Dashti Qipchoqdagi o‘zbeklar davlatining asoschisi Abulxayrxonning evarasi, Buxoro hokimi Mahmud Sultonning o‘g‘li Abdulg‘ozi Ubaydullo Bahodirxon XVI asr Movarounnahr adabiy-madaniy hayotida katga o‘rin tutgan mashhur siymolardan biridir. Tarixga, ko‘hna merosga nisbatan hukm surgan biryoklama sinfiy munosabat tufayli uzoq yillar mobaynida uning hayoti va ijodini o‘rganish imkoniyatidan mahrum bo‘lib keldik. Buning sababi Ubaydulloxonning xonligi — «ezuvchi sinf» vakili ekanligida edi.
Ubaydulloxon Movarounnahrni shia mazhabidagi Shoh Ismoil boshliq Eron safaviylari — qizilboshlar istibdodidan saqlab qolgan. Uning Markaziy Osiyo xalqlari tarixidagi bu buyuk xizmati muarrixlar tomonidan xanuz o‘zining munosib va haqqoniy bahosini olganicha yo‘q. Dindor podshoh sifatida u Muhammad sunnatini rivojlantirgan va mustahkamlagan, tasavvuf ravnaqini har jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. Zero, Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy o‘zining muborak ismini bergan, uning shogirdi — Mir Arab nomi bilan mashhur bo‘lgan Amir Abdulla Yamaniy murshidlik qilgan Ubaydiyning o‘zi ham so‘fiy shayx — naqshbandiy edi. Ayni paytda, u Ahmad Yassaviyga ergashib, hikmatlar yozgan. Hofiz Tanish Buxoriyning «Abdullanoma» asarida yozilishicha: «Uning davri va xalofati zamonida Movarounnahr, xususan, Buxoro viloyati gullab-yashnadi».
Shayboniy hukmdorlardan Ko‘chkinchixon va uning o‘g‘li Abusaidxon davrida Buxoro noibi bo‘lgan, 1533—1539 yillarda esa Buxoroda mustaqil xonlik qilgan shayboniylar sulolasining bu yirik namoyandasi donishmand davlat arbobi va jasur sarkarda bo‘libgina qolmay, zamonasining «barcha fazilatlar bilan bezangan» (Mirzo Haydar) har jihatdan yetuk kishisi edi. U «she’r ilmlarida sohibi fan» (Hasanxoja Nisoriy) bo‘lib, o‘zbek, fors-tojik va arab tillarida qalam tebratgan iste’dodli zullisonayn shoir, Qur’on mutolaasini osonlashtirish uchun turkiy tilda «At-tajvid» risolasini yaratgan ilohiyot olimi, shariat qonunlari bo‘yicha maxsus kitob bitgan faqih, yetti xil husnixatda yoza oladigan, xususan, nastaliqni juda go‘zal ko‘chiradigan xattot, Qur’onni tajvid bilan qiroat qiladigan hofizi Qur’on, musiqa ilmida va ashulada mohir san’atkor ham edi.
Ubaydiy o‘zbek, fors-tojik va arab tillaridagi she’rlarini to‘plab, uch devon tartib bergan. Bir muqova ostida joylashtirilgan va «Kulliyot» deb atalgan bu kitobning yagona qo‘lyozmasi O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida 8931 raqami bilan saqlanadi.
Ubaydiy nafaqat turkiy, balki forsiy adabiyotda ham zabardast ruboiynavislardan hisoblanadi. Uning «Forsiy devon»ida 418 ta ruboiy mavjud. Bu ruboiylarda islom va iymon ulug‘lanib, tasavvuf va futuvvat yuyalari targ‘ib qilinadi, ilohiy va dunyoviy ishq tarannum etilib, Olam va Odam to‘g‘risidagi falsafiy mulohazalar ifodalanadi. Ular orasida zamonadan, charxu falakdan shikoyat, pand-nasihat ruhidagi, tarjimai hol xarakteridagi ruboiylar ham anchagina. Shoirning diniy bid’atchilikni qoralovchi, rofiziylarga qarshi kurashga da’vat etuvchi ruboiylari ham mavjudki, ular Shoh Ismoil Safaviyning shia mazhabidagi sipohiylari — qizilboshlarning Bobur boshchiligida Movarounnahrga bostirib kirishi va Ubaydulloxonning ularni bu muqaddas tuproqdan quvib chiqarshn uchun olib borgan jangu jadallari munosabati bilan yozilgan.
Ubaydiy ruboiylarining tili ravon, uslubi sodda va go‘zal, mazmuni keng va teran. Ular dunyoning barcha pastu balandini ko‘rgan, hayotning butun achchiq-chuchugini totgan, inson fe’lining turfa tuslanishlarini obdan o‘rgangan, ilmi zohir va ilmi botinni o‘zida mujassam etgan olim va orif insonning qalbidan qaynab chiqqan hikmatlardir.
FORSIY DEVONDAN RUBOIYLAR
1
Bu jon mudom sening adoying bo‘lsin!
Bu dil hamisha mubtaloying bo‘lsin!
Bir jon ne bo‘lar — senga fido etmak uchun
Yuz jonim agar bo‘lsa, fidoying bo‘lsin!
2
Dil dardi uning davosiga arzimagay,
Jon rohati ham jafosiga arzimagay.
Ey dil, tilama ikki jahon ayshini hech,
Arzirmi g‘amishta u va yo arzimagay?!
3
Ey dil, gar shohlik taxtida o‘ltirasan,
Har dam meni oshuftayu hayron ko‘rasan.
Bu shohlig-u, bu shuhrat-u, bu dabdabadan
Darveshu faqirlik yaxshiroq gar so‘rasang!
4
Tortar o‘ziga ishqu havosi yorning,
Aylar meni lol husni safosi yorning.
Ko‘zimga qilib surma oyog‘i gardin,
Boshimni etarman xokiposi yorning...
5
Hukmingda magar mamlakati Misru Yaman,
Farmoningda mulki Xitoy hamda Xo‘tan,
Bor boyligini yig‘sang-da yer yuzining,
Ey shoh, jahondan eltasan bitta kafan!
6
Bo‘ldi ishim ishqingda mening hayronlik,
Har lahza falak misoli sargardonlik.
Yaxshi bilasan O’zing mening holimni,
Oshiq ishi devonaligu nodonlik.
7
Bizga bu falak gohi vafo, gohi sitam,
Goh shodlig-u, goh farog‘at-u, gohi alam.
Hech dil g‘amu shodlikdan emasdir xoli,
Dunyoni(ng) g‘amu shodligi birga har dam.
8
Inson zoti doim asiri hoyu havas,
Har sufraki, ko‘rsa — ustida misli magas*.
Donu suv ilinjida zabun qush monand
Har lahza balo domida-yu, bandi qafas.
________
* Magas — pashsha, chivin.
9
Qosh qoqadi ishva bilan ul sarvi ravon,
Qalbimni qilib kiprigi o‘qiga nishon.
O’qdek o‘ziga tortishidan dilda hadik,
O’qdek o‘zidan otmasin uzoqqa debon.
10
Baxsh etgusi Olloh o‘zi ne’mat bizga,
Ilmu ma’rifat, gavhari hikmat bizga.
Uzmasmiz umid rahmatidan, qilg‘aydir —
Har ikki jahonda O’zi rahmat bizga!
Ubaydiy (1487-1539)
Ergash Ochilov tarjimalari