OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uilyam Saroyan. Pianino (hikoya)

“Har gal pianinoni ko‘rsam yuragim hapqirib ketadi”, - dedi Ben to‘lqinlanib.
 “Shunday degin?”- dedi Emma. “Sabab?”
     “Bilmadim,” - deb javob berdi Ben. “Mana shu magazinga kirib, burchakdagi pianinoni biroz chalib o‘tirsak qarshi bo‘lmaysanmi?”
 “Sen chalishni bilasanmi?” – so‘radi Emma hayratlanib.
 “Qanday kuy chalishimni amr qilsang bas,” - dedi Ben mag‘rurlanib.
 “Nima qilmoqchisan o‘zi?”
 “Hozir ko‘rasan,” - deb qo‘ydi Ben sirli tarzda.
 Ular magazin ichkarisiga kirib, burchakda turgan pianino yoniga borishdi. Emma yigitning jilmayotganini sezdi. Ben tik turgan ko‘yi pianinoga termulib qolgandi. Qiz shunday xayolga bordiki, Benning qulog‘iga qachonlardir ajoyib bir pianino ijrosi kirganu, u o‘sha musiqa asarini sevib qolgan va aynan shu sababdan ham u har gal klavishlaru pianino qiyofasini ko‘rdi deguncha xotirasida o‘sha musiqa qayta va qayta jonlanaveradigan bo‘lib qolgandi.
 “Chala olasanmi?”- deb so‘radi qiz. Ben atrofiga alangladi. Xizmatchilar o‘zlari bilan o‘zlari ovoradek bo‘lib ko‘rinishdi.
 “Uddalay olmasam kerak,” - deb qo‘ydi Ben.
 Qiz uning barmoqlarini oq va qora klavishlar uzra xuddi rostakam pianinochinikiday ohista harakatlanayotganini kuzatib turdi.
 Ben bir-ikkita mayin akkordlarni ijro qilib ko‘rdi. Xizmatchilardan hech kim biron nima sotaman, deb ularning oldiga o‘ralashib kelmadi, shunday ekan Ben hamon tik oyoqda turgancha qiz hali eshitmagan kuylardan chalishni boshladi.
 Voajab, qiz uchun bularning bari haqiqiy mo‘‘jiza edi.
 Yigit atiga yarim daqiqacha u-bu chalib berganday bo‘ldi. Bir mahal u Emmaga qaradi-da: “Yaxshi chiqarkan-a?”- deb so‘radi.
 “Ajoyib-ku,”- lol qotdi Emma.
 “Men o‘zim chalgan kuyni nazarda tutmadim,” - deb e’tiroz bildirdi Ben. “Men pianinoni aytyapman. Pianinoning o‘zi yaxshi ekan, deb aytdim. Ohanglari zo‘r chiqarkan, ayniqsa shunday kichkinagina pianinoniki.”
 Shu payt bir o‘rta yoshli magazin xizmatchisi ularning yoniga kelib qoldi va “Yaxshimisiz?”- deb so‘rashgan bo‘ldi.
 “Salom”, - dedi unga javoban Ben ham.
 “Bu rosa mashhur asbob”, - pianinoga izoh berdi xizmatchi. “Ayniqsa, xona uchun soz buyum. Biz bunaqasidan bir dunyosini sotganmiz”.
 “Bu pianino qancha turadi o‘zi?”- deb so‘radi Ben qiziqsinab.
 “200 dollar”, - deb javob berdi xizmatchi. “Ma’lum muddatgacha qarzga olib tursangiz ham bo‘ladi”.
 “Qaerda ishlangan?”- so‘radi Ben qiziqsinab yana.
 “Anig‘ini bilmayman,” - dedi xizmatchi. “Filadelfiyada bo‘lsa kerak. Men buni sizga aniqlab beraman.”
 “O‘zingizni urintirmang,”- dedi Ben. “Siz chalishni bilasizmi?”
 “Afsuski, yo‘q.”- dedi xizmatchi bosh chayqab.
 U Benni pianinoda yanada ko‘proq kuy chalishni xohlayotganini payqadi.
 “Davom etavering,”- dedi u. “Yana chalavering.”
 “Men chalolmayman,”- dedi Ben hijolatomuz.
 “Chalganingizni eshitdim-ku,”- ta’kidladi xizmatchi jilmayib.
 “Chalish unaqa bo‘lmaydi,”- deb rad etdi Ben. “Men notani o‘qiy olmayman.”
 “Harholda menga eshitganim yoqdi.”- deb o‘z so‘zini quvvatladi magazin xizmatchisi.
 “Menga ham,”- deb qo‘shildi Emma. “Birinchi to‘lov qancha bo‘ladi?”
 “O, buni o‘ylamay qo‘ya qoling,”- dedi xizmatchi beparvo holda. “Nari borsa 40 yo 50 dollar bo‘lar-da. Siz chalaversangiz-chi.”- dedi u gapida davom etib. “Men ko‘proq sizning ijroyingizni tinglamoqchi edim.”
 “Agar bu joy aynan xona singari bo‘lganida edi,”- deya orzuladi Ben. “O‘shanda men pianinoni soatlab-soatlab chalgan bo‘lar edim.”
 “Shu yerda ham chalavering,”- deya xizmatchi uni tinmay chalishga undardi. “Hech kim e’tiroz bildirmaydi.”
 Shunday deb xizmatchi o‘rindiqni Ben tomonga surib qo‘ydi, Ben esa unga o‘tirib hali quloq eshitmagan kuylardan chala boshladi. U 15-20 lahza ichi garangsib turdi-da, keyin ohangga o‘xshash nimadir kashf qilib, ikki daqiqa o‘sha kuy bilan ovora bo‘ldi. Musiqa qancha avj olgan sayin u xizmatchiga pianino to‘g‘risida gapirishdan to‘xtamadi. Oxiri u chalishdan to‘xtab o‘rnidan turdi.
 “Minnatdorman sizdan,”- deya rahmat aytdi u xizmatchiga yuzlanib. “Qaniydi, xuddi shunaqa pianino sotib olsam edi.”
 “Xudo xohlasa, niyatingizga yetasiz,”- deb tilak bildirdi xizmatchi.
 Ben bilan Emma magazindan tashqariga chiqdilar. Ko‘cha bo‘ylab ketisharkan Emma so‘z qotdi:
 “Men bu haqida hali hech narsa bilmagan ekanman, Ben.”
 “Nima haqida?”- deb so‘radi Ben hayron bo‘lib.
 “Sen haqingda-da.”
 “Menga nima qilibdi?”
 “Sen shunaqamiding?”- deb hayratlanardi Emma.
 “Bu mening tushlik soatim edi,”- deya izoh berdi Ben. “Kechqurunlari mening eng yoqtirgan mashg‘ulotim ham pianinoli bo‘lishim to‘g‘risida xayol surishdir.”
 Ular chog‘roq bir restoranga kirishib, buterbrod bilan qahva buyurishdi.
 “Sen chalishni qaerda o‘rgangansan?”- deb savol berib qoldi Emma.
 “Hech qachon o‘rgangan emasman,”- javob berdi yigit. “Ammo qaysi yerda pianino ko‘rsam, uni albatta bir chalib ko‘raman. Bu mashg‘ulotimni go‘daklik davrimdan buyon hech kanda qilmayman.”
 U qizga qarab jilmayib qo‘ydi. Salgina avval pianino oldida turib jilmaygani kabi nim jilmaydi.
 Yoshlar restoranni tark etishib, qiz ishlaydigan magazin tarafgacha ikki kvartalni piyoda bosib o‘tishdi.
 “Xo‘p bo‘lmasa, ko‘rishguncha endi,”- deya xayrlashdi Ben.
 “Ko‘rishguncha, Ben,”- deb xo‘shlashdi Emma ham.
 Yigit ko‘chaning bir cheti bo‘ylab yurib ketarkan, qiz magazin ichkarisiga kirib ketdi. Emma yuragidan shuni anglab yetdiki, bir kunmas bir kun, albatta, bechora Benning pianinosi bo‘ladi va o‘shanda yigitning barcha-barcha orzulari ham shubhasiz, ro‘yobga chiqadi.
 
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.