OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Les Marrey (1938)

SURAT BICHIMIDAGI SATRLAR

Tiriklikning mohiyati

Hamma, tildan boshqa hamma
yashash mohiyatini anglar.
Daraxtlar, sayyoralar, daryolar, vaqt
boshqa narsani bilmaslar. Ular tasdiqlaydilar
buni, koinot singari, har lahza.
Hatto devona vujudim ham
qisman yashar, u
batamom yayragan bo‘lardi,
agar harakatchan aqlimning
besavod erkinligi bo‘lmasa edi.

Hayrona savol

Nega Xudo aybsizni ham ayamas?

Javob, savoldan farqli o‘laroq,
fanodan emasdir,
agar men unga javob berganimda, siz
dahshatdan sakrab tushar edingiz.

Madad

Qochoqlar, olchoqlar … Odamlarni bu taxlit
ifodalarda ajratish nechun?
Turli-tuman g‘am bilan, janda kiyimlarda,
ular uzun dasturxon atrofida qator o‘tiribdilar.

Bu maktabga o‘xshashmikin? Bu ondagi darsda
daftarlar bug‘i chiqib turgan ovqatning
aylana darsliklariga mengzar,
bu odamlar ovqatni yutishar ilm kabi,

lopillagan qoshiqlar bilan
Asta-sekin shimib, paqqos shimirarlar.

Saharmardondagi oqillik

Yulduzlar daraxtning ildizi orqali
tilsiz oyning zamoniga sizib borarlar.

Fursatlar bugun qonunlar deb ataladiagan
shaffof zarralar kabi bir-birlariga tirmashar.

O‘tmish yelkangning ortidan mo‘ralar,
burcha ufqlar tepasida — o‘tmish.

Dil, o‘zining holiga hayronalikda,
Termula-termula o‘lib boradir.

Mijoz

U eshikni taqillatadi
va yuragining dukur-dukurini tinglaydi.

Ma’rifat tarixi

Iymon fantastik texnologiyadir,
ammo biz uni tasarruf eta olmadik,
va u tezda yana shubha ostida qoldi.
Tog‘larni qo‘zg‘otdik pul bilan
yoki arqon bilan, e’tiqodni tahqirlashga kirishdik,
bu bilan uni ezmoqchi
va, nihoyat, yo‘qotmoqchi bo‘ldik. Ammo iymon,
ilohiy va so‘ngsiz bir intilish bilan,
asriy suratlardagina qolgan tillorang
eski jandasida, oramizda
kezib yuribdi, bizni zimdan muborakbod etmoqda,
ertaklar zamoni kelganidan etmoqda ogoh.

O‘sha zamon kelishiga yaqin qoldi

O‘sha zamon kelishiga yaqin qoldi,
gullagan nok daraxtining muattar
xidi shaharning neon chiroqlari
tomon kamalakday yastangan
yog‘och yo‘laklarning achimsig‘ini
bosib ketadi shirasi ila…

Karim Bahriyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.