Faqatgina tor eshigidan zo‘r-bazo‘r yorug‘lik kiradigan ustaxonada kechayu kunduz uchqunlar sachratib ishlaydigan Xo‘ja Ali inidan chiqmaydigan xonanishin arslonni eslatadi. U uzun bo‘yli, keng yelkali, pahlavon kelbatli odam. O’n yillarki, ustaning mana shu nimqorong‘i do‘konida yasalgan qilichu tig‘lar Onado‘li va Rumeli osha qo‘shni yurtlarda ham mashhur bo‘lgan. Hatto Istambulda yanicharlar* ham o‘zlari sotib olayotgan yarog‘u shamshirlaridan "Ali Usta" degan tamg‘ani qidirishadi.
Usta po‘lat toblashning hadisini olgandi. U yasagan uzun qilichlar, dudama xanjarlar toshni kesgudek o‘tkir edi. Po‘lat toblash san’atining faqat ustaning o‘zi biladigan siri bor edi. U shogird olmas, kishilar bilan ko‘p gaplashmas, do‘konidan tashqariga chiqmas, tinimsiz ishlardi. Uylanmagan, qarindoshi, yaqinlari yo‘q. Shaharning ajnabiysi edi u. Usta go‘yo qilich, "temir", "po‘lat", "otash”dan boshqa so‘zni bilmasdi. Savdolashmas, mijozlari berganini olardi. Faqatgina urush paytlari o‘chog‘ini so‘ndirib, do‘konini qulflar va ko‘rinmay qolardi. Urush tugagandan so‘ng yana paydo bo‘lardi. Shaharda u haqda turli mish-mishlar yurardi. Kimdir uni "jallod qo‘lidan qochgan olim" deb atasa, yana kimdir "sevgilisi o‘lgani uchun dunyodan qo‘l siltagan majnun" deb ta’riflardi. Tim qora ko‘zlarining mag‘rur boqishidan, aslzodalarga xos mulozamatidan, kamgap-u, ammo ravon va chiroyli so‘zlashidan u oddiy odamlardan emasligini taxmin qilish mumkin edi. Ammo u kim, qaerdan kelib qolgan? Bu savolga javob bera oladigan oqil yo‘q edi. Shunga qaramay, xalq uni sevardi. Shaharda bunday mashhur ustaning borligi hamma uchun faxr edi.
— Bizning Ali...
— Buyuk usta...
— Dunyoda tengi yo‘q...
— Zulfiqor sirining sohibi...
Shunday maqtovlar aytib charchashmasdi odamlar u haqda.
Ali qalin va qattiq temirni ham makkajo‘xori yaprog‘i kabi yupqa, qog‘ozdek yumshoq qiladigan san’atini hech kimdan o‘rganmagan, o‘zi kashf qilgandek edi go‘yo ...
O’n ikki yoshidayoq amaldor otasining boshi olinib, u yetim qolgandi. Tog‘asi juda boy, ammo qalbi qashshoq, qabih fe’lli vazir edi. Uni yoniga oldi. O’qitishni istadi. Balki yetim jiyanini o‘z qaramog‘iga olib, katta-katta mansablarga chiqarishni rejalashtirgandir. Ammo Alining tabiatiga boshqalarga tobe bo‘lish mutlaqo yot edi.
"Men hech kimga yalinmayman", derdi u o‘z-o‘ziga. Bir kecha tog‘asining hovlisidan qochdi. Kimsasiz yetimcha tog‘lar oshdi, adirlar, daralarni ortda qoldirdi. Nomini bilmaydigan o‘lkalarda kezdi. Axiyri, Erzurumda qari bir temirchiga shogird tushdi. O’ttiz yoshiga qadar Onado‘lida u kezmagan shahar qolmadi. Hech kimga bo‘yin egmadi, birovdan ta’ma etmadi. Nonini toshdan chiqardi. Peshona teri bilan tirikchilik qildi, pul uchun emas, san’at zavqi uchun ishladi. Po‘latni toblash uning sevgan mashg‘uloti edi. Ko‘ngilli ravishda janglarga borgan paytlari yanicharlar, sipohiylar, sakbonlar** qo‘lida o‘zi yasagan yarog‘larni ko‘rib, til bilan anglab bo‘lmas ajib baxtni his qilardi. To hayot ekan, tinmasdan ishlab, yana necha ming g‘oziy uchun sinmas qilichlar, o‘q o‘tmas qalqonlar, toshni kesadigan shamshirlar, zirhlar yasashni maqsad qilgandi. Buni o‘ylaganda kulimsirar, yuragi shodon urar, qalbidagi harorat sandondan sachrayotgan uchqunlarga ko‘chardi.
— Taq-taq!..
— Taq-taq!..
— Taq-taq!..
Bugun ham bomdod namozidan so‘ng berilib ishlay boshladi. Yasayotgan egri tig‘li qilichini sandon yonidagi suvdonga tiqdi. So‘na boshlagan otashga qaradi. Bolg‘asini tashlab, peshona terisini artdi. Shu mahal uyi yaqinidagi masjiddan maftunkor shom azoni eshitila boshladi, muazzinning chaqirig‘iga mo‘ri tepasidagi uyadan panoh topgan laylaklarning shovqini qo‘shildi. Asrdan beri tahoratli edi. Faqatgina qo‘llarini yuvdi. Quritdi. Hullasini ustiga tashladi. Tashqariga chiqdi. Eshikni yaxshilab yopdi. Qulflashni lozim topmadi. Uzun maydon bo‘ylab to‘g‘ri masjid tomon yurdi...
Shahar chetidagi bu ko‘rimsiz ibodatgohga ko‘pincha yo‘qsillar kelishardi. Masjid minorasi ko‘chaga qaragan, muazzin har kuni besh mahal minora oynasidan boshini chiqargancha najotga chaqirardi.
Xo‘ja Ali masjidga kirarkan, jamoat har qachongidan ham ko‘p ekanini sezdi. Har doim faqat uchta chiroq yoqilgani holda, bugun xuddi Ramazondagidek hamma chiroqlar porlab turardi. Hali namozga saflanilmagan edi. Eshik yoniga o‘tirdi. Yonida past ovoz bilan gaplashayotgan kishilarning suhbatiga beixtiyor quloq tutdi. Ko‘nyadan ikki g‘arib darveshning kelganini, xufton namoziga qadar "Masnaviy" o‘qishlarini eshitdi.
Namoz o‘qilganidan keyin jamoatning bir qismi chiqib ketdi. Xo‘ja Ali joyidan qimirlamadi. Biroz boshi og‘riyotgandi. "Zora, "Masnaviy"ni tinglab, dardim arisa" — deb o‘yladi. Ikki darveshning o‘qigan masnaviylaridan ko‘ngli rohatlandi, qalbiga sokinlik indi. Har bir oshiq kabi uning ham yuragida o‘zidan kechish darajasida shavqu zavq bor edi. Kichik bir sababdan-da jo‘shardi. Ma’nosini ta’riflab berolmaydigan so‘zning sirli uyg‘unligi turg‘un qonini buloq suvidek qaynatardi. Vujudi sababsiz tebranish bilan titrar, hiqichoq tutib, bo‘g‘ziga yopishib qolgandek edi.
Xufton namozini o‘qib, masjiddan chiqqach, to‘g‘ri do‘koniga qaytmadi. Sayr qildi. Uyqusi kelmayotgandi. Iliq, yulduzli yoz kechasi edi. Somonyo‘li sariq oltin kabi ko‘zni olar, bulut kabi ko‘kning u tomonidan bu tomoniga suzardi. Uzoq yurdi. Shahar tashqarisiga olib chiqadigan yo‘ldagi taxta ko‘prikda to‘xtadi. Ko‘prik chetiga suyandi. Keng daryo sathida akslangan yulduzlar nur taratib porlar, atrofdan qushlar sayragani eshitilardi. O’yga botdi.Uzoq turib keldi. Yaqindagina tinglagan masnaviy ohanglari ta’siridan chiqa olmas, o‘zidan ketadigandek alfozda edi. Birdan orqasidan baland ovozda kimdir baqirgani eshitildi:
— Hoy, menga qara, kimsan?
Usta shirin uyqudan uyg‘ongandek cho‘chib o‘ziga keldi. Orqaga qaradi. Ko‘prikning narigi tomonida ikki-uch kishining sharpasini ko‘rdi. Ulardan biri savolini takrorladi:
— Hoy, kimsan o‘zi?
— Ali...
Sharpalar yaqinlashdi. Bir qadam qolganda uni kiyimidan tanidilar:
— Sizmisiz, Usta Ali?
— Ha, menman.
— Bemahalda bu yerda nima qidiryapsiz?
— Hech narsa...
— Hech narsa? Suvga bolg‘angizni tushirib yubordingizmi?..
Bular shaharning tungi qo‘riqchilari edi. Usta nima deyishini bilmay gangib qoldi. Kechalari ko‘knori chekib yuradigan bu daydilar uning ko‘ziga o‘g‘ri, kazzoblardan-da qo‘rqinchli ko‘rinib ketdi. Ular kechasi o‘zlaridan boshqa biror kimsaning yurganini ko‘rsalar, tutib olib, do‘pposlashdan ham toymas edi. Lekin ustaga tegmadilar. Qo‘riqchilar boshlig‘i:
— Usta Ali, sen telba bo‘lib qolmadingmi? — dedi bepisandlarcha.
— Yo‘q...
— Yarim kechasi, xuftondan so‘ng biror kimsaning daydib yurishiga xo‘jayinimiz izn bermasligini bilasanmi?
— Bilaman.
Qo‘riqchilar uning nomusli odam ekanligini bilardilar. Qattiq muomala qilishmadi. Faqatgina:
— Endi uyingga bor, bu yerlarda daydib yurma, — dedi.
Usta kelgan yo‘lidan tez-tez yurib uyiga qaytarkan, tinglagan masnaviy ohanglarini takrorlab bordi. Uzoqdan itlarning bezovta vovillashi tun sukunatini buzardi. Yo‘lda hech kim uchramadi. Do‘koni yoniga kelib to‘xtadi. Usta sharpa kabi uzoq turib qoldi. Eshigi qiya ochiq edi. Uydan chiqarkan, eshikni yaxshilab yopganini esladi:
"Qiziq... Balki shamol ochgandir", — xayoldan o‘tkazdi u.
Qo‘lga ilingulik nimasiyam bor ediki, uyiga o‘g‘ri tushsa.
Ichkaridan eshikni yopdi. Qo‘riqchilarning ishidan qalbi ranjigan edi. Bu shaharda yashamoq ham tutqunlikdek gap. Hatto tog‘ning narigi tomonidagi qishloqda ham ishlay olmasang! Jismida og‘ir charchoqni sezdi. Chiroqni yoqishga ham erindi. O’chog‘i yonidagi supaga chiqdi. Ayiq po‘stinidan bo‘lgan ko‘rpasini yopindi, behol oyoq uzatdi.
Qancha fursat uxlaganini bilmaydi, shovqindan seskanib uyg‘ondi. Eshik taqillayotgandi.
— Kim u? — dedi u uyqu aralash.
— Och eshikni tezroq!
Tong otgandi. Eshik tirqishlaridan oppoq nurlar sizib kirardi. U hech bunaqa uxlab qolmas, doim quyosh chiqmasidan avval uyg‘onardi. Erinibgina turdi. Supadan sakrab tushdi. Oyoq kiyimini topolmay kuymalandi. Keyin shoshib eshik yoniga keldi. Ko‘nglida ming bir gumon bilan eshikni ochdi. Birdan do‘kon eshigidan tushgan nur oydinligida mo‘ylovdor, salla kiygan qo‘riqchilar boshlig‘ini ko‘rdi. Uning orqasida kigiz kulohli, qo‘sh xanjarli yosh shotirlari ham turardi. Usta "Nima kerak sizlarga?" degandek chaqirilmagan mehmonlarga boqdi. Qo‘riqchiboshi:
— Usta Ali, do‘koningni tintuv qilamiz! — dedi qat’iy.
U hayron bo‘lib so‘radi:
— Nima uchun?
— Tunda Budak Beyning og‘ilxonasida o‘g‘rilik bo‘lgan. Shuning uchun!
— O’g‘rilik codir bo‘lsa menga nima?
— O’g‘rilangan bir qo‘zini ko‘prikning oldida so‘yganlar. Charm hamyon ichidagi pullarni olib, bir donasini u yerda qoldirganlar.
— Xo‘sh, menga nima?..
— O’sha tangalardan birini tongda do‘koning yonidan topdik. Keyin... Ostonaga qara. Qon izlari bor!
Xo‘ja Ali uyqu arimagan ko‘zlari bilan eshigi ostonasiga boqdi. Haqiqatan qon dog‘lari bor edi. U qon izlariga parishon kuzatarkan, mo‘ylovdor qo‘riqchi:
— Kechasi seni ko‘prik ustida ko‘rgandik, nima qidirayotganding u yerda? — deya savolga tutdi.
Xo‘ja Ali yana indamadi. Qo‘riqchiboshi:
— Do‘konni tintib chiqinglar! — deb yordamchilariga buyruq berdi.
Sandonning yonidan o‘tayotgan qo‘riqchilardan biri baqirib yubordi:
— Bu yoqqa qaranglar! Mana, mana!
Xo‘ja Ali qo‘riqchining qo‘lidagi yangi shilingan terini ko‘rdiyu hayron qotdi. Qo‘riqchi tanga topgan gadoydek mamnun qiyofada terining ichini ochdi. U hali qurimagan ham edi. Bir og‘asining, bir aybdorning yuziga qaradi.
Qo‘riqchiboshi darg‘azab ohangda ustani tergov qilishga tushdi:
— O’g‘rilagan pullarni qaerga yashirding?
— Men o‘g‘rilik qilmadim.
— Bo‘lmasa mana bu teri do‘koningga qaerdan kelib qoldi? Men so‘yib tashlab qo‘yibman-da!
Usta Ali karaxt holda javobsiz turardi.
Ustani suvboshining*** yoniga olib borishganida ham kecha ko‘prikning ustida nima qidirganini aytmadi. Topilgan barcha dalillar uning zarariga ishladi. O’sha tunda Budak Beyning besh yuzta qo‘yga yetgulik puli ham o‘g‘rilangan edi. Ikki baquvvat o‘g‘ri cho‘ponni bog‘lab, do‘pposlab ketgandi. Ertasi kuni qozining yonida kaltak zarbidan hali ham o‘ziga kelolmagan cho‘pon o‘g‘rilardan biri Xo‘ja Aliga o‘xshashiga shohidlik berdi. Tunda allamahalgacha ko‘prik yon-atrofida yurgani, ashyoviy dalil — qo‘zi terisining do‘konidan, tangalardan birining eshigi yonidan topilgani Xo‘ja Alini aybdor deb e’lon qilish uchun yetarli bo‘ldi. Qancha inkor etsa ham, dalillar unga qarshi so‘ylardi.
Ustaning o‘ng qo‘lini kesishga qaror qildilar.
Bu qarorni eshitib Alining rangi o‘chib ketdi. Beixtiyor lablarini qattiq tishladi. Alhol, qarorga bo‘yin egishdan boshqa chorasi yo‘q edi. Qoqinib-turtinib o‘rnidan turdi. Ammo shunda ham mag‘rur ovoz bilan qozidan qo‘li emas, boshi kesilishini iltimos qildi. Ehtimol, bu uning umri davomidagi birinchi iltimosi edi. Biroq qozi adolatli kishi edi.
— Yo‘q, o‘g‘lim, — dedi u vazminlik bilan. — Sen odam o‘ldirmading. Agar cho‘ponning joniga qasd qilganingda, unda seni o‘limga hukm qilardik. Bu jazo aybingga ko‘radir. O’g‘rilik uchun qo‘ling kesiladi. Haqning qonuni shudir. Qonunlar buzilgan yer ko‘karmaydi...
Xo‘ja Alining qo‘li boshidan ham kerakli edi. Mana shu qo‘llari bilan harb maydonida kurashgan minglarcha g‘oziyga po‘lat qalqonlarni parchalaydigan, og‘ir zirhlarni buzadigan, temir dubulg‘alarni ikkiga bo‘ladigan paxtadek yengil qilichlar yasagan edi.
Uni qo‘riqchixonaning yerto‘lasiga qamadilar. Jazo kuni kelgunicha o‘sha yerda yashadi. Hech ovozini chiqarmas, endi sandon yonida bolg‘asini urolmasligini o‘ylab, qo‘li hozirdan shol bo‘lib qolgandek edi. Qo‘lining badalini to‘lagani puli ham yo‘q edi. Shu kunga qadar dunyo yig‘ish uchun ishlamagandi u.
Ahli shahar Xo‘ja Ali kabi buyuk ustaning qo‘li kesilishini eshitib mutaassir bo‘ldi. Bu qadar istarasi issiq, mard, mehnatsevar, kuchli bir insonning umr bo‘yi nogiron bo‘lib o‘tishiga tuyg‘usiz ko‘ngillar ham toqat qilolmasdi.
Sipohiylar o‘zlariga bebaho qilichlar yasab bergan ustani qutqarishga kelishib olishdi. Shaharning eng katta boyi Hoji Mehmetga murojaat qilishdi. Bu odam Qorundek mol sohibi bo‘lsa ham, o‘ta baxil edi. Dunyosi ko‘p bo‘lsa-da, hali ham bozordagi kichik bir do‘konda qassoblik qilardi. Hoji Mehmet har galgidek o‘zini taroziga soldi, injiqlik qildi. Ensasi qotdi. Boshini tebratdi. Ammo sipohiylar bilan kelishmasa bo‘lmasdi.
— Uning qo‘li uchun badal to‘layman. Ammo bir shartim bor, — dedi u majburiyat ostida ko‘ngan odam qiyofasida.
— Qanday shart?
— Boring, o‘zi bilan gaplashing. Agar menga o‘lgunimcha pul olmasdan shogirdlik... xizmatkorlik qilishga rozi bo‘lsa...
Sipohiylar Hoji qassobning shartini Xo‘ja Aliga yetkazdilar. U qassoblikdan butkul bexabarligini bahona qildi. Bunday yoqimsiz shartni qabul etishni istamas edi. Sipohiylar:
— Qassoblik ham ishmi? Po‘latni mumdek eritib, qilichlar yasagan odam bog‘langan qo‘yni so‘ya olmaydimi?
Usta uchun qulga qul bo‘lish, besh kunlik dunyoda birovning ko‘ngliga qarab yashash eng og‘ir kulfat edi. O’smirlik paytidayoq vazir tog‘asining hotam¬toy¬ligidan voz kechib, birovning qaramog‘ida qolmaslik uchun g‘urbatli hayotga ham rozi bo‘lgan edi-ku! Endi bu ko‘r taqdir uni kimga qul etmoqda?!
Sipohiylar:
— Hojining yoshi yetmishdan oshgan. Endi yana qancha yashardi? U o‘lgandan so‘ng sen yana ozod bo‘lib, bizga qilich yasayverasan. Ko‘p o‘ylanma usta, o‘ylanma! — deya unga tasalli berishardi.
Hoji qassob kesiladigan qo‘l badalini qoziga to‘lab, Xo‘ja Alini do‘koniga ergashtirib keldi. Qassob juda ham injiq, mijg‘ov odam edi. Xasisligidan hozirga qadar bir xizmatkor yoki shogird olmagan edi. Do‘konining burchagiga yangi xizmatchisi uchun joy qilib berdi. Saxovat ko‘rsatib, ustaning qo‘liga bir to‘shak tutqazdi.
Shu kundan jamiki yumushlarni unga qildirishni boshladi. Bomdod namozidan oldinroq shahardan ikki soat uzoqlikdagi og‘ilxonasidan qo‘ylarni olib kelishni buyurar, so‘ydirar, nimtalatar va Alining o‘ziga sotdirar edi. To shomga qadar tinmasdan ish buyurardi. Har kuni yedirib-ichirgani esa yanchilgan bug‘doy sho‘rvasi edi. Ba’zida o‘zidan ortganlarini itga otgan kabi unga berardi. Kechqurun do‘konni yog‘ tushsa yalagudek tozalatar, ko‘zi ilinar-ilinmas, uyg‘otib ertangi kun uchun qo‘y olib kelishga yuborardi. O’rmondan o‘tin kesib kelish ham uning vazifasi edi. Suv tashir, hovlidagi chiqindilar qudug‘ini tozalardi.
Xo‘ja Ali boyning yovg‘on sho‘rvasiyu turfa qiyinchiliklarga yillarcha toqat qila olardi. Ammo Hoji qassob ikki gapning birida:
— Lapashang Ali! Qo‘lingning badalini men berdim. Yo‘qsa nogiron bo‘lib qolarding, — deb minnat qilishiga chidolmasdi. Bir necha kun tishini tishiga qo‘ydi. Tinmay ishladi. Qush uyqusiga qanoat qildi. Kunduzlari ham yugurib-elib xizmat qildi. Xo‘jayinning qarshisida ta’zimda bo‘ldi. Ammo minnat deganlari miyaga tushgan qurtdek tinchlik bermasdi:
— Qo‘ling uchun badalni men to‘ladim.
— ...
— Yo‘qsa qo‘lsiz qolarding!
— ...
— Mening soyai davlatimda to‘rt muchang sog‘.
— ...
Hoji qassob minnatli so‘zlarni xuddi salom kabi tiliga yopishtirib olgandi. Har buyrug‘i bajarib bo‘linganidan so‘ng kir soqolli, chirkin va qotma yuzini burishtirib, ko‘k ko‘zlari bilan unga boshdan oyoq razm solib, "Yodingda tut, sen mening asirimsan!" deya yana badalni eslatardi. Xo‘ja Ali indamas, ammo uning yuragi parchalangan, ko‘ksini achchiq-achchiq alamlar kemirardi. Kechalari uxlamasdan, kunduzlari ishlab, kushxonada qo‘ylarni so‘yib, xaridorlarga go‘sht sotarkan, "Nima ham qila olardim?" deb o‘ylar, dadil qarorga kelolmasdi.
Qochishga g‘ururi yo‘l qo‘ymasdi. Shunday yo‘l tutsa, haqiqatdan o‘g‘rilik qilgan bo‘lib qolardi. Ammo uning boshiga tushganlari o‘limdan ham mudhish, o‘limdan ham og‘ir edi...
Hoji qassobga qul bo‘lganining birinchi haftasi o‘tgandi. Juma kuni edi. Odatdagidek, tong yorishmasdan qo‘ylarni so‘yib, do‘kondagi ilgaklarga osgan edi. Usta Ali qassobxona rastasining chap tomonidagi katta qora toshda pichoq o‘tkirlardi. Hali xo‘jayin kelmagandi. "Nima qilaman? Qanday yo‘l tutish kerak?" deya cheki yo‘q o‘y-xayollarga berilib, qassobning kelganini ham bilmay qoldi. Unga tanish noxush bo‘g‘iq ovoz hushiga keltirdi:
— Nima qilyapsan, hey?
Xo‘jayin tamakisini tutatgancha Aliga o‘dag‘aylay ketdi:
— Tanbal, landovur! Ertalabdan beri nima qilding o‘zi?
Indamadi. Bu mitti, xoin ko‘zlarga tik qaradi. Qariya kutilmagan o‘tli qarashdan bir zum o‘zini yo‘qotdi:
— Nega bunday qarab qolding?
— ...
Xo‘ja Ali cas chiqarmas, besh yillik, balki o‘n yillik mehnatni bir haftada bajargan odamni tanballikda ayblashdan uyalmagan bu razil kimsaga nafrat ila qarardi. Ustaning ko‘ksini yana alam tilar, asabi qaqshardi. U butun tanasiga yoyilgan qahru g‘azabni so‘ndirish uchun bir on ko‘zlarini yumdi. Titroqlar bosilgandek bo‘ldi. Hoji qassob tamakisini tashlab, xizmatchisining og‘ir nigohlaridan qutulish uchun ming‘irladi:
— Qo‘ling badalini berganimni unutding, chog‘i. Men bo‘lmaganimda hozir hech ishga yaramaydigan nogiron bo‘lib qolarding...
Xo‘ja Ali achchiq kulimsiradi. U qassobning xayoliga ham kelmagan qarorni qabul qilib bo‘lgandi. Ortiga o‘girildi. Hozirgina o‘tkirlagan pichoqlarining eng kattasini oldi. Qo‘lini go‘sht nimtalanadigan katta to‘nka ustiga qo‘ydi. Ko‘zini chirt yumganicha pichoqni qo‘liga shunday tushirdiki... Xo‘ja Ali qat’iyat va sovuqqonlik bilan kesilgan qo‘lini tutdi. Ko‘rganlaridan dahshatga tushib qaltirayotgan Hoji qassobning oldiga bordi:
— Sen mana shu uchun badal berganmiding?! Ol, mana senga badalini to‘lagan narsang!..
Xo‘ja Ali choponining qo‘lsiz qolgan yengini bog‘lab, tugun qilib oldi. Shaxt bilan do‘kondan chiqdi...
Ustaning bir zamonlar kelgan joyi kabi ketgan yerini ham hech kim bilolmadi.
______________
* Yanichar — usmonli turklarning saralangan harbiy bo‘linmasi askari
** Sakbon — chegara qo‘shinlari jangchisi
*** Suvboshi — Usmonli turk davlatida shahar mudofaasiga mas’ul bo‘lgan amaldor.