Juzeppe Ungaretti (Giuseppe Ungaretti; 1888-1970) — taniqli italyan shoiri. U Misrdagi Iskandariya shahrida tugilgan. Bu yerda frantsuz maktabini bitirgach, Parijda, Sorbonna dorilfununida huquq, adabiyot, falsafadan ta’lim olgan. Birinchi jahon urushi boshlangach, Milanga borgan, urushda qatnashgan. Urushdan so‘ng Rimda gazetalarda, universitetda ishlagan. 1939-1942 yillarda Braziliyadagi San-Polo universitetida dars bergan. So‘ngra Italiyaga qaytib, Rimdagi universitetda xizmat qilgan.
Juzeppe Ungaretti shoir va olim sifatida 1932 yildan boshlab butun Ovro‘poga tanildi, 1962 yilda Ovro‘po Yozuvchilar uyushmasi raisi bo‘lgan. Ungaretti frantsuz simvolizmidan ilhom olib, o‘z davrini timsollar orqali chuqur ifodalay olgan shoirdir. She’riyat sohasidagi uchta mahalliy va xalqaro mukofot bilan taqdirlangan. Asosiy kitoblari: “Yukka botgan liman”, “Oqshomlar quvonchi”, “Urush», “Zamon tuyg‘usi”, “Iztirob”, “Va’da qilingan dunyo”, “Bir insonning hayoti”.
OCHIQ KUN
Eski tuman tarqalgach
birin-ketin ko‘rindi
porloq yulduzlar
Moviy ko‘kka qaragancha
simiraman
salqin havoni
Shu mangulik
charxi kajraftor
ichinda
bir adashgan
shoshgan
horg‘in ruhman men
JONTALASH
Ko‘r laychaday g‘ingshib ingillab
yashagandan ko‘ra
to‘rg‘aydek
saroblarga boqqancha chanqoq
o‘lgan yaxshiroq
Itdan battar bo‘lib ming‘illab
kun ko‘rgandan
bitbildiq kabi
ucha-ucha tog‘ osha ovloq
bir bo‘zqirda o‘lgan yaxshiroq
ASKARLAR
Sovuq kuzda
og‘ochlardagi
arang turgan
yaproqdir ular
SAN-MARTINO BINOLARI
Vayron bo‘ldi uylar
binolar
ayanch yiqiq
parcha-purchadan
boshqa hech ne qolmadi bunda
Suhbatdoshlar
maktubdoshlar ham
bir-bir o‘tib
qolmadi kimsa
Ammo qoldi har bir yurakda
sanchilgancha bir mozor xochi
Shu yuragim
eng ezilgan
eng xarob o‘lka
HAYQIRISHNI TO‘XTATING
O‘liklarni o‘ldirmang ortiq
hayqirmang bas
jim bo‘ling endi
Ular haqda so‘zlab
urmang do‘q
eshitilmas javob
ular yo‘q
so‘nib bitdi ular tovushi
qadam yetmas qabrlar uzra
o‘sgan o‘tlar shivirlashiga
ular tovshi ketmish qovushib
BOSHQA BIR TUN
Qora tunning ich-ichida
muzday qo‘llarimning uchi-la
paypaslayman
yuzimni
Tasavvur eturman
o‘zimni
cheksizlikning ichi-ichida
Rus tilidan Tohir Qahhor tarjimasi
JIMJITLIK
Bir shingil pishdi, haydaldi dala.
Bulutdan xalos bo‘ldi tog‘.
Yoz lovullab yongan oynaga tushdi soya.
Beso‘naqay barmoqlar orasidan
shu’lalar ko‘rindi tiniq va uzoq.
Ilashdi qaldirg‘och qanotiga oxirgi kukun.
Ikrom Otamurod tarjimasi