AKVARIUM
(Viktorga)
Xirgoyi qilarkan, yozaman,
«Bets»ning oldidagi akvariumning
tilla baliqchalari haqda.
Akvarium «Bets» yaqinida
O’rnatilgan stol ustiga. Bor uchta baliq.
Ikkisi oddiy bir tilla baliqday,
uchinchisi chindan boshqacha,
ko‘zlarin ustida qora halqalar,
xuddiki birovdan kaltak yeganday.
Viktor izoh berar: «Heydi aytarki
agar shunday chertsang akvariumni
ular o‘takasin yormoqlik mumkin.»
Va u cherta boshlar akvariumni.
Men esa anglagan bo‘laman
ba’zan his qilinsa bo‘lar narsani,
akvarium chertayotgan bu axir
Viktorning kattakon semiz barmog‘i.
___________
«Bets» - Vellingtondagi teatr
Heydi – kishi ismi
MUQOBIL REJA
A-reja: shaharni tark et. B-reja: shaharda qol, biroq hech kimsa bilmaydigan bir burchakka ket. V-reja: eski shahardagi eski xonada qol. G-reja: eski xona hamda eski ishda qol. D–reja: xonadosh izla. Ye-reja: yangi ish axtar. Yo–reja: Ayni bir uyda xonangni almashtir. J–reja: shaharning o‘sha qismidagi eski uyda qol, ishni o‘zgartirma, xonadosh-da izlama boshqa. Z-reja: Kubaga bor (lekin buning-chun pul bo‘lmog‘i kerak cho‘ntakda). I-reja: boshqa reja tuz. Y–reja: yuz jarrohini top (moliyaga bog‘liq). K–reja: sochingni bo‘ya. L-reja: turfa shlyapalar kiyib tashqariga chiq. M-reja: ichkarida qol. N-reja: uzlatga chekin. O-reja: yolg‘iz o‘zing bo‘l, avvalgi xonada, shaharning o‘sha qismida va oldingi ishda qol. P-reja: aslo aslo dema. R-reja: yugurish bilan bog‘liq. S-reja: bunisi suzish bo‘lishi shart. T-reja: har kuni cho‘mil. U-reja: hordiq kunlari esa uzoq piyoda yur. F-reja: bo‘yalgan soching bilan. X-reja: va turfa shlyapalar kiygan holda. Sh-reja: shaharning ayni ko‘chasidagi ayni bir uyda yakka qol. E-reja: lekin har shanba kuni qiyofani o‘zgartir. Yu-reja: qiyofani o‘zgartirib sayr qil. Ya-reja: hamda haftasiga bir marta suz. O’-reja: hech narsani o‘zgartirma. Q-reja: sayr qilma, yugurib yo suzib o‘tirma, biroq, shaharning o‘sha qarovsiz qismidagi ayni zax xonada; G’-reja: joningga tekkan ish bilan o‘zingni ovutgancha, Kuba orzusida qolaver. H-reja: kelgusi yilga reja tuzishni boshla.
A'zam Obidov tarjimasi