OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kristionas Donelaytis (1713-1780)

http://ziyouz.com/rasmlar/worldlit/kristionas.jpg

Sharqiy Prussiyaning Lazdinelyay qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ildi. Kyonigsbergdagi maktabda, keyinchalik universitetda ta’lim oldi. Avvallari u o‘qituvchilik qildi, so‘ng 1743 yildan tortib umrining oxirigacha pastorlik vazifasida ishladi.

K. Donelaytisdan bizgacha oltita masal, ikkita she’r hamda «Yil fasllari» nomli bir doston yetib kelgan.
Uning «yil fasllari» dostoni «Bahor quvonchlari», «Yoz mehnatlari», «Kuz ne’matlari» va «Qish tashvishlari» deb atalgan to‘rt bo‘limdan iborat bo‘lib, hammasi taxminan uch ming she’riy misrani o‘z ichiga oladi.
Dostonda litva dehqonlarining mashaqqatli hayoti, mehnati va urf-odatlari zo‘r mahorat bilan chizib berilgan.
K. Donelaytis — ayniqsa qishloq tabiati manzaralarini chizishga usta shoir. U o‘zining she’r, masal va «Yil fasllari» nomli katta dostoni bilan qardosh xalqlar klassik yozuvchilari qatoridan faholi o‘rin egalladi. Donelaytisning ijodi o‘zidan keyingi litva shoirlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.


YIL FASLLARI

«BAHOR SEVINCHLARI» BOBIDAN PARCHA

Ko‘kdan quyosh nur to‘kadi, isinadi bo‘z tuproq,
Keksa qishning saltanatin qulashini kuzat, boq!
Ortda qoldi ayoz tunlar, qanot yozdi navbahor,
Erib bitdi o‘z-o‘zidan onda-sonda qolgan qor.
Yaydoq dala, adirlarda yellar esar xiromon,
Qor ostida junjib yotgan ko‘katlarga kirdi jon.
Yaproq yozdi o‘rmonzorlar, ko‘kardi gul-maysalar,
Olislarda baland toglar ko‘k gumbazin nayzalar.
Kuz shamoli esganida qalb uvishar, dil dardli,
Yaproqlarni to‘kib ketar izg‘irin-u namgarlik.
Ammo bahor kelganda-chi, olam yashnar bir boshdan,
Butun borliq bahra olar ko‘kda saxiy quyoshdan.

«QISH HOZIRLIGI» BOBIDAN PARCHA

Sen ey, egar ustidagi tanqa burun, mag‘rur bosh,
Mazlumlarning ko‘zlaridan oqizasan buncha yosh?
Kecha-kunduz sho‘rliklarni qo‘ymaysan o‘z holiga.
Ushalardek tug‘maganmi seni ham bir volida?
So‘yla, so‘yla, mehnatkashni qiynaysan ne sababdan,
Senga qanday zavq, surur bor ular chekkan azobdan?
Modomiki, tangri senga beribdi ko‘p imtiyoz,
Nomardlarni gumdon qilgin, botirlarni et e’zoz.
Gunohsizni ranjitmoqqa, ayt-chi, qanday haqqing bor?
Mazlumlarni ezaverma, tushun axir, qilgin or.
O, gunohkor ko‘zlaringni yashirmagin sen bu chog‘,
Olloh senga amal berib qilmoqdadir qo‘g‘irchoq.
Bir kun kelib uning o‘zi jazongni xo‘p beradi,
Qilgan barcha jinoyating ko‘z o‘ngingga teradi.
Haq o‘rnini topar bir kun, yangrar jo‘shqin sadolar,
Ozodlikka chiqar yillab yuk ko‘targan gadolar.
Haqiqatning hukmi bilan yo‘qoladi zulmlar,
Mazlumlarga baxt kuladi, jarga qular zolimlar.
Yelkasidan uloqtirar ellar alam toshini,
Art, ey dehqon, art, ey cho‘pon, ko‘zlaringning yoshini.
Utgan og‘ir kunlaringni mumkinmi hech unutmoq?
Uzing bizga rahm qilgin, parvardigor, qodir haq.
Dardga bo‘lib tez mubtalo ketdi aziz Amtman,
Afsus, afsus, bu dunyodan o‘tdi aziz Amtman.
Ey Amtman, sen bizlarni tashlab ketding nega ham,
Tashlab ketib ko‘zimizni yoshlab ketding nega ham?
Firoqingda kuyib yondik, achchiq-achchiq yig‘ladik,
Qalbimizni qayg‘u-hasrat tig‘i birla tig‘ladik,
Biz shu qadar yig‘ladikki, ovozimiz bo‘g‘ildi.
Yig‘imizni to‘xtataylik, qadrdonlar, bas endi,
Yosh to‘kishni to‘xtataylik, jonajonlar, bas endi.
Vatandoshlar, avvalgidek yig‘layversak kunu tun,
Ko‘z yosh bilan o‘zimiz ham qurimaylik bus-butun.
Oxir kelib ahvolimiz qanday bo‘lar, yoronlar,
Ta’zim qilsak bir oz shafqat qilarmi boy, xoqonlar?
Xalq yerini tortib oldi, ularda yo‘q insonlik,
Undaylardan najot kutmoq o‘zi o‘ta nodonlik.
Mayli, xabar olishmasin och-yalang‘och gadodan,
Tilagimiz: o‘shalarga kelsin qodir xudodan.
Bas qilaylik, birodarlar, g‘amni nari otaylik,
Qo‘l ushlashib to‘g‘ri yo‘ldan birga-birga ketaylik.
Quloq soling, yosh go‘daklar yig‘lagandek piqirlab
Bizni kutgan rafiqalar so‘zlashadi pichirlab.
Samanimiz, ho‘kizimiz, cho‘chqamizga yemish yo‘q,
Bechoralar boqar bizga ko‘zlarini qilib lo‘q.
Tumshuqlarin yerga surtib echkilar, qo‘y-qo‘zilar
Cho‘ziq-cho‘ziq ma’rashadi, ko‘rib bag‘ring ezilar.
Sabr qiling, yurtdoshlarim, sabr qiling, azizlar,
Porloq, ma’sud xush kunlarga yetajakmiz tez bizlar.
Alam butkul unutilar, kelar shunday bir zamon,
Ming xil nozu ne’mat bilan to‘kin bo‘lar dasturxon.
Faqat har ish qoidasin yaxshi bilib olaylik,
Hayvonlarga ergashmaylik, inson bo‘lib qolaylik.

H. Saloh tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.