OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Volfgang Borhert. Non (hikoya)

Ayol to‘satdan cho‘chib uyg‘ondi. Soat tungi ikki yarim edi. Nazarida oshxonada kimdir nimagadir turtinganday bo‘ldi. O‘sha tarafga quloq osdi. Jimlik edi. Shu qadar jimlikki... U qo‘llarini yoniga tashladi, bo‘m-bo‘sh. E-ha, ana gap qayoqda ekan. Ayolning nafasi ichiga tushib ketdi.
U asta o‘rnidan turdi va qorong‘i xonani bir-bir bosib, oshxonaga kirdi. U yerda nimadir oqarib ko‘ringanday bo‘ldi. Chiroqni yoqqan edi, qarangki, eri... Endi ular ichki ko‘ylakda, tungi soat ikki yarimda, yana oshxonada bir-birlariga ro‘baro‘ turishardi.
Oshxonadagi stol ustida non solingan likopcha turar, unda kesilgan non va pichoq bor edi. Oyog‘idan sovuq o‘tganday bo‘lib, ayol junjika boshladi.
— Oshxonada kimdir yuribdimikan, deb o‘ylabman, — dedi eri atrofga jovdirab.
— Mening qulog‘imga ham nimadir chalinganday bo‘ldi, — dedi ayol va shu damda erining ko‘ylakchan juda qarimsiq ko‘rinishiga ajablandi. Oltmish uch yoshga kirdi-da, o‘ziyam. Kunduzi sal yoshroq ko‘rinadi.
“Kampirim ham qarib qolibdi, — deb o‘ylardi erkak ham shu tobda. — Ich ko‘ylakda yanayam keksayib ko‘rinarkan, tavba”.
— Oyog‘ingga biror narsa ilib olsang bo‘lmaydimi? Shunday sovuqda yalangoyoq turibsan-a, shamollab qolasan-ku, — dedi u.
U eriga qaramadi ham. Shunaqa yolg‘on so‘zlasa, chiday olmaydi. Axir bir yostiqqa bosh qo‘yganlariga o‘ttiz to‘qqiz yil bo‘lyapti-yu, haliyam til uchida so‘zlaydi.
— Qara-ya, oshxonada kimdir yuribdi, debman, — eri shunday deb, xonaning u burchidan bu burchiga bema’ni tikildi. Kimningdir ovozini eshitganday bo‘ldi.
— Menga ham shunday tuyuldi, — ayol dasturxondagi uvoqlarni qo‘li bilan to‘play boshladi. — Har qalay, hech kim yo‘q ekan-ku.
— Rost aytasan, hech kim yo‘q ekan, — erining ovozi g‘ayritabiiy chiqdi.
Ayol eriga achindi:
— O‘rninggga yota qol, o‘sha taraqlagan narsa tashqarida ekan, shamollab qolmagin tag‘in.
Er deraza tarafga qaradi.
— Ha, tashqarida bo‘lsa kerak.
Ayol likopcha tarafga qaragisi kelmay, chiroqni tezroq o‘chirishni istardi.
— Albatta tashqarida, qaerda bo‘lardi. Shamolda tarnov devorga tegib, taraqlab turadi. O‘sha tarnov bo‘lsa kerak.
Ular qorong‘u yo‘lakdan qaytib, yotoqxonaga o‘tdilar.
— Ha, o‘ziyam shamol tuni bilan uvillab chiqdi-da.
O‘rinlariga yotishgach, ayol erining gapini ma’qulladi:
— Shamol bo‘lganda tarnov taqirlar ekan-da.
— Men bo‘lsam, oshxonadami deb o‘ylabman, — eri uyqu aralash g‘o‘ldiradi. Ovozidan aldayotgani sezilib turardi.
— Havo ham sovibdi, — esnadi ayol. ¬— Ko‘rpani yopinmasak bo‘lmas. Xayrli tun.
— Xayrli tun, — arang javob qaytardi er. — Sovuq chakkimas...
So‘ng atrofga sukunat cho‘kib, bir necha daqiqa o‘tgach, ayol erining xo‘rsinayotganini sezdi. Uyg‘oqligini bildirmaslikka tirishib, jim yotaverdi. Shu zaylda ayolning ko‘zi ilindi.
Keyingi kuni oqshom eri uyiga qaytgach, ayol uning oldiga to‘rt burda non qo‘ydi. Odatda uch burda qo‘yardi.
— Bemalol olaver, osh bo‘lsin, — dedi u eriga.
Er nonni ishtaha bilan yeyarkan, o‘zini sezmaganga oldi, ammo boshini ko‘tarmasdi. Ayolning eriga rahmi kelib ketdi.

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.