DUNYo, SENDA NASIBAM BOR
Dunyo, senda nasibam bor:
Olajakman erta-kech.
Eng avvalo bir yurt istayman –
Tunlari sut bersin yig‘lagan go‘daklarga,
Shamollar esganida bayroqlari sochilsin.
Bir tulpor istayman men –
G‘irotdan uchqur,
Oq otdan uchqur,
Bo‘z otdan uchqur,
Uzan baxshi tilidan uchqur –
Yetib olay olislab ketganlarga.
Bir ko‘prik istayman men –
Ostidan yillar oqib o‘tsin,
Ustidan biz o‘taylik
Ayriliqqa qo‘l siltab.
Bir yurak istayman men –
Bayroq-bayroq qilib to‘g‘rasam uni,
Uzoqqa ketuvchilar qo‘llariga olsinlar.
Bir bayroq istayman men –
Yuragim sovuq qotsa kiyib olayin uni.
Bir tog‘ istayman men –
Qirralari uchli-uchli –
Qo‘nsin burgutlari yuragimning boshiga.
Bir chayla istayman men –
Og‘ochiga osib qo‘yay qilichim – g‘azabimni,
Ilib qo‘yay yeldan tez tulporim yuganini.
Bir umid istayman men –
Tuproqda, havoda, suvda,
Temirda, o‘tda toblansin.
Bir so‘z istayman men –
Qo‘lim meva tutkan butoqlardadir,
Mevalari pishib-pishib bol tortib
Men o‘lguncha yerga tushajak.
Dunyo, senda nasibam bor,
Olajakman erta-kech.
Ozarbayjonchadan Xurshid Davron tarjimasi