OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Hodiy (1879-1920)

XX asr boshlaridagi eng kuchli shoirlardan biri. Uning ijodida Sharq va G‘arb madaniyatining, she’riyatining eng yuksak an’analari, yangiliklari mujassamlashgandir.
Hodiy 1879 yilda Shamaxida, savdogar oilasida tug‘ilgan. Maktab tahsili davridayoq arab, fors, rus tillarini yaxshi o‘rgangan. Shoir sifatida shakllanishida, ayniqsa, A.Homid, N.Kamol, T.Fikrat kabi turk shoirlarining ta’siri kattadir.
1905 yildan Bokuga kelgan, "Hayot", "Fuyuzot" kabi gazeta-jurnallarda asarlari bilan qatnashib, shoir sifatida tanila borgan. 1910 yilda Istanbulga ketgan, u yerda "Tanin" gazetasida ishlagan, she’rlari "Sarvati funun", "Rubob", "Shuhrat", "Mohtob", "Hilol" kabi nashrlarda davomli bosilgan.
Kurashchan va murosasiz shoir zamon haqidagi fikrlarini ochiq aytgani, bu ayrimlarga yoqmagani sababli 1913 yilda Istanbuldan Salonikka surgun etilgan. Uysiz, oilasiz, ishsiz shoir og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazgan. Birinchi jahon urushi boshlangach, Usmonli davlati harbiy qo‘shinlari ichidagi ozariylardan tuzilgan maxsus "vahshiy diviziya" safida janglarga qatnashgan. Uch yil jangchilarning mullasi sifatida xizmat qilgan. U 1918 yilda Bokuga qaytadi, ammo keyingi hayoti ham avvalgisidan yaxshi kechmaydi, ichkilikka berilishi esa uni tamoman yiqitadi. Ikki yildan so‘ng Ganja kasalxonasida g‘ariblarcha vafot etadi. Bu og‘ir hayot ruhi uning she’rlarida ham shafqatsiz va mohirona aks ettirilgan.
Shoirning Bokuda quyidagi kitoblari bosilgan: "Firdavsi ilhomot" (1908), "Shukufai hikmat" (1914), "Ishqi muhtasham yoxud ona quchog‘i" (1914), "Alvohi intiboh yoxud insonlarning tarixiy fojealari" (1918), "Tanlangan asarlar" (1956, 2 jildlik 1979), "El faryodi" (1980)


ESKI ZAMON SHOIRLARI

Bir puchak pul bo‘ldi she’r, ilhomimiz,
Qolmadi bir muxlisu qoldi kitob.
Kimsa olmasdan uni o‘tgay shitob,
Barcha shoir g‘irt bekorchi ham xarob,
"Hey, zavollilar, — deya etgum xitob. —
Bir chaqa ilhomimiz ham nomimiz!"

Bo‘yni xam ham kissasi bo‘sh, ko‘ngli qon,
Bir to‘da sohibqalam, ne-ne zamon,
She’r sotib olgan muhibni ko‘rmamish,
Holingiz ne, deb-da kimsa so‘rmamish.
Eski shoir, boq, ketibdir tomimiz,
Bir chaqa ilhomimiz ham nomimiz!
1914 yil

UMID

Men bir quyoshu yerda yoziq nurli bayotim,
She’rimda porillab turadur chehrayi zotim,
Yo‘qdur zarari, kechsa-da faqr ichra hayotim,
Men-kim ekanim bildirajak, balki mamotim,
Ertangi o‘lim chog‘i bu el yig‘layajakdir,
Lek unda ko‘zim dasti ajal bog‘layajakdir.

Men ham so‘layin, toki ochilsin u bahorim,
Men ham so‘nayin, shu’lalansin u nahorim,
Eyvoh, bu vatan bo‘ldi tiriklikda mozorim,
Arbobi zako dushmanidir endi diyorim,
So‘nganda zako, ahli vatan yig‘layajakdir,
Ko‘z injusi-yoshlar yuragin tig‘layajakdir.

Eng so‘ng tilagim: maqbarim o‘lsin vatanimda,
Tandir vatanim, qolgusidir jon-da tanimda.
Ruhimki menim qolmayajak bu badanimda,
Qush shaklina kirsin, qanot ochsin chamanimda,
So‘ngaklarim og‘ushi Eram saqlayajakdir,
Ertangi momot dongli otim tug‘lanajakdir.

Baxtim kabi bo‘lsun vatanim, ya’ni siyohnok,
Haykal tilamam! Haykal erur maqbarim – aflok!
Millat kuni tug‘sin! Meni yutsin bu qora xok,
Yolg‘iz tilagim-bo‘lsa elim sohibi idrok,
Idrokli bo‘lub, so‘ngra meni tinglayajakdir,
Har elki aql birla tirik – anglayajakdir!

Ne chora, yasharkan, vatanimdir menga maqbar,
Chunki vatanimdir, bo‘la olmamki mukaddar,
Yurtim-da onamdir, butun avlodi barobar,
Men istayuram, bo‘lsa ular bari munavvar,
Ko‘p ersa qora xalq – bu zarar! Zanglayajakdir!
Bir kun kelajak, yanglishini anglayajakdir.

Yulduzlar amal nuri, hayotimda duraxshon,
Dilbar kabidir, xandayi mag‘rur ila xandon,
Goh-goh ko‘rinur, goh bo‘ladir pardada pinhon,
Bir ishva bilan jon oladir so‘ngra u jonon,
Ul ofati jon bir kuni tom rom bo‘lajakdir,
Dil bulbuli hambazmi gulandom bo‘lajakdir.

 
INSONLARNING TARIXIY FOJEALARI
YOXUD UYG‘ONISH LAVHALARI

(Parchalar)

Qulog‘imda hayot tovshi faqat faryod shaklinda,
Odamzot barcha qardoshdir valekin yot shaklinda,
Butun Yer qonli ovloqdir, bashar sayyod shaklinda,
Adovat – bor, muhabbat – yo‘q, quruq so‘zot shaklinda,
Azaldandir bu dunyo sahnayi bedod shaklinda,
Jahon boshdan-oyoq maydoni motamzod shaklinda,
Quvonchlar hibs etilgan, qayg‘ular ozod shaklinda,
Musibatlar, balolar, g‘ussalar obod shaklinda,
Yuraklar g‘am o‘ti birlan hamon barbod shaklinda,
Alamlik bu yuzu ko‘zlar butun noshod shaklinda,
Bu motamgohni kim ko‘rmish sururobod shaklinda?!.

Saodat – bir xayol, qayg‘u – shaqovatlar haqiqatdir,
Surur o‘tkinchidir, doim malolatlar haqiqatdir,
Muhabbatlar muvaqqatdir, adovatlar haqiqatdir,
Adolat yo‘q zamonda zulmu vahshatlar haqiqatdir,
Qani hurriyat olamda, asoratlar haqiqatdir,
Farog‘at bir quvilgan ruh, mashaqqatlar haqiqatdir,
Balo, dard Yerni bosgandir, falokatlar haqiqatdir,
Butun bor-yo‘g‘imiz qonli, jinoyatlar haqiqatdir,
Bu tarixlar emas yolg‘on, hikoyatlar haqiqatdir,
Odam borki, yomonlik bor – sharoratlar haqiqatdir,
Jahon bir arzi motamdir, musibatlar haqiqatdar,
Jahannam bor bu dunyoda, aziyatlar haqiqatdir,
Halovatsiz hayotda ranju zahmatlar haqiqatdir,
Bashar norozi umrindan, shikoyatlar haqiqatdir,
Ne qilsin badbaxt insonlar – shu mehnatlar haqiqatdir,
Kadarlar, g‘ussalar, g‘amlar – safolatlar haqiqatdir,
Har odamda va har kunda bu suvratlar haqiqatdir,
Alamlik bu yuzu ko‘zlar butun noshod shaklinda,
Bu motamgohni kim ko‘rmish sururobod shaklinda?!.

Kulishlar barchasi yolg‘on, faqat g‘amlar tabiiydir,
Farahlarda tamal yo‘qdir, u motamlar tabiiydir,
Ko‘ngilda g‘am o‘ti, ko‘zlardagi namlar tabiiydir,
Hamisha qalbni mahzun aylagan damlar tabiiydir,
Yer uzra har kuni oqqan qon – u damlar tabiiydir,
Demak, hech vaqt tuzalmas, qonxo‘r odamlar tabiiydir,
Demak, pok bo‘lmagan, kirli bu olamlar tabiiydir,
Demak, dunyoda mazlum birla azlamlar tabiiydir,
Tabiat olaminda g‘amli ko‘rkamlar tabiiydir,
Alamlik bu yuzu ko‘zlar butun noshod shaklinda,
Bu motamgohni kim ko‘rmish sururobod shaklinda?!.

Ozarbayjon tilidan Tohir Qahhor tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.