Kampir titroq qo‘llari bilan shisha kosadan yasama tishlarini olib, bir silkitib og‘ziga soldi. Ko‘ngil suhbat istaydi, ammo hamma uyquda.
“Tong oqaryapti... tun qo‘ynidan moviy bulutlar suzib chiqayapti... Ular boqqa cho‘kkanda oyoqda og‘riq turadi. Buni yoshlar bilmaydi, ammo yillar o‘taverib odatlanib qolarkansan kishi, ko‘ngil bulut kelib tong otishini sezarkan. Bundan qo‘rqish o‘rinsiz. Buni keksalik deydilar, keksalik – yangi kunni soatsiz qarshi olish degani. Har tong shunday o‘tadi. Yumshoq shippaklarimni oyoqqa ilib uyni aylanaman. Chakillab tomayotgan jo‘mraklarni yopaman, suv ichishsin deb idishlarning qopqog‘ini ochaman, pishloqning suvini to‘kaman. Mening oyoq tovushim hech kimni uyg‘otib yubormaydi. Gilamlardan, pollardan shunday yuramanki, sas chiqmaydi, hatto toshda yursam ham ovoz eshitilmaydi. Kunni qarshi olish uchun men kerak bo‘lardim. Agar men bo‘lmasam, tongni kim qarshi oladi? O‘rnimdan turishim bilan qo‘limga ko‘zgu olaman”.
Kampir ko‘zguni oldi. U kichkina, siniq ko‘zgu edi; ko‘zgu orqasiga chizilgan suratda yonog‘iga katta xol qo‘ygan pushti ko‘ylakli malika shahzoda (nimalarga qodira-a, Egam?) bilan raqs tushardi. Malikaning ko‘ylagi chiroyli, yoqasining popuklari ohorli. Atrofida zarang daraxti, qarangki, yashillik o‘rtasida kattakon qora dog‘. Xuddi daraxt shoxlari kuydirilgandek. Kimdir parishonxotirlik bilan sigaret o‘chirgan. Yaqindagina sandiqdan olgan edi-ya. Sandiqda kashtalar ham bor edi. Naqshinkor kashtalariga ham dog‘ tekkan bo‘lsa-ya... Sandiq dog‘lari qursin.
Hozir mana bu shahzodaning yengidagi naqshinkor bezaklarni qaerdan topish mumkin? Aytishlaricha, hozir qo‘l mehnatiga haq ham to‘lanmasmish, bunaqa narsalarni tikishga vaqt ham yo‘q emish. “Ilgari kunlar uzundek tuyulardi, vaqtni bekor o‘tkazmasdik, kashta tikardik. Men bularni tikish uchun necha kun mehnat qilganman, pardalarga ham bezak berganman. Akromning onasiga kashtalarim ma’qul kelgan edi. Balki, ko‘zguni u bergandir. Ko‘rmana uchun oltin soat”.
Kampir ko‘zguga razm solib, timdalangan qip-qizil yaralarni ko‘zdan kechirdi. U har kuni ertalab yasama tishlarni og‘ziga solib, kechqurun olar, labidagi yaralar esa kundan-kunga ko‘payib g‘ashini keltirardi. Kampirga o‘zining og‘zi xuddi birovnikidek tuyulardi. Chunki bir burda nonni ham qiynalib chaynar, shu bois ham yasama tishlariga bog‘lanib qolgan edi. Yuzidagi ajinlarga ko‘nikkanidan ularga parvo qilmay labini sekingina paypasladi, so‘ng hayratomuz mahorat bilan tishlarini og‘ziga soldi.
"O-o-o-o-oh" dedi, yaralaridan so‘lak tomdi. Tishlar qarsilladi, qimirladi va nihoyat, joyiga o‘rnashdi. Og‘zidan oqqan so‘lakni ko‘ylagi etagiga artdi. Ko‘zguni joyiga qo‘ydi. Hali qiladigan ishlari ko‘p edi.
“Men hech uxlolmayman, balki juda kam uxlasam kerak. Atigi ikki soat. Uyqum yengil bo‘lgani uchun o‘zimni uxlamagandek his qilaman. Eshik kaliti tiqirlasa ham turib chiroqni yoqaman. Chiroq bosh tomonimda turadi. Ko‘pincha kechalari yolg‘iz qolaman. Yotoqdagi shiftga tikilaman, divan ustiga tashlangan yopinchiqning gullariga nazar solaman. Javondagi igna-iplarni, soch to‘g‘nog‘ichlarini, tugmalarni, ziraklarni, to‘lov qog‘ozlarini tartibga solaman. Ba’zida kalit topib olaman, shunda uni oppoq konvertga solib, ustiga “kalit” deb yozib qo‘yaman. Hamma uyquga ketsa-da, men uxlolmayman. Chiroqlar o‘chiriladi. Yo‘-o‘q, ularning ishlariga aralashganim uchun emas, ularga qo‘shilmasligim, bir og‘iz so‘z so‘ramasligim, kutganimni aytmasligim ularga malol keladi. Menga jahl qilishadi. Hamma narsa mensiz hal etiladi. Nazarimda, sandiqqa tashlab qo‘yilgan kashtalarga o‘xshayman. Yana ularni o‘zimcha har kun qoqib-silkaman.
Ayvonchaga chiqqanimda qo‘shni ayvonchalardagi qariyalarga ko‘zim tushadi. Bu paytda ular ham uyg‘oq bo‘lishadi. Yashirincha kulishamiz. Chunki baland ovozda hol so‘rash ayb hisoblanadi. Mahallani xavotirga solishi yaxshi emas-da! Biz keksalar kam kulamiz, tongni qarshi olamiz, ayvonchalarning bir chetida iymanibgina o‘tiramiz, hech kimga yuk bo‘lmaymiz. Yoshlar esa tong havosiga e’tiborsiz. Qancha umr ko‘rdik, aytishga oson. Lekin o‘lim bizni aldamaydi. Shuncha yil yashasak-da, hali ham hayot odatdagidek, bir xil davom etadi...”
Ayvoncha eshigi yopilganda xona o‘zgacha tusga kirdi. Tutqichlari yulingan, jilosini yo‘qotgan, bo‘yoqlari shilingan javonlar mung‘ayib ko‘rindi. Faqat sandiq ustiga yopilgan pushti adyol, gulli yopinchiq uyga hayot bag‘ishlagandek tuyulardi. Kampir yopinchiqni to‘g‘rilagan bo‘ldi, peshbandining cho‘ntagidagi kalitlar shodasini oldi. Eng katta kalitni ajratib divan yonidagi javonni ochdi. Javondan apelsin, neylon to‘rvaga solingan tuzsiz non, tortmadan sochiqcha oldi. Mayda qadamlar bilan chayqala-chayqala eshik tomon yurdi, dahlizga ko‘z tashladi. Hamma uyquda. Asta eshik qulfini tortdi, dadil qadamlar bilan xona o‘rtasiga keldi, hech kim uyg‘onmaganidan hayratlanib, etagi uzun, to‘p o‘ynayotgan kuchukchalar surati tushirilgan tungi ko‘ylagini yechib, uy kiyimini kiydi. Yengil nafas oldi. Endi uyg‘onishgandir.
Kampir oshxonaga kirdi, ehtiyot shart jo‘mraklarni buradi, suv solingan idishning qopqog‘ini ochish yana eslaridan chiqibdi, inqillagancha pishloq solingan lagandagi suvni to‘kdi. Ko‘cha eshigi oldiga kelganda tizzasini zo‘rg‘a bukib, eshik orasida siqilib qolgan gazetaga qo‘l cho‘zdi. Bir qo‘lida lagan, bir qo‘lida gazeta bilan xonasiga kela boshladi. Amallab divanga o‘tirgach, charchaganini his qildi. Gazeta sahifalariga ko‘z yugurtirdi: “Qanday xabarlar bor ekan?” “To‘r bezakli ko‘ylak va lama etikda go‘zal oqshomda edi... qiziqish bilan ta’qib qilinmoqda... Anqara guruhida ko‘rindi... xafa emish va har oqshom boshqa klubda taskin toparmish, deyishmoqda...” Pishloqqa sanchqi urdi, pishloq ezilib ketdi.
“Bo‘g‘zim ham toraygan. Luqma yutolmayman desam, ustimdan kulishadi. Uyqusizligimga ham inonishmaydi. Balki, shuning uchun ham hushyordirman, bedordirman. Lekin bo‘sh o‘tirmayman, bunga ularni ishontirishim qiyin. Ha, apelsin yaxshi meva, ammo juda nordon. Yoshligimda ota-onam nordon apelsin yeyishimga qo‘yishmasdi. Yangamizning uyi Adada edi. Limon daraxti shunaqayam ko‘p ediki... Har kun maktabdan qaytayotib apelsin yerdik. Yoz oqshomlari Akrom ham kelardi. Bizning davrimizda uchrashuv degan narsa yo‘q edi, desam ishonishmaydi. Hammamiz bitta xonada yashardik. Unashtirildim. Keyin nimadir bo‘ldi-yu, Akrom kasalga chalindi, yo‘q, vafot etdi, ha, vafot etdi. Xastalandi deya uydagilar unashtiruvni buzishdi. Ammo Akrom ko‘p yillardan keyin vafot etdi. Kimgadir uylanibdi, deb eshitdim. U baland bo‘yli, kelishgan yigit edi, har bir qadamini o‘ylab bosardi. Eng yaxshisi – shahzodalarga qo‘lda tikilgan kashtalarni sotish. Ular to‘r bezakli liboslar kiyishadi. Nikoh ko‘ylagim to‘r uqali oppoq edi. Hozir aytsam, ishonishmaydi. O‘tgan kun meni cho‘miltirishdi. Yaxshilab yuvinglar, artinglar, dedim. Ular esa: “O‘zingiz qorayib ketgansiz, tanangizda kir yo‘q”, – deyishdi. Yoshligimda oppoqqina, nozikkina edim, hozirgidek burishiq-tirtiq emasdim. Hatto tuqqanimdan keyin ham qornim silliq, oppoqligicha qolgandi. Har bir ayol o‘z erini yaxshi ko‘radi. Jumladan, men ham... Darvoqe, umrimda puldan qiynalmadim. Hammasi yaxshi o‘tdi. Bolalarim mening yo‘qligimni his qilishadi, albatta, xuddi cholimning yo‘qligini his qilgandek. Ba’zan negadir chuqur o‘yga tolaman. Hozir ro‘molimni silkitishga ham holim yo‘q. Adada tushgan suratlarimda oyoqlarim biram go‘zal ekan-a... U zamonlar javonlarni istagan xonaga ko‘chirardim, shu zaylda bugungacha yetib kelibman. Endi yuzlarimning aksi ertaga ham o‘zgarmaydi, chunki allaqachon ajinlar g‘ijimlab ulgurgan, men tanigan-bilgan odamlar ham xuddi shu ahvolda. Keksaydim, qartaydim, bundan endi cho‘chimayman. Bundan aslo jirkanmayman ham”.
Ertalab kelini – ikki bolaning shoshqaloq onasi bolalarni yuvib-tarab, yedirib-ichirib maktabga kuzatib qo‘yadi. Epchil oyoqlar mashinaga yuguradi. Kampir shovqinga chidolmagani uchun ham soat bongini eshitishi bilanoq eshigini yopadi. Oshxonadan paqir-puqur qaynayotgan choygum ovozi eshitiladi, javonlar ochilib-yopiladi, isitilgan non hidi dimoqqa uradi, sanchqilar, pichoqlar shaqir-shuqur qiladi. Bu nima g‘alayon! Bularni qo‘ya turaylik. Javonlar hammasi birdaniga ochilmasa, nonushtaga dasturxon shoshilmay yozilsa, ertalab pishloq yeyilsa bo‘lmas ekanmi? Sumkalar kechadan tayyorlab qo‘yilsa, qalamlar ham unutilmaydi. Aslida, shoshmoqqa ham na hojat?
Turk tilidan Poshshajon Kenjayeva tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 6-son