OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xalil Rizo (1932-1994)

Xalil Rizo Uluturk Ozarbayjon xalq shoiri, atoqli millatparvar shoir, mohir tarjimon, ozarbayjon-o‘zbsk adabiy aloqalariga ulkan hissa qo‘shgan olim. Salyan tumanida tug‘ilgan, o‘rta maktabni, so‘ngra Boku Davlat universiteti filologiya fakultetini bitirgan (1954).
Matbuotda ishlagan, Moskvadagi Jahon adabiyoti instituti oliy kursida o‘qigan; Bokuda aspiranturani bitirgan, nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan, institutda dars bergan, ko‘p yillar Ozarbayjon FA Nizomiy nomidagi Adabiyot institutida xizmat qilgan. M. Shayxzoda ijodi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi yoqltagan (1985).
Jahon adabiyoti namunalarini ozarbayjon tiliga tarjima qilgan. Jumladan, juda ko‘p o‘zbek shoirlari asarlarini ozarbayjonchaga o‘girgan, ulardan ayrimlari "Turon chalangi" ("Turon guldastasi") kitobidan o‘rin olgan.
X. Rizo ijodining uch qanoti bor: she’r, ilm, tarjima. U bu uch sohada o‘z yo‘lini ochgan, o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkor.
Ilk she’ri 1948 yilda bosilgan. O‘z davrida shov-shuv yaratgan, sevib o‘qilgan va o‘qilayotgan yigirmadan ortiq she’riy kitoblari bor; "Bahor kelur" (1957), "Sevgan ko‘zlar" (1959), "Muhabbat dostoni" (1961), "Buyuklik" (1973), "Tabiiylik" (1977), "Seni topurman" (1980), "Umrdan uzun kechalar" (1982), "Dunyo qayga ketmoqda" (1983), "Vatan mendan boshlanar" (1988), "Davom etar 37" (1992), "Oy va quyosh orasida" (1992), "Qahramon Tabriz" (1994), "Turon chalangi" (1994), "Men Sharqman" (1994), "Alvido, Vatan" (1996), "Lefertovo qamog‘ida" (1998) va boshqalar.
Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, vatanparvarlik, millatparvarlik mavzusida ijod qilgan shoirlar orasida u alohida ajralib turadi.
X. Rizo nodir ijodkor edi: u shoir sifatida dong qozongani qatorida, so‘zi va ishi bir bo‘lgan, temir prodali, chin millatparvar, qahramon shaxsdir. Ozarbayjon istiqloli uchun 60-yillardan boshlab so‘z bayrog‘ini yuksaltirib maydonga tushgan va umrining oxirigacha maydondan chiqmagan, egilmagan, sinmagan mag‘rur shoir edi. 1990 yil yanvarda qizil imperiya tomonidan qamoqqa olinib, Lefortovo turmasida 22 oy saqlangan, jamoatchilik tazyiqi ostida ozod qilingan. 1994 yil 22 iyunda Bokuda vafot etgan.

NIZOMIY

Karvonning bir uchi Leningradda,
Bir uchi Ganjada, biri sarhadda.
G‘arbu Sharq, hattoki falak, albatta
Joylashur sen kabi dilga, Nizomiy.

Yetti iqlim oqar Vataning tomon,
Yulduzlar ham boqar Vataning tomon,
Necha asrlarga obro‘san shoyon,
Peshvosan, shuhratsan elga, Nizomiy.

Qo‘noqlar tushmoqda qizil qatordan,
Qo‘llarida chechak necha gulzordan,
Gar boshing ko‘tarsang marmar mozordan
Ko‘rarding . el mengzar selga, Nizomiy.

Ko‘rdim bir o‘zbekni, ixlosmand o‘g‘lon,
Boshida do‘ppi-yu egnida chopon.
Sening mehrobingga yetishgan zamon
Tushdi yalangoyoq yo‘lga, Nizomiy.

Tavallud topgansan Ganjabosarda,
Noming jahon kezar, xoking mozorda.
Bashar durdonasi . o‘lmas asarda
So‘nmas hayot berding cho‘lga, Nizomiy.

Senga sig‘inuvchi bir menmi tanho,
Faqat Moskva-yu Bokumikan yo!
Boshingga koinot sochmoqda ziyo,
Aylanding gulshanda gulga, Nizomiy.

Zamon hech ayladi tojdorlarni,
Yuvuqsiz podsho-yu hukmdorlarni
Va lekin Sen kabi san’atkorlarni
Shoh etdi Mug‘onu Milga, Nizomiy.

Sakkiz asr sening poyingda yotar
.Sirlar xazinasi. sohir bir asar.
Fuzuliy shaklida qaytding bir safar
Onang alla aytgan tilga, Nizomiy.

YURTIM UCHUN

Bir majlisda unutildim.
May ichdilar har kelganning sog‘ligiga,
Har ketganning sog‘ligiga.
May ichdilar
Sohiliga bizlar qo‘ngan
Moviy ko‘lning sog‘ligiga.
May keltirgan sho‘x go‘zalning sog‘ligiga,
Gulshandagi qizil gulning sog‘ligiga,
Xush qadamli oyning, yilning sog‘ligiga.
May ichdilar...
Pichirladim o‘z-o‘zimga
Ey do‘st, sening sog‘ligingga!
To‘rtta ummon qurshab olgan
Buyuk elning sog‘ligiga,
Sovolonu Qo‘chqor kabi
Yuksak tog‘lar sog‘ligiga,
Boqqaningda havas qo‘zg‘ar
Sochi oqlar sog‘ligiga.
Qttiz yillik kurashlarda
Bir asrlik yo‘l kechding sen,
Lekin ortga qaytganing yo‘q.
Birovlarga qul bo‘lmading,
Quldek qulliq aytganing yo‘q.
Bosa-bosa labimga bu piyolani,
Ichaman ol shalolani
Ey do‘st, sening sog‘ligingga.
Sen shundayin burgutsanki,
Uchmog‘ing bor, qo‘nmog‘ing yo‘q.
Sen shundayin o‘choqsanki,
Yonmog‘ing bor, so‘nmog‘ing yo‘q.
Sen shundayin yo‘lchisanki,
Maslagingdan qaytmog‘ing yo‘q.
Birovlarning shavkatini
Ko‘rib uzr aytmog‘ing yo‘q...
Kechirsinlar do‘stlar meni,
May to‘la bu piyolani
Ichdim sening sog‘ligingga,
Yurtim, sening sog‘ligingga.

Abdulla Oripov tarjimalari

NIZOMIY GANJAVIY, AVF AYLA MENI

 Ovga chiqqan shohlarning qo‘liga qo‘nib, yayrab,
 Lochin jim turgani-chun kaklik etin yer ekan.
 Gulg‘uncha hasratida qonli yosh to‘kib, sayrab,
 Bulbul jim turmas ekan, ko‘ksini teshib tikan...
Nizomiy

“Sirlar xazinasi”ni o‘girarkanman, bir dam,
So‘z shu yerga yetganda, qalamimni to‘xtatdim.
Dohiylar-la aytishmoq bir oz og‘ir bo‘lsa ham,
Ichimda ne bor, so‘ylay, avf et, buyuk ustodim!

Menga lochin bo‘lmoqlik, kaklik to‘shi na kerak,
Ovchi shohlar qo‘lida tarlonlik emas havas.
Go‘zallikni ko‘rganda, jim turmagay bu yurak,
Olchoqlikni ko‘rib-da, tek turgan inson emas.

Yaxshiyamki, hech zamon nafratim yashirmadim,
Muhabbatim jo‘shganda, daryo bo‘lib qaynadim.
Ilonfe’l, tulkife’llar qoshida tek turmadim,
Qo‘ymadim toptamoqqa, so‘z o‘qim-la siyladim.

Jim turganlar, qo‘yaver, topsin shuhrat, siymu zar,
Bom-boshqadir ko‘nglimning intizomi, nizomi.
Pastkashlikni ko‘rganda turolsaydi jim agar,
Na “Xamsa” yaralardi, na-da dohiy Nizomiy.

YAXSHIYAMKI

Ko‘kda bulut quyuqlashib, quyun turgach,
Yerda inson bir-birini urib-surgach,
Och tuproqqa pok, gunohsiz bola qoni to‘kilganda,
Puch shiorlar yirtilganda, chok-chokidan so‘kilganda,
Ikkiyuzli notiqlarga hech kim quloq solmaganda,
Ganja, Boku darra, o‘qdan qo‘rqmay, taslim bo‘lmaganda,
Sumgaitda derazalar sinib, qonga bulanganda,
Vijdonsizlar, yuraksizlar vijdon, yurak tilanganda,
O‘t purkagan og‘izlarni hech kim yuma olmaganda,
Haftalarcha uyqusizlar bir marta ham kulmaganda,
Oq bayroqlar kamandiga Shusha shahri band tushganda,
Oqtom yalang qo‘llar bilan solishganda, tuyishganda,
Bir un keldi yuragimdan:
- Yaxshiyamki Turkiya bor!
Har bir toshi, har qoyasi temirlashgan buyuk diyor!

Yaxshiyamki, bu dunyoda Istanbul bor, Anqara bor,
Yaxshiyamki, ko‘ksimizning Turk atalgan shunqori bor,
Yaxshiyamki, Ozarbayjon turklari bor,
Yaxshiyamki, O‘zbekiston turklari bor!

Yaxshiyamki, Qozog‘iston , Qirg‘iziston turklari bor,
Turkmaniston, Boshqirdiston, Tatariston turklari bor,
Yaxshiyamki, Oltoy, Sibir, Uyg‘uriston turklari bor!
Bo‘lib-bo‘lib tashlansa-da, o‘zgarsa-da qavmu nomi,
Ruhi, qoni o‘zgarmagan Bulg‘oriston turklari bor!

Nasimiyga ko‘kdan ingan bir sas bergan,
Fuzuliyga ming yil yashar nafas bergan Parvardigor.
Yaxshiyamki, Karkuk, Iroq turklari bor,
Bag‘dod, Halab turklari bor!

Tayanch tug‘im, bayrog‘imdir, borlig‘imdir turkligimiz,
Jasur, sodda turkligimiz,
Axloqi pok favqulodda turkligimiz.
Yaxshiki, Yer kurrasi bor,
Unga hayot bergan oliy bir quvvat bor,
Savalandan ancha qari,
Everestdan ancha yuksak layoqat bor.

Yaxshiyamki, Alpomish bor, Go‘ro‘g‘li bor,
"G‘arb ham, Sharq ham menman!" degan turk o‘g‘li bor.

Jonim, ko‘zim Xalil Rizo!
Tug‘ildingki, yashaydirsan turk so‘zidan nafas olib,
Insonlikning siynasidan to‘yinaroq mardu g‘olib.

Sen kattasan,
Ammo kichik - umid shami lipillagan
Juda kichik uluslar bor,
Udin, nanay, lazgin, nen bor — til barqaror,
Bordir tuva, xakas, chuvash, yoqut, no‘g‘ay,
Gagauzlar — ko‘ko‘g‘uzlar, qo‘miqlaru do‘st qorachoy!
... Uzoqlarda chukcha yashar, makoni qor, oq bichimda,
Ko‘zi O‘tlar diyorida, o‘zi qat-qat muz ichida.
U - kichik xalq.

Turk bo‘lsang, qalq!
Yot dodiga
Botganlarning,
Jon ko‘zini javdiratib yotganlarning!

Turk nomiga loyiq kimdir?
Hayqir, bilsin har bevatan,
Turkdir —
O‘zi mahbus bo‘lib, o‘zgalarni xalos etgan!
1988 yil


TURK SO‘ZIDAN QO‘RQQAN GADO

G‘alati bir fe’ling bor:
Turk so‘zin eshitsang, bas, shart o‘rningdan turasan,
Ovsarlanib, so‘zingni boshqa yoqqa burasan.

Jiyanim ismi — Turkel,
Yashar qishlog‘im — Turkan,
She’rimda ko‘rsang, darhol o‘chirarsan, buzarsan,
Yo Mardakan yozarsan,
Yo Shavalan yozarsan, toki Turkan bo‘lmasin.

Ichingda g‘o‘ldiraysan,
Boladay mo‘ltiraysan,
Ba’zan oshkora deysan: "Qardosh, "Turkan" bo‘lmasin..."

"Qardosh" so‘zini hech dam
Tilga olma, ey gado!
So‘zdan qo‘rqqan odamdan qardosh bo‘lmas dunyoda
Yaqinga ham, yotga ham.

Bu jahonda ming turli qo‘rqoqlarni ko‘rdim men:
O‘tdan, suvdan, dengizdan, ilondan qo‘rqqanlar bor,
Jin, ajina, xayoliy hayvondan qo‘rqqanlar bor.
Ammo so‘zdan qo‘rqqanni dunyoda ko‘ribdi kim?
— Yo‘q, bu oddiy so‘zmas, — der. — Turk so‘zidir bu, jonim!

Bas, tanidim men seni - vijdonsiz, bir mayitsan!
O‘ttiz yettinchi yildan qolgan dumsan, bir xiltsan!
Qaysi yil tug‘ilgansan? Qirqinchimi?
Farqi yo‘q?!
Haqqi yo‘q, tug‘ildim deb aytsa elning qo‘rqog‘i!
Bordir har jinoyatda qo‘rqoq qo‘li, barmog‘i!..

Sendayin kimsalarni supurmasak jahondan,
Insonlar boshi chiqmas zulm ila qirg‘in-qondan!

Senga xitob etmoqni or bilsam-da o‘zimga,
Biroq gap boshlab qo‘ydim, quloq bergil so‘zimga:
Harholda, sendan ko‘ra besh-olti yosh ulug‘man,
Yerdagi buyuk daryo — Nilga o‘xshagan turkman!

Ozarbayjon turkiman, turk irqining butog‘i,
Ko‘ksimda eralarning buloqlari — qaynog‘i!

Yerning muz qatlamlarin eritgan qudrat menman,
Tosh davrini yashagan, tunj davrini yashagan,
Temir davrida po‘lat eritgan hikmat menman!

Ovruponi uyg‘otdi Atillaning qilichi.
U qilichni Fuzuliy qalamiga evirgan
Jur’at, layoqat menman!

Raketlarning onasi - aravani kashf etgan,
Bir necha uluslarga -
Yunonlarga, ruslarga,
Laxlarga, olmonlarga,
Chexlarga, tunguslarga
Ming-ming so‘zni baxsh etgan bashar otasi Turkman!

Quloq sol, ey aqli kam:
Mendan boshlanar tarix.
Tarix kabi bilginman ham tarix kabi qari.
Turkman, necha millatga o‘z qonimni berganman,
Dengizlar yuragimda, ummonimni berganman!

Borib ko‘r Kamchatkani, kezib boq Alyaskani,
Amerika egasin so‘r - u yerda bor ildizim.
Tillarini solishtir,
O‘sha qadim hindular o‘z bolamdir, o‘z ko‘zim!

Men so‘qmoqmas, tarixning kahkashoniy yo‘liman,
Qo‘rqut ota, Alpomish, Manasman, Go‘ro‘g‘liman!

She’ru ilmu rubobning ilk bahor nasimi — men,
Turkistonda Farobiy, Iroqda Nasimiy — men!
Bir qanotim — Navoiy, birisi Yunus Emra,
O‘rgan — qaysi maqomda ingandim ko‘kdan yerga.

Necha millatning sochi qo‘llarim-la tarandi,
Iyoxan, Ivan so‘zi
Bizning "xan"dan yarandi.
Ulug‘ — Oleg qarindosh, Ug‘ur — Igor bo‘lgandir,
Bular jumboq, chistonmas, tarix osha kelgandir.

Edil, Irtish, Yenisey, Qizilirmoq — qo‘llarim,
Yerning shoh tomiridir jangu kurash yullarim,
Yo‘q, begona bo‘lmadim men ham xayr ila sharrga,
Men "chelovek" so‘zini baxsh ayladim basharga.

Sen puch yo‘lda ozg‘unsan.
Turkka qarshi qo‘yilgan josuslarni ko‘p ko‘rdim.
Chirkinlikdan tozarib,
Yomonliklardan tonmish,
O‘zi turkka aylanmish.

Turkman.
Bitta to‘lqinman - dengiz ichra buyukman,
Sen kimsan?
Bor, onangdan so‘rab bil kimligingni.
1986 yil
 
Ozarbayjon tilidan Tohir Qahhor tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.