OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yaroslav Gashek. Arzanda Ksavera (hikoya)

Ksavera deb atalgan bu cho‘chqa bolasini limon o‘t bilan boqishardi. Unga Ksavera degan nomni qo‘rg‘on sohibi munosib ko‘rdi. Boshqacha aytsak, metskeralik professor, ozuqashunoslik ilmida katta obro‘ qozongan olim Ksavera Kelner xotirasi shu yo‘sinda sharaflandi. Bu olim o‘zidan keyingi avlodlarga quyidagi hikmatni meros qilib qoldirgan: «Men har taraflama olib borgan kuzatishlarimga tayangan holda, dadil ayta olaman: limon o‘t shu qadar xushxo‘r o‘simlikki, hech bir yemish uning o‘rnini bosa olmaydi».
Cho‘chqa bola Ksaveraga limono‘t judayam yoqib qoldi. U kundan-kunga to‘lishib borardi. Tumshug‘ini shu o‘tga tiqib, uni serqaymoq sutga omuxtalab tanovul qilgani-qilgan edi. Mulk egasi graf Ramm vaqti-vaqti bilan Ksaveradan xabar olib turar va bot-bot unga:
— Siz, bolaginam, ko‘rgazmaga borasiz-a. Aqlli bo‘ling, ovqatdan aslo o‘zingizni tiymang. Meni uyaltirib qo‘ymang, tag‘in, — deya pand-nasihat qilardi.
Goh-gohida grafinya ham Ksaverani yo‘qlab turardi.
— Oh, qanday jussali va yoqimtoy, mening Ksaveram! — xitob qilardi xonim yuz-ko‘zlari mehrdan tovlanib.
Xayrlashuv chog‘ida har ikkalalari Ksaveraga shunday niyat qilishardi:
— Tuning xayrli bo‘lsin, lo‘ppiginamiz. Tinch, osoyishta uxlab tur...
Cho‘chqa bola Ksavera o‘zidan uzoqlashayotgan mehribonlarini jimitday ko‘zlarini ochib-yumib va ohangdor «xo‘r-xo‘r»lab kuzatib qolar, uning tovushini jon qulog‘i bilan tinglagan grafinya esa eriga derdi:
— Ksaveraning ovozini eshitib, men beixtiyor ruhning tanadan-tanaga ko‘chib yurishi mumkinligiga ishonib ketaman...
Ksaveraning huzuriga xo‘jayinning mehmonlari ham tashrif etib turishardi. Ular nodir zotli cho‘chqacha bilan ko‘rishuvdan qalblarida uyg‘ongan zavq-shavq larini frantsuzcha, nemischa, inglizcha so‘zlarda ifoda etishar, esdalik uchun u bilan yonma-yon turib suratlarga tushishardi.
Ksavera doimo hozirgina hammomdan chiqqan bolakay singari yal-yal tovlanib turar, bo‘ynidagi yirik baxmal bog‘ich uni yanada istarali qilib ko‘rsatardi.
Ksaverangiz, ko‘rgazmada, albatta, birinchi sovringa sazovor bo‘ladi, deya bashorat qilishardi grafning barcha do‘stlari, jentlmenlar, zodagonlar.
Sertakalluf eri grafinyaning tavallud kunida boshqa ko‘pgina sovg‘a-salomlar qatorida Ksaverani ham unga tuhfa etdi. Shu tariqa, Ksavera endi butunlay va faqat grafinya bisotiga aylandi. Grafinya Ksaverani yo‘g‘on, boqibeg‘am, loqayd jonivor deb emas, balki, aksincha, ko‘rkam va yovvoyi bir mo‘‘jizaday qabul qildi hamda uning yuz-ko‘zlarini yutoqib o‘pa boshladi.
Cho‘chqa bola grafinya ixtiyoriga o‘tgach, uning sihat-salomatligi ustidan nazorat choralari yanada kuchaytirildi. Arzandani alohida binoga ko‘chirishdi. Bu bino vaqti-vaqti bilan shamollatib turilar, unga havoni muntazam ravishda tozalab turadigan uskuna o‘rnatilgan edi.
Ksaveraning cho‘miladigan o‘z vannasi bor edi, yana grafning nazokatli didiga monand tarzda jihozlangan unitazli hojatxona ham cho‘chqa bolaning xizmatida edi. «Cho‘chqaxona» deb atalmish koshonaning u-bu joyiga termometrlar osib qo‘yilgan, kechayu kunduz oyoqda turib xizmat qilayotgan Martin esa cho‘chqa bola uchun ajratilgan suv va sutning harorat darajasini o‘lchab turish bo‘yicha mas’uliyatli topshiriq olgan edi. Martin, avvalo, baytar belgilagan haroratning aniq me’yorda saqlanib turishini ta’minlashi shart edi. Axir Ksaveraday mo‘rt, nafis jonivorning ichak-chavog‘i shamollab kasallanib qolsa, grafinya buni ko‘tara olmaydi, agar shunday bo‘lsa, Xudo ko‘rsatmasin, xunobi oshib, uning ertayu kech yig‘idan qo‘li bo‘shamay qoladi-ya.
Shu boisdan, xizmatkor Martin cho‘chqa bolaning taomlari haroratini hafsala bilan kuzatib borardi, Ksaveraning ovqatini vaqti-vaqti bilan yo talab qilingan darajada isitar, yoki bo‘lmasam, sovutardi.
Ko‘p o‘tmay, cho‘chqa bolaning oromgohi elektr chirog‘i bilan yoritila boshlandi, shuningdek, uni ichiga jun to‘ldirib qappaytirilgan yumshoq to‘shakda orom olishga o‘rgatishdi. To‘shak, tabiiyki, mikrob-bakteriyalarga qarshi dorilar purkab, ishonchli, toza holatga keltirilgan edi. Ksavera bu g‘amxo‘rliklarni oqilona qabul qildi va kun sayin qorin qo‘ya boshladi.
Kunlardan bir kuni grafinya eri bilan o‘z ovunchoqlarini tag‘in ko‘rgani kelishdi. Ksavera xuddi shu kezda quduqdan olingan tiniq, zilol suvning ichiga to‘rtala oyog‘i bilan kirib olib, uni xo‘ril-latib ichmoqda edi. Suv bakteriologik tekshiruvdan o‘tkazilgan, tarkibida zararli bakteriyalar mutlaqo yo‘q edi. Kimyoviy tahlil esa suv tarkibida salomatlik uchun foydali bo‘lgan barcha unsurlar mavjudligini tasdiqladi (bu — cho‘chqa zoti uchun ayni muddao edi).
Graf, odatiga ko‘ra, termometrni suvga tiqdi va ... ko‘zlariga ishonmay qoldi! Suvning harorati belgilangan 8 S o‘rniga 7,5 ga tushib qolgan edi. Grafinyaning rangi oqarib ketdi. Bo‘lishi mumkin emas! Nahotki, yaramas xizmatkor haroratni o‘lchamagan bo‘lsa?
Graf va grafinya tahlikaga tushganlaricha, jon holatda birgalashib Ksaverani suvdan chiqarishdi. Vujudingizni shamollatib qo‘yishingga sag‘al qopti-ku, deb yozg‘irishdi o‘takalari yorilguday bo‘lib. Keyin idishdagi suvni qopqoq bilan shoshilinch bekitishib, xizmatkorning kulbasiga qarab yugurishdi.
— Sen Ksavera ichadigan suvning haroratini nega tekshirmading, to‘nka, — Martinni ko‘rishi bilan tutaqib ketdi graf.
Xizmatkor Martin esa deraza yonidagi to‘shakni qo‘l ishorasi bilan ko‘rsatdi.
— O‘g‘lim og‘ir betob, janobi oliylari. Isitmasi baland, unga dori ichiryapman.
— Hoy, men sendan so‘rayapman! Ksavera ichadigan suvning haroratini o‘lchaganmiding?
— Unutib qo‘yibman, janobi oliylari. Bolam, mana, yotib qoldi. Unga dori tutyapman. Boshim gangib...
— Nima? — o‘shqirdi graf. — Hali sen o‘z ishingga shunday munosabatdamisan? Men senga xo‘jayin bo‘lmay qoldimmi, yaramas? Xohlaganingcha yashamoqchimisan? Hozir, lash-lushingni yig‘ishtir. Bundan keyin mening xizmatkorim emassan. Kechgacha bu yerdan qorangni o‘chir!
— Qanday ablah! — grafinya uni qo‘llab-quvvatladi.
Joni hiqildog‘iga kelgan xizmatkor Martin o‘sha kuniyoq cho‘chqaxonaga borib Ksaverani pichoqlab tashladi. Zudlik bilan chaqirilgan baytar cho‘chqa bolaning o‘limini rasman qayd etdi. Grafinya bu falokatdan qattiq qayg‘uga tushib, aqldan ayrilayozdi va uzoq vaqt behush holatda yotdi. Jandarm xizmatkor Martinning qo‘lini orqasiga chiyirib bog‘lab olib ketdi. Qotilning betob o‘g‘li qo‘rg‘ondan tashqariga chiqarib tashlandi.
Gazetalarda quyidagi xabar chop etildi: «Hayvonlarcha shafqatsizlik. Taniqli zodagon graf Rammning xizmatkori Martin, ko‘rnamakligi bois, ishdan haydaldi. U qasoskorlik jazavasi og‘ushida zotdor cho‘chqaning qimmatbaho bolasini chavaqlab tashladi. O‘vuz kimsa sudga topshirildi. Atrofda mavjud gap-so‘zlarga qaraganda, u hech qanday dinga e’tiqod qilmas ekan. Agar bu mish-mishlar rost chiqsa, kimki Xudoga ishonmas ekan, bunday odam albatta eng ashaddiy jinoyatlarga qo‘l uradi, degan qarash yana bir marta o‘z tasdig‘ini topadi».
Martin uch oy mobaynida sud arafasidagi qamoqda bo‘ldi. So‘roq paytida to‘xtovsiz qaysarlik ko‘rsatdi, cherkovga ibodatga ham bormadi. Tergov davomida esa uning tarjimai holida sir bo‘lib kelgan yana talay qing‘irliklar ochildi. Ayon bo‘lishicha, u o‘n to‘rt yoshidayoq ko‘cha yig‘inlarini ma’n etuvchi qonunlarni buzganlikda ayblanib, ikki hafta hibsda bo‘lgan, bu g‘irrom bolakay hatto pristavning «Tarqalinglar!» degan buyrug‘ini eshitsa ham sira pinagini buzmapti. Uning hayotida ro‘y bergan keyingi barcha qing‘irliklarning ildizi aynan ana shu surbetlikka borib taqaladi, albatta. Keyinchalik u: «Ey, siz paxmoq soqollar!» deya jandarmlarga qarshi bezorilarcha qichqirganligi uchun yana uch kun o‘tirib chiqqan... Qoralovchi aybdorning hayotidan shu xildagi va boshqa yana ko‘pgina mayda-chuyda gunoh ishlarning barchasini aniqlab, ularni ayblanuvchiga qarshi ishlatdi. So‘zining yakunida esa qoralovchi ayblanuvchining o‘tmishida ko‘zga tashlangan jinoyatkorlikka moyillik alomatlarini bittama-bitta sanab o‘tgach, nihoyat, mabodo uning qiziqqon qo‘liga Ksaveraning o‘rnida grafning o‘zi tushib qolsa bormi, uniyam bamisoli cho‘chqaday shartta so‘yib tashlardi, degan dahshatli xulosani bayon etdi.
Martinning advokati oldida mushkul vazifa turardi. O‘tmishni yashirib bo‘lmaydi, ayblanuvchining bemor yotgan bolasi esa borib turgan ko‘ngilchanlik bilan bog‘liq, ta’bir joiz bo‘lsa, arzimas bir narsa. Uni ikki qulog‘idan ushlab tortib yuqoriga ko‘targaningda ham, vaziyatni yumshatuvchi bir dalilga aylantirish amri mahol.
Cheksiz iztirobda o‘tirgan grafinyaning ahvolini kuzatish esa yanada oson emasdi. Grafinya sudda guvoh sifatida qatnashar, sud raisining stoli ustida yotgan baxmal bog‘ichga nazari tushgan zahoti tag‘in uning chehrasini achchiq ko‘z yoshlari yuva boshlar edi.
— Ha, men taniyapman, taniyapman uni, — dedi aftodahol bir vaziyatda o‘tirgan grafinya sud raisining savoliga javoban. — Bu bog‘ich mening aziz Ksaveramniki, uning mushfiq vujudi esa qo‘rg‘on bog‘ida, nilufar gullari pushtasi orasida, qaro yerda yotibdi...
Ayblanuvchi sodir etilgan jinoyatda o‘zining aybdor ekanligini tan oldi, lekin xatti-harakatidan hech bir afsuslanmasligini ham ma’lum qildi. Pirovardida, boshqa kishining mulkiga ataylab zarar yetkazgan shaxs sifatida u bir kishilik kamerada saqlanish sharti bilan olti oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Lekin bu hammasi emas. Haq joyida qaror topadi, deganlari shumikin — oradan ko‘p o‘tmay ayblanuvchining betob o‘g‘li ham bandalikni bajo keltirdi. Ha, qismatning tegirmon toshi o‘z maromida aylanib, yanchaveradi. Lekin adashmay yanchadi.
Cho‘chqa bola Ksavera esa oppoq gulli nilufarlar ostida tinch va abadiy uyquda. Gullar og‘ushida unga xotira marmar toshi o‘rnatilgan. Yarqiroq tosh siynasiga shunday so‘zlar o‘yib bitilgan:
«Bu yerda bizning qimmatli Ksaveramiz yotibdi. U qotil Martin qo‘lida fojiali ravishda halok bo‘ldi. Martin bu aybi uchun bir kishilik kamerada saqlanish sharti bilan olti oylik qamoqqa va olti kunlik och-nahorlikka hukm etildi. Marhum Ksavera 1907 yilning 8 may kuni, bir yarim yoshida dafn etildi. O‘tgan joylaring tuprog‘i parto‘shak bo‘lsin!»
Graf Ramm baxtiqaro cho‘chqa Ksaveraga atalgan baxmal bog‘ichdan bir bo‘lagini qirqib olib, o‘ziga bo‘yinbog‘ buyurtma qildi. Graf uni har yili, nodir zotli cho‘chqa bola halok bo‘lgan kuni ma’yuslik ila bo‘yniga taqib yuradi.

Rus tilidan Mixli Safarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.