OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yasunari Kavabata. Xol haqida qo‘shiq (hikoya)

O‘tgan kuni kechasi xol haqida g‘alati tush ko‘ribman. Siz qaysi xolni nazarda tutayotganimni sezgan bo‘lsangiz kerak. Ha, xuddi o‘sha, sizdan doimo ta’na-yu dashnomlar eshitadigan xolim boru, o‘shani aytayapman. U mening o‘ng yelkamda, aniqrog‘i, gardanimda edi.
- Kattaligini qara, mayizdak keladi-ya! Hadeb o‘ynayversang, bolalab ketadi, - deya jig‘imga tegardingiz. Haqiqatdan, u kattaligidan tashqari beo‘xshovroq va qandaydir shishinqiraganmidi-ey! O‘rnimga yotdim deguncha xolimni yulqilab o‘ynashga bolaligimdan o‘rganib qolgandim. Birinchi marta bu odatimni payqab qolganingizda shunday uyalib ketgandimki, asti qo‘yavering. Hatto ho‘ng-ho‘ng yig‘lab sizning o‘takangizni yorgandim!
- Sayoko, yana o‘z bilganingdan qolmayapsanmi? Menga qara, qizim, o‘ynagan sari kattalashadi, tegaverma hadeb, deb koyirdilar onam. Lekin bu o‘n to‘rt, o‘n besh yil ilgari — qizligimdagi gaplar. Bora-bora men xolimni faqat yolg‘iz qolganda, o‘shanda ham, beixtiyor eski odatim bo‘yicha o‘ynaydigan bo‘ldim. Holbuki, odatim bo‘yicha deb ham bo‘lmasdi, chunki butunlay unutib yuborgandim uni.
Siz payqab qolib, menga tanbeh berganingizda hali ham bolaligim qolmagan ekanmi - uyatdan yer yorilib, yerga kirib ketgandim... Erkaklar buni tushunishmaydi, men shunchaki uyatdan emas, balki gunoh qilib qo‘ydim, degan xayolda hatto erga tegmay men o‘lay deb pushaymon ham bo‘lgandim.
Go‘yo sizning oldingizda sharmandayu sharmisor bo‘lgandim. O‘shanda endi bir umr yuzimga solasiz, deya qo‘rqqanimdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qolgandim.
Kechalari, Siz uyquga ketgach, boshingiz yostiqqa tegdi deguncha uxlab qolardingiz - men o‘zimni juda-juda g‘amgin va yolg‘iz sezar, shu bilan birga bir oz bo‘lsa ham, yengil tertardim. Shunda qo‘lim o‘zimga itoat etmay xolimga qarab ketaverardi.
Bir ko‘nglim onamga: «Xotirjam bo‘ling, xolimni o‘ynamayapman» - deb yozib yubormoqchi bo‘lardimu, lekin ochig‘i, nomus qilardim. Ittifoqo bir kuni:
- Bu xolni boshinga urasanmi? - dedingiz ochiqdan-ochiq qo‘rslik bilan. O‘shanda men bu fikringizga qo‘shilgan va hatto quvonch bilan ma’qullagan edim. Hozir qaniydi, shu dardisar odatim sizga jindakkina yoqa qolganda, olam guliston edi deb o‘ylab qolaman. Chunki xolning ortiqcha og‘ir- yengilligi yo‘q edi - ko‘ylagim yoqasi osha kim ham qarardi. To‘g‘ri, yashiriqcha aybi bor qiz - qulflog‘lik xona - hammaning bilgisi keladi, degan maqolam bor - ammo nahotki xolim ayb sanalgudek edi?!
Har holda qachondan boshlab o‘ynaydigan odat chiqardim.
Va nima uchun odatim g‘ashingizga tegardi?
- Ana xolos, ana xolos! - deb qachon qarasa achchig‘ingiz chiqqani yetmay yana: - Darvoqe, uni nega doim chap qo‘ling bilan o‘ynaysan? - deb so‘raganingizga o‘laymi?
- Chap qo‘lim bilan?.. Men bu haqda ilgari hech o‘ylab ko‘rmaganim uchun dovdirab qoldim va:
- Shuni ayting-a! - deb beixtiyor chap qo‘limga qaradim.
- Xoling o‘ng yelkangda bo‘lsa, uni o‘ng qo‘ling bilan qashigan osonroq-ku?!
- Chindan ham, - deb yubordim men va o‘ng qo‘limni uzatib ko‘rdim. - Yo‘q, qandaydir noqulay...
- Nimasi noqulay?
- Chap qo‘l bilan tabiiyroq.
- Axir o‘ng qo‘ling yaqinroq emasmi?'
- Yaqinlikka yaqin, ammo… bu qo‘lim boshqacharoq-da!
- Boshqacharoq deganing nimasi?
- Boshqacharoq deganim... Qo‘lni oldindan uzatish boshqa, orqadan uzatgan boshqa.
O‘sha paytlarda men endi-endi sizga gap qaytaradigan bo‘lib qolgandim. Biroq sizga tushuntira turib chap qo‘limni o‘ng qo‘limga uzatayotganimda, men o‘z-o‘zini quchoqlayotganday va shu bilan birga sizdan nariroq turmoqchi ekanimni sezib qoldim. Yaxshi emas, deya o‘yladim va xijolat cheqdim:
- Lekin nega chap qo‘l bilan tegish mumkin emas? - deb so‘radim iloji boricha muloyimlik bilan.
- O‘ng qo‘l bilanmi, chap qo‘l bilanmi, baribir, bu juda bema’ni odat. 
- Axir...
- Axir-paxiri yo‘q, do‘xtirga borsang kuydirib tashlaydi, deb senga necha marta aytdim.
- Yo‘g‘-ey, uyat bo‘lar.
- Aytishlaricha, shu uchun atay do‘xtirga boradigan odamlar ham bormi?
- To‘lib yotibdi!
Balki ularning xoli yuzlaridadir. Menikiga o‘xshab yelkasida bo‘lmasa kerak.
- O‘zingiz o‘ylang, do‘xtirga borib nima deyman? Borsam, u gap nimadaligini fahmlab, eringiz majbur qilyaptimi demaydimi?
- Desa deyaversin! Xol o‘ynash odatidan qutulolmayapman deysan, qo‘yasan.
- Sal ko‘nglingizni kengroq qiling, - dedim alamimga chiday olmay, - arzimagan xolni deb urishaverasizmi ? Sizga og‘irligi tushayaptimi?
- Menga og‘irligi tushayotgani yo‘q. Faqat hadeb o‘ynayverma.
- Men jo‘rttaga o‘ynayotganim yo‘q!
- O‘lguday o‘jarsan-da! Xo‘p deb shu yaramas odatingni tashlasang nima bo‘ladi?!
- Harakat qilyapman. Hatto tor yoqali ko‘ylak kiyayapman.
- Kiyib yurganding, lekin hozir kiymay qo‘yding, to‘g‘rimi?
- Mayli, sizningcha o‘ynayapman deylik ham, shunga nima bo‘pti? Buning nimasi yomon?
- Nima qipti emish, o‘ynayotganingni ko‘rsam, ta’bim tirriq bo‘lib ketadi. Shuning uchun iltimos qilaman, o‘ynamay qo‘ya qolsangchi?
- Nega ta’bingiz tirriq bo‘ladi?
- Negaligini tushuntirib berishim kerakmi? Uni o‘ynama, bo‘ldimi? Bu yomon odat, yaxshisi, undan shartta qutulish kerak - vassalom!
- Men e’tiroz bildirayotganim yo‘q.
- Xolingni o‘ynayotganda o‘zing sezmaysan, hamma narsani unutib qo‘yasan. Ahvolingni ko‘rib, odamning rahmi keladi. Bir sho‘rpeshona merovga o‘xshab qolasan!
- Merov?.. - Ko‘nglimda balki shundaydir degan fikr kechdi-yu, ma’qul deganday bosh irg‘adim. - Bordi-yu bundan buyon xolimni o‘ynay boshlasam, ayamay qo‘limga uring, xo‘pmi?
- Bo‘pti. Lekin ikki-uch yildan beri arzimagan odatning bahridan o‘tolmayotganingdan o‘zing ham uyalishing kerak.
Men nima sababdan «merovga o‘xshab qolishim» haqida o‘yga cho‘mib indamadim. To‘g‘ri, qo‘lini noqulay tarzda ko‘tarib xolini qashiyotgan ayolni ko‘rgan odamning g‘ashi keladi. Uni g‘arib deyish yaramaydi, u ehtimol chindan ham, merov va ayni chog‘da dunyoda o‘zidan boshqa hammani unutgandek taassurot qoldirar? Men o‘sha lahzalarda ko‘zingizga o‘zini jon-jaxdi bilan oqlashga urinayotgan rasvo xotinday ko‘ringan bo‘lsam ajab emas. To‘g‘ri, aytdingiz, balki yuzimda chindan ham, allaqanday merovsiraganga o‘xshash ifoda aks etar. O‘shanda o‘rtamizda bamisli tubsiz choh paydo bo‘ldi-yu sizga ko‘nglimdagini to‘kib sololmadim.
Bu odat bolaligimdan qolgan edi. Shuning uchunmikin, beixtiyor xolimni ushladim, deguncha bamisli o‘zimni idora qilolmaydigan kuyga tushardim. Holbuki, o‘sha paytda meni ko‘rgan borki, dilimdagini darhol fahmlay olardi.
Siz ochig‘i, meni yoqtirmasdingiz, aks holda bunday beozor odatim uchun hadeb kamsitavermagan bo‘lardingiz. Meni yaxshi ko‘rganingizda edi unga ortiqcha ahamiyat berib o‘tirmay, shunchaki ko‘ngil uchun hazillashib qo‘yaqolardingiz.
Ba’zan yuragim siqilib, dunyo ko‘zimg‘a qorong‘u ko‘rinib ketganda, mening odatimni yoqtiradigan erkak zoti bordir, degan gap ko‘nglimga kelar va bunday nojo‘ya xayoldan o‘sha zahoti dahshatga tushardim.
O‘sha odatimni birinchi marta sezib qolganda, Siz, chamasi, meni ayaganingiz tufayligina bu hakda gapirgan edingiz. Men hozir ham bunga shubha qilmayman. Biroq, er-xotin san-manga borib qolsa, hatto shunaqangi arzimas ikir-chikirdar ham ularning turmushini zaharlab, oraga sovuqchilik solarkan. Chunki, bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan er-xotinlar bir-birining odatiga ko‘nikadi. To‘g‘ri, ba’zan ular ham boshida anchagacha chiqisholmay yuradi. Lekin, to‘g‘ri tushuning, men zinhor-bazinhor bir-birining odatlariga g‘ashi kelmagan eru xotinlar ahil yashaydi, aksincha, ertayu kech it-mushuk bo‘lganlar bir-birini yomon ko‘radi, demoqchi emasman, aslo, biroq endi bo‘lsa, har holda xotiningizning ko‘ngli uchungina yaxshi gap bilan tasalli bersangiz ajoyib ish bo‘lardi-da, deya armon qilaman.
Oqibat Siz meni hech ayamay to‘g‘ridan-to‘g‘ri do‘pposlaydigan bo‘ldingiz. Siz bunchalikka bormasligingiz kerak edi, chunki mening aybim bor-yo‘g‘i xolimni o‘ynashim edi, xolos, shunga odamni qiynash yaxshimi? Men ko‘pincha bekordan-bekorga kaltaklanganimga chidayolmay yig‘lardim, biroq Sizdan astoydil ranjimasdim va «hech bo‘lmasa o‘zing ayt, seni bu odatdan xalos etish uchun nima qilay?» deb kuyib-pishgan paytingiz bekorga xunob bo‘lmayotganingizni tushunardim.
Meni qon qaqshatganingizni bitta-yarimtaga aytsam bormi, aminmanki, «eringiz buncha zolim!» deb qahri kelardi. Lekin, baribir bahonalar qancha arzimas bo‘lgani bilan toki o‘zga iloj yo‘q ekan, xo‘rlikdan ko‘ra kaltakka chidash osonroq edi. Bir kuni: «Men bu odatimni tashlolmayman, shekilli, yaxshisi qo‘limni bog‘lab qo‘ying», - dedim-da xuddi ibodat qilayotgandek qaftlarimni qovushtirib, qo‘llarimni uzatdim. Shu bilan butun inon-ixtiyorimni Sizga topshirgan edim.
Siz mulzam bo‘ldingiz, bo‘zarib-gezarib barmog‘imni yechdingizda, qo‘limni bog‘lab qo‘ydingiz.
Ho‘rpaygan sochlarimni bog‘langan qo‘llarim bilan tuzatishga urinayotganimni quzatib turganingizda, ko‘zlaringizga qanchalar ilinj bilan termulganimni tasavvur ham qila olmaysiz. O‘shanda nahot endi odatimdan qutulsam deya o‘ylagan va shu zahoti oh, qaniydi, bitta-yarimta xolimni silab qo‘ysa, degan istakdan kapalagim uchgandi.
Odam qilolmasligingizga ko‘zingiz yetdi shekilli, mendan ko‘nglingiz sovub ketdi. Siz bilganini qilaversin, degandek, o‘z holimga tashlab, boshqa koyimay qo‘ydingiz. Xolimni o‘ynayotganimda esa ko‘rib-ko‘rmaslikka oldingiz.
Ajabo, shuncha koyishlar-u, kaltaklashlar ta’sir-foyda bermagan odat birdan qolib ketsa! Majbur qilishgani uchun emas, balki qandaydir osongina, o‘z-o‘zidan...
Kunlardan bir kun, go‘yo birdan eslab qolgandek, sizga:
- Keyingi paytlarda xolimga teginmay qo‘ydim, - dedim.
- Ha-ya, - dedingiz beparvogina.
Men o‘shanda hamonki bu narsa Sizga shunchalik ahamiyatsiz bo‘lgan ekan, nega ilgari bunchalar koyir edingiz deb ta’na qilmoqchi bo‘lgandim. Va agar shunday deganimda, aminmanki, Siz, bu odatdan qutulish shunchalar oson ekan, nega ilgariroq tashlamading, deb javob qaytarar edingiz. Ming afsus, bu gaplar aytilmay ichimizda qolib ketdi.
Sizning yuzingizda xolingni ertayu-kech o‘ynamaysanmi, menga nima, degan ifoda aniq-oshkor aks etadigan bo‘lib qolgach, u to‘satdan meni qiziqtirmay qo‘ydi. Rost, shundan so‘ng sizning oldingizda jo‘rtaga o‘ynashga urinib ko‘rgandim, biroq ajabo hech ham qo‘lim bormagan edi:
Ko‘nglim biram g‘ash bo‘ldi, biram alam qildi...
Shunda xolimni sizga bildirmasdan o‘ynamoqchi bo‘ldim, ajabo: qo‘lim hamon o‘zimga bo‘ysunmasdi.
Men boshimni quyi solib, alamimdan lablarimni tishladim. «Xo‘sh, qani, ayt-chi, xolingni nima qilmoqchi bo‘lyapsan?» deyishingizga shunchalar ilhaq edimki, o‘shanda asti qo‘yavering. Biroq, o‘sha-o‘sha ikkovimiz biron marta ham uni eslab, tilga olmadik.
Shunga qo‘shilib ko‘pdan-ko‘p xotiralarimiz unutilib ketgan bo‘lsa kerak.
Essizgina, shu odatimni Siz dashnom bergan paytlarimda tashlab yuboraqolsam bo‘lmasmidi. Men chindan ham, rasvo xotin ekanman.
Endi ota-onamning uyida o‘tiribman. Ittifoqo, birga cho‘milayotgan paytimizda onam to‘satdan:
-O‘zingga qaramay qo‘yibsan, Sayoko! - deb qoldilar. - Yosh o‘tgan sari shu ekanda!
Men ajablanib onamga qaradim. Onam avvalgidek durkun va badani oppoq edi.
- Xolingdan sovub ketgan bo‘lsang kerak?
Onamga shu dardisar xol tufayli boshimga ne kunlar tushmadi, deb hasrat qilgim keldi-yu, biroq uning o‘rniga:
- Vrach og‘ritmasdan xolni kesib tashlarmikin-a? - dedim.
- Nahotki, demak, vrachning qo‘lidan kelarkan-da... Lekin chandiq qolmas ekanmi?, - deya ko‘ngil uchun azmoyish qildi onam. - Biz esa, esimda, ko‘pincha Sayoko erga tegishga tegdiyu, lekin haliyam xolini o‘ynayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘tirardik.
- O‘ynardim.
- Biz ham shunday deb o‘ylardik!
- Bu yaramas odat edi. Aytingchi, odamga qachon xol chiqadi?
- Darvoqe, qachondan boshlab chiqadi? Chaqaloqlarning xoliga ko‘zim tushmagan.
- Ana xolos. Lekin nima bo‘lganda ham yil sayin ko‘payib boradi. Sening xoling esa juda antiqa xol. Kattaligini qo‘yaver, u jimittak bolaligingdan chiqqan edi. - Onam mening bo‘ynimga qarab turib kulib yubordi.
Men esa, o‘sha daqiqalarda o‘zimcha: Bolaligimda xolim nuqtadek, onam-opam, ukalarim vaqtlarini chog‘ qilish uchun uni doim o‘ynashgan bo‘lsalar kerak, deya o‘ylagan edim. Shundan boshlab xol o‘ynashga o‘rganib qolganmikinman?..
Ota-onamning uyida yashayotganimda har kuni o‘ringa yotishim bilanoq yana xolimni o‘ynay boshladim. Kim biladi bolaligim, qizlik davrimni qo‘msaganimdandir, bu.
Unga necha yil qo‘l tekkizmadim-a!
Yonimda Siz yo‘qsiz. Men tortinmasdan uni chimchilab, o‘ynashim mumkin. Ammo, sira ko‘nglimga sig‘mayapti. Xolimga tegishim bilan durday ko‘zlarimga muzdek yosh qo‘yiladi.
Qizlik xotiralarim haqida xayol surarman, degandim. Yodimga Siz tushdingiz.
Vaqti kelib Siz baribir talog‘ini beradigan noshud xotin, badfe’l ayol ko‘rpaga burkanib, xolini o‘ynagancha yolg‘iz Siz haqingizda xayol sursa, juda g‘alati tuyilarkan, shunday emasmi? Bunday bo‘ladi deb o‘zim ham o‘ylamagandim.
Ko‘ zyoshlaridan ho‘l bo‘lgan yostiqni o‘girib uxlab qolar va hatto xol haqida tush ko‘rardim. Go‘yo Siz, men va yana bir notanish ayol allaqanday - xonada uyg‘ongach qaerda ekanini eslolmadim - o‘tirgan emishmiz! Men sake ichib, sarxush bo‘lib qolibman, shekilli, Sizdan bir nima haqida yolvorib so‘rarmishman.
Daf’atan, dardisar odatim xuruj qilib, tirsagim bilan yuz-ko‘zim aralash ko‘kragimni to‘sgancha chap qo‘limni o‘ng yelkam sari uzatibman. Xolimni ushlaganimni bilaman, kutilmaganda u og‘riqsiz, boshqasiz uzilib chiqibdi. Barmoqlarim bilan ezg‘ilayturib, xolni sinchiklab ko‘zdan kechirdim. U qaynatilgan qora loviyaning po‘stlog‘iga o‘xshardi. Men hol-joningizga qo‘ymay uni burningiz yonidagi hol ustiga yopishtirishingizni talab qilarmishman.
Keyin o‘zim yopishtiraman deb, Sizning yengingizdan ushlab tortibman va qon-qon yig‘lab ko‘ksingizga bosh qo‘yibman...
Ko‘zimni ochganimda yostiq o‘ngimda ham duv-duv oqayotgan ko‘z yoshlarimdan jiqqa xo‘l bo‘lgan edi.
Mening butun vujudim qaqshardi, biroq yelkamdan tog‘ qulagan kabi o‘zimni xotirjam sezardim.
Balki, chindan ham endi xoldan qutilgandirman, deb o‘yladim og‘zim-qulog‘imga yetib. Shunga qaramasdan yurak yutib, ushlab ko‘rishga botinolmadim.
Sizga aytib bermoqchi bo‘lganlarim mana shular. Hozir ham o‘sha qora loviyaning po‘stlog‘iga o‘xshash xolga sira g‘ashim kelmasdi. Doimo ko‘rib turgan bo‘lsam ham, biror marta u haqda og‘iz ochmagan edi.
Agar mayizdek xolimni moshdek xolingiz ustiga qo‘ysangiz va u o‘sa boshlasa, xo‘p ajoyib bo‘larmidi.
Agar men ko‘rgan tushni ko‘rish Sizga ham nasib etganda bormi, boshim ko‘kka yetardi.
Tushim haqida hikoya qilaman, deb ba’zi narsalarni unutibman.
O‘rnimga yotgach, xolimni o‘ynay boshlasam Siz:
- Sen shunchalik merov, sho‘rpeshonaga o‘xshaysanki... - deb gap boshlardingiz.
Azbaroyi meni yaxshi qo‘rganidan shunday deyapti, deb o‘ylaganimdan ich-etimga sig‘masdim. Chin so‘zim, shunday deb o‘ylardim. Uyat bo‘lsa ham ochig‘ini aytishim shart, halovatimni yo‘qotganim, xuddi aynan xolni o‘ynash odatida namoyon bo‘lardi, shekilli. O‘zimni oqlash uchun bolaligimda ovutaman deb onam va opalarimning bunga o‘rgatib qo‘yishgani bahona bo‘la oladi, xolos.
- Ilgari xolimni o‘ynasam, toza urishardingiz, - deya gina qildim bir kuni onamga.
- Shunaqaydi... yaqinginada edi.
- Meni nega urishardingiz?
- Nega deysanmi? Chunki u yaramas odat edi.
- Nimasi yoqmasdi Sizga?
- Kim biladi... - onam xayolsurgancha boshini quyi soldi. - Balki, odobsizlik bo‘lib tuyilgandir.
- Balki shunday hamdir... Ammo nimasi uyat, men merovga o‘xshab ko‘rinarmidim, yoki... o‘jar, o‘ziga bino qo‘ygan ayolgami?
- Men bunday deb o‘ylamasdim. Uni bunchalik berilib o‘ynamasang yaxshiroq bo‘lardi, xolos.
- Shu yomon taassurot qoldirarmidi?
- Ha, sen xuddi kattalardek astoydil o‘ynayotganga o‘xsharding.
- Oyi, siz bolaligimda opalarim bilan meni ovutish uchun xolimga tegmasmidingiz?
- Tegardik, shekilli. Men xolimni xomushgina o‘ynagan ekanman, onam bilan opalarim balki bolaligimda suyub erkalaganliklarini eslashga uringanimdandir?! Qadrdonlarimni o‘ylayotganimni xolimga teginganday faraz qilish mumkin emas.
Sizga yana mana shularni aytmoqchi edim. Eh, mening odatimni bunchalar yoqtirmas edingiz-a?
Siz bilan yonma-yon turib, xolimni o‘ynayotgan chokda kim haqida o‘ylagan bo‘lishim mumkin. Siz nima deysiz?
Mening g‘alati xulq-atvorim, u shunday jahlingizni chiqarardiki! - Sizga aytishga botinolmagan sevgim ifodasidir balki, - deya o‘ylaganim o‘ylagan.
Xolni o‘ynash odati arzimagan narsa. Uning uchun odam o‘zini o‘lib-qutilib oqlashi shart emas. Ammo, «yaramas xotiningiz»ning boshqa ko‘pgina qilmishlari ham Sizni yaxshi ko‘rishidan kelib chiqqan edi. Shunga qaramay Siz har gal menga o‘rinsiz ta’na qilardingiz. Oxir-oqibat mana shular uchun o‘zimni jo‘rttaga yaramas xotinlardek tuta boshlagan bo‘lsam kerak.
O‘lgudek qaysar, tutgan yeridan kesadigan xotin ekanimni o‘zim ham bilaman. Nima qilay, nohaq tortgan alamlarni o‘ylasam, o‘zimni tutolmay qolaman. Ammo, shunga qaramasdan Siz meni tushunishingizni juda-juda xohlardim.

Olim Otaxonov tarjimasi.
«Yoshlik» jurnali, 1999 yil, 1-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.