OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mammad Ismoil (1964)

Mammad Ismoil 1964 yilda Ozarbayjon Davlat universitetini, 1975 yilda Moskvada Oliy Adabiyot kursini tamomlagan. 1998 yilda filologiya fanlari nomzodi bo‘lgan.
Qazax tumanlararo "Qalbiyat bayrog‘i" gazetasida musahhih, Ozarbayjon Teleradio qo‘mitasida muharrir, bo‘lim mudiri, "Adabiyot va injasan’at” gazetasida muxbir, "Ozarbayjonfilm" kinostudiyasi ilmiy-ommabop filmlar studiyasida bosh muharrir, Tenchlik" jurnali bosh muharriri, Ozarbayjon Teleradioeshitgirishlar shirkatining raisi bo‘lib ishlagan. Hozirgi vaqtda Turkiyaning Chanoqqal’a universitetida o‘qituvchilik qilmoqda.
14 yoshidan boshlab badiiy ijod bilan shug‘ullanadi. Ozarbayjon Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalarining a’zosi. Ozarbayjon, rus, turk, qozoq va boshqa tillarda o‘ttizdan ortiqbadiiy va ilmiy kitoblari nashr etilgan.
Mammad Ismoil o‘tgan asrning 70—80-yillarida o‘z she’riyati bilan ozarbayjon xalqining milliy mustaqilligi uchun qattiq kurashgan shoirlardan biridir.


KIMNI GELLAYAPSAN?

Hech anglab yetmadik sen qanday sirsan,
Ishchisan, dehqonsan, yana nozirsan.
Kimning ulushiga nozir-hozirsan,
Kimni gellayapsan, e zolim o‘g‘li?

Quloqlar limmo-lim to‘ldi yolg‘onga,
Uyatmi — berganga? Uyat — olganga!
Qanday yedirasan barin bolangga,
Kimni gellayapsan, e zolim o‘g‘li?

O‘rgangan nafsingni kattaroq ochma.
Tuproqning tagini ustiga sochma.
Senga savolim ko‘p, to‘xtab tur, qochma,
Kimni gellayapsan, e zolim o‘g‘li?

Kaliso, machitdan kelmas bu sado,
Bu el ham bizniki emasmidi yo?
Tillaring bamisli bulbuli go‘yo,
Kimni gellayapsan, e zolim o‘g‘li?

Bizlarni sotgan kim, sotilganlar kim?
Tosh otgan, tosh bo‘lib otilganlar kim?
Qashshoq kim va boylik orttirganlar kim?
Kimni gellayapsan, e zolim o‘g‘li?

Qo‘l qo‘lni moylasa kulgili emas,
Aftidan har mato ulgilik emas,
Sen aytganday dunyo tulkilik emas,
Kimni gellayapsan, e zolim o‘g‘li?

Ochdingmi ochilmas sirni sen o‘zing,
Qayga boshlayapsan yerni sen o‘zing,
Yebto‘ymas yuhoning qornisan o‘zing,
Kimni aldayapsan, e zolim o‘g‘li?

Na tilni, na haqni o‘rtoq bilasan,
Yaqin manzilni ham uzoq qilasan,
Xalq seni anglasa, qandoq qilasan?
Kimni gellayapsan, e zolim o‘g‘li?


BU XALQ QARS URISHNI O‘RGANAR HALI

Kelajak she’rxoni! Tushun bu vaqtni...
Qishloqda o‘tkazmas qo‘shin bu vaqtni.
Eshikni qor bosmish , qishning bu vaqti,
Hozir ish vaqti...
Bu xalq qars urishni o‘rganar hali.

Oyoqqa qalqmoqni ko‘pdan unutgan,
Mazani, chaqmoqni ko‘pdan unutgan,
Tonglarga boqmoqni ko‘pdan unutgan, —
Bu xalq qars urishni o‘rganar hali.

Boshining ustida haq duosi yo‘q,
To‘yda raqs, azada diydiyosi yo‘q,
Balki millat bo‘lmoq alifbosi yo‘q,—
Bu xalq qars urishni o‘rganar hali.

Tushmish orqasiga savlatli o‘tmish,
Navbatini sotmish, navbati — o‘tmish,
Ko‘voni talatgan, asosi bitmish,—
Bu xalq qars urishni o‘rganar hali.

Bugungi ishini so‘ngga qo‘ygan xalq,
G‘azab qilichini qinga qo‘ygan xalq,
Qon oqqan qo‘liga xina qo‘ygan xalq, —
Bu xalq qars urishni o‘rganar hali.

Sandig‘i ochilgan, ipagi — qo‘lda,
Tilingan terisi, suyagi — qo‘lda,
Qo‘ldadir, dirijyor cho‘pchasi — qo‘lda...
Bu xalq qars urishni o‘rganar hali.

Balki g‘azabiga, kiniga chalar,
Yuzsiz, sharafsizning sha’niga chalar,
Biluvchi yo‘q, qaysi kuniga chalar, —
Bu xalq qars urishni o‘rganar hali.

O‘z mag‘zin tepganning tepkisini chal,
Pullarin tortib ol, eshigini chal,
Shoir, sen o‘z yering chapagini chal,—
Bu xalq qars urishni o‘rganar hali.


MEN SHOIR EMASMAN...

Bu xalq yetti yoqdan zavola keldi,
Men xalqning so‘zamol tili bo‘lmadim.
Bu xalqning boshiga ming balo keldi,
Men faqat to‘zidim, dali bo‘lmadim,
Men shoir emasman, otman, jigarim.

Ne holga soldilar tuproqni, toshni,
Yovlashdi amiri, fuqarolari,
Qancha boy berildi necha xalq boshi,
Ne aqli o‘tkiru ne yaktolari...
Men shoir emasman, otman, jigarim.

Yozganlarim bari — qalampir, qo‘rqma,
O‘lim edi umrim so‘ngidagi g‘am.
Sen gulu bulbulni ko‘zimga suqma,
Men guldan, bulbuldan she’r yoza olmam,
Men shoir emasman, otman, jigarim.

Jigari uyida jigar g‘aribdir,
So‘zimdan kuch olmas yetim-esirlar.
Eyvohki, Alloh ham yuz o‘giribdir,
Qachondan beri hech ochilmas sirlar...
Men shoir emasman, otman, jigarim.

Dilimdan chiqqan so‘z jilvagar emas,
Kim ham oshiq bo‘lar qora qoshimga.
Har oti Muhammad — payg‘ambar emas,
Otimga aldanib boqmang boshimga...
Men shoir emasman, otman, jigarim.

Vatan tilka-tilka bo‘linib yotsa,
O‘tgan umring nuqul qarzlarga botsa,
Iymoning uyquda, qalb to‘la gumon,
Daraning ahmog‘i, cho‘lning telbasi,
Yurtning qo‘rqoqqina gung talabasi,
Bir chumchuq bolaman, ne desang shuman, —
Men shoir emasman, otman, jigarim.

Uyidan haydalgan chollar — ko‘chada,
Bo‘sh qolgan yurtlarda uvlashar itlar...
Shoir Qorabog‘da, shoir Go‘yjada,
El uchun bermoqda jonin shahidlar...
Men shoir emasman, otman, jigarim.

Kim ochdi? Ochilgan bu qanday bozor?
Kim qoldi, kim oldi, sotdi, ne bilay?
Hammaning jonini qonatdi ozor,
Mukofotni olgan zotmi, ne bilay?
Men shoir emasman, otman, jigarim.

Qismatim ilohiy nurdan demadi,
Nafsim qayg‘ilarning talab maydoni.
El meni o‘ziga qurbon demadi,
Yo‘limni ko‘zlamas Halab maydoni,—
Men shoir emasman, otman, jigarim.

Arzon qayg‘ilarga qorishdi boshim,
Kamfursat baxtimning qulog‘i karmi?
Men shoir emasman, otman, qardoshim,
Men shoir emasman, otman, jigarim.

Miraziz A’zam tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.