OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Viktor Nekrasov. Qirol Nyu-Yorkda (hikoya)

Ma’ruzaning xulosasini o‘qib bo‘lib, Aleksey Nikolaevich Vishi degan ilib qolgan bemaza suvdan bir-ikki ho‘pladi (nutqining oxiriga kelib tomog‘i butunlay qurib qolgan edi) va o‘z chiqishini bunday hollarda aytilishi lozim bo‘lgan so‘zlar bilan tugatdi: “Xalqlarning ishonchi komil bo‘lmog‘i kerakki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘z Nizomida e’lon qilgan maqsadlarga erishmoqqa layoqatli va hamisha butun kurrai zaminda tinchlik ishini qo‘riqlab turadi”.
Qarsaklar yangradi. Qarsak chalayotganlar asosan arablar bilan sotsialistik lager vakillari edi. Ular shu darajada g‘ayrat bilan chapak chalardiki, butun zal baravar qarsak uryapti deb o‘ylash mumkin edi. “Yo‘q, bo‘lmaydi, bo‘lmaydi, — deb ko‘nglidan o‘tkazdi Aleksey Nikolaevich, reportyorlar fotoapparatlarining to‘xtovsiz “chiq-chiq”i ostida joyiga o‘tib borar ekan. O‘rniga o‘tirayotib yana ko‘nglidan kechirdi:
— Nutqimning boshidan oxirigacha goh IsrOil, goh IsroIl deb rosa chalkashtirdim, keyin anovi so‘zga sira tilim kelmadi: “suverenitet”midi yoki “surevenitet”midi, sabil. Kim bilsin deysiz uni!
Qarsaklarga qaramay, kayfiyat rasvo bo‘lgan edi. Hatto yonida o‘tirgan Andrey Andreevichning “hechqisi yo‘q, hammasi joyida” degan ma’noda tizzasiga do‘stona shapatilab qo‘yishi ham yordam bermadi. Tarjimon Goldberg esa quloqqa tutadigan apparatidan bir daqiqa ham ajralolmas edi.
 “Yo‘q, yomon, juda yomon. Zalda g‘ovur-g‘uvur boshlandi, men esa yozib berilgan qog‘ozdan boshimni ko‘tarolmadim. Frantsiya bilan Angliyada negadir osonroq bo‘lgan edi. Bu yerda go‘yo qo‘l-oyog‘im birvarakayiga kishanband qilinganday. Notiq degan odam erkin bo‘lmog‘i kerak, u qushday yengil bo‘lsa tuzuk. Loaqal anovi afg‘on raisni olaylik. Ismi Abdullamidi-ey? Xuddi suvdagi baliqday-a! Erkin, chaqqon, o‘zini juda bemalol tutadi. Zalga ham bamaylixotir, hech narsadan tap tortmay qaraydi. Bemalol bidirlashini aytmaysizmi — baayni ingliz lordining o‘zi-ya! Hoynahoy, Kembrij yoki Oksfordni tugatgan bo‘lsa ehtimol...”
Gromiko uning biqiniga turtdi — “Turing, chiqib ketishimiz kerak”. Minbarga Isroil vakili bormoqda edi. Aytishlaricha, u Odessadan emish.
Aleksey Nikolaevich o‘rnidan turdi va to‘g‘ri oldiga qarab eshik tomon yo‘naldi. Uning ketidan Gromiko, Shcherbitskiy va qolganlar qo‘zg‘aldi. Yana o‘nlab fotoapparatlarning chaqini ko‘zlarni qamashtirdi. Ko‘p bema’ni narsa-da! Suratni chiqarganda hamisha telbaga o‘xshab og‘zing ochilib, chaqinlar shu’lasidan ko‘zing qisilib qolgan bo‘ladi. Bularning bari ertaga gazetada bosilib chiqadi: “Sovet delegatsiyasi Isroil vakili so‘zga chiqqanida zalni namoyishkorona tark etdi”.
Hali mashinaga chiqayotganidayoq u radiopriyomnikni o‘chirib qo‘yishni buyurgan edi. Tarjimonning mazasi yo‘q, u so‘z qidirib, anchagacha jimib qolardi. Nima uchundir priyomnikning shovqini kuchli edi. SSSR vakolatxonasining eshigiga yetganda Chlen-Glavga — qarorgohga bormaslikka jahd qildi. Juda ham uzoq-da, qirq kilometr yurish kerak. Gromiko mashinadan chiqayotib eslatdi:
— Favzi bilan Krage esingizdan chiqmasin. To‘rt bilan beshda. Kechqurun qabul bor. Hozircha dam oling.
— Dam olaman, xotirjam bo‘lavering. Negadir ancha toliqqanga o‘xshayman.
Vakolatxonaning pastki xollida agentlardan boshqa hech kim yo‘q edi. Ular o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi. Aleksey Nikolaevich ularga jilmayib qo‘ydi-da, liftga qarab yurdi. O‘zining qavatiga yetib, liftdan chiqayotganida kissalarini kavlashtirdi, lekin sharikli ruchkadan boshqa hech narsa qo‘liga ilinmadi. Liftda xizmat qilib turgan 4 bola beixtiyor hayron bo‘ldi, lekin shunga qaramay, tishining oqini ko‘rsatib jilmaydi.
Xudoga shukr, Lyudmila yo‘q ekan. Plyajga ketgan bo‘lsa kerak yoki magazinma-magazin sanqib yurgandir. Allaqayoqdan mashinkaning g‘ashga tegadigan qitir-qitiri eshitildi — referentlar bo‘lsa kerak.
 Aleksey Nikolaevich erkondishenning qulog‘ini buradi — bu la’nati Nyu-Yorki ham xuddi Sochidek issiq, dim. So‘ng u divanga yonboshlab, “Soni”ga qo‘l uzatdi.
Eban Sinay yarim orolida qo‘lga tushirilgan texnika, MIGlar, tankalar, Tu-16, zambaraklar, gaubitsalar, raketa qurilmalari haqida gapirmoqda edi. “Hammasi bo‘lib ikki milliard dollarlik qurol-aslaha...” Aleksey Nikolaevich tranzistorni o‘chirdi, bir muddat shiftga tikilib yotdi, keyin yana uning qulog‘ini buradi.
Ehtirossiz va jonsiz ovozda tarjimon sayramoqda edi: “Sovet Ittifoqi O‘rta Sharqdagi fojiali hodisalarning ilhomchisidir. U avvalgidek Isroilni tajovuzkor deb e’lon qilishni talab etmoqda. Lekin u bir vaqtlar BMTga kimni agressor deb atash to‘g‘risida rezolyutsiya taqdim etganini unutib qo‘ymoqda. Bu rezolyutsiyaning birinchi moddasida shunday iboralar mavjud edi: “Bir davlatning bandargohlari va qo‘ltiqlari boshqa davlat tomonidan qamal qilinishi oshkora agressiya hodisasidir va qamalga olingan mamlakatlarga bunga javoban tegishli harakatlar qilishga huquq beradi. Akab qo‘ltig‘i masalasida... “E-e, jin ursin-a! Bilaman... Sensiz ham bilaman. Bu to‘g‘rida Moskvada yigirma marta gapirganman. Bu gaplarimni loaqal eshitishni istaydigan odam topilmadi...”
U yana tranzistorning qulog‘ini burab ovozini o‘chirdi-da, uxlashga urinib ko‘rdi. Biroq hadeganda uyqu kelavermadi. Allaqayoqdagi mayda-chuyda narsalar miyasini band qilib olgan edi. Yana o‘sha “surevenitet”mi yoki “suverenitet”mi degan yaramas so‘z yodiga tushdi — ko‘p chatoq ish bo‘ldi-da. So‘ngra liftdagi negr bolaning taajjub to‘la ko‘zlari xayoliga keldi — unga biror dollar bermasa bo‘lmaydi, shekilli. Yoki ikki dollar bersamikan? Keyin kecha oqshom uyquga yotish oldidan Lyudmila bilan oralarida bo‘lib o‘tgan ma’nisiz gap-so‘zlar... “Dadajon, siz ko‘p ham o‘zingizni urintirmang, nutqingizni bosiqroq ohangda o‘qing — sal-pal bo‘lsa-da, xijolati kamroq bo‘ladi-ku!” Mana, bir maromda ming‘irlab o‘qidi nutqini, lekin nima foydasi bo‘ldi? Birmalik U Tan-chi? Juda makkor-da, jilmayib qo‘limni qisyapti-yu, ko‘zlarida sharqona bir mug‘ombirlik — go‘yo “Bilaman, og‘ayni, bilaman, senga ham qiyin. Hammayoqni yolg‘on bosib ketdi” deyayotgandek... Hammasini bilib turibdi bu ablah. Goldberg ham... U allaqachon minbarga chiqib olgan bo‘lsa ajab emas. Jonsonning nutqini takrorlaydi. Bu, Jonsonni nima qilsa bo‘ladi-ya, uchrashsamikan yoki uchrashmasinmi? Moskvadagilarga aytishga oson. “Vaziyatga qarab ish ko‘raverasan” emish. Vaziyat qanaqa bo‘lishini kim bilib o‘tiribdi? Mana, Goldbergga uchrashmadim, darrov o‘pkaladi-qoldi.
Eshik taqilladi. Mo‘ylovlari endi sabza urgan yoshgina referent eshikdan bosh suqdi:
— El-Kuni nomidan qo‘ng‘iroq qilishyapti. So‘rashyapti.
— Boshni qotirmasin. Ayt, dam olyapti, de. Soat o‘n oltida kutarmish deb ayt. Sendan bo‘lsa iltimos — chorakam to‘rtda meni uyg‘otib qo‘ysang. Xizmatga buyurmaysan, og‘ayni.
Referent sekingina chiqib ketdi.
Aleksey Nikolaevich o‘rnidan turib, stol yoniga bordi, uning g‘aladonlarini titkilab, tabletkalarini topdi-da, ulardan birini og‘ziga solib, “Naftusi” degan suv bilan yutdi — yana o‘tgan haftadagiga o‘xshab burab og‘rib qolmasa, go‘rga edi. Keyin deraza oldiga o‘tib, romni ko‘targan edi xonaga xuddi hammomdagidek qizib turgan namxush havo yopirilib kirdi. Shunaqa ham shahar bo‘ladimi-a? Shahar emas, baayni pechka. Miyalar erib, suyulib ketyapti. Asfaltlar, oynalar, osmono‘par binolar bilan birga... Osmon oqish rangda. Biron bo‘lak bulut yo‘q. Pastga qarasang, chumolining iniga o‘xshaydi. Kilt etgan shabada yo‘q. Vakolatxonaning eshigi ustida o‘roq-bolg‘a tasviri tushirilgan juda katta qizil bayroq shalvirab osilib turibdi.
To‘satdan shaloq bir qo‘shiqning ohangi xotirasiga keldi: “So‘lda bolg‘a, o‘ngda o‘roq...” Jin ursin, endi kun bo‘yi quloqdan ketmay bezor qiladi bu. Miyada aylanib yuraveradi”.
Aleksey Nikolaevich deraza romini tushirdi, bir emas, ikkita uyqu dori ichdi va uxlashga urinib ko‘rdi.
Xudo bilsin — u qancha uxladi ekan? Negadir Brejnev tushiga kirdi. Uning semirib, yoyilib ketgan basharasi, bolalarnikiga o‘xshagan do‘mboq lunjlari ko‘z o‘ngiga keldi. U nima uchundir baliq oviga borishni taklif qildi. Ammo gap oxiriga yetmay qoldi — Gromiko kelib qoldi. Tushda emas, o‘ngda.
— Kayfiyatingiz qalay?
— Kayfiyat — o‘rtacha. Boshim bir oz og‘rib turibdi.
— Tushlik qilsakmikan?
— Havo juda issiq-ku.
— Baribir, tushlik qilish kerak-ku! Jinday tamaddi qilib olmasak, kuch qaerdan keladi. Bularning odatiga ko‘ra, hozir albatta ovqatlanish kerak. Anovi agent uchinchi marta so‘rayapti.
Ko‘nmasdan iloj yo‘q edi. Lekin biron bir ovloqroq joydagi uncha ko‘zga tashlanmaydigan restoranga borish to‘g‘risidagi taklifga Gromiko qarshilik qildi. Bir zumda reportyorlar yopirilib kelarmish — ular hozirdan pastda poylab turishibdi. Shu yerning o‘zida, qabullar uchun ajratilgan xonada tamaddi qilishga to‘g‘ri keldi. Tushlik juda shohona bo‘ldi — buqaning dumi solib pishirilgan sho‘rva, allaqanday aql bovar qilmaydigan bifshteks, omarlar, yana nima balolar... Ularning nima ekanini bilishning o‘zi amrimahol — baliqdan qilingan qiymami yoxud qiltanoqsiz baliq go‘shtimi... Ammo tushlikning huzurini Gromiko rasvo qildi — g‘ashni keltirib ovqat kavshar, zum utmay tishini kavlar edi.
Keyin pochtani olib kelishdi. Referentlar uni sinchiklab saralab chiqqan bo‘lsa-da, qolgan xatu boshqa qog‘ozlar ham olamjahon edi. Aleksey Nikolaevich bularni kechqurun — uyqu oldidan ko‘zdan kechirib chiqishga qaror qildi. Ikki marta Moskvadan qo‘ng‘iroq qilib, jamoatchilikning fikri qanaqa, gazetalar qanday munosabat bildirayotganini so‘rashdi. Keyin, daqiqama-daqiqa, roppa-rosa soat to‘rtda Mahmud Favzi kirib keldi. U arablarga o‘xshamagan tarzda tushkun kayfiyatda edi; nima uchundir hamisha horg‘in ko‘rinardi. Uning orqasidan daniyalik xushbichim Kreg keldi. U ketgani hamono esa Chlen-Glavga qabulga jo‘nadilar.
Hamma narsa zeriktirarli va kishini toliqtiradigan darajada edi. Maurer, kutilganidek, o‘zining ruminlari bilan bir chekkaga chiqib olib, vinoxo‘rlik qilmoqda edi. Kubalik ham ta’zim qilib ko‘rishdi-yu, kechaning boshidan oxirigacha ayollarning boshini aylantirishdan bo‘shamadi. Uning o‘rniga Sedenbal rosa boshni qotirdi. U ot poygalari to‘g‘risida uzluksiz gapirib, quloqni qoqib qo‘lga berdi. Odam emas, baayni kananing o‘zi. Haligina plyajdan kelgan quvnoq va quyosh nurlarida toblanib, bo‘g‘riqib ketgan Lyudmila har qalay Kolumbiya universitetining allaqanday talabalari bilan birga Long-Aylendga cho‘milishga borgan — otasining qo‘lida araq quyilgan qadahni ko‘rib, uning oldiga keldi.
— Sizga nima bo‘ldi, dadajon! Ertaga yana kasal bo‘lib, yotib qolmoqchimisiz? Hoziroq Sergey Nikiforovichga aytib beraman!
Ammo shikoyat qilishga ulgurmadi — kubalikning to‘riga tushib qoldi. Aleksey Nikolaevich esa, ikki qadahni bo‘shatgandan keyin kuchiga kuch qo‘shilganini his etib, Sirankevichning yoniga keldi (ularning ikkovi ham buyrak dardiga chalingan edi) va ikkovlari ham qabulning oxiriga qadar biron marta “agressor” va “Isroil” degan so‘zlarni tilga olmay, mineral suv ichib o‘tirishdi.
Ziyofat kechasi soat o‘n ikkilar atrofida yakun topdi. Avvalroq tugatib qo‘yaqolishsa ham bo‘lardi, biroq kubalikni xonimlardan hamda ichkilikdan ajratib olishning iloji bo‘lmadi. Oxir-pirovardida uni uncha-muncha kuch ishlatib ajratib oldilar.
Aleksey Nikolaevich o‘zining yotog‘iga jo‘nadi.
— Nutqingiz qalay bo‘ldi? — deya yo‘l-yo‘lakay so‘radi Lyudmila. Somiylaringizni ishontira oldingizmi? Men bo‘lsam plyajda butunlay kuyib ketdim. Yaxshi hamki, bu imperialistlarning tuzukkina malhami bor, bo‘lmasa, Moskvaga olachipor bo‘lib qaytishim aniq edi. Meduzaday.
— Hech qachon olachipor meduzani ko‘rgan emasman, — deb erinibgina so‘z qotdi Aleksey Nikolaevich eshikni asta yopar ekan. Shu tarzda u nutqi haqidagi savolga javob bermay qo‘yaqoldi.
Yozuv stolining ustida xatlar muhimligiga qarab oldinma-keyin terib qo‘yilgan edi. Maktublar qandaydir jamiyatlardan, uyushmalardan, kongregatsiyalardan, allaqanday harakatlar, allaqaysi pastorlar, o‘qituvchilar, do‘kondorlar, hatto biznesmenlardan kelgan edi. Xullas, xat yo‘llaganlarning hammasini jamlab, “oddiy amerikaliklar” deb atasa bo‘lardi. Kichkinagina bir konvert negadir boshqalaridan alohida holda yotardi. Konvert zangoriroq rangda bo‘lib, manzil husnixatda donadona va yirik harflar bilan yozilgan edi. Ehtimol, shuning uchun ham bu maktub Aleksey Nikolaevichning e’tiborini jalb qilgan bo‘lsa ajab emas. Maktubni ochib ko‘rib, u avvaliga ko‘zlariga ishonmadi, keyin buni kimningdir hazili bo‘lsa kerak deb o‘yladi, shunday bo‘lsa-da, uni yana bir marta o‘qib chiqib, bir chekkaga qo‘yib qo‘ydi, xona bo‘ylab bir aylandi, keyin xatni yana o‘qidi. Tokchadan “Who is Who?” degan ma’lumotnomani oldi, adreslarni solishtirdi — to‘g‘ri chiqdi. Keyin beixtiyor telefon go‘shagini ko‘tarib, raqam terdi.
— Labbay, — degan ovoz eshitildi go‘shakdan. Gapirayotgan odam uncha yosh bo‘lmasa-da, ovozi bardam edi.
— Aleksandr Fyodorovichmi?
— Ha, menman. Kim gapiryapti?
Aleksey Nikolaevich o‘zini tanishtirdi. Go‘shakdan yengilgina xo‘rsinish, keyin yana boyagiday bardam ovoz eshitildi:
— Ochig‘ini aytganda, kutmagan edim. Mamnunman va xursandman. Xo‘sh, mening taklifimga munosabatingiz qanaqa?
—    Ijobiy.
— Juda soz. Bo‘lmasa, keling, kelishib olaylik. Menikidami, siznikidami yoki biror betaraf joyda uchrashamizmi?
Albatta, biror betaraf joyni tayin qilsa ma’qulroq bo‘lardi, lekin Aleksey Nikolaevich qat’iy ohangda dedi:
— Agar malol kelmasa, siznikida uchrasha qolaylik.
— Qachon?
— Ertaga ertalab soat o‘n bo‘laqolsin.
— Juda soz. Kutaman. Qahva ichasizmi, choymi? Yoki boshqa biron narsami?
— Ixtiyoringiz.
— Juda yaxshi. Demak, ertalab o‘nda kutaman. Xayrli tun. — Yana bir soniyalik sukutdan keyin qo‘shib qo‘ydi: — Agar imkoni bo‘lsa...
— Imkoni bo‘ladi. Xayrli tun.
Lekin tun xayrli bo‘lmadi. Aleksey Nikolaevich bir lahza ham ko‘z yuma olmadi. U kechasi bilan yotgan joyida to‘lg‘anib chiqdi, bir necha marta joyidan turib ketdi, suv ichdi, kitob o‘qimoqqa urinib ko‘rdi. Ammo hech biri yordam bermadi — uyqusi butkul qochib ketgan edi.
Turfa xil fikrlar kallasida g‘ujg‘on o‘ynardi. Har xil fikrlar. Mayda fikrlar. Arzimas, bema’ni fikrlar ham. Masalan, qaysi joylar O‘rta Sharq deb ataladiyu qaerlar Yaqin Sharq deyiladi, deganga o‘xshagan gaplar. De Goll “Moyen ornent” degan edi, ya’ni — O‘rta Sharq. Unda biz nima bo‘lamiz? U yoqlik ham emas, bu yoqlik ham... Chapillatib ovqat kavshayotgan Gromiko esiga tushdi. Aftidan, har xil rasmiy qabullar va uchrashuvlar uni holdan toydirib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Unaqa joylarda ikki tirsagingni biqiningga yopishtirgan holda har xil vilka-pichoqlarni shoshilmay, bilib-bilib ishlatmoq kerak bo‘ladi. Jaydari davralarimizda u sho‘rlik o‘ziga jinday dam bersa kerak-da. Aytgancha, bunisiga har qalay chidasa bo‘lar, lekin lahza sayin yutgan ovqatining ketidan kekirib turadigan Sedenbaldan asrasin. Yoki Nosirni olaylik. Butun boshli bir xo‘rozni o‘zi paqqos tushiraveradi va, ayniqsa, uning kallasidan zo‘r lazzat oladi.
Suf-e! O‘zidan mamnun, o‘ziga mahliyo bo‘lgan bu betamiz odamning bo‘yni buqanikiga o‘xshaydi. U o‘ziga bino qo‘ygan ayg‘irning o‘zginasi. Endi shuni himoya qilish kerak. Fashist, kallavaram, noshud sarkarda, Rommelning qo‘lida zobit bo‘lgan, minglab kommunistlarni turmada chiritgan, sen esa butun dunyoga jar solib, uni atoqli taraqqiyparvar arbob va erkinlik uchun matonatli kurashchi deb atamog‘ing kerak. Tuf-e! Tuf!
Yana bir karra tuf!
Ayni shu yerda — Nosirga kelganda Aleksey Nikolaevich o‘rnidan turdi, suv ichdi, ta’sir qilmayotgan uyqu dorisidan yutdi, keyin yana to‘shagiga yotdi-da, yuzgacha sanashga urinib ko‘rdi. Ammo buning ham unchalik foydasi bo‘lmadi.
U tepaga tikilib chalqancha yotardi — shift tep-tekis, silliq, biron joyda karniz degan narsadan nishon ham yo‘q. Bunaqa shiftning nimasini tomosha qiladi? Keyin biqiniga ag‘darildi. Ko‘ziga allanechuk Moskvanikiga o‘xshab ketadigan qurilish manzarasi ko‘rindi. Hatto osma krani ham bor. Olisda osmono‘par bino elas-elas ko‘zga tashlanadi. Bu devorga ilingan ingichka ramkali arzonbaho bir rasm ekan. Pulni qizg‘anib tuzukrog‘ini ham ilishmabdi, degan fikr kechdi Aleksey Nikolaevichning xayolidan. Lekin shunisi ham ma’qul behuda isrofgarchilikning nima hojati bor?
Bir necha daqiqa ko‘zi ilindi. Yana Brejnevni tush ko‘rdi. Bu nimasi-ya! Keyin De Goll kirdi tushiga: novcha, burni katta, bo‘ynining terisi burishgan, qappaygangina qornidan ko‘ndalangiga qizil tasma o‘tkazib olgan. Nima uchundir Aleksey Nikolaevich beixtiyor tarzda De Golldan qo‘rqar edi, lekin buni o‘zi tan olmasdi. Undan tortinar, uning oldida o‘zini go‘yoki qattiqqo‘l ustoz qarshisida turgan shogirddek his qilar, og‘zidan biror nojo‘ya gap chiqib ketishidan, biror masalada uquvi yo‘qligini oshkor etib qo‘yishdan, kam o‘qigani bilinib qolishidan cho‘chir edi. Masalan, u Yelisey saroyidagi uyida eng yaqin odamlariga ziyofat berdi. Unda bo‘yinlari g‘oznikiga o‘xshagan qari-qartang ayollar qatnashdi. De Gollning o‘zi vinosiga suv aralashtirib ichib o‘tirarkan, bilimdonligini ko‘z-ko‘z qiladi: “Esingizdami Bualo nima degani?” yoki “Siz, albatta, Mark Shagal bilan tanishmog‘ingiz kerak, qariyasi tushmagur juda ma’qul-da...” Keyin shu zahotiyoq bu qariyaning rasmlaridan tarkib topgan albomni qo‘lingizga tutqazadi. Unda allaqayoqdagi bema’ni narsalar — uchib yurgan odamlarmi-ey, takalarmi, oyog‘i osmondan kelgan xo‘rozlarmi tasvirlangan.
Aytgancha, Isroil agressiyasi haqidagi suhbatdan keyin u allaqaysi go‘rdagi yahudiy qariyaning emas, bironta fransuz rassomining asarini sovg‘a qilsa ham bo‘lardi.
Har qalay, tongotarga yaqin — yettilarga borib Aleksey Nikolaevichning ko‘zi ilindi. Ammo roppa-rosa soat sakkizda xuddi tok urgandek uyg‘onib ketdi. Tezgina bet-qo‘lini yuvdi-da, ichki telefon orqali Gromikoga qo‘ng‘iroq qildi.
— Majlisning boshlanishiga bormaymiz. Soat birlarga jo‘naymiz, Atasining chiqishiga yetib boramiz.
— Goldbergning ko‘ngliga gap kelishi mumkin-da...
— Kelsa kelavermaydimi! Soat birga boramiz. — Bu gapni u xiyla keskin ohangda aytdi. Gromikoning ko‘nishdan boshqa iloji qolmagan edi.
Keyin kotibini chaqirdi-da, yigirma daqiqadan keyin mashinani taxt qilishni buyurdi.
— Yo‘q, nonushta qilmayman. Bir stakan qatiq ichsam bo‘ldi. Bugun agentlardan qay biri menga biriktirilgan?
— Bondi. Huv sizga zajigalka sovg‘a qilgan-chi.
— Unga ayting, soat birgacha u bo‘sh. Meni BMTda kutsin. Nima? Hech qanaqa mototsiklchi kerak emas. Men bilan mashina haydovchi bo‘lsa bas. Boshqa hech kim kerak emas. Haydovchi kim?
— Sidorenko.
— Bo‘pti, yigirma daqiqadan keyin tushaman.
Nyu-Yorkka yetib borguncha butun yo‘l bo‘yi Aleksey Nikolaevich Sidorenkoni qanday aldash yo‘llarini o‘ylab ketdi. Pod’ezd-43. Xo‘sh, endi qay tomonga yuramiz?
Aleksey Nikolaevich yondaftariga qarab oldi:
— Demak, bunday. Bu yerda “109 Ist, 91-strit, Nyu-York, 28” deb yozilgan.
— Tushunarli. Manhetten. Demak, Markaziy park bilan Beshinchi avenyuning yaqinida. Yahudiylar muzeyiga emasmi? Muzey ayni o‘sha joyda.
— Yo‘q, — deb javob berdi Aleksey Nikolaevich qovog‘ini uyib. Shunday deb derazaga qarab oldi. Voy shayton-ey! Hammasini biladi. Hatto yahudiylar muzeyini ham. Ikki-uch uy berida to‘xtashga to‘g‘ri keladi, shekilli. Hah jin ursin-a, adresni aniq aytib o‘tiribdi. Ha, mayli. 105-uyning yonida to‘xtaydi. Unga bir soatga javob berib yuboradi. Rozi bo‘larmikan? Basharasidan qanaqa odam ekani ko‘rinib turibdi.
Yo‘q, rozi bo‘lmadi.
— Men sizni shu yerda kutib turaman, Aleksey Nikolaevich, — dedi jilmayib Sidorenko mo‘ljaldagi joyga yetib borganlarida. — O‘qib o‘tirishga kitobim bor. “Qilich va qalqon”. O‘qiganmisiz?
— Yo‘q, o‘qimaganman. Ehtimol, kirib biron narsa tamaddi qilib olarsan?
— Rahmat. Qornim to‘q.
Aleksey Nikolaevich Sidorenkoning irjayib turgan basharasiga nafrat bilan qaradi va sun’iy marmar bilan qoplangan besh qavatli uyning pod’ezdi tomon shaxdam qadamlar bilan yurib ketdi.
“Jin ursin! Endi 109-uyni qayoqdan topdim? Orqaga qaytamanmi? Xo‘p bema’ni ahvolga tushdim-ku!”
Qaddi-qomati kelishgan, zarhal jigali to‘q havorang furajka kiygan shveytsar allaqachon uning istiqboliga peshvoz chiqqani oshiqib kelmoqda edi. Bu ablah ham og‘zini karrakdek ochib kulib kelyapti. Qizil bayroqli mashina bo‘lmaganida ham go‘rga edi, tanimay qolardi, bu yoqda esa diplomatik rusum, o‘roq va bolg‘a tasviri, boz ustiga surati har kuni gazetalarda bosilib turibdi.
“Zim” mashinasining eshigiga suyanib olgan Sidorenko o‘zida yo‘q xursand, og‘zi qulog‘ida edi.
Aleksey Nikolaevich qat’iyat bilan shveytsarning qo‘ltig‘idan olib eshikdan ichkariga kirdi. Obbo, qani endi shu tobda loaqal ikki og‘iz inglizcha bilsa!
Shveytsar jinday hayronlik bilan unga qarab-qarab qo‘yardi. Aleksey Nikolaevich cho‘ntagidan besh dollarlik chiqardi — liftchi negr bola bilan bo‘lgan voqeadan keyin yonida pulini g‘amlab yuradigan bo‘lib qolgan edi. Havoda barmog‘i bilan “109” raqamini yozdi. Shveytsar tushunmadi. Aleksey Nikolaevich barmoqlarida “bir”, “nol” va “to‘qqiz” raqamlarini ko‘rsatdi.
— Uan xandred nayn, — deya jon kirdi shveytsarga va u Aleksey Nikolaevichni eshik tomon surdi. Eshikning qalin oynalari orqali Sidorenko mashinasining derazalarini artayotgani ko‘rinib turar edi.
— No-no, — dedi Aleksey Nikolaevich shosha-pisha va qo‘li bilan qarama-qarshi tomonni ko‘rsatdi.
Shveytsar bu gal ham hech narsa tushunmadi. Bu mojaro qancha davom etishi mumkin — aytish qiyin — ularning biri bir tomonga tortqilasa, ikkinchisi teskari tomonga tortqilamoqda edi. Shu payt bashang kiyingan, istarasi issiq bir yigit kelib qoldi. U diqqat bilan Aleksey Nikolaevichga qaradi. Keyin o‘tib ketmoqchi bo‘ldiyu, lekin oynavand eshik oldida bir zum to‘xtab orqasiga qaytdi.
— Meni ma’zur tutgaysiz, agar adashmasam, janob Kosigin bo‘lasiza? — deb so‘radi u sof rus tilida.
O‘zini yo‘qotib qo‘ygan Aleksey Nikolaevich:
— Shunaqa... — deb javob berdi.
— Ijozatingiz bilan o‘zimni tanishtirsam, — deb jilmaydi xushbichim yigit, — Nikolay Kirillovich Dragomirov bo‘laman. “Eron-Petroleum” kontsernida Sharqiy Ovrupo masalalari bo‘yicha referentman.
Shunisi kamlik qilib turgan edi.
Nikolay Kirillovich g‘oyatda xushmuomalalik bilan vatandoshiga nima yordami tegishi mumkinligini so‘radi.
Aleksey Nikolaevich qarshisida namoyon bo‘lgan tubsiz jarlikka o‘ylab-netib o‘tirmay o‘zini otdi. U, bilasizmi, 109-nomerga kirishi kerak, lekin kichkinagina syurpriz qilmoqchi, u yerga orqa eshikdan, hech kimga bildirmay kirib bormoqchi. Bilasizmi, inkognito bo‘lib. Ko‘p ajoyib ko‘ngilxushlik bo‘lar edi-da.
Nikolay Kirillovich tarbiya ko‘rgan odam bo‘lganidan o‘zining taajjubini oshkor qilmadi. Axir, taajjublanmay bo‘ladimi — Sovet Ittifoqining Bosh ministri Assambleya majlisida o‘tirish o‘rniga allaqaylarga syurpriz tarzida orqa eshikdan kirib bormoqchi! Yigit lutfan o‘zining yordamini taklif qildi. Aleksey Nikolaevichning bu yordamni qabul qilishdan o‘zga chorasi qolmagan edi.
Ikkovlari Nyu-Yorkda ob-havo isib ketgani va Kassius Kley ustidan bo‘layotgan sud jarayoni to‘g‘risida gaplasha-gaplasha ikkita ichki hovlidan o‘tishdi (hatto bir joyda devordan oshib tushishga to‘g‘ri keldi. To‘g‘ri devor unchalik baland emas edi. Nikolay Kirillovich odob bilan yelkasini tutib berdi). Ular shu tarzda uchinchi qavatga ko‘tarilishdi. Xudoga shukrlar bo‘lsinki, hech kim ularni ko‘rmadi.
— Endi manovi eshikka kirasiz. Ovingiz baroridan kelsin, Aleksey Nikolaevich! — Nikolay Kirillovich mug‘ombirlik bilan ko‘z qisib qo‘ydi va xayrlashar ekan, Kosigindan “Nyu-York tayms” gazetasida bosilgan fotosuratiga imzo chekib berishni so‘radi. Keyin ular bir-birlarining qo‘llarini qisib xayrlashishdi.
— Ming rahmat! — dedi Aleksey Nikolaevich.
— Rahmat aytishga arzimaydi. Juda yorlaqasa, Assambleyada bizning kompaniyamiz manfaatlarini hisobga olarsiz. Xayr, salomat bo‘ling.
Ular ajralishdi.
Liftga kirganda Aleksey Nikolaevich birdan hayajonlanishga tushdi. U qayoqqa ketyapti? Nima maqsadda? Maktubni o‘qib bo‘lish bilanoq uni telefonga tashlanishga nima majbur qildi? Bu o‘ta bema’ni mojarodan keyin qanday qutuladi? Axir, buni yashirib bo‘ladimi? Shofyor, shveytsar, seriltifot yigit... Yo tavba, qanaqa bema’nilik bo‘ldi-ya bularning bari. Har xil ipirisqi joylarda pusib, biqinib, allaqanday devorlardan oshib yuribdi-ya!
Lekin shundoq bo‘lsa ham...
U zalvorli dub eshikdagi kattagina oq tugmachani bosdi. Eshikka qoqilgan yaltiroq mis lavhada “Aleksandr Fyodorovich Kerenskiy. A.KERENSKY” deb yozib qo‘yilgan ekan.
Oq peshgir tutgan yoshi o‘tinqiraganroq ayol eshikni ochdi.
— Marhamat qilgaysiz. Aleksandr Fyodorovich kutyaptilar.
Aleksandr Fyodorovich shu zahoti eshik yonida paydo bo‘ldi. U anchagina bukchayib, munkillab qolgan edi; axir, saksondan oshgan bu odam hali ham yoshiga nisbatan xiyla baquvvat ko‘rinardi. Bir vaqtlar uning suratlarini ko‘rgan odam hozir ham tanib olishi mumkin edi. O‘sha-o‘sha tikandek tikka o‘sgan sochlar, faqat endi bir oz oqargan, egnida qora kostyum, bo‘ynida kapalaknusxa bo‘yinbog‘, ko‘krak cho‘ntagidan dastro‘moli chiqarib qo‘yilgan. Ochiq chehrasida tabassum o‘ynaydi.
— Marhabo, kelsinlar, kelsinlar...
Ular kabinetga kirishdi. Kabinet juda katta edi. U ancha kamtarona, lekin g‘oyat did bilan jihozlangan edi. Uch taraf devorda yerdan shiftgacha tokchalarga kitob terib qo‘yilgan (Aleksey Nikolaevich darrov ko‘rdi — ularning orasida Marks, Lenin, Stalin va hatto Xrushchyovning ham asarlari bor edi). To‘rtinchi devor boshdan-oyoq oynavand. Uning oldiga yozuv stoli qo‘yilgan.
— Bemalol o‘rnashavering, Aleksey Nikolaevich, — dedi Aleksandr Fyodorovich do‘stona qo‘l harakati bilan chog‘roq dumaloq stolni ko‘rsatib. Uning ustida bir zamonlar rasm bo‘lgan qahva qaynatadigan sirlangan ko‘k choynak va chiroyli yorliqlar yopishtirilgan bir necha shisha bor edi. Ular orasida tiniqligi va bir talay medallari bilan “Stolichnaja” arag‘i ajralib turardi. Tarelkada ham maydalangan sho‘r baliq, uning ustida to‘g‘ralgan piyoz va ikkita rostakam sho‘r bodring yotardi.
— Qani bo‘lmasa, qadimgi rus odati bo‘yicha, — deb jilmaydi Aleksandr Fyodorovich qadahlarni to‘ldirib.
Hayajonlanganidan Aleksey Nikolaevichning qo‘llari qaltirar edi. Lim to‘la qadahdagi araqning bir qismi stol ustiga to‘kilib ketdi. Stolga dasturxon yozilmagan edi. U asl yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, sip-silliq qilib jilvirlangan, o‘rindiqlar ham xuddi stol kabi Pavel zamonlaridagidek ampir uslubida yasalgan edi.
— Hechqisi yo‘q, xijolat bo‘lmang, — dedi uy egasi bir tekis yasama tishlarini yarqiratib. Shunday deb u ohorli sochiqcha bilan to‘kilgan araqni chaqqongina artib oldi. — Sizning salomatligingiz uchun, Aleksey Nikolaevich!
— O‘zlarining salomatliklari uchun, Aleksandir Fyodorovich!
Ikkovlari ham ichib yuborishdi va bir bo‘lakdan sho‘r baliq olishdi.
— Juda totli baliq ekan, — dedi Aleksey Nikolaevich.
— Anna Panteleymonovnaning ishi bu. Mening enagam va valine’matim. Xotinimning vafotidan keyin mening hayotim shu kishining qo‘lida.
— Pazanda ekan, — dedi Aleksey Nikolaevich va bodringdan bir tishlab, uni ham maqtadi. Keyin araqning sifati to‘g‘risida gap ketdi — har qanday suhbatni boshlashda qo‘l keladigan mavzu-da! Agar biror odam suhbatdoshlarga chetdan nazar solsa, oralarida yigirma yosh farq bo‘lishiga qaramay, ular bir-birlariga hayron qoladigan darajada o‘xshash ekanini ko‘rgan bo‘lardi. Har holda, Anna Panteleymonovna buni darhol payqadi. Ikkovlarining ham burunlari uzungina, ko‘zlarining tagida halqa, og‘izlarining ikki cheti burishgan, lekin eng qizig‘i — har ikkovining ham tikandek kalta sochlari tikkayib turibdi, faqat biriniki butkul oqargan, ikkinchisiniki oqara boshlagan. Ikkovining ham yuzi zahil — dardmand odamlarnikiga o‘xshaydi.
Uchinchi qadahdan keyin (na iloj, ichkilik ikkovining ham sog‘ligiga to‘g‘ri kelmasa-da, liqqa-liqqa o‘tib turibdi) araqning ta’miyu hazmi, ovqat mavzusidagi gaplar tamom bo‘ldi. Aleksandr Fyodorovich mezbon va yoshi ulug‘ odam sifatida uddaburonlik bilan gapni dolzarbroq mavzuga burdi. U so‘zini Oktyabr to‘ntarishi to‘g‘risidagi xotiralardan boshladi (Aleksandr Fyodorovich Fevral inqilobinigina inqilob deb tan olardi), o‘sha yillarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va o‘sha voqealarda bevosita qatnashgan odam sifatida shu paytga qadar Aleksey Nikolaevichga ma’lum bo‘lmagan ba’zi bir tafsilotlarni aytib berdi: bular Qishki saroyga hujum, “Avrora”ning gumbur-gumburi va shunga o‘xshash hodisalarga taalluqli edi. Gap orasida u bir necha marta Kukriniksilardan o‘pkalab oldi: ular “Kerenskiyning qochishi” degan rasmlarda uni hamshira libosini kiyib olgan holda tasvirlashgan, holbuki, bu g‘irt yolg‘on, mutlaqo bunaqasi bo‘lgan emas. Aslida, u bolsheviklarning qo‘liga tushib qolmaslik uchun matroscha kiyim kiyib olgan edi. Tarixni buzib ko‘rsatuvchi bunaqa faktlar Aleksandr Fyodorovichga qattiq botar ekan. Bu mavzuga u suhbat davomida bir necha marta qaytdi.
Suhbatning keyingi maromidan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Aleksandr Fyodorovich Sovet Ittifoqida sodir bo‘layotgan voqealarning hammasini g‘oyatda e’tibor bilan sinchiklab kuzatib borar ekan, uning hamma yutuqlaridan xursand bo‘lar ekan. U hatto bu yutuqlar haqida andak oshiribroq gapirardi. Aleksey Nikolaevich iqtisodchi va har ishda aniqlikni yaxshi ko‘radigan odam sifatida bir necha bor uning gaplarini tuzatdi, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va xalq farovonligi masalalaridagi mulohazalariga oydinlik kiritishga urindi.
— Yo‘q, yo‘q, Aleksandr Fyodorovich, siz jinday oshirib yuboryapsiz. Aholi jon boshiga mahsulot ishlab chiqarishda biz hali nafaqat Amerika Qushma Shtatlaridan, hatto Yangi Zelandiyadan ham orqada turamiz. Har qancha g‘alati ko‘rinmasin, hatto Venesuela ham bizdan oldinda.
Aleksandr Fyodorovich hayron bo‘ldi va shu zahotiyoq Sovet Ittifoqining bu ikkala mamlakatdan o‘tib ketmog‘i uchun qadah ko‘tarishni taklif qildi.
Keyin ikkita ellik yillik sana uchun — Fevral va Oktyabr inqiloblari uchun olishdi. So‘ngra V. I. Lenin tavalludining yaqinlashib kelayotgan yuz yilligi uchun ichishdi (“Aytgancha, bilasiz, otalarimiz — mening otam bilan Leninning otasi — Simbirskda yashaganlarida qalin do‘st bo‘lishgan, oqshomlari birga qarta o‘ynashgan”). Keyin yana ko‘pdan-ko‘p yubileylar uchun olishdi — bu sanalar yaqin ikki-uch yil ichida kelishi kutilmoqda edi.
“Stolichnaya” bo‘shab bo‘ldi. Konyakka o‘tishdi. Ikkovlariga ham jon kirdi, ikki betlariga qizil yugurdi, ko‘zlarida yoshlarga xos shijoat barq urdi, “Martel” shishasidagi qolgan konyak qadahlarga quyilgach, kutilmaganda uni “brudershaft” qilib ko‘tarishdi. Hamma qoidalariga rioya etib, qo‘llarini chalkashtirib, keyin bir-birlarini o‘pib...
Bir necha marta Anna Panteleymonovna eshikdan qarab ketdi. Uning qiyofasiga, yuzidagi ifodalarga qarab, yoshi o‘tib qolgan bu ikki qariyaning fe’l-atvoridan ancha-muncha xijolat chekayotganini payqash mumkin edi. Mehmon bilan mezbon allaqachon kostyumlarini yechib qo‘yishgan, bir-birlarining gapini bo‘lib, anchagina baland ovozda bahslasha boshlagan edi.
— Yo‘q, Alyosha, sen xolisanlillo gapirmayapsan. Zig‘irdek ham xolislik yo‘q ekan senda. Men talashib o‘tirmayman, to‘g‘ri, ko‘pgina jihatdan olganda men aybdorman, buni tan olaman. Lekin boshqacha bo‘lib chiqqanida nima bo‘lardi? Sizlar emas, biz g‘olib chiqqanimizda deyman-da? Xudo haqqi, Rossiya rivojlanish yo‘lidan yanada shaxdam qadamlar bilan ketgan bo‘lardi. Men 37-yilni tilga olmay qo‘yaqolay...
— Yo‘q, yo‘q, undan og‘iz ochma. Gapirma. 67-yildan gapir.
— Bu esa senga bog‘liq. Ko‘p jihatdan senga bog‘liq...
— Menga bog‘liq deysanmi? Sashajon, xudodan qo‘rqsang-chi! Brejnevchi? Podgorniy, Shelepinlar? Vetnam masalasida xol qo‘ydik-ku! Isroil masalasida ham xol qo‘yamiz.
— Ha endi, Vetnam masalasida Jonson ham xol qo‘ydi.
— Xol qo‘yyapti, lekin Isroil masalasida biz ham xol qo‘yamiz.
— Tortishib o‘tirmayman, xol qo‘yasizlar. Agar allaqachon qo‘yib bo‘lgan bo‘lmasalaring.
Shu payt xonaga Anna Panteleymonovna kirib keldi. U qat’iyat bilan stolga yaqinlashdi-da, hali ochilmagan ikkita shishani olib qo‘ydi. Aleksandr Fyodorovichning shishalardan biriga cho‘zilgan qo‘li havoda muallaq qolaverdi.
— Bo‘ldi, bas! Boshqa bermayman. Me’yorni bilish kerak. Ana, qahva, ichinglar.
Qahvaga o‘tmasa bo‘lmadi. Keyin Aleksandr Fyodorovich oilaviy albomni ko‘rsata boshladi. Aleksey Nikolaevich bo‘lsa yonidan marhuma xotinining suratini oldi. So‘ngra qizi Lyudmila bilan uning eri — italyan yigitning suratini ko‘rsatdi. Aleksandr Fyodorovich qizni ham, kuyovni ham ma’qulladi.
Soat o‘n ikki yarim bo‘lganda Aleksey Nikolaevich birdan bezovtalanib qoldi — Assambleya-chi? Nima bo‘ladi? Aleksandr Fyodorovich “qoling” deb qistamadi — “dienst ist dienst”. Ammo xayrlashish vaqtida Aleksandr Fyodorovich kitoblar ortidanmi, allaqaerdan kichkinaroq bir shishani oldi. Shisha ichidagi ichimlik g‘oyatda o‘tkir ekan. Ular “ketar jafosi”ga yana bir qadahdan ichishdi.
— Jonson bilan uchrashuving yaxshi o‘tsin!
— Qo‘y, shuni gapirma kayfiyatni buzib.
— Xo‘p, xo‘p. Uchrashuv uchun. Xitoy bilan Nosirni sot — olam guliston bo‘ladi. Ortiqcha g‘alvadan qutulasan.
— Aytishga oson!
Ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri shishaning og‘zidan ichishdi — Anna Panteleymonovna qadahlarni yig‘ib ketishga ulgurgan edi. Og‘izdan hidi kelmasligi uchun muskat yong‘og‘ini gazak qilishdi. Ularning ikkovi ham bir-biriga juda ma’qul tushgan edi — quchoqlashib xayr-ma’zur qilishdi.
“Odam desa odamday ekan, — degan fikr o‘tdi Aleksandr Fyodorovichning ko‘nglidan. — Fe’l-atvori ham, qiliqlari ham binoyidek. Sanchqi bilan pichoqni bilib, o‘rnida ishlatar ekan”.
“Tuppa-tuzuk odam ekan, — deb o‘yladi Aleksey Nikolaevich o‘z navbatida. — Yoshi saksondan oshib qolgan bo‘lsa ham fikri tiniq. Har narsaga aqli yetadi. Qoyil-e! Ana senga “tarixning axlatxonasi”. Yana bir marta kelib ketilsa yomon bo‘lmasdi...”
Kunning qolgani, to‘g‘rirog‘i, ikkinchi yarmi go‘yoki tuman ichida o‘tdi. Kim bilandir uchrashdi, kimnidir qabul qildi, kimgadir ziyofat berdi. Boshi qattiq og‘rirdi. Ovqatga qarashga toqati yo‘q. Lekin ovqat yemasa hamki, dong qotib uxlab qoldi.
Chorshanba bilan payshanba kunlari seshanbadan deyarli farq qilmadi. Yana o‘sha uchrashuvlar, o‘sha ziyofatlar, o‘sha kokteylxo‘rliklar... Pirson Jonson bilan uchrashasan, deb tiqilinch qilib turibdi. Gromiko Rask bilan savdolashib, narxini oshirib yotibdi. Arablar hol-joniga qo‘yishmayapti — ko‘p ezma, xira odamlar ekan. Kishini toliqtirib yuborishdi. Qurol talab qilishyapti. Sinay yarim orolida hamma qurollarini tashlab qochishgan, endi esa, yerning tagidan bo‘lsa ham, ularga yana qurol topib berish kerak emish. Shunaqa surbet bo‘lib ketishganki...
O‘n besh martacha Moskvadan qo‘ngiroq keldi. Nihoyat, payshanba kuni — 22 iyulda shu yerning o‘zida, BMTning binosida Rask bilan uchrashgandan keyin hammasi hal bo‘ldi. Gromikoning havosi baland edi. Savdolasha-savdolasha Tilzitni undirdi-ku! Bu shaharcha Vashington bilan Nyu-York oralig‘ida joylashgan bo‘lib, hatto ularning qoq o‘rtasida ham emas — Oq uydan 201, sovet vakolatxonasidan esa 168 kilometr masofada. Jonson bilan uchrashganda yomon bo‘lmas edi, albatta. (Oq uyda bo‘lishga nima yetsin — Yelisey saroyi yoki Bukingem bilan solishtirib ko‘rish imkoni tug‘ilardi.) Lekin bunga g‘urur qurg‘ur yo‘l qo‘ymaydi-da. Aleksey Nikolaevich beixtiyor bir voqeani esladi. 20-yillarda Sovet Ittifoqiga birinchi marta tojdor hukmdor — Afg‘oniston podshosi Omonullaxon kelgan edi. O‘shanda Tashqi ishlar xalq komissarligi afg‘on tomoni bilan podshoning oyog‘i ostiga yoziladigan gilam-poyandozning uzunligi masalasida rosa dahanaki jang qilgan edi. Endi bo‘lsa... Xayr, mayli, bo‘lgancha bo‘ladi-da...
Juma kuni 23 iyulda roppa-rosa soat o‘n birda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Prezidenti SSSR Ministrlar Sovetining Raisini eskicha usulda qurilgan xos imoratning shoyista salonida qabul qilib, muborakbod etdi.
Tarixiy uchrashuv (“Xudo haqqi, tarixiy uchrashuv bu!” deya ko‘nglidan o‘tkazdi Aleksey Nikolaevich viktorian usulida qurilgan bu ko‘rkam mehmonxonaning eshigi yonida) xonaning bir burchagida turgan qadimiy soat zang urishi bilan boshlandi. Prezident bilan premer bir-birlariga qarab jilmayishdi va bir-birlarining qo‘llarini erkakchasiga qattiq qisib ko‘rishgandan keyin mo‘‘jazgina dumaloq stol tegrasiga o‘tirishdi. Stol ustiga an’anaviy bayroqchalar o‘rniga ikkita guldasta qo‘yilgan edi. Ularning biri qip-qizil atirgullardan iborat, ikkinchisi ham atirgul-u, lekin qizil, oq va ko‘k rangli gullardan saralangan. Bu ranglar Amerika bayrog‘ining ramzi kabi edi. Aleksey Nikolaevich umrida birinchi marta ko‘k atirgulni ko‘rishi. U gulga juda ham ishqiboz, gullarni yaxshi bilardi. Shuning uchun ko‘k atirgul haqida so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, suhbatni shu savoldan boshlash nojoiz bo‘lar (“keyin so‘rashga ulguraman”) deb, indamay qo‘yaqoldi. U yuzidagi tabassumni yo‘qotmaslikka harakat qilib (bunga u hamisha qiyinchilik bilan erishardi) stol yoniga o‘tirdi. Uning biqinidan tarjimon joy oldi. Boshqa hech kim yo‘q edi. Gromiko bilan Rask alohida xonada mashvarat qilishmoqda edi.
Jonson qora kostyumda, bo‘ynida yo‘l-yo‘l bo‘yinbog‘, Aleksey Nikolaevich ham odatdagi qora kostyumda edi. Bu gal ham begona kuzatuvchilar (bugungi tarjimon ham seshanba kungi Anna Panteleymonovna kabi) beixtiyor bu ikki davlat arbobining aynan bo‘lmasa-da, qisman bir-biriga o‘xshab ketishiga e’tibor berdilar. Ikkovlarining ham go‘shtdor burunlari osilib turardi. Yuzlarida boshqa o‘xshashlik yo‘q edi. Ayniqsa, iyaklari bir-birinikidan keskin farq qilardi. Jonsonning iyagi serg‘ayrat odamlarniki singari oldinga turtib chiqqan, Aleksey Nikolaevichniki esa yumshoq, go‘shtdor edi. Ikkovlarining tishlari ham juda yarashiqli, jag‘larida puxta o‘rnashgan edi. Har holda, tishlariga qarab qaysi birining ustasi mohirroq ekanini aniqlash amrimahol edi.
Gapni Jonson boshladi.
U Ministrlar Soveti Raisini muborakbod qildi va bu ikki mamlakat rahbarlarining oltinchi uchrashuvi ekanini eslatdi (Biz ham eslatib o‘taylik: Tehronda 1943 yili, Yaltada — 1945 yili, Potsdamda — 1945 yili, Jenevada — 1955 yili, Kemp-Devidda — 1959 yili, Venada 1961 yili). Shundan keyin u gapning po‘stkallasiga o‘tdi:
— Bizning muzokaralarimiz qanday yakunlanishidan qat’i nazar, gazetalarning sharhlovchilari, baribir, ular muayyan natija berdi, deb aytishadi. Binobarin, bu natija mujmal va mavhum emas, chindan-da, muayyan bo‘lmog‘i uchun men bunday taklif qilaman — sizlarning gazetalaringda yoziladigani kabi, bizning muloqotimiz to‘la-to‘kis oshkoralik ruhida o‘tsin.
U savolchan nazar bilan sherigiga qarab qo‘ydi. Sherigi bosh irg‘adi: “Zimdan nimalarni chamalayapsan, itdan tarqagan?”
Jonson davom etdi.
— Shuning uchun men siz bilan muloqotimda hamma diplomatik quvliklarni yig‘ishtirib qo‘yib, imkon qadar samimiy bo‘lishga harakat qilaman. Sizni ham xuddi shunga chaqiraman. Kelishdikmi?
Aleksey Nikolaevich yana bir marta bosh irg‘ab qo‘ydi va avvalgidan ham ko‘ra sergaklandi.
Gap shu joyga kelganda Jonson andak sukut qildi-yu, keyin stol ustiga engashib, Aleksey Nikolaevichning yelkasiga qoqib qo‘ydi.
— Shunday qilaylik, oqsoqol. Bir-birimizni laqillatib o‘tirishimizning hech keragi yo‘q. Isroil o‘z yo‘liga, arablar ham o‘z yo‘liga, lekin hamma gap Xitoyda-ku! Shunday emasmi?
“Xo‘sh, xo‘sh, xo‘sh, — deb xayolidan o‘tkazdi Aleksey Nikolaevich. — Masalani bu yoqqa burib yuboryapti-ku, qari tullak. Gapida jon bor, albatta. Lekin shunisi ham to‘g‘riki, Isroilni chetlab o‘tib bo‘lmaydi...
Jonson go‘yo uning fikrlarini uqqandek, jonlanib so‘zlay boshladi:
— Yo‘q-yo‘q, Assambleyada o‘zingizning bilganingizdan qolmang — avvalgiday qoralayvering, talab qiling, la’natlang! Bu Assambleyani sizlar o‘ylab topgansizlar, o‘zingiz pishirgan osh, o‘zingiz yeyaverasiz. Bilaman, bu juda qiyin ish, birov rahmat demaydi, ammo nailoj? Chidaysiz-da. Arablarga ilashib qoldingiz — o‘zingizdan ko‘ring. Lekin, yana takroran aytaman, gap ularda emas, gap Xitoyda. Keling, Mao deganlariga bir oz yon bersak beribmiz-da. Uning Xitoyga qarshi kurashda Rossiya bilan Amerika birlashdi, degan fikrini ma’qullay qolaylik...
“Obbo, shayton-ey... Bu bilan qanday gaplashsa bo‘larkan? Juda nochor ahvolga solib qo‘ydi-ku! Gaplari to‘g‘ri bu ablahning, lekin har qancha to‘g‘ri bo‘lmasin, Isroil to‘g‘risida lom-mim demay o‘tish mumkin emasku!” Shu zahoti u o‘zining Assambleyadagi nutqini muxtasar tarzda bayon qilib berdi.
Jonson derazaga qarab o‘tirib bardosh bilan tingladi, Aleksey Nikolaevich gapini tugatgandan keyin hayron qolgandek qo‘llarini ikki yonga yozdi.
— Men siz bilan erkak kishi erkak bilan gaplashgandek gaplashib olamiz deb o‘ylagan edim. Siz bo‘lsangiz menga allaqachon gazetalarda o‘qigan narsamni aytyapsiz, yaxshi emas, bu — yaxshi emas.
Aleksey Nikolaevich uning so‘zini bo‘ldi va bir tomonga og‘ib ketayotganini payqab, lekin unga qarshilik qilish uchun o‘zida kuch topa olmay, anneksiyalar, qochoqlar va zararlarni qoplash to‘g‘risida gapira boshladi.
Jonson hazilomuz tarzda qo‘l silkidi.
— Bilaman, bilaman. Faqat takalluf yuzasidan men sizga Kenigsberg bilan Sileziyani eslatayotganim yo‘q. Farqi faqat shundaki, ularning biri revanshistlar deb ataladi, ikkinchisi esa qochoqlar deyiladi. — Shu o‘rinda u Aleksey Nikolaevichga xushnudlik bilan qarab, yana bir marta uning yelkasiga shapatilab qo‘ydi. — Bilasizmi nima? Hammasini ro‘y-rost aytib qo‘yaqolay. Ertami-kechmi, siz jamiki nosirlaringiz va taraqqiyparvar qirollaringizni bartaraf qilasiz. Shundoq bo‘lgandan keyin men ish manfaati yuzasidan o‘qib chiqmog‘ingiz uchun sizga ba’zi bir hujjatlarni berayin. — U qo‘li bilan oldida stol ustida yotgan qalin charm papkani urib qo‘ydi. — Bu yerda Sinay yarim orolida misrliklardan tortib olingan ba’zi bir materiallar bor. U papkani Aleksey Nikolaevichning oldiga surib qo‘ydi. — Bo‘sh vaqtingizda o‘qib ko‘rarsiz. Bir boshlasangiz, bosh ko‘tarolmay qolasiz. Politsiyachilar haqidagi romanga o‘xshaydi. Aytgancha, siz ularni yoqtirasizmi? Rostini aytsam, menga juda yoqadi.
— Vaqt yo‘q, — deb qovog‘ini uyib javob berdi Aleksey Nikolaevich.
— Bekor qilasiz. Ha, bekor qilasiz. Ish kuni tugagandan keyin manoviga o‘xshagan divanchaga cho‘zilib, priyomnikni pastlatib qo‘yib o‘qiy boshlasangiz, butun charchog‘ingiz tarqab ketadi. Juda foydasi bor-da... — Jonson soatga qarab qo‘ydi. — Ie, og‘aynilar, nonushta vaqti bo‘p qopti-ku! Bu masalada biz — amerikaliklar juda qattiqmiz. Yemakxonaga marhamat qilgaysiz.
Jonson joyidan turib, Aleksey Nikolaevichning qo‘ltig‘idan oldi. Ularning yoniga tarjimon ham qo‘shildi. Jonson fitnachilarga o‘xshab shivirlashga o‘tdi:
— Hammaga ma’qul bo‘ladigan juda zo‘r taklif bor. Hammadan xufiya tarzda. Nonushtadan keyin golf o‘ynaymiz. Labbay? Siz bunga qanday qaraysiz, azizim?
Aleksey Nikolaevich o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Nima balo, hazillashyaptimi? Masxara qilyaptimi? Axir, u golf deganini umrida bir marta ko‘rgan, o‘shanda ham kinoda. Eyzenxauer bilan yana allakim dalada golf to‘pini quvib yurishgan edi.
Jonson darhol hamma gapni tushundi, xushnudlik bilan dedi:
— Amerikada bo‘lib, prezident bilan golf o‘ynamaslik — Rossiyada bo‘lib premer bilan aroq ichmaslik bilan barobardir. Menga Nikson gapirib bergan edi, bilaman.
— Lekin, men... — deya gap qo‘shishga harakat qildi Aleksey Nikolaevich.
— Bilmayman demoqchimisiz? Hechqisi yo‘q. Bir zumda o‘rgatib qo‘yaman. Faqat Gromikongizni ko‘ndirib bersangiz bas, Raskni ko‘ndirishni men zimmamga olaman.
Aleksey Nikolaevich so‘nggi xasga tarmashdi:
— Muzokaralar-chi? Men axir ertaga uchib ketaman. Hali hech narsa to‘g‘risida...
— Muzokaralarmi? Yo parvardigor-a! Yakshanba kuni davom ettiramiz. Ertaga imkoni yo‘q. Mening Los-Anjelosda ma’ruzam bor. Keyin birpasga ranchomga kirib chiqishim kerak. Qizimning ko‘zi yorigan. Nevarali bo‘ldim. Ranchoga sizni ham taklif qilardim-u, ammo qo‘rqaman Mao Szedun nima derkan... Shanba kuniga sizga biron mashg‘ulot topib berish kerak. Nima topsak ekan-a? Grend-Kenonga borasizmi? Xohlasangiz, Ford zavodlariga boring. Yoki Disneylend ma’qulmikan? Yo Niagaraga borasizmi? Labbay? Juda ulug‘vor manzara-da!
Hay, bo‘lganicha bo‘lar — Aleksey Nikolaevich Niagaraga rozi bo‘ldi. Har qalay tabiat mo‘‘jizasi. Ammo chiqib ketayotib, eshikda ruscha familiyali yahudiy tarjimoniga shivirladi:
— Og‘zingdan chiqarsang, partbiletingdan ajralasan!
U “tushundim” degandek bosh irg‘adi.
Suvdan bino bo‘lgan devorga o‘xshaydigan Niagara shovvasi poyidagi beton maydonchada turar ekan, Aleksey Nikolaevich bu shovvaning ulug‘vorligi haqida o‘ylagani yo‘q, u go‘zallik haqida ham o‘ylagani yo‘q, hatto mana shu gumburlab pastga otilayotgan behisob suvning hammasi qancha quvvat berishi mumkinligini va qancha quvvat berayotganini ham xayoliga keltirgani yo‘q. U dunyodagi hamma narsa ko‘ngliga urib, o‘lar darajada siqilib ketgani to‘g‘risida o‘ylardi.
U 63 yoshda. Unchalik ham qari emas. (Cherchill, Bismark, Klemanso va undan kattaroq yoshdagi boshqalar ham davlatni boshqargan.) Ammo urush yillarini va nafaqat urush yillarini, balki u to‘qimachilik sanoati xalq komissari bo‘lgan 1939 yildan hozirgi kunga qadar har bir yilni uch yilga hisoblash kerak. 1939 yildan 1967 yilning oxirigacha 28 yil. Demak, u hozir kam deganda — 119 yoshda. Shundoq bo‘lgandan keyin har xil cherchillaru premerlik kursisida o‘tirib olib dunyoning ishlariga qozilik qilish da’vosida yurgan boshqa rutbali odamlar ham uning oldidan o‘taversin!
Bir yuzu o‘n to‘qqiz yosh-a! Hozir bunaqa qariyalar yashayotgan bo‘lsa, Dog‘istonga o‘xshash o‘lkaning bir go‘shasida yashayotgandir. Qo‘y boqib, tog‘ning toza havosidan nafas olib, bola-chaqalarini ko‘paytirib yurishgandir. Ularning bundan boshqa yana qanday tashvishlari bo‘lsin? Bunday sharoitda odam yuz ellikka ham kiraveradi.
Aytgancha, Cherchill qo‘y boqqan emas, lekin to‘qsonga kirdi. Uning hayot yo‘li faqat gulzorlararo o‘tgan emas. Lekin shunday bo‘lsa ham yoshligida gusar bo‘lgan, keyin ulan sifatida Sudanda Angliya tarixidagi eng so‘nggi otliqlar muhorabasida ishtirok etgan, burlarga qarshi jang qilgan, so‘ng asir tushib qolgan, asirlikdan qochgan, Birinchi jahon urushida avval harbiy dengiz ministri bo‘lgan, keyin fransuz frontida shotland o‘qchilari batalonida oddiy komandir bo‘lib xizmat qilgan. 26 yoshidayoq olti jilddan iborat asar yozib qo‘yishga ulgurgan, shu jumladan, bitta roman. (Bularning barini unga bir vaqtlar Angliyada sovet elchisi bo‘lib ishlagan Mayskiy gapirib bergan edi.) Uning “Jahon tanazzuli”, “Malboro” (otasining tarjimai holi), “Ikkinchi jahon urushi tarixi” (bunisi ko‘p jildlik) asarlari hamma tillarga tarjima qilingan. Bundan tashqari, u rassom ham. (Ishlagan rasmlari Parijda, Londonda, Nyu-Yorkda ko‘rgazmaga qo‘yilgan). U yana toshyo‘nar va g‘isht teruvchi usta — o‘zining qo‘rg‘onida ikkita uyni qurib o‘rinlatib qo‘ygan. Juda mohir notiq, behisob miqdordagi konyaklarni ichib bitirgan, ertayu kech og‘zidan sigarasi tushmagan.
Xo‘sh, u-chi? Aleksey Nikolaevich-chi? U hayotida nima huzur-halovat ko‘rdi? O‘n besh yoshida Qizil Armiya safida xizmat qilgan. Keyin kooperativ texnikumga o‘qishga kirgan, matlubot kooperatsiyasi tizimida ishlagan — Sibirda, keyin Leningradda. To‘qimachilik institutini tugatgan. Jelyabov nomidagi to‘qimachilik fabrikasida xizmat qilgan. Instruktor, master, bo‘lim boshlig‘i, direktor, ijroqo‘m raisi... Majlislar, kengashlar, yana majlislar. Tinimsiz jiringlab turadigan telefonlar... Keyin xalq komissari, ministr bo‘ldi, keyin yana o‘sha-o‘sha — majlislar, telefon qo‘ng‘iroqlari. Faqat bu galgilari yuqoriroq darajada edi. Aralash ishlar ham ko‘proq bo‘lardi. Stalin, Beriya, Xrushchyov... Ularning hammasidan uzoqroq yashay olmaysan. Tegirmondan butun chiqishni o‘ylash kerak. Premer-ministr bo‘lish og‘ir. Va mana hozir Jonson bilan o‘tirib bundan keyin nima qilmoq kerakligini hal etish lozim. Xo‘sh, qani, nima qilmoq kerak? Nima?
Qaytishda ular mashinada Detroyt aerodromiga yetib kelgunlariga qadar yo‘lning ikki tomonida joylashgan shinam uylarni, olislardan ko‘rinib turgan tomiga cherepitsa yopilgan fermalarni tomosha qilib borishdi. Birdaniga uning ko‘nglida ana shu hovlisining tevaragiga devor olinmagan (Amerikada hovlilarning devori yo‘q) kichkina uychalardan biriga joylashish istagi paydo bo‘lib qoldi. Bu uylarning oldida kaftdekkina gulzori bor. Hovli boshdan-oyoq yam-yashil maysa bilan qoplangan, devorlarini chirmoviq gullar o‘rab tashlagan. Ozroq tomorqasi ham bor. Kunduzlari shu tomorqada ivirsib yursang yoki baliq ovlasang, oqshomlari televizor ko‘rsang. “Vertushka” orqali hech kim senga qo‘ng‘iroq qilmasa va jonga tegib ketgan Vnukovoga kosmonavtlarni kutib olishgami yoki biror arab tullagini qarshi olganimi chiqish tashvishi bo‘lmasa. Eha, bu Vnukovosi-ya! Hademay uni yana ko‘radi. U mingan “kumush qush” kelib to‘xtamaguncha ularning hammasi oyoqda tik turib kutishadi. Keyin qo‘llarini qisib jilmayishadi. Yigirma martalab qayta-qayta tekshirilgan pionerlar qo‘llarida guldastalar bilan... Uf-f!
 Ertasi kuni yakshanbada — 25 iyunda tarhi eskicha o‘sha xos uyning o‘zida, ustiga atirgullar qo‘yilgan o‘sha dumaloq stolning tevaragida prezidentning Ministrlar Sovetining Raisi bilan ikkinchi — yakunlovchi uchrashuvi bo‘ldi.
O‘tgan bir kun mobaynida Texasdagi ranchosida miriqib dam olgan ko‘rinadi. U bardam va tetik edi, hatto oftobda bir oz qorayganidan yasharib ketganday tuyulardi. Aleksey Nikolaevich esa, aksincha, juda toliqqan, uyquga to‘ymagan ko‘rinar, nima uchundir boshi og‘rir edi.
— Xo‘sh, qalay? — deb so‘radi Jonson xushnudlik bilan — avval suhbatdoshining salomatligini surishtirib, Niagara shovvasi unda qanday taassurot qoldirgani bilan qiziqqach, — Manovi papka bilan tanishdingizmi? Misr hujjatlari bilan?
— Tanishdim, — dedi Aleksey Nikolaevich quruqqina ohangda. Kechasi u hujjatlarni varaqlab chiqib, ularning ko‘pchiligi o‘ziga tanish ekanini ko‘rgan edi. Nosir maxfiy ravishda Isroilga zarba bermoq uchun anchadan beri puxta tayyorgarlik ko‘rib kelgan ekan.
— Xo‘sh, bu masala to‘g‘risida siz nima deysiz?
Aleksey Nikolaevich bir oz indamay qoldi, negadir burnining tepasini qashidi, tarjimonlarga qaradi — avval o‘zinikiga, keyin amerikalikka. Ularning ikkovi ham navqiron, xushbichim, soqollarini rosa qirtishlab olgan, ehtiromli quvnoq yuzlarida har qanday ishni darhol bajo keltirishga hozirliklari zuhur etib turardi. Faqat ularning biri qora ko‘zli, ikkinchisi qo‘ng‘ir ko‘zli edi, xolos. Premer yana burnining ustini qashlab qo‘ydi.
— O‘zingizni bemalol, erkin his qilavering, — dedi uning nigohini payqab qolgan prezident. — Suhbatimizning maxfiy qolishiga kafolat beraman. Bironta ham so‘z bu xonadan tashqariga chiqmaydi.
Aleksey Nikolaevich bosh irg‘adi va o‘zining qora ko‘zli tarjimoniga o‘girildi:
— Agar malol kelmasa, mashinadan mening portfelimni olib kelib bersangiz. Qorasini emas, sarig‘ini...
Tarjimon “tushundim” degandek boshini quyi egdi va xonaga to‘shalgan qalin gilam ustidan tovushsiz qadam tashlab chiqib ketdi.
Aleksey Nikolaevich stol ustida yotgan oppoq qog‘ozdan bir varaq oldida, unga yirik harflar bilan rus tilida tez-tez bir nimalarni yozib, prezidentga uzatdi. Prezident jilmaydi va qog‘ozdagi yozuvga qaramay, uni tarjimoniga berdi. Shu paytgacha tarjimon chehrasini tark etmagan xushnudlik birdan yo‘qoldi, uning aqlli ko‘zlarida hayronlik va sarosima ifodasi zuhur bo‘ldi. Hatto uni qo‘rqib ketganga ham yo‘yish mumkin edi. So‘ng qandaydir xavotirlik va savolchan nazar bilan Aleksey Nikolaevichga qaradi. U xotirjamgina indamay boshini egib o‘tirardi.
Tarjimon ovozini pasaytirib, shivirlayotganday gapirdi. U qog‘ozdagi yozuvni Jonsonga tarjima qilardi.
Maktub juda qisqa edi: “Janob prezident, qanday shart-sharoit bilan men sizning mamlakatingizda panoh topishim mumkin?”
Jonson tarjimon uzatgan varaqni darrov olaqolgani yo‘q, uni olib o‘ziga notanish so‘zlarni diqqat bilan o‘qib chiqqach esa o‘rindiqning orqa suyanchig‘iga o‘zini tashladi. Bir necha soniya ikkala davlat arbobi ham mijja qoqmay, bir-birining ko‘ziga qarab qoldi.
Stol tevaragida o‘tirgan uch odamning birontasi ham umrida bunaqa voqeaga duch kelmagan edi. Sirasini aytadigan bo‘lsak, jahon tarixida hali biron marta bunaqa voqea ro‘y bermagan edi. Qo‘shma Shtatlar prezidentining bir og‘iz gapi kurrai zaminda yashaydigan uch milliarddan ortiq odamning taqdirini keskin burib yubormog‘i mumkin edi, shu jumladan, bir-biriga ro‘baro‘ o‘tirgan, o‘z hayotida har xil past-baland narsalarni ko‘p ko‘rgan, yoshi o‘tinqirab qolgan va salomatliklari uncha baquvvat bo‘lmagan ikki odamga tegishli mamlakatlar aholisi ham bu alg‘ov-dalg‘ovlardan chetda qolmas edi.
Burchakdagi gotik ehromga o‘xshaydigan soat bo‘lib-bo‘lib, juda sekinlik bilan zang ura boshladi. Soat millari “12” raqamining ustida uchrashgan edi.
Masalani o‘ylab ko‘rish va hal qilish uchun Jonsonning vaqti yo‘q edi, darhol va uzil-kesil “ha” yoki “yo‘q” deb javob bermog‘i kerak. Hamishagidek, Jonson nochor ahvolga tushganida qo‘llaydigan usulni tanladi. Eng mushkul vaziyatlarga tushib qolganida bu usul har gal uning joniga ora kirardi. U fol ko‘rdi: agar ruslarning tarjimoni soat zang urishi tugamay qaytib kelsa, “Ha” deydi, yo‘qsa “Yo‘q”.
Agar “Ha” desa-chi?
Urush boshlanib ketarmikan? Odam o‘g‘irlashda, shantaj qilishda ayblasharmi ekanlar? Yalpi safarbarlik e’lon qilinarmikan? Raketalar ishga tusharmikan? Yoki... Yoki bu hol Moskvadagilarga juda ajoyib bahona bo‘larmikan? Shunday qilinsa, haddan ziyod mo‘‘tadil, tavakkalchilikni yoqtirmaydigan, siyosat masalalarida ancha sog‘lom va realistik tarzda ish tutadigan, keskin muyulishlarda harakatni sekinlashtiradigan, yoshi o‘tib qolgan, buyragi xasta kurashchi emas, matlubotchidan qutulishlariga bahona bo‘ladi-ku! Bahonami? Ehtimol. Lekin, ayni choqda, Yaqin Sharqda yangi yong‘inlarga yo‘l ochadi-ku bu! Vetnam-chi? Mao Szedun-chi? De Goll-chi? Uning imperializmga qarshi kurashida qo‘shimcha dalda bo‘lmaydimi? Bonnchi? Buning o‘zini nima qiladi keyin? Turli-tuman xotiralar yozib, matbuot konferentsiyalari o‘tkazib yurgan Svetlana Alliluevaning o‘ziyoq yetib ortar. Ehtimol, bu kishim ham xotira yozishga kirishar? Albatta, chakki bo‘lmasdi, lekin... Bordi-yu, baribir, urush boshlanib ketsa-chi?
Soat zang urdi: besh... olti... yetti... “Mana shu shapaloqdekkina bir varaq qog‘oz evaziga men million dollar olishim mumkin edi... — deb o‘yladi prezidentning yonida haykaldek qotib o‘tirgan tarjimon yigit. — Har ikkala holda ham. Lekin u qo‘limdan chiqib ketdi-da... Yo parvardigor... Shunaqa sirni ichingda saqlab qanday yashash mumkin-a? Million... Million...”
Soat yana zang urdi: sakkiz... to‘qqiz... o‘n... “Oqshomlari esa televizor...” Aleksey Nikolaevich o‘zini xalat kiyib olgan holda divanda yotganini tasavvur qildi. Hech qanaqa “Pravda”yu “Izvestiya TASS-PASS degan gaplar yo‘q. Ahyon-ahyonda Aleksandr Fyodorovich bilan bir ryumka-ikki ryumka Smirnov arag‘idan ichishib tursa bas.
Soatning so‘nggi o‘n ikkinchi zang urishida qora ko‘zli tarjimon kirib keldi.
“Buni oldin deyish kerakmi yoki keyin deb hisoblasa ham bo‘laveradimi?” degan xayol Jonsonning miyasini zirqiratib o‘tdi. O‘ylab ko‘rish uchun esa soniyaning yuzdan bir qismicha vaqt berilgan. “Qolaversa, u soat zang urayotganda kelgani yo‘q, balki zang sadolari tinayotganda kirdi...
Kurrai zaminda yashaydigan uch yarim milliard oq, qora, ko‘krang, jigarrang, sariq, qizil (ha, qizil ham!) odamning taqdiri o‘zgarishsiz qoladigan bo‘ldi.
Prezident stol ustidagi kattakon billur kuldonni oldiga tortdi. Shu lahzaning o‘zida qo‘ng‘ir ko‘zli, basharasi allaqachon avvalgi holatiga qaytib ulgurgan tarjimonning qo‘lida zaifgina ko‘kish alanga paydo bo‘ldi va chorburchak qog‘oz yonib, kuli kuldonga tushdi.
Tamom-vassalom! Qolganining qizig‘i yo‘q. Qolgani gazetalardan ma’lum. Amerika matbuotida ochiqroq va batafsilroq, sovet matbuotida esa muxtasar bir tarzda, tafsilotlarsiz yoritiladi.

* * *

Vnukovo ustida samolyot katta doira yasadi va pastlay boshladi. Aleksey Nikolaevich illyuminatordan qarab, aerodromni ko‘rdi. Har tomonda samolyotlar yerga qapishib yotibdi, angarlar, aerovokzalning eski binosi, unga yondosh qurilgan yangi oynavand imorat ko‘rindi. Keyin Vnukovo-2 paydo bo‘ldi. Hukumat ehtiyojlari uchun qurilgan bu imorat to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida bo‘lib, narigisidan chog‘roq edi. Beton maydon xuddi yuvib qo‘yilganday top-toza. Bir guruh odam podadek bo‘lib samolyot qo‘nadigan joyga yaqinlashmoqda. O‘shalar...
Samolyotning qanoti ostidan allaqanday mevazor bog‘lar o‘tdi, keyin aerodrom chiroqlari lip-lip ko‘rindi, samolyot bir sakrab-silkindi, yana bir silkindi, keyin — tamom.
— Moskva, Aleksey Nikolaevich, Vatanga eson-omon yetib kelganingiz bilan...
Gromiko nima uchundir paltosini kiymoqda edi. Holbuki, ob-havo ma’lumotiga qaraganda, hozir Moskvada harorat 25 darajadan kam emas edi.
“Il” so‘nggi marta bir chayqaldi-da, to‘xtadi. Eshiklar ochildi, shu barobari traplar ham olib kelindi.
 Aleksey Nikolaevich portfelini qo‘liga oldi — shunchaki qo‘lida biron narsa bo‘lishi uchun, ikkinchi qo‘lidagi shlyapasini ekipajga qarab xayr-ma’zur ma’nosida silkitdi. Ekipaj a’zolari xushmuomalalik bilan jilmayishdi, ularning yuzida sevinch hislari zuhur etar edi (nihoyat, yetib keldig-a!). Keyin Aleksey Nikolaevich trapdan tusha boshladi.
Uchish maydoniga yotqizilgan katta-katta beton plitalar ustidan yurib yuzlarida tabassum bilan bir guruh erkak-ayol Aleksey Nikolaevichga peshvoz kelmoqda edi. Biroq ularning tabassumi ekipaj a’zolarinikidan farq qilardi. Bu tabassum unga tanish, unga ko‘nikib qolgan, hatto biqin cho‘ntaklarida yuraverib ezilib ketganday tuyulardi. Bular — KPSS Markazqo‘mining a’zolari va a’zolikka nomzodlar. Ular yaxshi dazmollangan kostyum-shimlarda, ayollari esa to‘ladan kelgan bo‘lib, Parijda tikilgan yoxud jilla bo‘lmasa Amerikadan olib kelingan jaketlarda edi.
Yo tavba-ey... Endi ularning qo‘llarini bir-bir siqib chiqish kerak, yuzingni ularning iyagi va quloqlariga surtmoq lozim. Keyin jilmaymoq, jilmaymoq, jilmaymoq zarur.
Kul, kulaver, masxaraboz!
Pioner bolakaylar unga guldastalar taqdim etishdi. Ular tekshiruvdan o‘tgan. Gullar esa maxsus gulzorlarda o‘stirilgan. Ular ham bir emas, ikki marta tekshiruvdan o‘tkazilgan — bir marta gulxonaning o‘zida, ikkinchi marta shu yerda — aerodromda.
Anovi televizor qayoqda deysiz? Endi na divan bor, na kiftga iladigan xalat... Endi hech qachon bir qadah “Smirnov” arag‘i degan narsalar ham bo‘lmaydi. Yana o‘sha kabinet, dubga o‘xshatib bo‘yalgan devorlar. Va shivirlagandek past jiringlovchi telefonlar. Va yana — baroq qoshlar, kulgichlar, og‘izdan burqsib turadigan ichkilik hidi. Oldinda-chi?
Oradan bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tgach, sovet tanklari Pragaga kirib bordi.

Ozod Sharafiddinov tarjimasi
“Tafakkur” jurnali, 2004 yil, 4-son

Viktor Nekrasov va uning “Qirol Nyu-Yorkda” hikoyasi haqida

Viktor Nekrasov adabiyotga urushdan keyin kirib kelgan. Kechagina fashist bosqinchilariga qarshi mardona jang qilgan odam birinchi kitobi — “Stalingrad xandaqlarida” qissasi bilan juda mashhur bo‘lib ketdi. Bu qissa urush haqidagi asarlar bobida yangi sahifa ochdi va mana — yarim asrdirki, o‘zining qimmatini yo‘qotgani yo‘q.
Gap shundaki, Viktor Nekrasovdan oldin ham Ikkinchi jahon urushi adabiyotdagi markaziy mavzulardan biri bo‘lgan va bu borada yuzlab asarlar yaratilgan edi. Ammo ularning ko‘pchiligida urush mavzusi g‘oyat bir tomonlama va sayoz aks etardi. Aksariyat hollarda porox hidini hidlamagan, urushning nimaligini ichdan ko‘rmagan, uni kinofilmlar orqaligina tasavvur qilgan adiblar urushni tantanali yurishlardan iborat bir jarayon qilib ko‘rsatar edilar. Natijada hayot haqiqatidan mutlaqo yiroq, nihoyatda yengil-elpi asarlar ko‘payib ketdi. Bundan tashqari, o‘sha davr tsenzurasining talabi bilan asarlarda faqat sho‘rolar tomonining g‘alabalari tasvirlanar, dushman esa farosatsiz, kaltabin, qo‘rqoq maxluqlar to‘dasidan iborat qilib ko‘rsatilar edi. Undoq bo‘lsa, fashistlar qanday qilib Moskva ostonalarigacha yetib keldi, Stalingradni vayron qildi, degan savollarga javob yo‘q edi. Harbiy voqelikning bunday tasvirlanishi odtsiy jangchilar sha’niga dog‘ ham solardi; ular chekkan mashaqqatlar arzimas bir narsadek tasvirlansa, umuman, butun xalq ne-ne talofatlar evaziga, mislsiz mashaqqatlar chekib, millionlab odamlarni qurbon qilib erishgan g‘alaba kamsitilar edi.
Xullas, elliginchi yillarga kelib bevosita janglarda ishtirok etgan, qon to‘kkan, xandaqlarda och qolib, bitlarga yem bo‘lgan odamlardan chiqqan yozuvchilar tsenzura taqiqlariga qaramasdan, urush haqidagi bor haqiqatni yoza boshladilar. Bu asarlarda “xandaq haqiqati” ro‘yirost ko‘rsatildi, urush oddiy askarlar, kichik zobitlar nazari bilan tahlil qilindi.
V.    Nekrasovning “Stalingrad xandaqlarida” asari ana shunday adabiyotning ilk namunalaridan edi. Qissani oddiy kitobxon zo‘r qiziqish bilan, kommunistik mafkura muhiblari esa g‘ashlik bilan qarshi oldilar, muallifni sovet tuzumining dushmani sifatida baholadilar.
Adib bundan keyingi asarlarida ham, nima to‘g‘risida yozmasin, hayot haqiqatini markazga ko‘yib qalam tebratdi. Bu sho‘ro mafkurasi sharoitida juda qiyin ish edi. Tegishli tashkilotlar Nekrasovning asarlarini bosmaslikka, hatto nomini ham tilga olmaslikka buyruq berdilar.
Yozuvchi muhojirlikka ketishga majbur bo‘ldi. U ko‘p yillarini Parijda o‘tkazdi, o‘sha yerda bir qator esselar, xotiralar yaratdi. Shunday asarlaridan biri “Qirol Nyu-Yorkda”hikoyasidir. Hikoya 1974 yilda yozilgan, ammo o‘ttiz yil o‘tgandan keyingina — 2004 yili “Znamya” jurnalida e’lon qilindi. Asarga o‘sha vaqtlarda SSSR Ministrlar Sovetining Raisi bo‘lib ishlagan Kosigin hayotiga oid bir etyud asos qilib olingan. Kosigin Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir sessiyasiga sovet delegatsiyasining boshlig‘i bo‘lib boradi va u yerda 1917 yilda Muvaqqat hukumatning boshlig‘i bo‘lgan, keyinchalik Nyu-Yorkda muhojirlikda hayot kechirgan Kerenskiy bilan uchrashadi, u bilan hatto yarim kun maishatbozlik qiladi. Keyin esa, AQSh prezidenti bilan uchrashganda unga “Mabodo men siyosiy boshpana so‘rasam, berarmidilaring?” deb murojaat qiladi...
Hikoya katta qiziqish bilan o‘qiladi, lekin aytmoq kerakki, muallif real odamlarni qahramon qilib olgan bo‘lsa-da, badiiy adabiyot qonunlariga ko‘ra, asosan, to‘qimaga keng o‘rin bergan. Kosiginning Kerenskiy bilan uchrashuvi ham, AQSh prezidentidan siyosiy boshpana so‘ragani ham ana shunday to‘qimadir. Ammo yozuvchi mazkur shartli usul vositasida sho‘rolar zamonida hatto eng baland rutbali kishilar ham erkin yashamaganini, bo‘g‘iq muhit, hamma narsani taqiqlovchi tartiblar barchani barobar erksizlik dardini chekishga majbur qilganini mohirlik bilan aks ettirgan. Hikoya bugungi o‘quvchilarga, ayniqsa, sho‘ro zamonidagi tartiblarni bugun afsonadek qabul qilguvchi yoshlarga muayyan foyda keltiradi deb o‘ylaymiz.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.