Anri Krea - jazoirlik yozuvchi. Fransuz tilida ijod qiladi. «Buyuk kun» (1956) «Inqilob va she’riyat...» (1957) she’riy kitoblari, «Zilzila» dramasi (1958), «Jamol» romani (1961), «Boshog‘riq dostonlar» to‘plami (1967), «Yugurt mozori» qissasi (1968) chop etilgan.
BECHORA XALQIM, KO‘NGLI BO‘SH XALQIM
Bechora xalq!
Sen qotillar
Va telbalarning qo‘l ostidasan.
Ovvora xalq!
Kuchlilaring
Xoinlarning
Qurboni bo‘ldi.
Dili sadpora xalq!
Sening nuring
Yuzimga sachradi,
She’rlarimni yoritdi.
Bechora xalq!
Faqat dili poklar
Sening qadimiy kuyingni eshita olar,
Eshitar umid ovozini.
Bechora xalq!
Sening adolatli g‘azabingni
Seni shafqatsiz talayotgan
Zolimlarning
Zulmiga qiyoslab bo‘ladimi?
Bechora xalq!
Jinoyatni inkor qilasan,
Jinoyatdan nafratlanasan;
Inkor etasan yolg‘onni,
Chunki ayyorlikka
Muhtoj emassan.
Bechora xalq!
Oftobga ochiq,
Ilm nuriga ochiq xalq!
Sening buyukliging
Quyosh tikka kelganda ko‘rinadi.
Bechora xalq!
Qaro tun bilan fitnang yo‘q,
Zulmat — senga yot,
Tuman — begona,
Momoqaldiroq — kulgi qo‘zg‘otar,
Bo‘ron —
Sening g‘azabing oldida xo‘rsiniq, xolos.
Munis xalqim!
Adolatli xalqim!
Sening nazaringni pastlatolmadi
Porox tutuni,
Ozodlikning qiyofasini aniq ilg‘ayapsan,
Ko‘rmoqdasan adolatning yo‘lini.
Mehribon xalqim!
Sening uyg‘onishing muqarrar,
Bosh ko‘tarishing tentaklarni hayratga solmoqda,
Ular nima deyishni bilmay loldir,
Ular anglamasdir
G‘azabingning sabablarini.
Qudratini anglayotgan, ammo -
Hali bechora xalq,
Oyog‘ingda yirtiq kovushing.
Kuchga to‘layotgan xalqim,
Jaranglab chiqmoqda tovushing.
Halol xalqim,
Yo‘llaringni yoritmoq uchun
Oftob bosh ko‘tarmoqda shu on,
Mening munis elim,
Seni
Erkin xalqim, deb aytgum qachon…
O‘SHA KUN KELADI
O‘sha kun keladi —
Jazoir aeroporti peshtoqida
oq marmarga
o‘yilar yozuv:
«Assalom, mehmonlar!
Ozod yurtga xush kelibsizlar».
Jazoirning ko‘ngil eshigi lang ochiq.
Yuz o‘ttiz yil
kutdik sizni biz.
Osmonga qaranglar:
Ufq qizil va oydin —
Qonlarimiz bilan yuvilgan.
Karim Bahriyev tarjimasi