OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vasiliy Yan. Osiyoning moviy sarhadlari

SUVORIY YON DAFTARIDAN

Vasiliy Yan (Yanchevetskiy) sizga «Chingizxon», «Botu», «So‘nggi dengizgacha» tarixiy romanlari bilan tanish. Uning asarlari dunyoning ko‘pgina tillariga tarjima kilingan. Sharqshunos zobit XX asr boshlarida Rossiya imperiyasining Asxobod (hozirgi Ashgabat) istehkomiga xizmatga yuborilgan. Osiyo bo‘ylab bir necha ekspeditsiyalarda qatnashgan. Uning to‘rt jildli asarlar to‘plamiga kirgan «Chavandoz nomalari» turkumidagi «Osiyoning moviy sarhadlari» safarnomasidan bir bobni juz’iy qisqartirilgan holda e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.
Sarguzasht uslubida yozilgan bu nomalar Rossiya imperiyasi Amerika va Angliyaning O‘rta Osiyo hamda Yaqin Sharq bilan bog‘liq manfaatlari to‘g‘risida bilimlaringizni yanada boyitadi degan umiddamiz.

 BU YERDAN HAYOT QOCHGAN

1. Amerika ekspeditsiyasi

Biz Asxobodga qaytganimizda ikkita shov-shuvli voqea ro‘y bergan edi. General Ussakovskiyning oilasi kelibdi... Ikkinchisi esa ancha jiddiyroq.
1903 yili tanti milliarder Karnegining ilmiy institutidan Amerikaning geologiya-arxeologiya ekspeditsiyasi kelgan edi. O‘shanda «Asxobod» gazetasi ekspeditsiya «... yer va davlat mulki vazirligining tavsiyasi bilan kelganligi, Kopetdog‘, Gavdan, Xayrobod, Qarshi va Termizni ilmiy tadqiq qilishda AQSh elchisining xohishiga ko‘ra Bosh shtab ekspeditsiyaga hamkor bo‘lishi, lekin qazilma va arxeologiya boyliklari olib ketilmasligi...» haqida yozgan edi.
Ekspeditsiyani Rafael Pompelli boshqargan. U ilmga daxli yo‘q mohir ishbilarmon sifatida katta o‘g‘li bilan kelgan edi. Ekspe-ditsiyaning asosiy maqsadi neft yoki boshqa foydali qazilmalarni qidirish ekanligi istisnodan xoli bo‘lmagan.
General Ussakovskiy amerikaliklarni iliq kutib olib, har taraflama yordam ko‘rsatishga va’da berdi. Menga esa, inglizcha bilganim uchun ekspeditsiyada qatnashishimga xayrixohlik bildirdi.
Pompelli “uni yana Rossiya o‘ziga maxliyo qilayotganini”, yoshlik paytlarida Sibirga qaysidir ilmiy ekspeditsiya bilan kelgani, bu safarlar unda “yoqimli taassurotlar” qoldirganini so‘zlab berdi. Ekspeditsiyaning rahbari va Pompellining o‘ng qo‘li Devis edi. Amerikalik bu taniqli olimning geologiya bo‘yicha mukammal qo‘llanmasi Qo‘shma Shtatlar universitetlarida o‘qitilardi. Devis Kopetdog‘ tizmalariga chiqqan va keyinchalik tog‘lar, tog‘ jinslari hajmi, ularning geologik tuzilishi bo‘yicha kuzatuvlari haqida Ussakovskiyga hisobot bergan edi.
Devisning assistenti yosh geolog Elsvors Xentington bo‘lib, yana bir mashhur professor – italyan arxeologi ham ekspeditsiya tarkibiga kirgan. Pompelli ekspeditsiyasi 1904 yil davomida Asxobod yaqinidagi Anav xarobalarida qimmatli kashfiyot qilgani haqida “Zakaspiy sharhlari” gazetasida xabar berilgan edi. 
Pompellining qazish ishlari O‘rta Osiyo tarixini o‘rganishga hissa qo‘shdi. Karnegi instituti ekspeditsiya haqidagi xisobotni chiroyli qilib nashr etgan (unda keyinchalik akademik bo‘lgan V.V. Bartold ham qatnashgan), shu ishlarni nega biz – ruslar mustaqil ravishda bajarmaganimiz alam qilgan edi. 

2. “Tahlika va tavakkalni bo‘ynimizga olib”

Elsvors Xentington bilan deyarli tengdosh edik. Ma’lumotimiz darajasi va ixtisosimiz bir xil edi. Ikkalamiz ham bo‘ydoq hayot pillapoyalaridan endi ko‘tarilib kelayotgan bo‘lib, sayohatlar borasidagi orzularimizning mushtarakligi bizni do‘st qilib qo‘ygandi. Eronning taqir sahrolari orqali eron-afg‘on chegaralari bo‘ylab Hindistonga o‘tishga kelishib oldik.
O‘rta Osiyoga kelgan va o‘lka bo‘ylab yurgan kunimdanoq oldindan o‘ylagan orzuim – Eron va Afg‘oniston orqali Hindistonga o‘tishga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan edim. Hali Londonda ekanligimda, keyinchalik esa Peterburg va Asxobodda o‘zim o‘tadigan davlatlarni o‘rgana boshladim. To‘plagan ma’lumotlarim yordamida Afg‘oniston haqida bir necha maqolalar yozganman. Ular “Asxobod” va Peterburgning “Novoye vremya” gazetalarida bosilgan edi.
General Subotichniy Uzoq Sharqqa ketishi oldidan Eron va Afg‘onistonga safarga yuborishini so‘rab, fikrlarimni asoslagan holda bildirish yozgan edim. Unda “bosh maqsad Afg‘onistonni, uning xalqi, siyosati, urf-odati va boshqa munosabatlarini o‘rganish” ekanligini bayon qilgan edim. General Subotich mening xatimdan nusxa ko‘chirtirib, Turkiston general – gubernatoriga jo‘natgan va xatida talabimning qondirilishini so‘ragandi.
Toshkentdan kelgan javob xatida general Ivanov shunday yozgan edi: “Gubernya kotibi Yanchevetskiyning Afg‘onistonga borib, o‘sha mamlakat bilan tanishish istagi menga ma’qul bo‘ldi. Xohlardimki Yanchevetskiy tahlika va tavakkalni bo‘yniga olib, bu ishni qilishi mumkin. Biroq janob harbiy vazirning roziligisiz ruxsat berishga ikkilanmoqdaman. Shuning uchun xodimingiz iltimosini harbiy vazir bilan hazrati oliylariga taqdim etdim....”
1902 yilning dekabr oyida Peterburgdan telegramma keldi. Unda harbiy vazirning: “Yanchevetskiy barcha og‘irliklarni bo‘yniga olsa – roziman...” degan ruxsati bitilgan edi. Lekin sal kam bir yilda keyingina orzularimni amalga oshirish imkoni tug‘ildi.
Rejalarimni Xentington bilan o‘rtoqlashdim. 1903 yilda o‘zaro kelishib, ilmiy ekspeditsiyani Erondan boshlash, Seyistonga yetganda, Afg‘onistonga kirib, so‘ng Hindistonga yo‘l olishni rejalashtirdik. Shuning uchun 1903 yilning avgust oyida bir vaqtning o‘zida ikkita bildirishnoma yozdim. Biri – Eronga borish, ikkinchisi – maxfiy – Afg‘oniston va Hindistonga o‘tish haqida edi.
Rossiya va Afg‘oniston bilan diplomatiya munosabatlari bo‘lmaganligi oqibati o‘laroq ekspeditsiyamiz va uning yo‘nalishini oshkor qilmaslik uchun hujjat va buyruqlarda mening safarim faqat Eronga ekanligi ko‘rsatildi. Qolganlari – Afg‘oniston va Hindiston safari mening “ bo‘ynimga tushgan ” edi.
Peterburg gazetalari bilan hamkorlik qilishim hammmaga ma’lum bo‘lib, Ussakovskiy menga jurnalist sifatida, “yo‘l xarajatlarisiz, maoshim saqlangan holda” ruxsat berdi. Shu boisdan safar jihozlarini topish qiyin kechdi. Safar uchun uch yuz so‘m va oldindan uch oylik maoshim – uch yuz so‘mni oldim, xolos (keyinchalik safarimni yana uch oyga uzaytirishdi, bu pullarni ummon ortidan kattagina mablag‘ olib turuvchi Xentington bilan teng bo‘lishib oldik). 

3. Bizning karvon

Safarimizda olti kishi edik. Uchta tuyaga suv to‘ldirilgan meshlar, oziq-ovqat, yig‘ma chodir, kigizlar ortildi. Elsvorsda esa Amerikadan olib kelgan yig‘ma karavot, kursi, xontaxta hamda uzun tog‘ora bor edi. U imkon topilganida bu jihozlardan foydalanishni o‘rniga qo‘yar edi. Bu esa mening g‘ashimni keltirardi.
Safarda meni Marganiya (Malaxiy Klavdiyevich Marganiya asli kavkazlik bo‘lib, iste’fodagi podpolkovnik edi – tarjimon) tarafidan yuborilgan ikki yigit yosh: xushchaqchaq turkman Xivaqilich va afg‘on qochog‘i Mardon kuzatib borishardi. 
Mardon asli Hirotda yashagan. Xotinini jazmani bilan tutib olganida har ikkalasini ham so‘yib tashlagan bo‘lib, qochqinda yashardi. Afg‘onistonga qaytsa, uni dor kutayotganini o‘ylayverib, odamovi bo‘lib qolgan. Xivaqilich esa to‘rt xotinining g‘alvasidan qochib ketgan, shuning uchun ham quvnoq yurardi. Xentington o‘ziga Qurbon ismli tilmochi va fors hamda turkman tillarini yaxshi biladigan o‘ris Mixaillarni yordamchi qilib oldi. Mixail yaxshi ovchi bo‘lib, keyinchalik safar davomida yovvoyi qushlar bilan siyladi, El’svorsni rus tiliga o‘rgatdi...
Shuningdek, ekspeditsiyani Trezorka laqabli ko‘ppak kuzatib bordi. Men bilan uzoq vaqt birga yashagan oppoq va jussasi mitti bo‘lgan bu it karvon oldida chopib borar, hamma dam olganida yuklarning tepasiga chiqib dam olar, tunlari karvonni hushyorlik bilan qo‘riqlar va sharpa sezganida qattiq hurar edi. Xentington yo‘l-yo‘lakay “Suluv Yelena haqida” xo‘rsinib, xatlar orasiga qora qog‘oz qo‘yib kundalik yozardi. Imkon topdi deguncha xatning bir nusxasini Bostondagi otasiga yuborardi. Ehtiyotkorligi tufayli shunday qilardi. Chunki kundaliklar turli sabablar bilan yo‘qolib qolganida ham tayinli qo‘llarda bo‘lar edi. Amerikaga qaytgach, “Turkistonni tadqiq qilish” nomli kitobida sayohatimiz haqidagi hisobotni suratlar va chizmalar bilan nashr etdi.

4. “Olloh bizdan yuz o‘girmadi...”

Ekspeditsiya karvonimiz Saraxsdan 1903 yilning noyabrida yo‘lga chiqdi. Biz ataylab shu vaqtga kelishgan edik. Chunki bu oyda O‘rta Osiyo mintaqasida jazirama issiqlar o‘rniga salqin havo keladi, ayrim joylar muzlaydi. Bu esa sayohatchilar uchun ham, ulovlar uchun ham qum va qoyalarda yurishni osonlashtiradi.
 “Uzoq safar meni o‘ta hushyor bo‘lishga chaqiradi”, deb yozgan edim Saraxsdan chiqayotib Asxobodga yo‘llagan xatimda. Sayohatning birinchi kunlariyoq fikrimning to‘g‘riligini ko‘rsatdi va ayrim umid va rejalarni chippakka chiqardi.
Eron yo‘li biz uchun Zulfiqordan boshlandi. Daraga joylashgan bu shahar Rossiya, Eron va Afg‘oniston chegaralari kesishgan joyda edi. Karvon shu joydan eron-afg‘on chegarasidan janubga qarab yurdi. Safar chog‘ida biz o‘zimiz belgilagan usul bilan – goh qum tekisliklari, goh aholi yashash joylarida to‘xtab o‘tdik. 
Xentington ikkimiz otlarga minib, karvondan chetga chiqar va joylarni o‘rganar edik. Shunday chetga chiqishlarning birida Afg‘oniston chegarasi ichiga ancha kirib ketibmiz. Ariq chopayotgan dehqonlar bizni ushlab olishdi. Kuzatuvchi ikki yigit ham biz bilan birga edi. Dehqonlar bizni qo‘yib yubormasliklari ravshan bo‘lgandan keyin Xentington otishma bilan qutulib qolishni taklif etdi. Mardon qulog‘imga shivirladi: “Olloh bizdan yuz o‘girdi!” Har bir tutib olingan o‘ris uchun inglizlar ming rupiyadan to‘lashadi! Bu yerlarda inglizlarnig ayg‘oqchilari ko‘p! Olishamiz, bo‘lmasa bizni avval zindonga solib, keyin Angliyaning Kobuldagi vakolatxonasida a’yonlarning ko‘z o‘ngida qoziqqa o‘tqizishadi!... ”
Bir oz o‘ylangandan keyin Gomer dostonidagi Odesseyning hiylasini Mardonga shivirlab: “Shoshma! Olloh hali bizdan yuz o‘girgani yo‘q. Balki biz Ollohni esdan chiqarganmiz” dedim va afg‘onlarga meni ulug‘ sarhang (polkovnik) deb tanishtirishini aytdim. Men bu yerga elchi sifatida kelganman, har kimlar bilan gaplashavermayman, katta boshliqlar bilan uchrashtirishlarini talab qilaman! 
Mardonning gapini eshitib afg‘onlar boshliqlarini bu yerdan ancha uzoqda – qal’ada ekanligini aytdi. 
“ Meni u yerga olib boring! – deb buyruq qildim. – Undan oldin chopar yuboringlar, dasturxon yozib, choy damlab qo‘ysin”. 
Bir necha afg‘on otlariga sakrab minib, choptirib ketishdi. Ikki afg‘on yigiti men mingan otni jabdug‘idan ushlamoqchi edi, biqinidan niqtov yegan ot pishqirib, ularni tishlamoqchi bo‘ldi. Shundagina ular nari ketishib, yo‘llarida davom etishdi. 
Yalangoyoq afg‘onlar qurshovida yarim vayronaga aylangan, paxsadan qurilgan qal’aga keldik. Gilamlar to‘shab ulgurilgan, qozonlarda palov, mis qumg‘onlarda choy qaynar edi.
Qal’a boshlig‘i ham, chegarachilar sardori ham Abdulhamid ismli keksa zobit ekan. Soqoli xinaga bo‘yalgan novcha odam biz bilan keskin, ammo hurmat bilan gaplashdi: “ Afg‘on yeridan nega ruxsatsiz o‘tdinglar? O‘rislarning Afg‘onistonga kirishi man qilinganligini sizlar bilishingiz kerak! Nega keldinglar?...”
Tarjimonimiz Mardon orqali biz ekspeditsiya a’zolari ekanligimizni, birimiz rus, ikkinchimiz amerkalik ekanini, sahroda yo‘l belgilari bo‘lmagani uchun adashib qolganimizni tushuntirdik. Odamlardan bu yerga keltirishni o‘zimiz iltimos qilganimizni, yo‘lni so‘ramoqchi bo‘lganimizni ham ta’kidlab qo‘ydik. Seyiston, undan Belujiston va Hindistonga bormoqchiligimizni aytib, qo‘shimcha qildim: “Afg‘onlar adolatli va botir xalq, o‘z boshliqlari qolib, faqat inglizlar buyrug‘ini bajarmaydilar-ku,? Naxotki yo‘lovchilarda ulardan yaxshi xotiralar qolishini istashmasa?...Yo keksa va jasur jangchi Abdulhamid o‘z yerining qal’asiga boshliq emasmi?..”
Mardon gaplarimni hafsala bilan tarjima qilib turdi. Abdulhamidning avzoyi biroz yumshaganini sezdim. Keyin u ovqat keltirishni buyurib, sayohatchilarning qurollarini tomosha qilishga tushdi.
Men qo‘limdagi otliqlarga moslashtirib kaltalashtirgan oddiy miltig‘imni uzatdim-da, afg‘on qurolini ko‘rsatishni so‘radim. Abdulhamidning qo‘lidan miltig‘ini olayotganimda uning qo‘ndog‘i-dagi ingliz tamg‘asiga ko‘zim tushdi. 
Dasturxon atrofida qizg‘in suhbat boshlandi. Abdulhamid Rossiya haqida, uning O‘rta Osiyodagi mulki haqida ko‘p so‘radi. Birinchi marta rus odamini ko‘rib turganini, ruslar va Rossiyaga hech qanday e’tirozi yo‘qligini yashirmadi. Lekin kechagina dushman hisoblangan inglizlarning Kobuldan turib bergan buyruqlarini bajarishga majbur ekanini ta’kidlab qo‘ydi.
Biz do‘stona xayrlashdik. Ochiqib ketganimiz uchun palovga to‘yib olgach, estalik uchun Abdulhamidga soatimni hadya qildim. Yo‘l ko‘rsatgani, mehmondo‘stligi uchun tashakkur bildirib, otlarimizga mindik.
Afg‘onlar bilan suhbatimiz davomida Xentington jim o‘tirdi, Abdulhamidni va atrofni shubhalanib kuzatdi. Goho charm kamzuli cho‘ntagidan Injilni olib varaqlagan bo‘ldi. 
Biz qal’adan xotirjam chiqib ketdik. Dastlab otlar qadamini tezlatdik, qosh qoraya boshlagach esa yo‘rttirdik. Ortimizdan bir necha afg‘on otlari kuzatib keldilar.
Karvonning tunash joyiga yetib kelganimizda chodirlar tikilgan edi. Ular bizning hayallab ketganimizdan xavotirlanib turishganida sharpamizni uzoqdan payqagan Trezorka qattiq-qattiq hura boshladi. Shunda sheriklarimiz “bizdan yuz o‘girmagani uchun ” Ollohga hamdu sanolar aytishdi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Seyistonga keldik va Xurosondagi Rossiya konsulligida chegara xizmati kapitani Abdulhamidning Kobulga chaqirilgani, adabsiz rus yo‘lovchilarini Kobulga olib kelmay, qo‘yib yuborgani uchun tan jazosi olganini eshitdik. 
 
5. Yangi yildagi tush

Jug‘rofiya va geologiyani maxsus o‘rgangan Xentington yo‘l-yo‘lakay o‘ylaganlarini yozib borar, joylarni chizar va fotosuratga olar edi. Menga esa yer qavatining geologik o‘zgarishi, sahrolar qanday paydo bo‘lgani, nega ularda hayot yo‘qligini tushuntirardi. Uning aytishicha, bir necha ming yilliklar oldin Eronda yuksak tog‘lar bo‘lgan, ular sekin – asta yuvilib past tepaliklar va vodiylarga aylangan, ayrim joylaridagina haybatli cho‘qqilardan uncha baland bo‘lmagan qoyalar qolgan.
Qadim vaqtlarda Sharqiy Eronda aholi zich yashagan, madaniyat yuqori bo‘lgan. Yo‘limizda shaharlar, qal’alar va kanallar qoldiqlari tez-tez uchrab turardi. Xentington fikricha, Eronning sharqiy qismida olib boriladigan qazilma ishlari katta kashfiyotlarni ochadi, biz haligacha bilmagan yuksak manaviyat ishlarini aniqlaydi.
Faqat har zamonda kichik aholi maskanlari va ko‘chmanchilarga duch keldik, xolos.
Yo‘limizning ko‘p qismi taqir, quyoshda kuygan suvsiz sahrodan iborat bo‘ldi. Ahyon-ahyonda hurkak yovvoyi qulonlar, sayg‘oqlar va baland osmon qo‘ynida suzib yurgan burgutlarga duch keldik, xolos. 
Biz duch kelgan qishloqlar, dalalar, bog‘lar va ariqlar nega yo‘q bo‘lib ketgan? Xentington aytganidek, geologik o‘zgarishlar bir necha ming yillar oldin bo‘lgan va hayotning ravnaq topishiga sharoit yaratib bergan-ku? Nega chaman bo‘lib ochilgan hayot birdan g‘oyib bo‘ldi, xuddi hech narsa bo‘lmaganday... 
Ochiq cho‘lda tunash uchun to‘xtadik. Tunda chiyabo‘rilarning ulishi eshitildi. Otlarni egar-jabdug‘lardan bo‘shatib tuyalarni cho‘ktirdik. Yo‘l azobidan toliqqanimiz uchun keng gulxan yonida, kimlar chodir ichida qattiq uyquga ketdik.
Atrofdagi jonsiz sahroga tikilganimcha xayolga cho‘mdim: 
 “Ehtimol, bu yerda iqlim ham boshqacha bo‘lgandir. Axir shu tekisliklardan Iskandar Zulqarnayn, Chingizxon va Temurning ko‘pmingkishilik lashkarlari o‘tgan. Ular nimalarni yeb tirikchilik qilishgan? Tuya va otlarini qayerda sug‘orishgan? O‘zlari bilan nima olib keldilaru nima qoldirdilar?... ”
Yangi, 1904 yilni sahroda kutib oldik. Miltiqlardan o‘q uzdik, kamtarona dasturxon tuzadik. 
Yangi yilning bu tuni Rossiyaga omadsizlik keltirgan yilning birinchi tuni edi. Bu tunni men ham eslab qoldim. Shu kechasi saharga yaqin tush ko‘rdim. Bezatilgan chodir yonida o‘tirarmishmanu tushimda sezarmishman. Qisiq ko‘zli, sochlarini ikki o‘rimga joylagan mo‘g‘ul Chingizxon ro‘paramda turarmish.
U chap tovonida o‘tirganicha o‘ng qo‘li bilan tizzasini quchoqlab olgan emish. Chingizxon meni yoniga taklif qilarmish. Uning yaqinidagi kigizga o‘tirganimdan so‘ng, meni quchoqlab so‘rarmish:
“Sen mening hayotimni yozishni xohlaysanmi? Unda meni zabt etilgan xalqlarga nisbatan g‘amxo‘r, odamlarga baxt keltiruvchi sifatida ta’riflagin! Shunday qilaman deb so‘z ber! ...”
Men esa uning haqida faqat haqiqatni yozaman dermishman.
“Ayyorlik qilyapsan, to‘g‘ri javobdan qochyapsan. Meni badnom qilmoqchimisan? Bunday qilishga qanday jur’at etding? Axir men sendan kuchliroqman! Kel, kurashamiz!...”
O‘rnidan turmasdan ulkan quchoqlari bilan meni tobora qattiqroq qisarmish. Shu usulda mo‘g‘ullarning odatiga ko‘ra umurtqamni sindirmoqchi bo‘lganini idrok qilarmishman!
Qanday qutulish kerak? Qanday qilib sitilib chiqib ketsam ekan? Chingizxonga bo‘ysunmaslik uchun qanday qilib kuchli bo‘lish kerak? Shunda mening xayolimda “yalt”etib bir fikr paydo bo‘larmish: “Axir bu tushim-ku! Tezda uyg‘onishim kerak, shunda qutulaman!...”
Uyg‘onib ketdim. Tepamda sanoqsiz yulduzlar jimirlardi. Otlar to‘rvalaridagi arpani bir maromda chaynardi. Chingizxon ham, odamni teshadigan o‘tkir nigohlar ham yo‘q edi. 
Shunda birinchi marta bu istilochi haqida yozish, u qanday bo‘lsa shunday – xalqlarni qirg‘in qiluvchi, o‘zidan keyin sahrolarni qoldiruvchi sifatida bayon qilish orzusi tug‘ildi.
Lekin bu tundan keyin orzumni amalga oshirish uchun uzoq vaqt sargashtalik kutib turardi.

6. Dahshatli sahro 

Janub tomon borayotgan kichik karvonimiz Dashti Lut deb atalgan suvsiz sahroni kesib o‘tdi. Sahroning nomi ham o‘ziga mos (“lut”- dahshatli) edi. Eronning sharqiy qismi markazidagi bu qum tekisliklar yuzlab chaqirimga cho‘zilgan, qoyali tog‘lar, sho‘rxok yerlar va o‘lik ko‘llar bilan kesilgan edi.
Shunday sho‘r ko‘llardan biri – Nemeksar bo‘yida bir tuyamiz qulog‘igacha botib ketdi. O‘zimiz mo‘‘jiza tufayli jonimizni saqlab qoldik. Yuk ortilgan tuyani qutqarib qolish uchun barcha qilgan harakatlarimiz zoya ketdi. Uni azobli o‘limdan xalos qilish uchun otishga qaror qildik. Shunday qilib, tuya Dashti Lutning sanoqsiz qurbonlari qatoriga qo‘shildi. Bunday qahrli joyda hayotning borligini hech tasavvur qilib bo‘lmas edi. 
Biroq tinimsiz yurish azobidan bo‘larimiz bo‘lib, tunash uchun tog‘ etagida to‘xtaganimizda qop-qora qoya tirqishidan jildirab oqib yotgan chuchuk suvni ko‘rdik. Gulxan atrofida o‘tirganimizda egniga kigiz chakmon kiygan, qo‘liga tayoq tutgan bir chol qorong‘ulik ichidan chiqib keldi. Uning ortidan paxmoq itini yetaklagan tortinchoq bola ham paydo bo‘ldi. Chol taklif qilingan luqmalarni chaynab, olovda isinganidan keyin sahro to‘g‘risida qiziq-qiziq voqealarni gapirib berdi. Aslida sahro o‘lik emas, bizga o‘xshagan kelgindilarga shunday tuyular ekan. Shu yerda tug‘ilganlarga sahroda hamma narsa – suv, ovqat, odamlar, hayvonlar istagancha bor emish.
“Sahroda erksevar ko‘chmanchi xalq – lutilar yashaydi. Ular Hindiston va Qizil dengiz oralig‘ida ko‘chib yuradilar va o‘z yerlarini yaxshi bilishadi. Qachon va qaysi quduqlarda suv paydo bo‘lishi, o‘simliklar o‘sishini bilib, shunga qarab ko‘chib yurishadi.
Yosh lutilar savdo karvonlarini kuzatuvchi bo‘lib yollanadilar, chollari qo‘y boqadilar, tariq ekadilar, tog‘larda yovvoyi pista va bodom teradilar...
Lutilarning Otashkada degan poytaxtlari bor. U sahroning o‘rtasida tog‘lar panasiga yashiringan. Odamlar doimiy yashamaydi, har uch yilda bir marta “muborak toshlarini” ziyorat qiladilar. Poytaxtga olib boruvchi yo‘lni faqat “nazarkarda”lar biladilar.
Lutilarni ayol kishi boshqaradi. “Xalq yetakchisi” qoshida maslahat kengashi faoliyat yuritadi. Ular ham poytaxtda yashamasdan, doimo ko‘chib yuradilar..”
Chol, bola va ko‘ppak tunda qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday g‘oyib bo‘ldilar.
Karvon esa ertalab yana zerikarli va oqsoch sahro bo‘ylab yo‘lni davom ettirdi.
Janubga tushib borgan sari ibtidoiy joylarga kelib qoldik. Bu yerda na odam nishonasi, na yo‘l ko‘rinadi. Behisob qoyalar, ularning oraliqlarida kezib, adashganimizni angladik.
Oxirgi Eron qishloqlarining birida yollagan yo‘lboshlovchimiz nashavand ekan. U oldin ham bizda shubha uyg‘otgan edi. Hozir esa “oldinda uch yo‘l borligi, uchalasi ham yomon, suvsiz, qaroqchilardan xoli emas”ligini aytdi.
Oldin kelishganiga yana uch qiron qo‘shib to‘lashimizni va nasha berishimizni talab qila boshladi. Nashasiz bir qadam yurolmasligini bahona qildi. Pul va taryokni olganidan keyin qironni sallasining qatiga qistirdi, taryokni yutib oldi va orqaga qaytishimizni ta’kidladi...
Karvonning ahvoli og‘irlashdi.
Halok bo‘lgan tuya ikkita meshdagi suvni va bir qism ozuqa hamda jihozlarni olib ketgan edi.
Bundan tashqari oldingi dovon oshishda Mixailni bezgak xuruji tutgan va u otining bo‘ynidan quchoqlaganicha egarda behush yotardi. Yiqilib tushmasligi uchun Qurbon uni kuzatib borardi.
Qancha uzoqlashsak, adashganimizga shuncha ishonch hosil qilardik. Qorong‘i tushayotgan bo‘lishiga qaramay na biror yo‘lni, chashma yoki quduqni uchratdik. Sho‘rxok yerda tunashni ma’qul ko‘rmadik. Chunki u na bizga, na ulovlarimizga naf berar edi.
Xentington g‘azablanganicha yo‘lboshlovchini koyir, xaritani so‘kar, qaroqchilarga topshirish uchun ataylab shu yerlarga olib kelganini ta’kidlar va kompasga qarab faqat Mardonning maslahatlariga quloq solardi. U sharqqa burilib, Afg‘on chegaralariga chiqib olsak, tog‘ poyidagi qishloqlarga duch kelishimizni ta’kidladi. Janubda esa suvsiz, yalang‘och sahro yastanib yotardi...
Fikrimiz bir-biriga to‘g‘ri kelmagach, endi boshqa-boshqa yo‘llar bilan ketishga qaror qildik va taxminan yuz chaqirimdan keyin janubroqdagi uchrashuv joyimizni belgilab oldik. Agar uch-to‘rt kundan keyin uchrashmasak, bir-birimizga yordamga borishga kelishib oldik.
Xentingtonning kichik karvoni yo‘l boshlovchi, kasal Mixail va Qurbon bilan janubga yo‘l oldi. Uzoq-uzoqlarda qo‘ng‘iroq ovozi tingach, Mardon, Xivaqilich va men otlarimiz boshini sharqqa burdik.

7. Lutilar malikasi

Yo‘lning birinchi kuni yengil bo‘lmadi. Lekin Mardon suv topishimizga ishongan holda bizni sharq tomonga boshlayverdi.
Yana qorong‘i tushdi. Otlar goh toshloq tepaliklarga chiqar, goh tabiiy sezgi bilan pastlikka ohista tushardi. Ko‘z ilg‘amas zulmat qa’rida miltillagan olov ko‘rindi. Olov bor joyda odam ham, suv ham, ovqat ham bo‘ladi, degan umid bizga quvvat bag‘ishladi.
Yaqin kelganimiz olov atrofida yeng va uzun ko‘ylaklari bilan yog‘duni to‘sib g‘imirlayotgan ayollarni ko‘rdik. Olov shu’lalari atrofidagi qora chodirlarni elas-elas yoritib qo‘yardi. Beso‘naqay paxmoq itlarning bo‘g‘iq hurishlaridan otlar hurkib ketdi. Ular orqa oyoqlarida tik turib kishnar edilar. Ayollar sarosima ichida qichqirishib, yerdan tosh olib ota boshladilar.
Olov yoniga yaqin borganimizda qorong‘ilik ichida salla o‘ragan oppoq soqolli chol ko‘rindi va jahl bilan qo‘llarini siltab, bizni haydamoqchi bo‘ldi. Mardon afg‘onchalab cholga qichqirdi. Xivaqilich forscha va turkchalab bir narsalarni tushuntirishga urindi. Lekin foydasi bo‘lmadi. 
Yuzlarining pastki qismini yenglari bilan berkitib olgan ayollar hamon chinqirar edilar. Ular otgan toshlardan biri qulog‘im ostidan zuv etib o‘tib ketdi, yana bir tosh Mardonning otiga tegdi.
Nima qilishni bilmay orqaga tisarilayotganimizda chodirlar ortidan bir qoramag‘iz qizcha qizg‘ish ko‘ylagiga taqilgan tangalarini jingirlatib yugurib chiqdi. Ayollarga bir nima deb baqirgan edi, ular shu zahotiyoq tinchib qolishdi. Chol so‘kinganicha nari ketdi. Bizga yaqin kelib qolgan qizcha forsiyga o‘xshash tilda tez-tez gapirdi. 
Xivaqilich muzokaralarni boshlab yubordi. Uning aytishicha, biz lutilar qabilasining bir tarmog‘i bo‘lgan mashuji ko‘chmanchilariga duch kelgan ekanmiz. Bu yerda faqat ayollar yashar, erkaklar, ayniqsa, kofirlar yaqin keltirilmas ekan. Lekin ko‘chmanchilar boshlig‘i Bibiqunduz istisno tariqasida bizni chodirga taklif etdi.
Ayollar itlarini yonlariga chaqirib, otlarimizni bir chetga yetaklab keldilar.
Sharqona mehmondo‘stlik odatlari Osiyo xalqlarida muqaddas hisoblanadi. Mehmon bo‘lganimizga ishonch hosil qilib, o‘zimizdan ham, otlarimizdan ham ko‘nglimiz to‘q bo‘ldi.
Qizcha taqinchoq tangalarini jingirlatib, chodirlardan biri tomon boshlab borar ekan, uzun etaklarini sal ko‘tarib olgan edi. Yiltirab turgan cho‘g‘day ko‘kimtir tutun ko‘tarilayotgan gulxan yonidagi gilamga o‘tirishga ishora qildi.
Ko‘zimiz xonaga o‘rgangach, chodirning narigi tarafida Budda holatida harakatsiz o‘tirgan ayol ko‘rindi. U Bibiqunduz bo‘lib, qabila hukmdori ekan. Egniga oltin taqinchoq qadalgan qizil shoyi ko‘ylak kiygan, boshiga shol ro‘mol o‘rab, ustidan shokila va zanjirlar qadalgan uchli jig‘a qo‘ndirilgan. Gulxan yorug‘ida aniq ko‘rinib turgan jigarrang yuzi erta qariyotgan juvonni yoki yosh ko‘ringan ayolni eslatardi. Qoshlari surmalangan, qosh o‘rtasiga esa ko‘kishtob nuqta qo‘yilgan edi. Jezga o‘xshab ketuvchi bo‘yni va viqorli ko‘ksida yirik-yirik zumrad va la’l donalaridan marjonlar osilib turardi .
Xivaqilich sharqona suhbat boshlab, Bibiqunduzning qo‘ylari, ot va tuyalari haqida, keyin o‘zi va boshqalarning sog‘lig‘i haqida surishtirdi. Sho‘rlagan sahrodan Hindistonga ketayotgan karvonimiz haqida so‘zladi.
Bibiqunduz uning gapini nigohini qadagancha jim turib eshitdi. Ekspeditsiyada tog‘larning shaklini chizuvchi amerikalik “katta mulla” borligini eshitib, qop -qora qiyiq ko‘zlari bilan bizlarni kuzatdi.
– Karvoningiz haqida eshitgan edim, – dedi Bibiqunduz sokin va qo‘ng‘iroqdek ovozda. -Sening do‘sting tog‘larni chizib, keyinchalik yerli xalqlardan olib qo‘yar ekan. Sen ham shunday qilmoqchimisan? Lekin bilib qo‘yinglar, sizlarni Hindistonga o‘tkazishmaydi, Belujistonda angliyaliklarning katta qismi turadi, ular hech kimni o‘tkazmaydilar...
Men Bibiqunduzni tinchlantirmoqchi bo‘lib, o‘zimning jahongash-taligim, ”haqiqatgo‘y” ekanligim, odamlar qayerda va qanday yashayotgani, ularning baxtiyorligiga qiziqishim haqida gapirib berdim.
Shundan keyin Bibiqunduzning qarashlari sal iliganday bo‘ldi.”Sen...farangi darveshmisan? Bundaylarni haligacha uchratmaganman. Qani, sayohating haqida gapirib ber-chi...
Qayerda bo‘lganimni eshitib bo‘lgach, Bibiqunduz so‘radi: 
– Ha, sen juda oz joylarni ko‘ribsan, ko‘p narsadan bexabar ekansan. Baxt izlab uzoqqa bormaslikni anglashing uchun hali ko‘p yurishingga to‘g‘ri keladi. Baxt har qaysi millatning o‘z yerida bo‘ladi. Baxt – xalqning erki va ozodligida, qadrdon o‘chog‘i yonida, yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotida, qarindosh – urug‘lari davrasida!...
Shundan keyin Bibiqunduz mashuji qabilasi haqida, chodirlarini Himolay tog‘ining baland o‘tloqlariga, Arabistonning sap-sariq qumlari ustida tikishlari haqida gapirib berdi. Ko‘plab davlatlarning chegarasidan emin-erkin ko‘chib o‘tishlarini so‘raganimda o‘z qabilasi bilan bog‘liq bir rivoyatni aytib berdi va bu menga ertakdek tuyuldi.
“Qadim-qadim zamonlarda bu tog‘larda qushlari sayrab turgan qalin o‘rmonlar bo‘lib, uning yonida ikki shoxli Iskandar Dashti Lut sahrosi tomon qo‘shin tortib o‘tgan. Sahro chanqog‘i azobidan qo‘shinning halokati yaqinlashib qolganida shu yaqin atrofda chuchuk suvli quduqlar borligini eshitadi. Qo‘shin kelganini eshitgan lutilar malikasi o‘z poytaxti Otashkadadan Iskandarni ko‘rgani va u bilan suhbatlashgani keladi, unga quduqlarni ko‘rsatadi.
Iskandar qo‘shinning chanqog‘ini bostirib, tong otguncha malika bilan suhbat quradi. Ketar chog‘ida esa malikaga farmon yozib beradi. Luti xalqining Iskandar mulki bo‘lgan xohlagan davlat chegarasidan to‘siqsiz o‘tishga ruxsat beruvchi, o‘n ming yildan keyin ham uni soliqlardan ozod qiluvchi Farmon edi bu. Farmonda bitta shart: abadul-abad bu xalqning hukmdori ayol kishi bo‘lishi kerakligi ham aytilgan ekan.
Ayollar tinchliksevar bo‘lishadi, fitna va isyonlar uyushtirmaydi, urushlarni yomon ko‘rishadi. 
Shu yil luti qabilasining hukmdori—malika qiz ko‘radi. Onasi vafotidan keyin shu qiz lutilar boshlig‘i bo‘lib qoladi. O‘shandan buyon ozod lutilarga ayollar yetakchilik qilar ekan. Bibiqunduz esa Iskandar bilan tonggacha suhbatlashib chiqqan ayolning naslidan ekan...
Shu vaqtdan boshlab Osiyoning hech bir davlatida chegaradan o‘tuvchi lutilardan ruxsatnoma so‘rashmas, soliq olmas va tikilgan chodirlari ichiga kirmas ekanlar... 
Iskandar farmonining taqdiriga qiziqib qolganimdan keyin Bibiqunduz bo‘ynida osilib turgan makkajo‘xori so‘tasini eslatuvchi kumush tumorni oldi-da, farmon ichida ekanini, u avloddan-avlodga meros bo‘lib kelayotganini bildirdi. 
Zebigardonga o‘xshab ochiladigan tumor ichidan vaqtlar o‘tishi bilan quruqshab, qahva rangiga kirgan pergament qog‘ozni olib, menga uzatdi. Xatda qadimgi yunon yozuviga o‘xshash xira belgilar ko‘rinardi. Bibiqunduz yunoncha bilan tanish ekanligimni bilib, xatni ko‘chirib olishga ruxsat berdi va tarjima qilishimni o‘tindi.
Ro‘mollari bilan yuzlarini to‘sgan ayollar sharqona shirinliklar keltirishdi. Mehmondorchilikdan so‘ng bizni boshqa chodirga taklif etdilar. Oldinroq, bu yerga otlarning egar-jabduqlari va xurjunlarimizni keltirib qo‘yishgan ekan. Tunning qolgan kismini shu yerda o‘tkazdik.
Tungi vaqtning bir qismini jinchiroqning xira yorug‘ida xatning saqlanib qolgan satrlarini o‘qishga bag‘ishladim. Anglashimcha, xat Yaksart (Sirdaryo) daryosi bo‘yida muvaffaqiyatsizlikka uchragan Iskandar qo‘shinlaridan asirga tushgan askarning «buyuk Iskandarga» yozgan xatiga o‘xshaydi...
Mardon tuni bilan bir necha marta tashqariga chiqib, g‘udurlanar, atrofga olazarak qarardi. Go‘yo biz talonchi lo‘lilar qo‘liga tushganmiz-u, ular bizni o‘ldirib, otlarimizni o‘zlariniki qilib olmoqchiday.
Ma’lum darajada shunday fikr kilishga unda asos bor edi.
Biz bilan tunagan qari mulla har bir harakatimizdan sapchib o‘rnidan turar, «hamma kofirlar»ni la’natlar, bizga yeb qo‘yguday qarar edi.
Kechqurun bizni mehmon qilgan ayollar ertalab xurmo solingan palov olib kirdilar. Keyin tuydirilgan va sug‘orilgan otlarimizni egarlab keltirdilar.
Ketishimiz oldidan Bibiqunduz ham paydo bo‘ldi. Endi uning libosi odmi, hech qanday taqinchoqlar ko‘rinmas, hamma ayollarga o‘xshab kiyingan edi. Bibiqunduz otlarni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirdi, ayillarini tortib ko‘rdi. Meshlarimizning suvga to‘ldiril-ganiga ishonch hosil qilgach, oq yo‘l tiladi.
Uning yonida o‘ziga o‘xshagan, kechqurun bizni kutib olib Bibiqun-duz chodiriga boshlagan qoramag‘iz qizcha ham turardi...
Xat bilan tumorni Bibiqunduzga qaytarar ekanman, uni xafa qilgim kelmadi, aksincha, qog‘ozning juda qadimgi ekanligini aytib, mehmondo‘stlik uchun tashakkur bildirdim. Ko‘chmanchi belujlarning birinchi karvoni bilan Iskandar farmonining aniq tarjimasini berib yuborishimni aytdim(keyinchalik bu uchrashuv va xotiralar «Vatan» va «Skiflar qo‘rg‘onidan xat» nomli hikoyalarni yozishimga asos bo‘ldi).
Bibiqunduz chodirlar va luti ayollarini suratga olishga izn berdi. Suratlarni Asxoboddan jo‘natishga va’da berdim. Mashuji ayollari saltanatida olgan suratlarimdan bir nechasi hozirgacha saqlanib qolgan (V.Yan arxivida—tarj.)
Shunday qilib, bangi yo‘lboshlovchimizning o‘zi bilmagan yordami bilan karvon yo‘lidan ovloqdagi joylarni, kishi bilmas lutilar malikasi va «Iskandar farmoni»ni ko‘rdim.

8. «Itoatsiz yo‘lovchilar ushlansin!»

Ertasi kechga yaqin jarlikdan qiyalikka chiqib borayotganimizda tepada odam qorasi ko‘rindi. Xentington doim olib yuradigan yig‘ma kursisida Injilni o‘qib o‘tirardi. Undan nariroqda tarang tikilgan chodir yonida tuyalar yotar, tushovlangan otlar o‘tlab yurardi. Qurbon va Mixail gulxan atrofida yurishardi.
«Ishlar joyidami? Nega yo‘lda emassizlar?» deya El’svorsga quvnoq ovozda qichqirdim va tepalik tomon otni choptirib ketdim.
«Hammasi joyida... Okey!.. Ammo bugun yakshanba. Haqiqiy dindor sifatida bugun dam olishim va fikr yuritishim kerak...»,—deb tushuntirdi amerikalik hamrohim.
Karvonimiz keyin yo‘llardan yurib, Seyistonga keldi. Bu sharqiy Eronning o‘ta botqoqlik joyi bo‘lib, O‘rta Osiyodan Hindistonga borishga eng yaqin yo‘l edi. Bu yerlar Hilmand daryosining irmoqlari orqali sug‘orilardi. Suvlar Eron ko‘rfaziga yetmasdan qumlarga singib ketadi. 
Seyiston qadimgi zamonlarda Eronning eng boy viloyatlaridan bo‘lib; afsonaviy qahramon Rustamning vatani edi. Shahar juda ko‘p marta istilo qilingan. So‘nggi marta Amir Temur zabt etgan va obod qilishga ulgurmagan edi.
Sahrodan va o‘zlashtirilmagan yerlardan iborat bo‘lgan, ayrim joylari botqoqlashgan Seyistonga kirib borishda hujumkor belujlar otarlari bilan ko‘chib yurganlarini ko‘rdik.
Seyiston (yoki Belujiston) uzoq vaqt Eron va Afg‘oniston o‘rtasida talash bo‘lgan. 1872 yili Angliyaning «vositachiligida» bu ikki davlat tomonidan bo‘lib olingandi. Bunday bo‘linish “vositachi”lardan boshqasiga naf keltirmas, aholini millat jihatidan mustahkam qilmas, muntazam ravishda chegara to‘qnashuvlariga sabab bo‘lar edi.
Biz Seyistondagi beluj xonlarining biriga tashrif buyurdik. Albatta, quruq qo‘l bilan emas. Xon bizni iliq kutib oldi va dasturxon ustida shunday dedi: 
— Sovg‘alar uchun minnatdorman. Lekin menga boshqa narsa kerak... Qo‘shni Afg‘oniston viloyatlarining birida hukmdor bo‘lgan tug‘ishgan og‘am men bilan doimo urush holatida keladi. Unga inglizlar xufiya ravishda qurollar bilan yordam bermoqda. Nega shunday qudratli o‘ris podshosi menga bir necha zambarak berolmaydi? Men og‘am bilan hisob-kitob qilib, u o‘ris podshosi bilan abadiy do‘stlikda yashagan bo‘lardim!
Viloyatning ma’muriy markazi bo‘lmish Nusratobodda rus konsuli tomonidan qabul qilinganimizda, afg‘on Seyistoni orqali Hindiston chegarasiga yuz chaqirimcha qolganini, lekin inglizlar bizni nariyoqqa o‘tkazmasliklarini bildik. Shunday bo‘lsa-da, bizdan sal oldinroq olmon sayyohlarining shu yerdan Hindistonga bemalol o‘tganini eshitgan edik.
Konsullikda eshitishimizcha, ekspeditsiyamizdan xabar topgan inglizlar Britaniyaning “marvarid toji” – ”Ko‘hi nur”*ga o‘tishimizdan hadikda ekanlar.
Ingliz konsullari bizga har qanday yo‘l bilan to‘siq qo‘yish, ularniig biri rus bo‘lganligi uchun karvonni ushlab qolish haqida buyruq olgan ekanlar. Izimizdan daydi qaroqchilar yuborilgan va ularga bizni yo‘q qilib, izimizni tekislash topshirilgan ekan. Lekin yo‘l yurishdagi o‘zimga xos qoidam bo‘lib, ko‘ringanlardan yo‘l so‘rardim va savollar bilan ularni chalg‘itardim. Keyin esa boshqa yo‘l bilan ketar edim. Shuning hisobiga biz ta’qibdan omon qolib, Eronni muvaffaqiyatli kesib o‘tgan edik.
Seyistonda Afg‘oniston, Hindiston va Fors ko‘rfaziga borish fikridan qaytdik. Bunga boshqa sabab ham bor bo‘lib, yapon mina tashuvchi kemalari tomonidan Port-Arturda rus flotiga hujum qilingan edi. Mening pullarim ham tamom bo‘lgan edi. Xentington kutilmaganda Karnegi instituti tomonidan Amerikaga qaytish to‘g‘risida telegramma oldi.
Biz otlarimiz boshini orqaga burib, endi g‘arbiy yo‘llar bilan fors shaharlari orqali shimolga yo‘l oldik.

9. Badaviylar qal’asi

Qaytishimizda g‘aroyib hodisalarga duch keldik.
Ekspeditsiyam iz kelishidan oldin yer qimirlashi oqibatida vayron bo‘lgan Seyistondagi botqoqliklar o‘rtasiga joylashgan shaharlarni ko‘rdik.
Odamlar yashamaydigan bu shahar ko‘chalarida faqat qamishdan yasalgan sollarda yurish mumkin edi. Aholi ma’lum bo‘lmagan sabablar bilan bu yerni allaqachonlar tashlab ketgan edi. Unda yashovchi yagona jonzot sariqtulki bo‘lib, ko‘chalar va toshlar osha sakrab-sakrab yo‘limizdan chiqardi.
Xuroson viloyatining markazi bo‘lgan muqaddas shahar Mashhadda ham bo‘ldik. O‘zini haqiqiy musulmon deb hisoblovchilar o‘limidan keyin shu yerga dafn etishlarini vasiyat qilardilar. Shuning uchun ham chor-atrofdan va uzoq joylardan mayyitlarni shu yerga olib kelardilar. Shaharni bir shaklda qurilgan sag‘analar o‘rab olganday edi.
Mashhadda rus bosh konsuli Panafidin bizni qabul qildi. Shu yerda mening safarim yana bir oyga uzaytirildi. Konsul menga ozgina pul ham berdi va ikki bosh tuyamizni sotib berishga va’da qildi. Ular endi bizga kerak emas, chunki yuklarimiz bo‘shagan, biz doimo suvga serob yo‘llardan yurib, Rusiya chegarasiga yaqinlashayotgan edik.
Mashhaddan chiqqanimizda mahalliy aholidan vayronalarda yashovchi qandaydir xalq to‘g‘risida eshitdik. Ular yakka tog‘ning cho‘qqisida bo‘lib, o‘sha joyda qadimda dahshatli qaroqchi yashagan ekan. Qaroqchi to‘plagan boyliklarini shu yerda saqlar va atrofga tahdid solar, tog‘ning nomi Kofirqal’a ekan.
Irimchi Mardon, Qurbon va Xivaqilich toqqa chiqishdan voz kechishdi. Kofirqal’ada karvon va yigitlarni qoldirib, Xentington va Mixail uchchalamiz toqqa chiqa boshladik.
Dastlab tik qoyaga chiqish mumkin emasdek tuyuldi. Qoya uch tomonidan deyarli tik edi. To‘rtinchi tomonda esa qoyalarning yorilgan bo‘laklari osilib turganga o‘xshardi. Shunday bo‘lsa ham osilgan qoyalar tomon ketgan echkilar izlariga ko‘zimiz tushdi va imkoniyatni qo‘ldan bermaslikka tirishdik.
El’svors ikkalamiz amerikalik va rusiyaliklar qaysarlikda bir-biridan qolishmasliklarini isbotlamoqchi bo‘lganday, ko‘z ilg‘amas so‘qmoqlardan yuqoriga chiqib bordik.
Tez orada so‘qmog‘imiz enkaygan qoya oldida tugadi. U yog‘iga qirq besh darajali qiyalikdan qoyaga yopishib chiqish kerak edi.
Bir-birimizga qarab «Inshoolloh!» deganimizcha yuqoriga intildik. Xentington birinchi bo‘lib chiqdi. Men ham agar yiqilgudek bo‘lsa ushlab qolishga tayyor holda asta chiqa boshladim. Qoyaga yopishgan bu odamning har bir tosh ustida o‘rmalashi hozirgacha ko‘zimga ko‘rinadi. Nihoyat, u tepalikka chiqib oldi. O‘rnashib olganidan keyin Injilni ochganicha menga maslahatlar bera boshladi.
Qoyaning har bir bo‘rtik, toshiga yopishganimcha, yuqoriga intildim. Yana to‘rt metrcha emaklasam bo‘ldi – qoyaga chiqaman. Shu payt belimdagi xanjar sidirilib chiqib ketdi va qiyalikda tiqilib qoldi. Xanjarni ushlab qolaman deb harakat qilganimda toshga qadalib turgan etik poshnasi chiqib ketdi. Men jarlik tomon asta sirpana boshladim...
Xayollarimiz quyundek tezlashdi: «Nahotki, tamom bo‘lsam! Yana ikki qulochdan keyin jarga qulayman...» O‘ng tomonga ko‘z qirimni tashlaganimda otlar va Mixail chumolidek bo‘lib ko‘rindi... Birdan oyog‘imning qoyatoshga qadalganini his qildim va to‘xtab qoldim.
Qoyaning chap qiriga qarab, ko‘zlarimga ishonmadim: jundor qora qo‘llar, sochlari to‘zigan soqolli sharpa qoyaga bir sakrab chiqdi-da, xanjarni olib, jarlik tomon o‘rmalab ketdi...
G‘oyibdan kelgan kuch yordamida qoyaga o‘rmalab chiqdim va Elsvors bilan qo‘l olishdik.
Tog‘ cho‘qqisidagi maydonda Xentington qandaydir qurilish qoldiqlarini topib olib, chizmaga tushirdi.
Pastga esa boshqa yo‘ldan, qoya yoriqlari bo‘ylab tushdik.
Eron qishloqlaridan biriga borganimizda u yerli aholi xanjarni epchillik bilan olib qochgan sirli sharpa haqida gapirib berdi.
«U aqldan oza boshlagan darvesh Mamadali bo‘lib, xotini bilan bolalari yer qimirlashidan hosil bo‘lgan jarlikka tushib ketishgan ekan. O‘zi Kofirqal’ada yashar, yo‘lni ham faqat o‘zi bilarkan».
Kofirqal’adan chiqqandan keyin ekspeditsiyamiz sarguzashtlarsiz Rusiya chegaralariga yetib oldi va biz 1 mart kuni Asxobodga keldik.
Xentington bu yerda uzoq turmasdan, Amerikaga ketdi. 

Abdulla Komil tarjimasi

______________
* Hindiston nazarda tutilmoqda.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.