Vitezslav Nezval ( chex tilida Vítězslav Nezval; 1900-1958) — taniqli chex shoiri, chex adabiyotida syurrealizm oqimi asoschilaridan biri. Bolaligida musiqa maktabida ta’lim olgan. Birinchi jahon urushidan keyin Pragaga kelib, Karlovo universitetida falsafa bo‘yicha tahsil olgan. Ammo, adabiyotga bo‘lgan qiziqishi tufayli universitet diplomini olmagan. 1921 yilda «Devyatsil» adabiy-badiiy guruhiga qo‘shilgan, poetizm oqimi asoschisi va chex avangard adabiyoti yetakchilaridan biriga aylangan. 30-yillarda Parijda Breton, Elyuar bilan tanishgach, chex syurrealistlarining g‘oyaviy yetakchisi sifatida faoliyat yuritgan. 1938 yili bu guruhni tarqatib yuborgan. Uning she’riyatida yangi zamon ruhi, inqilobiy g‘oyalar, ekzotik mavzular asosiy o‘rin egallaydi. Bu ayniqsa shoirning «G‘aroyib sehrgar», «Edison», «Zamon chorlovi» , «Tarixiy manzara» dostonlarida, «Pantomima», «Qaytish chiptasi», «Praganing yomg‘irli barmoqlari» kabi dastlabki she’riy to‘plamlarida yorqin namoyon bo‘lgan. A. Rembo, P. Elyuar, G. Geyne, A. S. Pushkin she’rlarini chex tiliga tarjima qilgan. Iste’dodli kompozitor va musavvir sifatida ham iz qoldirgan.
Vitezslav Nezval XX asr she’riyatida salmoqli o‘rin tutadi. Uning she’rlari jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Nozim Hikmat, Iosif Brodskiy kabi taniqli shoirlar unga bag‘ishlangan she’rlar yozishgan.
ORZULARIM
Urushlar nimadir — bilmasin ochun,
Rangi bo‘laversin qonsiz ham yorqin!
She’rlarimni sutli choy qilib iching,
Piyola yuboray barchangizga men!
Sopol ovozlarda kuylasin har dam
Kulol yerto‘lasi singari olam.
She’rlar tursin guldor taqsimchalarda,
Har kun ertalab yeng ishtaha bilan.
Hali to‘la bo‘lsa dunyo tashvishga,
Hali erta bo‘lsa oromning payti,
Mayli, she’rlarimdan bir-ikki tishlang,
Jang oldidan aslo ziyon qilmaydi!
Qorningiz och bo‘lsa, egningiz yupun,
Muhtojlikdan bo‘lsa ko‘nglingiz yarim,
Mayli, ovqat bo‘lsin yo biron buyum,
Dalda, umid bo‘lsin sizga she’rlarim.
Bu zamin zulmatga bo‘lmasin mahkum
Fikrim she’rda bayon qilmoqdir ishim.
Xo‘rozday uyg‘otay yurtimni har kun,—
O‘zimga yoqadi bu o‘xshatishim!
PICHOQ YUTQICH
Tosh qotib bormoqda yurak, ko‘z, mehr,
Va yana ko‘p narsa — zamona zayli.
Lekin, baridan ham non qattiqroqdir,
Uni orzu bilan ivitolsaydik!
Sahro huvillagan, bo‘m-bo‘sh, kimsasiz,
Nigohlar bo‘m-bo‘shdir sahro singari.
Qiyofalarda yo‘q hech narsadan iz,
Huvillab yotibdi qalb dahmalari.
Orzu kerak, orzu! Toqat bo‘ldi toq,
Orzu deb bo‘g‘izga taqaldi-ku jon!
Temirni chaynadik biz juda uzoq,
Endi yutolamiz pichoqni oson.
YO‘L BO‘YIDA
Hansirardi yo‘lchi ishchilar,
Quyosh otash yog‘ardi beshak.
Yo‘l chetida bundan bexabar
Yotar edi bir kaltakesak.
Biri dedi unga shu topda:
«Biz-ku, bunda terlayapmiz xo‘p,
Sening esa, faqat oftobda
Toblanishdan bo‘lak ishing yo‘q».
Shu zahoti bo‘ldi bu gapni,
Qat’iy dedi keksaroq odam:
«Tinch qo‘yinglar kaltakesakni...
Tinch qo‘yinglar... shoirlarni ham...»
XO‘RSINISH
Rangsiz kitoblarga ketgan
Daraxtlar hayf.
Qurigan butoqka yog‘ilgan
Quyosh nuri hayf.
Iflos dengizdagi qayiqlar hayf,
Yomon odam to‘kkan ko‘z yoshi hayf.
ALOMAT
Parvona kelib qo‘ndi
Qo‘lyozmaning ustiga.
Nurga talpindimi u
Va yoki zulmatgami?
TUSH PAYTIDAGI O‘YLAR
1
Qachonlardir
Bir hikoya o‘qigan edim
Nomi esimda yo‘q
Ismsiz bir shahar
Yoz payti ekani
Hovlida turgan yog‘och stolgina
Xotiramda qolgan
Hozir
Mana shu paytda
Kafe ayvonida o‘tirarkanman
Qaytadan esladim o‘sha manzarani
Ko‘mir ortgan aravalar o‘tib bormoqda
Tomorqada ko‘za yerga tushib sindi
Lekin onam nonushtaga chaqirmaydi
Ingliz sigaretlari hidining
Qurshovida barcha ayollar
Men
Ya’ni
Unutilib ketgan hikoyadan chiqib kelgan bola
Botayotgan quyoshning nuri
Kafening oynavand eshiklariga
O‘t qo‘yayotganini
Kuzatib o‘tiribman juda berilib
2
O‘rmonda
Bir buloq bor
Kashtan yaproqlari suzib yuradigan
Fontandan suv ichishga o‘rgangan habash
O‘sha buloq ustiga engashib turar
3
She’r yozish uchun
Hayotni unutish shart emas
Ayolni o‘payotganda unutgan kabi
Sehrli chiroq yog‘dusiga
Rasmlarni almashtirib tutganday
O‘zim ham bilmasdan
Imzo chekaman-da
Bir hayotni qo‘yaman boshqa hayot ustiga
4
Orzu qilmoq
Bulutlarga qaramoq va yashamoq demakdir
Menga
Hatto bolaga xalaqit bermasdan
Yashaydigan olam kerak
5
Tabiatan
Ma’sumlikka
Ezgulikka moyilman
Mag‘rur chorlayman seni inqilob
6
Olam o‘zgaradi
Lekin odam
O‘zida,
O‘zining vujudida
Ezgu bir do‘st topmas ekan
Munis bir yor topmas ekan
Shoir va bola topmas ekan
Hasratlari tugamaydi uning
ILTIMOS
Men sendan ko‘p narsa so‘ramayman, yo‘q,
Zog‘orabaliqni chizib bersang, bas.
Ham ko‘zim, ham qornim bo‘lsin doim to‘q,
Ham menga boshqalar qilsinlar havas.
Menga qadahlarni chizib ber keyin,
Qashshoq umidlarim kadahlarini.
Toki ertalablar ichib yurmayin
Gullardagi shudring sadaflarini.
Bulutni chizib ber, soyani chizgin,
Ayolni chizib ber — bir mohipaykar.
Xudoni chizib ber (xudosiz qiyin),
Hech bo‘lmasa unga sig‘inib yuray.
Shaytonning rasmini chizgin eshikka,
Tezroq olib qochsin u badkor meni.
Sendan iltimosim bor yana bitta:
Devorga chizib qo‘y sirtmoq rasmini.
* * *
Takrorlagin o‘sha ertaklaringni,
Takrorlagin axir, qolsin yodimda.
Yupatgin men g‘arib, ko‘ngli yarimni,
Bo‘laman deb aytgin doim yoningda.
O‘pka-ginalarni takrorla, mayli,
Ginalaringdan ham bo‘laman men shod.
Axir, o‘tib qoldi umrning zayli,
Bolalik ham ortga qaytmaydi, hayhot!
Ogoh kilib tursin ovozing har dam:
Umrim maqsadini unutib qo‘ymay,
Bolaligimga zavq, harorat bergan
Beshikni unutib yuborganimday.
Mayliga, gohida yelka o‘girsang,
Maslahatlaringni darig‘ tutsang ham,
Men kabi bechora bir noshudingdan
Yuz burib, butunlay tark etma, erkam.
Takrorla barini, takrorla, jonim,
Hatto tushlarimda yonimda tur sen.
Takrorla barini, takrorla, jonim,
Har doim nafasing sezilib tursin.
VILSON VOKZALIDA
Na biron xat,
Na bir telegramma…
Taqdir bekinmachoq o‘ynar sen bilan.
Amin bo‘laverki,
perronga chiqsang,
Kimdir kelgan bo‘ladi albat.
Ikki kishi bo‘lib, uning yukini
Ko‘tarib ketasiz…
Yoki aksincha,
Ular ikki kishi bo‘lib ketadi,
Sen esa, borasan orqalaridan —
Uchinchi,
Butunlay ortiqcha bo‘lib.
* * *
Chorrahaga kelib, nega qarayman ortga,
Va tashlayman ma’yus nazar o‘tmish hayotga?
Sen — shoirsan, barcha kulfat senikidir, ha,
Ona degan nisbating bor barcha jonzotga.
* * *
Goho aytish ham qiyin — kim kim bilan o‘ynaydi:
Mushuk quyosh bilanmi yo quyosh mushuk bilan,
Shu ajoyib mo‘‘jiza ham yo‘qolsa mabodo,
Sendan nima qoladi unda, aytgin, SHE’RIYAT?
Mashrab Boboyev tarjimalari