Tungi soat o‘n bir edi. Bar joylashgan Bolivar bilan Venesuela ko‘chalari kesishgan chorrahadagi almasenga kirgandim. Burchakda o‘tirgan kimsa chaqirib qoldi. Uning ovozi qandaydir hukmfarmo edi, harqalay bo‘ysunganimni o‘zim ham bilmay qoldim. U bir o‘zi, oldidagi ryumka bo‘sh, aftidan anchadan beri o‘tirganga o‘xshardi. Kelbati o‘rta bo‘yli, ko‘rinishidan odmi duradgor yoki shunchaki qadimgi dehqonlarni eslatardi. Mo‘ylabi siyrak va moshguruch. Shaharliklarga xos ehtiyotkor, sharfini ham yechmagan.
— Qittak-qittak otamizmi? — dedi u samimiy.
Beixtiyor o‘tirdim, gaplasha boshladik. Ajabo, o‘sha uchrashuvimizga ham o‘ttiz yil bo‘libdi. U sekin gap boshladi:
— Siz men bilan endi gaplashayapsiz. Men esa sizni taniyman, sen’or! Ismim Rosendo Xuares. Turgan gapki, sizga men haqimda marhum Paredes gapirgan. O‘zi shunaqangi sal g‘alatiroq chol edi. Agar vaqtingizni qizg‘anmasangiz, o‘sha tunda aslida nima yuz berganini aytib beraman. Rezatel o‘ldirilgan tunni aytayapman. Qanchalik zo‘rligini bilmayman-u, siz u haqda hikoya yozgansiz, lekin haqqi rostni bilib qo‘yganingiz yaxshi. Sizga aytilgan narsalarning hammasi ham haqiqat emas.
U xuddi eski gaplarni xotirlayotganday biroz jim qoldi, so‘ng gapida davom etdi:
— Shunday narsalar bo‘ladiki, uning mohiyatini ancha yillar o‘tgach, tushunib yetasan. O‘sha tundagi mashmashaning urug‘i ancha oldin sepilgan edi. Men Florestaning narigi tomonidagi Maldonadoda katta bo‘lganman. U yer shunchaki bir kavak edi. Yaxshiyam hozir tozalab qo‘yishgan. Bu ham taraqqiyot degani, men unga ishonaman. Axir odamzot tug‘iladigan yerini o‘zi tanlamaydi-ku! Qanchalik chiranmay, otamning ismini aniqlay olmadim. Onam yaxshi xotin edi, dazmol bosib kun kechirardi. U Entre-Rios yoki Sharqdan edi shekilli, aniq bilmayman. Harholda Konsepson-del-Urugvay shaharchasidagi bitta urug‘i haqida gapirib yurardi. Hilviragan maysadek katta bo‘lganman. Hademay desangiz, tayoqda urishni ham o‘rganib oldim. U vaqtlar futbolga qiziqmasdik, uni xayolparast inglizlar o‘ylab topgan bema’ni narsa deb hisoblardik.
Ittifoqo bir kuni kechqurun almasenda o‘tirsam, hech narsadan hech narsa yo‘q Germendia ismli bir yigit menga tixirlik qila boshladi. Men indamadim, u esa sira holi-jonimga qo‘ymay tixirlik qilaverdi. Tashqariga chiqdik. Yo‘lakka chiqiboq ichkaridagilarni:
— Hozir qaytib kelaman, kutinglar! — deya ogohlantirdi.
Pichog‘im yonimda edi. Bir-birimizdan ko‘z uzmay, asta daryo yoqasiga yura boshladik. Germendia mendan yosh jihatdan katta edi, ammo biz ko‘p urishardik. Bugun u, nihoyat mendan qutilishga — meni chavaqlab tashlashga ahd qilgan edi. Men yo‘lakning o‘ng tarafida, u esa chap tomonida borardik. U to‘satdan axlat uyumiga qoqinib ketdi. Muvozanatini yo‘qotgan zamon fursatni qo‘ldan boy bermadim. Yuziga musht otdim, biz olisha ketdik. Bunaqa paytda har baloni kutish mumkin. Nihoyat, pichoq urdim. Adashmagan ekanman, masala hal bo‘ldi. Shundan keyingina o‘zimning ham yengil yarador bo‘lganimni, uning pichog‘i sal yalab o‘tganini sezdim. O‘sha kuni odam o‘ldirish vahimali ish emasligini ilk bor his etdim. Boz ustiga yo‘l-yo‘rig‘ini ham o‘rganib oldim. Daryo ancha olisda, quyiroqda edi. Darhol o‘likni g‘isht pechi panasiga yashirdim. Tentak bo‘lmasam, u bo‘yniga osib yuradigan tasmani ham olib olamanmi?! Yana bo‘ynimga taqib olganim-chi! Bo‘ynimda uning tasmasi, shlyapamni qiyshaytirib, almasenga qaytdim. Ohista kirib, o‘tirganlarga:
— Chamamda men qaytdim shekilli, — dedim.
Bir stakan aroq buyurdim, hozir shu zarur edi. Kimdir egnimdagi qon dog‘iga ishora qildi, men indamadim.
Tun bo‘yi o‘rnimda ag‘anab chiqdim, to tonggacha uxlay olmadim. Ishga zang urilgan zamon tepamda ikki politsiyachi paydo bo‘ldi. Rahmatli onam bechora rosa ayuhannos soldi. Meni xavfli jinoyatchi singari tortqilay boshladilar. Ikki kecha-kunduz yolg‘iz qamab qo‘yishdi. Hech kim xabar olmadi, faqat Luis Irala sodiqligini oqladi, xolos. Ammo uni oldimga qo‘yishmadi. Axiri politsiya inspektori yo‘qlatdi. U stulga yastanib o‘tirar, menga o‘girilib ham qo‘ymay, savolga tutdi:
— Xo‘sh, Germendiani sen so‘ydingmi?
— Sizningcha shundaymi, axir... — javob qildim men.
— Menga «senor» deb murojaat etishadi. Tonishdan va qamoqda o‘tirishingdan foyda yo‘q. Mana, guvohlar ko‘rsatmasi va uyingdan chiqqan uning tasmasi. Bo‘yningga ol-da, darhol imzo chek, — u ruchkani dovotga tiqdi-da, menga uzatdi.
— O‘ylab ko‘rishga ruxsat eting, senor inspektor, — xayolimga kelgan gap shu bo‘ldi.
— Yigirma to‘rt soat ixtiyoring o‘zingda, seni yolg‘iz qo‘yamiz, rosa o‘ylab ko‘r. Shoshilma, hech kim xalaqit bermaydi. Shundayam aqling kirmasa, o‘zingdan ko‘r. Las-Eras ko‘chasiga ravona bo‘lasan.
Turgan gapki, uning ishorasini tushunib yetmadim.
— Ko‘nsang, ozgina o‘tirasan xolos. Qo‘yib yuborishadi, keyin masalangni don Nikolas Paredes hal qiladi.
O‘n kun deganda oxirgi bitimga keldik. Ular istagan shartnomaga qo‘l qo‘ydim. Soqchilardan biri meni Kabrier ko‘chasiga kuzatib bordi. U yerda qoziqlarga otlar bog‘lanib turar, hovlida hamda ichkarida borderdagidan ham ko‘proq odamlar uymalashardi. Bu yer komitet ekan. Mate ichib o‘tirgan don Nikolas xonasiga olib kirishdi. U bosiqlik bilan meni Moronga yuborishini, u yerda saylovlarga hozirlik ko‘rilayotganini tushuntirdi. Sinab ko‘rish uchun meni darhol senor Lofferrer oldiga jo‘natdi. Hujjatni she’r-per mashq qilib yuradigan bitta o‘spirin tayyorladi. Aytishlaricha, qariyalar uyi, yana allambalo razilliklar haqida she’rlar yozarkan. Xullas, qog‘ozni o‘sha tayyorladi. Unga minnatdorchilik izhor etib, tashqariga chiqdim. Soqchi gumdon bo‘libdi.
Xudo poshsho, ishingni o‘nglayman desa, hech gapmas. Oldin boshimga kulfat solgan Germendianing o‘limi endi ochilayotgan edi. Albatta, nazorat ostida edim. Tan olaman, partiyaga xizmat qilmasam, yana tiqib qo‘yishardi, shuning uchun kuchim boricha o‘zimni ko‘rsatishga, ishonchlarini qozonishga urinardim. Ustiga ustak senor Lofferrerga yoqib qoldim shekilli, «Agar o‘zingni yaxshi tutsang, seni shaxsiy soqchilikka olaman», dedi. Nimaiki buyurishsa, bajardim. Morondayam, boshqa joyda ham rahbariyatning ishonchini qozondim. Politsiya bilan partiya birgalikda mendan uddaburon kimsa «yasashdi». Poytaxtda ham, uzoq qishloqlarda ham saylov minbarlarida mendan o‘tadigan ustamon shovvoz yo‘q edi. Burungi saylovlar qisqa bo‘lardi. Yuz bergan qonli voqeani so‘ylab, sizni zeriktirib qo‘ymay, yetar. Anavi Lemlariga yopishib olgan radikallarni sira jinim suymaydi. Tez orada hammaning hurmatini qozondim. Qarabsizki, akang faqirning yonida ayol kishi ham, tovlanib-tuslanib turgan ot ham bor. Bir vaqtlar har ikkitadan bittasi o‘zini gaucho hisoblagan odamlardek necha yil o‘zimni Moreyro ko‘rsatib yurdim. Ishim qimorbozligu yorqoq arog‘ining kayfini surish.
Biz, laqma chollar, bir gapga tushdikmi, tamom, to‘xtatish amri mahol, maqsadga o‘taman. Luis Irala to‘g‘risida gapirdim, shekilli, a? Gapirdimmi? Bunaqa do‘st onda-sonda uchraydi. Keksayib qolsa-da, ishdan qochmasdi, meni yaxshi ko‘rardi. Umr bo‘yi biror komitet-pamitetga aloqasi bo‘lmagan. Duradgorlik bilan kun kechirardi. Hech kimning ishiga burnini tiqmasdi, birovlarga ham so‘zini bermasdi. Bir kuni oldimga kelib, shunday deb qoldi:
— Kasilda ketib qoldi, shuni senga aytay deb, kelib edim. Uni Rufino Agilera boshini aylantirdi.
Bu kimsa bilan ilgari Moronda to‘qnashgan edik. Men javob qildim:
— Taniyman. Agillerlar ichida sal tuzugi ham o‘sha.
— Yaxshimi, yomonmi, bilmayman-u, u bilan endi orani ochiq qilmasam bo‘lmaydi.
O‘ylab turib, dedim:
— Hech kim sening hech vaqongni tortib olgani yo‘q. Agar Kasilda sendan kechgan bo‘lsa, demak Rufinoni yaxshi ko‘radi, sen unga befarq bo‘lib kelgansan.
— Odamlar nima deydi? Men nima degan odam bo‘ldim, yoki qo‘rqoqmanmi?
— Mening gapimga kirsang, odamlarning g‘iybatidan qo‘rqib, boshingni baloga giriftor etma. Buning ustiga, xotining seni sevsa ham go‘rga edi.
— Menga u baribir. Xotin kishini besh daqiqadan ortiq o‘ylagan erkak erkak emas, atigi bitta latta. Kasildada qalb bormi?! So‘nggi bor birga yotgan tunimiz qarib qolyapsan, dedi.
— Nima qipti, rostini aytgan.
— Rost gap xudoga yoqmaydi. Mayli, menga hozir faqat Rufino kerak.
— Ehtiyot bo‘l. Yana tanangga o‘ylab ko‘r, men uni Merlodagi saylovda ko‘rganman. Dovyurak odam.
— Meni qo‘rqoq deyapsanmi?
— Bilaman, qo‘rqmaysan, biroq o‘ylab ko‘r, yaxshi bo‘ladi, demoqchiman. Ikki narsadan bittasi albatta sodir bo‘ladi: yo o‘ldirib qamoqda chiriysan yoki tinchiysan; u seni o‘ldiradi, qabristonni gullatasan.
— Mayli, mening o‘rnimda sen o‘zing nima qilgan bo‘larding?
— Bilmadim-u, harholda bu ishda o‘rnak bo‘lolmayman. Turmaning beti qursin, deb komitetda mushtumzo‘r bo‘lib yuribman.
— Menga komitet-pamiteting shart emas, qasdimni olsam bo‘lgani.
— Demak, kim uchun, bitta o‘zing sevmaydigan mochag‘arni deb tinch boshingni g‘avg‘oga tiqmoqchimisan?
U boshqa indamadi, chiqib ketdi. Ertasi kuni ma’lum bo‘lishicha, u Rufinoni Morondagi do‘konda uchratibdi va o‘z boshiga yetibdi. U o‘limga tik bordi, topdi ham. Topganda ham halolidan buyurdi: yakkama-yakka olishuvda o‘ldi. Unga maslahat berganim uchun o‘zimni aybdor his qildim.
Janozadan bir necha kun keyin xo‘roz jangini tomosha qilgani bordim. Unchalik ishqiboz ham emasdim, ammo o‘sha yakshanba rosa jazavam tutdi. Xo‘rozlarning yonidan o‘tayotib «hammang qirilib bit, ha, battar bo‘l», deya oldim, xolos.
Hikoyangizga sabab bo‘lgan tunda og‘aynilar bilan Pardaga, raqs tushish uchun borishga ahd qildik. Shuncha yillar o‘tgan bo‘lishiga qaramay, hali-hali jazmanimning guldor ko‘ylagi shundoqqina ko‘z o‘ngimda turadi. Ochiq havoda rosa o‘yin tushdik, miriqdik. Mastliklar ham yetarli bo‘ldi: biroq men xudoning yo‘liga imkon qadar hushyor turdim. Notanish odamlar tashrif buyurishganda hali o‘n ikki ham bo‘lmagan edi. O‘sha kuni Rezatel ismli kimsa hammaga ichkilik buyurdi. Uning maqsadi fursatdan foydalanib, ikkimizning ham loyimiz bir qorilganini isbotlash ekan. Sezib turibman, bir nayrang ko‘rsatmoqchi bo‘lardi: yaqin kelib menga xushomad qila boshladi. Emishki, u Shimoldan ekan. U tomonlarda men mashhur ekanman. Uning gapiga xalaqit bermasam-da, bu mashmashannng oxiri baxayr emasligiga aqlim yetayotgandi. U tinmasdan aroq ichar, balki o‘zini botir ko‘rsatishga urinayotganmidi, bilmadim. Xullas, oxiri meni jangga chaqirdi. Shunda hech tushunib bo‘lmaydigan g‘alati holat yuz berdi: ana shu gajji jangari basharasida xuddi oynada ko‘rganday o‘zim turardim. Vujudimni uyat qamrab oldi. Qo‘rquvdan asar yo‘q edi, agar cho‘chiganimda urishib ketardim. Go‘yo hech narsani sezmaganday miq etmay turaverdim. U esa yana yaqinroq kelib, hamma eshitgudek darajada baralla qichqirdi:
— Ko‘rdingmi, qo‘rqoq ekansan?!
— Xo‘p, — dedim men. — Ko‘rqoq desang, deyaver. Kerak bo‘lsa, onangni... de, sharmanda deb ayt. Xo‘sh, ko‘ngling to‘ldimi? Maqsadingga erishdingmi?!
Luxanera sekin kamzulimdan pichoqni chiqarib, qo‘limga tutqazdi va ohista pichirladi:
— Rosendo, ma, kerak bo‘ladi.
Pichoqni yerga otib, shoshilmay tashqari chiqdim. Odamlar hayron yo‘l bo‘shatishdi. Odamlarning nima deb o‘ylashi menga baribir edi.
Shunaqangi hayotimga nuqta qo‘yish uchun Sharqiy Respublikaga qochdim, u yerda izvoshchilik qildim. U yoqdan qaytgach, shu yerga makon qurganman. San-Telmodaqangi tinch joy bor-mi?!
Ingliz tilidan Tilavoldi Jo‘rayev tarjimasi.