OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sara Tisdeyl (1884-1933)

Amerikalik shoira. Nyu-Yorkda yashagan, 1918 yilda «Love Songs» she’riy kitobi uchun Pulittser mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1933 yilda so‘nggi she’riy to‘plami «G‘alati g‘alaba» (inglizcha – “Strange Victory”) nomi ostida chop etilgan. Sara Trevor Tisdeyl 1884 yilda boy amerikalik oilada tug‘ilgan. 1933 yilda o‘z joniga qasd qilgan. Uning she’riyatiga bokira to‘kislik, aniq musiqiylik xosdir. Sara Tisdeyl she’riyatidagi fojiali musiqaviylikni muqobil tarjima etish imkonsiz, tarjima faqat timsollar va mazmun-mohiyatni bera oladi, xolos.

QARZ

Men sendan qarzdorman, yorim, bilib qo‘y,
Adoqsiz armonim, hasratim uchun?!
Yo‘q, sen yuragimga solganing yo‘q kuy,
Sen men-la osmonga chiqmading uchib.

Lek men seni dildan sevdim-ku, axir,
Garchand hech vaqt meni sen sevmading chin.
Men sendan qarzdorman, sen bergan sevgi
Meni arshga olib ketgani uchun…

ZAVQ-SHAVQ

Endi meni tiyib, jilovlab bo‘lmas,
Kuylayman daraxtga, yulduzli ko‘kka,
Kuylayman dunyoga ishqi azaldan!
Sevaman!
Meniki bo‘ldi sevgilim,
Ey hayot, qo‘rqmayman endi ajaldan!

Shamolga qo‘shilib uchaman endi,
Olovda kuymayman, olovlanaman,
Ichimdagi olov labimdan chiqar,
Yulduzni bosaman maysa bosganday,
Bu on samolarga yondosh, esh edim.
Men bugun sevildim, meniki yorim,
Hayot, men nihoyat bir on yashadim!

DARYO

Men – daryoman.
Oydin vodiydan
Kelardim dengizga tomon bardavom.
O‘ylardimki, kulrang girdoblar ichra
Toparman abadiy tinchlik va orom.

Ummonga quyildim –
Asov va qora.
Darg‘azab chinqirdam, aytdim aytarim:
- O, zangor vodiylar, keng dalalarim,
O‘tinaman, meni ortga qaytaring!

Ammo meni yutdi bir bebosh to‘lqin,
Tashnalik joniga tekkan och to‘lqin.
Sho‘rlagan to‘lqinlar ichdilar meni,
Tuzday achchiq bo‘ldi suvlarim endi,
Tubsizliklar yutdi, endi xok edim -
Qanday irmoq edim, axir, bir zamon,
Qanday toza edim, qanday pok edim…

MENING QABRIM…

Tugasa hayot-la hisob-kitobim,
Men kelib yotarman mana shu yerda.
Mana shu maysalar ustimni yopar,
Shamolda shovullab tebranar qirda.

So‘lib qolmas sira tepamda lola –
Ildizlari shimar tanamdan quvvat.
Vujudim yoqarman, achchiq kulimdan
Ustimdagi gullar moviy rang olar,
Yaproqlar ham ko‘m-ko‘k chayqalar albat.

- O, ruhim, – dedim men,-
Suyaklarimni
Achinmay tark etib ketarsan nahot?
Ozod bo‘lgan ruhim aytar:
- Qaragin,
Qabr gulida bor qanchalar hayot…

G‘USSA

Achinmayman ayro‘ ruhimga –
Vujudimda topmadi orom,-
Hali yana u minglab marta
Kirar boshqa tanlarga qaytib,
Kezib yurar dunyoda daydib.

Achinmayman ruhimga aslo,
Ammo hali qaynoq vujudim -
Jondan kechib, tuproq bo‘lmoqqa
Ko‘nmay turar qo‘rqoq vujudim…

MOVIY KO‘ZLAR

Siz o‘sha aprelda bo‘ldingiz paydo,
Ko‘zlarimiz birdan to‘qnashdi qo‘qqis -
Go‘yo turar edim jar yoqasida,
Qarshimda – yutishga tayyor ko‘k dengiz.

Biz birga yashadik to‘rtta aprelni,
To‘rt bora yashil barg ochdi majnuntol…
Baribir, men sizga duch kelsam hanuz,
Moviy ko‘zingizga termulsam qo‘qqis -
Ko‘raman o‘zimni jar yoqasida,
Qarshimda – yutishga tayyor ko‘k dengiz…

KAMCHILIKLAR

Meni ogoh qilar do‘stlarim zimdan,
Bor emish yashirin nuqsonlaringiz.
Eshitib kulaman bu sevgi fasli -
Ular qaydan bilsin, baridan ko‘proq
Nuqsonlaringizni sevaman asli…

TUSHLAR

Hayotimni baxsh etarman o‘zgaga,
Mehrimni berarman, tursa qoshimda…
Lek o‘tgan kunlarni yodimga solib,
Sevgilim kiradi oqshom tushimga.

Bexos uyg‘onaman, turarman titrab, –
Tushlar yolg‘onchidir – qaltirar tizim.
Uyg‘onsam – yonimda yo‘qdir sevgilim –
Lek siynamda kuyar bo‘saning izi…

APREL-MAY

Shamol yulib otar so‘lgan gullarni,
Kuyib, paymonasi to‘lgan gullarni.
Gulbarglar to‘kilar ohista, sassiz -
Xazonlar tuproqqa ko‘milar, essiz.

Tongda yana chiqar arshiga quyosh,
Yana yangi g‘uncha gul ochar – naqqosh.
Quvonchga to‘ladir tabiat takror,
Ammo mening uchun tugadi bahor.

Darxtlar bir oppoq gulga burkandi,
Ammo men maysani bosarman qorday -
Menga Aprel ajib sevgi bergandi,
Ammo ayriliqni olib keldi May…

MEN BILAMAN YULDUZLARNI HAM…

Yulduzlarni yaxshi bilaman:
Tong yulduzi, Cho‘lpon, Zuhrosi…
Qachon chiqar, so‘nadi qachon –
Menga ayon samo dunyosi.

Odamzodning sirin angladim,
Nigohlarin o‘qiyman har dam -
Fikrlari, shum niyatlari
Menga berar tafakkur va g‘am.

Lekin sening ko‘zing, sevgilim,
Mening uchun butkul gumondir?
Sevasanmi, yo‘qmi – noayon,
Sevganmiding o‘zi qachondir?

Ko‘p narsani bildim dunyoda,
Fikrlarga to‘lib ketarman.
Hammasini bildim-u, ammo -
Seni bilmay o‘lib ketarman…

MENGA BARIBIR…

O‘lar bo‘lsam bir kun, aprel yomg‘iri
Sovuq vujudimni yuvsa besabr,
Sen mening tepamda tursang qayg‘uda,
Men parvo qilmasman,
Menga baribir…

Men tinchib qolarman yomg‘irda ivib,
Yerga egilgan ho‘l novdaday sabil.
Bag‘ritosh, berahm bo‘larman u kun,
Sen men bilan bugun bo‘lganing kabi…

GUMON

Ruhim tanga qamab qo‘yilgan,
Meni bosar batamom gumon.
Jonga tegsa, gohida qalbim
Kayf-safoga berilar shodon.

Udir mening tinmas o‘xshashim –
Qo‘lidan keladi har balo.
Tanam uchun berarman javob,
Lekin qalbim bo‘ysunmas aslo…

TABIBLARIM

Kechalari uyqu bilmasman,
To‘shak bo‘ldi tun-kun habibim.
Hamshiramdir tepamda Og‘riq,
O‘lim mening sodiq tabibim.

Juda nafis ularning tili,
Hal etarlar taqdirim bu kun.
Og‘riq aytar: kesmoqlik kerak.
O‘lim deydi: shoshmoqlik nechun…

Men bir odmi ayolman sokin,
Lek quvonchga to‘lmoqda dilim –
Qanday sodiq do‘stlarim bordir,
Biri – Og‘riq, birisi – O‘lim…

QAHRATON TUNI

Derazamni bezar izg‘irin,
Tashqarida sovuq shu chog‘da –
Qahraton qish, shamol yig‘latar.
Ko‘zlaringni kesar pichoqday.

O‘tinaman, Tangrim, shafqat qil
Ko‘chadagi daydi, yupunga.
Rahm qilgin, Tangrim, sovuqda
Qor ostida yurgan har kimga.

Mening uyim issiq va go‘zal,
Darpardalar tafti kiftimda.
Lekin goho yuragim yig‘lar,
Tashqarida qolgan yetimday…

TUN

Oltin gulga o‘xshar ko‘kda oy,
Atrofida ko‘k chambaragi.
Samo – gulning novdasi go‘yo.
Yondosh – xuddi sen va men kabi.

Endigi oy – novdasiz guldir,
Ko‘k – yulduzlar yoritgan mahzan.
Oy – asrlar bo‘yi xushbaxtdir,
Mening sen-la baxtim – bir lahza…

Ingliz tilidan Karim Bahriyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.