OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xisrav Shoxoniy. Bedarak yo‘qolgan kishi (hikoya)

Qosim bilan ko‘rishmaganimga ham ikki yildan oshibdi. Uni Tehrondagi Shopur ko‘chasida yashashini bilardim, lekin tashvish bilan bo‘lib, undan xabar olishga imkon topolmasdim. Bir kuni televizor ko‘rib o‘tirsam, birdan ekranda uning surati paydo bo‘lib qoldi. Boshlovchi mungli ovoz bilan e’lonni o‘qidi: “Bedarak yo‘qolganlar! Ushbu suratda aks etgan kishining ism-familiyasi Qosim Mehnatobodiy, ellik ikki yoshda, bedarak yo‘qolgan. Yaqinlari uni bir oydan beri izlaydilar. Uni ko‘rgan yoki u haqda biror ma’lumotga ega bo‘lgan kishilar ushbu manzilga xabar qilishlarini so‘raymiz. Suyunchisi bor”.
Vujudimni vahima qopladi. Bu nimasi? Kap-katta odam hech narsadan-hech narsa yo‘q yo‘qolib ketishi mumkinmi? O‘zimcha turli xayollarga bordim. O‘z joniga qasd qildimikan? Yoki biror og‘ir jinoyatni sodir etib, yashirinib yurganmikan? Ehtimol, avtohalokatga uchrab, mashina ostiga tushib qolmadimikan? Agar uning joniga qasd qilishgan bo‘lishsa-chi?
Uning bola-chaqasi yo‘qligini, xotini bilan ajrashib ketganini bilardim. To‘xta, uning qarindoshlari bormidi? Bo‘lsa, nega uni qidirib topish hech birining xayoliga kelmaydi? Nimaga? Men-chi, men! Anchadan beri uni ko‘rgani bormadim, hatto uning yo‘qolganini televizor orqali bilib o‘tiribman-a!
Xullas, kechasi bilan to‘lg‘onib chiqdim. Qosim haqidagi xayollar hech tinchlik bermadi.
Ertalab turib, birinchi qilgan ishim shu bo‘ldiki, taksiga o‘tirib, bundan ikki yil oldin Qosimning o‘zi bergan manzil bo‘yicha uyini qidirib bordim. Eshikni chodrali ayol ochdi. Undan Qosimni so‘radim.
– Biz bu uyni olti oy burun ijaraga olganmiz, unaqa kishini bilmaymiz, – dedi ayol.
Uy atrofini rosa aylandim, keyin ehtimol, shular bir nimani bilar, degan maqsadda, Qosim doimo kirib-chiqadigan do‘konga mo‘raladim.
– Olti oy bo‘ldi, do‘konga kirmay qo‘ydi, – dedi do‘kon xo‘jayini. – Uning bu yerdan ketib qolganini hech kim bilmaydi. Bir kuni kirib, qarzlarini to‘ladi va xayrlashdi. Shundan keyin uni ko‘rmadik. O‘zi nima gap?
– Hech gap emas, – dedim. – Shunchaki u bilan ko‘rishmoqchi edim. Nachora, ko‘rishish nasib qilmagan ekan.
To‘g‘risi, kecha televizorda Qosimning bedarak yo‘qolganini, uning suratini ko‘rsatishganini aytishga qo‘rqdim.
Men do‘kondan chiqarkanman, do‘kon xo‘jayini esladimi, qo‘shib qo‘ydi:
– Xayrlashayotganida, undan qayerga ko‘chayotgani bilan qiziqqan edim. U Yusufobodga deganday bo‘ldi, boshqa hech nima demadi.
Men yana taksi yollab, Yusufobodga bordim. Siz o‘ylashingiz mumkin: manzili noma’lum odamni Tehronday joydan izlash aqlga sig‘maydi, deb. To‘g‘ri! Men barcha savdo rastalarini aylanib, ishni Qosimni surishtirishdan boshladim. Bu ishim, albatta, o‘z natijasini berdi.
– Ha, bunaqa odam ho‘v anavi muyulishdagi uyda yashagan, – deya esladi bir sotuvchi. – Lekin bir kuni kechasi birdan yo‘qolib qoldi, shundan keyin uni hech kim ko‘rmadi. Ehtimol, u haqda politsiya ko‘proq ma’lumotga egadir?..
Mahkamaga kirib, Qosimning yuz tuzilishini ta’riflab berdim. Navbatchi zobit, – xudo xayrini bersin, insofli odam ekan, – bir daftarni varaqladi, Qosimning Alishoh Safi ko‘chasida yashagan-yashamaganligini, bu yerdan ko‘chib ketgan bo‘lsa, qachondan beri ko‘rinmasligini ikkita serjant bilan maslahatlashib, menga maslahat berdi.
Yana taksi yollab Alishoh Safi ko‘chasini aylanib chiqdim, keyin Delgosha ko‘chasiga o‘tdim, undan Salsabil ko‘chasiga, undan Sultonobodga bordim. Xullas, kuni bilan izlab, oxiri Qosimni Pameral ko‘chasiga yaqin muyulishdagi pastqamgina hovlichadan topdim.
Eshik sekingina qiyalab ochilib, Qosimning qorasi ko‘rindi. Uni ko‘rib, rosti taniyolmay qoldim. U shu ikki yil ichida shunaqangi qaribdiki, asti qo‘yavering. Quchoqlashib, yalab-yulqashib ko‘rishdik.
– Bir o‘zingmisan yoki mirshab bilanmi? – deya muyulish tomonga xavotir bilan qaradi u.
– Bir o‘zim. Nima edi?
– Kir ichkariga!
Torgina yo‘lakdan o‘tib, kichkinagina uychaga kirdik.
– Nima ish qilib qo‘yding? – deb so‘radim kursiga o‘tirishim bilan. – Nega har oyda yashash joyingni o‘zgartirib yuribsan? Birorta kishini o‘ldirib qo‘ydingmi? Yoki qoradori oldi-sottisi bilan shug‘ulanasanmi? Nima gap?
– O‘zing nima uchun birdan meni eslab qolding? – javob berish o‘rniga meni so‘roqqa tutdi. Uning xirillab gapirishidan, ovozi go‘yo quduq tubidan chiqayotgandek edi.
– Bilasanmi, kecha kechqurun suratingni televizorda ko‘rib qolib...
– Xudo jazosini bersin! Soqolsiz qolsin! – gapimni bo‘ldi Qosim.
– Kimni qarg‘ayapsan buncha?
– Amrilloni! Mening bu holga tushishimga faqat u sababchi! Qiynab yubordi meni! Ikki yildirki qonimni so‘radi. Uni deb ana shu kunga tushib qoldim! La’nati qonxo‘r, suratimni televizorga beribdi-da. Nima qilsam bo‘ladi buni?
– Sen avval nima gapligini menga ayt, keyin o‘ylashib ko‘ramiz. Kim u Amrillo deganing? Hukumat rahbarimi? Mirshabmi? Tergovchimi? Kim u?
– Yo‘q, yo‘q, yo‘q! – qichqirdi Qosim. – Amrillo degani mening noshukr xizmatkorim!
– Hali o‘sha seni shu ahvolga solib qo‘ydimi?
– Xuddi shunday!
Qosimning biror jinoyat qilmaganiga amin bo‘ldim-u, sigaret chekaturib davom etdim:
– Endi, – dedim tutun qaytarib, – menga bir boshdan gapirib ber-chi.
U xo‘rsinib olib, hikoyasini boshladi:
– Xotinim bilan ajrashgandan keyin Shopur ko‘chasidan ijaraga uy olganimni eslaysanmi? 
– Ha, ikki yil burun shunday bo‘lgan edi.
– Ha, o‘lma! Bu xotin bilan ajrashib, ancha tinchib qolgandim. Oradan ikki oy o‘tgach, yolg‘izlikda yashash menga to‘g‘ri kelmasligini bildim. Do‘konma-do‘kon izg‘ib yurish, ovqat pishirish, idish-tovoq yuvish va boshqa ikir-chikirlarni o‘zim bajarishimga to‘g‘ri keldi. Bu ishlar bilan bo‘lib, boshqa ishga vaqt yetmay qolardi. O‘lda-jo‘lda ovqatlanish erish tuyildi menga. Bitta xizmatkor topib beringlar, deb hamma tanishlarga aytib chiqdim. Ular maslahatlashib, bu uyda ayol xizmatkor saqlash noqulayligini, ayol kishi mendek qariyaning barcha xizmatlarini qila olmasligini aytib, ana shu Amrilloni topib berishdi. (Bu Amrillo emas – iblisning o‘zi!) Xullas, yigirma to‘rt yoshli, harbiyda xizmat qilgan, farosatli, faqir bir yigit uyimga kirib keldi. Dastlabki ikki oyda uning xizmatlaridan ko‘nglim to‘ldi. Uyni tamoman unga topshirdim, hatto tanga-chaqalarni o‘zimda qoldirib, boshqa pullarni qo‘liga berdim. Biz xo‘jayin va xizmatkor emas, go‘yo ikki do‘st edik. Uyda bo‘lgan kunlarim u bilan narda o‘ynardim. Uni yedirdim-kiyintirdim. Bo‘yniga galstuk taqdi, soch o‘stirdi, qo‘y-chi, odamshavanda bo‘ldi-qoldi.
Shu orada men bir necha hamkasblar bilan do‘stlashdim. Bo‘ydoq emasmanmi, kechalarni ular bilan quvnoq o‘tkazishga harakat qildim. Bir kuni birga ishlaydigan juvonni uyimga taklif etdim. Tomosha shundan boshlandi. Amrillo uni shunaqangi maqtadiki, men juvonning oldida xijolat tortib qoldim. La’nati, maqtovini borgan sari oshiraverdi. Shunda Amrillo yengil kiyimda eshikdan kirib, juvonning oldiga bir quti shirinlikni qo‘ydi-da, o‘zi ikkimizning o‘rtamizda o‘tirib oldi. G‘alati bo‘lib ketdim, lekin tishimni-tishimga qo‘yib o‘tirdim. Amrillo qo‘yarda-qo‘ymay meni, juvonni shirinlik olib yeyishga qistash bilan birga juvonga xushomadlar qildi. Qarta o‘yinini boshlaganimizda, u pulga o‘ynashni taklif qildi.
Shubhasiz, men rad etishga harakat qildim, juvon esa rozi bo‘ldi. Nima deyishimni bilmadim. Uchalamiz qarta o‘ynadik. Kechasi o‘n birlarda juvon ketishi bilan o‘zimni tuta olmay, Amrilloni urishib berdim.
– Sizga nima bo‘ldi, xo‘jayin! Nega buncha tutaqasiz? Susanxonimga ayting, keyingi safar kelishida bitta dugonasini ham ergashtirib kelsin. To‘rt kishilab qarta o‘ynash juda zo‘r bo‘ladi-da, – deydi la’nati.
“A-ha! – dedim ichimda. – Bunaqasi ketmaydi! U o‘zidan ketyapti, bu uyda kim xo‘jayinu, kim xizmatkor ekanligini unutgan! Qo‘yib bersam, ertaga ko‘ngli nimalarni tusamaydi deysiz! Vaqtida ashqol-dashqolini ko‘tarib, bu uyni bo‘shatib qo‘ysin!”
Ertasi ertalab unga bu uyda qorasini boshqa ko‘rmasligimni aytdim:
– Menga xizmatkor kerak, jazmanchilikka sherik emas! Haqingni ol-da, ket!
– Bu ishni shunchalar oson deb o‘ylaysanmi, – dedi u sensirab. – Meni shunchaki ko‘chaga uloqtirmoqchimisan? Bekorlarni aytibsan! Men mehnat vazirligiga arz qilaman, ular senga mehnat qonunlariga hurmatsizlik qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yishadi!
– Uyat emasmi, Amrilloxon! Seni ishga olganimda, men mehnat vazirligiga murojaat qilganim yo‘q edi-ku! Olti oy davomida bu uyda yashading, yeding-ichding, xohlaganingni qilding, endi to‘polon ko‘tarmoqchimisan?
– Seni mahkamaga olib boraman! – dedi ablah uyalmay. – Dunyoda qonun yo‘q deb o‘ylaysanmi? Sen uchun shunday qonun topiladi, xotirjam bo‘l! Xizmatkorga quldek munosabatda bo‘lgan zamonlar o‘tib ketgan! Hozir ularni qonun o‘z himoyasiga olgan.
Uning ovozini eshitib, qo‘shnilar, bizga yaqin do‘konning ishboshqaruvchisi kirib keldi.
– Yaxshi! Seningcha, men nima qilishim kerak? – deb so‘radim Amrillodan.
– Oldindan ikki oylik maoshimni to‘lab qo‘yasan!
– Roziman!
– Oxirgi yigirma kunni bir oyga hisoblaysan!
– Bunga ham roziman!
– Bitta yangi kostyumingni sovg‘a qilasan!
– Bo‘pti, sovg‘a qilaman!
– Yana bitta gilamcha ham berasan!
Uning hamma shartlariga ko‘ndim. U ketdi, men erkin nafas ola boshladim.
Oradan bir hafta o‘tib, ertalabdan eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Eshikni ochsam, ostonada Amrillo, mirshab va yana bir papka qo‘ltiqlab olgan kishi bilan turibdi.
– Sizlarga nima kerak? – deb so‘radim.
– Men aholini ishga joylashtirish Bosh boshqarmasining vakiliman, – o‘zini tanishtirdi papkali kishi. – Mana bu janob siznikida ishlagan ekan, shundaymi?
– Xo‘sh!
– Nimaga uni haydadingiz?
– Chunki menga xizmatkor kerak edi, xo‘jayin emas.
– Nima gap o‘zi? Mamlakatda qonun yo‘qmi? Qaysi qonunga asoslanib, ishlab turgan xizmatkorni ishdan bo‘shatdingiz? – dedi papkali kishi va qo‘limga bir varaq qog‘oz tutqazdi. – Mana sizga sudning chaqiruv qog‘ozi. Meni tushundingizmi? Yo bu janob bilan murosaga keling yoki aholini ishga joylashtirish Bosh boshqarmasiga marhamat qiling!
Amrillo mo‘ltirab menga qaradi-da:
– Ana shunaqa, xo‘jayin! Nima, senga qarshi qonun yo‘q deb o‘ylaganmiding? Hamma o‘zboshimchalik qilaversa nima bo‘ladi? Mamlakatda qonun bor!– dedi.
– Men sizga aytsam, – tushuntirdim papkali vakilga, – menga hozirgi kunda xizmatkor kerak emas. Bu odam bilan hisob-kitob qilganman, oldindan ikki oylik haqini to‘ladim, yangi kostyum sovg‘a qildim, uning bilan boshqa oldi-berdim yo‘q.
– Ko‘rdingizmi, bu odam qonunga bo‘ysunmaydi! – dedi kelganidan beri jim turgan mirshab. – Uni kerakli joyga olib borishimizga to‘g‘ri keladi. U yerda tezda til topishamiz!
– Meni qayerga olib bormoqchisiz? – deb so‘radim.
– Mahkamaga! – dedi politsiyachi.
– Mendan nima istaysiz o‘zi? Nima qilishim kerak? – deya xavotirlandim.
– Biz hozirgina aytdik-ku. Sen bu janobni ishga tiklashing kerak!
Ko‘rib turibman, boshqa ilojim yo‘q. Mahkamaga borishdan xudoning o‘zi saqlasin, hamma qonunlar ularning qo‘lida...
– Marhamat, kiring, Amrilloxon! – dedim Amrilloni ichkariga taklif qilib.
Amrillo uyga kirdi va bu ablah bilan yana bir tom ostida yashay boshladik. To‘g‘ri, u bilan jiddiy gaplashib oldim, u bundan keyin mening shaxsiy hayotimga aralashmaslikka so‘z berdi.
Oradan ikki hafta o‘tdi. Bir kuni ishdan qaytsam, mehmonxonada ikki kishining gaplashayotganini yo‘lak boshida turib eshitdim...
Qosim chuqur nafas olib, qo‘li bilan yuzini siladi.
– Ishonmaysan, – davom etdi u, – men bu la’natidan nima yaxshilik ko‘rdim? Qiynab yubordi meni, bu ablah! Boshqa ilojim qolmadi!
– Gapiraver, keyin-chi? – dedim men.
– Mehmonxona eshigidan mo‘ralasam, Amrillo divanda o‘tirib olib, bir do‘ndiqchani ezg‘ilyapti. “Shunisi yetmay turgandi!” – deb o‘yladim va kelganimni bilib, ishni bas qilsin, degan ma’noda bir necha bor yo‘taldim.
Amrillo yugurib oldimga chiqdi:
– Kiring, uyalmang, – dedi menga, – tanishim mehmonga kelib edi, gaplashib o‘tiribmiz. Ismi Zari, qo‘shnimiz janob polkovnikning uyida xizmat qiladi, juda aqlli qiz... Siz uni tanimaysizmi?
– Yo‘q, unga ishim tushmagan!
Qiz ketgach, Amrilloga dedim:
– Azizim Amrillo, bilasan, sening hamma shartlaringga ko‘ndim, buning evaziga meni qo‘shnilar oldida sharmanda qilmagin-da endi! Men janob polkovnik bilan oramizdagi munosabatlarning buzilishini istamayman.
Amrillo bundan keyin bu ish takrorlanmasligiga so‘z berdi.
Oradan o‘n-o‘n ikki kun o‘tdi, ertalab mirshab kelib, meni mahkamasiga taklif etdi. Kiyinib bordim. Xonada navbatchi kapitan oldida qo‘shnim – polkovnik jahli chiqqanidan uzun mo‘ylovining uchini tishlab o‘tiribdi.
Uni ko‘rdim-u, bu Amrilloning ishi ekanini sezdim.
– Xizmatingizga tayyorman, janob kapitan, – ta’zim qildim men.
– Janob polkovnik shikoyat bilan kelibdilar, – dedi kapitan, – nega u kishining xizmatkorini yo‘ldan urdingiz? Hozir u homilador ekan.
Bu gapni eshitib, butun vujudim muzlab qoldi.
– Sizni tushunmadim, janob kapitan? Uni sen yo‘ldan urgansan, demoqchimisiz?
– Men emas, albatta? – dedi kapitan va polkovnikka qarab ma’noli jilmayib qo‘ydi.
... Qosim qo‘lidagi sigaretini kuldonda ezg‘ilab, gapida davom etdi:
– Endi tushungandirsan, meni nega qochib yurganimni? Qanaqa ko‘rsatmalar bermadim mirshabga! Polkovnik va uning yordamchisidan qochib, necha kecha-kunduzni qo‘rquvda o‘tkazmadim, ularning dag‘dag‘asidan hatto uyda yotmadim, ko‘chalarda tentirab chiqdim! E, aytaversam gapim ado bo‘lmaydi... Bu azoblarning natijasi o‘laroq, Amrillo Zariga uylandi va uni ham mening uyimga olib kirdi. Noqulay vaziyatda qoldim: Amrilloni mehnat qonunlari, Zarini esa oila va nikoh qonunlari himoya qiladi, meni esa hech kim himoyasiga olmaydi. Men o‘zimni o‘ylashim kerakmi! Birinchi navbatda Amrillo meni topib olmasin deb, ishdan bo‘shadim va boshqa ishga joylashdim. Keyin Yusufoboddan ijaraga uy topdim, uncha katta bo‘lmagan jamg‘armamga uy jihozlari sotib olib, uch xonaning biriga joylashtirdim. Va nihoyat, bir kuni ertalab Shopur ko‘chasidagi uyda nima bo‘lsa hammasini to‘y sovg‘asi sifatida yangi kelin-kuyovga tashlab, chiqib ketdim.
Bir qancha vaqt Yusufobodda yashadim. Bir kuni kechasi gazeta varaqlab turib, oxirgi sahifadagi tanish suratga ko‘zim tushdi va darrov o‘zimni tanib oldim. Surat tepasida “Bedarak yo‘qolgan kimsa”, tagida: “Qosim Mehnatobodiy qirq kun oldin uydan chiqib ketib, qaytib kelmagan. U haqda bilganlar ko‘rsatilgan manzilga xabar bersin. Suyunchisi bor”, degan so‘zlar yozilgan.
Ey, xudoyim, endi nima qilish kerak? Qayoqqa qochib yashirinish kerak?
Ertalabgacha mijja qoqmay chiqdim. Keyin yangi joy izlab ketdim. Uyga quruq qaytib, tushlik qilib o‘tirsam, eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Eshikni ochsam, ostonada Amrillo, xotini Zari va mirshab turibdi.
– Sizga kattadan-katta rahmat, janob serjant, – meni ko‘rib, mirshabga minnatdorchilik bildirdi Amrillo. – Bu xuddi o‘sha kishi. Yordamingiz uchun yana bir marta rahmat! Endi ketishingiz mumkin.
– Amrillo!.. Qanday qilib meni topding? – hayron bo‘lib so‘radim undan.
– Mirshab yordamida, – dedi u. – Hukumat bilan hazillashib bo‘lmaydi. Har bir politsiya mahkamasida fuqarolarning manzili va surati bo‘ladi.
– Mendan yana nima istaysan?
– Aytarli hech narsa, janob, faqat sizsiz yashay olmaymiz. Ijara puli, suv, chiroq, telefon haqini to‘lash kerak. Men bilan Zariga yemak kerak. Bularga qayerdan pul olamiz?
Xullas, men tashlab kelgan narsalarni bu yerga olib kelishdi va bo‘sh yotgan xonalarga joylashishdi. Biz yana bir uyda yashay boshladik. Bora-bora, men bu daydilar bilan boshqa yashay olmasligimni sezdim. Menda kuch qolmagan edi, ular ikki kishi bo‘lsa, yaqinda uchta bo‘lishlari ehtimoldan xoli emasdi...
Qosim qayg‘uli bir xulosa yasadi:
– Menimcha, bizdagi qonunlar Amrillo va uning xotinini himoyasi uchun yaratilgandek, politsiyaning esa meni qidirib topib, yana o‘shalarning qo‘liga topshirishdan boshqa ishi qolmagan.
Qosim karavot tagidan bir dasta gazeta-jurnallarni olib ko‘rsatdi.
– Qara, bularning barchasida mening suratim va ustida “Bedarak yo‘qolgan kimsa” degan yozuvi bor. La’nati Amrillo yashirindim deguncha, bularni e’lon qiladi. Biror safar yo‘qki, mirshab meni topolmagan va ularning qo‘liga topshirmagan bo‘lsin. Bugun esa, oradan ikki yil o‘tib, meni ko‘rgani kelding va kecha kechasi suratimni televizorda ko‘rsatgan xabarini yetkazding. Endi men nima qilishim kerak? Qayoqqa qochsam ekan? Kimga arz qilsam ekan?
– Ha, bu juda achinarli hol, – dedim Qosimning holiga achinib.
– Lekin sen g‘am yema, xudo bor, bu ishlar bir yoqlik...
Gapim og‘zimda qolib, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Qosim menga qo‘rquv va tahlika to‘la ko‘zlarini tikib, toshdek qotib qoldi.

Rus tilidan Ilhom Zoyir tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.