Bayram At-Tunisiy - XX asrning birinchi yarmida ijod qilgan misrlik shoir.
MUNAJJIM
Derlar, munajjimlar
Dono azaldan.
Bilarmish taqdirni
Ular avvaldan.
Men ishonolmayman,
Dilda alanga -
Bermam munajjimga
Hatto bir tanga!
Dil daftarim titib
Nima qilaman:
O‘zimdan o‘tganni
O‘zim bilaman.
Kuymayman, dilimni
Nurga buraman,
Kelgusi ne bo‘lsa —
O‘zim ko‘raman.
Menga yo‘l ko‘rsatsa,
Aytay oh-vohsiz:
Hammamiz dunyoda
Asli sayyohmiz —
Yurdik uchoq, vagon,
Otda ovvora.
Borar ortib bizni
Ona sayyora.
Agarda rostdan ham
Bilsa munajjim,
Taqdirlarni bayon
Qilsa munajjim,
Zerikardik kutib
O‘limni, ishon:
Ne bo‘lar, kim o‘lar —
Hammasi ayon …
Munajjimlar kezar,
So‘zlayur yolg‘on,
Ularning taqvimi
Shirk erur, inson,
Jilpanglashar tinmay —
Aytgani aldov!
Mayli, bu ishdan ham
Foyda chiqar-ov.
Mana, yurtni bosgan
Mustamlakachi,
Oyog‘i ostidan
Yerimiz qochar.
Bu munajjim uchun
Kerakli yumush!
Qani, do‘stim, ish qil,
Payti keldi, xo‘sh!
Mana shu zolimga
Yuborgin ajal:
Vaboni yuborgin,
O‘latni ham sal,
Qo‘rquvdan oqarib,
Yurtimdan qochib,
Ketib qolsa edi
Mustamlakachi —
Senga rahmat derdi
Bu ona xalqim,
Baraka toparding
Cheksiz, munajjim!
Karim Bahriyev tarjimasi