Viktor Mari Gyugo (1802.26.2, Bezanson — 1885.22.5, Parij) — fransuz adibi, romantizmning yirik namoyandasi. Dastlabki asari — «Qasidalar» (1821) she’rlar to‘plami monarxiya g‘oyalari ta’sirida bo‘lib, 20-yillarning 2-yarmidan demokratik qarashlari mustahkamlana borgan. Isyonkorlik ruhi bilan sug‘orilgan «Kromvel» (1827), «Sharq motivlari» (1829), «Marion Delorm» (1829), «Ernani» (1830), «Ryui Blaz» (1838) va boshqa she’riy va dramatik asarlarida davrning dolzarb masalalari aks etgan. «Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi» (1831) tarixiy romani voqealari o‘rta asrda bo‘lib o‘tadi, asarda muhabbat fojiasi tasvirlanadi. 1848 yildagi inqilobni olqishlagan. Lui Bonapartning davlat to‘ntarishini (1851) qoralagan. Shundan so‘ng 18 yil surgunda bo‘lib, qator romanlar yozgan. «Pakana Napoleon» (1852), «Xo‘rlanganlar» (1862), «Dengiz zahmatkashlari» (1866), «Kulib turuvchi kishi» (1869), «Bir jinoyat tarixi» (1877—78) romanlarini yozib, ularda oddiy fransuzlarning og‘ir hayoti va kurashini tasvirlaydi. Gyugo romanlaridagi buyuk va olijanob insonlar turmushdagi pastkashliklar va illatlarga qarshi kurashishadi. «Dahshatli yil» (1872) she’rlar to‘plami fransuz-pruss urushi va Parij Kommunasi (1871) voqealariga bag‘ishlangan. So‘nggi «93-yil» romani (1874)da inqilobga xayrixoxlik bilan qaragan. «Dengiz zahmatkashlari» (1938, 1965), «Xo‘rlanganlar»ning «Kozeta» va «Gavrosh» bo‘limlari (1952, 1955), «Byug Jargal» (1982) Q. Mirmuhamedov, Nurbek, E. Obidov tarjimasida o‘zbek tilida nashr qilingan, «Kulib turuvchi kishi» Navoiy teatrida sahnalashtirilgan (1966).