OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Elchin Iskandarzoda (1964)

http://www.ziyouz.com/images/stories/jahon_adab/elchin_iskandarzoda.jpgElchin Iskandarzoda 1964 yil 16 sentyabrda Ozarbayjonning Shusha shahrida tug‘ilgan. 1986 yilda Ozarbayjon Texnika universitetining Mexanika fakultetini imtiyozli tugatgan. 
U Texnika fanlari doktori, professor. Xalqaro Eko-energiya akademiyasi (2000), Nyu-York fanlar akademiyasi (2002), Kavkaz xalqlari fanlar akademiyasi (2003), Rossiya Tabiiy fanlar akademiyasi (2004), Yevropa Madaniyat akademiyasi (2006), Tabriz akademiyasi (2006), Ozarbayjon, Ukraina, Qirg‘iziston, Rossiya, Ruminiya Yozuvchilar jamiyatlari va Turkiyaning Fan va Adabiyot asarlari egalari jamiyatining a’zosidir.
Elchin Iskandarzoda 120 dan ortiq ilmiy asar, 36 ta ixtiro, 13 ta monografiya va darsliklar, 64 ta adabiy va ilmiy kitob muallifi sanaladi. Dunyoning turli mamlakatlari yozuvchilarining 55 ta asarini ozarbayjon tiliga o‘girgan. 200 dan ortiq adabiy va ilmiy kitoblarga muharrirlik qilgan.
Dunyoning turli mamlakatlarida o‘tkazilgan ellikdan ortiq xalqaro ilmiy qurultoy, kongress, simpozium va konferensiyalarda ishtirok etgan. Bir qator xalqaro miqyosdagi yirik adabiy, madaniy tadbirlarning tashkilotchisi hisoblanadi.

YOMG‘IR QO‘SHIG‘I

Yana iliq yomg‘irlar
Hayotimga yog‘moqda
Muhabbating malagi
Ko‘zlarimga boqmoqda.

Oppoqoy... Derazada
Yashil bir kaktus o‘sar.
Hech so‘zlama! Bir oz kul.
Kulging dunyoni bezar.

Qo‘y, to‘kilsin yulduzlar
Pari tun etagidan...
Yolg‘iz seni tilarmen
Muhabbat malagidan.


YOLG‘IZLIK QO‘SHIG‘I

Yana yoz yomg‘irlari
Derazamni chertadir.
Ayriliqning o‘tlari
Borlig‘im eritadir.

Yana seni afv etdim,
Kirding oq xotiramga.
Yozdim qayg‘ularimni
She’rimda har satrimga.

Jimdir oppoq telefon,
Yulduz foli yolg‘ondir.
U yozning yomg‘iridan
Bir xotira qolgandir...

Tohir Qahhor tarjimalari


OZODLIK

Keng osmonda uchgan qush,
uchgin ko‘nglim yelkani,
men ham bugun ozoddirman sen kabi.

Guldan gulga uchib yurgan kapalak,
Uchgin-kelgin qalbimga,
men ham bugun ozoddirman sen kabi.

Olislardan kelmoqdaman, olisdan
chiqqin peshvoz tong yulduzi,
men ham bugun ozoddirman sen kabi.

Chiq to‘lqinlar qo‘ynidan, 
chiqqin dengizning qizi,
men ham bugun ozoddirman sen kabi.


YOLG‘ON

Itarib dunyoni qo‘lin tersi ila
Haqqa sig‘ingan yigitcha.
Sevgan malaklaring-la
Har kuni kami yuz karra sevishar
     shayton.
Yaxshi yomondan, yomon yaxshidan tug‘ilar
Har bir chin bir yolg‘onga homilador,
Har yolg‘onda bir haqiqat bo‘g‘ilar.


G‘URBATDA BAHOR

Tashqarida yoz issig‘i,
urug‘lar homilador...
Har lahzam aylanar yilga
kutmoqdaman bahorni.
Bir kun qanot yozib uchsam agar 
Tug‘ilgan maskanim sari,
shoxdan uzaman bir chechak
hamda uzib olgan gulimni
yuborajakman senga ...


SO‘NGGI SHE’R

Bir ko‘klam kechasi
boshim uzra 
Azroil joy olganin,
hayotimda faqat 
bir kun qolganin
bilsam agar,
bedor ko‘zlarim
tong yulduzi yanglig‘ 
qip-qizil bo‘lgunga qadar
bir she’r yozardim.

Mendan so‘ng dunyoning
kechalarini,
kunduzlarini,
daraxtlarini,
dengizlarini,
insonlar qismatini
yana yaxshilikka etardim ta’bir.
Va so‘nggi bor 
ko‘ngil ochardim torli bir soz sasiga ...
Uxlardim boshim qo‘yib
o‘limning siynasiga.


SHOIRLAR

Qushlar ozod,
daraxtlar baxtiyor.
Parvoz etgan qushning, 
chechak ochgan
daraxtning
o‘z hayoti, tushlari bor.
Hamda yulduzlarning bog‘ida
shoir umri, dunyosi bor
ozod baxtiyor.
Shoirlar sevgan ayollariga 
yulduzlardan toj yasaydi.
Shoirlar parvozlagan qushning, 
chechak ochgan daraxtning
tushlarini ko‘radi.


KAPALAK UMRI


Sochlaridan ko‘ksiga
ipak parda tutgan qiz
o‘n yettida hanuz.
Insonlar orasida
malak yanglig‘ yoppa-yolg‘iz ...
Tunlari falakka qaytmoqni
yulduzlardek nur taratib o‘chmoqni,
so‘nmoqni, nur sochmoqni,
va barcha insonlardan qochmoqni
o‘tkazadi dilidan ... 
Qo‘shiqlar aytar, 
  ko‘ngli hech to‘lmas, 
Duolar aylar, 
  ijobat bo‘lmas.
Yomg‘irli oqshomlarda qilgan
duolari mahzun, 
hayotimiz kapalak umri qadar qisqa,
qayg‘u yo‘llari esa uzun,
juda uzun.

Gulim, chechagim,
oppoq malagim,
Aslo osmonga 
va yulduzlarga
  umidlaring bog‘lama,
umidingni bog‘lab so‘ng
azob chekib, yig‘lama ...


MISR GO‘ZALIGA


(Hazil)

Bu qizning oyoqlari
Sohilga teginsa gar
Sevinchdan tuproqning 
Yoriladi yuragi, chiday olmas!
Bu qiz suv parisidek 
Dengiz qo‘yniga sho‘ng‘isa
O‘t olib yonadi Qizil dengiz, so‘nmas!

Bu qizni Misrdan olib 
Dunyoning eng og‘ir xastasiga keltir
Tirilar turib oyoqqa, o‘lmas! 

* * *

Yuz yildan so‘ng
tuprog‘ing qonini so‘rib
mozorim uzra unib chiqadigan bir
binafshaga
Hasrat ilakishmasin deb
Ko‘zlaring,
erning,
osmonning
haqqi uchun
bugun meni sev, o‘tinaman,
sev meni bugun!..

* * *

Ko‘klam chog‘i ochilmay so‘lgan chechaklar,
g‘ussali sevgilar, siniq yuraklar,
yaxshiki ohimiz yetmas samoga
etsaydi qolmasdi unda malaklar...

* * *

Tiz cho‘kib tuproqqa ekkan daraxtim,
necha yil azobin chekkan daraxtim
yam-yashil
oppoq
kurtaklar o‘rniga
ayriliqlar gul ochdi
shoxida bu yoz...

* * *

Ahmadning yurti bor,
Sunaning uyi,
Natashaning Moskvasi!
Xo‘sh, mening Shusham qayda?!
Sen Shushani ko‘rsat menga,
Vatanimni ko‘rsat, ota...

* * *

Kipriklaring har on
sening ko‘zlaringni o‘padi faqat ...
O‘lim qosh-la ko‘z orasida
qosh-la ko‘z orasida kechadi
bir tush kabi bu hayot ...

* * *

O‘zlari she’rlaridan oldin
mashhur bo‘lgan shoirlarning
qora malaklari kulmoqda —
She’rlari o‘zlaridan avval o‘lmoqda ...

* * *

Ko‘zlarim zaiflashdi yaxshigina,
Ko‘zlarim dunyoni
Ko‘rmoqda arang
Yog‘moqdadir qop-qora qor
Cheksiz qorong‘ulikka ...
Qayg‘uli qish ertagi
Qish kechasi
sham yorug‘ida
haqiqat-la xayol qorishuvida
pechda yoqqan qayrag‘ochimning
zulmatni hurkitgan nafasi.
Oq ko‘pikli shampan qadahida
Sharq go‘zalining nurli
ma’sum chehrasi.
Ezadi to‘satdan qalbimni
eski bir muhabbat xotirasi ...
Eski bir muhabbat xotirasi
olovlanib yonadi shu on
pechda yoqqan qayrag‘ochim-la.
Ko‘zguda sham yog‘dusin
oydinligida senga
o‘xshash bir sharpa
va ko‘zguda mum yorug‘i.
Uchadi sham nurida
Sibel Jonning jilvali sasi.
Hijronning hovuchida
ko‘nglimning mayda bo‘laklarga bo‘lingan
siniq shishasi ...
Qish kechasi sham yorug‘i,
haqiqat-la xayolning qorishuvi ...


SEVGI NAVOLARI
 
1-kuy

Sening raqaming terib
Telefoning go‘shagida 
Eshitsam birdan dardli ovozing;
o‘sha o‘tgan kunlar qaytadi ortga
o‘tgan kunlarga qaytadirman men.
Kuz yomg‘irlari-da,
 tanholik va yolg‘izlik-da
  bir soz ohangi yanglig‘
   yayratadi ko‘nglimni... 

2-kuy

Bu qorli qish kunida
yorug‘lik ichra 
boshimga kelganlar
boshqa birovning qismati kabi
tuyuladi menga.
Bu qorli qish kunida
birgina eski ishq qo‘shig‘iga,
birgina shirin so‘zingga muhtojman
 yana...

3-kuy

O‘lar bo‘lsam mening uchun tutma aza,
kiyma qora, yig‘lamagin.
Yodga ol, ilk tabassumni,
yodga ol, ilk diydorni yodga ol,
yodga ol, ilk bo‘sani yodga ol...
Hozir tungi soat ikki,
na sen menikisan,
va na men seniki ...

4-kuy

Do‘stlar, birodarlar,
Ichimda boshlanar to‘satdan to‘fon
butun jahon ichra
yolg‘iz qolgan onimda.
Yuragim og‘risa-da
Ashula aytaman o‘zimga-o‘zim.
Aytgan qo‘shig‘im bitgani zamon
oppoq arvoh qamashtirar ko‘zimni.
Qamashtirar bir lahza
va nur taratar ichimdagi zulmatga ...

5-kuy

Qora mozor sukunati
ko‘lkasi-la qurshamish bu yerlarni.
Ollohim, ne edi gunohi
yoz issig‘ida titrab muzlaydi
bu joylardan o‘tib ketgan 
g‘arib yo‘lchining ohi.

6-kuy

Bahor tongi yog‘du ila
bir satr she’r yozmish
yashil gul yaprog‘iga.
Bir qushcha uchar-qo‘nar
gul shoxiga
o‘qiydi o‘sha she’rni.
Biz esa faqatgina 
tuyamiz ayni she’rning iforin ...

7-kuy

Men bizning o‘tmishda
yashamoqdaman sensiz.
Bizning o‘tmishda
bulutsiz osmon
va ko‘m-ko‘k dengiz ...
Endi o‘tmishimizdan 
ortga qayta olmayman men ...

8-kuy

Men seni qizg‘onardim
ko‘kdagi bulutdan, qushdan,
erdagi chechakdan, guldan.
Ko‘zlaringni unutganman
ammo qalbim tubida
unsiz-unsiz yig‘larsan hanuz ...

Turk tilidan Alisher Tursunov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.