OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Persi Bishi Shelli (1792-1822)

Persi Bishi Shelli (1792-1822) “shoirlarning shoiri, hayotini poeziyaga bag‘ishlaganlarning eng yaxshisi, eng marhamatlisi” (K. Balmont) qisqa umri davomida katta, ser-qirra adabiy meros qodirgan. Shoirning “Ellada”, “Chenchi”, “Ozod bo‘lgan Prometey” kabi dramalari, o‘ziga xos she’riyati jahon adabiyotining durdonalaridir. Shoirning falsafiy qarashlari “Poeziya himoyasi”, “Hayot haqida”, “Sevgi haqida” etyudlarida yaqqol namoyon bo‘ladi.

 
O‘TGAN YILNI YO‘QLOV

Rahmim kelar, yetim lahzalar,
Yig‘lang, o‘tdi eski yil, axir.
Shovqin solar lekin lahzalar
Javob berib: u uxlayotir,
Va tushida kulyapti bu dam,
G‘amu alam, dafn ustidan!

Qo‘pol, yerning o‘ziday qo‘pol,
Tobut titrab-titrab chayqalar,
Sovuq qish qo‘rs enaga misol
Eski yilga aytar allalar.
O, lahzalar! Ko‘kka yig‘langiz,
Bo‘zlang, tobut ichra otangiz!

Novdalarga bog‘liq belanchak
Tebranadi vaqt girdibod.
Shunday ayoz kunda yelvizak
Alla aytar u yilga, hayhot.
Ey, qayg‘uli damlar! Muhabbat
Uni sizga qaytarur faqat!

Go‘rkovlarday turar shu mahal,
Do‘ng ustida qahraton Yanvar,
Oppoq kafan keltirar Fevral,
Mart yig‘laydi, oh-fig‘on chekar,
Aprel ko‘z yosh to‘kar-u, ammo,
May gul tutar sizga bir dunyo!


 XAYRLI KECh

“Xayrli kech?” Nahot shunday
Yo‘q, qolgaysan tong qadar.
Farishtam, endi netay
Ayriliq oni yetar.

Xayrli kech? Rost so‘zim
Yo‘q toqatim firoqqa.
Xayrli – yolg‘on dedim,
Tunni aytsam bu choqda.

Olov yonsa qalblarda
Tunu tong oshno, albat.
“Xayrli tun!” demakka
Tilamoqqa yo‘q fursat.


* * *

 ...ga

Ko‘zimga boq – olma nigohlaringni,
Xumor ko‘zlarimdan sevgini o‘qi.
Unda olovlanar, o‘rtab bag‘rimni –
G‘olib qarashlaring shu’lasi, cho‘g‘i.

O, so‘zla, ovozing – orzum nafasi,
Qalbim olqishlagan aks sadodir.
Nigohimda aksing ko‘rgaysan, pari
Aslida so‘zlaring ermak, xatodir.

Nazdimda sevarsan sen meni go‘yo,
Eshitmog‘im gumon e’tirofingni.
Shunchalar yaqinsan, kunduzga – tun yo
Quvg‘in oldidagi vatanim kabi.


 SEVGI FALSAFASI

Daryolarga quyilar irmoq,
Vodiylarga chopar daryolar.
Yellar kuylar abadiy, mushtoq
Erkalanib, mehrgiyolar.
Borliq yakdil charxi falakdir
Ilohiy erkinlik izmida.
Bir-biriga bog‘langan axir,
Nechun bizga ayriliq bunda?

Osmon o‘par tog‘larni bu choq,
Quchoq ochar ajib to‘lqinlar.
Rad etilsa – nasibi firoq
Mag‘rur gullar qoshida kimlar.
Oy yog‘dusi mavjlanar takror
Erkalanar yaqin-yiroqda.
Aytgin, asli bari ne darkor,
Sen bilan men bo‘lsak firoqda?


QO‘SHIQ

Hasrat qilar qushcha sevgisin,
Bo‘m-bo‘sh o‘rmon hamda u yolg‘iz.
Novdalarin tunar izg‘irin,
Jilg‘alarin qoplab borar muz.

Dalalarda maysa qovjiroq
Yalang‘ochdir o‘rmonning qa’ri.
Sukunatni allalar tinmay
Tegirmonning titroq toshlari...


BEQARORLIK

Oyning tegrasida misli bulut biz,
Tun aro ucharmiz hurkak, tovlanib.
Zulmat quyuqlashsa, singib, unutmiz –
Biz izsiz manguga bo‘larmiz g‘oyib.

Bizlar o‘zga-o‘zga sozlar ohangi
Ohangimiz turli turfa yellarda.
Takror bo‘lmas nozik torlar jarangi
O‘tgan lahzalarday, chertsang agarda.

Oromimiz – tushdan bezovta mudrash,
Uyg‘onarmiz – mayda o‘ydan kun zada.
Shodlik, yig‘i, umid, kulgu va ingrash
O‘zgarmas ne bordir.
Xolislar qayda –

Mangu o‘zgarishdan. Yo‘l ochiq unga,
Sobitmas alamlar hamda shodliklar.
Kecha qaytarilmas ertaga bunda
Barqarordir faqat beqarorliklar.


STANSLAR

Ketgil! Tunning quyuq makonlariga,
Bo‘zargan oy bazo‘r yalt etar bir zum.
Oqshomning besabr tumanlariga
Cho‘kar so‘nggi nurning shu’lalari jim.

Hademay yarimtun shamoli kelar,
O‘rmonu vodiyga taralar sasi.
Qora kafan bilan o‘rar-u, yelar
Qorayar behudud osmon gumbazi.
Do‘stingni to‘xtatma benaf, befoyda,
Tunning shivirlashi ayon-ku: “Ketgil!”
Ayriliq onlari bo‘zla ohista.
Ko‘z yoshning vaqti bor, shoshilma. Kutgil.

Neki o‘ldi, qayta tirilmaydi u,
O‘tgan o‘tdi, ortga qaytarmas ohlar;
Hattoki sevgi ham yondirmas, yohu,
Loqayd va mudragan bo‘lsa nigohlar.

Yolg‘izlik kimsasiz makoning sari
Sodiq birodarday tashrif etarkan,
Sening behalovat kulbangning bag‘ri
Bedavo hasratga to‘lar daf’atan.

Va tumanning yengil ko‘lankalari
Parvoz qilar ekan gohi yarim tun,
Ustingda yig‘laydi parvona kabi,
Misli ovuntirar xomxayol o‘yin.

Muqarrardir, kuzgi zahil yaproqlar
Qoraygan daraxtdan beshak ayrilar;
Muqarrardir, ko‘klam chog‘i choshgohlar
Alvon gullar bo‘yi har yon taralar.

O‘tib borar ekan bari izma-iz –
Damlar, kunlar, hafta, oylar va yillar;
Hammaning ham foniy dunyoda, shaksiz
Tayin, o‘z vaqtida navbati yetar.

Ko‘chib borar ekan qora bulutlar,
Orom olar bo‘ron qanotlarida;
Shivir-shivir qilar - shamol tin olar,
Oy to‘lar charog‘on osmon qa’rida.

Bo‘ronli badjahl ko‘hna dengizda
Bosolgaydir shovqin dardli azobin;
Hasratu azoblar kurashgan kezda
Topolgaydir balki, u o‘z oromin.

Sen beshak qabrda olgaysan orom,
Kelmabdimi demak so‘nggi kun hamon,
Sen uchun yo‘l shudir – kulba ila bog‘ –
Ham subhidam mahal hamda namozshom.

Tiklamas toki ekan bosh uzra
Qabrni, misoli bir tuproq qal’a.
Senga qadrlidir bola nigohi,
Do‘st kulgusi, yana qadrdon dala.


SAMOVIY DARBADARLAR

Zarqanot yulduz, qayon,
Nahotki sen hech qachon,
Topa bilmassan makon,
 Parvozing hanuzgacha?
Oy, yolborgin uzlatda,
Kulbasiz ziyoratda,
Yo‘llaring sayohatda,
 Mahzunsan hanuzgacha?

Shamol, izla to‘zonda,
Joy yo‘qmi yer-osmonda,
Yo tuynukda, yo shoxda
 Yo dengizda girdobda...


ERTAGA

Qaylardasan, ertaning subhi?
Qaltiroq chol va jo‘shqin o‘smir,
G‘am-u shodlik limmo-lim qalbi,
Lutfu karamingga muntazir.
Har safar – misoli soya-tun,
Seni qarshi oladi bugun.

Rus tilidan Humoyun Akbar tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.