Rasul Gamzatov «Tug‘ilgan yilim» she’rlar to‘plami uchun 1952 yilda Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. 1963 yilda «Yuksak yulduzlar» nomi bilan ko‘p tillarda bosilib chiqqan she’rlar to‘plami uchun u Lenin mukofoti laureati unvoniga sazovor bo‘ldi.
Iste’dodli tarjimon Rasul Gamzatov A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, V. V. Mayakovskiy va N. S. Tixonov asarlarini avar tiliga muvaffaqiyat bilan tarjima qildi. U katta jamoat arbobi va yosh adiblarni tarbiyalab yetishtiruvchi murabbiy sifatida ham Kavkaz xalqlari adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Rasul Gamzatovning «Yuksak yulduzlar» she’rlar to‘plami 1964 yilda M. Boboev tarjimasida o‘zbek tilida bosilib chiqdi.
DOG‘ISTON HAQIDA QO‘SHIQ
Hayot so‘qmog‘ida qo‘yganda qadam,
Duch kelsa yo‘lingda bironta qo‘rqoq,
Bilki, dog‘istonlik emas u odam
Va unga manzilgoh bo‘lmagaydir tog‘.
Dog‘istonga mansub er zotiki bor,
Har sharpadan titrab, yeyavermas pand.
Hayotdan azizdir unga nomus-or,
G‘ururin hamisha tutgaydir baland.
Aksincha, zir qochgan undan yov karaxt,
Oyog‘ini qo‘lga olib, holi tang.
Bunga guvoh erur har shoxu daraxt,
Buni yaxshi eslar har toshu xarsang.
Agarchi biron qiz senga kelsa duch,
U sharmu hayodan gar bo‘lsa xoli,
Ismatu iffati agar bo‘lsa puch,
Har bir uchrashgandan istasa tole,
Bilki u Dog‘iston farzandi emas,
Tog‘da undaylarga yo‘q aslo makon.
Uni bizda hech kim ayol ham demas,
Qayrilib karamas bironta inson.
Hayo timsolidir bizda har bir qiz,
Xayolingni olar, misli to‘lin oy.
Yursa, ko‘chalarda qolmas changli iz,
Tovusday tovlanib o‘tishi — chiroy.
Deylik, biror uyga kelganda mehmon,
Uyquli ko‘z bilan, erinib, loqayd,
Uning qarshisiga chiqarkan mezbon,
Malollik aks etsa yuzida bu payt,
Bilki, dog‘istonlik emas u aslo,
Tog‘da yo‘q bundaylar nasabi-nasli.
Dog‘iston bulardan tamom mustasno,
Ular Dog‘istonning bo‘lmagay xasmi.
Mayli, kelaqolsin ming yurtdan qo‘noq,
Mehmonga bag‘rimiz ochiq hamisha.
Qaynoq mehrimizni ol, senga o‘rtoq,
Bu bizning qon-qonga singgan andisha.
Bu o‘tu harorat — ayolu erkak —
Dog‘iston elining yurak shiori.
Bularning barchasi — Dog‘iston demak,
Shunday Vatan erur bu tog‘ diyori.
Ruschadan Jumaniyoz Jabborov tarjimasi.
TOKI BU YER AYLANAR EKAN…
Quyosh ichdim suvdek, tashnalab,
Yillar osha tashlarkan qadam:
Tongda yonib chiqqandan boshlab,
Oqshom yonib botganga qadar.
Odamlari serg‘ayrat, bardam
Va tog‘lari mag‘rur o‘lkamda
Tiniq irmoq, muz chashmalardan
Yulduzlarni ichdim qadamda.
Ko‘kning zumrad piyolasidan
Vodiylarda ko‘ksimni kerib —
Orombaxsh tog‘ havolaridan
To‘ygunimcha ichdim simirib.
So‘qmoqlardan o‘tarkan, tog‘da —
Cho‘kka tushib kappaladim qor.
Mehr bilan men o‘pgan chog‘da
Yo‘llarimda erib ketdi qor.
Bahorlarni ichdim men bolday,
Ko‘milganda gullarga har yoq.
Qirchillagan sovuq Shimolda
Ayoz ichdim misoli araq.
Tog‘lar aro bamisoli may
Ichganimda momaguldurak,
Xuddi rangin qadah zehiday
Tovlanardi oltin kamalak.
Na’mataklar chechaklar otib,
Qoyalardan xmel cho‘zsa dast,
Shu tik qoya ustida yotib,
Hidlarydan bo‘lar edim mast.
Maftunman yer go‘zalligiga,
Olqishlayman, qilaman qulluq.
Shaydosiman, jon fido unga,
Qo‘shiq ichdim — aytganday qo‘shiq.
Inson qalbi murakkab narsa,
O’tirganda men do‘stlar aro,
Xursandlikda ichdim bol bo‘za,
Xafalikda ichdim talx sharob.
Ermak uchun ichgan emasman,
Bois bo‘lgan shodlik ve yo g‘am.
Xirosima kulin ko‘rganman,
Festivallar kulgisini ham.
Ko‘piklardan pivo yuzini
Puflab o‘zin ichmoq odatdir.
Shunday ichdim hayot mag‘zini,
Hayot mag‘zi — bu haqiqatdir.
Sevib, kulib hamda avaylab,
Har kunimni ichaman oppoq,
Ertaga men yana tashnalab,
Shudir hayot qonuni, o‘rtoq.
Bu dunyodan bir kun ketaman
Tashnaligim qonmay, g‘ashlikda,
Toki bu yer aylanar ekan,
Yashar inson shu tashnalikda.
ONAMGA
Tog‘da o‘sdim, shumtakaligim
Bilar edi yaqinu yiroq,
Qaysar edim, bas kelmas hech kim,
So‘zlaringga osmasdim quloq.
Biroq yillar o‘tdi... o‘tdi o‘t yoshlik,
Hech narsani pisand qilmasdim.
Endi bo‘lsa huzuringda tek,
Bir go‘dakdek sezaman o‘zim.
Ikkalamiz tanhomiz, mana
Qalbimda yo‘q g‘am-g‘ashdan nishon.
Sening yumshoq kaftingga yana
Oq soch boshim qo‘yay, onajon.
Dil o‘rtanur, dilimda g‘ash bor,
Boshboshdoqlik qilgandir asir.
Durustgina senga e’tibor —
Qilolmadim, bu emasdir sir.
Hayot bu dam bo‘lib girdobday,
Olib ketur komiga solib.
Dil siqilur yana paydar-pay,
Onam, seni unutdimmi deb.
Sen bo‘lsang-chi, qilmasdan ta’na,
Ko‘z tashlaysan xavotirlanib.
Xo‘rsinib goh, bildirmay ona,
Artasan ko‘z yoshing o‘rtanib.
Yulduz so‘nggi manzili tomon
Uchib borar solib ko‘kka iz.
Ug‘ling kelib qo‘yar, onajon,
Oq soch boshin kaftingga bu kez.
ALVIDO, ISTAMBUL
Bosforga tushmoqda oqshom yelkani,
So‘nggi shafaq nuri qo‘nar dengizga.
Tinkasi qurigan, xor Turkiyani
Muazzinlar chorlar kechki namozga.
Alvido, peshtoqi go‘zal, naqshinkor —
Sulaymon machiti, ko‘hna Istambul,
Va sulton saroyi yonida zor-zor
Har bir o‘tkinchiga uzatilgan qo‘l.
Alvido, g‘oyibdan iona kutgan
Ey qaysar qimorboz!—Qahvaxo‘r uya.
Ey, sen qahvaxona tashida yotgan,—
Titragan, xo‘rsingan o‘ksik Turkiya.
Alvido, ey boshi egik, qaddi dol
Musulmon bandilar, sizga alvido.
Ne uchun qanchalik sig‘inmang halol,
Sizni muhtojlikda saqlaydi xudo?
Alvido, senga ham, yugurdak, g‘ulom,—
Etik tozalovchi yalang‘och bola!..
Mana dengiz uza tushdi qora shom,
Istambul shamlari yondi shu palla.
Unutmayman seni Dog‘istonda ham,
Ba’zida qalbimni o‘rtaydi alam.
Turk qizlari chekkan fig‘on jonlanur
Bulutlar ko‘z yoshi to‘kib o‘tgan dam.
* * *
Shoshilmay yozdilar bobolar qadim
Xanjarlar yuziga xanjarlar bilan.
Men zo‘rg‘a qiynalib yozaman hadeb
Uni qalam bilan, bo‘sh so‘zlar bilan.
Jangga ot surdilar bobolar qadim
Xayrlashib sevgan yerlari bilan,
Mening siyoh bilan zo‘rg‘a yozganim
Toshga yozdi ular qonlari bilan.
* * *
Ba’zi yosh novdalar o‘zin unutar,
Derlar rashk solamiz ko‘p yuraklarga.
Do‘l quymoqchi bo‘lib turgan bulutlar
Istehzoli kular g‘o‘r kurtaklarga.
Shunday dumbullar bor, kibrlanib der:
«Yashaymiz baxtiyor, farog‘atda biz!»
Baxt esa ularga rahmi kelib der:
«Bolalar singari buncha soddasiz!»
XANJARLARDAGI YOZUVLAR
Dushmanlarcha qo‘l ursang,
Tig‘im senga, ey odam!
Do‘stona qo‘ling cho‘zsang,
Mana, ushla dastamdan.
* * *
Xanjarni qo‘lga ol-u, ammo o‘zingdan ketma,
Xanjar uchun yaxshi joy qin ekanin unutma!
* * *
Xanjarim bor deb xursand
Ko‘rsatma o‘zing chaqqon,
Bitta o‘zing emassan
Bunaqa xanjar taqqan.
* * *
Qizdirsa ham quyosh ming karra,
Qon qotmaydi damida zarra.
* * *
Xanjar ahmoqda bo‘lsa,
Tinchlik bo‘lmaydi hech ham.
Xanjar oqilda tursa,
Bo‘la bergin xotirjam.
* * *
Mo‘ylovga ustara bor, emanga bolta tayyor,
Tog‘liq do‘stim, xanjaring qindan chiqarma bekor!
* * *
Surnay emas u, lekin
Unda bor ikki ohang.
Bir kuyi — o‘lim ekan,
Bir kuyi — erk uchun jang.
* * *
Zanglar bossin yuzimni,
Kimni o‘ldirgan bo‘lsam.
La’natlayman o‘zimni
Qotil qo‘lida ko‘rsam.
* * *
Yulduzlarga kecha-kunduzlar
Raketalar uchdi basma-bas.
Ey odamlar — yuksak
yulduzlar,—
Sizga uchib yetsam, menga bas.
YULDUZLAR
Tundagi yulduzlar, yorug‘ yulduzlar, .
Charaqlab she’rimga tashlaysiz nigoh.
Ishonib termilgan ko‘zdayinsizlar,
Ko‘zlarki, abadiy yumilgan ko‘zlar.
Yarim tun, har yonda sukunat nuqul,
Tinglayman, vaqt bilan bahslashmay zinhor:
— Jangdan qaytolmagan vijdondek pok bo‘l!—
Degan bir nidoni tinglayman takror.
Dog‘iston yurtiga sodiq tog‘ ahli,
Men tutgan bu yo‘lim emasdir oson.
Ehtimol, bo‘lurman yulduzlar taxlit,
Qachondir makonim bo‘lur keng osmon.
Boqurman kimningdir nazmiga men ham,
Tinchimni olgusi yerdagi inson.
Vijdondek qararman men ham o‘sha dam,
Hamnafas elimdan bo‘lib bir nishon.
DO’STLIK HAQIDA QISSA
So‘rsalar mendan agar: «Ne bilan hayot aziz?»
«Yov ko‘z yoshi, do‘stlarning quvonchi-la»,— deyman tez.
Mening yurtim tik qoya, ulkan toshlar aro jo,
Dovrug‘i ancha katta, yeri kichikdir ammo.
Ertakdagi bog‘ emas, kam hosilli yeri bor,
Do‘stlikdan qudrat topmish, sevgisi hur va bisyor.
Bir kun shu qorli tog‘lar kabi sochi oppoq chol
Qazo chog‘i kelganin payqab bo‘libdi behol.
Biroq uni o‘lim band qilib olmbqdan avval,
Kechgan umrin so‘roqlab, beribdi shunday savol:
«Qanday yashab, ne taxlit o‘tkargan eding umr,
Qani aytib ber debdi, tortinmasdan birma-bir».
So‘ylay boshlabdi sho‘rlik kelgan chog‘da so‘nggi on
Ko‘rgan-kechirganlarin qisqacha qilib bayon.
O’zin pok asraganmish, bo‘lmayin deb nobakor.
Gunoh yo‘lga kirmabdi, ichib-chekmabdi zinhor!
Erta tongdan to oqshom kelgunicha bechora
Besh vaqt namozin o‘qib, yeb-ichibdi uch bora.
O’g‘rilik ne bilmabdi, ne bilsa bildirmabdi,
Halol-u pok yashabdi, olmabdi ham bermabdi.
O’lim tinglab chol so‘zin debdi sodda, beparvo:
«Ha, yashabsan, ey ota, go‘yoki bir avliyo.
Ey keksa, soching o‘xshar ulkan qorli tog‘larga,
Qilgandirsan ezgu ish dil tortar o‘rtoqlarga.
Shul sababdan ularning ko‘nglin qilmay deb vayron,
Ortga suray qazoying muhlatini, bobojon.
Qilib har bir eng yaqin do‘stlaringdan armug‘on,
Bir yildan umrin olib, senga berayin, quvon!»
Murdadek bo‘zaribdi cholning yuzi shu onda.
Do‘sti tugul yo‘q ekan dushmani ham jahonda.
O’lim qilibdi xitob: «Unday bo‘lsa, e dono,
Tirik yursang-da, o‘lik ekansan-ku doimo.
Hozirlik ko‘r, men bilan birgalikda ketursan,
Kimga ham darkordirsan, kimni ham shod etursan?»
«E o‘lim, so‘zlaringni maqbul deb tan olurman,
Ashaddiy yov bo‘lsang ham, bu gaping haq bilurman».
Insondirmiz, demakki, do‘stlarsiz umr mahol,
Do‘stlarsiz qazo topmoq undan ham og‘ir, malol.
Do‘stlarsiz kichik xalqim yanchilardi batamom,
Ulug‘landi do‘stlikdan, do‘stlar bor, yashar omon.
Bizlarga do‘stlik darkor, u haqda qo‘shiq darkor,
Havodan ham, nondan ham shunga mushtoqmiz ming bor.
OSHIQLAR SARDORI
Bulbullar ichinda tinmas zabonman,
Hamon yoningdaman, tanangda jonman.
Agar oshiqlaring o‘n mingta bo‘lsa
Bilgilki alarning sardori menman.
Qo‘llarim istagi tutmoqlik qo‘ldan,
Istagim totmoqlik labdagi boldan,
Oshiqlaring kelsa gar mingta yo‘ldan
Bilgilki eng avval kelgani menman.
Sevgiga sodiqlik shartini qo‘ysang,
Shartni bajarmas deb, yoningdan quvsang,
Agar o‘n mingtadan yuzta qoldirsang
Bilgilki yuztadan bittasi menman.
Keksalik degan so‘z joy olsa dildan,
Yigitlik quvvati ketsa ham beldan,
Har kun gul olsang sen gar o‘nta qo‘ldan
Bilgilki eng avval gul tutgan menman.
Falak falakligin qilsa nogahon,
Sendan yuz o‘girsa hatto keng jahon,
Oshiqlardan qolsa bir nafar, inon
Qolgan shu oshig‘ing bilgilki menman.
Ko‘zlaring bemahal yoshlarga to‘lsa,
Agar dushmanlaring ustingdan kulsa,
Oshiqlaring agar hech kelmas bo‘lsa
Marhum ul Rasul Hamzat bilgilki menman.
Bulbullar ichinda tinmas zabonman,
Hamon yoningdaman, tanangda jonman.
Agar oshiqlaring o‘n mingta bo‘lsa
Bilgilki alarning sardori menman.
Ajabo! Tush degan narsa qiziq-da,
O`lib qolganmishman tushda nogahon.
Ko`ksimda qo`rg`oshin, quyosh tig`ida,
Tog`lar orasida yotibman bejon.
Uzoqda sharqirab soylar oqmoqda,
Borliqda bir ajib dilbarlik hokim.
Men esam o`ylayman yotub tuproqda:
Mana shu tuproqqa qo`shilar xokim.
Men o`lib yotibman, kimsasiz, unut,
Hech kimga qayg`urmas va chekmas yohu.
Faqat cho`qqilarda qurqurar burgut,
Faqat vodiylarda ingraydi ohu.
Navqiron yoshimda bo`ldim-ku ado,
Otash yuragimni o`ydi axir o`q.
Na onam, na yorim bermaydi sado,
Do`st tugul, hattoki yig`ichi ham yo`q.
Fig`on otiladi jonsiz bag`rimdan,
(Go`yo fig`on bordek murda dilida.)
Shu payt ikki kishi o`tdi naridan,
Quvnoq suhbat qurib avar tilida.
Men-ku bu dunyodan ko`z yumdim mangu,
Ular kulib-kulib so`zlashar borin;
Qandaydir Hasanning turfa ishiyu
Qandaydir Alining sho`x kirdikorin.
Avar so`zin tinglab kirdi menga jon,
Ohista tirildim va shunda bildim:
Meni tuzatolmas hech dori darmon,
Jonimga masihdir shu ona tilim.
Mayli, kim qay tildan zavqu shavq olsa,
Mening o`z tilimga ming jonim fido.
Erta ona tilim agar yo`qolsa,
Men bugun o`lishga bo`lurman rizo.
Mayli, qashshoq bo`lsin, mayli, behasham,
Lekin mening uchun aziz va suyuk.
Jahon minbaridan yangramasa ham,
Ona tilim, menga muqaddas, buyuk.
Otashin Mahmudning yoniq she’rini,
Nahot tarjimada o`qir avlodim?
Nahot, men avarning so`nggi shoiri,
Shumi edi mening ezgu murodim?!
Sevaman hayotni, dunyo ko`rkini,
Muhabbatim cheksiz barcha el uchun.
Hammasidan aziz ona yurtimni
Avarcha kuyladim yetgancha kuchim.
Uzoq Saxalindan Boltiqqacha to
Qalbimda ko`raman hur Vatanimni,
Har qayda qilayin unga jon fido,
Lekin o`z yurtimga qo`ying tanamni.
Yurtdoshlarim turin qabrim oldida
Ko`rsatsin avarning shoiri shul deb.
Elim yodga olsin oan tilida
Hamzat Sadasaning o`g`li Rasul deb.
Yo`lga chiqqan har odam
Quruq chiqmas begumon.
Non oladi, sharob ham.
Ammo, ey aziz mehmon,
Tog`larga yo`l tutsang gar
Kel xurjunni to`ldirmay.
Tog` dilbari non yopar,
Tog` yigiti tutar may.
Yo`lga chiqqan har odam
Quruq chiqmas begumon,
Olar o`tkir hanjar ham.
Ammo, ey aziz mehmon,
Hanjar tutma qo`lingga.
Hanjar senga na darkor?
Dushman chiqsa yo`lingga,
Bil, tog`likda xanjar bor.
Yo`lga chiqqan har odam
Quruq chiqmas begumon,
Olar yo`lga qo`shiq ham.
Eshit, aziz, ey mehmon,
Soz qo`shiqqa boy bu el,
Kuylar bizda ko`p, ammo —
Qo`shig`ingni olib kel,
Qo`shiq kerak doimo.
Yana o`rtar meni eski jarohat,
Yana yuragimni qiymalar armon.
… U men uchun edi ko`hna rivoyat,
U haqda ovular so`ylardi doston.
Ko`ngil u ertakni qayda unutar,
Kechalar ko`z yummay tinglardim to`lib.
Hatto tog`lar uzra suzgan bulutlar
Ko`rinardi Shomil lashkari bo`lib.
U bir qo`shiq edi. Uni gohida
Onam kuylar edi, eslayman hamon.
Onam bu qo`shiqni aytar chog`ida
O`yga cho`mar edi ko`zlari giryon.
Suratdan boqardi cherkaska kiygan,
Ko`zida o`t yongan suvoriy odam.
U chapaqay edi. Chap qo`li bilan
Qilich dastasini tutgandi mahkam.
U suratdan boqib kuzatgan edi
Ikkita akamni muqaddas jangga,
Onam marvaridu baldog`in berdi
Uning nomi bilan atalgan tankka.
O`limidan avval otam bechora
Unga bag`ishladi ajoyib doston,
Lekin Shomil nomin qildilar qora,
Yog`dirdilar mardning sha’niga bo`hton.
Balki shu ko`rgulik bo`lmasa, otam
Ko`proq yasharmidi… men ham aybdor.
Ko`pning ovoziga jo`r bo`lib men ham
Shomilni she’r bilan qilgandim abgor.
Xalqim erki uchun tog`lik yerimda
Yovlarga beayov bo`lgandi Shomil.
Bolalik qildim-u murg`ak she’rimda
Men uni atadim sotqin va qotil.
Tog`larni tun chulg`ar. Yotaman behol,
U darcham oldida paydo bo`ladi.
Gohida mo`ysafid, ko`pni ko`rgan chol,
Gohi lashkarboshi bo`lib keladi.
Der: “Nelar ko`rmadim dardli olamda,
Qancha azoblarga bildim giriftor.
O`n to`qqiz jarohat yonar tanamda
Sen go`dak, tig` urding yigirmanchi bor.
O`n to`qqiz yaraga chidadim, billoh,
O`n to`qqiz yaramdan qolmadi asar.
Lekin, sen urgan tig` bitmagay, e voh,
Bolam bo`laturib soldingku xanjar.
Ozodlik janggiga borimni berdim,
Qo`shiq, maishatga bo`lmadi fursat.
Maddohlarni ba’zan qamchilar edim,
Sherbozni kaltaklar edim beshafqat.
Lekin men ularni jabrlab, urib,
Xato qilgandirman va lekin ishon,
Sendek safsataboz shoirni ko`rib
Haqligimga bir bor keltirdim imon”.
Tonggacha qarshimda turar u siymo,
Tonggacha o`sha ruh beradi ozor.
Quyuq soqolini bo`yagan xino,
Papog`I ustidan o`ragan dastor.
Men unga ne deyin? Uning qoshida
Va sening qoshingda aybliman, xalqim.
Men xato qilgandim go`dak yoshimda,
Lekin chekinmoqqa yo`q bu kun haqqim.
Noyib Murod bir vaqt Shomildan ketib
So`ng pushaymon bo`ldi. Yana qaytmoqqa —
Ahd qildi-yu, ammo ajali yetib
Yo`lda duchor bo`ldi tubsiz botqoqqa.
Men ham pushaymonman o`z she’rim uchun,
Yana ortga qaytib, qildim deb xato —
Yo uzr uzr so`rayman Shomildan bu kun?
Yo`q, yo`q, botgim kelmas botqoqqa also.
U ham kechirmaydi baribir meni,
Men otdim orqadan, pana joydan o`q.
U qilichda yozdi mardlik she’rini,
Mening bo`hton she’rim kechirmaydi, yo`q.
Mayliga… lekin sen qil menga shafqat,
Xalqim, kechir, seni sevaman yona.
Jon o`lkam, sen meni qarg`ama faqat,
Misoli o`g`ildan ranjigan ona.
Erkin Vohidov tarjimalari
SHE’RIYAT
Ishlar bor, ishdan so‘ng o‘ylamaysan ham,
Goh oddiy tuyular sayohat-rohat.
Sen menga sayohat va undagi dam,
Sen menga oromsan va og‘ir zahmat.
Sen boshimda onam allasi bo‘lding,
Bahor, mardlik bo‘lib singding shuurga.
Sen otash ishq bilan birga tug‘ilding,
Ishq esa tug‘ilgan men bilan birga.
Yosh paytim onamday bo‘lding mehribon,
Navqiron davrimda suyukli dildor.
Keksaysam, qizimday asrashing ayon,
Agar o‘lsam, mendan qolarsan yodgor.
Sen goho cho‘qqisan, goho lochinim,
Uchsam qanotimsan, bahsda isbotim.
Seni o‘ylaganda yo‘qolar tinchim,
Senga baxshidadir ijod-hayotim.
Qayda tugaydi ish va boshlanar dam,
Qayda oz muddatli sayohat-rohat.
Sen menga sayohat, cho‘qqisan har dam,
Sen menga oromsan va og‘ir zahmat.
* * *
She’riyat – umrimning orzu-matlabi,
Satrlarni tizdim oddiy so‘zlardan.
Qalbimdagi pinhon muhabbat kabi,
Ularni asradim yomon ko‘zlardan.
Yakkash so‘zlar chekkan ohini ilg‘ab,
O‘zim bilan oldim qarab ra’yiga.
Keyin soatsozday jarangin tinglab,
Murvatday so‘zlarni qo‘ydim joyiga.
Tunlar quchog‘iga oldi tush-xayol,
Qarshiladim qancha go‘zal tonglarni.
Shafaqdan rang oldim, to‘quvchi ayol
Tanlaganday gilam uchun ranglarni.
Mayli, dilbar qo‘shiq kuylasin o‘zga,
Ehtimol, men buni udda qilmasman.
Dildagi niyatim ko‘chdimi so‘zga,
Bor gapim aytdimmi, shuni bilmasman.
Balki yaratmadim yuksak she’riyat,
Lekin o‘tgan umrim shu so‘zlarda jo.
Muharririm, sendan iltimos faqat,
Umrimni qisqartma bo‘lsa ham xato.
Mening farzandimga o‘tmaydi tishi,
O‘zga ota qancha turmasin tergab.
Menga ayting bo‘lsa yomon qilmishi,
O‘zim qulog‘ini qo‘yaman burab.
* * *
Kuni kecha yosh bola edim,
Qush uyadan polapon tutdim.
Qaysi kuni ishqqa duch keldim,
Birdaniga voyaga yetdim.
Kuni kecha dono chol edim,
Keksalikning maqomin tutdim.
Qaysi kuni ishqqa duch keldim,
Birdaniga yosharib ketdim.
* * *
Ishqiy she’rim chiqmas betashvish,
Yana shashtim jurnalda qaytdi.
Ularni xalq o‘qimas emish,
Bosh muharrir shunday deb aytdi.
Qaytarmadi u she’rim lekin,
Bir-ikki kun unda turarmish.
Olib ketib uyiga bir kun,
Xotiniga o‘qib berarmish.
* * *
Mening sevgim – chinor,
unda qo‘sh shox bor,
Biri qurib borar, biri gullaydi.
Mening sevgim – burgut, go‘yo ikki sor,
Biri parvoz etar, biri qulaydi.
Mening qalbim qiynar ikki jarohat,
Biridan qon oqar, biri bitadi.
Umrim bo‘yi shunday: navbatma-navbat,
Goh quvonch, goh qayg‘u qo‘lim tutadi.
* * *
Ishonmasman bu dunyoning sehr-qudratiga,
Mayli, o‘lim hukm o‘qisin o‘tkazmay fursat.
Mayli, meni olib ketsin saltanatiga,
Ikki yildan keyin ortga qaytarsin faqat.
Niyatim shu: qaytib kelib yiroq-yiroqdan,
Yaqinlarim huzurida bir-bir bo‘laman.
Agar yorim shodu xandon yursang firoqda,
Bilib qo‘ygin o‘sha zahot qayta o‘laman.
* * *
... Chavandozi minmadi sakrab,
Ot depsinmas suvliqni chaynab.
Uning oppoq tishiga qarab,
Turib qoldim kuldi deb o‘ylab.
Shu holati rostdan etdi lol,
Ot kulardi o‘xshab insonga.
U bosh egdi, yerga tegdi yol,
Yelda yollar to‘zdi har yonga.
Ajablandim, ketolmay yiroq,
Ot oldiga bordim yaqinroq.
Ot kulmasdi, egib boshini
To‘kar edi ko‘zdan yoshini.
Ot holini ko‘zi qildi fosh,
Quyilardi selob-selob yosh.
Men jilmaysam, yaqinroq kel yor,
Ko‘zlarimga tikilgin bir bor.
* * *
Qisqa yo uzun yo‘l nasibdir bizga,
Bari bir, umrimiz chegarasi bor.
Nimaga egamiz berilgan qarzga,
Qachondir barini qaytarish darkor.
Nedandir ajraymiz achinmasdan hech,
Nenidir asraymiz chiqqunicha jon.
Aqling kirgan chog‘da bilasanki kech,
Turishga hojat yo‘q, qulashing ayon.
Endi o‘zimning ham yoshligim o‘tdi,
Cho‘qqidan shitobla tushib boryapman.
Na chora, tanimga keksalik yetdi,
Na chora, umrimga hisob beryapman.
O, yor, shunday kuchga emasmiz ega,
Yo‘qsa, hayotimni berardim senga!
* * *
Yorlarga yetkazdik qancha g‘am-azob,
Koshki, buning uchun qaysidir soat,
Mavjud sud oldida bersaydik javob,
Ehtimol, zindonga qolmasdi hojat.
Ammo har yurakning o‘z yo‘rig‘i bor,
Sendan so‘ramasman zarra marhamat.
Mana men poyingda, hukm et, dildor,
Qalbing buyurganin so‘zlagin faqat.
Ishq qonuni bilan sud qilgin meni!
Mayli, barcha ishda ayla gunohkor.
Guvohlik berishib yoqlasin seni,
O‘tgan tunu kunlar turishib qator.
Zero, ko‘p jihatdan baxtli edik biz,
Hamon o‘sha damlar biz uchun aziz.
* * *
Ishchanlik va mardlik ko‘rsatsa, Vatan,
Darhol taqdirlaydi o‘g‘il-qizini.
Mukofotlash haqda farmonlar, ba’zan
To‘ldirar gazeta sahifasini.
Gohida istayman aziz Vatanim,
Ishq va sadoqatni taqdirlashini.
Oshiqlar ko‘ksida ko‘rib yayrardim,
Orden-medallarning yaltillashini.
Muhabbatda orden-medal yo‘q azal!
Agarda mukofot bor bo‘lsa, menga
Sadoqatim uchun berilsa medal,
G‘alaba ordeni atalar senga!
Lekin ishqqa shartmi bunday iltifot,
Axir, sevmoq o‘zi oliy mukofot!
* * *
Gohida o‘ylayman, ishqla tirik qalb,
Boshqa hislar haqda she’r bitdim nechun?
Bugun o‘shalarni mayda-maydalab,
Pechkaga tashlayin isinmoq uchun.
Netay, tog‘dan pastga tushyapman bu dam,
Endi sanoqlidir kunim-soatim.
Umr bir bor berilgan ko‘p bo‘lganda ham
Bariga yetardi shu muhabbatim.
Shu bois qaylarga boshlasin taqdir,
She’rlarimda sevgi yangrasin faqat.
Olddagi kunlarim ko‘p emas, axir,
Behuda she’r yozib o‘tkazmayin vaqt.
Dam g‘animat, ishqqa yoz she’ru doston,
Kuz o‘tib, qish kelsa chekmagin armon.
* * *
Ko‘pdan men tug‘ilgan kuningda go‘zal,
Senga qarab turib qolaman hayron.
Nahot sen dunyoga kelmasdan avval,
Shunday go‘zal bo‘lgan bu qadim jahon?
Bilmasman, ne uchun Pushkin chekkan g‘am,
She’rga solgan qaysi ajib lahzani?
Hurlik uchun Shomil jangga kirgan dam,
Madad bergan kimning ko‘ngil maxzani?
Zero, shunday go‘zal bo‘lmagan ochun,
Unga hayot nuri yo‘g‘rilgan kundan.
Shu bois hayronman, bilmasman, nechun
Yil boshlanar Iso tug‘ilgan kundan?
Biroq, yil boshlanar ko‘pdan men uchun
Senday go‘zal barno tug‘ilgan kundan!
SHOIRNI O‘LIMDAN ASRAGAN AYOL
Umar hoji, umr – oqar daryo,
Qani o‘tir gulxan yoniga.
Tugamaydi turmushda g‘avg‘o,
Kel, quloq sol, ishq dostoniga.
El-elat ko‘p qadim dunyoda,
Bu voqea Kavkazda bo‘lgan.
Shoir yotar dorush-shifoda,
Hayot guli deyarli so‘lgan.
Ajal tahdid solsin joniga,
Shirin visol ko‘zi oldida.
Shom paytida yori yoniga,
Borgan edi uchqur otida.
Chaqnar edi yulduz samoda,
Chaqnar edi yori oyjamol.
Endi esa dorush-shifoda,
Yotar shiftga tikilib behol.
Shoir der: – Bu taqdiri azal,
Bo‘la olmas tabiblar panoh.
Bir muxlisi keltirar asal,
Boshqa biri dorivor giyoh.
Olib kelay deb obi-hayot,
Muhib ketdi Tibet tomonga.
Topdi dori, ichgani zahot,
Aylanardi chol navqironga.
Shoir dori bahridan o‘tdi,
Va boshladi vido so‘zini:
– Kuyim tamom! Qazo vaqt yetdi,
Totib bo‘ldim dunyo tuzini.
Shom paytida dorush-shifoga,
Uchib keldi tungi kapalak.
Balki to‘g‘ri kelmas iboga,
Tabibga der tik qarab malak:
– Men kerakman, endi shoirga.
Ruxsat bering, kiray yoniga.
Butun kecha bo‘laman birga,
Jonim sadqa shoir joniga.
Hilol kabi nozik farishta,
Palataga kirib nur sochdi.
Keksa shoir ko‘rdim deb tushda,
Yosh yigitday quchog‘in ochdi.
Tongda shoir dorush-shifodan,
Chiqib ketdi yigitday bo‘lib.
Qancha suvlar oqsin daryodan,
Bu dostonni eslashar kulib.
Umar hoji, qadim zamonda
Shunday qiziq voqea bo‘lgan.
Tog‘lik erlar qolmay armonda,
Hatto ajal ustidan kulgan.
Shu bois men g‘am chekay nechun,
Ajal kesib chiqsin yo‘limdan.
Bilamanki,meni o‘shal tun
Yosh bir ayol asrar o‘limdan.
MEN YUZ QIZGA SHAYDOMAN
Ishqimga bo‘lay iqror:
Men yuz qizga shaydoman.
Hamma joyda yorim bor,
Har biriga fidoman.
Mo‘ylovi sabza urgan,
Men hali o‘smir edim.
Yo‘lda ko‘za ko‘targan,
Bir qizchaga duch keldim.
Suv so‘radim, ich dedi,
Ko‘zasi turar yonib.
Ko‘za suvi muz edi,
Simirdim rosa qonib.
Buloq suvi ichimni,
O‘tday yoqdi xo‘b yomon.
O‘sha qizga ishqimni,
Saqlayman dilda hamon.
Sal o‘tib, ayni bahor,
Kezdim Kaspiy bo‘yida.
Yonimda sevikli yor,
Men mastman ishq ko‘yida.
Bilolmasman, tushimda
Tingladimmi so‘zini.
Chunki hamon hushimda,
Izlagayman izini.
Baland dorga osildim...
Buni juda kech bildim.
Saqlanar bir umr esda,
Poezdda uchragan qiz.
Ketdik bitta kupeda,
O‘tirgancha yuzma-yuz.
Omadli yo‘l chiptadan,
Misoli baxtim yutdim.
U bilan bir darchadan,
Atrofga qarab ketdim.
Koshki, shunday yuzma-yuz,
Ketaversak ikkimiz.
Shaddod qizni sevdim chin,
Yodimdan o‘chmas hecham.
Jig‘imga tegish uchun,
U she’rimni yirtsa ham.
Sho‘xchan qizning nigohi,
Hamon dilim yoqadi.
U kulib suhbat chog‘i,
She’rlarimni maqtadi.
Shaydoman oddiy qizga,
Bag‘ritoshga shaydoman.
Shaydoman jiddiy qizga,
Qalamqoshga shaydoman.
Shaydoman vaysar qizga,
Kam gap qizga shaydoman.
Shaydoman qaysar qizga,
Ochiq yuzga shaydoman.
Sevdim har bir shaharda,
Sevdim har bir safarda.
Sevdim tanlab o‘tirmay,
Barcha kursdosh qizlarni.
Hech biriga sir bermay,
Aytdim ishqiy so‘zlarni.
Men yuz qizga shaydoman,
Barchasiga fidoman.
– Yuzta qiz asiriman?!
Turib ketding darg‘azab.
– Men yuztaning biriman,
Sen meni aldabsan zab.
– Xulosada shoshma yor,
Senda yuz qiz husni bor.
Senda yuz qiz mujassam,
Faqat sensan yagonam.
O‘smir chog‘im qishloqda,
Yo‘lda ilk bor duch kelding.
Ko‘za ushlab so‘qmoqda,
Turgan qiz o‘zing eding.
Kezsang Kaspiy bo‘yida,
Yoxud bog‘-bo‘stoningda.
Mast bo‘lib ishq ko‘yida,
Menman yurgan yoningda.
Saqlanar bir umr esda,
Ketganimiz poezdda.
Sen o‘zingsan yuzta qiz,
Barida sen mujassam.
Sen o‘zingsan bahor-kuz,
Sen o‘zingsan quvonch-g‘am.
Gohi sen tosh yuraksan,
Gohi juda ziyraksan.
Gohi juda jahldor,
Gohi munis, beozor.
Qayoqqa qilma parvoz,
Yo‘lingda chiqdim peshvoz.
Nimani qilsang xayol,
Muhayyo etdim darhol.
Bormay qaysi shaharga,
Yo‘ldosh bo‘lding safarga.
Sen bilan chiqdik toqqa,
Birga boqdik yiroqqa.
Men yuz qizga shaydoman,
Ularga sevgim bir xil.
Faqat senga fidoman,
Faqat senga sadqa dil.
Qanday seni sevmay yor,
Senda yuz qiz husni bor.
VANGAXONIM
Devor ortidagi sirlarni bir-bir,
Aytib beradigan bashoratchi bor.
U o‘sha taniqli Vangaxonimdir,
Men bunga uchrashgach, bo‘lganman iqror.
Oldin ham u haqda eshitgandim ko‘p,
Yasharkan Bulg‘orning chet qishlog‘ida.
Bashorati esa ta’riflanar xo‘p,
Hatto Dog‘istonning olis tog‘ida.
Derlar: Vangaxonning tegsa qo‘llari,
To‘g‘risi, mustarga yuz burgan hamon,
Unga o‘zgalarning hayot yo‘llari,
Xuddi kaftdagiday bo‘lar namoyon.
Yashirish ne hojat, qiziqqanim rost,
Menga nima deydi, bilmoq istadim.
Va Vangaxonimga Dog‘istonga xos,
Sovg‘a olib, safar otim qistadim.
Keksalarga suyanch-hamrohdir aso.
Momoga uzatdim naqshli hassani.
Topish mushkul hassa yasashga zero,
Qizil novdasidan yaxshi narsani.
Katta-kichik ko‘zli asoda asli,
Tabiiy go‘zallik edi mujassam.
Ularga yarashgan ustaning naqshi,
Hassani etgandi yanada ko‘rkam.
U hassani olib asta siladi.
Sezgir barmoqlari nedir izladi.
Ohista suyandi... (Juda mustahkam).
So‘ngra tashlab ko‘rdi bir-ikki qadam...
Sekin shivirladi, eshitdim arang,
Kim bilan ulg‘aydim, o‘qidim qayda.
Xuddi bashoratchi Vangaxonim ham
Bir umr yashaganday bizning Sadada...
Vangaxonim menga ayon-noayon,
Ishlarni bir boshdan ayladi bayon.
Hatto aytdi, mening ustimdan qachon,
Kim noma jo‘natdi rahbarlar tomon...
Bexosdan qalbimni chulg‘adi gumon:
Yon qo‘shnim oldinroq uchrashib ketgan...
Suhbat oxirida keltirdim iymon,
Bunga yon qo‘shnimning daxli yo‘q ekan!
– Otang allaqachon boqiy dunyoda,
Onang u tomonga borgan keyinroq.
Ular sendan xafa haddan ziyoda,
Qo‘llarida hassa tutishgan, shundoq.
Hozir ular uxlar osuda, sokin,
Ammo sen u yoqqa qadam qo‘ygan kun,
Darhol qo‘llariga hassani olar,
Yuz-ko‘zing demasdan ayamay solar!
– Menga tashlanadi? Ayting, ne uchun?
Qaysi ishlarimdan ular norizo?
Yoshligimda bebosh bo‘lganligim chin,
Hozir quyulganman, yuribman sipo.
— Lekin hassada bor boshqacha xabar,
Qo‘ling tekkan naqshlar kirmoqda tilga.
Bilasanmi sen kim? O‘g‘ri, isrofgar –
Umrini behuda sovurgan yelga.
Sof yuraging tayyor edi yonishga,
Sen esa bermading unga e’tibor.
Qancha zamonasoz she’rlar yozishga,
Oltin vaqtlaringni sarflading bekor.
... Nima she’rlarim bor? Ey, fikri ojiz,
Qancha she’ring eling dardiga malham?
Bo‘kib qolguningcha simirding hargiz,
Qur’on taqiqlagan ichimlikdan ham.
Mana shudir sening tuning va kuning!
Hassa sirti guvoh hayot yo‘lingga.
Ayt, asrab qoldingmi tug‘ilgan uying,
Yordaming tegdimi munis singlingga?
Yurdingmi, haqiqat bilan basma-bas,
She’ringga ko‘chdimi doim hur fikr?
Shu sababdan ota-onang bu nafas,
Sening qilmishingdan olar xavotir.
Do‘sting ko‘p...
Kim bilan bo‘lmading o‘rtoq?
Sen sevasan...
Men bosh egib turdim jim.
Qanday sevgi haqda bahslashay shu choq,
Yonimda gapimni poylar xotinim.
Indamay tingladim, bu achchiq so‘zlar,
Yaramga tuz sepib etsa-da tahqir.
Jimman, ko‘nglim esa ich-ichdan bo‘zlar,
Netay, Vangaxonim haq edi, axir!
Uning so‘zlarida na sun’iylik bor,
Na biror yolg‘on bor – bari haqiqat!
Endi qanday yashay? So‘radim zor-zor:
Dono Vangaxonim menga yo‘l ko‘rsat!
Nahot yana sarflab g‘ayrat-shaxtimni,
Bema’ni ishimdan qolaman dog‘da.
Yoki yiroqlarda izlab baxtimni,
Adashib ketdimmi o‘zga so‘qmoqda...
Bilaman, sizlarni keturman tashlab,
Bu dunyo mendan ham bir kun qoladi.
U yoqda qo‘liga hassani ushlab,
Meni ota-onam kutib oladi!
SHOMILNING MUHABBATI
Doston
Noiblarning sarasi,
Axberdilav ot solar.
Mozdok, Dargo darasi,
G‘ayratiga lol qolar.
Unga aziz mard sha’ni,
Demadi bu o‘z haqqim.
Olib kelgan o‘ljani,
Shomilga etdi taqdim.
«Yo‘lda qildi ko‘p sarson,
Bu o‘jar arman qizi».
Asiraga boqqan on,
Oqardi Shomil yuzi.
So‘ng ishonmay ko‘ziga,
Bir zum ko‘kka tikildi.
Kelish uchun o‘ziga,
Ochiq ko‘ksini tildi.
Unut yor-u jarohat,
Imom kelmas hushiga.
Der: «Qanday ism bormish ayt,
Behishtning bu qushiga?»
(«Evoh, bunday suluvni,
Ko‘rmagandim hech qachon!»)
«Pirim Anna der uni».
Axberdilav lol-hayron.
Chechen va Dog‘istonga
Peshvo aylar iltifot:
«Bu pariro‘y jononga,
O‘zim qo‘yay nafis ot.
Anna – oy nurga ko‘zgu,
Demak, ismi Shuoyna’t.
Suyuk yorim bo‘lar u,
Ranjima mendan faqat.
E’tiqodim mustahkam,
Buni hamma biladi».
Shunday deb u xino rang,
Soqolini siladi.
Va esladi Tangriga
Qancha qilsa ibodat.
O‘tlar tushib bag‘riga,
So‘rabdi jangga omad.
«Tangrim, din uchun tinmay,
Qilich soldim, otdim o‘q.
Nahot mening oshiqday,
Sevmoqlikka haqqim yo‘q».
Noibning or-nomusi,
Keldi bu holdan, axir,
Uning tutqun tovusi,
Shomilni etmish asir.
Axberdilav dovyurak,
Gapni shartta aytar ul:
«Biz qiz uchun so‘rab haq,
Undiramiz katta pul.
Boydir urug‘-aymog‘i,
To‘ldiramiz hamyonni».
«Bo‘lsa ham oltin tog‘i,
Bermasman bu jononni».
Noib qalbida qutqu,
Laxcha cho‘g‘dir kalomi:
«G‘ayridin farzandi u,
Siz haq dinning imomi!
Ollohga xush kelmas ish,
Tarqalar tog‘da mish-mish».
«Ollohning karami keng,
Ishq oldida hamma teng!»
«G‘animini sher bilgan,
Yerga urmas qadrini.
Qiz unashib qo‘yilgan,
Olib bo‘lgan mahrini».
«Bundan bo‘lma xijolat,
Elda bor shunday hikmat:
Qizdan ko‘plar umidvor,
Baxti bori bo‘lar yor».
«Bu satangga pand bekor,
Yurmas hijob ichida.
Qarang, na bog‘ichi bor,
Yoqasining uchida».
«Sen ozor chekma bundan.
Axir, yigit hamrohi –
Qilich ham chiqib qindan,
Yalang‘och bo‘lar gohi».
«Bahslashma yovqur navkar,
– deb Anna kirdi tilga.
Haq yo‘lda turgan sarvar,
Mayli, bildirsin elga.
Bu qismat yo muruvvat —
Shudir umrimga ma’ni.
Endi ismim Shuoyna’t,
Unutinglar Annani.
Mayli, keltiray iymon,
Siz sig‘ingan haq dinga.
Boshimga tashlab chachvon,
Qilichday kiray qinga.
Ko‘nglim shartlarga ko‘ndi,
Bo‘lurman avar qizi...»
Ko‘p o‘tmay jangda so‘ndi,
Axberdilav yulduzi.
Olis Makka tomonda,
Shomil ko‘z yumgan chog‘i,
Boshin egdi armonda,
Kavkazning baland tog‘i...
Bo‘lsa edi yonida,
Shuoyna’t vafodori,
O‘sha cho‘l osmonida,
O‘rlardi ko‘kka zori...
Qatorimiz uchmoqda,
Vodiyda Mozdok tomon.
Daftarimga ko‘chmoqda,
Bu sevgi bo‘lib doston!..
Dushanba g‘oz turib maqtanar chunon:
«Kunlarning podshosi o‘zimman yolg‘iz.
Olam tirikligi boshlanar mendan,
Barcha haftalaru, kalendar shaksiz...»
Seshanba almashib egallab taxtin,
Dedi: «Bo‘lib kelgan azaldan shunday.
Barcha zamonlaru ellar qismatin
Tutib kelmoqdaman qo‘lda xanjarday...»
Tonggi sokinlikda suzib chorshanba:
«Qani, uyg‘oninglar!» — deya undadi.
«Ana, maqtanchoqlar qochib qolishdi!
Taqdir soatlarin izmi mendadir...»
Payshanba ketidan juma ham keldi,
Shanba o‘tib ketib, keldi yakshanba.
Hammasi maqtanib ko‘rsatdi o‘zin,
O‘tga ham, nurga ham go‘yo bosh manba!
Vassalom, kosagul uning tek o‘zi,
Odamlarga tutar hayot bodasin.
Hammayoqqa solar jar, ayuhannos,
Bir o‘zi qoqqanday ko‘k nog‘orasin.
Yetti kun yettita noahil qavmdek
Birinchi bo‘lish-chun kurashdi faqat.
Yillar zulmatida tutoqib Quyosh,
Ular qulog‘ini cho‘zdi beshafqat:
«Qanaqa talato‘p! Qanday hovliqish!
Tortishasiz, xanjar ko‘zni o‘ygudek!
Biringiz bo‘lmasa — hammangiz ham yo‘q!
Tishlar emassizki, yasab qo‘ygudek.
Yetti kun — zaminning hayoti demak,
Aylanib turadi qurib tinkasi.
Sizning qo‘lingizda hamisha xanjar,
Hamma zamonlarning yangroq zurnasi...»
Shu chog‘dan kunlarning ketidan kunlar
Bejanjal, beurush almashib turar...
Shu choqdan mojaro, janjal, suronlar
Faqat odamlarning ichida yurar.
G‘affor Mannopov tarjimasi
Seylonda bu — farz, udum,
Soliq to‘lagay, albat,
O’zining husni uchun.
Bu xildagi soliq gar
Qo‘llanilsami tog‘da,
Sertama soliqchilar
Qolmas edi hech dog‘da.
Kuba malagin mangu
Saqlaydirman yodimda,—
Go‘zallik taxtiga u
Chiqqandi ko‘z oldimda.
Dog‘istonda esa eng —
Suluv kim, deyishsa gar,
Mahshargacha betinim
Bahs ketajak muqarrar.
* * *
Jilg‘alar tordayin kuylar edi shan:
— Oydin tun yaxshidir qaro kunduzdan.
Yuksak tog‘ shafaqqa termulib, pastda —
Turgan yosh cho‘qqiga so‘ylardi asta:
— Garchand devor toshi ko‘rimsiz, biroq
U qabr toshidan ko‘rkam, yaxshiroq.
Yodimda, kosagul ulasharkan jom,
Degandi davrada bir ulug‘ kalom:
— May bilan bo‘yalsin, mayli, dasturxon,
To‘kilgandan ko‘ra qorga issiq qon.
Chehrasi chandiqli bir askar darrov
Uning payroviga qilgandi payrov:
— Azaddan qo‘rg‘oshin hushtagi emas,
Qalblarni zabt etgan qalbdan chiqqan sas.
Ayolni toabad quchmoq yaxshidir —
Tutmoqliqdan qilich bandin bir umr.
Hargiz askar uchun nikoh to‘shagin
Dala bo‘ronimas, ayol to‘shasin,
Yastangan maysaga ko‘z tashlab pinhon
Nogoh guftor qildi shunda bir juvon:
— Cho‘qqilar, mayliga, bo‘lsin oqsoch bosh,
Mushtoq etgan qalliq esa doim yosh...
* * *
Kuylagandi bir paytlar Hofiz:
— Fors jononi gar etsa karam,
Baxsh etardim xoliga shu kez
Samarqandu Buxoroni ham.
Lekin go‘zal demishki kulib:
— Xarid etsang magar xolimni,
O’ltirmagin savdosin qilib,
Qaytarib ol arzon molingai.
Shoirlar ham suyganlariga
Ularning bir g‘amzasi haqqi,
Yulduzlarni ipga tizib va
Ming yolvorib etganlar taqdim.
— Hadya qilmang bizga yudtsuzni, —
Ayollardan taraladi sas. —
Mehr bilan erkalang bizni,
Ishqingizni o‘zi bizga bas.
Keltirmangiz sandiqchada ham
Zebu ziynat, bebaho olmos,
Biz sizni deb g‘ussa chekkan dam
Ko‘z yoshimiz ariting, xolos.
Gullar taqsa bahor – seni o‘ylayman,
Tushsa bog‘larga qor – seni o‘ylayman,
Tonglar otsa oppoq – seni o‘ylayman,
Yoz xandon urgan choq – seni o‘ylayman,
Qaytib kelsa qushlar – seni o‘ylayman,
Ortga yelsa qushlar – seni o‘ylayman.
Qirov tushgan bargga termulib bir dam,
O‘ylayman men seni, unutib orom.
Aqlli qiz bo‘lib bo‘y yetgandirsan,
Men seni o‘ylagach tunu kun, mudom.
* * *
Sen haqda o‘ylarim she’rga solsam, chin,
Bir devon bo‘lardi – ulkan, ziyoda.
Imonim komil, sen bundoq kitobning
Ikkinchisin topmas eding dunyoda.
Biroq, afsus, hali bu devon yupqa,
O‘ltirmoqqa qunt-la toqatim ozroq.
Chunki vaqtni she’rga bergandan ko‘ra,
Sen-la o‘tkazganim men uchun sozroq.
* * *
Dugonalaringga men baxt tilayman, o!
Topila qolsin er ularga, illo!
Tag‘in nahot g‘urbat domida qolsang,
Bo‘lmasmi eshikni tambalab olsang!
Yonginangda izg‘ib – to‘ldim men xunga,
Biroq ular fahmi yetmas hech bunga.
Soatga boqaman, u sira jilmas...
Ovsar mehmonlaring ketishni bilmas.
Birin jag‘i tinsa, biri boshlar gap,
Chiday olmas bunga hech qanday asab!
Aytgin, biz shom payti suhbat qurgan dam
Kirmasin ularning birontasi ham!
Shoirga-da, shundoq xoli on kerak,
Xalal berishdimi, tugar u, beshak...
Sho‘rlik ko‘nglim eshik chertilmasa der,
Dugonalaringga, o, tezroq chiqsin er.
* * *
Qara, qor avjiga chiqmoqda biram,
Mayli sochlaringga qo‘nsin, yo‘q ginam!
Shamol ham guvlasin – ishim yo‘q, biroq,
O, nega u seni quchar beso‘roq!..
* * *
Eslayman yozg‘irib o‘lkalarda yot,
Olislarda qolgan kulbamni bot-bot.
Tushimga kiradi purviqor tog‘lar
Va uchqur tulporni minganim chog‘lar.
Buloq ham yodimga tushadi takror,
Undan suv tutgandi u menga ilk bor.
So‘qmoq esimdadir – shudring quchgan, nam,
Kuzatib qolardi meni subhidam.
Faqat yod etmadim men seni taqir,
Chunki unutmadim bir on ham, axir!
* * *
Yana yo‘lga chiqdim visolingga zor,
Vaqtning o‘tmoqligi bunchalar dushvor.
Men-ku, huzuringga yetsam deyman tez,
Nega o‘chakishib imillar poezd!
Nega yellarday u shitob ucholmas,
Uchqur o‘ylarimdek ufqni qucholmas!..
Derazadan bot-bot boqaman, beun,
Yo‘lning uzunligi dilni qilar xun.
Quyosh chiqib ko‘p bor, ko‘p bor botdi ham,
Zulmat tunlar cho‘kib, tonglar otdi ham...
Uyda ekanimda sezmasdim buni,
Sezmasdim ufqda yongan yog‘duni...
Qalbim allaqachon sening bilandir,
Biroq temir izda tanim qaqshar zir.
O, charaqlar ko‘kda yulduzlar bari,
Axir, kuzatarlar meni sen sari...
Ne-ne kent, shaharlar nurlanib alvon,
Aylarlar yo‘llarim mening charog‘on.
Biroq ko‘kda bulut uyular nogoh:
«Mensiz yashamoqda ekan u qandoq?»
Derazaga shu’la to‘qinar bir payt,
Ko‘zimga boqib der: «U nechukdir, ayt?»
Men deyman oshiqib, dilga yutib g‘am:
«Kutmoqdamisan sen meni chindan ham?»
* * *
Tun cho‘kar borliqqa. Qorayadi cho‘g‘.
Erinmay chiqillar devorda soat.
Va go‘yo so‘rar u:
– Nega uyqung yo‘q?
Yo senga uxlamoq emasmi odat?
– Uyimizda goho g‘am bo‘lar mehmon,
Bedorlik azobi menga ko‘p tanish.
Sevganim og‘ritdi dilim nogahon,
Shundan meni qiynar alam-o‘rtanish.
Soat ham hamdarddek o‘kinchga to‘lar
Va der: – Parvo qilma, yonmagin bekor.
Azaldan bu shundoq bo‘lgan va bo‘lar:
Kimki sevsa, topgan faqat g‘am-ozor.
Tun. Yana ko‘zimdan uyqular o‘chsa,
Deyman, so‘roqlardan bo‘lib men ogoh:
– Sevganim ko‘zida ko‘rdim g‘am-g‘ussa,
Og‘ritib qo‘ydim men dilini nogoh.
Soat ham hamdarddek o‘kinchga to‘lar
Va der: – Parvo qilma, yonmagin bekor.
Azaldan bu shundoq bo‘lgan va bo‘lar:
Kimki sevsa, topgan faqat g‘am-ozor.
Yulduzni o‘chirar bog‘ning epkini,
Ufqning betiga yuguradi qon...
Yil ketidan yillar o‘tmoqda – meni
Shundoq suhbatlarga qilib andarmon.
* * *
Egri-bugri daraxt – mening hayotim,
Bargini yozmaslar, qor ketmas magar.
Va ular to‘kilmas aytib bayotin,
Qo‘shig‘im ularni asramasa gar.
Yillarim – daraxtning shoxi, albatta,
Kuyib kul bo‘lishi aniqdir, ayon.
Keyin tirilmaslar to‘lib sharbatga,
Sevgimiz bo‘lmasa ularga posbon.
KENJA NABIRAM SHAHRIZODGA
Nega yig‘layapsan, ayt, qo‘zichog‘im,
Nima bo‘ldi? Yomon tush ko‘rdingmi yo?
Otang bor, onang bor – suyangan tog‘ing,
Boshingda girgitton tevarak dunyo.
Yetimlik zahridan qalb yara, ne tong,
Ko‘rdim ozorlarin qismatning qattiq.
Yig‘lasa yarashar men – keksa bobong,
Nega yig‘layapsan sen achchiq-achchiq?
Bilmaysan hali sen xusumat nima,
Aldov, xiyonatdan bo‘lmas holing tang.
Murg‘ak vujudingga g‘am qo‘nmas sira,
Allasin aytarkan munis volidang.
Do‘stlarni ko‘rdim men – imonsiz taqir,
Dushmanlar yo‘limni to‘sdi g‘ov bo‘lib.
Sen nega yig‘laysan? Yig‘lay men, axir,
O‘pkam yig‘ilarga ketdi-ku to‘lib.
Sen urush neligin bilmaysan mutlaq,
Yondi olovida – neki tirik jon.
Sening boshing uzra nur sochar har choq
Tinch va osoyishta lojuvard osmon.
Ne-ne og‘alarim jangda yo‘qotdim,
Eslasam, ko‘zimdan sizadi namlar.
Sen nega yig‘laysan? Bas, yig‘layin men,
Sochim oqartirdi beadad g‘amlar...
Nabiramning bidir-bidir so‘zlarin
Tingladim, shundoq der u mitti yurak:
«Siz neki ko‘rgansiz – men ular barin
Ulg‘ayarkan, bir-bir ko‘rmog‘im kerak.
Tahlikaga to‘la bu dunyo aro
Tonglar xavotirnok otmas behuda.
Yig‘lashim shu bois, siz esa, bobo,
Nega yig‘layapsiz, hayronman juda...»
DIL TASHAKKURI
Rahmat, so‘qmoqlarga: nozik eshilib,
Dunyoni kiftida ko‘zaday tutdi.
Kamalak yonganda ajib yoy bo‘lib,
Qalb bir zum bo‘lsa-da, g‘amni unutdi.
Rahmat – bu qishdan ham chiqoldim omon,
Yoz esa ko‘z ochib yumguncha kechdi!
Qismat qadahini lutf etdi har on,
Uning achchiq, taxir mayini ichdim.
Yomg‘irlar ehsonin tutmadi hech kam,
Quyoshning nurlari evrildi zarga.
Rahmat pochtachiga: sal kechiksa ham,
Xating yetib keldi misli sebarga.
Qushchaga ham rahmat, derazam chertib,
Yangi, yorug‘ tongdan qildi xabardor.
Unga ayon bo‘lgan – tun bo‘yi balki
Yana bedorlikda chekkanim ozor.
Do‘stlar qarshisida ta’zimim chuqur,
Ular oz qoldilar juda – sanoqli...
Yaqinlardan ko‘rdim badbinlik bir qur,
Lekin yurmadim men hech gina saqlab.
Rahmat Sevgi, rahmat So‘z va Musiqa!
Bahsu nizolardan gap ochmam bu dam...
Yomonga yomonlik sog‘inmam sira,
Ularni eslashni istamayman ham...
* * *
Men ham domidaman uchqur yillarning,
Quvonchu g‘ussaga yashaydirman boy.
Yurtimning xokiga qo‘shilib bir kun,
Cho‘qqilar poyidan oladirman joy.
Dunyo ulkandir va men o‘z umrimda
O‘tmadim do‘stga zor, yolg‘izga o‘xshab.
Ko‘z yumsam, do‘stlarim motam kunimda
Turfa yurt-ellardan kelurlar yo‘qlab.
Yo‘l olib Janubdan yo Sharqdan shu zum
Va yoki begona mamlakatlardan –
Har biri qabrimga o‘z ona yurtin
Keltirarlar siqim tuprog‘ini ham.
Mayli, metin do‘stlik haqqi, nomimni
Yodlashib oh chekib qayg‘udan bir dam-
Cho‘qqi ostidagi mo‘‘jaz qabrimni
Tiklashsin omixta tuproqlar bilan.
Ayollar esa – hamd-sanolar aytib,
Ko‘klarga ko‘tarib, o‘zim kuylagan –
Oshno buloqlardan zilol suv eltib
Yuvgaydirlar qabrim toshini u dam.
Olib kelajakdir sayyoh bulutlar,
Tumanlar – ko‘ksini bosgancha yerga,
Chaqmoqlar – beg‘araz yarog‘dek qutlab,
Yiroq o‘lkalardan salomlar menga.
Va men kelgusi shan qo‘shiqlar uchun
Bir kun qabrim toshi ostidan xushhol –
O‘sib chiqmagayman misoli gujum,
Tiriklar safida turgum, ehtimol.
Mirpo'lat Mirzo tarjimalari
BULBUL QO‘SHIG‘I
Bulbul qo‘shig‘ini eshityapsanmi,
Tingla, qanday yuksak, qanday sof tuyg‘u?
Ammo, neni kuylar – bilmaydi hech kim,
Qush tilin anglashdan ojiz insonlar.
Ishonaman,
Yurtin kuylayapti u,
Yo‘qsa, zerikardi allaqachonlar.
QON VA KO‘ZYOSH
Yaradan qon oqib cho‘zilar uzun,
Ammo, ko‘zda yosh yo‘q.
Chunki, bizlarda
Yoshmas, qon oqizmoq afzal er uchun.
Aksini tanlagan erkak bo‘larmi?
SAKKIZLIKLAR
Nihoyat, sovuq kuz nafasi keldi,
Qushlar ufqqa boqib, nafas yutadi.
Yoz bo‘yi bu yerni kuylashgan edi,
Endi esa, uni tashlab ketadi.
Faqat, sukut saqlab yurgan burgutlar
Yalang‘och bog‘larda ko‘zini yoshlab,
Ketgisi kelmaydi bu qiyin kunda,
Ota makonini kimsasiz tashlab.
* * *
“Burgutlar! Ne sabab uyg‘otdi havas
Sizda bu qoyalar, bu sovuq qorlar?”
“Ozodlik tuyg‘usi issiq uygamas,
Bizni cho‘qqilarga – yuksakka chorlar”.
“Yurtdoshlar bu yerga keldingiz nega,
Bu yerda nima bor tog‘-toshdan o‘zga?”
“Issiq uylar emas, shu qor, shu qoya
Ozodlik tuyg‘usin baxsh etdi bizga!”
* * *
She’riyat, kuchliga xizmatkormisan,
Mudom mazlumlarni qilding himoya.
Panohsiz qolganga tashlading soya,
Zolimga Haq so‘zni aytding qo‘rqmasdan.
She’riyat, biz senga qilamiz havas,
Kuchlilar ko‘ziga tik boqding, bardam.
Shu sabab, judayam go‘zal bo‘lsang ham,
Seni kelinchakka o‘xshatib bo‘lmas.
* * *
Olis yurt safarin tugatib qaytdim,
O‘g‘li halok bo‘lgan onalar dilgir
So‘radilar: “Bolam, musofir payting
Biror yurtdoshingga ko‘zing tushgandir?”
Men esa, yolg‘onni to‘qidim shitob:
“Ha, bir vatandoshga, rosti, duch keldim”.
Onalar jim qotdi. Har biri shu tob
U mening bolam deb o‘yladi, bildim.
* * *
Tiriklarga tegma, tegma, shuhrat-shon,
Sen hali bilmaysan insonning sirin.
Gohida o‘ldirib qo‘yasan, ishon,
Hatto, eng kuchlisin, eng yaxshilarin.
Asli, o‘liklarga keraksan, bilsang,
Ularga xalaqit bermaysan, ishon.
Aksincha, olovli nafasing bilan
Ularga qaytadan baxsh etasan jon.
* * *
Derazam ortida yomg‘ir shovqini,
Momaqaldiroqning qahqahli uni.
Ko‘nglimda tuyg‘ular qorishar hozir:
Iztirobu shodlik, sevgi va qahr.
Dardlarim joylayman qo‘shiqlarga va
Shodlikni do‘stlarga qilaman sovg‘a.
Sevgim odamlarga tortiq bo‘ladi,
Qahrim esa, bir o‘zimga qoladi.
* * *
“Shodlik, to‘xta, qayga uchyapsan?”
“Sevgisi bor qalbga-da, axir!”
“Yoshlik, sen-chi, qayga shoshyapsan?”
“Sevgisi bor qalbga-da, axir!”
“Yo‘l bo‘lsin-ov, kuch va jasorat?”
“Sevgisi bor qalbga-da, axir!”
“Sen qaerga, qayg‘u-mashaqqat?”
“Sevgisi bor qalbga-da, axir!”
* * *
Mening qo‘shnilarim – mohir zargarlar
Bola tasavvurim qoldirib hayron,
Mahak toshin ishga solar edi va
Sof oltinni misdan farqlardi oson.
Ey zukko o‘quvchim, qarzdorman sendan,
Asl she’riyatga o‘zingsan posbon.
Men ham mahak toshing – nazaring bilan
Sun’iy misralarni farqladim oson.
TO‘RTLIKLAR
Juda g‘alati-da nasiba, taqdir,
Tole ham bemavrid kuladi gohi.
Yeyishga go‘sht ko‘p-u, tishim yo‘q hozir,
Atala ichgandim tishim bor chog‘i.
* * *
Nimaga o‘xshaydi odamdagi nutq?
Men uni yomg‘irga mengzagim kelar:
Bir kun yog‘sa qutdir, ikkinchi kun – qut,
Shundan so‘ng tinmasa, bir ofat bo‘lar.
* * *
“Ayting, menga, ayting, eng jirkanch kimdir?”
“Titrab-qaqshab turgan qo‘rqoq bir erkak!”
“Ayting-chi, undan-da, jirkanchroq kimdir?”
“Sukut saqlab turgan qo‘rqoq bir erkak!”
* * *
Olov va kasallik, qarzlar va dushman,
Tomdan o‘tgan chakki, musibat va kin –
Faqat ahmoq odam, aqlini yegan
Bularga mensimay qarashi mumkin.
Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi