OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yaroslav Gashek. Muruvvat (hikoya)

Qaysi qilgan aybi uchun osishlari kerak?.. Patyalga endi buning qizig‘i yo‘q edi. Qatl oldidagi oqshomda, sodir etgan jinoyatlari to‘g‘risida xayol surib o‘tirar ekan, nazoratchi qamoqxona hujrasiga bir shisha may hamda buzoqning binoyiday bir bo‘lak go‘shtidan tayyorlangan qovurma taomni ko‘tarib kirib kelganida, u o‘zini kulimsirashdan tiya olmadi.
— Buning hammasi mengami?
— Ha-da, — dedi nazoratchi. — So‘nggi bor bir xumordan chiqib, to‘yib ovqatlaning. Hozir men sizga bodringdan gazak ham keltiraman, barchasini birato‘lasiga olib kelishni uddalay olmadim.
Patyal uni mamnun bo‘lib tingladi. Keyin kursiga bamaylixotir o‘rnashib oldi-da, kinoyaomuz jilmayib, qovurdoqni paqqos tushirishga kirishdi. Ko‘rinib turibdiki, u boricha fikrlaydigan beor bir kimsa edi, hatto umrining shu oxirgi soatlarida ham, hayot o‘ziga nimaniki ravo ko‘rgan bo‘lsa, ularning hech birini qo‘ldan chiqarishni istamasdi.
Faqat bitta o‘y Patyalning ishtahasiga ozroq pand berardi: uning shafqat so‘rab qilgan o‘tinchi bugun tongda rad etildi, hukmning ijrosi atigi yigirma to‘rt soatgagina kechiktirildi, xolos. Bu to‘g‘ridagi xabarni unga yetkazgan kishilar, ya’ni hukmning ijro etilishi oldidan uni baribir o‘limga ko‘ngildagiday hozirlash uchun jonini jabborga berayotgan mana shu odamlar, uni osishadi va murdasini tomosha qilishadi. O‘zlari bo‘lsa, ertaga, ertadan keyin va yana ancha-muncha yillar yashayverishadi, oqshomlari, go‘yo aytarli biron kori hol ro‘y bermaganday, xotirjam, oilalari bag‘riga oshiqishadi, lekin Patyal... bu olamda boshqa bo‘lmaydi.
Ko‘nglida shunday o‘ylar kezar ekan, Patyal dilgir bir ahvolda buzoq go‘shtidan tayyorlangan qovurdoqni astoydil tanovul qilardi. Bodringdan qilingan gazak hamda bulka non keltirishganida esa, u homuza tortdi va sarxil tamakidan topilsa, bir miriqib trubka tortish istagi yo‘q emasligini izhor etdi.
Mahbusga eng a’lo navli tamaki xarid qilindi. Nazoratchining o‘zi, lutfan unga gugurt chaqib tutdi va gap orasida Patyalga Allohning marhamati cheksiz ekanligini eslatdi. Mabodo, yerdan nasibasi uzilganida ham, aytib bo‘lmaydi, balki osmonda...
Mahbus shundan keyin yana bir to‘yimli dudlangan cho‘chqa go‘shti hamda bir shisha may keltirishlarini so‘radi.
— Bugun ko‘nglingiz tusaganini muhayyo qilamiz, — kuyinchaklik bilan dedi nazoratchi. — Siz kabi odamlardan biz hech bir narsani ayamaymiz.
— Agar unday bo‘lsa, — dedi bunday iltifotdan ko‘ngli biroz yorishib Patyal, —menga yana ikki to‘yimli, o‘pka-jigar aralash-masidan tayyorlangan kolbasa keltirsangiz. Tag‘in, bir litr qoramtir pivo bo‘lsa, qani edi...
— Hoziroq buyuraman, keltirishadi, — dedi nazoratchi. — Nega endi vaqtingizni chog‘ qilmas ekanmiz? Hayot degani juda omonat, undan imkon qadar, ulgurganingni olib qolishing kerak.
Nazoratchi buyurtmalarni keltirgach, Patyal undan astoydil mamnun ekanligini ma’lum qildi.
Biroq nafsini, qani endi, nafsini jilovlay olsa!..
— Endi, gap bunday, — dedi u barcha idish-tovoqlarni yalab-tozalab bo‘lgach, — shu topda negadir qovurilgan quyon go‘shti, pishloq, anavi, gorgonzola deyishadimi — o‘shandan, jiqqa yog‘li sardinka va yana, yengil hazm bo‘ladigan ul-bul yeyimliklar topilsa, zo‘r bo‘lardi...
— Hech ham tortinmang, mahbus, xohlaganingizni topamiz. Ochig‘ini aytsam, sizning kiroyi ishtahangizni ko‘rib, dilim yayrayapti. Umid qilamanki, mening ixtiyorimda ekansiz, tonggacha o‘zingizni osib qo‘ymassiz? Ko‘rinib turibdi, esli-hushli kishisiz. Buning ustiga, janob Patyal, sizni hukumat osishidan oldin o‘zingizni osib qo‘yishingizdan kimga nima naf bor? Rostgo‘y bir odam sifatida shuni aytmoqchimanki, siz bunga qobil emassiz, zinhor. Bu to‘g‘rida o‘ylab ham o‘tirmang. Qani, yaxshisi, pivoni iching. Qarang, siz bilan ishimiz xamirdan qil sug‘urganday silliq bitayapti! Gorgonzoladan oldin pivoni bir sipqorib yuboring — oh-oh, bundan ham lazzatli obi zamzam bo‘ladimi, o‘zi? Men sizga yana ikki krujkasini keltiraman, sardinka va qovurilgan quyonni esa, aziz do‘stim, may bilan tanovul qilasiz.
Tez orada keltirilgan xushxo‘r taomlarning yoqimli hidi qamoqxona hujrasini gurkirab tutib ketdi. Patyal taomlarni stolga birin-ketin joylashtirar ekan, pishloq va sardinkani ixlos bilan gazak qilib, goh pivoni, gohida mayni, qay biri qo‘liga avval ilinsa, o‘shani yutoqib simira boshladi.
Shu tobda, nogahonda, hali ozodlikda yurganida, shahar chetidagi bir restoranning ochiq ayvonida mana shunday to‘yib va miriqib kechki ziyofatda o‘tirgan damlari uning yodiga tushdi. Daraxtlarning barglari oy yorug‘ida nafis jilvalanib turar, qarshisida esa restoranning baqaloq sohibi — mana shu jannat burchagining xo‘jayini yaslanib o‘tirar, to‘xtovsiz valaqlar va Patyalga izzat-ikrom ko‘rsatar edi...
— Menga biron latifa aytib bersangiz, — so‘rab qoldi Patyal xayolini yig‘ishtirib olib va nazoratchi unga qandaydir, Patyalning o‘z ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, isqirt bir mazmunli latifani boshladi.
Ovqatlanib bo‘lgach, Patyal hazmi taom uchun o‘ziga mevalar va taqsimchada pechene bilan tim qora qahva keltirishlarini buyurdi.
Uning istagi to‘la bajo etildi. Patyal so‘nggi buyurtma taomlarni yeb-ichib bo‘lgach, nihoyat, mahbusga ko‘ngil xotirjamligini ato etish uchun hujraga qamoqxona ruhoniysi tashrif buyurdi.
Ruhoniy xushchaqchaq, odmi muomalali va ayni shu kezda Patyalni o‘rab olib, qo‘llaridan kelganicha mehribonlik ko‘rsatayotgan, uni o‘limga hukm etishgan va erta tongdayoq osishga chog‘lanishayotgan barcha – boshqalarga o‘xshash, ko‘rinishi yoqimtoy bir odam edi. Chehrasida o‘ktamlik barq urib turardi, o‘zaro dilkashlikning havosini olgan bu inson bilan Patyal birpasda kirishib ketdi.
— Yaratgan Egamning o‘zi sabr bersin, — dedi qamoqxona ruhoniysi Patyalning yelkasiga qo‘l tashlab. — Ertaga, tongda siz uchun barchasi tugaydi, biroq zinhor iztirobga berilmang. Tavba qiling va bu yorug‘ olamga loqayd nazar tashlang. Parvardigorga topinsangiz, u har bir osiy bandasining tavba-tazarrularini qabul qiladi. Kimki, tavba-tazarrudan bo‘yin tovlasa, butun tunni azobda o‘tkazadi. Qamoqxona hujrasida o‘zini qo‘yarga joy topa olmaydi va yig‘i-sig‘idan bo‘shamaydi. Buning sizga nima keragi bor, a? Behudaga boshingiz og‘rigani qoladi. Va kimki tavba-tazarru qilsa, bu so‘nggi kechani baayni taqvodor zotday, tinch uyquda o‘tkazadi. Takrorlayman, qarog‘im, dilingizni g‘uborlardan forig‘ etsangiz, yengil tortasiz...
Biroq Patyalning shu topda birdan ranggi oqardi. Uning ko‘ngli ayniy boshladi, ichida ichak-chavog‘i ag‘darilib ketganday tuyuldi, ammo qayd qilmadi. Tanasini dahshatli bir tutqaloq iskanjaga ola boshladi, u egrilib-buralar, og‘riqdan aftlari burushib ketgan edi, peshonasidan sovuq ter tomchilay boshladi.
Ruhoniyni hazilakamiga qo‘rquv bosmadi. Nazoratchilar yelib-yugurib qolishdi va Patyalni qamoqxonaning shifoxonasiga jo‘natishdi. Qamoqxona hakimlari uning ahvolini ko‘rib, bosh chayqashdi. Kechga yaqin bemorning harorati keskin ko‘tarildi, tun yarimdan oqqanda esa shifokorlar guruhi uning hayoti tahlika ostida ekanligini ma’lum qilishdi va barchasi yakdil ravishda tashxis qo‘yishdi: o‘tkir zaharlanish!
Og‘ir bemorlarni esa qatl etib bo‘lmaydi, shu sababdan o‘sha tunda qamoqxona maydonida Patyal uchun dor qurilmadi.
Buning o‘rniga, oshqozonini hafsala bilan tozalashdi. U qayd qilib tashlagan ovqatning hazm bo‘lmagan qoldig‘i tahlili ko‘rsatdiki, o‘pka-jigar aralashmasidan qilingan kolbasa achib-aynigan va zaharga aylangan ekan.
Kolbasa sotilgan do‘konni komissiya bosdi, ma’lum bo‘lishicha, do‘kondor sanitariya qonun-qoidalariga parvo ham qilmagan, kolbasani muzlatkichda emas, balki dim-issiq joyda saqlagan ekan. Komissiya bayonnoma tuzdi hamda ishni prokurorga oshirdi, prokuror esa sotuvchining mahsulotni noqulay sharoitda saqlaganlikda ayblab, javobgarlikka tortdi.
Patyalni davolashgan qamoqxona shifoxonasida yosh, diyonatli, navqiron bir shifokor yigit bor edi, u bemor mahbusning yonidan bir qadam ham jilmadi va uning hayotini saqlab qolishga bor bilim-tajribasini bag‘ishladi. Negaki, bu xastalik kamyob, murakkab hamda qiziqarli bir dard edi. Yosh hakim kechani-kecha, kunduzni-kunduz demasdan Patyalga g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi va nihoyat oradan ikki hafta o‘tgach, uning yelkasiga qoqib, dedi:
— Mana, sizni qutqarib qoldik!
Ertasiga Patyalni, barcha qonun-qoidalarga rioya qilingan holda, osishdi. Negaki, u dorga ossa bo‘ladigan darajada sog‘aygan edi.
Aybi bilan Patyalning umri ikki haftaga uzayishiga sababchi bo‘lgan kolbasafurush uch yil muddatga kesildi, Patyalning hayotini dor uchun asrab qolgan yosh shifokor esa boshliqlarning alohida maqtov va ta’riflariga sazovor bo‘ldi.

Rus tilidan Mixli Safarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.