Salvatore Kvazimodo Italiyaning janubida Sitsiliya orolida tug‘ilgan. Uning “Suvlar va yerlar” (1930), “Erato va Apollon” (1936),“Bir lahzalik oqshom” (1942), “Kun ketidan kun o‘tar” (1947), “Tengsiz tuproq” (1958) va boshqa ko‘plab she’riy to‘plamlari chop etilgan.
Ajdodlar yeri haqida xotiralar, qarovsiz qolgan yoshlik, ayovsiz va qonunsiz hayothamda inson shaxsini, erkini, go‘zal orzularini toptab tashlagan zamon mavzulari juda ko‘p she’rlarining asosiy mazmunini tashkil etadi.
S.Kvazimodo Sofokl, Esxil, Ovidiy, Shekspir, Mitskevich, Petefi, Vaptsarov, Argezi asarlarini italyanchaga tarjima qilgan.
Kvazimodo 1958 yilda Viarejo nomli davlat mukofotini oldi. 1959 yilda Nobel mukofoti bilan takdirlangan.
TINDARI SHAMOLLARI
Tindari, sen ajib bir ma’vosan,
ilohiy orollar uzra qad tikkan.
Bugun, yana meni mahliyo etding,
yuragimda akslanib butun.
Qayinzor ifori ila mustag‘riq
men yuksalaman puchmoqlar uzra,
singib ketar epkin bag‘riga izsiz
beg‘am yuragimning xush ermaklari –
mavjlar va sevgining ezgu saslari.
Sen butkul zabt etasan meni,
o‘zim qochgan taxayyulga qilib ro‘baro‘.
Sukunat va hadik komi –
yalang‘och ham och vujudlar tanda qurgan
makonlarga chulg‘ab.
Senga tanish u yer –
men qadamim sekinlatib,
sirli misralar kashf etar manzil.
O‘zga shu’lalar yog‘ilgay endi
sening tungi derazangdan,
mening farog‘atim orom olmas
endi og‘ushingda.
Quvg‘inlikning qayg‘usi og‘ir,
ki, men orom istab, senga
umidlarim ipin bog‘ladim,
lekin o‘lim yolg‘iz najot endi men uchun.
Qayg‘ular yo‘lin to‘sa olur
faqat sevgi
va zulmatlar qo‘ynidagi qurch iroda;
men baxt izlab sening bilan
kezdim sargardon.
Tindari sukunatga yo‘g‘rilar.
Mushfiq do‘stim uyg‘otar meni –
qoyalarga chiqib,
osmonlardan yerga boq, deydi.
Yuzimga qalqiydi yasama qo‘rquv –
shamol meni topib olishiga
ishonmaslar uchun.
YER
Tun – isyonsiz sharpalar,
havo belanchagi –
men tomon yetib kelar;
men sening xayoling bilan
sargardon kezganimda;
shamol bilan kelar menga
dengiz hidi, yer isi
hamda mening sitsiliyaliklarimning
elkanlarga, to‘rlarga,
tong otmasdan uyg‘ongan go‘daklarga
aytgan qo‘shiqlari.
Yalang‘och adirlar,
podalarni va uyurlarni kutib
ilk o‘tlar-la qoplangan qirlar,
sizning dilni sirqiratuvchi
iztirobingiz menda.
ODISSEY OROLI
Moziyning sadosi – jasur, jur’atli.
Tinglayman ularni
xotiralar qa’ri –
yulduzli tunda.
Samo yallig‘idan tug‘ilar
Odissey oroli.
Sokin daryo uzra suzar osmon, daraxtlar
oydin sohillarga sir aytib teran.
Sevgilim, oltin olib kelar asalarilar –
bu, aynan, evrilish soniyalari.
QABR TOSHIGA BITILGAN SATRLAR
Bizlar – bunda hammadan yiroqmiz,
yana quyosh chiqar, sening sochlaringda
uchqunlanar uning nurlari,
yozning so‘nggi chirildoqlari
hamda garovxona,
osmon ostidagi fig‘on
bizning tirikligimizni eslatar.
O, shamollarda kuygan saslar,
nimani istaysiz?
Mudom, betaskin
anqib turar yerning qa’ridan g‘ussa…
Men hech narsa yo‘qotmadim
Men hamon shu yerdaman.
Quyosh qarchig‘aydek
tegramda charx urar va zamin
nidomni sening ovozingda takrorlar.
Yana bo‘y ko‘rsatar vaqt ko‘z o‘ngimda,
sahifalarini ochib qaytadan.
Men hech narsa yo‘qotmadim.
Yo‘qotish – osmon muvozanatidan
chiqib ketmakdir;
ayro ketmakdir – tushlar oqimidan,
yashillik ko‘pirgan daryo sohillaridan.
Tong oldi
Tun tugadi,
oy lojuvard osmonda
erib ketar
daryolar ortiga singib.
Sentyabr bu kengliklarni tark etmas hali,
bunda o‘tloqlar hamon yashnar,
Janubning yashil vodiylari yanglig‘.
Men do‘stlarimni tark etib keldim,
kulbam devoriga dafn etdim yuragimni,
seni eslamoqlik uchun yolg‘iz.
O, sen oydan-da, yiroqdasan hozir,
hademay tong oqarar, jaranglaydi
toshko‘chalarda tuyoqlar sasi.
Rus tilidan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi
GULLAYOTGAN AYOL
Silliqqina yaproq qochib ketmoqqa
chog‘lanib turibdi bukchaygan daraxtdan,
uni ushlab qololmas hech qanday langar.
Qish endi bo‘lmay qoldi bu yog‘i —
arna uzra chirsillab yonayotgan o‘t.
Ehtimol, allakim tungi gulxanni
tutib berar kimgadir; ehtimol, kimdir
olamni uch bora qarg‘ar ham; ammo,
ammo yerning bag‘ri shu qadar kengki,
agar sen yillarcha — necha-necha yil —
suvida yulduzlar suzgan shu loyqa
arnaga jirkanmay qaragan bo‘lsang
va agarda sevsang Yerda kimnidir
va agar shu yerda, mazkur gulxanda
tarashalar chirsillab yonib turgan bo‘lsa,
yuzlarini ajin bosgan yaproqlar
yonayotgan bo‘lsa chizmalari bilan, —
bilib qo‘yki, bularning bari
qizdiradi sening butun borlig‘ingni.
SOG‘LOM VA KASALMAND NAYSON KO‘KLARI
Soatga qarayverib, qo‘rqa-qo‘rqa
kutmay qo‘yaqolding, yaxshisi, meni,
ko‘zingni olib qochib, nigohingni
tunga tikkaningdan nima foyda?
Nafsiz o‘tayotgan vaqt seni chaqar,
barglar tiqillatar kimsasiz darchangni,
bulutlar suzib borar oynang ortida.
Bilasanmi, ne yashar mening ichimda
tabassum sustligi, chaqmoq tus ko‘ylak,
sochlaring girdida — yelkalaringda —
malla barqut yoqa; mavjlari sal-pal
sezilgan suvlarga yuz qo‘yishlaring...
Sarg‘ish dag‘al barglarning zarblari
va qora qushlar... Butoqlarda esa
qisirlab tebrangan boshqa barglarning
ular bilan aloqani uzishlari.
Sog‘lom va kasalmand nayson ko‘klari,
gullash mavsumining oddiy kunlari bu!
Sen-chi, sen? Ne uchun gullaging kelmas,
g‘uncha ochmayotir orzularing,
muomalang boshqa bir zamonlarga xos,
qizcha nazari-la boqmaysan xayotga,
yuzimni izlamas nozik qo‘llaring?
Mening holim esa sal boshqacharoq:
dod solsam makonning achchig‘i kelar,
g‘alati yuragim esa tinimsiz
bo‘lyapgan ishlarga qilar qarshilik;
uni qaylargadir qamab, yashirib,
qulflab qo‘ymog‘imning hech iloji yo‘q.
She’riy tarix yozish — qismatim mening.
MENGA, YO‘LOVCHIGA, JAVOB QAYTAR SEN!
Mana, tag‘in keldim o‘shal maydonga;
ko‘rdim, peshtoqingda osug‘liq bayroq,
kechagina o‘tgan bayram bayrog‘i.
Yana bir ko‘rin! — deb sas berdim senga,
har yoqdan mo‘‘jiza kutayotgan vaqtga
ovoz eshitilar yerto‘lalardan;
“qov” demas — chaqirsang ko‘rinmas odam...
Holbuki, men ko‘pdan chaqirmoqdaman.
U yerda sen yo‘qsan, kelmas ovozing.
Men bir yo‘lovchiman. Baxt esa hech vaqt
ko‘rina qolmaydi ikkinchi bora.
Qarag‘ayga yog‘ar so‘nggi yog‘dular,
mavjlar jivirini soladi yodga —
zumrad dengizlarning shu’lalarini.
Olisda — janubda — biz yoqda esa
qora ro‘mol o‘rab yuribdi ayollar,
ular bir-birini ko‘rganda to‘xtab
ovoz chiqarmasdan bir-ikki og‘iz
so‘zlashib olishar pichir-pichir
o‘ldirilgan yoshlar xaqida.
GAZETA XABARLARIDAN
Baland-baland devorli yetimxona hovlisida
bolaliqdan birga o‘sgan ikki og‘ayni —
nomlari Klod Vive hamda Jak Serme —
Sen-Klu bog‘ida
Baxt xiyobonida
qimirlamay turgan mashinadagi
ikki oshiq-ma’shuqni
hech qanday sababsiz, parvo ham qilmay
to‘pponchadan o‘q uzib o‘ldirishdi.
Bu —
bir ming to‘qqiz yuz ellik oltinchi yil
yigirma birinchi dekabr kuni
erga shom qo‘nayotgan paytda yuz berdi.
Bir chaqa ham turmas bunday jinoyat! —
deb qat’iy bayonot berdi Klod Vive.
Bu o‘rgimchak, bu qora quzg‘un
to boshi kundaga qo‘yilgungacha
Versal turmasidan o‘ziga
Landryu yo Veydman kamerasini
talab qilar edi ochiqdan-ochiq.
Aqlli, shafqatsiz edi ikkovi ham.
Ey, qadim lotinning qutlug‘ yo‘riqlari!
hayotning eng zarur narsasi —
rag‘bat omilini saqlab qolinglar:
himoya qilinglar
sevgini hasaddan,
poklikni nafratdan,
sevinchni qashshoqlik yolg‘izligidan.
chunki hamma joyda umid yuragini
bosib ezib turar og‘ir xarsangtosh.
Agar biz topmasak bir muvozanat
har yoqdan chiqaverar Jaklar, Klodlar.
Axir hayotda bir qonun hukmron:
agar inson olsa — evaziga berar.
GULLAR ARO YUZ TUBAN GULLAYOTGAN AYOL
To‘lqin-to‘lqin beshiklar —
bulutlar suza-suza
shaklini har daqiqa o‘zgartirib borarkan,
odamlar kutarkan tungi yomg‘irni —
vaqtning sirliligi bilinar edi
va men o‘lgan edim bu asno.
Yer va Ko‘k orasidagi bir shahar
so‘nggi maskan bo‘lgandi menga,
nomim aytib shovqinlardi atrofimda
o‘tmishimda qolgan suyuk ayollar;
yillar o‘tib birdan yashargan onam
chambar tayyorlardi gullarni avaylab,
oq gullarni yopardi jasadim ustiga.
Hovlida tun edi, oltin izlar bo‘ylab
suzardi bulutlar amniyat bilan,
meni tutgan edi to‘satdan ajal
pana joyimda,
jannat bog‘lari va hayot mazmunin
yana bir yodimga solib qo‘yish uchun.
Ammo meni ezardi so‘nggi bora jilmayib
gullar aro yuztuban gullayotgan ayol.
GAP TASHUVCHI BIR KIMSAGA
Gap tashuvchi bir kimsa bor mening shahrimda,
she’r yozadi vafodan, muhabbatdan;
vitrinalar bo‘ylab
bosib o‘tar umid yo‘laklarini.
Menga qara, hoy, sen!
Yer yuzida eng oddiy yashagan nozimning
chirimas matoda qoldirgan baytiday
yashirin, odobli so‘zlar bilan to‘la
qo‘lyozmangni qoldirib allaqaylarda,
qamatib odamlarni,
toptab yuzlarini —
shap-shap o‘tgan bu yo‘llardan —
sen emasmiding?!
Endi muhabbatdan yozasanmi?
Fahming yetmaydimi shu oddiy narsaga:
gap tashuvchining she’r yozishga haqqi yo‘q,
do‘stlar bilan ichishga haqqi yo‘q.
Yo‘q, buni sen yaxshi bilasan —
gap tashuvchining
yuraklarga yuzlanishga haqqi yo‘q.
Shimoldanmi, janubdanmisan — farqsiz —
ammo noming menga besh qo‘lday aniq:
qo‘rqinchli sen uchun — inson nomin yo‘qotish.
Ammo bu —
qorni yorib o‘ldirilgan otday,
toptalgan bayroq qismatiday
samoda oldindan bo‘lgan hal.
Sen esa she’r yozasan sevgidan,
og‘riq dushmanlari — orzulardan.
Yo‘g‘-ey, ilohiy kuch, adolatli Tangrim!
Mahshar kuni tirilgan o‘rgimchak to‘rida
silkintirib qoldir ayg‘oqchi sharpasini.
ZAMONDOSHIM
Unuta olmaysan toshni, sopqonni,
evoh, Zamondoshim, ajib xizmatkor!
Tut desalar tutib yurtdoshlaringni,
bolangni otasan simlar ortiga...
Hech o‘ylab ko‘rdingmi — boshlig‘ing haqmi?
Mehrga, xudoga joy bormi qalbingda?
Nechun sen bu haqda o‘ylamaysan hech?
Bilganing faqat ov, o‘rganganing ov.
Farzanding qatori yigitchalarga
o‘lim bilan tahdid qilaverasan.
Hamon ibtidoiy jamoalarda
qadim ajdodlaring, yirtqich hayvonlar
ne ish qilgan bo‘lsa, shuni qilasan.
Aka ukasiga qo‘llayvergach musht
bugun avjga chiqdi, mana, haqsizlik.
Mash’um harakatlar, shumlik, sovuqlik
qara, sen orqali ro‘yobga chiqdi.
Qara, sinayotir sara yosh avlod,
qalbin cho‘qimoqda qora quzg‘unlar.
MAJNUNTOLNING NOVDALARIDA
Qanday kuylash mumkin agar yurakda
etigin his qilsang bir zo‘ravonning?
Zax bosgan, zimiston yerto‘lalarda
tepilib, bukilib yotsa o‘g‘lonlar...
Har yoqda bolalar zorlanar ingrab,
O‘g‘lin qutqarolmay dodlar onalar...
Bunday zamonlarda majnuntollarning
sirtmoqqa o‘xshagan novdalarida
jimgina osilib tebranar sozimiz —
motam kuyin chalar sal tegsa shamol.
O‘LIM RAQIBASI
Rassom Sironining qizi Rossanaga
Sening haqqing yo‘q edi hech
suluv timsolingni olib ketishga
bizni go‘zallikdan mahrum qilib.
Biz, o‘lim raqiblari,
qanday bardosh beramiz endi
tobuting uzra turishga.
boshimiz egilib alam bilan,
bir soatda qarib-to‘kilib?..
Bir xat ham qoldirmading
so‘nggi kuning bo‘lgan bu kun haqida
dunyo hayotidan norozilik bildirib...
Yo‘q qilmading zerikarli kundaligingni...
Nega tutib qolmading oyning langarini?
Olib ketding ma’yus xayollaringni:
tepalar, daraxtlar, suvlar, kechalar,
xira o‘ylar emas — o‘ngingdagi tushlar,
vijdoning mevalari
kelajak ayblarini bashorat qilib
belgilab berdimi muhlatingni?
Bizlarni ikki yoqqa ajratdi bu eshik,
amniyat-la qarsillatib yopilgan bu eshik.
Eh, o‘lim dushmani!
U yoqda kim u — aytib yig‘layotgan?
Sen bittada manguga jarohatlab
va sug‘urib olib ildiz-pildizidan
o‘ldirib qo‘yding-a go‘zallikni,
bizning ustimizda parpirayotgan
aqlsiz soyasiga parvo ham qilmay...
Bizga esa yetishmas go‘zallik!
Sen bu “ish”ni tunda bajarding,
nomingni qoldirding yozib havoga,
balki, “yo‘q” so‘zini yozgandirsan,
shu yerda turgandir u, shamol ortida...
Bilaman, yangi ko‘ylak orzu qilganding,
echimin topmadi masala, bilaman.
Bizga ham, senga ham yoqmasdi bu kemtik —
mushki anbar va gullarning kamligi...
O, mening jonginam, o‘lim dushmani.
BU SHAHARDA
Bu shaharda shunday mashina borki,
upa qilib tashlar orzularingni.
Qutisiga bir tanga tashlasang yetar —
aylana boishaydi azob lappagi —
va bir zumda tushasan uning ichiga;
gir-gir aylanasan bu o‘lkada
aqlsiz va nomsiz soyalar aro;
chiriyotgan, qirsillab sinayotgan
bahaybat odamlar bilan ustma-ust.
Bu mashina — burchakdagi yemakxonada.
Mening boshkentimmi
va yo qaysidir
boshqa bir kentdami, shu yerda o‘zi,
chinorlar qatori oldida...
Qani, dadil-dadil kelaveringlar!
Tanga tashlang! —
Mashina ishlab turibdi!
ASKARLAR KECHASI YIG‘LAYDILAR
Urushni yanchib tashlash oson emas,
tumormi yo boshqa imon belgisi,
muqaddas bolalik xotiralari
uni yo‘qotuvchi omil bo‘lolmas.
Kechalari esa, kechalari
tinchlik yillarida o‘rganilgan
hammaga ma’lum siyqa so‘zlar etagida
o‘limi oldidan hech kimga ko‘rinmay
jimgina yig‘laydi kuchli askarlar.
Ko‘pchilik yaxshi ko‘rgan askarlar.
Ko‘zyoshlarning nomsiz oqimlari...
TOSKAN O‘QCHILARI
Zafar dovullari chalinmas bu yerda —
Toskan shahridagi u maydon maxfiy,
u yerda yaltiroq ko‘ylakli o‘qchilar
o‘rta asrlardan qolgan kamondan
o‘q otib, nishonga urmoqchi bo‘lib
sinab ko‘radilar taqdirlarini.
Yoyning ipin tortar kuchlanib yigitlar
va agar kishonga urolmasalar,
yoridan ajragan oshiqday ingrab
qayta sinaydilar taqdirlarini...
Sevgilim, sen bilan u yerda bo‘ldim,
kunduz nuri bilan yoritilgan u joyda
qadimiy urush qullarining
nishonga betoqat o‘q uzishlari —
bular bari erkaklar o‘lmasligini,
g‘alabaga intilishin aytib turardi.
Miraziz A’zam tarjimalari