OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Telmij Pauell. Yagona guvoh (hikoya)

Yarim kechasi Marko Kryugernikiga nimadandir qo‘rqib ketgan Timoti Uotkins kirib kelganida uning ahvolini ko‘rib, Marko xursandligidan tabassumini zo‘rg‘a yashirdi. O‘zini xavotirlangandek va hamdarddek ko‘rsatib, kutilmagan mehmonni mehmonxonaga boshladi.
O‘zini hech bo‘lmaganda yordam bermoqchidek qilib ko‘rsatishi kerak. Qolaversa, ular Timoti bilan do‘st edilar. To‘g‘rirog‘i, ko‘pchilik shunday o‘ylashadi. Lekin Markoning o‘zi boshqacha fikrda. Albatta, Timoti uning firmasini sotib oldi va qarzlarini uzishda yordam berdi. Bundan tashqari, haqiqiy do‘st sifatida Marko Kryuger sevadigan mallasoch go‘zal miss Sharon Rendallni undan «olib qo‘ydi”. Bularning bari uchun Marko Uotkinsni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. «Balki hisob-kitob qilishning ayni paytidir”, deb o‘yladi umid bilan Uotkinsga boqarkan.
Ust-boshi kir mehmonning qo‘ltig‘idan mehribonlik bilan ushlab, uni divanga o‘tqazdi.
– Men boshqa hech kimga… – to‘ng‘illadi Timoti Uotkins. – Nima bo‘lganini kimgadir aytishim kerak edi. Yo‘q, menimcha, ketganim ma’qul…
– Bemanilikni bas qil! – deya qichqirdi unga Marko Kryuger dushmanini nima bunchalik larzaga solganini juda ham bilgisi kelib. – Kelib to‘g‘ri ish qilgansan. Axir biz do‘stmiz-ku…
Timoti Uotkins bir necha bor nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, ammo bo‘g‘zidan qulqullagan tovush chiqdi, xolos.
– Marko, – g‘amgin pichirladi u, – men odam o‘ldirdim.
– Nima?! – omadi kelganiga ishonmasdi Kryuger.
– Men uni so‘nggi lahzada, mashina g‘ildiraklari ostiga kirganidan keyingina ilg‘adim.
Marko xursandligidan baqirib yuborgisi keldi. U o‘zini zo‘rg‘a qo‘lga oldi, xo‘mrayib mehmonning yoniga o‘tirdi va qo‘lini uning yelkasiga qo‘ydi.
– Menga hammasini boshidan gapirib ber-chi, Timoti. Qanday qilib odam urib yubording?
– Men aralashtirishni istamayman… – to‘ng‘illadi Uotkins.
– Navbatdagi safsata, – gapirgani qo‘ymadi uy egasi va uning yelkasiga sekin turtib qo‘ydi. – Unda nega seningcha do‘stlar mavjud?
Timoti Kryugerga minnatdorona boqdi va uning kulrang ko‘zlariga yosh to‘ldi.
– Biz miss Rendall bilan kechki ovqatdan oldin bittadan kokteyl ichdik.
– Sen miss Rendallnikidan uyga qaytayotganmiding, Timoti?
– Ha, qaytayotgandim va u haqida, ajoyib kecha haqida o‘ylab ketayotgandim. Mendan oldinda uzoqda, chorrahada yuk mashinasi to‘xtadi. Bir necha sekunddan keyin u yo‘lida davom etdi. Haydovchi yo‘lovchini tushirganini mana hozir tushundim, lekin o‘sha paytda bunga e’tibor bermabman. Men… men uni chorrahaga yetganimda, oldimda xuddi yerdan chiqqandek paydo bo‘lganidagina payqadim. U yo‘l chetida turgandi va ovoz berdi.
Men tormozni bossam-da, mashina sirpanib ketdi. O‘sha paytgacha shunday katta tezlikda ketayotganimni xayolimga ham keltirmagan ekanman. Xayolimda mashina hozir ag‘darilib ketadigandek tuyuldi va men rulni boshqa tomonga burdim. «Ford”im yo‘l chetiga chiqib ketdi. Keyin esa metall go‘sht va suyakka urilganda chiqadigan ovoz eshitildi…
Mashina to‘xtagan joyda undan tushdim. Yigit hech qaerda ko‘rinmasdi. U xuddi yomg‘irli kechadagi sarobga o‘xshardi. Keyin taqillagan ovozni esladim va qo‘rquvdan qaltirab ketdim. Bardachokdan fonarchani oldim va orqaga yugurdim…
– Va sen uni topding?
– Ha, – bosh silkidi Timoti, boshini qo‘llari bilan quchoqlab. – U yo‘l bo‘yida o‘sgan butalar orasida yotardi. Boshi atrofida qon ko‘lmak bo‘lib yoyilib ketgan… Ishonchim komil, u o‘lgani aniq.
– Qaerdan bunchalik ishonch? Sen pastga tushib, uning nafas olayotganmi, yo‘qligini tekshirib ko‘rdingmi?
– Yo‘q, – Timoti Uotkins sekin boshini ko‘tardi. – Men faqat o‘yladimki, shuncha ko‘p qon bo‘lsa… Meni vahima bosdi, shekilli. To sen menga eshik ochguninggacha bo‘lgan voqealarning barchasini g‘ira-shira eslayman. Yo‘q, u bunday jarohat bilan tirik qolishi mumkin emasdi.
– Ko‘p iz qoldirdingmi? – yashirin umid bilan so‘radi Marko.
– Men… men bilmayman.
– Unda u yerga borish va tekshirish kerak.
– Marko, seni bunga aralashtirishni istamayman…
– Bu haqda unut, – uning gapini qat’iy bo‘ldi Kryuger va ko‘zidagi quvonch uchqunlarini Timoti ko‘rmasligi uchun tezda o‘girildi. – Axir biz sheriklar va do‘stlarmiz. Shunday emasmi?
– Bilasanmi, doimo menga nisbatan adovatdasan, deb o‘ylardim, – Timoti sekin o‘rnidan turdi. – Meni ich-ichingdan yomon ko‘rsang kerak. Chunki sendan qizingni tortib olganman, bundan xafa bo‘lishing turgan gap…
– Timoti, odamlar haqida bunday yomon fikrda bo‘lma, – yumshoqqina o‘pkaladi undan uy egasi. – Men unday odamlardan emasman…
– Voqea mana shu yerda yuz berdi, Marko, – pichirladi Timoti Uotkins va tormoz bosdi. Pichirlab gapirmasa ham bo‘lardi, chunki atrofda biror tirik jon yo‘q edi. – Faqat yo‘lning narigi tarafida. Men shaharga ketayotgan edim.
Mashinadan tushayotib Marko Kryuger fonarchani qo‘liga oldi.
– Halokat chiroqlarini o‘chirma, – buyurdi u. – Biror mashina ko‘rsang, tushgin-da, kapotni och, xuddi mashinaning biror joyi buzilganu sen tuzatyapsan.
– Marko…
– Bilaman, bilaman. Rahmatni keyin aytasan.
Kryuger yo‘lni tezlik bilan kesib o‘tdi va oyog‘i tagini yoritib pastga tusha boshladi. Mana buni omad desa bo‘ladi, deya zavq bilan pichirladi u. Taqdir unga raqibidan qutulish va hammasi uchun o‘ch olish imkoniyatini berdi. Bunday imkoniyat hayotda bir marta keladi. U nafaqat biznesini, balki qizini ham qaytarishi mumkin. Albatta, Timoti murdani olib ketmasidan turib politsiyaga xabar berishiga to‘g‘ri keladi. Ha, politsiyasiz ish bitmaydi chog‘i. Hechqisi yo‘q. Qonunga itoatli fuqaro sifatida shunday qilishi ham kerak. Qonun – qonun-da.
Eng qizig‘i shunda ediki, agar Timotini vahima bosmaganida u birozgina qo‘rquvdan darhol qutulgan bo‘lardi. Endi esa u tamom.
Markoning shodligi o‘rnini borgan sari g‘azab egallab borardi. Uning yordami bilan Timoti Uotkins tortib olgan narsalarini yaqinda qaytarib olishi mumkin bo‘lgan murda qayoqda qoldi?
Nihoyat, Marko ezg‘ilangan buta va bir necha singan shoxchalarni ko‘rdi. Har holda bu Timoti urib yuborgan odam yiqilgan o‘sha joy bo‘lsa kerak. Lekin uning o‘zi qani?! Yerda murdaning izi qolgan, lekin jasad yo‘q edi. U o‘rmalab ketgan bo‘lsa kerak. Nam barglar u butalar orasidan chiqib ketgan yo‘lni ko‘rsatib turardi.
Kryuger boshini g‘amgin chayqab qo‘ydi. Ko‘nglida uni ayamasdan aldashgandek bir tuyg‘u paydo bo‘ldi. U xuddi jabr ko‘rgan odam og‘riqni his qilganidagidek aftini bujmaytirdi va so‘kinib bazo‘r oyoqqa turdi. Odam yiqilgan joydan bir necha fut narida qon tekkan ro‘molcha yotardi. Aftidan, u to‘xtagan, boshidagi jarohatga ro‘molchani qo‘ygan va nafasini rostlab olib, bor kuchini yiqqancha olg‘a harakatlangan bo‘lsa kerak.
Markoda haliyam jabrdiyda hushini yo‘qotib yiqilgan va o‘lgan, degan umid yonib turardi. Shu damda u murdani ko‘rish uchun ko‘p narsasini berishga tayyor edi.
Ammo hech qanday jasad yo‘q edi. Yigit o‘ziga kelgan va g‘oyib bo‘lgandi. Marko Kryuger buni tan olishni istamas, ammo faktlardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. «O‘zi bu daydilar, – g‘azablanib o‘yladi u, – boshqa odamlarga o‘xshashmaydi. Sang‘i itga o‘xshab yashashadi. Ehtimol, u yo‘lgacha sudralib chiqqan, mashina to‘xtatgan va hozir biror shahar shifoxonasining issiq va shinam xonasida dam olib yotgandir. Politsiyadagilar albatta, uni mashina urib yuborgani to‘g‘risidagi hikoyasiga quloq solib ham o‘tirishmaydi va tezroq shahardan «qurish”ini buyurishadi”.
– Marko?
Marko Kryuger boshini ko‘tardi. Yo‘l tepasida Timotining gavdasi ko‘rindi.
– Marko, xo‘sh, qalay?
Manfur dushmanining ovozini eshitib, Marko g‘azabdan tishlarini g‘ichirlatdi. Timoti Uotkinsdan qutulishni qanchalik istayotgani va taqdir ularning ustidan qanchalik beshafqat kulgani unga endi yanada aniqroq ko‘rindi.
Shunda Kryugerning xayoliga yarq etib bir fikr kelib qoldi. Uning bu yerda yolg‘iz ekani va hech qanday jasad yo‘qligini Timoti bilmaydi-ku? U darhol fonarchani o‘chirdi va sekingina javob berdi:
– Mashinaga qayt, Timoti. Shu yerdan o‘tib ketayotgan biror haydovchi senga e’tibor qaratishini istaysanmi? Sen nima, aqldan ozganmisan? Tezroq ket. Men hozir chiqyapman.
Marko Kryuger mashina oldiga qaytganida ma’yus Uotkins rulda o‘tirardi.
– Bu yerdan tezroq ketaylik, Timoti.
– Nega u yerda uzoq qolib ketding?
– Voy, Xudoyim, hecham uzoq emas! Senga shunday tuyulyapti. Men o‘sha shaxsni topishim va keyin nima qilish kerakligini hal etishim lozim edi. Uni qanday qilib olib ketish kerak, qaerga yashirish kerak, shular haqida o‘yladim.
– Demak, u…
– Bundan yomoni bo‘lmaydi, – tasdiqladi Marko.
Timoti boshini rulga qo‘ydi va uning ichidan bo‘g‘iq xo‘rsiniq chiqdi.
– Bunday bo‘lganidan afsusdaman, – hamdardlik bilan uf tortdi Marko Kryuger.
– Endi men qotilman, Marko.
– Sening o‘rningda bo‘lganimda…
– Qotil, – takrorladi Timoti va kutilmaganda rulni mushtlay boshladi. – Men qotilman… Va doim shunday bo‘lib qolaman.
– O‘zingni qo‘lga ol. Hammasini puxta o‘ylab olishimiz kerak.
– Bir soat oldin, – dedi fig‘onini yutib Timoti Uotkins, – men gullagan firmaga va suyukli yorga ega qonunga itoatli tadbirkor edim, endi esa men qotilman. Va bu tamg‘ani umrimning oxirigacha ko‘tarib yuraman. Nima qilmay, bari bir qotilligimcha qolaveraman.
– Sen haqsan, Timoti! – Marko oshnasining yelkasidan ushlab, uni qattiq silkidi. – Bunga ko‘nikishing kerak.
– Marko, politsiyaga borishdan qo‘rqyapman.
– Nima, sen butunlay aqldan ozdingmi? U yerga borishing kerakmas. Sening o‘rningda kirdi-chiqdi odam bo‘lsagina politsiyaga boradi. Unutma, sen anavini urib yuborganingda mast bo‘lgansan. Seni o‘sha zahotiyoq qamab qo‘yishadi.
Timoti Uotkins titrab ketdi va yana boshini rulga qo‘ydi.
– Chehrangni och, do‘stim! – uning yelkasiga urdi Marko. – Hali umid so‘ngani yo‘q. Yo‘li bor.
– Yo‘li bor? – ishonqiramay so‘radi Timoti.
– Albatta. Qutulishingga yordam beraman. Axir biz do‘stlarmiz.
– Ammo qanday?
– Menikiga qaytamiz. Men senga hozirda bor bo‘lgan hamma pulimni beraman. Senda vaqt masalasida katta imkoniyat bor. Murdani topishganida esa sen allaqachon uzoqlarda bo‘lasan. Hech kim tuta olmaydi.
– Sen menga qochishni maslahat beryapsanmi?
– O‘zingda bundan ko‘ra yaxshiroq g‘oya bormi, Timoti?
– Lekin unda men ishimdagi ulushimni hamda sevgan qizimni yo‘qotaman…
– Bu dunyoda boshqa ishlar va boshqa qizlar juda ko‘p. Sen ulushingni va qizingni yo‘qotasan, Timoti, ammo keyingi yigirma yilingni ozodlikda o‘tkazasan. Albatta, sen buni biznesing va qizingdan afzal ko‘rsang… – Marko Kryuger ochiq-oydin yelkasini qisdi, xuddi javobgarlikni o‘zidan soqit qilmoqchidek. – Men senga hali nimani qutqarish mumkin bo‘lsa, o‘shani qutqarishda yordam bermoqchiman. Men yagona yo‘lni ko‘ryapman – mumkin qadar tezroq g‘oyib bo‘lish va bu yerlarga hech qachon qaytib kelmaslik. Sen bunga aql bilan yondash, Timoti. Bu fojia ham, qiyomat qoyim ham emas. Sen bunday holga tushgan birinchi odam emassan va oxirgisi ham.
Timoti Uotkins biroz tinchlandi. U boshini ko‘tardi, og‘ir nafas oldi va motorni yurgizdi. Xudoga shukr, o‘yladi Kryuger, yaxshiyam mashina saloni qorong‘i va Timoti uning yuzidagi quvonchni ko‘rmaydi…
Ular liftda beshinchi qavatga ko‘tarilishdi. Marko kalit bilan eshikni ochdi, Uotkinsni mehmonxonaga boshlab kirdi va chiroqni yoqdi.
– Chehrangni och, Timoti! – kuldi u, sherigining qo‘lini qattiq siqib. – Ikki ming mil uzoqqa ketasan, familiyangni o‘zgartirasan va yangi hayot boshlaysan. Bir haftadan keyin bugungi oqshom senga qo‘rqinchli bir tushday tuyula boshlaydi… Endi borib ko‘ray-chi, yonimda qancha pul bor ekan?
Timoti asta derazaga yaqinlashdi, uni ochdi va kechki toza havodan chuqur nafas oldi. Yomg‘ir to‘xtagan, tashqarida osoyishtalik hukm surardi.
– Besh yuz dollarga yaqin ekan, Timoti, – dedi Marko. – Ko‘p emas, albatta, ammo tejab ishlatsa, uzoqroqqa ketishga yetadi.
Uotkins pulni loqaydlik bilan oldi, xuddi buning nima ekanini anglamaganday va cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Uning lablari ochilib, g‘amgin jilmaydi.
– Qotil… – dedi o‘ychanlik bilan. – Bilasanmi, Marko, qachonki birinchi ruhiy zarba o‘tib ketsagina, ko‘p narsa o‘zgaradi.
– Bu haqda o‘ylamaslikka harakat qil, Timoti, – maslahat berdi Marko Kryuger.
– Nega? Qotillikdan so‘ng inson hayoti umuman boshqacha qiymatga ega bo‘lib qolarkan. To‘g‘rirog‘i, qimmati umuman qolmas ekan.
– Timoti, sen uchun har daqiqa g‘animat… – qayg‘urdi Marko.
– Firmani va Sharonni qoldirishga to‘g‘ri keladi, degan fikrga hecham ko‘nikolmayapman, Marko. Ayniqsa, haligi jihatni nazarga olganda o‘sha daydi bilan meni birgina narsa bog‘lab turibdi. Yomg‘ir shubhasiz yo‘l chetidagi shina izlarini yuvib ketdi. Tuflini yoqib yuborishga esa besh daqiqa kifoya. Va shunda bitta narsa qolyapti, Marko. Sen qolyapsan. Sen – yagona guvohsan.
Kryuger og‘iz juftlab ulgurmay, Uotkins uning jag‘iga kuchli musht tushirdi. So‘ng esa polga yiqilishiga yo‘l qo‘ymay, qo‘ltig‘idan oldi va derazadan pastga itarib yubordi.
Kvartiradan ketishda Timoti deraza tagidagi gilamni joyidan qo‘zg‘atib biroz surib qo‘ydi va qanoat bilan bosh silkidi. Endi har qanday izquvar Marko Kryugerni gilamda sirpanib, derazadan pastga qulagan, degan xulosaga kelishi tayin.

Rus tilidan Otabek G‘aybulloh tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.