OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fridrix Shiller (1759-1805)

Buyuk nemis shoiri, dramaturgi, san’at nazariyotchisi, tarixchisi Iogann Kristof Fridrix Shiller 1759 yil 10 noyabrda Marbax shahrida dunyoga keldi. Bu yil adib tavallud topgan kunga 250 yil to‘ladi.
Fridrix Shiller G.E.Lessing va I.V.Gyotelar bilan bir qatorda nemis klassik adabiyotining asoschilaridan hisoblanadi.
Fridrix Shiller ijodda ko‘lamning kengligini yaxshi ko‘rardi, antik adabiyot vakillari uni maftun etardi,shu bois ular ijodini chuqur o‘rgandi. Oqibatda o‘zi ham ulug‘ adiblarga xos bo‘lgan umuminsoniy mavzularda asarlar yozdi. V.G.Belinskiy ta’biri bilan aytganda, o‘z ijodi, ardoqlagan g‘oyalari bilan “insoniyatning oliyjanob himoyachisi”ga aylangan, F.M.Dostoyevskiy “insoniyatning do‘sti” deb atagan, A.I.Gersen “oliyjanob tuyg‘ular shoiri” deb ulug‘lagan F.Shillerning ijodi bag‘oyat rang-barang. U “Qaroqchilar”, “Makr va muhabbat”, “Mariya Styuart”, “Don Karlos”, “Vallenshteynning o‘limi”, “Vilgelm Tell” kabi jahon adabiyotini boyitgan dramalar, “Shodlikka qasida” (shoirning o‘zi e’tirof etishicha, bu she’r xuddi xalq she’ri, qasidasi degulik sharafga erishgan, Betxoven o‘zining To‘qqizinchi simfoniyasi oxirgi qismini shu qasida asosida yaratdi, bastakorni she’rdagi ozodlik, tenglik va qardoshlikning ko‘tarinki ruhi, ifodasi ilhomlantirgan edi), “Yerning taqsimlanishi”, “Qo‘shga qo‘shilgan Pegas”, “Yangi asr ibtidosi”, “Olamning ulug‘vorligi”, “Qo‘ng‘iroq haqida qo‘shiq” singari ohanraboli she’rlar, “Qo‘lqop”, “Jom”, “Kafolat”, “Polikrat uzugi”, “Gero va Leandr”, “G‘oliblar tantanasi” va boshqa mashhur balladalar, novella, roman, “Qo‘shma niderlandlarning ispan hukmronligidan ajaralib chiqish tarixi”, “O‘ttiz yillik urush tarixi” singari, nafaqat ilmiy izlanishlar mahsuli, balki nemis nasrining ajoyib namunalariga aylangan yirik tarixiy tadqiqotlar, san’at tarixi va estetikaga bag‘ishlangan teran maqolalar muallifidir.


YERNING TAQSIMLANISHI

Odamlarga Zevs deydi: “Zamin sizga xos! 
Yerdan oling, himmatimdan qoling naflanib,
Oliy in’om sizlar uchun bo‘lsin bir meros,
Og‘a-ini misol yashang inoq yo saflanib!”

Taraddudga tushdi hamma, kalapatra jon,
O‘zin qayga qo‘yarini bilmas yosh-qari.
Bo‘liq yerni, ekinzorni tanladi dehqon, 
Ovchi esa o‘rmon oldi, tog‘lardan nari.

Abbatga* – may kerak ekan, tujjorga-chi – mol,
Butun savdo yo‘llarini olib bir yo‘la,
Ko‘priklarni to‘sdi, soqchi qo‘ydi-ku, qirol:
“Oldi-sotdi qildingmi, bas, tovonin to‘la!..”

Allamahal uzoqlardan keldi shoir jim,
O‘yga botgan, ko‘zlarini yerdan olmagan...
Hamma narsa ulashilgan, tugagan taqsim, 
Shoir uchun bir qarich ham yer yo‘q, qolmagan...

“O, qismat! – oh urdi shoir. – Nahot yolg‘iz men
Ehsoningdan benasibman? Shundog‘mi azming? 
Fidoyi bir o‘g‘lingman-ku!.. Rahm aylagil sen...” 
Biroq osmon hukmdori so‘z dedi vazmin:

“Nafsiz orzu-xayollarga qul bo‘ldingmi, bas,
Ko‘z yosh to‘kma, kerak emas nolayu nido. 
Buyuk taqsim pallasida qaydayding, ey kas?..”
“Men sen bilan birga edim, ey hoziq xudo!

Sening yorqin jamolingga boqdim qizg‘anib,
Sehr to‘la kalomingga bo‘ldim mahliyo.
Ulug‘ zotni o‘ylab, evoh, baytulhazanni** –
Unutgan bir bechorani kechirgil, xudo!”

Zevs dedi : “Hech vaqom yo‘q, bilmam, netarman,
 Na qishloq, na shahar... aylay desam iltifot. 
Ammo senga keng osmonni hadya etarman,
Osmonlarda yurajaksan erkin, hur va shod!” 
___________
* A b b a t – katolik ruhoniysi.
** B a y t u l h a z a n – bu g‘amxona dunyo, dunyoi bevafo, ma’nosida.


     
RUSSO HAYKALI*

Fransiya va davrimiz sha’niga
To‘lib toshgan malomatu ta’naga –
Haykalingga bosh egurman bu fursat.
Senga ta’zim, donolarning donosi!
Sen izlading foniy hayot safosin,
Yer ostidan uni topolding faqat...

Garduni dun yaralari bitganmas:
Qadim zulmat – donolarga qildi qasd.
Hozir nur bor – xo‘sh, jallodlar kammi, kam?
Suqrot o‘ldi johillarning qo‘lida,
Odam qilay deb isoviy qulidan,
Isoviydan o‘ldi Russo o‘zi ham...
___________
* Russo haykali Parij yaqinidagi Ermenonvil shahrida o‘rnatilgan edi. She’r o‘sha haykalga murojaat tarzida yozilgan(Tarjimon).

        
QO‘SHGA QO‘SHILGAN PEGAS

Xaymarketda* bo‘lardi ot savdosi,
Sotilardi hatto juftu halollar.
Chor-nochor och qolgan shoir Pegasin,**
Mana, sotayin deb, bozorga solar.

Yollarin silkitar, kishnar asov ot,
Ko‘klarga sapchiydi. 
Odamlar hang-mang,
Hayratdan yoqasin ushlaydi: “Hayhot!
Qanaqa zo‘r ot-a! Savlatin qarang!
Oh-oh, qanotlari bo‘lmasa bormi,
Otmisan ot bo‘lar edi dunyoda!
Oting, aytganingday, juda zotdormi?
Minib olib tag‘in yurmay havoda?”

Otga yaqinlashar bitta xaridor:
“Rost, ko‘rkin qanoti turibdi buzib.
Hechqisi yo‘q.... Bunda usta baytar*** bor,
Otlar piri, shartta tashlaydi kesib!
Keyin otday bo‘lar! Beray besh oltin! 
Marhamat, olgin”.

Shoir der: “Bor-baraka!”
Otni olib Hans jo‘nar.
Qaraganlar qaragan,
Hasadchilar yutinar...

Og‘ir aravaga yuklarni ortib
Yo‘l olar Hans. 
Uchmoq istaydi Pegas,
Oliyjanob g‘azab, qahri oliydan
Ko‘kka intildiyu yuganni tortib,
Es-hushin yo‘qotib uchib tushdi Hans.

“Ha-ha-ha! – dedi Hans. – Shundayin tulpor
Yuk torta olmasmish! Hech bokisi yo‘-o‘-o‘q!
Tong bilan pochtaga o‘tarman bir bor,
Aravaga qo‘shib ko‘raman aniq.
Unda u uch otning ishini qilgay!
Balki shu yo‘sinda aqli ham kirgay!”
Yuki yengillashgan ehtiyotsiz ot
Uchqur shamollarni qoldirdi ortda!
Arava yeladi! Nogahon, hayhot,
Foniy yo‘l changiga o‘rganmagan ot-da! – 
Osmon-falaklarga ayladi parvoz,
Pinhon qudratini etib namoyon,
Pastda-chi, o‘rmonlar bo‘y cho‘zmish, daroz...
Birdan ketdi hamma otlardan imon,
Jilov ham, qamchi ham yo‘lga sololmas,
Dahshatdan titrashar sayyohlar bari.
Kech kirdi va, mana, tunda bir nafas
Tik adir ustida tindi safari...

“Ehhe! – Hans o‘ylandi. – Hazilmi yo chin?
Axir, nima tortar seni osmonga?
Bunaqa qilig‘in unutsin uchun,
Tunu kun ishlatib olayin kuchin,
Yemdan ozroq beray qaysar hayvonga!”
Aytdi – bas. Cho‘p bo‘lib qoldi sho‘rlik ot,
To‘rt kunda qarovsiz, yemdan benasib.
Hans xursand, ko‘klarda qoqadi qanot:
“Endi hech qushlarga qilmassan ta’sip!
Endi qo‘sh tortasan ho‘kiz-la bot-bot!”

Mana, sharmandali qismatga bandi
Tulpor ho‘kiz bilan chiqar maydonga...
Behuda yer tepar samo farzandi,
Behuda intilar ona osmonga.
Ho‘kiz-chi? Sudralar ekkancha boshin,
Mayishar yukdan Feb**** arg‘umog‘i ham.
Faqat zanjirlari jaranglar mash’um,
Faqat qanotlari qayrilar bu dam,
Xudo manglayini silagan tulpor
Yiqilar azobdan yosh to‘kib zor-zor...

“E, hayvon! – Hans qahri lovullar nogoh,
Ketma-ket tulporga soladi qamchi! – 
Qo‘shga ham yaramas, ne gap bu, evoh,
Laqqa tushiribdi meni aldamchi!..” 

Hans tinmay Pegasni kaltaklar hamon,
Tog‘dan tushib keldi bir yigit shu on.
Sozidan taralar totli bir nag‘ma,
Ochiq chehrasidan yog‘iladi nur.
Manglayin bezagan tilloyi tasma,
O‘zi ham kuyidan qilardi huzur.
“Birodar! Bekorga kuyinma birpas! – 
Dehqonga boqadi yigitcha xomush, –
Sen o‘zi, aftidan, bu yerlik emas, 
Ayt, hech ko‘rganmisan, hayvon bilan qush
Bir qo‘shda yurganin? Diqqat bo‘lma, bas!
Yaxshisi, otingni beraqol menga,
Uning mo‘‘jizasin ko‘rsatay senga!”

Darhol egarlanar tulpor! Shu zamon
Yigit tabassum-la egarga minar. 
Pegas chavandozni sezgani hamon
Ko‘zida uchqunlar chaqnab ko‘rinar
Va kishnar, uchay deb ko‘kka urinar!
Purkuch ruh, naq xudo, podsho misoli
Turar u zanjirdan, tahqirdan xoli!

Go‘yo qanotida eltmoqda bo‘ron,
Lojuvard osmonga intilar Pegas.
Mana bir daqiqa, mana bir nafas,
Ojiz nigohlardan bo‘ldi u nihon!
____________
* Joy nomi.
** Qadimgi yunonlarda afsonaviy ilhom arg‘umog‘i.
*** Baytar (arab) – veterinar, mol do‘xtiri.
**** Qadimgi yunonlarda quyosh va nur xudosi Apollonning laqablaridan biri.

 

JOM*

“Kim bo‘lsa ham – ritsarmi, oddiy askarmi va yo,
Cho‘qqidan dengizga tashlay olur kim?
Ushbu oltin jomimni itqitaman shu asno,
Suv tubiga sho‘ng‘ib, kim topsa jomim, 
Sohilga qaytib chiqsa to‘lqinlardan salomat,
O‘shanga jom tuhfadir, bir tuhfaki – alomat!”

Shunday der podshoh mag‘rur yuksak cho‘qqida turib,
Qararkan mavjlangan dengiz tomonga.
So‘ng bepisand, hammaning havasini keltirib,
Shart otib yuborar jomni ummonga...
“Qani, kim ul, bormi mard, jasorat deb tug‘ilgan?
Topib, ortga sog‘-omon qaytmoqni niyat qilgan?..”

Ammo ritsar ham askar, indamay yuz burishar,
Sukut javob bo‘lar podshoh so‘ziga;
Vahimali dengizga qo‘rqib qarab turishar, 
Ko‘rmay jom izlashni ravo o‘ziga.
Takror so‘zlanar podshoh, har kalomida viqor:
“Qani, o‘sha dovyurak, yuragida yoli bor?..”

Jimlik.... Birdan yosh yigit, paj** – podshoh xizmatkori
Tavoze’-la o‘rtaga chiqadi mag‘rur;
Yopinchig‘ini yechar, belbog‘, qalpog‘in borin –
Taxlab yerga qo‘yar... Ko‘zlarida nur...
Xonimlar va ritsarlar ko‘nglidan kechar alhol:
“Yosh joningga rahm ayla! Qo‘y, shaxtingdan qayta qol!” 

Qoyaning qirrasiga qadam tashlar bu fursat,
Tikilar dengizning qa’riga o‘g‘lon...
Tubsiz qa’rdan dolg‘alar otilib chiqar qat-qat, 
Ayqirib, ko‘klarga qilganday isyon!
To‘lg‘anar och to‘lqinlar, ko‘pik sochar jangari:
Dahshat momaqaldiroq suron solgan singari. 

Uvlar-da, hushtak chalar, o‘zin qirg‘oqqa urar,
Chiqar o‘t tekkanday vishillab sado.
To‘lqinlar chopar, ko‘pik tutunday ko‘kka o‘rlar -
Ustunday samoga yetmoqchi go‘yo! 
Baland to‘lqin, dolg‘alar, po‘rtanavor tubsiz qa’r...
Deysan, dengiz bosh olib ketmoqni istar magar?

Birdan tinar to‘lqinlar, mavjlar tinchlanib qolar,
Hurpaygan ko‘piklar ichida al’on
O‘pqon paydo bo‘laru dengiz bir so‘lish olar, 
Suv shitob yoprilar ul o‘pqon tomon!
Barchasin yuta boshlar och dengiz qa’ri, qara:
Qa’r o‘rtanar, to‘lg‘anar, har yon o‘kirik, na’ra...

Vahshatga boqmas yigit, sakrar dengizga azot,    
Ichida xudoga aylab tavallo...
Hamma tosh qotgan, qo‘rqqan, dillardan uchar faryod, –
Achinar yigitga: “Darig‘!.. Ajabo!..”
Shu palla sirli o‘pqon og‘zi shartta yopilar,
Birov bilmas, ki yigit topilmas yo topilar...

Dengiz tindi... Borliq jim... To‘lqinlar shovqin solmas,
Dengizdan izlashar yigit izlarin,
Boqaru g‘am-alamdan o‘zin to‘xtata olmas:
“Bahodir yigit,– der – kechir bizlarni!”
Teran qa’rning suroni pasayib borar asta...
Dillar nenidir kutib sirqiraydi shikasta...

“Menga desa, suvga ot oltin tojingni mayli,
Deya: “Kim keltirsa suv qa’ridan toj,
Taxtga ham sherik bo‘lgay, botirligi tufayli!” – 
Taxtingga yo‘q menda, bilsang, ehtiyoj.
Vahshiy o‘pqon yigitni ayladi ko‘zdan nihon,
U haqda so‘zlab bermas, bunda biron tirik jon.

Qancha-qancha kemalar to‘lqinlarga boylanib,
Yem bo‘lgan, cho‘kkandir o‘pqon ichida:
Barchasi parcha-parcha, payraxaga aylanib
Yuzib yurgan tagsiz ummon ichida...”
Biroq tag‘in sas kelar qa’rdan on o‘tgan sayin,
Olis momaqaldiroq tovushiday notayin.

Uvlar-da, hushtak chalar, o‘zin qirg‘oqqa urar,
Chiqar o‘t tekkanday vishillab sado.
To‘lqinlar chopar, ko‘pik tutunday ko‘kka o‘rlar –
Ustunday samoga yetmoqchi go‘yo! 
Boz suvlarni sachratar, ko‘pik purkar tubsiz qa’r,
Bahaybat maxluq misol, na’ra tortar, o‘kirar!..

Birdan... ajab, shiddatdan sarmast ko‘piklar aro
Oq narsa ko‘rindi... ko‘rindi ayon...
Bir oq narsa... ana qo‘l, yelka... bir baxti qaro
To‘lqin-la olishar, qattiq, beomon!
Ana, – xitob, nidoga chulg‘anadi izdihom –
U chap qo‘l-la hopitar, o‘ng qo‘lida esa... jom!

Uzoq nafas olar ul, og‘ir-og‘ir entikar,
Shukr aylar olamni boz ko‘rib o‘g‘lon.
“U tirik! – deb qichqirar kimki intiq ko‘z tikar, - 
Bundoq jasoratni ko‘rmagan jahon!
Naq zimiston qabrdan, dengiz tubidan omon,
O‘lmay chiqdi-ya omon, go‘zal yigit navqiron!”

Sohilga chiqar yigit; hayqiradi olomon;
Podshohning poyiga otilar g‘avvos
Va oltin jomni qo‘yar... Podshoh aylaydi farmon,
Buyurar qiziga: “Mard ekan, shovvoz!
Uzum sharbati to‘la jom uzatgil shu zahot,
Ki shirinlik, shirinlik bo‘lsin unga mukofot! ”

“Omon bo‘lsin podshohim! Yerda borki tirik jon,
Hech kim chet qolmasin, shodlansin, kulsin!
Ammo bag‘oyat dahshat, dengiz tagi zimiston...
Banda Haq amriga itoat qilsin:
Xudo bizdan sir tutgan narsalarni bilmoqqa
Urinma, jur’at etma hattoki intilmoqqa... 

O‘qday shuvillab uchdim men vahshiy dengiz sari...
Kelardi qarshimdan bir oqim shitob;
Toshlarning yorig‘idan suv tirqirar sarsari,
Tortib ketdi shu on dahshatli girdob,
Surib ketdi qa’r ichra, biram purkuch, purqudrat...
Chirpirak ayladi-ku, xas-xashak, buyum sifat!

Yaratganga yolbordim, panohingda asra deb,
Xudo qo‘lladi-da, o‘zi xaloskor:
Zulmatda g‘ira-shira qoyani qoldim ko‘rib,
Jon-jahd-la yopishdim, neki kuchim bor;
Oltin jom ham ilinib turar korall*** shoxiga,
To‘lqin olib ketmagan uni dengiz chohiga.

Pastimda nima bordir, noaniq g‘ira-shira,
Qirmizrang zulmatda ko‘zlar ilg‘amas,
Sukunat cho‘mgan, jimlik... qa’rdan sas kelmas sira;
Qo‘rqinchli, boqursan olmayin nafas,
Beso‘naqay narsalar siljir tahdidli bot-bot,
Dengiz tubin bezagan turfa xil ajoyibot...

Ko‘rdim, ajab, har balo kamardan chiqar qaynab,
Baliq, turfa jonvor, o‘t... yo‘q narsa yo‘q,
Bari ustun misoli o‘rlar balandga qarab,
Tirmashar ularga bir tishli maxluq.
Ochko‘z dengiz bo‘risi deb atalgan bir nahang
Yeyman debon tashlandi, qutulib qoldim arang.
Qodir qismat qoshida qamti turardim holsiz,
Inson nazaridan yiroqda nochor,
Vahshiy maxluqlar aro o‘zim birgina, yolg‘iz,
Dengizning tubida xasdan xokisor.
Faqat inson kalomi berardi dilga safo,
Zindonni makon tutgan tilsiz jonzotlar aro.    

Titroq bosar... sudralib kelar, ko‘zi o‘t sochar,
Yuz oyoqli vahshiy, nojins, ho‘l balo,
Domiga tortay deya .. kappakday og‘zin ochar...
Jon holatda qochdim undan uvvalo!
Balodan hazar derlar: to‘lqin tutib kiftini,
Qoshingizga sog‘-omon chiqarib qo‘ydi meni...”

Ushbu qissa podshohga ko‘p g‘aroyib ko‘rindi:
“Oltin jomni olgin, qo‘shay uzuk ham,     
Oltin uzukni senga tuhfa etayin endi,
Olmos yaraqlaydi unda chinakam!
Yana jur’at ko‘rgizib, qa’rga otilsang dadil,
Qaytib, so‘ylarsan dengiz sirlaridan turfa xil.”
Buni eshitgan zamon malika qalbi kuydi,
Qizargancha dedi: “Jonim otajon,
Yetar axir, rahm etgil, u zo‘r ish qilib qo‘ydi,
Boshqa birov shundoq qilmog‘i gumon!
Agar yana tekshirmoq istasang kim mard, jasur,
Yosh paj emas, bironta ritsarni yuborib ko‘r!”

Ahdida qoim edi, so‘zdan qaytmadi podshoh, 
Oltin jomin otdi dengizga tomon: 
“Eng ardoqli ritsarim bo‘lursan, qaytganing chog‘,
Qo‘lingda oltin jom yaraqlagan on.
Qizim, malika, mana seni aylar himoya,
Bo‘lur sening qaylig‘ing, qaytganingda nihoyat!”

Yigitning sha’mi yonar, bag‘riga o‘t tutashar,
Ko‘zlarida porlar mardlik, jasorat.
Qizning yuzi lovullar, rangi oqara boshlar...
Dilginasin o‘rtar qo‘rquv va shafqat...
Quvonchiga tor kelib, yigit qalbi potirlar,
Yo hayot, yo mamot deb, to‘lqinlarga otilar!..

Dengizning qa’ri tinchir... yana suronlar solar...
Suv sathin qoplaydi ko‘piklar yana...
Qalbi titrab qiz uzoq dengizga qarab qolar...
Po‘rtana ketidan kelar po‘rtana...
To‘lqinlar kelar, ketar, lom-mim demas, so‘z aytmas...
Yigitdan-chi, yo‘q darak, u endi mangu qaytmas... 

* * *

Olamlarning zulmati aro
cho‘kmish tubsiz qa’r,
Qa’r uzra yel kiftida
qayig‘im uchib borar.
Girdoblardan o‘tarman,
Shartta langar otarman
Hali hayot nafasi uxlagan qirg‘oqlarga,
Koinotning hududi quloch yozgan yoqlarga.
Ayon ko‘rdim: yulduzlar
elkama-elka turar,
Asriy udumni tutib, bir-bir
izma-iz yurar.
Ana, intilib olg‘a,
Uchar, istab qo‘nalg‘a...    
Butun atrof ularga ko‘zday
boqar nigoron,
Va ko‘rar: yulduzsiz ko‘k, osmon,
nari — bepoyon!
Quyundan ham, nurdan ham tezdir
mening parvozim.
Mard bo‘l! Yetsin itirqin ul
erga-da ovozim!
Ammo bulutlar yo‘lda,
Tumanlar o‘lda-jo‘lda,
Taptortmas qayig‘imga
boqar ekan mahliyo,
Sayyoralar shodasi to‘lqinlanar jo-bajo.
Ko‘rdim — kimdir oshiqib
kelardi menga peshvoz.
“Qayoqqa? — qichqirdi ul. —
Qadamingni bilib bos!..”
“Girdoblardan o‘tarman,
Shartta langar otarman
Hali hayot nafasi uxlagan qirg‘oqlarga,
Koinotning hududi quloch
yozgan yoqlarga...”
“Hayhot! Borar yo‘lingning
yo‘qdir aslo poyoni! —
Men ham hech yer qoldirmay
kezib chiqdim dunyoni!.. ”
Bu yo‘l bepoyon juda,
Urinishlar behuda...
Burgutqanot fikr lol, teran
aqlu idrok lol,
Royish bo‘l, sen ham, shovvoz,
langaringni tashlay qol!
1781


KOLUMB

Olg‘a, qo‘rqmas yuzuvchi!
Kulsa, mayli, nodonlar;
Darg‘a qo‘ldan chiqarsa kema
chambaragin ham.
Olg‘a, mag‘ribga! Qirg‘oq yaqin,
yo‘qdir gumonlar,
Ko‘rib turar idroking
yiroqlarni mujassam!
Qo‘rqmay ummonga yo‘l sol!
Aql-sardorga ishon!
Sohil yo‘q-sa, yer bo‘lar
ummon tubidan paydo.
Tabiat — daho doim
bir-biriga qadrdon:
Va’da bersa daho, bas, —
tabiat qilgay ado!
1795


SHODLIKKA QASIDA

Shodlik, ey sen ilohiy olov,
Jannat ruhi yor erur senga.
Sarmast bo‘lib, yuzimiz lov-lov,
Kirib keldik yorug‘ qasringga!
Bir-biriga dushmanlarni ham
Osongina aylaysan inoq.
Qanotingni keng yozganing dam
Hamma bo‘lur o‘zaro o‘rtoq.

X o r

Bir-biringga shodlik ko‘r ravo,
Bag‘ringni och, ey ahli bashar!
Yulduz yurti uzra-chi, boqar
Mehru ishqqa aylangan xudo!
Turmush, ro‘zg‘or tashvishi aro
Do‘st, do‘stlikni asray olgan zot,
Dildoriga aylagan vafo —
O‘sha kelsin davramizga bot!
Kimki boqsa bepisand, xudkom,
Nozik ko‘ngil rishtalariga,
Ko‘zdan yoshlar to‘ksa ham, tamom,
Ketsin oramizdan nariga!

X o r

Mavjudotda borki tirik jon,
Mangu do‘stlik deb qasam ichsin!
Qasamimiz ko‘klarga uchsin,
Unda egam — sarvari jahon!

Bor borliqqa ona tabiat
Ravo ko‘rgay shodlik sharbatin.
Barchaga ham birday pok niyat,
Ochib qo‘yar tole qat-qatin.
Bizga bergay may, yor nigohin,
Ato etgay do‘sti mukarram.
Malak ko‘ra olgay xudoni,
Shafqat bo‘lgay miskinlarga ham!

X o r

Itoatmi shukuhing, sha’ning?
Ko‘rdingmi ey, Ilohni, jahon?
U yuksakni tutmishdir makon;
Samolarda qishlog‘i aning...

Shodlik, shodlik U bergan shiddat
Yuritguvsi jahon soatin,
Nurlar tug‘ar itirqin zulmat,
Gul-mevaga baxsh aylar totin...
Charxi falak ila qurgay bahs,
Shior aylab sur’at-shitobni,
Munajjim ham chamalay olmas —
Yuksaklarda ko‘rgay oftobni!

X o r

Jangga kirgan mardday bag‘ritosh,
Ko‘k yulduzi kabi jilvagar,
Safaringiz bo‘lsin bexatar,
Shodlik bo‘lsin yo‘llarda yo‘ldosh!

Shodlik bilan chechandir oqil,
Sahfalarga yozar haq gapni.
E’tiqod-la kutar alhosil
Jafokash dil — toza matlabni.
Bayroqlari hilpirar yuksak
Yulduz ichra cho‘mib nurlarga.
Bosh eggancha qarar kuyunchak,
Yorilgan ul eski go‘rlarga.

X o r

Yulduzdan-da balandda ro‘y-rost,
Xushbaxt olam yashnar g‘aroyib,
Sabr ayla, kim ojiz, zaif —
Ajr bordir unga, bor qasos!

Xudolar zor emas ohlarga!
Bir narsada teng bo‘lurmiz, teng:
Shodlik jomin yoniga barcha —
Mahzunlarni chorlaylik, keling!
Ketsin nari nizo-nifoqlar!
Yuzga solma dushmaning aybin:
O‘rtamasin azob-qiynoqlar,
Sirqiratib yurmasin qalbin.

X o r

O‘tga oting qarzlar daftarin!
Tinchlik, shodlik — shu, zulmatdan yo‘l!
Qanday hukm chiqarsak maqbul —
Shundoq tashlar haq ham nazarin.

Shodlik qaynar qadahda lim-lim,
Ishkom qizi baxsh etar safo.
Yovuzlarning yumshatar dilin,
Qo‘rqoqlarga aylar kuch ato.
Ey og‘alar, sharob xushxandon
Ko‘pirsinu, ko‘kka yetsin soz!
Oh, may jomi aylangan zamon
Yog‘du ruhi bo‘lgay sarafroz!

X o r

Madhu sano o‘shanga bari,
Farishta-yu yulduzlar ham jo‘r...
Qadah so‘zi, jarangli, mag‘rur —
Uch, samoviy qishloqlar sari!

Azoblarda sabot bo‘lsin yor,
Kim mazlumdir — o‘shanga madad,
Buzilmas ahd kuchi barqaror, —
Shundoq bizning oliy urf-odat!
Bosh egmang hech zolim qahriga,
(Ketsa hamki, mayli, shirin jon),
O‘lim — makr malaylariga!
Adl-insofga bo‘lsin sharaf-shon!

X o r

Ey og‘alar, jipslashing mahkam,
Egilarkan may jomi uzra,
Xudo haqqi, ahdimdan sira
Qaytmayman, deb aylangiz qasam!
1785
_____________
* She’rning nomi asliyatda “G‘avvos”. Rus tarjimoni V,Jukovskiy o‘z tarjimasida mazmundan kelib chiqib, “Jom”, ya’ni may ichiladigan qadah, deb atagan. 
** P a j – ritsarlik unvonini olishni maqsad qilgan podshohning yoki biron amlakdorning shaxsiy xizmatkori, g‘ulomi. Boshqa ma’nosi – mahram.
*** K o r a l l – marjon-marjon bo‘lib yashaydigan degiz jonivorlarining toshga aylangan qoldiqlari. Ulardan ayollarning bezak buyumlari, taqinchoqlari yasaladi. yasaladi.   

Ruschadan Muhammad Ali tarjimalari
 
RUSSO

Frantsiya sha’niga, shu voqelikka
Og‘ir ta’na bo‘lib yuksalding tikka,
Russo sag‘anasi, senga egdim bosh!
Bunda tinch orom ol, tilsiz donishmand,
Olamda osoyish izlading harchand,
Zotan yer qa’rida sukut topdi losh!

Tinmadi olamda o‘chlar, yonishlar,
Zulmatda mahv o‘ldi necha donishlar,
Jallodlar qolmaydi deysizmi bugun?!
Jaholat tang‘idi Suqrot qo‘llarin,
Russoni o‘ldirdi bid’at qullari —
Barin odam etmak bo‘lgani uchun.

1781

ZAMIN TAQSIMOTI

Zevs insonlarga dedi: «Mana yer!
Oling, saxovatim in’omi ushbu!
Muqaddas merosga sohibi ta’mir —
Munda bahamjihat yashanglar mangu!»

Darhol alomonga keldi to‘rt taraf,
Guvranib keksa-yosh oyoqqa turdi.
Dehqon ketdi oltin qirlarga qarab,
Ovchi o‘rmon sari yo‘lini burdi.

Tojirga mulk tegdi, abbatga — sharob,
Karvon yo‘llarida qirolda tizgin,
Sarhadlarga soqchi qo‘ydi behisob:
«Qani, tijoratdan boj-xiroj cho‘zgin!»

Bir payt deng, eldan so‘ng, olis yo‘ldandir,
Shoir yetib kelar, ne gap, bexabar.
Zamin taqsimoti o‘tib bo‘lgandir,
Unga kaftdek bir joy qolmabdi magar.

«Voh, men sho‘rpeshana! Ey ismi qodir!
Sodiq bir o‘g‘lingga nahot hech vaqo?!» —
Oh urib yuz tuban tusharkan shoir,
Shundoq va’z aytadi ul hukmi yakto:

«Behuda xayollar sarhadlarida
Kezmishsan! Maloldir endi talabing!
Qayda erding taqsim soatlarida?!»
«Sening birlan erdi dilim-matlabim!

Nigohi — munavvar siymongga payvand,
Nurli so‘zlaringga bog‘lab imonni,
Afv et, hislari oliy komga band, —
Yeriy in’omlardan bexabar jonni!»

Shunda Zevs dedi: «Iloj ne, qani,
Na misqol yor qoldi, na shahrim-kentim.
Mana, ochdim osmon — Arshi a’loni,
Bunda qachon kelsang, azizsan endi!»

1795

QO‘LQOP

Og‘ir qafas qoshida mag‘rur
Kirol Frants o‘ltirar yovqur
Arslonlarning kutib jangini.
Taxt girdida ko‘shklarda yuksak
Ahli kibor — ayolu erkak
Eslatardi chaman rangini.

Nogoh qirol sohib mahobat
Bajo etar xos bir ishorat, —
Ochiladi zalvorli qafas.
Tez o‘rtaga chiqadi shu on
Boshi yungdor bahaybat arslon
Va tek turib qoladi birpas.

Tegrasiga shoshilmay boqib,
Esnab, tars-turs yolini qoqib,
Cho‘zilarkan yerga erinchoq,
Gal ikkinchi qafasga yetar,
Zil eshiklar ochilib ketar
Qirol tag‘in imo qilgan choq.

Bul qafasdan achchiq o‘kirib,
Goh o‘q, goh yoy shakliga kirib,
Tajang yo‘lbars chiqar maydonga
Norozi, o‘ch ko‘rsatib o‘zin,
Jag‘ o‘ynatib, yondirib ko‘zin,
So‘ng cho‘kadi arslon yoniga.

Qirol tag‘in imo qilganda
Ochiladi uchinchi tamba
Va tushgandek guldirak yerga,
Paydo bo‘lar o‘rtada shu on
Ikki nafar ichikkan qoplon,
Zug‘um solib yo‘lbarsu sherga!

Tashlanarkan yo‘lbarsga ikkov,
Panja solar ul ham qaytmay, dov,
Tikrayadi tishlar va tuklar!
Ammo birdan tiklanib arslon,
O‘kirarkan, tinchlanar maydon,
Jimib qolar asov mushuklar.

Ayni paytda zarrin ko‘shkdan, voh,
Yo‘lbars va sher ustiga nogoh
Tushib ketar nafis bir qo‘lqop.
Sohibjamol Kunigund shu dam
Nozli, nafis kinoya bilan
Boqar ritsar Delorjga alqab:

«Janob ritsar! Sevsangiz rostdan,
Kasam ichmang, qo‘lqopni pastdan
Olib chiqib berolsangiz bas!»
Ritsar Delorj — oriyat sohib,
Pastga tushib ketar tik boqib
Kizning so‘zi tugar-tugamas.

Ko‘rquv qayda! Ko‘zlari chaqnoq,
Maxluqlarning o‘rtasidan naq
Borib olar qo‘lqopni shovvoz!
Hayajon va hadikda turgan
To‘da guvva tahsin o‘qirkan,
Yuqoriga chiqib borar g‘oz!

...Nigohida nozik mayl, quv,
Uni kutib olarkan suluv,
Yigit zarra etmayin parvo,
Ko‘lqopini otar jononga:
«Zor emasman sizning ehsonga!»
Va tark etar qizni shu asno.

1797

Omon Matjon tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.