Emin Gevorg (haqiqiy ismi Karlen Grigorevich Muradyan) (1919—1998), arman shoiri. Armaniston tarixiga bag’ishlangan «Yangi yo’l» she’riy to’plami 1951 yili SSSR davlat mukofotiga sazovor bo’lgan. «Armaniston haqida 7 qo’shiq» (1974), «Asr. Yer. Sevgi» (1974; SSSR davlat mukofoti, 1976), «Askarning kundaligidan» (1985) she’riy kitoblari, «Mangulik yo’li» (1985) esselari mavjud.
KELAJAKKA
Menga sendan o`rganmoq kerak,
Yashamoqni o`rgat, kelajak.
Bergin menga tinchimas yurak,
Mushkul chog`da qilgin mard erkak,
Kurashlarda — uyg`oq va sergak,
Bu dunyoda etma xotirjam.
Manmanlikka bulmayin hamdam,
Izlamayin shon-shuhratni ham.
Sevdim! — demay — sevmay chinakam,
Bahor! — demay — kelmasdan ko`klam,
Yetdim! — demay — kuymasdan qadam.
Baxtiyorman! — deb qilmay sado.
Oqni oq dey, qaroni qaro,
Tan berayin qilganda xato,
Tuzatganda kutmay tasanno,
Tasannodan kasb etmay havo,
Hech yerda hech kermayin ko`krak,
Shuni menga o`rgat, kelajak!
Erkin Vohidov tarjimasi