OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shamsiddin Kokar (XVIII asr)

Shamsiddin Kokarning tug‘ilgan va vafot etgan yili haqida to‘liq ma’lumotga ega emasmiz. Afg‘on olimi S. Rishtinning taxmin qilishicha, Shamsiddin Kokar 1180 hijriy (1766 melodiy)dan keyin tug‘ilgan. Chunki 1814 yilda Sardor Muhammad Azimxon Kashmir va Panjobda voliy bo‘lganida, Shamsiddin Kokar 60 yoshda edi va 1822 yili Shamsiddin o‘z devonining ikkinchi qismini tugatdi.
Shamsiddin Kokar aslida Kokar qabilasidan bo‘lib, Qandahorning Kalachobod kishlog‘ida yashagan. Hozir bu yerda po‘palzaylar yashaydi va nomi ham «Po‘palzay» deb yuritiladi. Shamsiddin ham shoir va ham olim bo‘lgan.
Hayot mashaqqatlari uni ona yurti Qandahorni tashlab, Hindistonga ketishga majbur etadi. Ammo vatandan judolik shoir halbida dardu-alam uyg‘otadi, ko‘p yillar sargardonlikdan keyin yana Qandahorga qaytib kelib umrining oxirigacha shu yerda qoladi.
Shamsiddin Kokar devonidagi she’rlar falsafiy, tasavvufiy, axloqiy va tarbiyaviy mavzularda yozilgan. U badiiy san’atni puxta bilgan. G‘azal, qasida, ruboiy, muxammas, musaddas, masnaviy, muashshar, tarkibband, tarji’bandlar Shamsiddin Kokar devonidan joy olgan. Uning she’rlari o‘zining ravon va sodda tilda yozilganligi bilan ajralib turadi. Uning she’riy uslubi Pirmuhammad Kokar uslubiga juda ham yaqindir.
Shamsiddin Kokarning devoni 1954 yili Kobulda Azizullo Vosifiy tomonidan nashr etilgan.

RUBOIYLAR

Kiprigu qoshlaring o‘q birla kamon,
Shamsiddin yuragi tiyringga nishon.
Ol uni mo‘ljalga shunday ot, chobuk
O‘zing xato ketib, qilmaysan armon.

* * *

Ishim mudom dod deb yig‘lamoq bo‘ldi,
Yor sevib chekkanim zor, firoq bo‘ldi.
Menga qafas bo‘ldi hind o‘rmonlari,
Ona yurtim yo‘li ko‘p yiroq bo‘ldi,

* * *

Yuragim bamisli karvonsaroydir,
Anduh yo‘lchisiga hamisha boydir.
Chopib bunda kelar qayda bo‘lsa g‘am,
Eshigi kulfatga ochiq bir joydir.

* * *

Vatanida izzat topmagan odam
Uni tashlab ketsa hech bo‘lmagay kam.
Gar vatan haqgo‘ylar qadrin bilmasa,
Yo‘q bo‘lsin, garchi u bihisht bo‘lsa ham.

* * *

G‘am lashkarin tortdi ustimga hijron,
Visol, shodlik mendan qochdilar haryon.
Ayriliq azobi o‘tib jonidan
Shamsiddin faryod der har lahza giryon.

* * *

Hindiston yomg‘iri! Yoqqil astaroq,
Yorim musofirdir, tani nozik, boq.
U axir soyada o‘sgan gul edi,
Nechun vujudiga solursan titroq?

* * *

Vo darig‘, bilmadim, bu nechuk diyor
Ilmu donish ahli bunda xoru zor.
Qandahor elida Shamsiddin guldir,
Va lekin dushmanlar atadilar «xor».

* * *

Kelgin yonimga, kel, ey dilrabo, kel,
Ishqingda xastaman, bo‘lgin davo, kel.
Sen ne deyur bo‘lsang, qabul etayin,
Emdi ko‘p qiynama, kel, marhabo, kel.

* * *

Ortiq jabr etmagin menga, ey jonon
Senga yolvorur ul jismi notavon.
Firoqingda bo‘ldim zoru sargardon,
Bexonumon mo‘rmen, uyasi vayron.

* * *

Yer g‘amidan bo‘ldi dilim sadpora,
Hajrida faryoddan o‘zga ne chora —
Ayriliq qo‘shig‘in ayturman mudom
Netay bandi hijron ko‘ngil bechora.

* * *

Bayram keldi biroq ko‘nglimda alam,
Atrofda shodligu ammo menda g‘am.
Bayramu shodlik yo‘q men uchun toki
Kulib boqmaguncha oy yuzli sanam.

* * *

Nigorim bo‘lmasa ne kerak bahor,
Ko‘ngilda dog‘, menga nechun lolazor?
Ikkala ko‘zimdan yosh oqar daryo.
Daryo bo‘yidaman, chashma ne darkor?

* * *

Yiqil falak. Meni rasvo qilibsan,
Bevafo yor bilan oshno qilibsan.
Jabru zulm bundan ortiq bo‘lurmi,
Meni judolikda shaydo qilibsan.

* * *

Zarda bilan ketdi yor mendan nari,
Zulayhodan ketgan Yusuf singari.
Yurak matlabimga quloq solmadi,
Yashindek «yarq» etdi qattol ko‘zlari.

* * *

Soqiy, to‘la jom tut, mayxo‘rlik bo‘lsin,
Dargohingda doim mahmurlik bo‘lsin.
Tashakkur aytaman senga umrbod,
Mayxonangda hargiz ma’murlik bo‘lsin.

* * *

Hijroningda bag‘rim dog‘ bo‘ldi, kelgin,
Kutmoqdan toqatim toq bo‘ldi, kelgin.
Tunu kun yo‘lingga termulmoq bilan
Ko‘zlarim qorasi oq bo‘ldi, kelgin.

* * *

Meni yor ko‘yidan ayirdi ag‘yor,
Keng olamni qildi ko‘zlarimga tor.
Ishq ichra o‘rtanib bo‘ldim beqaror,
Ishim mudom bo‘ldi nolayu oh-zor.

* * *

Oftobdek yuzingni ko‘rgan har shaydo
Mudom ostonangda chekar vovaylo.
Qiblanamo bo‘lsa ular yuragi,
Sening ko‘chang qibla bo‘libdi, jono.

* * *

Soqiy, menga qadah to‘la sharob ber,
Qadah to‘la mayni menga shitob ber.
Gul mavsumi keldi bulbul soz oldi,
Ey mutrib, qo‘limga tezroq rubob ber.

* * *

Bulbul navo hilar — bu fasli bahor,
Ko‘klam libosida gulu guluzor.
Bog‘ sayliga shoshar go‘zallar bu chog‘,
Oshiqlar entikar yoriga xumor.

* * *

Yer qoshiga kelib o‘ltirdi ag‘yor,
Bamisli zog‘ bo‘ldi g‘uncha bilan yor.
Gulshanga taraldi bulbul fig‘oni,
Ko‘zimga sanchildi alam misli xor.

Erkin Vohidov tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.