Shahar tashqarisi… Istambulning tashqarisida o’tgan hayot, qanchalar hush! Buni faqat boshidan o’tgan kishi biladi. Bir tarafda nomdor kishilar, ziyolilar! Narigi tarafda esa davlat xizmatchilari, zobitlar, muallimlar…So’ngra qasabaning yer-mulk egasi, shu yerlik insonlar… Har tabaqaning, har toifaning ayri-ayri qahvaxonasi, farqli ko’ngilxushligi, bir-biridan farqli zavqlanishlari bor. “Hamma bilan bir xil tabaqada” deya olishimiz mumkin bo’lgan yagona kishi, nohiyaning davlatda ishlaydigan doktori edi. U har doim hamma bilan suhbat qurar, ularning har turli ishlariga qatnashardi. Muallimlarning, ishchilarning, zobitlarning o’tirgan qahvaxonasiga kirardi. Dorixona esa “nomdor kishilarning klubidir”. Yuksak unvonli davlat xizmatchilari ham u yerni ziyorat qilardilar. Advokatlarning idoralari ham bir navi dorixonlarga o’xshardi.
Xullas, shahar tashqarisi o’ziga yarasha g’oyat yoqimli olam sanaladi. Yetti, sakkiz, balki to’qqiz sana bo’lgandir, men ham Istambulga unchalik uzoq bo’lmagan bir qasabada tayyorlov maktabida muallim edim. O’ziga yarasha ayri dunyo bo’lgan shaharchaning maktabi ham ayri olam sanalardi. Go’yo olam ichidagi olamday edi! Dasturlari, g’oyalari bir biriga zid, to’rt-besh maktabning yetishtirgan keksa, yosh, aqilli, ahmoq, safsataboz, kamgap hammasi bo’lib yigirma xildan ortiq odam: Mudir, uning muovini, muallimlar, yordamchi o’qituvchilari… Idora xizmatchilari… Eski zamonlardan qolgan, haligi bir tarafidan quyosh botar ekan, narigi tarafidan quyosh chiqqan eski buyuk sulolamizning eng uzoq burchaklaridan kelgan yotoqxonada qolib o’qiydigan talaba… Har irqdan, har jinsdan. Tillaridan boshqa hech narsalari turklashmagan bir to’da bola…Faqat, bunchalik ochiq-oydin qarama-qarshiliklar orasida bu qanchalar samimiy ohang edi! Diniga bog’liq kishilar, yangiliklarga qarshi bo’lgan kishilar, liberallar, so’ngra esa hech bir aniq maslak sohibi bo’lmagan kishilar aka-ukaday yashar edilar. Bir riyoziyot muallimi juda ochiq fikirli edi. Tabiat muallimi hammamizga o’qimagan johil nazari bilan qarab, ichidan bizga juda achingan jiddiy, yoshgina yigit edi. Men adabiyot muallimi edim. Fransuzcha muallimi esa Yahudiy millatidan edi. Maktabda kecha navbatchisi bo’lgan vaqtlarida, kechqurun bolalar bilan qilgan suhbatlarida talabalarning undan so’ragan so’zlarini lotin harflari bilan yon daftariga yozar, ertasi kuni ma’nolarini mendan so’rar edi. Bir kuni “Jezbeyi Rahmon”*ning nimaligini bechoradan so’rashibdi. Domla yaxshi tushinmabdi, daftariga “Jezveyi Rahman”* deb qayd qilibdi. O’qituvchilar xonasida meni to’xtatib:
- “Jevzei Rahmon” nima degani?, deb so’radi.
- Unaqa narsa yo’q, deb kuldim. U esa bor, deb oyoq tirab oldi. O’zidan bu so’zni so’ragan bolani topib keltirdi. Kitobni ochdik. Noto’g’ri tushungani ma’lum bo’lgandan keyin esa bu mavzu oramizda masxaraga sabab bo’ldi. Bechoraning laqabi “Jazvai Rahmon” bo’ldi-qoldi.
Eng qiziq kishilardan biri mudir edi… Bu dunyoda uning qadar intizomparvar, qonunparvar, usulparvar bir odam ko’rmadim. Birinchidan qo’l ostida ihslagan kishilarning hech biri bilan shaxsiy munosabatda bo’lmas; maktab hay’atining tashqarisida xuddi afsonalardagi ma’bud kabi yashardi. Oramizda laqabi “shu sababdan” edi. O’ta ahamiyat bergan narsasi - majlis kunlari, xonasida to’plangan vaqtimiz hech birimizni gapirtirmas, hammamizga “shu sababdan, shu sababdan” deb ayri-ayri rasmiy yozuvlar yozdirardi. Har qanaqangi masala bo’lsa, ayni so’zlar bilan ayni jumlalarning oxiriga yuqoridagi “shu sababdan”ni qo’shib yozdrirgandan keyin, masalani hal qildim deb o’ylardi.
O’rtoqlarimning orasida eng yaxshi ko’rganim din ilimlari fani domlasi Bahir Afandi edi. Madrasadan keyin dorulfununni ham tamomlagan edi. Yoshi ellikka yaqinlashayotgandi. O’z fikrida qat’iy turadigan, insonlar bilan tez kirishadigan, biroz makkor, g’alatiroq va hushchaqchaq odam edi. Men bilan do’st bo’lishining sababi tarbiya haqidagi fikrlarimizning bir xil bo’lishi edi. Chunki men har qancha milliyatparvar bir liberal bo’lsamda “tarbiya”ning doimo “muhofazakorona” bo’lishi lozimligiga” ishongan kishi edim. Ijtimoiy inqilobning joyi maktab emas, hayotdir. Muallimlarning vazifasi bolalarga eski hayotning tarbiyasini majburan o’rgatishdir. U ham menday o’ylagani uchun majlislarda ikkalamiz tarafdorlarimiz bilan birga quvvat tashkil qilar, liberallarga, yangi asrning tarbiya tarafdorlariga kun bermasdik. Bahir domlaning eng maftun bo’lgan taraflari kirishuvchanligi bilan “mebni aleyh, mebni bih, mebni leh”* kabi ta’birlari edi. Xuddi urishayotganday gapirar, so’zlariga xuddi musht shakli vujudlar bermoqchi bo’lganday o’ng qo’lini bir Qorako’z* qulayligi bilan chayqardi. Kamchiligi faqat nargilasi* edi. Unga shunchalar mubtalo ediki, qahvaxonada, maktabda kunda o’nta chekmasdan turolmasdi. Nargila bu… sigaret kabi narsa emas. Shishaning yonida qo’shimcha shlangi bo’lgani uchun mudirdan, taftishchidan saqlamoq lozim… Bir kuni qahvaxonada o’tirib, sayyor va qulay nargila shakli o’ylay boshladik. Masalan, nargilani chekib bo’lgandan keyin ust qismi chiqarilsin, keyin grafinga o’xshab qolsin, ust qismini esa cho’ntakka yashira olsin. Bahir Domla :
- Shlangni nima qilaman, dedi.
- To’n ostiga, belinga o’rab olasan.
- Qayrilib sinadi.
- Bo’lmasa o’rab shapkangning ichiga sol.
- Sig’maydi…
Biz bularni gaplashar ekanmiz shahar hokimligi doktori ichkariga kirib keldi. Doktor yonimizga keldi, biz bilan salomlashib yonimizga o’tirdi. Juma kuni Bektoshiy* Takyasiga ketar emishlar. Qo’zi go’shti, soz, biroz may bor emish. Bizni ham davat etdi. Men:
- Borolmaymiz!, dedim. Biz muallim edik. Unaqa sozli, ashulali, ichkili bazmlarga borolmasdik. Doktor majbur qildi:
- Sizlar ichmaysizlar. Quloqlaringga paxta tiqib, ko’zlaringizni yumasizlar, dedi. Zotan o’rtoqlardan bazilari rozi bo’lipdi… Bahir domla:
- Agar nargilamni ham olsak kelaman, dedi. Doktor:
- Olamiz. Hamda rostanam men o’zim olib boraman, domla!, deb qasam ichdi.
Juda nash’ali, sodda odam edi. Go’yo qasabaning jonli nash’asiydi. Kasallari dorisidan ko’ra ko’proq uning so’zlaridan shifo topishardi.
Juma kuni ko’pchilik bo’lib Bektoshiy Takyasiga qarab yo’l oldik. Bu yer eski zamonlardan top-toza qolgan bir jannatning hayoliga o’hshardi. Tarih deb atalmish bo’ron bu asirlik chinorlarning orasidan, oppoq yakka binoning sokin tomi ustidan hech esmagandaydi go’yo. Atrofida devorlari bo’lmasa tabiiy bir ko’l deb hisoblanarlik darajada buyuk hovuz, zumrad rangidagi ko’lankalar ichida nilufarlar gullar ochgan holda uxlar edi. Darvishlarning yoygan, qamishdan qilingan to’shaklariga cho’zildik. Telegrammachi udini, ko’chmas mulk birjasi xodimi qonunini qo’liga oldi. Bazmga skripka ustasi Aleko ham kelgandi. Musiqa boshladi. Doktor:
- Soqiy menman, deb hammaga ichki ikrom etar, Bahir domlaning yoniga kelganda esa to’htab qolardi.
- Mana mening nargilam bor…
- Bir qultum bersam?...
- Umrimda bir tomchi ham og’zimga olmaganman.
- Bir qultum og’zingga ol, g’arg’ara qilib keyin tupirib tashla.
- Nima foydasi bor?
- Xudo haqqi muzadd-i taaffun, ya’ni yomon hidlarga qarshi keladi.
Bahir Domla bu kabi mavzularda o’jar ko’rinishni xohlamasdi. Og’ziga bir qadah aroq oldi. Faqat doktor domlani qitiqlab bir necha tomchi yuttirdi. Domla yutganini inkor etsada bu bir necha tomchi unga bir nechta ko’zaning nashasini berdi. Kula boshladik. Bazmimiz davom etardi. Lekin kallamiz qozon kabi edi! Bu yashil jannatda oxiri yo’q bir jahannam shovqini bor edi: buyuk hovuzning ichida balki bir milliyonta qurbaqa ovozlarini boricha hayqirardilar. Shu darajada ediki hatto bir birimizning nima deganimizni ham eshitmasdik.
Doktor:
- Obbo!.. - dedi, bularni ovozini qanday qilib o’chiramiz? Qulog’imiz portlab ketadiku endi.
Darvishlar:
- Nima qilsalaring qilinglar lekin ovozini o’chirolmaysizlar, deyishardi.
Bahir dolmadan boshqa hammamiz stoldan turdik. Chunki ortiq chidab bo’lmaydigan shovqin boshlangandi. Tosh, kesak nima topsak hovuzga ota boshladik. Qurbaqalar bizning bu hujumlarimizdan g’azablanganday yana ham battar qurullay boshladilar. Doktor gazetalarni yoqib ularning ustiga qo’rqib qochishsin, deb ota boshladi. Yo’q, yo’q…Nima qilsak qilaylik ovozlari tinmas, yana ziyoda qurillay boshladilar. Musiqani eshitish also mumkin emasdi. Ichimizdagilardan bittasi:
- Bu yerdan qochishdan boshqa choramiz yo’q!, - dedi.
- Qayerga ketaylik?
- Hovuzdan uzoq bir yerga…
- Biz buning kabi ko’chish muzokarasi qilar ekanmiz nargilasining yonida esimizdan chiqqan Bahir domlaning:
- Hohlasam ularni bir onda jim-jit qilaman, deganini eshittik.
- Qanday qilib?...
- Suflayman.
- E qanday qilib? …
- Darrov jim bo’lishadi. Shovqindan nashamiz qochgandi, birdaniga yana kula boshladik. Doktor:
- Bu qurbaqalar yarim bosh og’risi emaski bir nafasda to’xtasin, derdi, bular bosh balosi.
Faqat Bahir domla yana g’azablangan Qorako’z kabi shijoatlandi. Mushtini cho’zib hammamizni e’tiqodsizligimiz uchun so’kardi. Uning baqirishi bir tarafdan, bir milyon qurbaqaning chiqargan shovqini bir tarafdan…Valhosil qorishiq bir ur-to’polon davom etardi. O’tirishimizning nashasi qolmagandi. Bahir domla:
- Hamma joyiga o’tirsin, dedi, men hovuzning bo’yiga borib dam uray. Jim bo’lishmasa yuzimga tupiringlar….
- Ha mayli mayli bo’lmasa domla…
Ishonmayotgandik, lekin bir masxara bo’lar, deb joyimizga o’tirdik. Domla o’rnidan turdi. Nargilasini qo’liga oldi. Bizga orqasini o’girib olgandi. Suvga qarab suflaganini ko’rdik. Oradan bir daqiqa o’tmadi. Qurbaqalar birdaniga jim bo’lishdi. Kattakon hovuzdan tiq degan ovoz chiqmasdi. Hayron bo’lib qoldik. U esa mushtini ko’tarib zafar qozongan kishiday qaytib keldi.
- Nima qilding, xudo haqqi!, - deb so’raganlarga esa:
- Ko’rmadilaringmi. Ko’zlaringga ham ishonchlaring yo’qmi, dam urdim, - deb javob berdi.
Yarim soatdan keyin qurbaqalar yana sayray boshladilar. Ortiq qo’rmasdik. Bahir domla o’rnidan turib hovuzning bo’yiga borar, bir nafasda qurbaqalarni tinch qilardi. Hovuz tarafga ketarkan, sevimli nargilasini “mastsizlar, sindirib qo’yasizlar”, deb yonimizda qoldirmasdi. Oqshomgacha ko’ngilhushlik qildik. Bahir domlaning dam urishiga Aleko ham ishondi. Doktor bunga ishonmas, lekin ko’zi bilan ko’rgan natijani ham inkor qilishga jasorat etolmasdi. Shu yerlik xizmatchilar hayratga tushib qolishganindan boshqa aroq ichishga jur’at etolmadilar. Bektoshiy darvishlari o’ychan-o’ychan nafas egasiga qarashar, kim biladi ichlaridan nimalar deyishardi.
Ertasi kuni qahvaxonada Bahir domla bilan yonma-yon o’tirib Istambuldan kelgan gazetalarini o’qirdik. Men o’qiganlarimni tushunmas, uning Bektoshiy Takyasidagi qurbaqalarni buyruq berganday jim qilganini o’ylardim. To’g’ridan-to’g’ri so’rasam aminmanki yana “Ko’zlaringga ishonmaysanmi, dam urdim, ko’rmiding?” deb meni ham qurbaqalarday jim qilishi aniq edi. Faqat men ovsar emasdim. Unga zehniy, ilmiy bir tuzoq qurdim. Avvalambor gazetalarni stolga qo’ydirdim. G’oyat totli, ruhlar haqidagi suhbatga boshladim. Bunaqa mavzularga juda qiziqardi. Hayvonlarda ruh bo’lmaganligini, maxluqotlarning ma’naviyat tashqarisida xuddi o’simliklar kabi yashashlarini anglatardim.
- Men ham bu fikrdaman, - dedi.
- Yo’q, yolg’on aytyapsan, - dedim.
- Xudo haqqi…
- Yo’q yolg’on….
- Qayerdan bilasan?
- Chunki sen qurbaqalarga dam urding. Demakki hayvonlarning ma’naviyat tashqarisida yashashlarini bilmaysan. Qo’llarini stolning ustidan tortdi. Orqasiga suyandi, o’ylandi. Ko’zlarimga tikka qaradi. Pastga tupirsa soqoli, yuqori tupirsa mo’ylovi edi. Shunaqangi vaziyatga solgan edimki….Qalin qoshlarini chimirdi:
- Men qurbaqalarga dam urmadim!, - dedi.
- E bo’lmasa qanday qilib jim qilding ularni?
Bahir domla og’zini ocholmasdi, chunki tuzoqqa tushgandi. O’z aqliga qarab, yo johilligini qabul qilishi, yoki haqiqatni so’ylashi kerak edi.
- Ayt bo’lmasa, nima qilganing uchun qurbaqalar jim bo’lib qolishdi?
- Hm, haligi azizim…..Ovsarmisan? Dam degan narsa bo’ladimi?... Haligi nima qilgandim a….
- Nima qilding?
- Nargilaning shlangini ko’lga tashladim…
- Haa?
- Qurbaqalar uni ilon deb o’ylashdi. Tezda ko’l tubiga qochdilar.
…Faqat qasaba hayotining bir xususiyatlaridan biri ham sir saqlamoqdir.
Bahir domla: “Sof kishilarning e’tiqodlarini buzmaslik kerak. Ularga ilmiy haqiqatlarning keragi yo’q. Zinhor, shlangni qurbaqalarga ko’rsatganimni hech kimga aytma. Mayli qo’yaver dam urdi, deb o’ylasinlar. Men bu sirni hech fosh etmadim. Butun qasaba xalqi domlaning nafas karomatini eshitdi. Hatto Bektashiylar ham bunga shohid edilar. Doktorning ham shubhalari sekin-sekin yumshadi, yo’qoldi. Bahir domlaning bir suflash bilan qurbaqalarni jim qilganligidan gap ketgani zamon bechora bo’ynini bukib:
- Dunyoda qanchalar majhul narsalar bor. Ilmimiz esa bu majhullarning yuz milliyonda biri ham emas!..., - der va u har paytdagi sho’x qahqahasini otolmasdi…
__________
* Jezbeyi Rahmon - Ollohning ishqidan hushdan ketish
* Jezveyi Rahman - Qahva qaynatadigan idish.
* Mebni aleyh, mebni bih, mebni leh - Unga qarshi qilingan, O’ziga qarshi qilingan. Uning foydasi uchun, foydasiga.
* Qorako’z - Turk folklorida qo’g’irchoq o’ynatishning ismi.
* Nargila - Asil vatani Osyo bo’lib, “to’mbeki” nomli tamaki turining suvda suzib chekilishida ishlatiladigan, shishadan qilingan idish.
* Bektoshiy - Hoji Bektoshi Valiy tariqati.