OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chakayya U Tamsi (Kongo)

BU CHEHRA...

Bu chehra ochilar
lovillagan kuz gullariday,
Shodligim bu chehraga
hil-hil pishgan meva to‘la shoxlarni
hadya etayotganin
yoki uni ko‘ngilga yaqin
o‘zgacha bir kengliklar,
o‘zgacha bir tumanlar sari
boshlayotganin ko‘rib
xudo mendan quvonar.

Unga qo‘llarimni hadya qilaman,
bo‘zargan qishdan keyingi
bahor gullariday
tong ismini beraman unga
yonmoqligi uchun porillab.

Bo‘sag‘amni hadya qilaman
meni yuvgan,
jismini tuzlagan dengizga,
ruhimni tuzlagan dengizga,
quturgan dengizga
bir sokinlik olib kelayotgan
uning oromijon qadamlari-chun.

Shunda ruhim uyg‘onib
uchib ketar yengil zarraday.
Quyosh to‘la kosani hadya qilaman
qizillikda aqiqlarni
yondirguchi
qizil dudoqlariga.

Qo‘shig‘imning unga atalgan
eng muqaddas ohanglari bor,
o‘sayotgan daraxtlar
bug‘doy va zirklarning ohanglari,
hatto ushbu
dengiz ohanglari,
axir dengiz vajohatli o‘pqonlarini
mendan sira yashirmay
salaf qasr-qal’alar tiklar
bu chehra uchun.

Ayol, ayol,
nega senikimas bu chehra, bu yuz
bu chehrada yuragimni
yuvaman doim.

Shavkat Rahmon tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.