OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Valentin Rasputin. Fransuz tili saboqlari (hikoya)

Qiziq, nima uchun xuddi ota-onamiz oldidagidek o‘qituvchilarimiz oldida ham o‘zimizni doim aybdor his etamiz? Maktab davrida ro‘y bergan voqealarni deb emas, yo‘q, keyingi hayotimiz uchun ham...

* * *

Beshinchi sinfga men 1948 yili borganman. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsam: qishlog‘imizda faqat boshlang‘ich maktab bor edi, o‘qishni davom ettirish uchun esa uyimizdan ellik chaqirimcha nariga – tuman markaziga borish kerak. Men ketishimdan bir haftalar oldin onam tumanga borib bir tanishi bilan gaplashib keldi – o‘sha ayolning uyida yashaydigan bo‘ldim. Avgustning so‘nggi kuni qishlog‘imizda yagona “polutorka” moshinasining haydovchisi Vanya amaki Podkamennaya ko‘chasidagi men yashashim lozim bo‘lgan uy oldida yuklarimni tushirdi va ko‘rpa-to‘shagim o‘ralgan tugunni uyga olib kirishga qarashib yubordi. Xayrlashayotib yelkamga do‘stona bir qoqib qo‘ydiyu jo‘nab qoldi. Shunday qilib, o‘n bir yoshimda mustaqil hayotga qadam qo‘ydim.
Hali ocharchilik yillari, biz esa oilada uch farzand edik. Men onamning to‘ng‘ichi edim. Bahor oylari, ayniqsa, ilikuzildi mahali ochlikdan kartoshka murtagi, suli, javdar donini yutgan va bunga singlimni ham majbur qilgan vaqtlarim bo‘lgan. Biz go‘yoki qornimizga urug‘ ekardik va shu bilan o‘zimizni chalg‘itardik, hadeb obu ovqat haqida o‘ylayvermasdik-da. Keyin yoz bo‘yi bamisoli shu ekkan urug‘imizni Angaraning chuchuk suvi bilan obdon sug‘orardik, ammo hosildan hadeganda darak bo‘lavermas yoki u juda sekin o‘sayotganidanmi, biz buni payqamas edik. Shunga qaramay, men, bu urinishim chakki emas, bir kun kelib albatta odamlarga nafi tegadi, biz esa tajribasizligimiz sababli nimanidir noto‘g‘ri qilgan bo‘lsak kerak, deb o‘ylar edim.
Qanday qilib onam meni tumanga (tuman markazini hamma qisqagina “tuman” deb qo‘ya qolardi) yuborishga qaror qilgan ekan, hech aqlimga sig‘maydi. Boshimizda otamiz yo‘q, turmushimiz juda abgor edi. Aftidan, onam obdon o‘ylab ko‘rganu bundan battari bo‘lmasligiga ko‘zi yetgan. Men yaxshi o‘qirdim, maktabga ham jon-jon deb borardim. Umuman olganda, qishloqda eng savodli bola hisoblanardim. Kampirlarga kelgan xatlarni o‘qib, javob yozib berardim, g‘aribgina kutubxonamizdagi bor kitobni allaqachon o‘qib chiqqan edim. Kech¬qurunlari bolalarga o‘qigan kitoblarimdagi har xil voqealarni o‘zimdan ham qo‘shib-chatib gapirib berardim. Ayniqsa, obligatsiya masalasida qishloq ahli menga qattiq ishonardi. Urush yillari odamlarning qo‘lida ancha-muncha zayom yig‘ilib qolgan, yutuq jadvallari ham tez-tez e’lon qilinar, shunda hamma obligatsiyasini ko‘tarib mening oldimga kelar edi. Ularning aytishicha, mening qo‘lim omad keltirarmish. To‘g‘ri, yutuq ham chiqib turardi-yu, ko‘pincha bu arzimagan bir chaqa-chuqa edi. Ammo o‘sha yillari odamlar shunga ham xursand bo‘lardi, tag‘in deng, kutilmagan bu omadga go‘yo men sababchi edim. Beixtiyor bu xursandchilik menga ham yuqardi. Boshqa bolalardan meni arzanda qilib, hatto qornimni to‘ydirib ham turishardi. Bir gal Ilya otaga – asli ziqnaroq, xasis cholga to‘rt yuz so‘m yutuq chiqib qoldi. Qiziq ustida u menga bir chelak kartoshka berib yuborsa deng – ayni ko‘klam chog‘i buni naqd ko‘zimizga surtgan edik.
Aynan shu – obligatsiya raqamlarining far¬qiga borganim uchun ham odamlar onamga, “O‘g‘ling zehn-farosatli bola, sen uni albatta o‘qitgin. Bilimli odam hech vaqt xor bo‘lmaydi”, der edi.
Shu gaplar ham turtki bo‘ldimi, bilmadim, har qanday qiyinchilikka qaramay onam meni tumanga o‘qishga yuborish harakatiga tushib qoldi. Shu choqqacha qishlog‘imizdan birorta bola tumanda o‘qimagan, men birinchisi edim. Qolaversa, u yerda men bechoraginani qanday sinovu mashaqqatlar kutayotganini hali tasavvur ham qilolmas edim-da.
Tumandagi maktabda ham yaxshi o‘qiy boshladim. Boshqa nima ham qilardim – o‘qigani keldim-ku bu yerga, shundan o‘zga tashvishim bo‘lmasa! Yana deng, u vaqtlarda hali zimmamdagi vazifaga hafsalasizlik bilan qarayolmasdim. Agar biror fandan tuzukroq tayyorlanmagan bo‘lsam, maktabga bo‘ynimdan bog‘lagandek zo‘rg‘a borardim. Shuning uchun ham frantsuz tilidan boshqa barcha fandan baholarim “a’lo” edi.
Frantsuz tilini esa durust o‘zlashtirolmasdim. Men so‘zlarni va ularni qo‘llashni yaxshi eslab qolar, tezda tarjima ham qilar, imlo qoidalariga doir murakkabliklarni-da osongina yengib o‘tgan edim-u, talaffuzga kelganda, sochimdan to tirnog‘imgacha asl angaralik ekanim fosh bo‘lib qolardi. Axir, biz tomonlarda umri bino bo‘lib birorta odam chet tilda gapirmoq tugul, hatto uning borligini bilgan bo‘lsa, shuning o‘zi ham katta gap sanalar edi-da. Men frantsuz tilida o‘zimizning qishloqcha bidillashga o‘xshatib juda tez gapirar, bo‘lar-bo‘lmasga tovushlarning yarmini yutib yuborar, ikkinchi yarmini esa xirildoq ovozda qalashtirib tashlar edim. Buni ko‘rib frantsuz tili muallimamiz Lidiya Mixaylovna umidsizlikdan peshonasi tirishib, ko‘zlarini yumib olardi. Albatta, bunaqasiga u birinchi marta duch kelishi. O‘qituvchim keyin undosh tovushlar birikuvi, burun tovushlari talaffuzini qayta-qayta tushuntirib berardi-da, takrorlashimni so‘rardi. Men esa battar dovdirar, tilim tanglayimga yopishib qolgandek miq etmay turaverar edim. Barcha urinishlar besamar edi. Hammasidan yomoni esa uyga kelganda bilinardi, maktabda-ku beixtiyor chalg‘iysan – bolalar bir-birini itarib-turtadi, xohlaysanmi-yo‘qmi, ular bilan o‘ynaysan, chopib-yugurasan, dars paytida – o‘qiysan, yozasan, xullas, doim nima bilandir band bo‘lasan. Yolg‘iz qoldim deguncha, sog‘inchdan jinni bo‘layozardim, uyimni, qishlog‘imizni qo‘msab ketardim. Ilgari bir kun ham uydan uzoqda yurmagan, tabiiyki, begonalar orasida yashashga hali tayyor emas edim. Kasal odamdan beshbattar qiynalar, iztirob chekar edim. Fikru xayolim, yagona istagim ham shu edi – tezroq uyga ketsam! Sentyabr oyining oxirlarida onam kelgan edi, meni ko‘rib kapalagi uchib ketdi. Ozib cho‘p bo‘lib qolgan emishman. Onamning oldida o‘zimni bazo‘r tutib turdim, arz-hol qilmadim, yig‘lamadim, ammo u ketayotganida chidayolmadim – ho‘ngillagancha moshina ortidan yugurdim. Moshinaning ustida tik turib ketayotgan onam, qol, meni ham, o‘zingni ham sharmanda qilma, degandek qo‘l siltadi, lekin qani endi o‘zimni tiyolsam! Shunda bir qarorga keldi shekilli, onam moshinani to‘xtatdi:
– Bo‘pti, lash-lushingni yig‘ishtir, – dedi buyruq ohangida men yetib borishim bilan. – O‘qib bo‘ldingiz, ketdik!
Darhol esimni yig‘ib oldim – izimga qaytdim.
Men uyni sog‘inganimdangina emas, qornim to‘yib ovqat yemaganimdan ozib ketgan edim. Kuz kunlari Vanya amaki tuman yaqinidagi g‘allaxonaga bug‘doy tashib yurganida onam menga muntazam, chamasi, haftada bir marta ul-bul yegulik yuborib turardi. Ammo shu ham menga kam edi. Onam asosan non bilan kartoshka jo‘natardi. Ahyon-ahyonda bankaga tvorog solib bervorardi. Buni u birovdan nimagadir almashtirib olgan, albatta, chunki, o‘zimiz sigir boqmas edik. Kelgan kuni ko‘zimga bir dunyo ko‘ringan narsadan ikki kun o‘tmay hech vaqo qolmasdi. Ittifoqo, onam yuborgan non sirli ravishda g‘oyib bo‘layotganini sezib qoldim. Atay kuzata boshladim ham: ha, bugun bor-u, ertasi o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib qolardi. Kartoshka ham shu tarzda kamayib borardi. Kim o‘g‘irlayapti, uch bolasini zo‘rg‘a boqayotgan baqiroq Nadya xolamikan? Qizlaridan birortasimi yoki kenjasi Fedkamikan – bilmayman, ularni poylash u yoqda tursin, bu haqda o‘ylagim ham kelmasdi. Onam ukam va singlimning luqmasidan qiyib menga yuborsa-yu, buning huzurini boshqalar ko‘rsa – shunisi menga alam qilardi. Qo‘limdan nima ham kelardi, taqdirga tan berib yuraverdim, turgan gapki, onam buni eshitsa juda xafa bo‘ladi.
Bu yerda hayot qishloqdagidan farq qilardi: qishloqda doim, ayniqsa, kuz kunlari albatta yegulik biror nima topiladi, deylik, bog‘da meva-cheva, tomor¬qada sabzavot bo‘ladi, ularni yig‘ib-terish, kavlab olish mumkin. Hech qursa, Angaraga borib baliq, o‘rmonda esa qush ovlash mumkin. Bu yerda esa tevarak-atrofim go‘yo bo‘m-bo‘sh edi: yettiyot odamlar, begona joy, begona tomorqalar. Bir daryochasi bor edi-yu, qachon qaramang, o‘n qavat to‘r tashlab qo‘yilgan bo‘lardi. Bor-yo‘q balig‘i suzib olingan bo‘lsa kerak, hoynahoy. Yakshanba kunlarining birida ertadan kechgacha qarmoq tashlab o‘tirib, atigi uch dona choyqoshiqdek keladigan tangabaliq tutibman. Bu bilan qorin to‘ydirib bo‘lmasa. Qaytib baliq ovlagani bormadim – vaqtimni behuda sarflab nima qildim! Kechqurunlari ko‘pincha oshxonalar oldida, narx-navoni bilish uchun bozor oralab aylanib yurar, keyin esa so‘lagim oqqancha ikki qo‘limni burnimga tiqib uyga qaytar edim. Nadya xolaning oshxonasida doim choydish qaynab turardi, dog‘ suvdan ichib olib oshqozonni aldardimu uxlagani yotardim. Ertalab yana och-nahor maktabga chopardim. Shu tariqa to yuk moshina kelib, Vanya amaki eshik taqillatadigan kungacha amal-taqal qilib yetardim. Ochlikdan sillam qurigani, boz ustiga, har qancha tejab-tergamayin, oziq-ovqatim baribir ko‘pga yetmasligini bilganim uchun qornim yorilgudek to‘yib olardim-da, ikki-uch kundan keyin yana tishimning kirini so‘rib yuraverardim.

* * *

Sentyabrning oxirlarimidi, bir kuni Fedka menga:
– “Chikka” o‘ynagani yuraging dov beradimi, qo‘rqmaysanmi? – deb qoldi.
– Nima u, “chikka” deganing?
– Shunaqa bir o‘yin bor-da, pul tikiladi. Puling bo‘lsa, yur, o‘ynaymiz.
– Pulim yo‘q-da.
– Mendayam yo‘q. Mayli, yur, hech bo‘lmasa tomosha qilarmiz. Ko‘rasan, zo‘r o‘yin!
Fedka meni tomorqa ortiga boshladi. Ikkovlon tepalik yoqalab ketdik, qurigan, hidi dimoqni yorgudek urug‘lari osilib yotgan qichitqi o‘t bosgan changalzor do‘nglikdan oshgach, sakrab-sakrab eski axlattepalardan o‘tdik, shunda etakdagi tekis, yaydoq maydonchada g‘ala-g‘ovur qilib o‘ynayotgan bir to‘p bolaga ko‘zim tushdi. Biz ularning oldiga tushib bordik. Bolalar birdan hushyor tort¬di. Bittasidan boshqa hammasi deyarli men tengi edi. Baland bo‘yli, baquvvat, old sochlari tikkaygan bu sariq bolaning barchaga so‘zi o‘tishi ayon ko‘rinib turardi. Esladim, u yettinchi sinfda o‘qirdi.
– Buni nimaga yetaklab kelding? – dedi u Fedkaga qarab norozi ohangda.
– Begona emas, Vadik, qarindoshimiz, – deya o‘zini oqlay ketdi Fedka. – Biznikida yashaydi.
– O‘ynaysanmi? –deb so‘radi Vadik mendan.
– Pulim yo‘q-da.
– Unday bo‘lsa, bizni bu yerda ko‘rganingni birovga gullab yurma.
– E, shunisi yetmay turuvdi! – dedim xafa bo‘lib.
Bolalar menga ortiq e’tibor qilmay o‘yinga berilib ketishdi. Bir chekkada o‘tirib ularni kuzata boshladim. O‘yinda hamma ishtirok etmasdi: goh olti, goh yetti bola o‘ynardi, xolos. Qolganlar tomoshabin edi, ular asosan Vadikka tarafgir. Uning bu yerda to‘pboshi ekanini boshdanoq sezgan edim.
O‘yin unchalik murakkab emas ekan. Har bir o‘yinchi o‘n tiyindan tikadi, “g‘azna”dan ikki metrlar naridagi yo‘g‘on chiziq bilan chegaralangan maydonchaga tanga pukka tarafi bilan tashlanadi, keyin boshqa yoqdan, ya’ni yarmi yerga ko‘milgan va oyoqqa tirgak vazifasini o‘tovchi xarsang oldida turib yumaloq tosh – “shayba” irg‘itiladi. Uni iloji boricha chiziqqa yaqinroq joyga, ammo chiziqdan chiqib ketmasligini ko‘zlab otmoq lozim. Ana shunda birinchi bo‘lib “g‘azna”ni buzish imkoni tug‘iladi. Yana shu tosh bilan urib tanganing chikka tarafini o‘girish kerak, agar eplay olsang – marra seniki, o‘ynayverasan, yo‘qsa – boshqa o‘yinchiga navbatni berasan. Eng muhimi, qo‘lingdagi toshni irg‘itganda uning tanga to‘pi ustiga tushishini mo‘ljallash darkor, biror tanganing chikkasini o‘gira olsang ham hech qanday gap-so‘zsiz hamma pul seniki bo‘ladi. O‘yin esa qayta boshlanadi.
Vadik g‘irrom ekan. U tirgak tosh yoniga hammadan so‘ng, kim-kimdan keyin ekanini ko‘rib olgachgina kelardi. Tabiiyki, u yutib chiqish uchun qaerga urish kerakligini ham bilvolgan bo‘lardi. Lekin Vadikning g‘irrom o‘ynayotganini hamma bilib tursa-da, hech kim og‘iz ochishga botinolmas edi. To‘g‘ri, u yomon o‘ynamasdi. Tirgak yoniga kelganda tizzasini sal bukib olar, bir ko‘zini qisib qo‘lidagi toshni mo‘ljalga to‘g‘rilar edi-da, so‘ng shoshilmay qaddini rostlardi – “shayba” ham go‘yo qo‘lidan sirg‘alib chiqib aynan ko‘zlagan joyiga borib tushardi. U boshini keskin bir silkib, ko‘ziga tushib turgan sochini orqaga tashlardiyu beparvolik bilan chetga “chirt” etkazib tupurib, go‘yoki ish hal bo‘ldi, degandek erinibgina, atay sollana-sollana bosib pul yotgan joyga borardi. Agar chaqa to‘p bo‘lib uyulib yotsa, qattiq urar, tangalar jaranglab ketar edi, sochilib yotgan bo‘lsa, har yonga qapchib ketmay ohista chikkasi o‘girilishi uchun “shayba”ni shunchaki tekkizib qo‘ya qolardi. Boshqa hech kim bunday qilolmasdi. Bolalar o‘ylab ham o‘tirmay cho‘ntagidan yana tanga chiqarar, puli yo‘qlar esa sekingina tomoshabinlar qatoriga qo‘shilar edi.
Pulim bo‘lganida men ham o‘ynay olardim, deb o‘yladim. Qishloqda biz oshiq o‘ynardik, bunda ham albatta ziyraklik talab etiladi. Qolaversa, men merganlikni oshiradigan har xil ermaklar o‘ylab topishga ishqiboz edim. Deylik, bir to‘p tosh yig‘ib olardim-da, qaltisroq bir joyni mo‘ljal qilib turib, toki to‘liq natijaga erishmaguncha, ya’ni o‘nu o‘n bo‘lmaguncha otaverardim. Toshni tepadan, yelkam osha yoki pastdan mo‘ljalga to‘g‘rilab olib irg‘itaverar edim. Shuning uchun ham bu borada oz-moz mahoratim ortgan. Ammo hozir pul yo‘q edi.
Pul bo‘lmagani uchun ham onam menga non jo‘natar edi-da. Yo‘qsa, nonni shu yerdan ham sotib olish mumkin-ku. Kolxozda pul nima qilsin! Shunday bo‘lsa-da, onam ikki marta konvertga besh so‘mdan solib yuboribdi, sut olasan deb. Hozirgi pulda bu ellik tiyin degani. Uncha ko‘p emas-u, baribir pul-da. Bozordan bunga bittasi bir so‘m turadigan yarim litrlik besh banka sut olish mumkin edi. Kamqonligim sababli turib-turib birdan boshim aylana boshlar, bu hol tez-tez takrorlangani uchun ham doim sut ichib yurishim kerak edi.
Onam uchinchi marta beshtalik jo‘natganida men unga sut olmadim. Pulni maydaladimu axlattepaga yugurdim. Bu joy juda bilib tanlangan edi o‘ziyam: qir-adirlar o‘rtasidagi maydoncha atrofdan ko‘zga tashlanmasdi. Agar bunday o‘yin o‘ynayotganimizni qishloqda biror odam ko‘rib qolsa, bizni quvib solar, mirshab yoki maktab direktorini chaqiraman, deb qo‘rqitgan bo‘lar edi. Bu yerda esa bizga hech kim xalaqit bermaydi. Keyin, uzoq ham emas, o‘n daqiqalik yo‘l.
Birinchi martasiga to‘qson tiyin, ikkinchisida esa oltmish tiyin tikdim. Albatta, pulimga achinardim, ammo o‘ynaganim sayin qo‘lim ancha kelishib borayotganini sezardim. U “shayba”ni to‘g‘ri yo‘naltirish uchun keragicha kuch sarf¬lashga moslashdi, ko‘zim ham toshning qaerga tushib qaergacha dumalab borishini oldindan chamalashga o‘rgandi. Kechqurunlari hech kim qolmaganda maydonchaga qaytib kelar, xarsang tagidan Vadik yashirib ketgan “shayba”ni olar va cho‘ntagimdan chaqa chiqarib, to qorong‘i tushguncha mashq qilar edim. Bora-bora o‘n marta tosh otganda uch yoki to‘rttasini aniq mo‘ljalga tushiradigan bo‘ldim.
Nihoyat, men ham o‘yinda yutadigan kun keldi.
Kuz kunlari iliq, yog‘in-sochinsiz, oktyabr oyi bo‘lishiga qaramay bitta ko‘ylakda yurish mumkin edi. Onda-sonda yomg‘ir yog‘ib qolardi. Bu ham daydi shamol qaerlardandir tasodifan olib kelgan yomg‘ir edi. Osmon yoz kunlaridagidek ko‘m-ko‘k-u, ammo u qadar cheksiz emas, go‘yo allaqanday torayib qolgandek tuyulardi. Quyosh ham erta botardi. Adirlar ustida ertalablari havo top-toza, musaffo bo‘lardi. Atrofda achchiq, boshni aylantiruvchi shuvoq hidi kezar, uzoq-uzoqlardan har xil tovushlar aniq eshitilar, uchib ketayotgan qushlarning chah-chahi quloqni qomatga keltirar edi. Maydonchamizda o‘t-o‘lan sarg‘aygan bo‘lsa-da, hali butkul qurib bitmagan, o‘yinda ishtirok etmayotgan, to‘g‘rirog‘i, yutqazib qo‘ygan bolalar u yerda dumalashib o‘ynab yotar edi.
Har kuni maktabdan keyin to‘g‘ri shu yerga kelishga odatlanib qoldim. O‘yinchilar tez-tez o‘zgarib turar, eskilar o‘rnini yangilar egallar edi. Faqat Vadik birorta ham o‘yinni qoldirmasdi. Usiz o‘yin ham bo‘lmas edi-da o‘zi. Ptaxa degan xumkalla, sochi moshinkada olingan kaltabaqay bir bola doim Vadikning ortidan soyadek ergashib yurardi. Men shu vaqtgacha uni maktabda biron martayam ko‘rmagan edim, oldinlatib bo‘lsayam aytaveray, uchinchi chorakda u qo‘qqisdan bizning sinfda paydo bo‘lib qoldi. Beshinchi sinfda qolib ketgan va bir nimalarni bahona qilib yanvarga qadar “ta’til”da yurgan ekan. O‘yinda ko‘pincha Ptaxa ham yutardi, Vadikchalik emasdir-u, lekin har qalay ziyon ko‘rmasdi. Hoynahoy, Vadikning sherigi bo‘lgani uchundir. Vadik ham boshqalarga bildirmaygina Ptaxaga qarashib turardi-da.
Maydonchada goho bizning sinfdagi Tishkin – hovliqma, ko‘zi o‘ynab turadigan, darslarda qo‘l ko‘tarib o‘tirishni yaxshi ko‘radigan bola ham paydo bo‘lib qolardi. U bir nimani bilsa-bilmasa qo‘l ko‘taraverar, o‘qituvchi doskaga chiqargudek bo‘lsa, mum tishlab qolar edi.
– Nega qo‘l ko‘tarding bo‘lmasa? – deb so‘rardi o‘qituvchi. Shunda u kichkinagina ko‘zlarini pirpiratib:
– Hozirgina esimda edi, doskaga chiqquncha unutib qo‘ydim, – derdi.
Men Tishkin bilan unchalik yaqin emas edim. Tortinchoqligim, kamgapligim, qishloqilarga xos odamoviligim va eng avvalo, boshqa narsaga o‘rin qoldirmaydigan sog‘inch hissi, ya’ni uyni nihoyatda qattiq qo‘msayotganim sabablimi, haligacha sinfdoshlarimning hech biri bilan tuzukroq chiqishib ketolmagan edim. Bolalarning ham men bilan ishi yo‘q edi. Doim yolg‘iz yurardim. Qishloqda, o‘z uyimda emasligim uchun yolg‘izman-da, u yerda do‘stlarim ko‘p edi-ku, deya o‘zimga-o‘zim tasalli berardim. Lekin o‘lgudek ezilib yurganimdan yolg‘izligimni sezmas, buni hatto anglab ham yetmas edim.
Tishkin maydonchada meni go‘yo ko‘rmas yoki ko‘rmaganga olardi. U darrovgina yutqazib qo‘yar va g‘oyib bo‘lar, shu bilan anchagacha bedarak ketar edi.
Mening esa o‘yinda omadim chopib qoldi. Doim qo‘lim baland keladigan, deyarli har kuni yutadigan bo‘ldim. Mening bu o‘yinda ham xos qoidalarim bor edi: birinchi bo‘lish uchun “shayba”ni maydon bo‘ylab aylantirmaslik lozim; o‘yinchi ko‘p bo‘lganda bu juda mushkul – chiziqqa qancha yaqin kelinsa, uni bosib olish va oxirda qolib ketish xavfi shuncha ortadi. Toshni irg‘itganda “g‘azna” ustiga tushishini aniq mo‘ljal qilmoq kerak. Men shunday qilardim. Albatta, bu tavakkalchilik edi, ammo epchilligim qo‘l kelardi. Men o‘yinda ketma-ket uch-to‘rt marta yutqazishim mumkin edi. Biroq beshinchi martasida “g‘azna”ni albatta qo‘lga kiritardim, yutqazganimni uch barobar qilib qaytarib olardim. Keyin yana yutqazar va yana yutib olaverardim. Kamdan-kam hollardagina tosh bilan tangani urishimga to‘g‘ri kelardi. Ammo bu borada ham mening o‘z usulim bor edi: agar Vadik tanga o‘zi tomon yumalashini chamalab ursa, men aksincha, zarb bilan urardim – bu qo‘pol harakat edi, albatta. Lekin shunda tosh tanganing aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymasdi, tanga bir sapchirdiyu orqasi bilan o‘girilib tushardi.
Shu tariqa choychaqali ham bo‘lib qoldim. Biroq kechgacha maydonchada yurib o‘yinga berilib ketishdan o‘zimni tiyardim. Har kuni bir so‘mdan yutib olsam shu menga kifoya edi. Bir so‘mni qo‘lga kiritishim bilan o‘yinni tashlab bozorga yugurardim, bir banka sut sotib olib (mening bu pachoq, qiyshiq, siyqalanib ketgan chaqalarimni ko‘rib sutchi xolalar javray-javray sut quyib berardi) tushlik qilardimu dars tayyorlagani o‘tirardim. Hamon qornim to‘yib ovqat yemasdim-u, ammo sut ichib turibman-ku, degan o‘yning o‘ziyoq menga kuch berar, ochligim uncha esimga kelmas edi. Hatto endi boshim aylanishi ham kamaygandek tuyulardi.
Avvaliga Vadik mening g‘alabalarimga chandon e’tibor bermagan edi. Chunki bundan u hech ziyon ko‘rmasdi, ya’ni uning cho‘ntagidan bir tiyin ham chiqmasdi. Ba’zan u “Hoy no‘noqlar, qanday urish kerakligini mana bundan o‘rganing¬lar”, deb meni alqab ham qo‘yardi. Lekin ko‘p o‘tmay o‘yinni tez tark etayotganimni payqab qoldi va bir kuni meni to‘xtatib:
– Nima, pulni oliboq qochish ekan-da? Ja abjirsan-u! Ketmaysan, o‘ynaysan, – deb qoldi.
– Dars tayyorlashim kerak, Vadik, – deb bahona qildim.
– Dars qiladigan odam bu yerga kelmaydi.
Ptaxa ham yaltoqilik bilan gapga aralashdi:
– Pul tikilganda shunday qilish mumkin deb kim aytdi senga? Agar bilsang, bu qilmishing uchun boplab ta’ziringni berish kerak. Tushundingmi?
Shu-shu, Vadik sira o‘zidan oldin “shayba”ni menga bermaydigan, tirgak tosh oldiga ham hammadan keyin qo‘yadigan bo‘ldi. U mo‘ljalni yaxshi olardi, men esa “shayba” qo‘limga tushmayoq necha martalab cho‘ntak kavlashimga to‘g‘ri kelardi. Biroq imkon tug‘ildi deguncha undan yaxshiroq o‘ynardim, tosh ham go‘yo ohanrabodek to‘ppa-to‘g‘ri borib to‘p bo‘lib yotgan tanga ustiga tushardi. Merganligimga o‘zim ham qoyil qolardim. Buni sezdirmaslik, boshqalarning e’tiborini tortmay o‘ynash lozimligiga fahmim yetmaganini qarang. Soddalik bilan har safar ayamay “g‘azna”ni mo‘ljalga olaveribman. O‘z ishining ustasi bo‘lgan, doim qo‘li baland keladigan odam hech qachon shafqat ko‘rmasligini men qaydan bilibman deysiz! Bunday vaqtda shafqat kutish ham, birorta himoyachi chiqib qolar, deb xomtama bo‘lish ham befoyda. Hamma seni mahmadona deb biladi, xolos, ayniqsa, orqangdan kelayotganlarning seni ko‘rarga ko‘zi yo‘q. O‘sha kuzda aynan shu narsa menga saboq bo‘ldi.
Men o‘sha gal ham mo‘ljalni aniq nishonga olgan edim. Chaqalarni yig‘ib olmoqchi bo‘lib yaqinlashganimda atrofga sochilib yotgan tangalardan birini Vadik oyog‘i bilan bosib turganini payqadim. Qolgan tangalar pukka tarafi bilan yotardi. Bunday hollarda odatan “g‘azna”ga deb baqirish kerak, negaki tanga o‘ng tarafi bilan tushmagan bo‘lsa, qaytadan urish uchun bir joyga to‘planadi. Men esa har doimgidek omadimga ishonib, jar solib o‘tirmadim.
– “G‘azna”ga emas! – deya e’lon qildi Vadik.
Vadikning yoniga bordim-da, oyog‘i tagidagi tangani ko‘rmoqchi bo‘lib uni sal turtgan edim, u meni siltab tashladi. Darhol oyog‘i ostidagi tangani olib, menga chap tarafini ko‘rsatdi. Aslida uning chikka yotganini men ko‘rgan edim. Aks holda Vadik ham bunday nayrang qilmagan bo‘lardi.
– G‘irromlik qilma, – dedim. – O‘ng tarafi bilan yotgan edi, o‘zim ko‘rdim-ku.
U burnimning tagiga mushtumini tirab:
– Mana buni-chi, buni ham ko‘rganmisan? – dedi.
Indayolmay qolaverdim. So‘zimda turib olishdan ma’ni yo‘q edi: janjal chiqqudek bo‘lsa, hech kim, biror tirik jon, hatto shu atrofda o‘ralashib yurgan Tishkin ham yonimni olmasligi aniq.
Vadikning g‘azabnok qisilgan ko‘zlari menga o‘qdek qadalib turardi. Engashib, yaqinroq yotgan tangani sekingina urdim, u o‘nglangach, boshqasini urdim. “Baribir hammasi o‘zimga tegishli-ku”, deb o‘ylardim. Mo‘ljallab turib toshni yana urmoqchi edim – ulgurolmadim, orqamdan kimdir tizzasi bilan qattiq tepib yubordi. O‘zimni o‘nglay olmay yerga boshim bilan tushdim. Gurra kulgi ko‘tarildi.
Orqamda bezbetlarcha tirjayib Ptaxa turardi. Men dovdiragancha:
– Bu nima qilganing?! – dedim.
– Men ekanmi, kim aytdi senga? – dedi u talmovsirab. – Nima, yo tush-push ko‘rdingmi?
– Qani, ber-chi bu yoqqa! – Vadik “shayba”ga qo‘l uzatdi, ammo men uni bermadim.
Alam qo‘rquvdan ustun kelgan edi, endi hech kimdan cho‘chimasdim. Nega? Nima uchun axir? Men ularga nima yomonlik qilibman?
– Ber deyapman! – deya do‘q urdi Vadik.
– Boya tangani o‘girib qo‘yding-ku! – deya qichqirdim men ham. – O‘zim ko‘rdim, o‘zim.
– Qani, yana bir marta qaytar-chi, – dedi u yaqinroq kelib.
– Tangani o‘girib qo‘yding, – dedim men endi bosiq ovozda – hozir nima ro‘y berishini bilib turardim.
Birinchi bo‘lib yana orqadan Ptaxa tushirib qoldi, Vadikka borib urildim. U chamalab ham o‘tirmay epchillik bilan yuzimga shunday kalla urdiki, ag‘anab tushdim, burnimdan tirqirab qon otildi. Bazo‘r o‘rnimdan turgan edim, tag‘in Ptaxa tashlanib qoldi. Haliyam bo‘lsa qochib qutulish imkoni bor edi, ammo shu tobda buni o‘ylamabman ham. Men o‘zimni deyarli himoya qilolmay Vadik bilan Ptaxaning o‘rtasida koptokdek borib-kelardim. Sharillab qon oqayotgan burnimni changallagancha, alam ustida battar ularning jig‘iga tegib qaysarlik bilan bitta gapni takrorlardim:
– Tangani sen o‘girding! O‘girding! Sen o‘girding!
Ular meni galma-galdan do‘pposlardi. Bir payt kichkinagina-yu, ammo serjahl yana birovi oyoqlarimga tepib qolsa bo‘ladimi! Tepkidan oyog‘imning sog‘ joyi qolmadi, ko‘karib, mo‘mataloq bo‘lib ketdi-yov. Men jon-jahdim bilan yiqilmaslikka tirishardim. Shu ahvolda bularning oldida yana yiqilib tushish o‘lim bilan barobar edi. Oxir-oqibat meni yerga yotqizibgina tinchishdi.
– Joning borida bu yerdan tuyog‘ingni shiqillatib qol! – deb amr qildi Vadik. – Bo‘l, bo‘l!
Men o‘rnimdan turib, hiqillagancha, hech baloni sezmay qolgan burnimni torta-torta tepalik tomon sudralib keta boshladim.
– Churq etib birovga og‘iz ochgudek bo‘lsang, o‘ldim deyaver! – deya qichqirib qoldi Vadik ortimdan.
Indamadim. Alamdan butun vujudim go‘yo jonsiz edi, qo‘l-oyoqlarim ham qotib qolgandek karaxt. Hatto labimni qimirlatishga ham majolim yo‘q. Tepalikka chiqib olgachgina, chidab turolmay, xuddi aqldan ozgandek bor ovozda qichqirdim:
– Tangani o‘girib qo‘yding! O‘girdi-ing! – Ovozim butun shaharchaga eshitildi-yov.
Ptaxa ortimdan yugurishga bir shaylandi-yu, negadir yana iziga qaytdi, chamasi, Vadik meni tinch qo‘yish kerak degan qarorga kelib uni to‘xtatgan. Hiqillagancha maydonchani bir oz kuzatib turdim, u yerda o‘yin qizg‘in edi. Keyin tepalikning boshqa tomonidan aylanib, qop-qora qichitqi o‘t bilan qoplangan soylikka tushdim-da, zarang chimzor ustiga o‘zimni otdim. Alamimning zo‘ridan ho‘ngrab yubordim.
O‘sha kuni bu yorug‘ olamda mendan baxtsizroq kimsa yo‘q va bo‘lishi mumkin ham emasdek edi.

* * *

Ertalab oynada aksimni ko‘rib, rosti, kapalagim uchib ketdi: burun o‘rnida shishgan, qo‘pol bir balo, chap ko‘zimning tagi ko‘kargan, chakkamda esa shilinib, quyuq qon qotib qolgan chandiq ko‘zga tashlanardi. Shu ahvolda maktabga qanday boraman endi – buni hatto tasavvur ham qilolmasdim. Ammo borish kerak, nima bo‘lmasin, baribir darsni qoldirolmayman. Axir, aslan burundor odamlar ham bor-ku, shularning oldida meniki uncha vahimali emas. Agar ko‘zga tashlanib turadigan joyda bo‘lmaganida buni birov hatto burun o‘rnida ham ko‘rmasdi. Biroq shilingan, ko‘kargan joylarni yashirishning iloji yo‘q – mendan so‘rovsiz shundoq ko‘z-ko‘z bo‘lib turibdi-da, axir.
Ko‘zimni kaftim bilan to‘sgancha lip etib sinfxonaga kirdim, o‘rnimga o‘tirdimu boshimni egib oldim. Aksiga olgandek, birinchi dars frantsuz tili edi. Sinf rahbari emasmi, Lidiya Mixaylovna boshqa o‘qituvchilarga nisbatan bizga ko‘proq e’tibor berar, undan hech nimani yashirib bo‘lmas edi. Sinfxonaga kirib salomlashgach, o‘tirishga izn berishdan avval, go‘yo kamchiliklarimizni ro‘y-rost aytmoqchidek, har birimizga sinchiklab qarab chiqish odati bor edi. Yuzimdagi tamg‘ani-ku, yashirishga har qancha urinmayin, u shu zahotiyoq ko‘rdi, buni bolalarning hammasi men tomonga o‘girilganidan bildim.
– Mana, – dedi Lidiya Mixaylovna jurnalni ocharkan, – bugun oramizda yaradorlar ham bor ekan.
Bolalar kulib yuborishdi. Lidiya Mixaylovna yana menga tikilib qaradi. Uning ko‘zi g‘ilayroq edi va go‘yo menga emas, boshqa yoqqa boqib turgandek tuyulardi. Ammo bu vaqtga kelib biz uning qay tarafga qarayotganini durustgina farqlaydigan bo‘lib qolgan edik.
– Xo‘sh, nima bo‘ldi? – deb so‘radi u mendan.
– Yiqilib tushdim, – dedim to‘ng‘illab. Oldindan biror jo‘yaliroq bahona ham to‘qib qo‘ymabman-a, qarang.
– Attang, juda o‘sal tushibsan-ku. Kechami, bugun?
– Bugun. Yo‘q, kecha kechasi, qorong‘ida.
– He, yiqilganmish! – deya shang‘illab qoldi bir vaqt Tishkin xursandligidan entikib. – Yettinchi sinfdagi Vadikning ishi bu. Ular pul tikib o‘ynaydi. Buningiz o‘sha Vadik bilan tortishib qoldi, keyin rosa ta’zirini yedi o‘ziyam. Yiqildim deydi-ya tag‘in!
Bunday chaqimchilikni aslo kutmagan edim, qotib qoldim. Jinni bo‘lganmi u yoki atay qildimi? Pul tikib o‘ynaydiganlarning maktabda darrov kovushini to‘g‘rilab qo‘yishlari hech gap emas, axir. Mana, senga o‘yin! Qo‘rqqanimdan miyamda hamma narsa aralash-quralash bo‘lib ketdi, kallam g‘uvillay boshladi: bo‘ldi, bari tamom.
Hah, Tishkin-a! Bildik, qanaqa ekan bu Tishkin deganlari. Bopladi-ku. Oqqizmay-tomizmay hammasini aytdi-qo‘ydi-ya, kasofat!
– Sendan, Tishkin, men boshqa narsani so‘ramoqchi edim, – dedi Lidiya Mixaylovna bu gaplarga uncha hayron bo‘lmagandek, o‘sha-o‘sha vazmin ohangda. – O‘zing boshlab qolding, qani, endi doskaga marhamat, javob berishga tayyormisan? –U o‘zini yo‘qotib birdan shalpayib qolgan Tishkin doska yoniga chiqquncha kutib turdi-da, keyin menga qarab: – Sen darsdan keyin qolasan, – deb qo‘ydi.
Lidiya Mixaylovna meni direktor huzuriga olib kiradi deb juda qo‘rqqan edim. Bu degani, u yerda kechajak mashmashadan tashqari, direktor ertaga maktab lineykasida o‘rtaga chiqarib, nima uchun bunday yaramas ishga qo‘l urganing¬ni aytib berishga majbur etadi. Direktorimiz Vasiliy Andreevich biror bola ayb ish qilib qo‘ysa – u oyna sindirganmi, mushtlashganmi yoki hojatxonada chekkanmi, bundan qat’i nazar, aynan shu savolni berardi: “Bunday yaramas ishga seni nima majbur etdi?” Vasiliy Andreevich qo‘llarini ko‘kragida chalishtirgancha gavdasini g‘oz tutib, katta-katta qadamlar bilan tizilishib turgan o‘quvchilar oldida u yoqdan-bu yoqqa borib-kelarkan, egnidagi tugmalari qadalgan qappayma qora frenchi undan oldinroq harakatlanayotgandek tuyulardi. “Javob ber, xo‘sh, kutyapmiz. Qara, butun maktab kutyapti, bizga aytadigan gaping bordir?” deya qistovga olardi u. Gunohkor o‘zini oqlamoq uchun bir nima deb g‘o‘ldiray boshlasa, direktor uning gapini shartta bo‘lib qo‘yardi: “Sen savolga javob ber, ha, savolga. Qanday savol berildi?” “Meni nima majbur qildimi?” “Xuddi shunday: nima majbur etdi? Gapir, qulog‘imiz senda”.
Xullas, bu singari mashmashalar ko‘pincha yig‘i-sig‘i bilan tugar, shundagina direktorning ko‘ngli joyiga tushar va hamma sinf-sinfiga tarqalar edi. Yuqori sinf o‘quvchilariga kelganda vaziyat qiyinroq kechardi. Ular uncha-munchaga yig‘lamasdi-yu, ammo Vasiliy Andreevichning savoliga ham javob bermay bezrayib turaverardi.
Bir gal hatto birinchi soat darsimiz o‘n daqiqacha kechikib boshlangan, chunki direktor to‘qqizinchi sinf o‘quvchisini uzundan-uzoq so‘roq qilib, tayin¬li bir gap ololmagach, oxiri uni xonasiga olib kirib ketgan edi.
Men endi nima deyman unga? Undan ko‘ra darrovgina pattamni qo‘limga tutqazganlari yaxshi. Bu haqda o‘ylarkanman, ana shunda uyga ketsam ham bo‘ladi, degan fikr miyamda yarq etdi. Ammo shu zahotiyoq boshimdan qaynoq suv quyilgandek bo‘ldi: yo‘g‘-e, uyga bunday sharmanda bo‘lib borgandan ko‘ra... O‘qishni o‘zim tashlab ketsam-ku boshqa gap edi. Shunda ham meni bo‘shang bola ekan-da, ko‘zlagan niyatiga erisholmabdi, deyishlari turgan gap. Maktabda esa, ana keyin ko‘rasiz ahvolni, hamma mendan o‘zini tortib yuradigan bo‘ladi. Yo‘q, bunisi menga to‘g‘ri kelmaydi. Bu yerda-ku, xo‘p, chidarman, ko‘nikarman, biroq shu ahvolda uyga borishim aslo mumkin emas.
Darsdan keyin yo‘lakda yurak hovuchlab Lidiya Mixaylovnani kutdim. U o‘qituvchilar xonasidan chiqib, bosh qimtib, sinfga kir, deya imo qildi. Lidiya Mixaylovna odatdagidek o‘z joyiga o‘tirdi. Men esa iloji boricha undan nariroq – uchinchi partaga o‘rnashmoqchi bo‘lib turgan edim, muallima naqd peshonasi – birinchi partani ko‘rsatdi, o‘tirishim bilan:
– Pulga o‘ynarkansan, shu rostmi? – dedi. Uning ovozi baralla yangrab ketdi. Axir, bu haqda maktabda juda sekin, shivirlab gapirish kerak-ku? Meni battar vahima bosdi.
Inkor qilishdan hech bir ma’ni yo‘q edi, negaki Tishkin ipidan-ignasigacha sotib bo‘lgan.
– Ha, rost, – dedim bo‘ynimni egib.
– Xo‘sh, qalay bo‘lyapti – yutyapsanmi yoki yutqazyapsanmi?
Nima deyishni bilmay chaynalib qoldim.
– Qani, bor gapni bir boshdan aytib ber-chi. Hoynahoy, ko‘proq yutqazsang kerak, a?
– Yu...yutaman.
– Tuzuk, harqalay yutarkansan-ku. Xo‘sh, pulni nima qilasan keyin?
Maktabga endi kelgan vaqtlarim anchagacha Lidiya Mixaylovnaning ovoziga ko‘nikolmay yurdim, uni eshitdim deguncha dovdirab qolardim. Bizda – qishloqda nafasni ich-ichiga tortib gapiriladi, shuning uchun ham ovoz baralla chiqadi. Lidiya Mixaylovnaning tovushi esa qandaydir mayin, buning ustiga, juda bo‘g‘iqmi-ey, astoydil quloq tutmasangiz eshitish ham mahol. Ammo bu hol uning darmonsizligi yoki nozikligidan deb bo‘lmasdi. Negaki, u ba’zida g‘oyat berilib gapirar, o‘shanda ovozi ham jaranglab chiqar edi. Menga u go‘yo ovozini baralla qo‘yib yubormay, ataydan ayayotgandek tuyulardi. Men bor kuchimni frantsuz tilini o‘rganishga sarflamoqqa ham tayyor edim; albatta, begona bir tilga moslashguncha ovozim qafasdagi qushning tovushidek zaiflashib, goho bo‘g‘ilib ham qolardi. Keyin yana avvalgi holiga qaytishini, tiklanishini kutishga to‘g‘ri kelardi. Ayni tobda Lidiya Mixaylovna menga savol bergan bo‘lsa-da, o‘zi boshqa muhim bir narsa haqida o‘ylab o‘tirganga o‘xshardi. Shunday bo‘lsa ham uning savoliga javob berishdan bo‘yin tovlashning hech iloji yo‘q edi.
– Xo‘sh, gapirsang-chi, yutib olgan pulingni nima qilasan? Konfet olib yeysanmi? Yoki kitobmi? Yo biror nima sotib olish uchun yig‘yapsanmi? Ehtimol, ancha-muncha yig‘ib ham qo‘ygandirsan?
– Yo‘q, ko‘p emas, atigi bir so‘mgina yutaman.
– Keyin o‘ynamaysanmi?
– Yo‘q.
– Bir so‘mgina-ya? Nega bir so‘m? Uni nima qilasan?
– Sut olaman.
– Sut?
Aqlli, ozoda-orasta, har tomonlama to‘kis, kiyim-boshi ham o‘ziga yarashgan, latofat bobida barkamol (men buni sal-pal his qilardim) Lidiya Mixaylovna ro‘paramda o‘tiribdi. Undan taralayotgan xushbo‘y atir isini uning nafasi deb tuyardim, qolaversa, u qandaydir arifmetika yoki tarix o‘qituvchisi emas, sirli-sehrli frantsuz tili muallimasi edi. Axir, frantsuz tilining o‘zi allaqanday ertaknamo til, uning bo‘lakcha bir tarovati borki, buni hamma ham mendek his etavermasa kerak. Ko‘zlariga qarashga jur’at qilolmaganimdek, muallimamni aldashga ham botinolmasdim. Umuman olganda, yolg‘on gapirib nima qildim?
Lidiya Mixaylovna jimgina o‘tirib, meni boshdan-oyoq kuzatardi va men uning sinchkov nigohi qarshisida barcha ko‘rgiliklarim, bema’niliklarim yanada bo‘rtib, fosh bo‘lib turganini butun borlig‘im bilan sezardim. Ahvolim tomoshaga arzigulik edi: Lidiya Mixaylovnaning ro‘parasida nimjon, yovvoyisifat, aft-angori dabdala bir bola tirishibgina o‘tiribdi. Ota-ona bag‘rida emas, qarovsiz bir notavon ekani ayon ko‘rinib turibdi – palapartish kiyingan, egnida yuvilaverganidan yelkalari osilib tushgan, gavdasiga loyiqdek ko‘rinsa-da, yengi tirsagiga kelib qolgan eski kamzul, otasining galifesidan kichraytirib tikilgan kirchil och yashil tusli, kechagi mushtlashuvdan qon izi qolgan, dog‘-dug‘ chalvor, ustiga-ustak, pochasi choriqqa tiqib qo‘yilgan. Lidiya Mixaylovna poyabzalimga achinib qarashini avvaldan sezib yurardim. Butun sinf bo‘yicha birgina men shunaqa choriq kiyardim. Keyingi yil kuzda bu oyoq kiyimda maktabga bormayman, deb oyoq tirab turib olganimdan so‘ng onam bor-yo‘q boyligimiz hisoblangan tikuv moshinasini sotib, menga kirza etik olib berdi.
– Baribir ham pul tikib o‘ynash yaxshi emas, – dedi o‘ychanlik bilan Lidiya Mixaylovna. – Boshqa bir yo‘lini topsang bo‘lardi-ku, to‘g‘rimi?
Ishning bu tarzda oson ko‘chganiga ishonib-ishonmay, o‘ylab ham o‘tirmay va’da berib yubordim:
– Topsa bo‘ladi.
Rosti, bu gapni yurak-yurakdan aytgan edim. Ammo doim ham bergan va’damizning ustidan chiqolmaymiz-ku, shunday ekan, qo‘limizdan nima ham kelardi!
To‘g‘risini aytishim kerakki, o‘sha kunlar juda qiyin ahvolda edim. Kuz yog‘in-sochinsiz kelgani uchun kolxozimiz g‘alla topshirish rejasini erta bajargan va Vanya amaki endi kelmay qo‘ygan edi. Uyda onam meni o‘ylab o‘zini qo‘yarga joy topolmay o‘tirganini bilardim, ammo bundan menga biror naf bo‘lsa ekan. Vanya amaki oxirgi marta kelganida tashlab ketgan bir xalta kartoshka shunchalik tez tugab qoldiki, nima balo, mol yeb qo‘ydimi, deysiz. Yaxshiyamki, kallam ishlab, vaqtida hovlidagi tashlandiq omborga ozroq yashirib qo‘yganim, mana, hozir kunimga shu yarab turibdi. Maktabdan qaytgach, xuddi o‘g‘ri mushukdek omborga lip etib kiramanu uch-to‘rtta kartoshkani cho‘ntagimga tiqib, ko‘cha adog‘idagi tepalikka qarab chopaman. U yerda hech kimning ko‘zi tushmaydigan xilvatroq biror joyni topib olov yoqaman. Qornim doim och bo‘lganidan hatto uxlab yotganimda ham titrab-qaqshab, oshqozonim guldirayotganini sezar edim.
Yana biror o‘yinchi bolalar guruhini uchratib qolarman degan umidda qo‘shni mahallalarni sezdirmaygina kuzata boshladim; xarobazorlarni kezardim, tepaliklarga qarab ketayotgan bolalarning orqasidan borardim. Hammasi bekor, mavsum oxirlagan edi. Tez orada oktyabrning izg‘irinli shamoli ham boshlandi. Faqat o‘zimizning maydonchagina avvalgidek gavjum edi. Men yaqin-atrofda o‘ralashib yurar, quyosh nurida “shayba”ning yaltirab ko‘zga tashlanishini, Vadikning qo‘llarini silkitib o‘yinboshilik qilishini, “g‘azna” boshida uymalashib turgan tanish qiyofalarni kuzatar edim.
Oxir-oqibat chidayolmay bir kuni ularning oldiga tushib bordim. Yana tahqirlanishimni bilardim, ammo kaltak yeb haydalganim va bunga indamay ketaverish menga ko‘proq alam qilardi. Borsam, Vadik bilan Ptaxa qanday munosabatda bo‘ladi, men o‘zimni tutib tura olamanmi – ana shu o‘y hozir menga tinch¬lik bermasdi. Ochig‘i, meni bu yerga ochlik yetaklab kelgan edi. Menga bir so‘mgina kerak edi – sutga emas, endi nonga. Non sotib olish uchun shundan boshqa hech bir choram qolmagan edi.
Tabiiyki, borishim bilan o‘yin to‘xtadi, hamma menga qaradi. Ptaxa boshiga quloqlari qayirmali shapka kiygan, yengi kalta katak-katak ko‘ylagini shimidan chiqarib olgan edi. Uning engil-boshi quyib qo‘ygandek o‘ziga mos, o‘zidek beg‘am, o‘zidek dadil ko‘rinardi. Vadik bejirimgina, shir-shir zanjirli qalin kurtkada kekkayib turardi. Bir chekkada palto va paxtaliklar to‘p bo‘lib uyulib yotar, ularning ustida besh-olti yashar bir bolakay shamoldan junjikib o‘tirar edi.
Birinchi bo‘lib meni Ptaxa qarshi oldi:
– Nimaga kelding? Yo kaltakni sog‘inib qoldingmi?
– O‘ynagani keldim, – deya iloji boricha bosiqlik bilan javob qaytardim, Vadikka ko‘z qirimni tashlarkanman.
– Nega endi biz bilan o‘ynarkansiz? – dedi Ptaxa shaloq so‘kinib. – Kim aytdi buni sizga?
– Hech kim...
– Xo‘sh, Vadik, hoziroq ta’zirini berib qo‘yamizmi yoki ozroq kutamizmi?
– Nega bunga yopishib olding, Ptaxa? – dedi Vadik ko‘zlarini qisinqirab menga boqarkan. – O‘ynagani kelibdi, bildingmi? Balki bu senu mendan o‘n so‘mdan yutib olmoqchi bo‘lib kelgandir...
– Koshki o‘n so‘mingiz bo‘lsa sizning! – dedim men ham tap tortmay.
– Voy-voy, kerak bo‘lsa, pulimiz undan ham ko‘p – sen hatto tushingda ham ko‘rmagansan! Ko‘p vaysamagin-da, Ptaxaning jahli qo‘zg‘amay boringni tika qol. Bilasan, u juda qiziqqon.
– Bir tushiraymi, Vadik?
– Qo‘y, mayli, o‘ynay qolsin. – Vadik bolalarga ko‘z qisib qo‘ydi. – O‘yinni qiyib qo‘yadi-ku, biz buning tirnog‘igayam arzimaymiz, shundaymi?
Men ham endi ancha-munchasini bilib qolgan emasmanmi, Vadikning bu himmati sababini anglab turardim. Aftidan, bir xil, zerikarli o‘yin joniga tekkan, shu bois ham asablarini qitiqlash va chinakam lazzat tuyish uchungina u meni safga qo‘shmoqchi edi. Lekin Vadikning izzat-nafsiga tegishim bilanoq yana ko‘radiganimni ko‘raman. U nimaga tirg‘alishni biladi, boz ustiga, yonidagi Ptaxa ham uni gij-gijlab turadi.
Men iloji boricha ehtiyotkorlik bilan o‘ynashga, “g‘azna”ga ko‘z olaytirmaslikka qaror qildim. Boshqa bolalar kabi bexosdan tanga to‘piga tegib ketmay deb “shayba”ni sekin aylantirardim. Tangalarni ham astagina bir-bir urib chiqardim. Orqamdan Ptaxa kelib qolmasmikan, deya alanglab jonim halak edi. O‘yinga qayta qo‘shilgan dastlabki kunlarim men bir so‘m yutishga atay harakat qilmadim. Menga yigirma-o‘ttiz tiyin ham kifoya edi, bir bo‘lak nonga yetsa bo‘lgani, shunisiga ham shukrlar qilar, shunisiga ham jon der edim.
Ammo ertami-kechmi ro‘y berishidan qo‘rqib yurganim, baribir, ro‘y berdi. O‘yinga qo‘shilganimning to‘rtinchi kuni bir so‘m yutib olgach, ketaman deb turganimda yana do‘pposlab qolishsa bo‘ladimi! To‘g‘ri, bu gal osonroq qutuldim, biroq asorati qoldi: labim shishib, osilib ketdi. Maktabda uni tishlab yurishga to‘g‘ri kelardi. Lekin yashirishga har qancha urinmayin, Lidiya Mixaylovna razm soliboq sezdi. U meni atay doskaga chiqarib, frantsuz tilida matn o‘qitdi. Labim o‘n karra sog‘ bo‘lganida ham uni o‘xshatib o‘qiy olmasligim ayon-ku. Shunday ekan, matnni qanday o‘qiganimni aytmoqqa hojat bormikan?
– Bas, bo‘ldi-etar! – dedi kapalagi uchgan Lidiya Mixaylovna xuddi ins-jinsni quvlagandek menga qo‘l siltab. – Bu nima degan gap, axir? Sen bilan alohida shug‘ullanmasam bo‘lmaydi, shekilli...

* * *

Shu tariqa men uchun mushkul, azobli kunlar boshlandi. Lidiya Mixaylovna bilan yolg‘iz qolib, talaffuziga til kelishmaydigan, faqat jazo uchunginami o‘ylab topilgan so‘zlarni uning ortidan takrorlaydigan fursatni ertalabdan hadik-la kutadigan bo‘ldim. Uchta unlini bittagina cho‘ziq tovushga birlashtirishning nima keragi bor o‘zi? Masalan, “veaisoir” (ko‘p) so‘zidagi “o” harfini talaffuz qilguncha kishining joni hiqildog‘iga keladi. E, bu odamni tahqirlash emasmi? Tovushni burun orqali allambalo qilib chiyillabmi-ey talaffuz etish shartmikan? Axir, burun insonga boshqa narsa uchun kerak-ku! Har narsaning ham chek-chegarasi bor-da! Men terlab, bo‘g‘riqib ketardim, Lidiya Mixaylovna esa hech ayamay, tin ham bermay sho‘rlik tilimni qavartirgani qavartirgan. Nega endi faqat meni? Maktabda frantsuz tilini menchalik ham bilmaydigan bolalar qancha! Biroq ular bemalol, yallo qilib yuribdi. Men esa xuddi qarg‘ish tekkandek, boshqalar uchun ham bir o‘zim azob tortib o‘tiribman.
Bunisi hali holva ekan. Bir kuni Lidiya Mixaylovna ikkinchi smena dars¬lari boshlanguncha vaqtimiz juda kam, shuning uchun endi kechqurunlari uyimga kelasan, deb qolsa bo‘ladimi! U maktab yonidagi o‘qituvchilarga ajratilgan uyda yashar edi. Bu uyning qolgan kattaroq qismida maktab direktorining o‘zi turardi.
Lidiya Mixaylovnaning uyiga bo‘ynimdan sudragandek zo‘rg‘a borardim. Shundog‘am bo‘lar-bo‘lmas narsaga o‘zini yo‘qotib qo‘yadigan, tortinchoq bola emasmanmi, avval-boshda o‘qituvchimning toza-ozoda uyiga qadam bosganimda go‘yo jonim tanamni tark etar, nafas olishga ham qo‘rqardim. Menga yechin, xonaga kir, deb birma-bir aytib turish kerak edi. U meni hatto o‘zi o‘tqizib qo‘yishi va gapni ham ichimdan sug‘irib olishi darkor. Bu urinishlarning ham frantsuz tilini puxtaroq o‘rganishimga hech nafi bo‘lmadi. Ammo shunisi ajablanarliki, o‘qituvchimning uyida biz maktabdagidan (go‘yoki u yerda ikkinchi smena xalaqit berardi) ko‘ra kamroq dars qilardik. Yana deng, Lidiya Mixaylovna uyida kuymanib yurarkan, meni har xil savolga tutar yoki o‘zi haqida gapirib berar edi. Aytishicha, maktabda u ham menga o‘xshab frantsuz tilini yaxshi o‘zlashtirolmagan, keyin qasdma-qasdiga aynan shu sohani tanlab, o‘zining hech kimdan kam emasligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Albatta, bu gaplarni Lidiya Mixaylovna men uchungina o‘ylab topgan edi, bunga aqlim yetib turardi.
Xona burchagiga biqingancha uning so‘zlarini tinglarkanman, qachon meni qo‘yib yuborarkan, deya toqatim toq bo‘lib kutardim. Xonada kitob juda ko‘p edi, deraza tagidagi tumbochkada o‘sha vaqtlarda g‘oyat noyob sanalgan, men uchun esa naqd mo‘‘jizaning o‘zi – kattakon, bejirim radiopriyomnik turardi. Lidiya Mixaylovna unga plastinka qo‘yar va biyron bir kishi frantsuz tili sabog‘ini boshlar, xohlaymanmi-yo‘qmi, buni tinglamoqqa majbur edim. O‘qituvchim odmigina xonaki ko‘ylakda, oyog‘ida yumshoq kigiz payabzal, xonada u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi. U menga yaqinlashgudek bo‘lsa, bir sapchib tushardimu yana serrayib qolardim. Lidiya Mixaylovnaning uyida o‘tirganimga hali ham ishonolmas, bu yerdagi hamma narsa men uchun kutilmagan va hayratomuz tuyular edi. Hatto uyning o‘zgacha bir ifori bor ediki, umrim bino bo‘lib bunday hidni tuymagan edim. Men bu hayotni bamisoli chetdan kuzatar va o‘zimdan, nochoru nochor ahvolimdan uyalib tor kamzulimga battar o‘ralib olar edim.
Menimcha, o‘sha kezlar Lidiya Mixaylovna yigirma besh yoshlar atrofida edi. Uning xushro‘y va shu boismi suratdek jonsizroq tuyuladigan chehrasini, g‘ilayini bilintirmaslik uchun salgina qisilib turadigan ko‘zlarini, kamdan-kam hollardagini paydo bo‘ladigan nimtabassumini, kalta kesilgan qop-qora sochlarini yaxshi eslayman. Ammo shunga qaramay, uning yuzida (men ke¬yinchalik ko‘p bor kuzatgan) o‘qituvchilik kasbiga xos, hatto ularning tabiatan mayin va ko‘ngilchanlarida ham ko‘zga tashlanadigan sovuq bir qat’iyatdan asar ham yo‘q edi. Lidiya Mixaylovnaning qiyofasida allanechuk xavotir, mug‘ombirona bir hayrat ham bor ediki, go‘yo o‘ziga o‘zi “qiziq, men bu yerga qanday kelib qoldim, nima qilib yuribman o‘zi” deyayotgandek tuyulardi. Endigi taxminimcha, o‘sha vaqt¬da u bir marta erga tegib chiqqan edi. Ovozidan, yengil, lekin qat’iyat bilan erkin qadam tashlashlari, umuman, o‘zini tutishidan uning ancha tajribali ekani sezilib turardi. Bundan tashqari, men doim frantsuz yoki ispan tilini o‘rganadigan qizlar o‘z tengdoshlari, deylik, rus yoki nemis tilini o‘rganadiganlariga nisbatan ancha ilgari voyaga yetadi, deb o‘ylardim.
Mashg‘ulotni tugatganimizdan keyin Lidiya Mixaylovna meni ovqatlanishga taklif qilganida qanchalik o‘zimni yo‘qotib, dovdirab qolganimni hozir eslasam, uyalib ketaman. Ochlikdan qornim tatalab ketayotgan bo‘lsa-da, bunday vaqtda ishtaham g‘ippa bo‘g‘ilardi-qolardi. Lidiya Mixaylovna bilan bir dasturxonda o‘tirish! Yo‘q, aslo! Undan ko‘ra ertagacha frantsuz tilini boshdan-oyoq yodlab chiqqanim yaxshi, qaytib shu uyga kelmasam bo‘lgani. Mabodo u bilan ovqatlangan taqdirimda ham non bo‘lagi tomog‘imga tiqilib qolardi, bu aniq. Shu vaqtgacha men Lidiya Mixaylovna ham bizga o‘xshab oddiy taomlardan tanovul qiladi deb o‘ylamas ekanman. Menga u boshqalarga o‘xshamaydigan, shu qadar hayratomuz odam bo‘lib tuyulardiki, uning ovqat yeyishini tasavvur ham qilolmasdim.
Men sapchib turib, qornim to‘q, yemayman, deya g‘o‘ldiragancha ko‘cha eshik tomon tisarildim. Lidiya Mixaylovna ajablanib, ranjigandek tikilib qoldi, ammo hozir meni zo‘rlik bilan ham to‘xtatib bo‘lmasdi. Orqa-oldimga qaramay yugurib chiqib ketdim. Bu hol bir necha bor takrorlangandan so‘ng hafsalasi pir bo‘lgan Lidiya Mixaylovna ortiq meni dasturxonga taklif qilmay qo‘ydi. Nihoyat, erkin nafas ola boshladim.
Bir kuni pastki qavatdagi yechinish xonasida bir kishi menga nimadir qoldirib ketganini aytishdi. Albatta, kolxozimiz haydovchisi Vanya amaki-da, boshqa kim ham bo‘lardi! Uyda hech kim yo‘q, eshiklar qulf, mening maktabdan qaytishimni kutishga vaqti bo‘lmagani uchun hoynahoy shu yerga tashlab ketgandir. Dars tugaguncha zo‘rg‘a chidab o‘tirdim-u, keyin pastga qarab chopdim. Maktab farroshi Vera xola burchakda turgan, odatda pochta orqali jo‘natiladigan salmoqligina oq faner qutiga ishora qildi. Hayron bo‘ldim: nega qutiga solingan, onam yegulikni oddiy xaltachada yuborar edi-ku? Balki bu menga emasdir? Ammo qutining ustiga mening ismi sharifim va o‘qiydigan sinfim yozilgan ekan. Chamasi, birovga adashib ketmasin, deya buni Vanya amaki shu yerda o‘tirib yozgan. Nega endi onam qo‘qqisdan oziq-ovqatni bunaqa qutida yuboradigan bo‘lib qoldi ekan? Qarang-a, madaniyatli bo‘lib ketibmiz-da!
Ichida nimasi borligini bilmay turib uni uyga olib ketishga sabrim yetarmidi! Kartoshka emasligini aniq sezib turibman. Nonmi desam – quti kichkinalik qiladi, buning ustiga nonni qutiga solishga balo bormi? Qolaversa, onam yaqindagina yuborgan edi, hali yeb tugatganimcha yo‘q. U holda bu nima ekan? Shu yerning o‘zida, maktabdayoq zina ostiga tushib – u yerda bolta borligini oldindan bilardim – qutini ochdim. Bu yer qorong‘i edi, chiqib atrofga o‘g‘rincha alangladimu qo‘limdagi qutini yaqinroq tokchaga olib bordim.
Ochdimu angrayib qoldim – oq qog‘ozga o‘ralgan makaron. Qoyil-e! Bir tekis terilgan sariq makaron yorug‘da ko‘zimga yarq etib tashlandi, hozir bundan ortiq boylik yo‘q edi menga. Ha, endi tushundim nima uchun onam buni qutida yuborganini: maydalanib, sinib ketmasin, beshikast yetib borsin degan-da. Sekingina bir donasini sug‘urib oldim, ichiga puflab ko‘rdim va og‘zimdan so‘lagim kelib shartta qisirlatib chaynay boshladim. Keyin ikkinchi, uchinchisini chaynar ekanman, qutini qaerga yashirishni o‘ylardim. Axir, makaronni bekamning tashlandiq omboridagi ochofat kalamushlarga yem qilib qo‘yolmayman-da. Nima, onam oxirgi pulini sarflab ular uchun sotib olibdimi buni? Yo‘q, makaronni har joyga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Bu qandaydir hemiri kartoshka emas, axir!
Birdaniga tomog‘imga nimadir tiqilib qoldi. Makaron... Rostdan ham onam qaerdan oldi ekan buni? Qishlog‘imizda makaron degani umuman bo‘lmagan, bo‘lganida ham bunaqa narsani u yerda sotib olib bo‘psiz! U holda buni qanday tushunish kerak? Shosha-pisha, qiziqish bilan va shuning barobarida nimagadir umid ham qilib makaron o‘ralgan qog‘ozni ko‘tarib qaradim, tagidan bir necha chaqmoq yirik-yirik oqqand va ikki bo‘lak gemotogen chiqsa deng! Bundan ma’lum bo‘ladiki, qutini onam yubormagan. Unda kim ekan-a? Qopqoqni qayta ko‘zdan kechirdim: o‘zimning ismi sharifim, sinfim yozilgan, demak, menga atalgan. Ammo g‘alati-da, juda ham g‘alati.
Men qutini qayta mixlab deraza tokchasida qoldirdim-da, o‘zim ikkinchi qavatga chiqdim. O‘qituvchilar xonasini qarasam, Lidiya Mixaylovna ketib qolgan ekan. Hechqisi yo‘q, topamiz, qaerda yashashini bilamiz-ku, borganmiz uyiga. Ha, hali shunaqami: dasturxonga o‘tirishga unamadingmi – uyingda bemalol yeysan debsiz-da! Lekin bunaqasi ketmaydi. Boshqa hech kimdan gumonim ham yo‘q-da. Onam emasligi kunday ravshan: chunki u bu tansiq narsalar qaerdan, qanday kelganini albatta yozib quti ichiga solib yuborgan bo‘lardi.
Men qo‘limda quti bilan yonlab eshikdan kirib borganimda, Lidiya Mixaylovna o‘zini hech gapdan xabari yo‘qdek tutdi. Ro‘parasida polda turgan qutiga qarab, hayron bo‘lgan kabi:
– Bu nima? Nimani ko‘tarib yuribsan? Nega bu yerga olib kelding? – deb so‘radi.
– Bu sizning ishingiz, – dedim ovozim titrab, bo‘g‘ilib.
– Nima qipman men? Nima deyapsan o‘zi?
– Maktabga buni siz yuborgansiz. Bilaman, siz qilgansiz bu ishni.
Lidiya Mixaylovnaning qizarib ketganini, xijolat tortayotganini sezdim. O‘shanda bir martagina qo‘rqmay uning ko‘ziga tik qaragan bo‘lsam kerak. U o‘qituvchimmi yoki xolavachchammi, shu tobda buning sariq chaqalik ahamiyati yo‘q edi menga. Hozir u emas, men savol berardim, yana deng frantsuz tilida emas, hech qanday artikl-partiklsiz rus tilida. Qani, bir javob bersin-chi.
– Nega mendan ko‘ryapsan buni?
– Negaki, bizning qishloqda makaron-pakaron yo‘q. Gematogenni-ku gapirmasa ham bo‘ladi.
– Rostdanmi? Hecham bo‘lmaydimi?! – U shunchalik tong qoldiki, beixtiyor o‘zini fosh etib qo‘ydi.
– Hecham bo‘lmaydi. Bilib qilish kerak edi bu ishni.
Lidiya Mixaylovna birdan kulib yubordi. Meni quchmoqchi bo‘lgan edi, o‘zimni chetga tortdim.
– Ha, to‘g‘ri aytasan, bilish kerak ekan. Shunisini o‘ylamabman-a, qara... – U xayol surib qoldi. – Ammo buni men qaydan bilay, shaharlik bo‘lsam, axir! Bizda bunaqa narsalar yo‘q, deysanmi? Xo‘sh, ayt-chi, sizlarda nimalar bo‘ladi o‘zi?
– No‘xat bo‘ladi. Sholg‘om.
– No‘xat... sholg‘om... Bizda, Kubanda esa asosan olma. Eh-he, hozir ayni g‘arq pishgan payti! Men o‘zi Kubanga ketmoqchi edim, nima bo‘lib bu yoqlarga kelib qolganman-da. – Lidiya Mixaylovna uh tortib qo‘ydi. – Ko‘p jahling chiqavermasin endi. Bilsang, seni ranjitish niyatim yo‘q edi, sirayam. Shu savil makaronni deb chuv tushishim tushimga kiribdimi? Mayli, endi o‘ylab ish qilaman. Buni esa olaqolgin...
– Olmayman, – dedim qo‘rslik bilan.
– Nega bunday o‘jarsan-a? Ochin-to‘qin yurganingni bilaman-ku. Men yolg‘izman, pulim bor, yetarli. Xohlagan narsamni sotib olaveraman, keyin – yolg‘iz o‘zimga axir... Yana bilsang, kamxo‘rroqman, semirib ketishdan qo‘rqaman-da.
– Men hecham och yurganim yo‘q.
– Kel, men bilan tortishma, hammasini bilaman. Bekang bilan gaplashgan edim. Makaronni eltib qaynatsang, totligina bir nima pishirib yesang, buning nimasi yomon, xo‘sh? Umrimda bir martagina senga g‘amxo‘rlik qilsam qilibman-da. So‘z beraman, qaytib senga hech narsa yubormayman. Buni esa ol, iltimos. Yaxshi o‘qish uchun to‘yib ovqatlanishing kerak. Maktabda balogayam aqli yetmaydigan va ehtimol, shundayligicha o‘tib ketadigan takasaltanglar qancha, axir! Sen esa iqtidorli bolasan, o‘qishni tashlamasliging kerak.
Uning ovozidan butun vujudim bo‘shashib ketayotganini sezdim – u meni bu narsalarni olishga ko‘ndirishidan qo‘rqardim. Lidiya Mixaylovna haq gapni aytayotganini anglab tursam-da, uni baribir hazm qilgim kelmayotgani uchun ham fig‘onim oshardi. Bosh chayqay-chayqay bir balolarni g‘o‘ldiragancha yugurib xonadan chiqib ketdim.

* * *

Shu gaplardan keyin ham biz mashg‘ulotlarimizni to‘xtatmadik, men hamon Lidiya Mixaylovnanikiga qatnardim. Aftidan, menga til o‘rgatishga u endi astoydil kirishgan edi. Frantsuz tili bo‘lsa – frantsuz tili-da, dedi shekilli. Natijasi ham tezda ko‘rinib qoldi: bora-bora frantsuzcha so‘zlarni xiyla durust talaffuz qila boshladim, endi ular og‘ir toshdek oyog‘imdan pastga tort¬mas, aksincha, jaranglab qaerlargadir qanot qoqib uchardi go‘yo.
– Yaxshi, – deya meni ruhlantirib qo‘yardi Lidiya Mixaylovna. – Bu chorak beshga tortmaydi-yu, ammo keyingisida albatta besh bo‘ladi.
Anavi quti haqida qaytib gap bo‘lmadi. Biroq men har ehtimolga qarshi sergak edim: Lidiya Mixaylovna yana bir nimalarni o‘ylab topmaydi deb bo‘larmidi? O‘zimdan misol: agar biror ishning hech uddasidan chiqavermasam, bor e’tiborimni o‘shanga qarataman, shunchaki befarq tashlab qo‘yolmayman. Lidiya Mixaylovna meni mudom allaqanday umidvorlik bilan kuzatib turgandek tuyu¬lar, ayni chog‘da odamoviligimdan kulayotganga ham o‘xshar edi – bundan battar jahlim chiqardi. Ammo, taajjubki, bu hol o‘zimni dadilroq tutishimga yordam berardi. Men endi bu yerda qadam bosishga ham iymanib turadigan avvalgi yuvosh, notavon bola emas edim. Asta-sekin Lidiya Mixaylovnaga, uning uyiga ham ko‘nika boshladim. Albatta, hanuz sal-pal tortinar, burchakka biqinib o‘tirar, chorig‘imni stul tagiga berkitishga urinar edim. Lekin endi o‘zimni xiyla erkinroq tutar, ruhiy tushkunligim ham bosilgan, hatto Lidiya Mixaylovnaga savollar berar va u bilan bahslashar ham edim.
U meni dasturxonga o‘tqazishga yana bir bor urinib ko‘rdi – foydasi bo‘lmadi. Men hech bo‘yin bermas, o‘jarlikda o‘ntasidan o‘tar edim.
Biz endi uydagi mashg‘ulotlarni to‘xtatsak ham bo‘lardi. Asosiysi, men frantsuzchani o‘zlashtirdim, tilim ham ancha-muncha kelishib qoldi. Maktabdagi mash¬g‘ulotlar orqali bilimimni mukammallashtirib boraverishim mumkin, oldinda hali necha yil bor! Hammasini birdaniga boshdan-oxir o‘rganib olsam, keyin nima ish qilaman? Ammo buni Lidiya Mixaylovnaga aytishga jur’atim yetmasdi. U biz hali shug‘ullanishimiz kerak deb hisoblar, shunga ko‘ra frantsuz tilini o‘rganishdek mashaqqatli yumushni yana-tag‘in davom ettirishga majbur edim. Darvoqe, shuyam mashaqqat ekanmi? Menda o‘zim ham sezmagan, kutmagan holda tilga nisbatan havas uyg‘ongan edi. Bo‘sh qoldim deguncha, hech kimning qistovisiz ham lug‘at titkilar, darslikdagi hali o‘tilmagan matnlarga ko‘z yugurtirib o‘tirar edim. Jazo men uchun endi huzur-halovatga aylandi, desam ham bo‘lardi. Ammo o‘r-o‘jarligim haliyam qolmagan edi: erisholmagan bo‘lsam – albatta erishaman, aminmanki, shu tilni mukammal egallayman. Nima, mening zuvalam boshqa loydan qorilgan ekanmi? Lidiya Mixaylovnanikiga borishga to‘g‘ri kelmaganda-ku... O‘zim, ha, o‘zim ham...
Bir kuni – makaron voqeasidan ikki haftalar o‘tib Lidiya Mixaylovna mendan:
– Xo‘sh, endi pulga o‘ynamayapsanmi? Yoki haliyam biror xilvatda yig‘ilib olib o‘ynab turasizlarmi? – deya so‘rab qoldi kulib.
– Hozir o‘ynab bo‘larkanmi?! – dedim taajjub aralash deraza tarafga – oppoq qorga ishora qilib.
– O‘zi qanaqa o‘yin edi shu? Qanaqa o‘ynaladi, a?
– Nima qilasiz? – dedim hushyor tortib.
– Qiziq-da. Bir vaqtlar bolaligimizda biz ham shunga o‘xshash bir o‘yin o‘ynar edik. O‘sha emasmikan, shuni bilmoqchiman. Ayt, aytib beraqol.
Gapirib berdim, ammo Vadik, Ptaxa haqida, keyin o‘zimning o‘yinda ishlatadigan mayda hiylalarim to‘g‘risida og‘iz ochmadim, albatta.
– Yo‘q, biz “pristenok” o‘ynardik, – dedi Lidiya Mixaylovna bosh chayqab. – Shunday o‘yinni bilasanmi?
– Bilmayman.
– Mana, qara. – U yengilgina o‘rnidan turdi-da, sumkasidan bir nechta tanga oldi. Keyin devor tagidagi stulni nari surdi. – Yaqinroq kel, qara, men tangani devorga otaman, – deya qo‘lidagini sekin irg‘itdi, tanga jaranglab aylanib polga tushdi. – Endi esa sen urasan, – dedi Lidiya Mixaylovna ikkinchi tangani qo‘limga tutqazib. – Ammo shunisiga e’tibor qilginki, tangang iloji boricha menikiga yaqin joyga tushsin. Orasini bir qo‘llab o‘lchash ham, ularni olish ham mumkin bo‘lsin. O‘yinning yana bir nomi: o‘lchov-o‘lchov. Yetkaza olsang – yutganing. Qani, ot-chi endi.
Otdim, tanga qirrasi bilan polga tushib burchakka yumalab ketdi.
– O‘ho‘-o‘! – dedi Lidiya Mixaylovna qo‘l siltab. – Uzoqqa tushdi. Qani, sen boshla-chi. Yodingda bo‘lsin, mening tangam senikiga tegsa, hatto qirrasi tegib ketsa ham – men ikki karra yutgan bo‘laman. Tushunyapsanmi?
– Nimasini tushunmay?
– O‘ynaymizmi?
Men quloqlarimga ishonolmasdim:
– Nima, siz bilan o‘ynaymanmi?
– Nima qipti?
– Siz – o‘qituvchisiz-ku!
– Iya, nima bo‘pti? Nima, o‘qituvchi boshqacha odammi? Bilsang, o‘qituvchi bo‘lish, o‘qitish, faqat o‘qitaverish ba’zan jonga ham tegib ketadi. Bunday qilish mumkin, unday qilish mumkin emas, deb hammavaqt o‘zingni tiyib turishing kerak... – Lidiya Mixaylovna ko‘zlarini g‘alati qisib o‘ychanlik bilan derazaga tikildi. – Gohida o‘qituvchi ekaningni bir pasgina unutish ham foydali. Aks holda, odam isi yoqmay qoladi, boshqalar ham sen bilan o‘tirganda zerikadi. Ehtimol, o‘qituvchi uchun eng muhimi o‘zini doim jiddiy tutish emas, kimgadir nimanidir o‘rgata olishini anglashdir. – U bir qo‘zg‘alib olgach, birdan xushnud bo‘lib ketdi. – Bolaligimda o‘t-olov qiz edim, ota-onam mening dastimdan ko‘p azob tortgan. Hozir ham goh-gohida sakrab-irg‘ishlagim, allaqayoqlarga yugurgim, har qanday qolipu tartib-qoidalarni itqitib tashlab, xohlagan ishimni qilib yurgim keladi. Mana shu yerda sakragan, hakkalagan vaqtlarim ham ko‘p bo‘lgan. Agar bilsang, odam uzoq yashab emas, bolaligi bilan xayrlashgan kundan qariy boshlarkan. Men jon-jon deb har kuni sakragan bo‘lardim, ammo devorning u yog‘ida Vasiliy Andreevich yashaydi-da. U juda jiddiy odam. Bizning bu yerda o‘yin o‘ynayotganimizni u bilmasligi kerak, tushunding?
– Biz o‘ynayotganimiz yo‘q-ku. Siz faqat o‘yin qoidasini ko‘rsatib berdingiz, xolos.
– Biz shunchaki, yolg‘ondakamiga o‘ynaymiz. Lekin baribir buni Vasiliy Andreevichga sotib qo‘ymaysan, xo‘pmi?
Yo tavba, dunyoning ishlarini qarang! Kechagina pul tikib o‘ynaganim uchun Lidiya Mixaylovna meni direktorning oldiga olib kiradi deb yuragim yorilgudek bo‘lmaganmidi? Endi esa u mendan sotib qo‘yma, deb iltimos qilib o‘tiribdi. Bu yog‘i qandoq bo‘ldi? Bilmayman, nimadan ekan, atrofga alang-jalang qarab, ko‘zlarim pirpiragancha dovdirab turardim.
– Xo‘sh, o‘ynab ko‘ramizmi? Yoqmasa – o‘ynamaymiz.
– Mayli, – deya ikkilanibroq rozi bo‘ldim men.
– Sen boshla.
Tangalarni qo‘lga oldik. Lidiya Mixaylovna bir vaqtlar rostdan ham bu o‘yinni o‘ynagan ekan – ko‘rinib turardi. Men esa tangani devorga qay yo‘sinda – qirrasi bilanmi yoki yuzalabmi, qanday balandlikda, qattiqroqmi va qachon otganim ma’qul, deya endi-endi chamalab ko‘rayotgan edim. Otgan tangalarim o‘z-o‘zidan chetga uchib ketardi. Agar hisoblab ko‘rilsa, men dastlabki daqiqalardayoq ancha-muncha pul yutqazdim hisob – bu o‘yinda hech qanaqa hiyla-nayrang ishlatib bo‘lmasdi-da. Hammasidan burun men Lidiya Mixaylovna bilan o‘ynayotganimdan qattiq xijolat chekar, qiynalar va shu sababdan o‘yinga ham tuzuk kirishib ketolmas edim. Bunaqasi axir yetti uxlab tushimga kirmagan, xayolimning ko‘chasidan ham o‘tmagan edi-da. Men hadeganda fikrimni bir yerga jamlayolmadim – osonmi?! Ammo o‘zimga kelib o‘yinga jiddiy kirishganimda Lidiya Mixaylovna shartta to‘xtatib:
– E, bunday o‘ynagandan ma’ni yo‘q, – deb qoldi qaddini rostlab va ko‘zini to‘sib tushgan sochini silkib orqaga tashlar ekan. – O‘ynagandan keyin rostakamiga o‘ynash kerak. Bizniki nima – xuddi uch yashar bolaning ermagiga o‘xshaydi.
– U holda pul tikish kerak bo‘ladi, – dedim men botinib-botinmay.
– Bo‘lmasam-chi! Qo‘limizdagi pul bo‘lmay nima? Pul tikiladigan o‘yinni o‘rtaga boshqa narsa qo‘yib o‘ynab bo‘lmasa! Shunisi bir vaqtning o‘zida ham chatoq, ham yaxshi. Biz eng kam pulga kelishib o‘ynasak ham bo‘laveradi, qiziqish uyg‘onadi-da harholda.
Men churq etmadim, nima qilish, nima deyishga lol edim.
– Nahotki qo‘rqayotgan bo‘lsang? – dedi Lidiya Mixaylovna meni gij-gijlagandek.
– Hecham-da! Hech narsadan qo‘rqmayman men.
Cho‘ntagimda chaqalarim bor edi. Qo‘limdagini Lidiya Mixaylovnaga qaytarib berib, o‘zimnikini oldim. Nima ham derdik, mayli, Lidiya Mixaylovna, siz xohlagandek rostakamiga bo‘laqolsin. Menga nima, men boshlamadim-ku, axir. Avvaliga Vadik ham meni nazarga ilmagan edi, keyin o‘ziga kelib musht ko‘tarib qoldi-ku. O‘sha o‘yinni o‘rganib olgan edimmi, demak, bunisini ham eplarman. Bu frantsuz tili emas, tezgina o‘zlashtirib olsam kerak.
Faqat bir shartni qabul qilishimga to‘g‘ri keldi – Lidiya Mixaylovnaning panjasi uzun, shuning uchun ham tangalar orasidagi masofani u bosh va o‘rta barmog‘ida, men esa odatdagidek bosh barmog‘im va jimjilog‘im bilan o‘lchaydigan bo‘ldik. Bu adolatli qaror edi va men darrov rozi bo‘ldim.
O‘yinni qaytadan boshladik. Xonadan dahlizga chiqib oldik – u yer keng-mo‘lgina, yog‘och devori bir tekis, tanga otgani o‘ng‘ay. Biz tangani otgach tizzalab olar, polda emaklab yurar, bir-birimizga turtinar, barmoqlab masofani o‘lchagandan keyin yana qaddimizni rostlar edik. Oxirida Lidiya Mixaylovna hisobni aytardi. O‘yin chog‘i u rosa shovqin solar, chapak chalar, xullas, o‘zini o‘qituvchi emas, oddiy qizaloqdek tutar ediki, bir-ikki marta mening ham zavqim qo‘zib baqirvorgim keldi. Asosan Lidiya Mixaylovna yutardi, men esa ko‘proq yutqazardim. Ana-mana deguncha sakson tiyin boy berib qo‘yibman. Bir amallab bu qarzni o‘ttizga tushirgan edim, Lidiya Mixaylovna tangasini uzoqdan mo‘ljallab turib otdiyu hisob yana ellikka chiqdi. Men xavotirga tushib qoldim. Hisob-kitobni o‘yin tugagach qilamiz, deb boshdan kelishib olgan edik. Agar ahvol shu tarzda davom etadigan bo‘lsa, cho‘ntagimda bori ham yetmasligi aniq. Bir so‘mdan salgina ko‘proq pulim bor o‘zi. Demak, shundan oshirmaslik kerak, aks holda sharmanda bo‘laman!
Bir vaqt qarasam, Lidiya Mixaylovna yutishga uncha harakat ham qilmayapti. Tangalar orasidagi masofani u panjalarini oxirigacha yozmay, barmog‘ini bukibroq o‘lchardi. Go‘yoki uning barmog‘i yetolmagan tangaga meniki hech chiranishsiz bemalol yetsa deng. Jahlim chiqib ketdi, sapchib o‘rnimdan turdim-da:
– Yo‘q, bunaqa bo‘lsa o‘ynamayman, – dedim. – Nega menga yutqazib beryapsiz? Haqiqiy o‘yin emas bu, g‘irromlik!
– Rostdan ham, unga qo‘lim yetmadi, – deya o‘zini oqlay boshladi Lidiya Mixaylovna. – Panjalarim qotib qolganmi-ey, hech ochilmaydi.
– Ochiladi!
– Xo‘p, mayli, harakat qilib ko‘raman.
Matematikada qandayligini bilmayman-u, hayotda eng ma’quli zid tomonni yoqlab turib isbot qilish ekan. Ertasi kuni Lidiya Mixaylovna barmog‘i tangaga yetishi uchun bildirmaygina uni beriroq surib qo‘yayotganini ko‘rib angra¬yib qoldim. Menga bir qarab olib, bu nayrangini yaqqol ko‘rib turganimni go‘yo sezmayotgandek va yana hech narsa bo‘lmagandek tangani surib qo‘yaverdi.
– Nima qilyapsiz? – dedim achchiqlanib.
– Menmi? Nima qipman?
– Nega tangani surib qo‘ydingiz?
– Hecham-da, o‘zi shu yerda yotgan edi, – deya qandaydir bepisandlik bilan, anavi Vadiku Ptaxadan aslo qolishmaydigan bezbetona bir tarzda inkor qildi Lidiya Mixaylovna.
Obbo! O‘qituvchi emish-a! Tangani surib qo‘yganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim-ku. Yana tegmadim, deb meni ishontirmoqchi bo‘ladi-ya. Tag‘in, ustimdan kulgani-chi! Nima, ko‘zi ko‘r deb o‘ylayaptimi meni? Yoki yosh bola fahmlayaptimi? Frantsuz tilini o‘rgatarmishlar bu kishim! Kechagina atayin yutqazishga uringanini unutib, yana hiyla ishlatmasmikan bu, degan xavotirda uning xatti-harakatlarini sergaklik bilan kuzatmoqqa tushdim. Buni qarang, Lidiya Mixaylovna odamni laqillatib o‘tirsa-ya!
O‘sha kun biz o‘n-o‘n besh daqiqagina dars qildik, xolos. Keyingi kunlari mashg‘ulotlarimiz bundan ham qisqardi. Endi biz tamomila boshqa narsaga berilib ketgan edik. Lidiya Mixaylovna menga ozroq matn o‘qitar, ba’zi kamchiliklarimni aytib, yana bir takrorlatib ko‘rar edi-da, so‘ng cho‘zib o‘tirmay o‘yinga o‘tib qo‘yaqolardik. Ikki marta oz-ozdan yutqazganimdan keyin men ham yuta boshladim. Bu o‘yinni ham juda tez o‘rganib, miridan-sirigacha – qaerga, qanday urishni, tangani o‘lchovga solmaslik uchun nima qilish darkorligini puxta bilib olgan edim.
Yana pulli bo‘lib qoldim. Yana bozordan sut sotib ola boshladim. Endi maxsus idishchadagi yaxlatilgan sutdan olardim. Yuzasidagi qaymoqni avaylabgina sidirib, eriy boshlagan bo‘lagini apil-tapil og‘zimga solardim. Mazasidan butun tanam yayrab ketardi, ko‘zlarimni yumib olardim. Keyin idishini to‘nkarib, pichoq bilan ura-ura qolganini ham ko‘chirardim-da, eriguncha kutib, qora nonning ustidan ichib yuborardim.
Harqalay, bir amallab kunim o‘tib turardi. Yaqin kelajakda, ya’ni urush asoratlari bitgach, baxtli hayotga erishuvimiz va’da qilingan edi.
Lidiya Mixaylovnaning qo‘lidan pul olayotib juda xijolat bo‘lardim. Lekin buni halol yutib oldim-ku, degan o‘y hamisha menga taskin berardi. Keling, o‘ynaylik, deb men taklif qilmayman-ku, tashabbus doim Lidiya Mixaylovnaning o‘zidan chiqadi. Men esa rad etishga jur’at qilolmayman. Nazarimda, o‘yindan u rosa maza qilardi: meni tortqilar, kular, xullas, juda yayrar edi.
Oqibati nima bo‘lishini bilganimizda-ku...
...Ro‘parama-ro‘para tizzalab olgancha hisob ustida talashayotgan edik. Sal oldin ham nimagadir tortishib olgan edik o‘zi.
– Tushunsang-chi, hoy xomkalla, – deya qo‘llarini paxsa qilib Lidiya Mixaylovna menga gap uqtirmoqchi bo‘lardi. – Seni aldab nima qilaman? Hisobni men chiqaraman axir, sen emas, har holda, sendan yaxshiroq bilsam kerak buni. Men ketma-ket uch marta yutqazdim, undan oldin “chikka” bo‘lgan edi.
– Unisini qo‘yib turing.
– Nega qo‘yar ekanman?
Bir-birimizga gal bermay baqir-chaqir qilib yotganimizda hayratangiz, ammo qat’iy, jarangdor ovoz eshitildi:
– Lidiya Mixaylovna!
Qotib qoldik – eshik oldida Vasiliy Andreevich turardi.
– Lidiya Mixaylovna, nima gap? Bu yerda nima bo‘lyapti o‘zi?
Lidiya Mixaylovna sekingina o‘rnidan turdi. Yuzlari bo‘g‘riqib, to‘zg‘ib ketgan sochini tekislagan bo‘ldi:
– Vasiliy Andreevich, kirishdan oldin eshikni taqillatsangiz bo‘lardi...
– Taqillatdim. Hech kim javob bermadi-da. Xo‘sh, ayting-chi, nima bo‘lyapti bu yerda? Direktor sifatida bilishga haqqim bordir.
– O‘yin o‘ynayotgan edik, – dedi Lidiya Mixaylovna xotirjamgina.
– Pulga o‘ynayapsizmi? Shu bilan-a?! – dedi menga ishora qilib Vasiliy Andreevich. Qo‘rqanimdan biron yerga berkinib olarman deya emaklagancha to‘siq orqasiga o‘tib ketdim. – O‘quvchingiz bilan o‘ynayapsizmi? Shunaqa shekilli?
– Ha, shunaqa.
– Bilasizmi... – Xuddi havo yetishmayotgandek direktor bo‘g‘ilib qoldi. – To‘g‘risi, hozir sizga nima deyishga ham hayronman. Bu – jinoyat! Yo‘ldan ozish. Yosh bolani axloqsizlikka boshlash deydilar buni. Yana, yana... Yigirma yildan beri maktabda ishlab hali bunaqasiga duch kelmagan edim... – U taajjubdan qo‘llarini boshi uzra ko‘tardi.

* * *

Uch kundan so‘ng Lidiya Mixaylovna jo‘nab ketdi. Ketishidan bir kun oldin, maktabdan qaytishimni kutib turgan ekan, meni uygacha kuzatib keldi.
– Yurtimga – Kubanga boraman, – dedi u xayrlashayotib. – Tinch-xotirjam o‘qiyvergin, anavi bema’ni voqea uchun hech kim senga g‘iq etolmaydi. Hammasiga men sababchi. Sen faqat o‘qishni o‘yla. – U sochimni bir to‘zg‘itib qo‘ydi-da, ketdi.
Shu-shu, qaytib uni ko‘rmadim.
Qish kunlari edi, ta’tildan so‘ng maktabga mening nomimga pochtadan bir quti keldi. Men yana zina ostidan boltani olib uni ochdimu bir tekisda zich qilib terilgan makaronni ko‘rdim. Tagidan esa paxtaga o‘rog‘liq uch dona qizil olma chiqdi.
Men olmani rasmdagina ko‘rgan edim, lekin hozir qo‘limda ushlab turgan narsa olma ekanini darrov bildim.

Shohsanam tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.