Muhammad Dib — jazoirlik yozuvchi, shoir, 30 dan ortiq roman muallifi. Fransuz tilida ijod qilgan.
* * *
Olislardan uchib kelar bir qo‘shiq,
Umidbaxsh so‘zlar bor qanotlarida.
Bu qo‘shiq quvadi tun zulmatini
Va unut bo‘ladi barcha charchoqlar,
Iztirob ko‘zlari, dardu alamlar.
Ezgulik qo‘shig‘i, o, shirin qo‘shiq!
Yurak depsinadi, unda hech qachon
Sabrning kosasi qurib qolmagay...
Atrofim qorong‘i,
Zulmatni yorib
Qarshimda bir chiroq porlab turibdi.
Yon, chirog‘im, porla,
So‘nmagin aslo,
Shamoldan qo‘rqmagin,
Tundan ham qo‘rqma,
Tongga yetajaksan,
Quyosh chiqajak!
O, oqshom yellari,
O, sokin yellar!
Kelgan joyingizga
Qaytib boring-da,
Yangi mujdalarni
Ayting ularga:
Bahor kelayotir
Musaffo osmon
Hamda yorug‘ kunlari,
Bol va nur olib,
Osoyish olib,
Quyosh ziyosiday
Barchaga barobar
Non va baxt olib,
Bahor kelmoqda!
Mashrab Boboyev tarjimasi