OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nensi Kato (1917-2000)

QIZ QO‘SHIG‘I

Quyoshga to‘laday edi piyola,
Darchadan oqardi subuhiy salqin,
Osmon moviy edi. “Sizni sevaman”, -
Deding menga, jonim, ko‘zlaring yolqin.

Mana, tungi ko‘lda suzgan baliqday,
Osmonda yulduzlar charx urar g‘ujgon,
Qahraton tunida nima deb aytay?..
Kutyapman.
Kelaqol.
Kel, jonon.

Sharobdan yorishgan oydin qadahlar
Tongacha taxtada qoldi nigoron…
Tongda esa… O‘zi kim aybdor?..
Ertaga kechani topmasmiz, ishon.

Bahor nafasidan barglar ipakday,
Qishning ajinini tekislar yana,
Yuragimning tindi dukur-dukuri,
Endi biz oshnomas,
Bo‘ldik begona…

DARAXT

Men bir daraxt bo‘lsaydim,
Yosh, nanihol bir ko‘chat -
Shu yaydoqlikda o‘sardim,
Barg yozardim, yashnardim.
Ildizim quchardi butun zaminni,
Yuksalardim – yulduzlarni ko‘rardim,
Tanamda oqqan sharbatini sezardim,
Shoxlarimda chug‘urchuqlar uchardi g‘ujgon…

Hijolat zanjiri nega bo‘g‘moqda?
Daraxt bo‘lsam, tayyor edim
Qushlarga har kuni silkitardim bosh,
Barglarimni har dam yerga egardim.
Uzoq yillar turar edim yaydoqda,
Ona yerimizning suvin shimardim,
Ildizimdan shoxlarimga oqar edi jon,
Shoxlarim qo‘l kabi o‘saverardi.
Daraxt bo‘lsam edi, qimirlamasdan,
Kuzatib turardim – na boshi, na oxiri yo‘q dunyo
Yonimda turlanib o‘taverardi…

Karim Bahriyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.