OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tomas Mann. Tazarru (hikoya)

Dunya Shtegemann bilan tanishgan paytimda yigirma yashar g‘irt ahmoq yigitcha edim. Es-hushimni yig‘ib olish uchun tirishib harakat qilar ekanman, bu ishni yig‘ishtirib qo‘ya qolish fikridan ancha uzoqlashib ketgandim. Ehtiroslarim chek-chegarasi yo‘q, ularni qondirish uchun esa hech narsadan tap tortmas, hayot tarzimning har narsaga qiziquvchan buzuqligini o‘sha, ayol kishi bilan sof, ma’naviy – ha, mutlaq ma’naviy yaqinlikka dilimda havas uyg‘otgan o‘sha idealizm bilan juda chiroyli bir tarzda birlashtirib yuborgan edim.
Shtegemannga kelsak, u Moskvada tug‘ilgan, ota-onasi nemis bo‘lib, o‘sha yerda yoxud Rossiyada o‘sib ulg‘aygan edi. Uchta – rus, farang va nemis tillarini bilar, Germaniyaga esa guvernantka* sifatida kelgandi; shu bilan birga, u artistlik qobiliyatiga ham ega edi, biroq bir necha yildan so‘ng bu kasbdan voz kechgan va endi ziyoli hamda faylasuf, ozod, erkin so‘qqabosh ayol bo‘lib hayot kechirar, ikkinchi yoki uchinchi daraja maqomidagi gazeta uchun adabiy hamda musiqaga oid xabar va maqolalar yozib turardi.
Uni B. shahriga kelgan kunim mo‘‘jazgina mehmonxona oshxonasida, kamgina xo‘randalar o‘tirgan umumiy ovqatlanish stoli atrofida uchratgandim, o‘shanda u o‘ttiz yoshda: ko‘kragi keng, sonlari tekis, och ko‘kimtir ko‘zlarida uyatchanlik-tortinchoqlik ifodasidan asar ham bo‘lmagan, burni benihoya katta, sochlari jo‘ngina turmaklangan, loqayd, hech narsaga qiziqmaydigan, gavdali mallarang juvon edi. Oddiy, to‘q jigar rang ko‘ylagi ham qo‘llari kabi zeb-ziynatsiz va pardozsiz edi. Shu paytgacha hali bironta ayolda bunaqangi aniq-ravshan va o‘taketgan badbasharalikni ko‘rmagan edim.
Rostbif** tanovul qilayotib yaqinlashib qoldik, suhbatimiz mavzui umuman aytganda Vanger haqida, xususan esa “Tristan” to‘g‘risida bo‘ldi. Ayol ruhiyatidagi erkinlik meni tang qoldirdi. Undagi ozodlik his-tuyg‘usi shunaqangi g‘ayriixtiyoriy, hech qanday mubolag‘a va ta’kidsiz shundayin sokin, xotirjam va o‘z-o‘zidan ma’lum, ochiq-oydin ediki, bunga hech ham aqlim bovar qilmasdi. Suhbat davomida “yalang‘och ehtiros” qabilidagi iboralarni xolisona vazminlik bilan qo‘llashi meni larzaga soldi. Uning qarashlari, harakatlari, qo‘limga kaftini qo‘yib, do‘stona muomala qilishi ham bunga monand edi...
Qizg‘in va teran suhbatimiz taomdan so‘ng ham soatlab davom etdi, bu paytda to‘rt-besh chog‘li mehmonlar tamaddixonani allaqachon tark etgan edilar, bizlar kechki ovqat chog‘ida ham ko‘rishdik, kechqurun esa mehmonxonadagi nosoz fortepya¬noda musiqa chalib, vaqtchog‘lik qildik, o‘z navbatida, o‘zaro fikrlar va his tuyg‘ular almashib, bir-birimizni obdan o‘rgandik va shu tariqa o‘zaro til topishib oldik. Men bundan qoniqish hosil qildim. Bu xotin butun erkakcha ta’lim olgan ekan, uning so‘zlari muayyan maqsadgagina xizmat qilar, har qanday nozu karashmadan xoli edi, shu asnoda undagi befarqlik, hech narsadan qaytmaslik kechinmalar, kayfiyatlar, shov-shuv, vahimalar almashish jarayonida o‘sha intim radikalizmga imkon tug‘dirardiki, o‘shanda bu narsa mening dardi-fikrim edi. Shu bilan birga, kaminaning talabi qondirilgan: xotin oshna topilgan, uning o‘taketgan betakallufligi meni xavotirga solmas, uning oldida o‘zimni xotirjam va dadil his eta olardim va nihoyat qalbim ham qandaydir harakatga tushib qolgan edi; chunki bu ziyoli xonimning jismoniy jozibadorligiga kelsak, u xuddi supurgining o‘zi edi. Ha, bu jihatdan mening ishonchliligim Dunya Shtegemannikiga qaraganda shu qadar kuchli ediki, ruhiy yaqinligimiz oshib borgan sayin bu narsa shunchalik yoqimsiz tuyulib, bora-bora axiri ko‘nglim qola boshladi: bu qalbim tantanasi, u kutganimdan ham ziyoda bo‘lgan edi. 
Shunday bo‘lsa-da... shunga qaramasdan do‘stligimiz qanchalik mukammal rivojlanmasin, ikkovlon mehmonxonani tark etayotganimizda ham, bir-birimizni ko‘rgani borganimizda ham biz shunchalik ishonchli, insofli va to‘g‘ri edik, shunda ham, baribir oramizda ko‘pincha nimadir ro‘y berardiki, bu o‘ziga xos munosabatimizdagi ulug‘vor sovuqlikka qaraganda uch karra o‘zgacha bo‘lishi lozim edi... Bu narsa dillarimiz aynan bir-birlariga so‘nggi va muhim sirlarini ochayotgan, qalblarimiz nozik jumboqlarini yechayotgan va bir-birimizga “siz”lab murojaat qilishimiz ba’zan benuqson “sen”ga aylanayotgan paytlarda sodir bo‘lardi... Shunda bemaza vasvasa paydo bo‘lib, havoni bulg‘ar va nafas olishimizga to‘sqinlik qilardi... U esa buni mutlaqo sezmagandek ko‘rinardi. Uning kuchi va erkinligi shu qadar zo‘r edi! Men buni his qilar va bundan iztirob chekardim.
Shunday qilib, bir kuni oqshom xonamda ikkovlon dildan suhbatlashib o‘tirganimizda bu narsa har qachongidan ko‘ra yaqqolroq sezildi. Bu gal menikida ovqatlangandi; dumaloq stol yig‘ishtirilgan, icha boshlaganimiz qizil musallas ham olib qo‘yilgan, biz sigareta chekardik va odobsizlik hukm surayotgan mana shu vaziyat munosabatlarimizni belgilab turar edi: Dunya Shtegemann stol atrofida tik va mag‘rur o‘tirar, men esa u tomonga qaragan holda shezlong (yumshoq uzun kursi)da yotardim. Erkak va ayol muhabbati uyg‘otadigan ruhiy holatlar haqidagi parmalab, nimtalab tashlaydigan va butkul samimiy suhbatimiz shu zaylda davom etardi. Biroq men erkin, xotirjam emasdim, ehtimol ko‘p ichganligim bois favqulodda serzarda, jizzaki bo‘lib qolgandim. O‘sha nimadir yana tag‘in hozir bo‘layotgan edi... O‘sha bo‘lmag‘ur vasvasa havoda muallaq suzar va uni shunday bir tarzda bulg‘ayotgandiki, bu men uchun tobora chidash mahol holatga aylanib borardi. Hoziroq derazani ochib yuborib, to‘g‘ri va qo‘pol so‘z bilan bo‘lsa-da, noo‘rin xavotirga nihoyat qat’iyan barham berish ehtiyoji meni butkul o‘z izmiga oldi. Aytishga ahd qilgan gapimni, garchi u oramizda aytib o‘tilgan boshqa ko‘p narsalarga nisbatan muhimroq va to‘g‘riroq bo‘lmasa-da, bir martaga aytvolishim kerak edi. E xudo, xushmuomalalik va iltifotga e’tibor uchun uning minnatdor bo‘lishi dargumon edi...
– Menga qarang, – dedim unga, tizzamni bukib, oyoqlarimni chalishtirarkanman, – yana bir nimani aniqlashtirish esimdan chiqibdi. O‘zaro munosabatimizdagi eng zo‘r ajoyib joziba men uchun nimaligini bilasanmi? U qalblarimizning intim yaqinligi, garchi senga bo‘lgan ochiq-oydin nafratimni jismonan his qilayotgan bo‘lsam-da, u men uchun juda ham zarurdir.
Jimjitlik.
– Ha, ha, – dedi u so‘ngra, – bu qiziq ekan.
Uning ana shu luqmasidan so‘ng suhbatimiz qovushib, yana ishq-muhabbat mavzuiga ko‘chdi. Men yengil nafas oldim. Deraza ochilgan edi. Hozirgi holatimizga, nihoyat, to‘g‘rilik, ishonchlilik va oydinlik kiritilgan, bunga shubhasiz uning o‘zi ham ehtiyoj sezgandi. Biz chekib, gaplasha boshladik.
– Yana bir gap, – dedi u bexosdan, – buni aytib qo‘yishim kerak... men ilgari bir marta ishqiy aloqada bo‘lganimni sen hoynahoy bilmasang kerak.
Men o‘girilib qaraganimcha unga serrayib tikilib qoldim. U adl va butunlay xotirjam o‘tirar, sigareta tutgan qo‘li stol ustida u yoqdan-bu yoqqa borib kelar edi. Dahani xiyol ochiq, och ko‘kimtir ko‘zlari esa harakatsiz tik boqardi. Shunda beixtiyor qichqirib yubordim:
– Sen?.. siz-a?.. U ma’naviy muhabbatmi?
– Yo‘q; jiddiy.
– Qachon... qaerda... kim bilan?!
– Frankfurt-Maynda, bundan bir yil muqaddam, bank xizmatchisi bilan, u yosh, juda kelishgan yigit edi... shuni senga aytib qo‘yish uchun ehtiyoj sezayapman... buni bilib olganingdan xursandman. Yo sening nazaringda past ketibmanmi?
Men kulib qo‘yib, yana cho‘zildim va barmoqlarim bilan yonginamdagi devorni cherta boshladim.
– Ehtimol! – dedim men zo‘r kinoya bilan. Men endi unga ortiq qaramas, balki yuzimni devor tomonga burvolib, uni chertayotgan barmoqlarimdan ko‘z uzmasdim. Boya¬gina poklangan vaziyat bir zarb bilan shunaqangi keskin tus olgandiki, bundan miyamga qon quyilib, ko‘zlarim xiralashib ketdi... Demak, bu xotin ishq nimaligini biladi. Uning badani erkak og‘ushida bo‘lgan. Devordan ko‘z uzmay turib, xayolimda ayolni qip-yalang‘och holda tasavvur qildim va bu manzara menga yoqimsiz tuyuldi. Qizil musallas to‘la yana bir qadahni – bu nechanchasi edi? – bo‘shatdim.
Jimjitlik.
– Ha, – takrorladi u yana past ovoz bilan, – buni bilib olganingdan xursandman.
Shubuhasiz, ma’nodor urg‘u berib gapirayotganidan a’zoi badanim dag‘-dag‘ titray boshladi. U men bilan bir xonada yarim kechada yolg‘iz qimir etmasdan, adl, talabchan bir qiyofada o‘tirardi... Mening badaxloq tuyg‘ularim esa junbishga kela boshlagandi. Mana shu ayol bilan behayo va iblisona razolatga berilishim mumkinligi yo‘lidagi makr-hiylani tasavvur qilarkanman, yuragim chidab bo‘lmas darajada po‘killab urardi. 
– Buni qara-ya! – dedim men tilim arang aylanib. – Juda qiziqib qoldim-ku!.. Anavi bank xizmatchisi vaqtingni chog‘ qiloldimi ishqilib?
– Bo‘lmasam-chi, – javob qaytardi u.
– Unday bo‘lsa, – hamon unga qaramasdan davom etdim men, – shunaqangi narsa yana bo‘lsa, yo‘q demassan?
– Hecham-da.
Men shartta o‘girildim, qo‘limni yumshoq jildga tiragan ko‘yi haddan ziyod suqlik va surbetlik bilan dedim:
– Ikkovimiz demoqchiydim?
U sekin men tomon burilib qaradi, ko‘zlarida samimiy taajjub alomati zohir edi.
– O azizim, bu fikr sizga qayoqdan kela qoldi? Yo‘q, axir bizning munosabatlarimiz sof ma’naviy...
– Xo‘sh... xo‘sh... axir bu o‘z-o‘zidan ma’lum narsa-ku! Biz odatdagi do‘stligimizga hech bir ziyon yetkazmagan holda va istisno tariqasida, biror marta bo‘lsa ham qovushishimiz mumkin-ku...
– Yo‘q dedim! Yo‘q deyayotganimni eshitib turibsiz-ku! – yanada ajablangannamo javob berdi u.
Men endi yaramas fe’lini tashlashga odatlanmagan ishratparastdek darg‘azab holda qichqirdim:
– Nega yo‘q? Nega yo‘q deysan? Tamannongni qara seniyu!
Hozirgi vajohatimni ko‘rgan odam qo‘rqib ketishi aniq edi.
Dunya Shtegemann asta o‘rnidan turdi.
– O‘zingizni qo‘lga olsangiz-chi. Bu nima qiliq?! Ahvolingizni tushunib turibman, biroq bu ish sizga nomunosib. Sizga yo‘q dedim va bizning o‘zaro xayrixohligimiz mutlaq ma’naviy ekanligini ham aytib edim. Nahotki shuni tushunmasangiz? Men endi boray. Kech bo‘lib qoldi. 
Kamina hushyor tortib, o‘zimni tutib oldim.
– Demak yo‘q, shundaymi? – dedim men kulib. – Bu bilan do‘stligimiz hech bir o‘zgarib qolmasa kerak...
– Nega endi o‘zgarmas ekan! 
U shunday deb, qo‘limni do‘stona qisib qo‘ydi, shu asnoda uning yoqimsiz lablarida kinoyaomiz tabassum ko‘rindi. So‘ng u ketdi. Men xona o‘rtasida turib qoldim, dilimdagi ko‘tarinkilik yo‘qolgach, ushbu ajoyib sarguzashtni yana bir bor o‘ylab, xayolimdan o‘tkazish bilan band edim. Oxiri peshonamga bir urdim-da, yotib uxladim.

Olmon tilidan
Mirzaali Akbarov tarjimasi
"Sharq yulduzi" jurnalidan olindi.

______________

* Guvernantka – dvoryan va burjua oilalarida yosh bolalarni o‘qitish uchun odatda chet eldan chaqirilgan murabbiy, tarbiyachi ayol (tarj).
** Rostbif – molning biqin go‘shtidan qilingan qovurma (tarj).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.