OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kersti Merilaas (1913-1986)

Kersti Merilaas (1913-1986)eston shoiri, tarjimon. Asosan she'rlar, bolalar uchun kitoblar va pyesalar yozgan. 

QOYADAGI QALDIRG‘OCH

To‘lqin ketidan
To‘lqinlar chopar.
To‘lqin ustida
Qoyalar yotar.
Tunu kun bunda
Guvillar shamol.
Och bo‘ri yanglig‘
Uvillar shamol.
Misli balandda
Turgan bir nishon,
Qoyada qushcha
Quribdi oshyon.
Qaldirg‘och derlar
Qushchaning otin,
Moviy dengizga
Urar qanotin.
Ey sen, qaldirg‘och,
Ey sen, jajji qush.
So‘zlarim tingla,
Yonginamga tush.
Sovuq ellarga
Nechun sen uchding.
Nechun yurtingdan
Uzoqqa tushding?
Qolmish yiroqda
Dugonalaring.
Tillari shirin
Parvonalaring.
Zada etmasmi
Qoyalar toshi.
Sog‘intirmasmi
Janub quyoshi.
Sho‘rlik qaldirg‘och
Tolei qaro.
Uya quribsan
Shamollar aro.
To‘lqin ketidan
To‘lqinlar chopar.
To‘lqin ustida
Qoyalar yotar.
Shamollar ildam
Qynar soyani.
To‘lqinlar shu dam
Yiqar qoyani.
Toshlar gumbirlab
Uchsa-da bot-bot,
Yiqilmadi qush
Oshyoni, hayhot!
Qaldirg‘och derlar
Bu qushning otin.
Moviy falakka
Yozdi qanotin.
Olmoqchidayin
Balki o‘chini,
Suvlarga urdi
Oppoq to‘shini.
Ey sen, qaldirg‘och,
Tolei qaro.
Nechun uy qurding
Shamollar aro
Ayt sen, qaldirg‘och,
Aytib ber menga,
Buzilmay qoldi
Oshyoning nega?
Sohilda toshlar
Yotar g‘ijirlab.
So‘z aytar qushcha
Shunda vijirlab:
. Mayli, shamollar
Meni haydasin.
Topdim men bunda
Bahor maysasin.
Tuproq axtarib
Sohilga bordim.
Tillarim bilan
Loyni ham qordim.
Qoyalar uzra
Yurganman shundoq,
Jajji oshyonim
Qurganman shundoq.
To‘lqin ustidan
To‘lqinlar chopar.
To‘lqin ustida
Qoyalar yotar.
Ey sen, qaldirg‘och,
Endi netarsan?
Bosh olib endi
Qayon ketarsan?
Xazonda gulday
So‘larsan balki.
G‘am-alam bilan
Qlarsan balki.
Sohilda toshlar
Yotar g‘ijirlab.
So‘z aytar qushcha
Yana vijirlab:
Ey sen, yo‘lovchi,
Achinma taqir.
Qaldirg‘och derlar
Otimni axir.
Yana qaytarga
Sabotim bor-ku.
Toliqmas mening
Qanotim bor-ku.
Mayli, shamollar
Meni haydasin.
Topdim men bunda
Bahor maysasin.
Sohilga tomon
Yana borarman.
Tillarim bilan
Loy ham qorarman.
Qoyalar uzra
Yurarman yana.
Oshyonim bunda
Qurarman yana!

Abdulla Oripov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.