OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qaysar Aminpur (1960-2007)

Qaysar Aminpur 1960 yili Eronning Xuziston viloyatidagi Duzful shahristonida tavallud topgan. Qaysar Aminpur Tehron universitetining Tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirdi. Ammo yoshligidan she’riyat va adabiyotga qiziqqan yigit shu yiliyoq tibbiyot fakultetida tahsil olishdan voz kechib, ijtimoiy fanlar fakulteti talabasi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. 
Qaysar Aminpur 1990 yilda “Surushi navjavon” (Yoshlar hayqirig‘i) deb nomlangan adabiy-badiiy jurnal bosh muharriri etib tayinlandi. 1997 yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga muvaffaq bo‘ldi.
1985 yilda asosan g‘azallardan tarkib topgan ilk she’riy to‘plami – “Tanaffusi subh” (Tong tanaffusi)ni bosmadan chiqardi. “Dar ko‘chayi oftob” (Quyosh ko‘chasida), “Manzumayi zuhri ro‘zi dahum” (O‘ninchi kun peshini dostoni), “Misli chashma, misli ro‘d” (Chashma yanglig‘, daryo kabi), “Be bol paridan” (Qanotsiz uchmoq), “Oyinahoyi nogahon” (Nogahoniy oynalar) kabi kitoblari chop etilgan. 
U 2007 yilda 48 yoshida vafot etdi.
Shoirning she’rlari ilk bor o‘zbek tiliga shoir va tarjimon Asqar Mahkam tomonidan o‘girilgan. 


BEKAT SAFARI

Poyezd ketmoqda
Ketmoqdasan sen.
Butun boshli bekat ketmoqda.

Men esa naqadar go‘lman,
Chunki
Yillar o‘tsa-da,
Ketib bo‘lgan
Poyezd yonida
Seni kutib turibman hamon.
Ketib bo‘lgan bekatning
To‘siniga
Suyanib.


DUNYODAGI OSHIQLARNING TUG‘ISHGANI

Ammo...
Mo‘‘jizamiz shudir:
Qisqa yo‘lak intihosida
O‘sha mo‘‘jaz kutubxonada
Biz sevgini maktabga eltdik.

Tokim
Omonatga olganimiz eski kitobni –
Ishoratlar kitobini bir-ikki lahza
Birga o‘qisak.

Ichimizda kitob o‘qirdik
Kitob varaqlab
To‘qnash keldi nigohlarimiz...

To‘satdan
Bizni bigiz barmoqlar
Har tomondan sancha boshladi.

Go‘yo 
Ko‘zlarimiz shovqini
Kutubxona ichidagi sukutga
Rioya qilishni
Unutib qo‘ygandi.


* * *

To yonmasam
To yondirmasam
To havo yetmasdan
Nogoh so‘nmasam...

Unda qanday qilib
Saqlashim mumkin
Bu laxcha otashni 
Yorug‘ doimo
Yillar davomida
Kaftlarim aro?

Shundayligimni anglab olsam to!


AYTILMAGAN SHE’R

Yo‘q!
Hech qanday ishim yo‘q muhabbat bilan!
Bundan so‘ng
Hech kimni va hech narsani
Bu dunyoda seva olmayman.

Tushungin
Sen bilan meni
Bir kunga bo‘lsa-da shodon,
Bemalol
Ko‘rishga ko‘zi yo‘q dunyoning.

Zeroki
Kimnidir, 
Nenidir
Ko‘proq yoqtirsang
Hatto u
Bir tutam tamaki
Yo ilonning zahri bo‘lsa ham
Sendan darig‘ tutadi, beshak.

Shunday ekan
Men butun vujudim bilan
O‘limga topshirdim o‘zimni.
Toki, dunyoning
Men bilan hech qachon bo‘lmasin ishi.

Bu yangi she’rni ham
Yozmay qoldiraman...
To hidin sezmasin bu dunyo...
Aytdim-ku
Hech qanday ishim yo‘q muhabbat bilan!


ARMON

Qush
Devorning ustida turardi bo‘zarib
Minqorida bir qafasni ko‘tarib.


TALQIN


Bu kunlar o‘tayotganidan
Shodman
 va kunlar o‘tayotganidan 
 shodmanki
 o‘tayotir bu kunlar

Shodmanki 
 o‘tayotir...


SATR ORA

O‘tayotgan shu kunlarda
 Shodman,
Zero
Satr ora
 Ozodman.

Va ko‘nglim qay yo‘sin,
Qaysi tomonga
Istasa
Javlon ura olaman –
Ikki xatning oralig‘ida.


TINCHLIK UCHUN LOYIHA (1)

Bolakay
Hovlida mushuklarini
O‘ynatib yurardi.

Onasi
Tikuvchilik dastgohi yonida
O‘tkazardi xotirjam
Ipni ignadan.

Damlangan choy hidi
Xonani tutgandi.
Eshik ochildi
“Otasimikin?”


TINCHLIK UCHUN LOYIHA (2)

Qaro yerda yotgan shahid
Ichida o‘ylardi:
“Dushmanni yanchish
G‘alaba bo‘lsa gar,
Ne uchun yana
Dushmanlik mavjud?”


TINCHLIK UCHUN LOYIHA (3)

Qaro yerda yotgan shahid
Barmog‘ini qoniga bo‘yab
Yozar edi shularni toshga:
“Urushda emas,
Urush ustidan
Haqiqiy g‘alaba tilab!”

BOLALIGIM

O‘yinqaroq yel
Varrakni,
Varrak
Go‘dak
Qo‘lini
Har tomonga olib qochardi.

Bolaligim
Ingichka ip bilan
Yel qo‘liga
Osilib qolgan!


NOILOJ OHANG

Ammo ne uchun
She’rlaring ohangi xira,
Rangi achchiqdir?

Jim
Boshi egik qo‘zichoq
Taqdirning
Qochib bo‘lmas qassobxonasiga
O‘z oyog‘i bilan
Yaqinlashganida
Bo‘ynidagi qo‘ng‘irchoqchalar
Qanday ohang chiqarar ekan?


BEPOYON YO‘L

O‘shanda
Qanot yozib
Boshing bilan qonli vodiy tomonga uchding
Va aytding:
“Endi hecham uyga qaytmayman
Bugun
Ketmoqdaman o‘z oyog‘im bilan
Ertaga
Balkim meni olib kelgaylar
Shaharga
Qo‘llarda ko‘tarib”.

Ammo
Seni shaharga ham olib kelmadi hech kim

Aytdilar:
“Undan
Poyoni yo‘q yo‘ldan tashqari
Biron narsa qolmagan ekan”.


BATONLI NON

Osmon ta’tilda
Shamollar bekorchi.
Hiq-hiq yig‘ini
Yeb qo‘ygan bulutlar
Quruq va xasis.

Bir ko‘nglim
Sahroning qaynoq
Peshanasiga
Ho‘l ro‘molcha bosayin deyman.
Ammo afsus
Ro‘molchamni
Batonli non
Egallab olgan...

Obro‘sini to‘kdilar qishlog‘imizni! 


OQLAMA

Tongda quyosh kulib
Tungi mashq daftarimni
O‘chirib tashladi.

O‘chirg‘ichning nafi yo‘q
Chunki ushbu yozuvlarni o‘chirsam ham
Izi qoladi.

Ey chizilgan mashq daftarimni olgan shaxs!
O‘zing ayt,
Men keraksiz qog‘ozlarda yozilgan
Mashqlarimni o‘zim bilan
Olib ketishga
Haqqim bormikan?

Ketaman
Yangi daftar sotib olishga
Hayotni qaytadan,
Satr boshidan,
Yozishim kerak!

Fors tilidan Ja’far Muhammad tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.