‘ylab yurishibdi.
Kuaraning ishi bitdi. Terpsko uni kuzatdi.
- Ha, aytmoqchi, Botirbek, suratlarning narxini kelishib olsang bo‘lardi, - dedi u ostonaga yaqinlashganda.
- Kuara, senga nechta surat kerak? – deb so‘radi Botirbek.
Kuara o‘rtoqlariga ham sovg‘a qilsa, oltitasi yetar deb o‘yladi.
- Botirbek, biz seni ko‘chada kutamiz, - dedi Terpsko.
- Yaxshi, - dedi Botirbek, ustaxonaga qaytaturib, - men hozir chiqaman.
Kuara bilan Terpsko zinalardan asta tushib borishardi. Terpskoning yuziga  isnod buluti soya solgan. U o‘z singlisini sotyapti! Endi vaqt kech, Murodga so‘z bergan, qolaversa… kumush xalli egar…
Olg‘a!
Ko‘chaga chiqishdi. To‘rt o‘rinli, uchta oq ot qo‘shilgan izvosh eshik oldida kutib turibdi. Ular biroz turib qolishdi.
- Kuara, sen izvoshga o‘tira qol. Ko‘chada turgandan ko‘ra o‘tirganing durust. Men Botirbekni shoshiray-chi, negadir xayallayapti.
Terpsko shunday degach, iziga qaytdi. Qimmatbaho kiyimdagi go‘zal Kuaraga o‘tgan-ketganlar qarayvergani uchun ham, u izvoshga o‘tirishni ma’qul topdi. Qiz o‘tirishi bilan poylab turgan Murod va uning ketidan amakivachchalari izvosh ichiga yopirilib kirishdi.
- Murod, senmisan? – deb qichqirib yubordi Kuara  ham ayanch, ham nafrat bilan. Boshqa so‘z aytishga, qichqirib, yordamga chaqirishga ulgurmadi. Murodning kafti qiz og‘zini mahkam berkitdi. Qarshiga o‘tirgan Po‘lkan esa qizning qo‘llarini ushlab, oyoqlarini tizzasi orasiga oldi. Sadul ko‘chani kesib o‘tib, izvoshga chiqdi. Izvoshchi otga qamchi bosdi. Izvosh shahar ko‘chalaridan o‘tib adirga yo‘l soldi.
Kuara chayir qo‘llardan qutilib chiqishga urinar, lekin harakatlari zoye ketardi. Po‘lkanning qo‘li bilan  tizzasi uni temir iskanjadek siqib turardi. Murod chap qo‘li bilan qizning belidan quchib, o‘ng qo‘li bilan og‘zini berkitgan edi.
- Gabo, qayerdasiz? – Kuaraning qalbi nola qilib, sevikli yorini chorlaydi, - bu ablahlardan qachon ozod etasiz!
Qutulishga urinishlari yana zoye ketdi. Hansiray-hansiray, o‘z taqdiriga tan berishga majbur bo‘ldi. Pietrko Kuara tomondagi derazaning pardasini tushirdi-da, o‘zi deraza tomonga egilib, qizni ko‘chadagi o‘tkinchilarning ko‘zidan yashirdi.
- Kuara, - pichirladi Murod qizning qulog‘iga, - mana ko‘rdingmi, baribir sen menikisan.
Kuara bu sovuq nafasdan titrab ketdi.
- Ha, bugun adirda butunlay meniki bo‘lasan. Sen yaxshilikcha ko‘nmagan eding, endi nomusing bulg‘anib, sharmandalik bilan menga tegasan. Sen meni mensimay, sovchi yuborishimga ko‘nmading. Ot o‘g‘risi Gaboga ko‘ngil qo‘yding. Xo‘sh, u hozir qayerda? Endi u seni qutqarib olarmidi?
Kuara o‘zini nima kutayotganini Murod aytmayoq bilardi. U urf-odatlarni yaxshi biladi. Agar Murod qizni o‘g‘irlashga o‘g‘irlab, nomusiga tegmay pokiza holda qo‘yib yuborsa o‘zi sharmanda bo‘ladi. Qiz bunga tushunib turibdi. Ammo uning aqli go‘zal chiroyiga monand: Murodni aldashga urinib ko‘radi. Shuning uchun ham u butun kuchi, butun qalbi bilan Xudoga iltijo qilib, nomussizlikdan saqlashni, shaharga tushmay turib  qanday pokiza bo‘lsa, Gaboga shunday holda ko‘rinishini so‘rardi.
- Yo Xudo, o‘zing madad ber! Avliyo Georgiy, menga rahming kelsin. Sen hatto ajdaholarni ham yenggansan, mening Gaboimga ko‘p yordaming tekkan. Mendek kuchsiz va himoyasiz bir qizga, bu kishilarni aldashga ko‘mak ber. Meni sharmandalikdan asra, Gabo uchun nomusimni saqlashga yordam ber!
Kuara duoning ijobat bo‘lishiga umid qilib, biroz tinchlandi. U avliyoning yordam berishiga ishonardi. Uning hech qanday aniq rejasi yo‘q, ammo ko‘ngli va aqli to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishini sezib turibdi. Gaboga bo‘lgan sevgisi unga kuch berdi. Pok niyatli qizga Xudo ham marhamatini ayamaydi. U Murodning qo‘liga boshini qo‘yib piqillab yig‘lay boshladi. Qiz qo‘rqinch va hayajondan titrardi. Murod qo‘lining ho‘l bo‘layotganini sezdi.
Murod derazadan tashqariga qaradi. Shahar ortda qolibdi. Endi qizning og‘zini qo‘yib yuborish ham mumkin.
- Agar baqirsang, - deb ogohlantirdi u, - yana bog‘lab qo‘yamiz.
Kuara o‘z quroli – tilni ishga solish imkoniga ega bo‘lganidan quvondi. Qiz dono bir maqolni esga oldi: «Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar…»
Qiz qalbi hamon Xudoga iltijo qiladi: «Yo tangrim, menga rahming kelsin, madad ber!»
- Jon, Po‘lkan, qo‘limni qo‘yib yubor, ro‘molchamni olvolay, - dedi u yig‘lamsirab.
Po‘lkan Murodga qaradi. Murod rozi bo‘lib bosh qimirlatdi.
Kuara yig‘idan to‘xtamadi. Izvosh hamon olg‘a intiladi. Qiz vaqti-vaqti bilan dunyoda eng baxtsiz qiz ekanini aytib noliydi. Nima uchun bu sharmandalik uning boshiga bulut soldi ekan, anglab yetolmaydi.
- Xudoi-taoloning xohishi shu bo‘lsa, men taqdirga tan berdim, mayli, Murod, menga uylaning, - dedi u yig‘lab, – faqat o‘tinaman, nomusimni  bulg‘amang, sharmanda qilmang.
- Kuara, bu haqda endi gapirmasang ham bo‘ladi. Vaqt o‘tdi. Senga uylanishga-ku, albatta uylanaman. Ammo sen shu bugunoq meniki bo‘lasan.
- Yo Xudoyimey, o‘zing madad ber. Sharmandalikdan asra!
Boshqa so‘zlari lablarida qotib qoldi.
Murod «muddaoga yetish vaqti keldi» degan o‘yda derazadan boshini chiqarib izvoshchiga qichqirdi:
- To‘xta!
Izvosh to‘xtadi. Murod eshikni ochib g‘amgin, ammo qat’iy ravishda buyurdi:
- Kuara, bu yoqqa tush.
- Yo‘q, - qichqirdi qiz, - yo‘q, chiqmayman… Menga rahmingiz kelsin, hech bo‘lmaganda o‘z singillaringizni o‘ylang.
Murod amakivachchalariga imo qildi. Sadul sakrab tushib, ikkinchi eshikni ochdi-da Kuarani o‘rindiqdan dast ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Qiz, yovvoyi jo‘shqin bir kuch bilan o‘zini himoya qila boshladi. Sochlari to‘zg‘ib, ko‘ylaklari yirtilsa ham o‘z nomusi uchun kurashaverdi. Izvoshda u havfsiz. Ammo bir qiz uchta yigitga qanday qarshilik qila olardi!
Kuaraning qichqirig‘i va qarshiligiga qaramay, izvoshdan tushirishdi. Uni chetroqqa  - odam bo‘yi keladigan o‘tlar tomonga olib o‘tishmoqchi edi. Biroq Po‘lkan bilan Sadul uni izvoshdan tortib tushirishayotganda Kuara epchillik qilib Po‘lkanning xanjarini qinidan sug‘urib oldi-da, yigitning bilagiga sanchdi. Po‘lkan og‘riqdan dod deb qizning tizzalarini qo‘yib yubordi.
Kuara sapchib turib, izvoshni pana qilganicha o‘z himoyasiga shaylandi. Qo‘lidagi xanjar dastasini mahkam siqib, kuchsizlanganini sezdirmaslik uchun xansiraganicha qichqirdi:
- Menga qaranglar, Murod! Xudo mening nolamni eshitdi. Qasamyod qilib aytaman: agar birortangiz menga yaqin kelsangizlar mana shu xanjarni yuragimga sanchaman!
Uning ko‘zlari yonadi, yuzlarida qat’iylik bor. Yigitlar buni ko‘rib qimirlamay qolishdi. Qiz ularni ikkilanib qolishganini sezdi.
- Murod, ikkovidan birini tanlang:  nomusimni yo‘qotganimdan ko‘ra, o‘lganim yaxshi! Agar rostdanam menda ko‘nglingiz bo‘lsa, avliyo Georgiy nomi bilan qasamyod qiling. Mening nomusimga tegmasangiz, men sizga itoatkor xotin bo‘laman.
Murod Kuarani sevar edi. Shuning uchun undan ajrab qolishdan qo‘rqdi. Qolaversa, qiz o‘zini o‘zi o‘ldirib qo‘yguday bo‘lsa, qarindoshlari bu haqiqatga ishonmasliklari, bu esa keyin yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Shu sababli u tez xulosaga kelib, dedi:
- Yaxshi, men senga bu yerda tegmayman. Avliyo Georgiy nomi bilan qasamyod etaman. Seni amakimiz uyiga olib boraman, o‘sha yerda nikoh o‘qitamiz.
Shundan so‘ng Kuara xanjarni egasiga qaytarib berdi. Po‘lkan cherkascha kamzulini yechib, yenglarini shimardi-da, Pietrkoga yarasini ro‘molcha bilan bog‘latdi. Kuara izvoshga o‘tirdi.
Sadul esa Murodga yaqinlashdi:
- Agar bu qiz aytganini qildirsa, sen ham, biz ham uyatga qolamiz.
- Men avliyo Georgiy nomini tilga olib qasam ichdim. Endi qasamni buzolmayman. Agar shunday qilmaganimda u o‘zini o‘ldirar edi. Ishon. Uni qanday sevishimni bilasan-ku.
Sadul zaharli jilmayib, Muroddan yuzini o‘girdi.
Murod izvoshga chiqib, Kuaraning yoniga o‘tirdi. Po‘lkan bilan Pietrko ro‘paradan joy olishdi. Oraga sukut cho‘kdi. Kuaraning qalbi g‘alaba shodiyonasi bilan tepar, avliyo Georgiyga yurak-yurakdan tashakkur aytardi. Ammo o‘zini fosh qilib qo‘yishdan qo‘rqib, izvoshning burchagida pusib o‘tirdi. Yigitlar qizga yon berishgani uchun hijolatda edilar. Kuara Murodga qasam ichirgani bilan hali bulardan butunlay qutula olmaganini bilardi.
Uch soatli yo‘ldan so‘ng otlar horib, sekinlashishdi. Ilon izi qayrilma yo‘l tog‘ yonbag‘ri bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilib borardi. Adir ortda qoldi. Yon-atrof osmonga intilgan baland cho‘qqilar bilan o‘ralgan. Bir soatlardan keyin izvosh Alagir qishlog‘iga kirib keldi. U Murodning amakisi Sosaning eshigi oldida to‘xtadi. Tog‘ bag‘ridagi kichkina qishloqni  keng ko‘cha ikkiga bo‘lib turadi.  Ko‘cha boshidagi uylar g‘aribgina, toshdan qurilgan. Har bir hovlida bog‘ yashnab turibdi.
Murod hamrohlari bilan kirib, Kuarani  Sosaning xotini bilan qizlari ixtiyoriga topshirdi. Qiz burchakda turgan kursiga o‘tirganicha, yig‘lagan bo‘lib, ko‘zlarini ro‘molcha bilan berkitdi. Aslida esa uning  miyasi zo‘r berib ishlab, qutulish yo‘lini izlardi.
Murod amakisiga Kuaraning unga tegishga rozi bo‘lganini aytgach, kerakli narsalarni tezda tayyorlab, ruhoniy otani kechki payt  chaqirib kelishni tayinladi. Shu bilan birgalikda Kuara bilan asira sifatida emas, qarindosh sifatida muomala qilishni so‘radi. Hammalari dasturxon atrofiga o‘tirishgach, Kuara ko‘z yoshlarini artib, ovqat yeya boshladi. Sosaning savoliga «taqdirim shu ekan, Murodga tegaman», deb qo‘ya qoldi. Sosaning qizlari Kuaraning atrofida aylanib-o‘rgulib Murodni, uning urug‘-aymog‘ini, boyligini maqtab, Kuaraning to‘g‘ri qarorga kelganini ta’kidlashdi.
Ruhoniyni kutishayotganda Kuara qizlarning ovutishlariga quloq osayotganday itoatkorona o‘tirdi. Ovqatlanib bo‘lishdi. Atrofni shom qorong‘usi bosib kelardi. Kuara xonaning isib ketganidan nolib, oltin kamarini yechib qo‘ydi.
- Tog‘da ham bog‘lar bormi? – so‘radi u Sosaning qizidan.
- O, nimasini aytasan. Bizning bog‘imiz katta. Ko‘rishni istaysanmi?
- Sal qorong‘uroq-ku, - dedi Kuara, - mayli, uy juda isib ketdi, chiqib biroz toza havodan nafas olaylik.
U oltin kamarini kursida qoldirib bir necha qiz hamrohligida boqqa chiqdi. Kuara o‘zini shodon ko‘rsatib,  atrofni butunlay qorong‘ulik bosguncha qizlarga turli hikoyalar aytib, chalg‘itib turdi. Qorong‘u tushgach, holi qoldirishlarini so‘radi. Qizlar nima qilarlarini bilmay ajablanib, bir-birlariga qarashdi.
- Mayli, men Kuara bilan birga boraman, - dedi Sosaning qizlaridan biri.
Ular mevali daraxtlar o‘sib yotgan bog‘ning chekkasi tomonga yurishdi. Kuara «o‘zing yordam ber, qutqar!»,  deb avliyo Georgiyga xayolan yalinib-yolvoradi.
- O’tinaman, meni biroz yolg‘iz qoldir, - uyalibgina so‘radi Kuara Sosaning qizidan.
- Xo‘p, xo‘p, – dedi qiz va nari ketdi.
Kuara bundan foydalanib, etagini ko‘tardi-da, daraxtlar oralab yugurib ketdi. Devorga yetib kelganda:
- Avliyo Georgiy, yo‘lni topishimga yordam ber! – deb pichirladi uning lablari.
U devor tuynugini topdi. Qo‘shni boqqa chiqib oldi-yu, yugurib ketdi.
Qorong‘ulik. Buning ustiga u yo‘lni bilmaydi. Qiz to‘g‘riga yugurib, so‘ng tongga qadar biror yerga yashirinishga, ertalab qishloq oqsoqolidan yordam so‘rashga qaror qildi.
«Nahotki Gabo shu paytgacha meni topa olmaydi?» o‘z-o‘zidan so‘raydi qiz.
Mana yarim soatdan beri u bog‘dan bog‘ga, devorma devor oshib yuguryapti. Nihoyat to‘xtab, quloq soldi. Sokinlik. Shundagina o‘tirib, tongni kutishga jazm etdi. Bir necha soat vaqt shu zaylda o‘tdi. Birdan ot tuyoqlarining tovushi qulog‘iga chalindi…
xxx
Botirbek bilan Terpsko suratxonadan chiqishganda Kuara g‘oyib bo‘lgan edi. Ular tezlik bilan bu voqea haqida tanishlarga xabar qilishdi. Izvoshchi Terpsko bilan birgalashib, izvosh buyurgan osetinning haq to‘lab, jo‘natib yuborganini aytgach, Tagaurskka yo‘l olishdi. Kuaraning akalari, qarindoshlari hayallamay Murodning iziga tushishdi. Otlarning pishqirishini, tuyoqlar zarblarini eshitgan Kuaraning qalbi g‘urur va shodlik bilan tepadi:
«Bu mening akalarim, mening sevganim Gabo… Ular meni qutqargani kelishyapti!»
Lekin qorong‘ida ularning oldiga chiqishga qo‘rqdi.
Vaqt imillab o‘tadi. Sharq tomon asta yorisha boshladi. Kuara o‘rnidan turib, yon-atrofga qaradi. U dala o‘rtasida turardi. Yaqinginasidagi yakka-yu yagona bir uyga ko‘zi tushdi. U yordam so‘rash maqsadida o‘sha uy tomon yurdi. Uyga yaqin kelishi bilan ichkaridan sut sog‘ish uchun chelak ko‘targan ayol chiqdi. Kuara unga  yaqinlashib salom berdi-da,  iymanibgina so‘radi:
- Eringiz uydamilar?
Ayol yaxshigina kiyingan qizga, yerdan chiqdimi yo osmondan tushdimi, deganday hayratlanib qarab olgach, dedi:
- Mening erim yo‘q, bevaman. Xo‘jaligimizga erimning ukasi Aleksandr qaraydi.
- U uydami?
- Ha, lekin uxlayapti.
- Iltimos, uyg‘oting, gaplashib olishim kerak.
Kuaraning ko‘zlarida shunchalik qo‘rquv, ovozida esa yolvorish bor edi-ki, ayol uni ko‘pam co‘roqqa tutmay, qaynisini uyg‘ota qoldi. Aleksandr tezgina kiyinib chiqdi. Qizning unga ishonishdan bo‘lak iloji yo‘q edi. Kuara tutilib-tutilib, bo‘lgan gaplarni: o‘zining birovning qallig‘i ekanini, sovchisini rad qilgan yigit olib qochib ketganini Xudo uni sharmandalikdan asraganini, ayyorlik bilan qochganini, tez orada uni qutqargani akalari, qallig‘i kelishini aytdi.
- Men kechasi otlarning dupurini eshitdim. Yuragim aytib turibdi, ular meni izlab kelishgan. Mening hayotim, taqdirim,  sizning qo‘lingizda. Menga rahmingiz kelsin, akalarim yaxshiligingizni qaytarishadi. Xudo sizdan marhamatini ayamaydi,-u shunday deb tiz cho‘kdi-da, iltijo qildi: - Meni sotib qo‘ymaslikka so‘z bering!
- O’rningdan tur! - Aleksandr uni turg‘izdi. - Xudo seni mening uyimga olib kelibdi. Senga bu yerda havf tahdid solmaydi. Sen mening mehmonimsan. Sening tashvishing - mening tashvishim. Akalaringni ishi - mening ishim. Qo‘rqma, biz mehmondo‘stlik qoidalariga qattiq rioya qilamiz! Men hayot ekanman, uyimda sening boshingdan bir tola soching ham to‘kilmaydi.
Qizni shunday deb ishontirib, ko‘nglini ko‘targach, uyga boshladi. Kelinoyisini imlab chaqirib tayinladi:
- Agar joning shirin bo‘lsa, eshitganlaring shu yerda qolsin. Tilingni tiy. Mehmonni orqa xonaga berkit. Eshikni tambala, zo‘rlik qilishsa, mayli, buzib kirishsin, lekin o‘zing ochib berma!
- Bu qishloqda bir qarindoshimiz bor. Tatarxon degan kishi. Tanisangiz kerak. Agar akalarim bilan qallig‘im kelishgan bo‘lsa, o‘sha yerda bo‘lishadi. O’tinaman, bir xabar oling. Xudo haqqi ehtiyot bo‘ling.
- Xotirjam bo‘l, qo‘limdan kelgan ishni ayamayman.
- Rahmat, rahmat.
Aleksandr  qurolini oldi-yu, Tatarxonnikiga jo‘nadi. Hovlida o‘n chog‘li otliqlarni ko‘rdi. Ular nima haqdadir gaplashib, qayergadir shoshib turishardi. Begona odamni ko‘rib, jim bo‘lishdi.
Aleksandr uy xo‘jayinini topib, otliqlar erta tongda nima qilib turishganini so‘radi.
- Sening nima ishing bor?
- Men yomon niyat bilan kelganim yo‘q. Tatarxon, men otliqlarga nima kerak ekanini bilaman.
- Xo‘sh, ularga nima kerak?
- Ular  Tsellagoning qizi Kuarani izlashyapti, - ayyorona jilmaydi Aleksandr.
- Sen buni qayerdan bilasan?
- Buni menga Kuara aytdi. U mening mehmonim. Uyimda berkinib o‘tiribdi. Kecha ota uyidan qanday chiqqan bo‘lsa, shu ahvolda qo‘llaringizga topshirishdan xursandman. Kuyov bilan akalariga ayt, olib ketishga kelishsin.
- Qani shu yerda turib tur-chi… - dedi Tatarxon. Keyin Gabo bilan Botirbekka bu quvonchli xabarni yetkazgani ketdi.
Ular Aleksandrning oldiga yugurib kelishdi. U Tatarxonga aytgan so‘zlarini takrorlagach, yigitlar cheksiz xursand bo‘lganlaridan qanday minnatdorchilik bildirishlarini bilmay qolishdi.
- Shu bugundan boshlab, sen bizning akamizsan! – deb ular Aleksandrning qo‘lini mahkam siqishdi. – Biz hech qachon yaxshiligingni unutmaymiz. Agar vaqti kelib  do‘stlar yoki ukalaringga ehtiyoj sezsang, bizni chaqir.
Shundan so‘ng Gabo bilan Botirbek hovlida turganlarga  quvonchli xabarni yetkazishdi.  Shu zahotiyoq otliqlar Aleksandrga ergashib,  uning uyiga yo‘l olishdi. Bir necha daqiqadan so‘ng, Kuara shodlikdan qichqirib o‘zini Gaboning quchog‘iga tashladi.
- Gabo, jonim, seni ko‘radigan kunim ham bor ekan. Xudoga ming qatla shukur. Kelganing uchun rahmat, Gabo!
- Kuara, parizodim, xotirjam bo‘l, sen uchun ham qasos olaman.
- Yo‘q, jonim, kerak emas… Axir biz yana birgamiz-ku, endi hech nima bizni ajrata olmaydi.
Kuara akalari va qarindoshlari bilan ko‘rishib olsin, degan maqsadda Gabo o‘zini chetga oldi. Ular orasida Terpsko ham bor. Singlisini ko‘rayotganidan, ichdan zil ketsa-da, g‘oyat xursand ekanini izhor etdi.
Aleksandr  ovqat tayyor bo‘lguncha biroz kutib o‘tirishlarini iltimos qildi. Gabo bilan Botirbek hozirning o‘zida Tagaurskka ketishga shoshilishardi. Lekin Tatarxonning izvoshi kelguncha Kuara qallig‘i va qarindoshlariga boshidan o‘tgan savdolarni, qanday qutulib qolganini aytib berishi kerak. Gabo xotirjam. Kuara uning xotirjamligi zamirida yovuz kuch yashiringanini sezdi. Gabo alamzada, nafrat gulxanida yonadi. U nima qilish kerakligini o‘zi biladi. U qasos olishga qasamyod etgan, Kuaraning hikoyasi uning ahdini mustahkamlayapti xolos. Kuara hikoyasini tugatgach, «bekorga qon to‘kilib, baxtsizlik yuz bermasligi uchun» Murodni kechirishlarini so‘radi.
U yorining boshi ustida mudxish soyalar aylanib yurganini sezdi-yu, ko‘rgan-kechirganlari, charchoq azobi sabab bo‘lib, ko‘z yoshlarini tuta olmadi.
Tatarxonning izvoshi kelib to‘xtashi bilan Kuara unga chiqib o‘tirdi. U yana bir bor  Aleksandr bilan uning kelinoyisiga rahmat aytib, qarindoshlari qurshovida Tatarxonnikiga yo‘l oldi. U yerda ularga nonushta tayyorlangan edi. Bu orada Sosaning qarindoshi kelib Tatarxonni chaqirdi. U Kuaraning oltin kamarini keltirgan edi. Katta baxtsizlik yuz bermasligi uchun yarashish maqsadida kelganini ham aytdi.
- Biz shunday ham jazoimizni tortdik, - dedi u, - qizning hammamizni laqilatib qochishi bizni uyatga qo‘ydi.
Tatarxon uning iltimosini qarindoshlariga yetkazajagini aytgach, Sosaning elchisi ketdi. Tatarxon Sosaning yarashish haqidagi iltimosini aytishi bilan uyda g‘ala-g‘ovur, muzokara boshlandi. Avvaliga ko‘pchilik yarashishga qarshi chiqib, aybdorlarni topshirishni talab qilishdi. Kuara akalari Gassako bilan Botirbekni qo‘shni xonaga chaqirib, Gaboning qasos olish qasdida ekanini qo‘rquv va hayajon bilan aytib, uni  yarashishga ko‘ndirishga undadi. «Axir menga hech narsa bo‘lgani yo‘q-ku!» deb  aybdorlardan jarima ham olmasliklarini iltimos qildi.
Kuaraning so‘zlari akalariga ta’sir qildi. Ular xonaga o‘zgacha fikr bilan qaytdilar. Gabo ortiqcha gapni yoqtirmagani uchun ham gap-so‘zlarga aralashmadi. U birovning maslahatiga muhtoj emas - nima qilishini o‘zi biladi. Yigitlik qarorini hech kim o‘zgartira olmaydi. Yarashish haqida uning fikrini so‘raganlarida u o‘rnidan turib xotirjamlik bilan dedi:
- Mayli, yarashishga roziman. Ammo shartim bor.
Kuaraning akalari uning osongina ko‘nganidan xursand bo‘lib qanday shart ekanligini so‘rashdi.
- Kuaraga ko‘z olaytirgan, unga so‘z aytgan odam gunohini yuvish uchun men talab qilgan narsani berishi shart.Menga pul kerak emas, men uning ko‘zi bilan tilini talab qilaman!
Shunday deb, Gabo o‘tirdi.
Bu so‘zlar o‘tirganlarning qalbini muzlatib qo‘yganday bo‘ldi. Ular baxtsizlik muqarrar ekanini tushunishdi. Tatarxon bilan Kuaraning akalari qancha urinishmasin, foydasiz edi. Gabo axdida qat’iy! Kuara akalaridan Gaboning qarorini eshitib qichqirib yubordi-yu, hushidan ketdi.
Tatarxon Sosa bilan aybdorlarga yarashish mumkin emasligini yetkazishga majbur bo‘ldi. Sosaning savollariga javoban Tatarxon boshqalarning yarashishga rozi bo‘lganlarini, shuning barobarida Gaboning dahshatli talabini ham aytib berdi. Kuara shu kuniyoq qarindoshlari qurshovida Tagaurskka qaytdi.
Oqsoqol Kuaraning uyi oldida ularga peshvoz chiqib tabrik so‘zlari bilan qarshi oldi. O’g‘lining qilmishlarini qoralab, uni kechirishlarini, qishloqda tinchlik saqlansin uchun Gaboga ham tushuntirib quyishlarini iltimos qildi. U o‘g‘lining hayoti uchun qayg‘urardi.
xxx
Oylar o‘tdi.
Oppoq qor adirni oq choyshabga o‘radi.
Murod Gabo bilan ko‘chada uchrashib qolsa undan ko‘zini olib qochadi. Chunki u hali ish nihoyasiga yetmaganini biladi. Gabo esa dushmanga zarba berish uchun payt poylardi.
U kechalari tez-tez adirga chiqar, lekin har gal ovi yurishmay, iziga bo‘shashgan alpozda qaytardi. U shaharga olib boradigan yo‘lda soatlab turardi. Ayniqsa Murodning shaharga tushganini eshitsa, yo‘ldan ko‘z uzmas edi. Biroq raqibi hadeganda qo‘lga tushavermadi. Nihoyat bir kuni tunda, qor bo‘roni orasida otliqni ko‘rdi-yu, yuragi tez-tez ura boshladi. Uyga qaytayotgan Murodni taniganiga uning ishonchi komil edi. Ha, bu Murod!
«Xudo dushmanimni mening qo‘limga topshirdi. Qasos soati yetdi!» deb o‘yladi u. Gabo to‘pponchasini o‘qlab, bo‘rki panasiga olganicha tayyor holda turdi. Otliq yaqinlashgach, unga o‘qtaldi:
- Qo‘lingni ko‘tar!
Murod bu tasodifiy uchrashuvdan o‘zini yo‘qotdi. Shosha-pisha to‘pponchasini olmoqchi edi, o‘q ovozini eshitdi. O’q papog‘ini uchirib ketdi.
Bu ayovsiz olishuvdan darak edi.
Murod qo‘lini ko‘tardi. Qorong‘u bo‘lsa ham, qon qasdida yurgan dushmanini tanidi. Gabo to‘pponcha og‘zini Murodga qaratib, unga juda yaqin keldi.
- Agar boshing og‘irlik qilmayotgan bo‘lsa, qo‘lingni shunday ko‘tarib tur.
«Uning maqsadi nima? – so‘radi o‘z-o‘zidan Murod. – Nega meni o‘ldirmayapti?»
Gabo to‘pponcha o‘qtalganicha, o‘ng qo‘li bilan Murodning xanjarini qinidan sug‘urdi-da, nariga otib yubordi. Keyin qilichi bilan to‘pponchasini ham olib irg‘itdi.
- Tush pastga! Otning tizginini menga ber. Xo‘sh…Endi egarimning tagidagi arqonni olib, otimning oyoqlarini tushovla.
Gabo to‘pponcha tiraganicha do‘q urib, buyruqlarini bajarishga majbur etdi. Murod otdan shoshilmay tushib,  tizginni egar qoshiga tashladi. Gabo qarshisida turgan dushmaniga g‘azab bilan tikilib dedi:
- Mana endi sen bilan hisob-kitob qilamiz!
- Senga nima kerak? – dedi Murod  jur’atsizlik bilan.
U o‘zini xotirjam tutishga harakat qiladi. Gaboning qonida esa nafrat zahri qaynaydi. U dushmanini shunchaki o‘ldirgani bilan ko‘ngli taskin topmaydi. Yo‘q, avval uni xorlashi, hamiyatini pastga urishi kerak.
- Tiz cho‘kib, mendan uzr so‘ra! – xirillab qichqirdi u.
- Yo‘q! Murod hech qachon bunday qilmaydi! – dedi Murod.
Shunda Gabo unga tashlandi-da, baquvvat qo‘llari bilan ko‘tarib, qorga tashladi. Uzala tushgan Murodning qo‘llarini tizzasi bilan yerga bosdi. Qo‘rquvdan  esini yo‘qotib qo‘ygan Murod bir necha daqiqa harakatsiz qoldi.
- Sen Kuaraga qarashga botinibsan, gunohingni yuvish uchun shu ko‘zlaringdan ayrilasan.
- Yo‘q, Gabo , bunday qilma, Xudoni o‘rtaga qo‘yib so‘rayman… - yolvordi u.
Biroq Gaboning katta, baquvvat barmog‘i uning o‘ng ko‘ziga botdi… Keyin chap ko‘zi ham o‘ynab chiqdi. Murod dahshatli ovoz bilan dodlab yubordi. Alam bilan Gaboni qarg‘ay ketdi:
- Iloho, o‘lim  oldidan yorug‘ dunyoni ko‘rishdan mahrum bo‘l! Yovvoyi urug‘ingga o‘t tushsin!
G’azab o‘tida qovurilayotgan Gaboning qulog‘iga shu topda hech nima eshitilmaydi. Og‘riqdan tipirchilayotgan Murodni u o‘zining og‘ir gavdasi bilan yerga bosib turaverdi. U rahm-shavqat nimaligini bilmaydi. Kuarani o‘g‘irlab, uning nomusiga chang solmoqchi bo‘lgan odamidan qasos olishi shartligini biladi xolos.
- Sen Kuarani olib qochgan kuning sassiq og‘zingdan chiqqan so‘zlarning haqqi uchun tilingni to‘laysan!
U bir musht urib Murodning pastki jag‘ini sindirib  yubordi. Chap qo‘li bilan raqibining tilini ushlab, o‘ng qo‘li bilan xanjarini qinidan chiqardi… Ko‘p o‘tmay oppoq qor ustida qonga belangan  bir bo‘lak go‘sht yotardi.
Murodning baqirishga holi qolmadi. Og‘zi qonga to‘lgan, faqat xirillaydi.
- Sening bu qora yuraging Kuaraga ega bo‘lishni istabdi, - g‘azab bilan shivirladi Gabo. – Buning haqqiga hayotingni  to‘laysan.
Hali qoni qotib ulgurmagan xanjarini raqibi ko‘ksiga botirdi. Murod biroz tipirchiladi-yu, jimib qoldi. Nihoyat, Gabo o‘rnidan turdi. Qasos olganining belgisi sifatida raqibining o‘ng qulog‘ini kesib, cho‘ntagiga soldi. Xanjarini  murdaning cherkascha kamzuliga artdi. Gabo ketishga shoshilmay, turgan yerida o‘ylanib qoldi. Agar murdani shu yerda qoldirsa, qorga ko‘miladi, bo‘rilar, tulkilarga yem bo‘ladi. Shu bilan iz bosilib, hech kim undan havfsiramaydi. Buning uchun otni ushlab turishi, bir qancha vaqt o‘tgandan keyingina qo‘yib yuborishi kerak. U otning tizginini marhumning jimjilog‘iga avaylabgina ildi. «Agar  bo‘rilarning yaqinlashganini sezsa, sapchiydi-yu tizginini bo‘shatib qochadi», deb o‘yladi Gabo. Shundan so‘ng u otiga o‘tirib, uyiga shoshildi. Berkinmasa ham bo‘ladi. Adir bepoyon, qor hali-beri tinadigan emas. Murdaning qolgan-qutganini ham bahorgacha topa olishmaydi. Agar u bugun uyiga qaytmagan taqdirda ham ana shu ahvolda dom-daraksiz ketgan bo‘lardi. Endi tezroq uyga yetib olishi kerak. U otini tezlatdi.
Murod jazosini oldi. Endi Sadul, Po‘lkan va Pietrko bilan hisob-kitob qilib olishi kerak.
U Po‘lkanning izvoshda Kuarani ushlab ketganini esladi.
- Po‘lkan birinchi bo‘lib adabini yeydi! - xitob qildi u.
Gabo shu kuniyoq Tsellagoning uyiga kirdi. Kuara bilan juda muloyim munosabatda bo‘ldi. Uning nazarida qasos amalga oshgandan keyingina Kuaraning nomini bulg‘ovchi  sharmandalik dog‘i yuvilgan edi. Bugungi kechda Kuara uning uchun yana ham yaqinroq, yana ham mehribonroq, avvalgidan go‘zalroq tuyuldi. Uning  qalbi afsus o‘tida hech bir azoblanayotgani yo‘q. Aksincha, u nomus talab etgan ishni amalga oshirganiga ishonadi. Qasos unga lazzat baxsh etdi.
Tagaursk oqsoqoli Elbisdning uyida o‘g‘ilning shahardan qaytishini uzoq kutishdi. Ertalab eshik oldida Murodning otini ko‘rishgach, baxtsizlik yuz berganini anglashdi. Albatta, birinchi bo‘lib Gabodan gumonsirashdi. Xavotirga tushgan Elbisd peshinga yaqin Yavzikoning uyiga yo‘l oldi. U Kuaraning o‘g‘irlanishi oqibatsiz qolmasligini yaxshi bilardi. Oqsoqol kelganda Yavziko Gabo bilan hovlida turardi.
- Sen ham shaharda bo‘lgan edingmi? – so‘radi u Gaboga tikilib. - U yerda mening o‘g‘limni uchratmadingmi?
- Yo‘q, - xotirjam javob berdi Gabo.
- Shaharda Murod haqida hech gap eshitmadingmi?
- Yo‘q… Men shaharda ko‘p yurmadim. Tezda orqaga qaytdim. Kechani Tsellagoning uyida o‘tkazdim.
Oqsoqol ketdi. Gabodan shubhalanayotgan bo‘lsa ham ilojsiz edi. Qo‘lida biror dalil yo‘q edi. U yoniga bir necha odam olib to kechgacha adirda o‘g‘lini qidirdi. Po‘lkan bilan Pietrko ham unga hamroh bo‘lishdi. Ular ham bu ishda Gaboning qo‘li borligiga amin edilar, ammo Gaboga qarshi ularda ham dalil yo‘q edi. Murodga  sherik bo‘lishgani uchun ularning boshiga ham shu kun tushishi mumkinligidan havfsirab, bundan buyon yolg‘iz yurmaslikka kelishib olishdi. Ular bu qarorlarini Sadulga ham yetkazishdi.
Oradan kunlar o‘tdi. Bir kuni Botirbek Gaboga kutilgan xabarni aytdi: Po‘lkan bilan Pietrko Rekomdagi ziyoratgohga borib, avliyo Ilya ruhiga sig‘inib, amakivachchalarining qotilini topishda ko‘mak berishini iltijo qilmoqchi ekanliklarini aytdi. Rekomda so‘ralgan iltimos, aytishlaricha, amalga oshar emish. Kuaraning nomusi uchun  qasos olib, Murodni o‘ldirgan mardning aynan Gabo ekaniga Botirbekda shubha yo‘q edi Shu boisdan unga bo‘lgan ehtiromi, yanada oshgandi. Biroq Botirbek sir boy bermas edi. Bu haqda yaxshisi gapirmagan ma’qul! Qayerda bo‘lsa ham, qo‘lidan kelsa Gaboga yordam beradi.


«Agar Murodning sheriklari ham  baxtsizlikka uchramasa, Gabo otimni boshqa qo‘yaman», deb o‘zicha qasd qildi Gabo.
U Botirbekni sodiq safdosh deb bilardi. Ular bir-birlarini hatto so‘zsiz, ko‘z qarashlari bilanoq tushunishardi. Qolaversa, Botirbekning bo‘lajak pochchasiga hurmati zo‘r. Botirbek uchun u mardlik namunasi: uning bo‘yi-basti, kuchi, botirligi, eng muhimi - qo‘rqmasligi va chaqqonligi, topag‘onligi va ayyorligiga qoyil qolardi. U jazoga loyiq ish qilsa ham ana shu xislatlari evaziga suvdan quruq chiqardi.
Gabo Po‘lkan bilan Pietrkoga ziyoratgoh qadamjoga olib boruvchi baland tog‘ yo‘lida jazo bermoqchi bo‘ldi. Irim-sirimlarga ishonmasa-da, Po‘lkan bilan Pietrkoning avliyodan yordam so‘rab, iltijo qilishlarini istamaydi. Ular qadamjoga yetib borishga ulgurmay, qasos xanjaridan o‘lim topishlari  kerak. Gabo bu safar ishni ayyorlik bilan amalga oshirishi kerakligini biladi. U o‘zini kasalga solib, Botirbekka ishonishga qaror qildi. U ko‘rpa-yostiq qilib yotib olib, tabib chaqirib, qorin og‘rig‘idan shikoyat qildi. Tabib avvalo bir qadax aroq berishlarini so‘radi. Talabi bajo bo‘lgach, qandaydir  duolarni o‘qib, ichirib yubordi. Keyin ichni yumshatadigan talqon  dori yozib berib, tez orada tuzalajagini aytdi. Mukofotga olgan bir so‘mni cho‘ntakka solib, iziga qaytgach, ko‘rgan-bilganlariga Gaboning og‘ir kasal ekanini, ammo bu kasal uning duolari va dori-darmoni oldida hech gap emasligini aytdi. Gabo dori ichishni xayoliga ham keltirmay, Muhammad orqali Botirbekni chaqirtirdi. Botirbek shu zahotiyoq, Muhammad bilan kirib kelib, hol-ahvol so‘radi.
Gabo xasta ovozda dedi:
- Og‘riyapti, Botirbek…
U ukasiga javob berdi. O’smirni bu ishga aralashtirgisi kelmadi.
- Botirbek, kursini olib, menga yaqinroq o‘tir, gapim bor.
- Eshitaman, Gabo?
- Botirbek, yordam bermasang bo‘lmaydi.
- Gabo, agar sen uchun qon to‘ksam o‘zimni baxtli hisoblardim.
- Rahmat, Botirbek. Murodga kim jazo berganini bilasanmi?
Gabo shunday deb uning ko‘zlariga tikildi.
- Bilaman!.. Kuaraning o‘g‘rilaganlardan qasos olgan odam sharafi uchun hech narsadan qaytmayman.
- Botirbek, - dedi sekingina Gabo. – Uning sheriklari ham jazo olishlari kerakmi?
- Albatta, Gabo.
- Sening yordamingga ishonsam bo‘ladimi?
- Bo‘ladi!
Gabo undan ko‘zini oldi.
- Ular qachon Rekomga borishadi?
- Ertaga ertalab.
- Botirbek, ikki soatdan so‘ng yo‘lga chiqamiz.
- Axir kasalsan-ku?
- Men shunchaki ayyorlik qilyapman.
- Shunday degin?
- Muhammadni chaqir, gapim bor.
Muhammad kirgach, Gabo unga dedi:
- Menga qara, bugun kechasi men bir yerga borib kelaman. Bu haqda hech kim bilmasligi kerak. Otni olib, adirga chiq. Har doim uchrashadigan yerimizda kut. Botirbek, sen ham yarim soatdan so‘ng o‘sha yerda tegirmonning chap tomonida katta yo‘l yoqasiga chiq.
Gabo o‘rnidan turib kiyindi. Otasiga bugun bir yerga borib kelishini aytdi.
- Buni faqat siz bilishingiz kerak. Boshqalar uchun men kasalman, ko‘rpa-yostiq qilib yotibman.
Yavziko bosh silkib duo qildi:
- Avliyo Georgiy madadkoring bo‘lsin!
xxx
Tun og‘ushida qolgan adirda Muhammad Gaboning otini ushlab turardi. U egarga suyanganicha kutayotgan paytda boshida papoq, yelkasiga esa  miltiq osib olgan, qora bo‘rk kiygan Botirbek asta yaqinlashdi. Tez orada qurollangan Gabo ham yetib keldi. U Muhammadning qo‘lidan tizginini olib, sakrab otga mindi. Ukasiga bosh irg‘ab xayrlashgach, Botirbek ikkovi tun bag‘riga singib ketishdi.
«Qachon u meni o‘zi bilan birga olib yurarkin?» deb og‘rindi Muhammad.
Gabo bilan Botirbek jimgina ketishyapti. Gabo otni janubi g‘arb tomonga, ziyoratgohga sig‘inish maydoniga olib boruvchi Qizildon so‘qmog‘iga burdi. U o‘sha yerda pistirma qo‘yib Po‘lkanni otadi. Pietrko esa Botirbek otgan o‘qdan qulashi kerak. Murdalarni daryoga tashlashadi. Otlar birorta baxti kulgan odam qo‘liga tushadi, deb jonivorlarni o‘z xoliga qo‘yishmoqchi bo‘lishdi. Qasos o‘ti g‘animlarni mahf etgach, kunduzi Botirbek bilan bir yerda berkinib yotib, kechasi uyiga qaytishni mo‘ljalladi.
Sukunatni Gabo buzdi:
- Uydagilaringga nima deb chiqding? - deb so‘radi.
- Vladikavkazga borib, to‘yga atab ul-bul sotib olaman, dedim.
Yana jim-jitlik…
Otlar qor ustida bitta-bitta qadam bosishadi.
Tog‘ ortidan to‘lin oy ko‘tarilib, bepoyon adirni o‘zining oppoq nuriga cho‘mdi.
Botirbek Gaboning rejasini bilmaydi. Shunday bo‘lsa ham, so‘rab bezovta qilgisi kelmadi.
Bir necha soatdan so‘ng g‘or og‘ziga yetib kelishdi. Ziyoratgohga olib boruvchi so‘qmoq shu g‘or yonidan o‘tadi. So‘qmoq yo‘l yuqoriga ko‘tarildi. Gabo pana joy tanladi. Bu yerdan ikki yuz qadam naridan o‘tuvchilarni ham bemalol ko‘rish mumkin. Uning hisobicha, Po‘lkan bilan Pietrko ertalab soat to‘qqizlarda o‘tishlari kerak. G’or atrofi quyuq tuman og‘ushida. Soat o‘nlarda Gabo ot dupurini eshitdi. Dam o‘tmay dovonda Po‘lkan ko‘rindi. Gabo uni mo‘ljalga olib otdi. Po‘lkan bir tebrandi-yu, egarda qoldi.  Uning chap yelkasi yaralangan edi. Shunday bo‘lsa ham otini oldinga haydadi. Gabo Po‘lkan bilan Pietrko ziyoratgohga yakka o‘zlari borishadi deb yanglishgan ekan. Ularning orqasida yana olti otliq paydo bo‘ldi. Ular orasida Murodning do‘sti Sadul ham bor. Qolganlari Murodning tog‘avachchalari bilan do‘stlari.
Hammalari miltiqlarini shaylab, turishardi. Otishma boshlandi. Boshiga o‘q tekkan Sadulning oti old oyoqlarini ko‘tarib, chavandoz bilan birga jarga quladi. Ular toshdan toshga urilib ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Shu payt Pietrko otgan o‘q Gabo mingan otning tizzasini yaraladi. Ot jar labida yiqilib qoldi. Gabo o‘z vaqtida egardan tushib olishga ulgurdi. U Pietrkoni nishonga oldi. O’q otning bo‘yniga tegdi. Pietrko sakrab otdan tushdi. Biroq yaralangan jonivor do‘stlarining yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Bundan foydalangan Gabo sirni fosh qilmaslik uchun jarga o‘z otini itarib yubordi. O’zi qoyalarga tirmashganicha yuqoriga chiqib qutulmoqchi edi. Shu orada Botirbekni qochib qutulishga undadi.
- Mening xohishim shu! Biz ularga bas kela olmaymiz. Ular ko‘pchilik. Sen menga yordam qilishga va’da bergan eding. Endi bo‘ysun! Oting hali baquvvat, qochib qol! Men bir necha kundan so‘ng uyga qaytaman.
Botirbek ikkilandi.
- Senga buyuryapman – qoch!
Botirbek istar-istamas otini burib, qamchi bosdi-yu, shu zaxoti ko‘zdan yo‘qoldi. Gabo esa butun kuchini ishga solib, qoyadan qoyaga tirmashib yuqorilab boraverdi. Uning orqasidan qancha o‘q otishmasin, nishonga tegmadi.
Raqiblari tanib qolishdimi yo‘qmi, u aniq bilmaydi. Balki bu yo‘lto‘sarlikni tog‘da yashovchi biron qabilaga to‘nkab qo‘yishar, degan umidi bor edi. Biroq adirda kunduzi otsiz yurib bo‘lmaydi. Shuning uchun Jimardagi qarindoshlarinikiga borishga qaror qildi. U yerda Tagaurskda nima gap ekanini, undan havfsirashayotibdimi, yo‘qmi, biladi.
Po‘lkanning yarasini tezlik bilan bog‘lashdi.  Ular Gabo bilan Botirbekni tanishmadi. Barchalari bir yerga to‘planishib, qilinajak ishlarning maslahatini pishirishdi. Pietrko Sadul tirikmikin, degan xayolda yolg‘iz oyoq yo‘ldan jarga tushdi. Gaboning otini ko‘rib, darrov tanidi-da, quvonganicha qichqirdi:
- Aka, mana dalil!
U Sadulni ham topdi. Sadulga yordamning hojati yo‘q – u o‘lgan edi. Pietrko  yuqoriga chiqqach, ko‘rganlarini aytib berdi. Ular orqaga qaytib, bo‘lib o‘tgan voqea haqida pristavga xabar berishga, Tagaursk bilan Jimarda tintuv o‘tkazishini iltimos qilishga kelishishdi.
Pristav Tagaurskka borib, ovuldagilar «Gabo kasal, uyida», desa ham uni topa olmadi. Gabo Jimarga yetib kelgani hamon pristav yuborgan unter-ofitser askarlari bilan qishloqqa yaqinlashdi.
Jimar baland tokqa joylashgan. Shu bois Gabo kun bo‘yi piyoda yo‘l bosib, kechqurun yetib kelgan edi. Gabo izma-iz quvib yurishganidan bexabar edi. Jimar Lamardon vodiysiga tutashib ketgan kambag‘algina ovul edi. Ovulni o‘rtasidan kesgan kumushrang daryo havo ochiqligida  yaqqol ko‘rinib turadi. Daryoning u boshidan yalang‘och tog‘ qoyalari boshlanadi. Bu yerlarda mol boqib bo‘lmaydi. Bu qoyalar ortida o‘tkir cho‘qqilarning ikkinchi qatori osmonga bo‘y cho‘zadi. Bu cho‘qqilarga chiqish mushkul. Yana uzoqroqda asriy qor ko‘rpasiga burkangan ikkita baland cho‘qqi ko‘rinib turibdi.
Jimar aholisi  chorvachilik, dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi. Ular orasida badavlat xonadon kam. Gabo kirib kelganda qarindoshlari ovqatlanib o‘tirishardi. U ham o‘tirdi. U ovqatlanib bo‘lay deganda eshik shasht bilan ochilib xonaga unter-ofitser boshliq askarlar yopirilishdi. Ularning izidan Tagaursk oqsoqoli, so‘ng Jimar oqsoqoli bilan uning kotibi ham uyga kirishdi.
Gabo sakrab o‘rnidan turdi-yu, ammo ilojsizligini sezib, joyida qotdi: chunki o‘nlab to‘pponchalar og‘zi unga qaratilgan, eshik va derazalar oldi odamlarga to‘la edi.
«Ha, tutildim! Iloj yo‘q, tamom!»
Shunday deb o‘yladi-da, sir boy bermay,  kiborlik bilan o‘ng qo‘lini papog‘iga qo‘yib, unter-ofitser oldiga keldi. Bir daqiqa turgach, unga ikki qo‘lini uzatdi.
- Janob unter-ofitser, siz mening qo‘llarimni bog‘lamoqchimisiz? - deb so‘radi u jilmayib.
Bu unter-ofitserga masxara bo‘lib tuyulib, askarlarga  «bog‘langlar», deb buyruq berdi.
- Mahkamroq, - ogohlantirdi Elbisd, - bo‘lmasa yana qochib qoladi.
«Nima bo‘lsa ham qochaman», o‘yladi Gabo. U bunday qulay sharoit tog‘ yo‘llari orqali shaharga olib ketishayotganda vujudga kelishiga ishonardi. U tashqi ko‘rinishdan xotirjam edi. Ammo miyasi to‘xtovsiz ishlab, najot yo‘lini istar edi.
Gaboni so‘roqqa tutishdi. Po‘lkanni  otganini tan oldi. Uning yaralangan oti rad etib bo‘lmaydigan dalil edi. Kotib «nima uchun shunday qilding?», deb so‘raganida Gabo kiborlik bilan dedi:
- Nima, senga javob berishim kerakmi?
- Qallig‘ini o‘g‘irlashgani uchun qasos olmoqchi bo‘lgan, - suhbatga Elbisd qo‘shildi. Keyin o‘g‘lining taqdirini bilish maqsadida Gaboga yuzlandi:
- Nima uchun avval Murodni otmading. Axir eng birinchi aybdor Murod edi-ku?
Gabo oqsoqolning tuzoq tashlaganini tushundi.
- Men Murod haqida hech nima bilmayman.
Gaboni shu bugun kechasiyoq shahar qamoqxonasiga olib ketmoqchi edilar. Elbisd tinchligini yo‘qotgan, qalbi azob chekardi. Balki shu yigit o‘g‘lining qotilidir, ammo dalili bo‘lmagani uchun hech nima qilolmaydi. Agar bu yerda unter-ofitser askarlari bilan turmaganda, oqsoqol atrofidagi sodiq odamlarini ishga solib, Gaboni gapirishga majbur qilardi. Qani edi, Gabo bilan yuzma-yuz qolsa-yu, bu mag‘rur va o‘jar yigitning burnini yerga ishqab, azoblay, azoblay jonini olsa!
U unter-ofitserning yordamiga muhtojlik sezib, uni sekin chetga tortdi.
- Janob unter-ofitser, asirni mening o‘g‘limni o‘ldirganini tan olishga majbur qilishning iloji bormi? Bu yovuzlik faqat uning qo‘lidan keladi. Men bunga aminman. U juda xiylakor va ayyor, unga qarshi biror dalil topish qiyin.
- Ha!
- Janob unter-ofitser, agar ruxsat bersangiz, men ayrim usullarimni ishlatib, uni tan olishga o‘zim majbur etardim.
- Hm, hm!
- Janob unter-ofitser, agar asirni o‘n daqiqagina mening ixtiyorimga topshirsangiz, sizga bajonidil o‘n so‘m bergan bo‘lardim.
O’rta bo‘yli, puchuq burun, malorossiyalik kambag‘al oiladan chiqqan unter-ofitser ikkilanib qoldi. Bir tomondan bunday talabni birinchi eshitishi – bu qonun-qoidaga xilof. Yana biror kori hol bo‘lmasin, deb qo‘rqadi. Ikkinchi tomondan, o‘n so‘m pul hazilakam emas.
- Sen nima qilmoqchisan?
- Murodni o‘ldirganini tan olmaguncha oyog‘ini kuydiraveraman, - deb shivirladi Elbisd.
Unter-ofitser cho‘chib tushdi. U barcha rus dehqonlari kabi oqko‘ngil edi, vahshiylikni hazm qila olmasdi. Ammo o‘n so‘m pul… Agar oxiri baxayr bo‘lsa-ku, pul cho‘ntakka tushgani yaxshi-ya. U biroz o‘ylanib dedi:
- To‘xtang-chi, o‘zim bir gaplashib ko‘raman.
U Gabo yotgan xonaga kirib, mahbusga yaqin keldi. Unga ma’nodor qarab turdi. Gabo uning qarashidan bir narsa demoqchi ekanini uqdi. Xayoliga bir fikr keldi.
«Nahotki shu menga yordam bersa? Bo‘lmasa kim? Balki Saiddir?».
Unter-ofitser askarlarning biriga mahbusning qo‘li mahkam bog‘langanmi, yo‘qmi, tekshirib ko‘rishni buyurdi. Arqon mahkam siqib bog‘langani sababli Gaboning bilagini qizartirib yuborgan bo‘lsa-da, askarlarga do‘q urdi:
- Tuzukroq bog‘lashni ham bilishmaydi. Bundaqa  mahbusni hushyor bo‘lib qo‘riqlash kerak. Senlar bo‘lsa…
U qorovulga javob berib, arqonni sal bo‘shatdi. Sekin eshitiladigan qilib so‘radi.
- Puling bormi?
- Oz-moz bor, - shivirladi Gabo.
- Oqsoqoling butun aybingni bo‘yningga olmaguningcha oyoqlaringni kuydirmoqchi. Agar bunga yo‘l qo‘ymasam, xizmat haqqim qancha bo‘ladi?
- Yonimdagi borini olasan.
- Qancha?
Unter-ofitser arqonni yana tugib qo‘ydi.
- Kamzulimda 65 so‘m bor.
- Yaxshi, pulni keyin olaman.
«Yaxshi ish bo‘ldi. Buning puli oqsoqolnikidan olti baravar ko‘p», deb o‘yladi unter-ofitser. So‘ng mehmonxonaga qaytib:
- Talabingni bajarishni hech iloji yo‘q, - dedi u oqsoqolga, – bu yerda guvohlar haddan tashqari ko‘p. Buni bir o‘zim hal qilolmayman. O’zing bilasan, boshliqlarim o‘taketgan qattiqqo‘l.
Askarlar mahbusni olib chiqishga tayyorlanishayotganda, unter-ofitser ustalik bilan Gaboni yolg‘iz olib qoldi-da, vaqtni boy bermay, o‘ng qo‘lini kamzulining yon cho‘ntagiga tiqdi. Biroq hech nima topa olmadi.
- Tagrog‘ida, - pichirladi Gabo.
Unter-ofitser tugunchani topib, darhol yashirdi.
- Meni butunlay qo‘yib yubora olmaysanmi? – so‘radi Gabo.
- Qancha?
- Ikki yuz so‘m.
- Pul yoningdami?
- Yo‘q. Lekin men albatta to‘layman.
- Yo‘q, yo‘q, - uning gapini bo‘ldi unter-ofitser, - bunaqasi bo‘lmaydi! Shundayin ham senga yaxshilik qilaman, deb qonunni buzdim, – dedi-yu, shoshilganicha xonadan chiqdi.
Ikki oqsoqol hovlida o‘zaro gaplashib turishardi.
Janubi sharqdan ko‘tarilgan Oy tog‘lar ustida osilib qoldi.
Unter-ofitser tugunchakdagi pulni sanash uchun pana joy qidirib qoldi. Hovlida sanashning imkoni yo‘q edi.
- Men hozir kelaman, - dedi u oqsoqolga. So‘ng orqa tomonga o‘tib pulni sanadi. To‘g‘ri chiqdi.
«Bu osetin tushmagur to‘g‘ri so‘z ekan», - deb o‘yladi u qaytar ekan. Ko‘p o‘tmay u yo‘lga tushishga buyruq berdi.
Tagaursk oqsoqoli Gaboning odatini bilgani uchun ham, qochib ketadi, deb xavfsiraydi. U jinoyatchini ikki askarga bog‘lab qo‘yishlarini so‘radi. Bu taklif unter-ofitserga yoqib tushib darrov bajo keltirdi.
Yo‘lga tushishdi. Oldinda unter-ofitser. Gabo askarlar qurshovida. Uning bo‘yi boshqalardan bir qarichga baland. Elbisd saf orqasida, otda kelyapti. Ular ovoz chiqarmay, shimol tomonga qarab yo‘lga tushishdi.
Qish kechasi maftunkor va qaytarilmas darajada go‘zal bo‘ladi. Qilt etgan shabada yo‘q. To‘lin Oy yon-atrofni kunduzgiday yoritib turibdi. Oyoqlar ostida qor g‘ichirlaydi. Yalang‘och xarsanglar qor ostida. Chapda Lamardon vodiysi yastanib yotibdi. Vodiy yarim aylana baland tog‘lar bag‘riga borib taqaladi. Pastda tezoqar daryo shovullaydi. Bir yarim soatlardan so‘ng g‘or og‘ziga yetib kelishdi. Bu yerda soy suvlari qoya toshlarini silab-siypab sharq tomonga buralab Lamardon daryosiga qo‘shiladi. Yo‘l ham o‘ngga qayrilib sharqqa, daryo bo‘ylab cho‘zilib ketgan. Yo‘lning u yonini tik qoyalar o‘ragan. Bu qoya yo‘lga soya tashlab turibdi. Yo‘l toraydi. Yo‘lovchilar siqilishdi. Chap tomon jarlik. O’ngda tik qoyalar ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Hammayoq qoya-tosh. Ahyon-ahyonda daraxt uchraydi. Odamlar turnaqator bo‘lib yuqoriga ko‘tarilib borishadi. Ularni bulutlar o‘z bag‘riga oldi. Namiqqan yomg‘irpo‘shlari muzladi.
Ular qoyani aylanib o‘tuvchi yolg‘izoyoq so‘qmoqqa yetib kelishdi. Odamlar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab, qoyani aylanib o‘ta boshlashdi.
“Mana, payti keldi, - o‘yladi Gabo. - Meni Sibirga surgun qilishlarini hech istamayman. Jangchilar panohkori avliyo Georgiy, madad ber!”
Uning o‘ng qo‘li bog‘langan askar qoyani aylanib o‘tdi. Ikkinchisi hali orqada. Gabo burchakka yetib kelib, bir zum to‘xtab qoldi. Qoya tomonga qayrildi. Butun kuchini to‘plab arqonni tortdi. Keyin shasht bilan aylanib, askarlarga bog‘langan arqonni mahkam ushladi-da, o‘zini pastga otdi. O’zlarini o‘nglab olishga ulgurmagan askarlar unga ergashib jarga quladilar. Oldinda ketayotgan askarni Gaboning og‘irligi tortib ketdi. Orqada kelayotgani Gaboning sakrashi va sherigining qulashini ko‘rib, o‘zini shu so‘qmoqda ushlab qolish uchun bor kuchini to‘pladi. Qo‘llari silliq qoya toshdan panoh izladi. Ammo ilojsiz, bu yerda ushlab qoladigan birorta ham narsa yo‘q. U yurakni titratib yuboruvchi dahshatli faryod bilan jarga quladi. Qolganlar ehtiyotkorlik bilan o‘zlarini qoya toshga yaqin olib, pastga yumalab tushib ketayotgan uch odamga to ular ko‘zdan yo‘qolmaguncha qarab turishdi. Barcha dahshatga tushib, to‘xtadi. Keyin shu o‘rtadagi ovuldan yordamga odam chaqirish uchun orqaga qaytdilar. Gabo esa hamrohlari bilan bulutlar osha pastga ucha-ucha birdan  yengilgina turtki sezdi. Arqon daraxt shoxlariga ilindi. Ko‘z yumib-ochguncha vaqt o‘tmadi hamki, daraxt kuch bilan tushib kelayotgan uch kishining og‘irligini ko‘tarolmay tomirlari bilan qo‘porilib chiqdi. U ham shovqin-suron bilan pastga quladi.
Gabo kimningdir suyaklari qisirlab singanini aniq eshitdi. Bir askarning boshi bilan qoyaga urilganini ko‘rdi. «Avliyo Georgiy, o‘z panohingda asra!”, deb iltijo qildi.
Yana nimagadir urilishdi. Bu safar yumshoq narsaning ustiga tushgan Gabo hushini yo‘qotdi. Bir ozdan so‘ng o‘ziga kelgach, qo‘l- oyoqlarini jonsizday sezdi. Ammo hech qayeri og‘rimasdi.
«Meni avliyo Georgiy saqlab qoldi”, - deb shivirladi uning lablari. U hali ham sog‘ qolganiga ishonmas edi. U qo‘l-oyog‘ini qimirlatib ko‘rdi. Yo‘q, hech yeri sinmagan. Gabo tirik qolib, ozod bo‘lganidan qalbi quvonchga to‘ldi. Keyin  yonida yotgan askarga ko‘zi tushdi. Boshi bilan qoyaga urilgan, qonga belangan gavdadan uning odam jasadi ekanligini bilish mushkul edi.  
Gabo tagida askar yotganini sezdi. Uni o‘limdan butazor saqlab qolgan edi. Gabo o‘rnidan turib, baxti chopib sog‘ qolganiga ishonch hosil qildi. U har ikki askarga bog‘langan arqondan o‘zini bo‘shatib, tirik qolgan askarga qaradi. Ko‘rinishidan beli singanga o‘xshaydi. «Yo‘q men unga yordam berolmayman», deb o‘yladi u.
Gabo yerda yotgan miltiqni olib, ikki marta osmonga o‘q uzdi. Uning nazarida yuqoridagilar buni eshitib, o‘rtoqlariga yordam bergani  pastga tushishlari kerak edi. Gabo pul-mul yoki yegulik biror narsa topish niyatida askarning cho‘ntaklarini kavladi. U pichoq, tamaki, bir necha tiyin pul topib, cho‘ntagiga soldi. So‘ng askarning miltig‘i bilan o‘qlarini olib yo‘lga tushdi. Bir soatcha irmoq bo‘ylab yuqoriga ko‘tarildi. Shundan so‘nggina, qorda qolgan izlari sirni fosh qilib qo‘yishi mumkinligi xayoliga keldi. Ta’qibchilarni chalg‘itish maqsadida aniq iz qoldirib orqasiga qaytdi. Keyin suvga sakradi. Tizzasidan keladigan suvni kechib, oqimga qarshi yura boshladi. Oradan bir necha soat vaqt o‘tdi. Sharqdan quyosh  mo‘ralab, Oy ko‘rinmay qoldi. U nafas rostlab, dam olay, degan maqsadda xarsangga o‘tirgan onda birdan odamlarning ovozi qulog‘iga chalindi.
Bu odamlar Gaboning oldidan to‘sib chiqish uchun ehtiyotkorlik bilan pastga tushib kelishardi.
«Nima qilish kerak? Qochaymi, yo‘q, iloji yo‘q», - o‘yladi Gabo.
U miltiq bilan o‘qlarni shox-shabba orasiga yashirib, o‘zi suv ostiga berkindi. Nafas olish uchun faqat burnining uchigina suv yuzasida qoldi. Bu orada bir necha askar pastga tushib o‘zaro gaplashib Gabo yotgan yerga kelishdi. Uning yuragi shu qadar qattiq ura boshladi-ki, nazarida xuddi hozir yorilib ketadiganday edi.
Yo‘q, baxtidan bo‘lib, ular hech nima sezmay o‘tib ketishdi.
Gabo yana biroz kutdi. Keyin muzday suvdan chiqib qurolini oldi-da, yana suv ichidan yurib, yuqoriga ko‘tarila boshladi. U tez-tez yurib, muzlayozgan a’zoi-badanini isitmoqchi bo‘ldi.
Gabo Ksarzanga, Saidning oldiga panoh izlab borib, maslahat so‘rashga qaror qildi.
Quyosh cho‘qqilar osha ko‘tarildi. Gabo dam olish uchun pana yerga yotdi. U kunduz kuni berkinib, kechasi yo‘l yurishga majbur edi. U uyg‘onganida quyosh tikkaga kelgandi. Ochlik sillasini quritdi. Biroq atrofda yegulik biror narsasi ham yo‘q. Baland toqqa joylashgan cho‘ponlar kulbasi esa berk. Qishda cho‘ponlar ketib qolishgan.
Yo‘lda dam ola-ola, ochlik azobiga chidab, olg‘a intilaverdi.
Quyosh botdi.
Yegulik ushoq ham yo‘q.
Atrof faqat tosh-u qor, boshqa hech nima yo‘q.  Chanqasa, qor shimadi. U charchadi, shunday bo‘lsa ham butun kech bo‘yi to‘xtamadi. Tongga yaqin adirga yaqinlashdi. Endi yo‘l o‘rmon orasidan o‘tadi. To‘g‘ri yurish mushkullashdi. Tez-tez dam olishga majbur bo‘ldi. Kuchdan qoldi. O’tirishi bilan mudray boshladi. Uyg‘ongach, ochlikdan o‘zini yo‘qotganday tuyuldi. U daraxt shoxlarida o‘tgan yilgi hosildan qolgan, mevaqoqilarni uzib olib, apil-tapil chaynab yutdi.
«Agar biror hayvonni otganimda xomicha yerdim, - o‘yladi u, - olov yoqishga hech narsam yo‘q».
Ikkinchi marta quyoshning botishini yo‘l azobida ko‘ryapti. Bugun ham tuni bilan yo‘l yurdi. Quyosh yana ko‘tarildi. U adirga yetib keldi. Tog‘ yonbag‘ridagi o‘rmon chetida, so‘nggi yo‘lga otlanish uchun to‘xtab, dam oldi.
Kuara haqidagi o‘ylari unga dalda berdi.
U Saidning oldiga borib to‘yib ovqat yeyishini o‘ylab quvondi.
Ksarzanga yigirma chaqirimcha qoldi. «U yerdan izlamaydilar. Tagaursk bilan Jimardagi qarindoshlarimnikida poylashadi», - deb o‘yladi u. Kunduzi adirda yurishga botinolmadi. Ochlik azobiga chidab, tun cho‘kishini kutdi.
Endi Ksarzanga to‘xtovsiz  yurib borardi. Uning oyoqlariga qo‘rg‘oshin quyulganday –  qadam bosishi og‘ir. Xayolida faqat bir fikr aylanadi:
…ovqat… yegulik biror narsa…    
Nihoyat, Ksarzan ko‘rindi. Ovulga kiraverishda shahardan olib kelib sotuvchi kichkina non do‘koni turibdi. U do‘konga kirib non sotib olib ochko‘zlik bilan yeya boshladi. Do‘kondan chiqayotib Jimarda ushlab olgan unter-ofitserga duch keldi.
- A-xa. Mana sen qayerda ekansan! - deb xitob qildi u.
Gabo bor kuchi bilan uning tumshug‘iga musht urdi. U o‘zini tutolmay yiqilib, nafasi siqildi. Gabo esa bundan foydalanib, qorong‘ulikda g‘oyib bo‘ldi. Unter-ofitser o‘rnidan turib askarlarini chaqirdi-da, Gaboni quvishga tushdi.
- U do‘stining uyiga yashiringan bo‘lsa kerak, – dedi o‘ziga-o‘zi unter-ofitser. Tagaursk oqsoqoli unga Gaboning Ksarzanda tutingan akasi bor ekanini aytgan edi. U bu haqda Ksarzanda kazaklar otryadi turgan pristavga xabar berdi. Pristav shu zahotiyoq oqsoqolni yoniga olib Saidning uyiga shoshildi.
xxx
Bu kecha Said xonasida miltig‘ini tozalab o‘tirardi. Lampa chiroq xonani xira yoritadi.
Birdan deraza tiqilladi. Said eshikni ochishi bilan xonaga Gabo otilib kirdi. Uning rangi oqarib ketgan, ko‘ylagi yirtilgan, kir edi. Faqat ko‘zlari yonardi.
- Said, meni qutqar! Quvib kelishyapti!
Said avval deraza pardalarni tushirib quydi. So‘ng eshikning zanjirini soldi. Keyin turk so‘risini devordan surib, yerto‘la qopqog‘ini ochdi-da «pastga tush», deb Gaboni imladi.
- Hozir taom keltiraman, - shivirladi Said, - bu yerda berkinadigan joy borligini faqat men-u, onam biladi. Har ehtimolga qarshi uni o‘zim kovlaganman. Boshingga tushgan savdoni keyin aytib berarsan.
Gabo hayajondan gapira olmadi. Saidga qo‘l berib pastga sakradi.
Qop-qorong‘i bu yerto‘laning uzunligi yetti, eni to‘rt, chuqurligi ikki qulochcha kelardi. Said havo kirib tursin uchun  tutun chiqadigan tuynukka quvur o‘tqazgan edi. Yerga bir necha taxta tashlanib, devorlarga ham taxta qoqilgan. Pastga ozgina xashak ham tashlangan.
Gabo miltiqni burchakka suyab, yelkasi osha beliga bog‘langan o‘qlar terib quyilgan ikkita kamarni ham yechmay o‘zini xashak ustiga tashladi. Said tuynukni yopib so‘rini joyiga surdi-da, eshikning zanjirini olib qo‘ydi.
«Alloh nomi bilan qasam ichamanki, uni bu yerdan topa olishmaydi!» dedi Said. U yelkasidan og‘ir yuki qulagan odam kayfiyatida edi. Shundan so‘ng oshxonaga kirib, onasining qulog‘iga nimadir deb shivirladi. Ona avvalo o‘g‘liga qo‘rqib qaradi, keyin bosh qimirlatdi. Oshxonada turgan Saidning singillari ham onasiga savol nazari bilan qaradilar. Ammo ular Saidning onasiga shivirlab aytgan gaplarini eshitishmadi. Said onasining tilini tiya olishini, qochoqni qutqarishda unga yordam berishini bilardi. U endi «taomni mening xonamga olib kelinglar», demoqchi edi, tashqarida eshik qattiq taqilladi. Saidning singlisi eshikni ochdi.  Hovliga pristav, ovul oqsoqoli va uzun qora papoq kiygan yigirmatacha kazak kirdi. Ularning qarashlari tund edi.
- Said, - dedi unga oqsoqol, - pristav bilan kazaklar osetin Gaboni qidirib yurishibdi. U sening uyingda bo‘lsa kerak. Sen uni topshirishing lozim.
- Ha, - qo‘shib qo‘ydi pristav, - biz uni shu ovulgacha izma-iz ta’qib qilib keldik. Ovulda uning yakayu-yagona do‘sti sensan.
- Ha, u mening do‘stim, - xotirjam javob qildi Said. – Shuning uchun ham menikiga berkinmaydi. Birinchi bo‘lib uni mening uyimdan qidirishlaringizga aqli yetadi. Agar uning qayerdaligini bilmasam, qanday qilib sizlarga topshiraman?
- Said, - pristav unga yaqin keldi, - qochoq sening uyingda. O’zing bilasan, uni hech qaysi ingush yashirmaydi. Uni yaxshilikcha o‘z xohishing bilan bizga topshir. Kazaklar bilan chorak soat seni yakkama-yakka qoldirib, otxonada ularning qamchilari bilan tanishtirishga meni majbur qilma.
Said tashqi ko‘rinishidan juda bamaylixotir, sir boy bermaydi. Qarashi jonni oluvchi bo‘lsa ham xotirjam gapiradi.
- Butun uyimni, hovlini tinting, uning qayerdaligidan xabarim yo‘q.
Oqsoqol o‘rtaga tushdi.
- Janobi pristav avvalo uyni tintib chiqa qolaylik. Balki rostdan ham Gabo bu yerda yo‘qdir?
- Jim bo‘l, - buyurdi pristav. – Senlar bilan qanday gaplashishni o‘zim bilaman. Qani, menga  uryadnik Yefimovni chaqirib yuboring-chi.
Ko‘p o‘tmay o‘ng qo‘lini papog‘iga qo‘ygan uryadnik paydo bo‘ldi.
- Mana bu mehmondo‘st janobni otxonaga olib chiqib, gapirishga majbur qil. Bunaqa ishga o‘zing ustasan.
Uryadnikning og‘zi qulog‘iga yetdi.
- Bajariladi, - dedi u, keyin Saidga o‘girildi. Saidga yana bir necha kazak ham yaqinlashdi. Said xanjarini chiqarib qat’iy dedi:
- Agar jon shirin bo‘lsa yaqinlashmalaring!
Uning lablari qimtilgan, qoshlari chimirilgan, rangi oqargan holda kazaklar oldida dadil va qat’iy turardi. Kazaklar uning dadilligidan cho‘chibroq orqaga chekinishdi. Said ularning bu ikkilanishidan foydalanib, derazani sindirdi. Mushuk kabi chaqqon sakrab qorong‘ulik qo‘ynida g‘oyib bo‘ldi. Barchalari hovliga otilib, Saidni quvishga tushishdi.
Oqsoqol Saidning onasi bilan singillarini pristavning oldiga so‘roqqa chaqirdi. Ular bamaylixotir turib «begona odamni ko‘rmadik, siz izlayotgan qochoq haqida ham eshitganimiz yo‘q», deyishdan bo‘lak hech narsa bilishmadi. Pristav ikki odamni yoniga olib uyni tintib chiqdi. Har bir javonni, har bir so‘rining tagini, har bir burchakni sinchiklab tekshirdi. Xashaklarning orasini ham tintishdi. Ammo bu urinishlari natijasiz chiqdi.
Bu ishlar oqsoqolga yoqinqiramadi. U shamolga chap berib, ustalik bilan tadbir ishlatishi kerak edi. Oqsoqol  pristav bilan adi-badi aytishishdan qo‘rqardi. Shu o‘rinda o‘zining botirligi bilan tanilgan Saidning yov bo‘lib qolishini ham istamasdi. Shuning uchun ham u Gaboni hamma yerdan izlashga ahd qildi. Ammo bu qidirishlarning natijasiz chiqishini ko‘ngli sezib turardi.
- Janob pristav, - dedi u boshlig‘iga ta’zim qilib, - balki qorningiz ochgandir? Xotinlarga aytib, ko‘nglingiz tusagan taomni tayyorlataymi? Albatta, ko‘p narsani taklif qilolmaymiz, biroq, kabob qilgulik qo‘y go‘shti bilan tuxum, sut topiladi.
- Yaxshi, biror narsa tayyorlat. Men ozgina dam olay.
U Saidning xonasiga kirib, turk so‘riga yonboshladi. Uzoq yo‘l yurib xorigani uchun darrov mudray boshladi.
Said orqada kazaklarning oyoq tovushi eshitilmaguncha qochdi. Keyin to‘xtab, tosh ustiga o‘tirib o‘ylandi:
«Qochishimning hech nafi yo‘q-ku? Ular Gaboni topisholmasa ham uyni qo‘riqlashadi. Men qaytishim kerak. Bo‘lmasa, Gabo och qoladi».
Biroq u kazaklarning qo‘liga tushishni istamaydi. U uyga yashirin holda, pristavning oldiga o‘z xohishi bilan kirishga qaror qildi. Haqiqatan ham u uyga hech kimga sezdirmay kirdi. U xonasiga kirdi-yu so‘rida xurrak otib yotgan pristavni ko‘rdi. Said pristav uyg‘onishi bilan ko‘zi tushadigan yerga o‘tirdi. Uning rejasi tayyor: pristav oldida begunohligini, bir necha haftadan beri Gaboni ko‘rish u yoqda tursin, do‘sti haqida biron gap eshitmagani uchun ham kelganini aytadi.
Said toqat bilan pristavning uyg‘onishini kutdi. Ko‘p o‘tmay pristav uyg‘ondi. Esnab, o‘rnidan turishi hamon Saidga ko‘zi tushib cho‘chidi:.
- Sen... Senmisan? Senga nima kerak?
Said o‘rnidan turdi.
- Men sizning uyg‘onishingizni kutib o‘tiribman.
- Seni kazaklar...
- Yo‘q, meni kazaklar tutisholmadi, - dedi Said. - Men begunohligim uchun oldingizga keldim. Men haqiqatan ham Gaboning qayerdaligini bilmayman.
Pristav unga ishonqiramay qaradi. Lekin “Gabo shu yerda yashiringan” degan fikrining qat’iyligi yo‘qolib, ikkilanib qoldi. Shu vaqt Saidning onasi taom keltirdi. Said uning huzurida turib, kavkazliklar odati bo‘yicha uy xo‘jayini sifatida xizmatda bo‘ldi.
Ovqat paytida Yefimov kirdi. U aybdorning izsiz yo‘qolganini aytmoqchi edi. Saidni ko‘rdi-yu, tili aylanmay qoldi. U garang bo‘lib bir Saidga, bir pristavga qaraganicha  gapirishning ortiqcha ekanini bilib jim turaverdi.
- Menga qara, Yefimov, Gabo uyda yo‘q. Ammo u shu yaqin orada bo‘lishi kerak. Said uning qayerdaligini biladi. Sen yigitlaring bilan shu uyga o‘rnashasan. Biron bir odamning Said bilan, uning onasi, singillari bilan gaplashishiga yo‘l qo‘ymaysan. Said, sen bizni qochoqni topgunimizcha boqasan. Ayt, ikkita qo‘y so‘yishsin. O’zing qarab tur, yana kazaklarimni och qoldirma. Esingdan chiqmasin: men seni otxonaga olib borishga buyruq berganman-a? Hali buyruq o‘z kuchida turibdi. Bekor bo‘lgani yo‘q.
Said onasi bilan singillariga nima qilish kerakligini aytish uchun chiqdi. U chiqishi bilan pristav Yefimovni imlab chaqirib, unga shivirladi.
- Menga qara , Gabo boshqa yerda berkinib yotibdi. U ham ahmoq emas. Saidning uyini birinchi bo‘lib tintuv qilishimizni bilib, bu yerga kelmagan. Lekin u shu yaqin orada Saidning ovqat keltirishini kutayotgan bo‘lishi kerak. Yigitlaringni  shunday joylashtir-ki, uydan hech kim sezdirmay chiqmasin. Agar Saidmi, kampirmi chiqsa iziga tush. Ehtiyot bo‘l, yana sezib qolishmasin. Keyin o‘sha zaxotiyoq menga xabar qil. Endi menga oqsoqolni chaqir.
Oqsoqol ketishga botinolmay, «pristav chaqirib qolar», deb ayvon zinasida kutib turgan edi.
- Menga qara, Gabo shu ovulda. Sen uni topishga yordam berishing kerak.
- Albatta, janob pristav, - dedi oqsoqol ta’zim bilan.
- Demak, yigirmata odamni yoningga olib, har bir uyni, har bir otxonani, hamma yerni tintib chiq. Ertaga bu yigirmata odamingni almashtirib, yana izlaysan. Topmaguningcha qidiraverasan.
- Xo‘p bo‘ladi, janob pristav – dedi oqsoqol, keyin uydan chiqdi.
Ko‘chada  beixtiyor uf tortdi. U tinchlikni sevadigan odam edi. Mana endi yarim ovulni oyoqqa turg‘izib, bu osetinni  izlashga majbur bo‘lyapti. Xuddi Gabo o‘zini «mana men» deb tutib beradiganday. U hech kim o‘ylamagan joyda yotgandir. Buning ustiga Yefimov yigitlarini qorovul qilib qo‘ydi. Uyga biror kimsa sezdirmay kira olmaydi, chiqa ham olmaydi. Yefimovning o‘zi o‘nta yigiti bilan oshxonaga joylashib, taomning tayyor bo‘lishini kuta boshladi. Said singillari ko‘magida boshqa xonaga pristav uchun toza ko‘rpa-yostiq to‘shab, mehribonlik bilan «noqulay emasmi?», deb so‘radi. Uning maqsadi pristavni turk so‘risidan turg‘azish edi. Niyatiga yetdi. To‘shalgan o‘rin pristavga ma’qul kelib, yechina boshladi. Said pristavning etigini tortib, yechishiga ruxsat so‘radi. Pristav yana Yefimovni chaqirib hamma eshik, hamma deraza oldiga qorovul qo‘yilgan-qo‘yilmaganini so‘radi. Yefimov hamma ish u aytganday bo‘lganini aytdi. Pristav qorovullarni kechasi soat ikkida almashtirishga buyurdi. Keyin Saidni o‘zining xonasiga kiritib, ustidan qulflab qo‘ydi-da, kalit bilan to‘pponchani yostig‘ining tagiga yashirdi. Ko‘p o‘tmay Said uning bir tekisda pishillashini eshitdi. Uning kayfi chog‘ edi. Pristavdan ancha-muncha ovqat ortib, endi bu ovqatni do‘stiga yetkazishi mumkin. U chiroqni o‘chirib, so‘rini asta, ovoz chiqarmay surdi. Qopqoqni ochib, shivirladi:
- Gabo!
Javob bo‘lmadi.
Yana chaqirdi:
- Gabo!
Yana jimlik.
U ehtiyotlik bilan pastga sakrab, yon-atrofni paypasladi. «Ha, mana u… Hali badani issiq». Said uni turtdi, hech qanday sado chiqmadi. «U yo‘l azobi bilan ochlikka chidolmay hushidan ketibdi», o‘yladi Said.
Bunday ahvolda Said unga vino berishi kerak edi, afsuski, unda bu narsa yo‘q. Ha, darvoqe, pristavdan qolgan ozgina sut bor-ku! U ehtiyotkorlik bilan yuqoriga chiqib, sutni oldi. Keyin yana pastga tushdi-da, do‘stining boshini paypaslab topib, og‘ziga sut quydi.
Gabo ko‘zini ochib ixrandi Said xavfsirab, Gaboning qulog‘iga shivirladi:
- Gabo, Gabo, bu men akang Saidman, ovoz chiqarma, ehtiyot bo‘l, uyni kazaklar o‘rab olishgan.
Gabo o‘ziga kelib, zaif ovozda dedi:
- Menga ovqat ber. Ular meni uch kundan beri ta’qib qilishyapti. Qornim och.
Said yana mushuk singari pusib yuqoriga chiqdi. Tezda bir burda non, echkining sutidan qilingan pishloq, ikkita tuxum olib, pastga tushdi. Ko‘proq ovqat tayyorlagani uchun onasidan xursand  bo‘lib qo‘ydi. Gabo qizg‘anchiq och yirtqich kabi ovqatga yopishdi. Said uni ogohlantirdi:
- Hammasini yeb qo‘yma. Ertaga ham qoldir. Endi ertaga kechqurun olib tushaman.
Gabo do‘stining gapiga itoat etdi, non bilan moyni bir chetga olib qo‘yib, do‘stiga shivirladi:
- Said, bu tashvishlardan qachon qutularkinman?
- Xudo biladi. Sen xavotir olma. Hammasi yaxshi bo‘ladi.
- Mening o‘zimdan faqat bir o‘tinchim bor: kunim bitguday bo‘lsa, botir yigitlardek, nomusimga gard yuqtirmay o‘lsam deyman.
- Alloh o‘ylagan niyatingga yetkazsin. Endi damingni ol. Men ertaga kechqurun kelaman.
- Menga qilgan yaxshiliklaring uchun Xudo sendan marhamatini ayamasin.
Said yuqoriga chiqib, qopqoqni yopdi-da, so‘rini joyiga surib qo‘ydi. U o‘ringa xotirjam yotdi. Do‘sti xavfsiz. Shu kundan boshlab Saidning oilasi uchun og‘ir hafta boshlandi. Uning o‘zi, oila a’zolarining ham ovuldagilar bilan aloqa qilishga haqlari yo‘q edi. Ularnikiga hech kimni yaqinlashtirishmasdi. Kazaklarni boqish ayollarni ancha urintirib qo‘ydi.
Gabo berkinib yotibdi. Said har kech unga ovqat beradi. U har gal xontaxta ustiga ko‘proq ovqat qo‘yib, qolgan-qutganlarni yig‘ishtirmaydi. U go‘yo pristavdan qolgan ovqatni o‘zi yeyayotganday bo‘ladi.
Kazaklarning kayfiyati yanada tundlashdi. Ovuldagilarning ham tinchi buzildi. Ular majburan qorovullik qiladilar. Doimiy tintuvlar ularning jonlariga tegdi. Ular oqsoqoldan, pristavdan, Saiddan, hammadan ko‘proq Gabodan norozi edilar: «bu osetinga ingushlarning ovulidan bo‘lak berkinadigan yer qurib qolgan ekanmi?! Saidning do‘stini sotmasligi hammaga ma’lum-ku. Shunday ekan, u boshqa ovulda ko‘rinish berib, ularni bu mashmashadan qutqarsa bo‘lmasmidi?!»
Pristav Gaboni tutgan odamga uch yuz so‘m pul mukofoti berilajagini e’lon qildi. Bir haftadan keyin Yefimov pristavga bu yo‘l bilan qochoqni tutib bo‘lmasligini, Saidni gapirishga majbur qilish kerakligini aytdi. Pristav biroz o‘ylangach, rozi bo‘ldi.
- Yaxshi. Bir urinib ko‘ramiz. Uni chaqirgin-da, o‘zing besh-oltita odaming bilan eshik orqasida tur. U xonadan chiqishi bilan mahkam ushlaysan. Yana o‘tgan safargiday qochirib yuborma.
- Xotiringiz jam bo‘lsin, janob pristav. Bu safar qochib qutulib bo‘pti.
- Sen u bilan hazillashma!.. Xipchinlarni ishga sol, gapirmaguncha qo‘ymaysan.
- Xo‘p bo‘ladi!
Yefimov oshxonaga borib, yangi so‘yilgan qo‘yni bo‘laklayotgan Saidni chaqirdi. Keyin eng baquvvat yigitlardan oltitasini olib, eshikning u tomonida shay bo‘lib turdi.
Said kirib eshik oldida to‘xtadi.
- Said, - dedi pristav, -  kazaklarni boqish qiyinlik qilayotgan bo‘lsa kerak-a?
Said javob bermadi.
- Tushunib turibman, erkatoylarim seni xonavayron qilishyapti.
- Nima ham qilardim, janob pristav? - deb yubordi Said. Yigirmata odamni boqishga uning qurbi yetmay qolgan edi.
- O, sen bunga barham berishing mumkin. Gaboning qayerdaligini ayt, tamom, bizdan qutulasan.
- Janob pristav, men sotqin emasman.
- Buni qara-ya, “sotqin emasman” deb o‘zingni fosh qilib qo‘yding-ku. Demak, sen uni qayerda yashiringanini bilasan, lekin qaysarlik qilding-a? Mana, endi qo‘limga tushding!
Said unga alamli nigohini qadadi.
- Said, Gaboning boshi uchun ajratilgan puldan bir qismini senga berishim mumkin. Bunga nima deysan.
Said bor kuchi bilan pristavning ko‘kragiga urdi. U orqasiga uchib tushdi.
- Ablah, iblis o‘g‘li! Sen meni nomusini sotadigan vijdonsiz, deb o‘yladingmi?! - dedi g‘azab bilan Said.
U o‘rmonga qochish maqsadida xonadan yugurib chiqmoqchi edi, ammo Yefimov mushtiga duch kelib, yerga yiqildi. Kazaklar unga yopishishdi. Bir daqiqada uning qo‘l-oyoqlarini bog‘lashdi.
- Xo‘sh, endi otxonaga olib boringlar, - deb buyruq qildi Yefimov. Saidni to‘rt kishi ko‘tarib, hovli orqali otxonaga olib o‘tishdi. U ko‘rinishidan xotirjam bo‘lsa ham, lablari qimtilgan, ko‘zlari bir nuqtaga qadalgan edi.
Otxonada uni yechintirish uchun turg‘izib qo‘yishdi. Bu vaqtda alamiga chidolmagan pristav kelib g‘azab bilan Saidga tashlandi.
- Sen it, ingush, meni haqorat qilishga qanday hadding sig‘di! Itvvachcha! Hali sen menga qo‘l ko‘tardingmi?!
U musht bilan Saidning og‘iz-burni aralash tushirdi.  Said bog‘langan. U og‘zi burnidan oqayotgan qonni arta olmaydi. Ko‘zlari esa g‘azabdan yonadi.
- Ha, men urdim. Ammo men qo‘llari bog‘liq odamni urganim yo‘q! – deb luqma tashladi u pristavga.
Uning ovozida shunchalar mag‘rurlik, shunchalar nafrat bor edi-ki, pristav unga javob bermay, teskari qarab, kazaklarga amr etdi:
- Buyruqni bajarlaring!
Saidning qo‘llaridan arqonni yechishdi. Cherkascha kamzulini yulqib olishdi. Yerga yotqizib, etigi bilan shimini ham yechishdi. U faqatgina  ich ko‘ylakda qoldi. To‘rtta odam uning qo‘l va oyoqlarini tizzasi bilan bosdi. Yefimovning ishorasi bilan Saidga ikki kazak yaqinlashib, xipchinlarni chiqardi.
Yefimov so‘nggi marta so‘radi:
- Balki esingni yig‘ib, Gaboning qayerdaligini aytarsan?
Said javob bermadi. U ukasini sotib qo‘ymaslik uchun ovoz chiqarmaslikka qasd qilgan edi.
- Boshla! - deb buyruq berdi Yefimov.
Said avval xipchinning havoda keskin xushtak chalganini eshitdi. Keyin achchiq og‘riq badanini jimirlatib yubordi. O’n bir-o‘n ikki marta urishlardan so‘ng Yefimov buyruq qildi:
- To‘xta! Gaboning qayerda yashiringanini endi aytarsan. Yoki yana xohlaysanmi?
Yana javob bo‘lmadi.
- Davom et!
Yana xipchin birin-ketin savalay boshladi. Bir necha marta xipchin tushgach, Saidning ko‘ngli aynib, qayt qildi. Keyin hushini yo‘qotdi. Endi u hech nima sezmasdi.
Pristav yaqinlashdi.
- Nima dedi?
- Ovoz ham chiqarmadi.
Pristav «to‘xtatinglar» deganday ishora qilib, Saidga engashdi-da, uning boshini ko‘tardi. Yuzlari ko‘karib ketgan, ko‘zlari nursiz, yarim yumuq, mahkam qisilgan lablarda qonli ko‘pik.
- Muttahamlar! – u kazaklarga tashlandi. – Axir o‘ldirib qo‘yibsanlar-ku! Mana endi ishga tergov bilan gazeta aralashib, mashmasha boshlanadi.
Yefimov pushaymon bo‘lganday boshini egdi. Tiz cho‘kdi. Saidning oyog‘ini bosib turgan ikki kazak esa harakatsiz jasadni o‘ng tomonga aylantirishdi. Yefimov Saidning ko‘kragiga quloq tutdi.
- Yuragi uryapti, janob pristav, - dedi ko‘zlari quvonchdan yonib.
- Bo‘lmasa, sovuq suv sep. O’ziga kelsin.
Saidning boshiga, orqasiga bir necha chelak suv sepishdi hamki, o‘ziga kelmadi. Shundan so‘ng pristav uni uyga olib kirishga buyruq berdi. Saidni hovlidan olib o‘tishayotganda onasi bilan singillari dod-faryod solib unga o‘zlarini tashladilar. Uni ichkariga olib kirib, yerga qo‘ydilar.
Ona ko‘z yoshlarini artib, qizlari yordamida Saidni o‘zining xonasiga olib kirib, so‘riga muk tushirib yotqizdi. U qizlarini yog‘ga yuborib, o‘g‘lining yaralarini yuvdi. Said ko‘zini ochib, onasiga qaradi.
- Ona! – shivirladi u baxtiyor odamning tovushi bilan. Uning mag‘rur jilmayishi qonsiz yuzini yoritganday bo‘ldi.
- Men Gaboni sotib qo‘ymadimmi?
- Siz uning qayerdaligini bilarmidingiz? – qiziqib so‘rashdi singillari.
- Jim bo‘linglar! – buyurdi kampir.
- Xudoga ming qatla shukur, - dedi u o‘g‘liga. – Alloh sening sadoqatingni saqladi.
U shunday degach, yaralarga malham qo‘ydi.
Kutaverib hafsalasi pir bo‘lgan pristav ertaga ovuldan chiqib ketishga qaror qildi. U boshliqlariga qochoqni topa olmadik, uning berkinishiga xaloyiq yordam ko‘rsatdi, deyishni diliga tugib qo‘ydi. Buning uchun ovulga katta jarima solishga maslahat beradi. U Yefimovni chaqirib, ertalab ovuldan jo‘nash uchun tayyorgarlik ko‘rishni tayinladi.
- Mayli, bugun odamlar dam olsin. Qorovul qo‘yishning ham foydasi yo‘q.Baribir bu ablax Saiddan bir narsani bilib bo‘lmaydi.
So‘rida yotgan Said alaxsirayapti. Yuzlari dokadek oqarib ketgan. Do‘sti eshitib qolmasligi uchun o‘qchimaslikka harakat qiladi. Kechqurun onasi qorovullar qo‘yilmaganini payqab, buni o‘g‘liga aytdi. «Kazaklar ovul ko‘chalarida sayr qilib yurib, do‘konga kirib tamaki olib, otlarni safarga tayyorlashyapti» - dedi.
Saidning singillari pristavga ovqat tayyorladilar. Pristav hovliga chiqib oqsoqolga ko‘zi tushdi. Oqsoqol biror buyruq bo‘larmikan, degan xayolda kelgan edi. Saidga berilgan jazo, uning og‘iz ochmasligi, kazaklarning ertalab ketmoqchiligi haqidagi xushxabar ovulga tarqalgan edi.
- Menga qara, oqsoqol. Ertaga tongda biz ketamiz. Men kattalarimga «Gabo senlarning yordamingda qochib qutulgan», deyman.
- Axir, janob pristav?
- Jim bo‘l! Men bu gapni ikki haftadan keyin boshliqlarga yetkazaman. Agar shu vaqtgacha Gaboni tutmas ekansanlar yoki  qayerdaligini bilib bizga xabar qilmasanglar ovulga uch yuz so‘m jarima solamiz. Agar Gaboni tutib bersanglar yoki qayerdaligini xabar qilsanglar, boshliqlarga aytmayman, Gaboning boshi uchun  ajratilgan pul sizlarga tegadi.
Oqsoqol ta’zim qilib, chiqib ketdi. Uning yelkasiga yana og‘ir g‘am yuki yuklandi. Ovulning keksa, hurmatli kishilarini to‘plab ularga pristavning gapini yetkazdi. Hamma hayron qoldi: nima qilishsa ekan? Gaboni tutishmasa, ovul ahli uch yuz so‘m to‘lashi kerak.


Tun. Hamma uyquga  ketdi.
Qo‘shni xonada pristav xurrak otyapti. Faqatgina Saidning onasigina mijja qoqmay, o‘g‘lining yonida o‘tiribdi. Said yarim tunda o‘ziga keldi. U o‘g‘liga kazaklarning ertalab ketajagini, Gabo topilmasa ovulga jarima solinishini aytib berdi.
Buni eshitib, Said hayajonlandi.
- Ona, Gabo shu tun chiqib ketishi kerak…Endi bu yer xavfli. Biz pristav bilan uryadnikni laqillatdik. O’zimiznikilarni aldash qiyin. Unga mening miltig‘imni bering, qancha imkoni bo‘lsa, shuncha o‘q olsin. Non bilan pishloq bering. So‘rini suring. To‘xtang, men turay.
Said qiynalib o‘rnidan turdi. Devorga suyandi. Ona so‘rini surib qopqoqni ochdi. Gabo yuqoriga chiqib, Saidga ko‘zi tushdi.
- Said, senga nima bo‘ldi?.. Tobing yo‘qmi?
Said javob bermay do‘stiga ma’nodor qaradi. Uning qarashida ham quvonch, ham mag‘rurlik porlar edi.
- Juvonmarglar! Bechorani shu ahvolga solishdi, - gapga qo‘shildi ona so‘rini joyiga surib qo‘ygach. - Lekin u senga sodiq qoldi,  churq etmadi.
Uning so‘zlarida mag‘rurlik va yovga nisbatan nafrat bor edi. Kampir Gaboning yo‘liga olvolishi uchun ovqat tayyorlagani chiqib ketdi.
- Said!
Gabo unga yaqin keldi.
- Said!
U boshqa so‘z aytolmay qoldi. Shuning o‘zi Said uchun katta mukofot edi. Gaboning butun minnatdorchiligi ana shu bir so‘zda ifodalangandi:
…dahshat, qahru-g‘azab, minnatdorchilik, hamkorlik….
- Gabo, - dedi Said, - esingda bormi, sen mening bo‘rkimni o‘g‘irlaganingda men orqangdan quvgan edim. O’shanda ishonmagan eding. Endi menga ishonasanmi?
- Ha, ishonaman. Men bir umrga senikiman.
Saidning turishga qurbi yetmasdi. Gandiraklab borib so‘riga muk tushib yotdi.
- Yaqinroq kel, gaplashib olaylik.
Gabo tiz cho‘kib, miltig‘ini oldiga qo‘ydi. Tirsagini so‘riga tirab, do‘stiga engashdi.
- Gabo, sen shu tunda bu yerdan ketishing kerak. Sening boshing uchun katta pul va’da qilishgan. Agar seni tutisha olishmasa, ovulga uch yuz so‘m jarima solishadi. Bu yerda qolishing xavfli. Mening Qabardada bir ukam bor. U knyaz Arasbiyevnikida o‘rmonchi bo‘lib ishlaydi. Ismi Murod Pshaboyev. Mana bu uzukni bersang, men yuborganimni biladi. Qo‘lidan kelgan yordamini ayamaydi.
Said barmog‘idan qandaydir tilda turli yozuvlar o‘yilgan eski oltin uzukni chiqarib, Gaboga berdi. Gabo chap qo‘lining barmog‘iga  soldi.
- Rahmat, Said! Agar Parvardigor menga hayot in’om etsa, senga xuddi hozirgiday yaqin bo‘laman. Men uchun yegan kaltaklaringning izi yuragimdan hech qachon o‘chmaydi. Agar kunim bitguday bo‘lsa, shunday o‘lamanki, sen men bilan faxrlanasan. Said, men sen bilan faxrlanaman. Xudo karomat qilgay. Men shunday o‘lay-ki, bolalar, bolalarning bolalari har doim Saidning tug‘ishgan ukasi Gaboning qanday halok bo‘lganini eslab yurishsin!
Bu orada Saidning onasi kirib, qopchiq keltirdi. Gabo uni yelkasi osha tashlab, kampirdan bezovta qilgani uchun kechirim so‘radi.
-Gabo, tong otishiga oz qoldi. Tezroq bo‘l. Tong otmay ovuldan chiqib olishing kerak. Mening miltig‘imni ol, ana osig‘liq turibdi. – U devorga ishora qildi. – Sening miltig‘ing tozalanmagan, o‘qing ham oz. Uni shu yerda qoldir. Qancha xohlasang, shuncha o‘q ol. O’qlar javonda.
- Said, bilasanmi… - u boshqa so‘z aytolmadi.
- Bilaman, Gabo, bilaman.
Gabo Saidning miltig‘ini olib, uning o‘rniga o‘zinikini ilib qo‘ydi. Keyin beli va yelkasi osha tashlangan kamar-o‘qdonni o‘qlar bilan to‘ldirdi.
- Xayr, Gabo!
- Xayr, Said…
Ular so‘nggi bor bir-birlarining ko‘ziga xotirjam va jiddiy qaradilar. Gabo Saidning qo‘lini mahkam qisib, esladi: U Saidni birinchi bor ko‘rganda ham uning ko‘zlari mana shunday sof tuyg‘u bilan boqar edi. Said o‘z qasamiga sodiq qoldi.
U eshik oldida orqasiga qaradi…
Gaboning nazarida Saidga yana bir bor qarashi tufayli qalbida do‘st siymosi chuqur iz qoldirishi kerak edi.
Ochiqko‘ngil Said mehr bilan jilmaydi.
Gaboning ko‘ngli orziqib ketdi. Nazarida do‘stini qayta ko‘rmaydiganday tuyuldi. U tiz cho‘kdi-da, Kuara bergan uzukni chiqarib, Saidning barmog‘iga taqib qo‘ydi.
- Said, agar men o‘lsam, Kuaraga uylan. Unga bu mening so‘nggi xohishim ekanini aytib, uzukni ko‘rsat.
- Gabo… Gabo!
Saidni allaqanday qarama-qarshi tuyg‘u chulg‘ab oldi.
U Kuarani butun qalbi, kavkazliklar qoni bilan sevardi. U tutingan ukasiga xiyonat qilmaslik uchun Kuaradan voz kechgan edi. Kuara yana uning hayot yo‘liga qadam bosyapti!
- Yo‘q.. .yo‘q. Alloh umringni uzoq qilsin, - dedi u hayajon bilan.
Gabo tezgina uydan chiqib, qorong‘ulikda ko‘zdan yo‘qoldi.
«Said meni qutqaraman deb shunchalar azob chekibdi». Bu fikr uning quloqlari ostida tinimsiz jaranglardi. Gabo bo‘rkini qanday o‘g‘irlaganini, uning do‘stlashish uchun quvib yetib olganini, unga ishonmaganini, Saidning ishontira olganini esladi. Mana endi… Endi Said do‘stini qutqaraman, deb azob chekib yotibdi.
Gabo Rossiyani tark etishni xayol qildi. U katta dengizning narigi betidagi mamlakatga boradi. U yerda hech kim uning qanday jinoyat qilganini surishtirib o‘tirmaydi. Gabo u yerda yangi, halol hayot kechirishga ahd qildi. U fabrikada ishlaydi. Keyin Kuarani chaqirib oladi. U o‘zining katta, kuchli qo‘llariga qaradi.
- O’zim bilan Kuarani boqishga mening qurbim yetadi.
Sharq tomon oqarib qolgan edi. Gabo buni ko‘rib, xavotirlandi. Uning ajoyib xayollari xurkak mushuk kabi bir zumda tarqadi. Kunduz kuni adirda yura olmaydi, butun ovul bo‘ylab Saidnikiga qaytish ham mumkin emas.
U ovuldan yarim chaqirim narida, nok daraxti yonida bir vaqtlar murdalar ko‘miladigan daxma borligini esladi. Kunduzi o‘sha yerda berkinadi. Kechasi yo‘l yuradi.
Ovulning cho‘poni bugun uyida emas,  Kota degan bir semiz bevaning uyida tunagan edi. Ular yaqinda nikoh o‘qitishadi, degan mish-mishlar yurardi. Qorong‘uda uyiga qaytayotganida ovul ko‘chasida qurollangan odamning qorasini ko‘zi ilg‘ab qoldi.
- Bu hamma qidirayotgan Gabo emasmikin? - degan fikr miyasida yarq etdi.
Cho‘pon Gaboning izidan tushib, uning ilohiy nokka yaqinlashganini, keyin daxmaga deraza osha kirganini ko‘rdi.
Tun qorong‘uligi o‘rnini salqin tongga bo‘shatib berdi. Hali kunchiqar tomonda shafaq ko‘rinmas, ammo g‘ira-shira osmon bilan adir ajralib turardi.
«Berkingan odam Gabo bo‘lishi kerak, - qaror qildi cho‘pon. - U endi yo‘lga faqat kechasi chiqishi mumkin. Uning boshiga beriladigan uch yuz so‘m pul men bilan beva Kotaga juda asqotadi».
U bir qarorga kelib bo‘ldi. Cho‘pon Gaboning yoshligini, uning botirligini xayoliga ham keltirmadi. Uning vijdoni qochoqni himoya qilishga chorlamadi. U qochoqni sotishga uyalmadi. U uch yuz so‘m pulga ega bo‘lishni istardi.
Cho‘pon oqsoqolnikiga yo‘l oldi. Hali hamma uxlab yotardi. U otlarni ikkita yordamchi bolaga qoldirib kutdi. U hovlida u yoqdan bu yoqa yurdi, ayvon zinasiga o‘tirdi, oxiri chiday olmay derazani taqillatdi.
- Nima gap? – dedi oqsoqol uyquli ovozda. - Kim u?
Cho‘pon kimligini aytdi.
- Namuncha ertalabdan kelmasang, senga nima kerak?
Oqsoqol derazani ochdi.
- Juda muhim ish, juda muhim, - cho‘pon yon-atrofga alangladi. – Men qochoqning qayerga yashiringanini bilaman.
- To‘xtab tur-chi, men hozir chiqaman, - dedi sekingina oqsoqol, keyin derazani yopib, hovliga oshiqdi.
- U qayerda?
- Avval menga uch yuz so‘m mukofot tegishi to‘g‘risida tilxat bering. Keyin aytaman.
Oqsoqol yarim pulni o‘ziniki qilib olmoqchi edi, bo‘lmadi. Cho‘pon qaysar chiqdi.
- Agar menga bu pullarni berishmasa, qochoqning oldiga boraman. Sotmaganim uchun menga ming so‘m beradi, - qo‘rqitdi cho‘pon.
Oqsoqol ovul boshiga solinadigan jarimani o‘ylab yon berdi.
- Yaxshi, mukofot seniki bo‘ldi. Qochoq qayerda?
- Avval tilxat bering, keyin Gabo yashiringan yerni ko‘rsataman.
Oqsoqol ketdi. Bir necha daqiqadan so‘ng tilxat bilan qaytdi.
Tilxatni cho‘ponga berdi. Cho‘pon uni kamzuliga avaylab solib, oqsoqolga yaqinlashdi:
- Ilohiy nok ostidagi daxmada,-dedi sirli ravishda pichirlab.
Oqsoqol o‘ylanib qoldi.
«Yaxshi hamki, pristav bilan kazaklar hali shu yerda. Bugun quyosh bir kishi uchun emas, bir qancha odam uchun so‘nggi marta nur sochadi».
Oqsoqol cho‘ponga uyma-uy yurib, barcha erkaklarni boshqarmaga to‘plashni buyurdi. Nima gap ekanligini zinhor aytmaslikni ta’kidlab, o‘zi pristavning oldiga yo‘l oldi.
Gabo esa hech narsadan xavfsiramay tezroq tun bo‘lishini kutib, daxmada o‘tirardi. U o‘zini bu yerda xavfsiz sezdi. Bu yerdan odamlar cho‘chishar edi. Shuning uchun ham uni bu yerdan izlashmaydi.
Bir necha soatlardan so‘ng deraza osha ichkariga bir nimaning soyasi tushganday bo‘ldi. Gabo o‘rnidan turib, atrofga qaradi: bir bola daraxtni pana qilib pisib daxma tomon kelardi. «Josus!» o‘yladi Gabo. Miltig‘ini oldi, biroq shu zahotiyoq yana joyiga qo‘ydi.  Bolani otishga qo‘li bormadi.
Gabo tinchini yo‘qotdi. Xavotirga tushib, deraza oshganicha tashqariga chiqdi. Atrofga nazar tashladi. Uning qarshisida janubda bepoyon adir. G’arb tomoni ham adir, oxiri ko‘rinmaydi. Sharq tomoni ovul. Shimol tomoni esa… U shoshib orqasiga qarab oldi-da daxmaga qaytdi.
Pristav boshliq kazaklar bilan bir necha ingush katta doira shaklida daxmani o‘rab olishdi. Ular yurib kelishardi. Ular bugun otishma bo‘lishini yaxshi bilishardi. Oqsoqol daxmaning faqat janubida deraza borligini aytgani uchun ham ular shimol tomondan yaqinlashib kelishardi.
Gabo buni payqab qolib, sotishganini tushundi.
«Qanday qilib qochib qutilish mumkin?»
Kazaklar bilan ingushlarda ot bor. Unda esa yo‘q. Qolaversa hozir qish, hammayoq qor. Yoz bo‘lganda baland o‘tlar orasiga berkinardi. O, qani endi tungacha chidashning iloji bo‘lsa…Yo‘q, imkon bo‘lishi qiyin.
Gabo kuni bitganini sezdi. O’z-o‘ziga «boshqa yo‘l yo‘q!» deb dalda berdi. Endi u shunday o‘lishi kerak-ki, Said uning nomi bilan faxrlansin. Kechalari gulxan atrofida bolalar, ularning bolalari bir-birlariga Gabo Yavziko o‘g‘lining qanday halok bo‘lganini aytib berishsin. U Said uchun qasos olishga, hayotini qimmatroqqa sotishga qaror qildi.
«Men u dunyoga yakka o‘zim ketmayman. Ancha-muncha odam menga hamroh bo‘lib, Gabo Yavziko o‘g‘li kelayotganidan xabar beradi». Gabo qo‘liga miltiq olib, daxmadan chiqdi. U raqiblariga dadil qaradi.
Uning mardona turishi yigitlik jasorati, Qofqaz botirlari go‘zalligining timsoli edi: yelkalari keng, baland bo‘yli, qomati kelishgan, qora papog‘i sal orqaga tashlangan, keng peshonasi ochiq, ko‘zlari jonsarak. Bu ko‘zlarda yoshlik qahramonligining o‘ti bor. Uning bu turishi shu topda afsonaviy bahodirlarni eslatadi. U o‘ng oyog‘ini sal oldinga tashlab, miltiq tepkisini bosishga tayyor holda ushlab turardi. Gabo derazadan mo‘ralagan bolaning pristavga allanimalarnidir aytib, qo‘li bilan u tomonni ko‘rsatganini, pristavning bosh qimirlatganini, so‘ng bolani ketkazib yuborganini ko‘rdi.
Ovul tomonda yana otliqlar ko‘rindi. Ular bir qator tizilib, tezroq daxmani o‘rab olish uchun ot choptirib kelardilar. Ular kazaklar davrasiga kelib qo‘shilishgach, otlarini sekinlatdilar. Qurollarini boshlari uzra silkib, qabilalarining harbiy shiorini qichqirib aytdilar.
Gaboning atrofini  o‘rayotganlar doirasi birlashdi. Uning qahramonona halok bo‘lishdan boshqa yo‘li qolmadi. Gaboning lablarida zaharli jilmayish paydo bo‘ldi.
«Tiriklayin qo‘lga tushirishib bo‘pti! Gabo o‘zini Sibirga haydalib, konlarda ish azobida xo‘rlanishiga yo‘l qo‘ymaydi!» -deb o‘yladi u.
Pristav Gabo bilan muzokara olib borish uchun oldinga chiqib qo‘lini ko‘tardi.
- Gabo, taslim bo‘l, sen qurshovdasan!
Gabo taslim bo‘lmaydi.
- Menga qara, pristav, ingushlar, sizlar ham eshitinglar: mening sizlarga qarshi hech qanday yomon niyatim yo‘q. Bizning urug‘larimiz orasida hech qachon  qon to‘kilmagan. Nima uchun meni o‘ldirmoqchisizlar? Meni qo‘yib yuboringlar, o‘z yo‘limdan qolmay, endi bu yerlarga hech qaytib kelmayman.
- Yo‘q, Gabo, taslim bo‘l!
- Ha, shunday degin, bo‘lmasa, mana bu Said uchun!
Gabo mo‘ljalga olib tepkini bosdi, pristav chap qo‘li bilan yuragini ushlab, egardan yiqildi.
- O’t och! – buyruq berdi Yefimov. Gaboning atrofidan o‘qlar hushtak chalib o‘tdi. U miltig‘ini o‘qlab yana mo‘ljalga oldi. Bu safar Yefimov quladi. U biroz tipirchiladi-yu, keyin cho‘zildi.
Yovvoyitabiat, jasur kazak bittaga kamaydi. Kazaklar bilan ingushlar to‘xtovsiz otaverdilar. Ular Gaboning aniq mo‘ljalga olayotganini ko‘rib, yaqinlashishga yuraklari betlamadi. Ular yomon otardilar.
Gabo iltijo qila boshladi:
- Yo Xudo, madad ber, o‘zim yiqilguncha bu jangda yana bir nechtasini u dunyoga jo‘natay. Avliyo Georgiy, yana bir nechasini otishimga o‘zing yordam ber.
Keyin u o‘ylab qoldi: «Bu itlar yana meni qo‘rqayapti, deb o‘ylamasin».
U qah-qah otib  kulganicha, «lezginka»*ga tusha boshladi.
Kazaklar hayratda qolib, otishni to‘xtatdilar. Ingushlarning esa unga havasi keldi.
«Qahramon sifatida o‘lmoqchi», - deyishdi to‘planganlar.
Gabo hamon raqsga tushardi.
-----
*Lezginka – kavkazliklarning sevgan raqsi.


U o‘lim oldida raqsga tushyapti.
Yuzlab miltiqlar unga o‘lim ko‘zi bilan olayib qarab turibdi.
Avvallari bayramlarda, to‘ylarda uning oldiga tushadigan raqqos bo‘lmas edi. Uning har bir harakati qo‘shiqdagi so‘zlar kabi his-hayajonini ifoda etardi. Uning qiz atrofida aylanishini zerikmay tomosha qilish mumkin edi. Endi u ajal bilan raqsga tushyapti. U qo‘llarini uzatib, xuddi qadrdon ovulida qorako‘z go‘zal Kuara bilan raqsga tushayotganday his qildi o‘zini.
Kuara!
Birdan uzoqdan o‘q ovozi eshitildi, yengil oq tutun ko‘tarildi. Gabo atrofidan hushtak chalib o‘tayotgan o‘qlarning ovozini eshitdi. Shunga qaramasdan u «lezginka»ni oxirigacha o‘ynadi.
Raqs tugagach, qaradi-ki, ingushlar ancha yaqin kelib qolishibdi.
U miltiq o‘qtaldi.
- Orqaga!
Shu payt ingushlarning biri uni nishonga olayotganini ko‘rdi. To u nishonga olguncha Gabo tepkini bosishga ulgurdi. Jonsiz ingushning qo‘lidagi miltiq sirg‘alib yerga tushdi.
Yana otishma boshlanib ketdi.
Tepalikka yarim ovul to‘plandi. Ayollar, qariyalar, bolalar bu tengsiz jangni kuzatishardi. Ular orasida Saidning singillari ham bor edi. Ularning biri kampir berib yuborgan tugunchani ko‘tarib olgan. Tugunchada Saidning miltig‘iga mos keladigan o‘qlar bor. Kampirning o‘zi bu yerga kela olmadi. U alaxsirab yotgan o‘g‘li oldida o‘tirardi.
Gabo esa bir o‘zi ikki yuz-uch yuz raqibi bilan olishardi. Uning o‘qlari ko‘pincha bexato tegadi. Shuning uchun hamon yaqin kelishga  kazaklarning yuragi betlamaydi.
Bir necha kazak og‘ir yaralandi, bir necha ingush qonga belandi. Biroq Gaboga o‘lim yaqinlasha olmayapti. Faqat uning o‘qlari tugay deyapti. Dushmanlarning ayni muddaosi ham shu. U yana ham sergakroq nishonga ola boshladi. Yana ikki kazak ko‘kragidan o‘q yeb egardan yiqildi. Gabo ularning jonsiz yotganini ko‘rdi.
Bu orada Kerik ismli ingush orqadan kelib otdi. O’q Gaboning o‘ng tirsagiga tegdi. Endi uning qo‘li kuchsiz, singan edi. Gabo o‘girildi-da, ko‘zlari yonganicha miltiqni chap yelkasiga oldi. Chidab bo‘lmaydigan og‘riqqa bardosh berib, o‘ng qo‘lini ko‘tarib tepkini bosdi. Kerik peshonasidan o‘q yeb, bo‘shagan qopday orqaga shalvirab tushdi.
Endi Gabo sekin ota boshladi. Miltiqni o‘qlash, tepkini bosish undan ko‘p chidam, bardosh talab qilardi. Undan tashqari so‘nggi o‘qini ham otib tugatdi. Shu payt havoda tuguncha ko‘rindi-yu, uning oyoqlari ostiga kelib tushdi. Saidning singlisi shimol tomondan nok daraxtini panalab kelib, onasining topshirig‘ini bajargan edi.
U tugunchani olish uchun egilgan ham edi-ki, avval o‘ng ko‘kragiga, keyin o‘ng dumbasiga o‘q tegdi. Ko‘z oldi qorong‘ulashib o‘tirib qoldi. U kuni bitishi yaqinlashganini sezdi. Gabo avliyo Georgiyga iltijo qilib, u dunyoga ketmay turib yana bir dushmanini jahannamga jo‘natishga yordam berishini so‘radi. Uning iltijosi ijobat bo‘ldi.
Raqiblar uning yaralanganini sezib, tobora yaqinlasha boshlashdi. Yefimovning do‘stlaridan biri, o‘rtog‘i uchun qasos olish niyatida, qilich yalang‘ochlab, yaradorga ehtiyotlik bilan yaqinlashardi. U yaradorni chopish uchun qilich ko‘tarishi bilan Gabo ko‘zini ochdi-yu, miltiq bilan o‘zini to‘sdi, keyin qo‘ndoq bilan uning boshiga shunday zarb bilan urdi-ki, kazak til tortmay jon bera qoldi.
- Avliyo Georgiy o‘zingga shukur! – shivirladi Gaboning lablari.
Gabo hushidan ketayozgani uchun o‘zidan o‘zi uyaldi. U yurishni istardi. Miltiqni o‘qlashga esa uning qurbi yetmasdi. Shuning uchun uni keraksiz yukday chetga tashlab, xanjarini qinidan sug‘urdi. Gabo oqsoqlanib, xaloyiq to‘plangan tepalik tomonga yurdi.
Nahotki u hali ham qutulishni o‘ylasa?
Yana uning atrofidan o‘qlar hushtak chalib o‘tdi.
Birdan uning o‘ng qo‘li ixtiyorsiz yuqoriga ko‘tarildi. Uning jag‘iga o‘q tekkan edi.
Gabo yana o‘tirishga majbur bo‘ldi. Biroq uning chap qo‘li xanjarni mahkam ushlagan. Ko‘zlari dushmanga g‘azab va nafrat bilan boqardi.
Kerikning akasi ot choptirib kelib, Gaboning ikki ko‘zi o‘rtasiga qilich soldi.
G’iring degan tovush chiqmadi. Gaboning ko‘zlariga qon to‘lib, ko‘r bo‘ldi.
Yana bir ingush ot choptirib kelib qilich soldi. U Gaboning chap qulog‘i bilan boshining chap tomonini uchirib ketdi.
Saidning singillari dugonalari bilan birga faryod solib, Gaboni himoya qilgani tashlanishdi. Lekin kazaklar yo‘l berishmadi. Otishmada qatnashganlarning har biri Gaboning qonga bo‘yalgan tanasiga xanjar sanchishni istar edi.
Hali undagi hayot nishonasi so‘ngani yo‘q. Uning xanjar ushlagan chap qo‘li xuddi dushmaniga hamla qilayotganday asta qimirlab qo‘ydi.
Kerikning akasi baland tovushda dedi:
- Saidning tutingan ukasi Gabo qahramonlarcha halok bo‘lyapti, - u shunday deb Gaboning botir yuragiga xanjar sanchdi.
Gabo endi hech narsani ko‘rmaydi ham, eshitmaydi ham. Ammo so‘nggi so‘zlarni eshitdi. Shuning uchun ham uning yuzida mag‘rur kulgu qotib qoldi.
Ingush uning o‘ng qulog‘ini kesib, qonli qasos olganining nishonasi sifatida cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
Yavzikoning o‘g‘li Gabo ana shunday halok bo‘ldi.

* * *

Said hali hayot. Uni hamma hurmat qiladi.
Gabo halok bo‘lgach, uning boyliklarini kavlab oldi. Bu boyligini qofqazliklarga, agar shunga loyiq bo‘lishsa, qaysi qabilaga mansub ekaniga qaramay, yordam berishga ishlatadi. Ayniqsa, u bilim olmoqchi bo‘lgan yoshlarni ko‘p qo‘llab-quvatlaydi.
Said Kuaraga uylandi. Ko‘p farzand ko‘rdi.
U qora ko‘z, chiroyligina katta o‘g‘liga Gabo deb ism bergan.
Said Gaboning ukasi Muhammadga alohida mehr qo‘ygan. Muhammad esa unga sodiqligi bilan javob beradi.

Tohir Malik tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.